Tolstoyni ta’sirlantirgan kitoblar

Yaxshi yozuvchilar yaxshi o‘quvchi ham bo‘ladi. Ular nimani qachon o‘qishni biladi. Buyuk yozuvchi Lev Tolstoy ham xuddi shunday xislat egasi bo‘lgan.
Londonda chiqadigan “Pall Mall Budget” jurnalida 1891 yili britaniyalik olim Jon Labbokning “100 buyuk kitob” sarlavhali maqolasi bosiladi. Bundan ilhomlangan rossiyalik noshirlar – Marakuyev va Lederle ham o‘z o‘quvchilari uchun shu singari maqola tayyorlashni niyat qiladi. Ularning rejasiga ko‘ra, bunday tavsiyalarning mualliflari Rossiyaning atoqli kishilari bo‘lishi kerak edi. Mixail Lederlening o‘zi ham qalam tebratar, bolalar yozuvchisi edi. Peterburgda nashriyot va kitob do‘koni ochgandi. Noshirlar birinchi bo‘lib Lev Tolstoyga murojaat qiladi. Biroq taklif adibga ma’qul tushmaydi. U ingliz jurnalida chiqqan maqola haqida gapirib: “Bu ro‘yxat hech narsaga yaramaydi. Birinchidan, unda faqat mualliflar ko‘rsatilgan, qaysi biri mahsuldor ekani aytilmagan, darajasi ham teng emas. Ikkinchidan, tanlanayotgan kitoblar shaxsning yoshi, ma’lumoti, fe’l-atvoriga qarab eng yaxshi bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin. Umuman, bu masalada jiddiy bosh qotirib, bir xulosaga keldim: 100 ta eng yaxshi kitobni qat’iy belgilashning iloji yo‘q”, deydi.
Tolstoy noshirlarning iltimosini boshqacha usulda bajaradi. O‘ziga va ijodiga ta’sir qilgan kitoblar ro‘yxatini tuzadi. Hayotini beshta shartli bosqichga bo‘lib, o‘sha paytda o‘qigan eng yaxshi kitoblarini yozib chiqadi. Kitoblarning ta’sir darajasini ham ko‘rsatadi: ulkan, juda katta va katta. Biroq adib yodiga kelgan kitoblarnigina ro‘yxatga kiritganini, yana boshqalari esiga tushib qolsa, ularni ham qo‘shishini ta’kidlaydi. Ammo to‘liq nusxa yo‘qolgan, ana shu birinchi qo‘lyozmagina saqlangan, xolos. Quyida ushbu ro‘yxat qisqartirilgan holda berilyapti:

Bolalik davri – o‘n to‘rt yoshgacha va shu atrofda

– “Ming bir kecha” ertaklari: “Qirq qaroqchi”, “Shahzoda Qamaruzzamon” – katta.
– Pogorelskiy. “Qora xo‘roz” – katta. Ushbu asar rus tilida yozilgan ilk mualliflik ertagidir. Yozuvchi uni tarbiyalanuvchisi – bo‘lajak adib Aleksey Tolstoy uchun qog‘ozga tushirgan.
– Rus xalq dostonlari: “Dobrinya Nikitich”, “Ilya Muromets”, “Alyosha Popovich”, xalq ertaklari – katta.
– Pushkinning she’rlari: “Napoleon” – katta.

14 yoshdan 20 yoshgacha

– Stern. “Sentimental Journey” (Lorens Stern. “Frantsiya va Italiya bo‘ylab hassos sayohat”) – katta.
– Rousseau. “Confession”, “Emile” – ulkan; “Nouvelle Héloïse” – katta. Frantsuz faylasufi, yozuvchisi va mutafakkiri Jan-Jak Russo (1712–1778)ning “Iqrornoma”, “Emil” va “Yangi Eloiza” asarlari.
– Pushkin. “Evgeniy Onegin” – katta.
– Shiller. “Qaroqchilar” – katta.
– Gogol. “Shinel”, “Ivan Ivanovich, Ivan Nikiforovich”, “Nevskiy shohko‘chasi” – katta. “Viy” – katta. “O‘lik jonlar” – katta.
– Turgenev. “Ovchining qaydlari” – katta.
– Dikkens. “David Koperfild” – katta.
– Lermontov. “Zamonamiz qahramoni”, “Taman” – katta.
– Preskott. “Meksikaning zabt etilishi” – katta.

20 yoshdan 35 yoshgacha

– Gyote. “German va Doroteya” – katta.
– Viktor Hyugo. “Notre Dame de Paris” (“Parij ibodatxonasi”) – katta.
– Tyutchevning she’rlari – katta.
– Aleksey Koltsovning she’rlari – katta.
– “Odisseya” va “Iliada” (ruschaga tarjimasi) – katta.
– Fetning she’rlari – katta.
– Aflotun. “Fedon” va “Ziyofat” (V. Kuzen yunonchadan frantsuzchaga o‘girgan nusxasi) – katta.

35 yoshdan 50 yoshgacha

– “Iliada” va “Odisseya” (yunon tilida) – katta.
– Xalq dostonlari – katta.
– Viktor Hyugo. “Misérables” (“Xo‘rlanganlar”) – katta.
– Mrs Wood. Romanlar – katta. Missis Henri Vud yoki Ellen Vud (1814–1887) – ingliz adibasi. Bir qator detektiv asarlar, romanlar muallifi.
– George Elliot. Romanlar – katta.
– Jorj Eliot (1819–1880) – ingliz adibasi. Tolstoy uning “Keskin Feliks Holt” romanini yuqori baholagan.

50 yoshdan 63 yoshgacha

– Henry George. “Progress and Poverty” (“Taraqqiyot va qashshoqlik”) – katta. Henri Jorj (1839–1897) – ingliz siyosatchisi va iqtisodchisi.
– Pascal. “Pensées” (“Fikrlar”) – katta. Blez Paskal (1623–1662) – frantsuz matematigi, fizigi, adabiyotchisi va faylasufi. Frantsuz adabiyotining mumtoz vakili, matematik tahlil va ehtimollar nazariyasining asos­chilaridan biri, gidrostatikaning asosiy qonuni muallifi.
– Epiktet asarlari – katta. Epiktet (50-138) – qadimgi yunon faylasufi.
– Konfutsiy va Mentsiy asarlari – katta. Konfutsiy (miloddan oldingi 551–479) va Mentsiy (miloddan oldingi 372-289) – qadimgi xitoy faylasuflari.
– Lao Szi asarlari Julien tarjimasida – katta. Xitoy faylasufi Lao Szining “Dao de tszin” (yoki “Tao te king”) kitobining frantsuz tiliga tarjimasi nazarda tutilyapti. Uni atoqli frantsuz sharqshunosi Stanislas Juliyen (1797–1873) o‘girgan.

Orif Tolib tayyorladi.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 6-son