Sharifjon Ahmedov – yozuvchi va tarjimon. 1969 yilda Andijonning Asakasida tug‘ilgan. ToshDU jurnalistika fakultetini tamomlagan. Lotin Amerikasi adabiyoti tadqiqi bilan shug‘ullanadi. Xorxe Luis Borxes, Xulio Kortasar, Karlos Fuentes kabi adiblarning o‘nlab hikoyalarini o‘zbek o‘quvchilariga taqdim etgan. Shuningdek, Lubnon asilli faylasuf adib Jubron Xalil Jubron qalamiga mansub “The Prophet” (o‘zbekchada “Al Mustafo”) asarini ham mahorat bilan o‘girgan. Ayni paytda Niderlandiyada istiqomat qiladi.
Ziyouz so‘rovi: 1. Sizningcha, jahon adabiyotining eng sara 10 ta asari qaysi?
1. Homerning “Iliada” va “Odisseya” dostonlari.
2. Apollodor – “Asotirlar kulliyoti”.
3. Ovidiy – “Metamorfozalar” (“Evrilishlar”).
4. “Ming bir kecha ertaklari”.
5. Dante Aligeri (1265-1321, Italiya) – “Ilohiy komediya”.
6. Fransua Rable (1494-1553, Frantsiya) – “Gargantyua va Pantagryuel”.
7. Migel de Servantes (1547-1616, Ispaniya) – “La Manchlik uddaburro Idalgo Don Kixot”.
8. Jon Milton (1608-1674, Angliya) – “Boy berilgan jannat”.
9. Tsao Suetsin (taxminan 1715-1763, Xitoy) – “Qirmizi kulba ro‘yolari”.
10. Halil Jubron (1883-1931, Lubnon-AQSh) – “Al Mustafo”.
Har bir bo‘lim uchun atigi 10 ta asarni tanlab olish lozim ekanligi taqdimlar doirasini belgilashda xasisroq bo‘lishimizni talab etdi. Shu sabab ham asarlar ro‘yxatini imkon qadar zichlashtirishimizga to‘g‘ri keldi. Aslini olganda, “jahon adabiyotining 10 ta eng sara kitobi” ro‘yxati uchun biz keltirib o‘tgan asarlar qatoriga yana bir qanchasini, xususan, XX asr adabiyotida salmoqli iz qoldirgan Kafka, Marsel Prust, Jeyms Joys va yo Gabriel Garsia Markes qalamiga mansub bo‘lgan bir qator romanlarni qo‘shish mumkin edi. Ammo masala shundaki, keyingi davrlarda yaratilgan bu kabi barcha noyob asarlar, bizningcha, sanab o‘tganimiz o‘sha keksa va mumtoz kitoblarning u yoki bu ma’nodagi davomi va hosilalaridir. Shuningdek, mantiqqa ko‘ra, asosiy dinlarga mansub ilohiy kitoblarni ham bu ro‘yxatga kiritish mumkin bo‘lurdi, ammo bu holda nojoiz bahslar yuzaga kelishidan istihola qildik.
2. Jahon adabiyotining eng sara 10 ta hikoyasi sifatida qaysi asarlarni e’tirof etasiz?
1. Edgar Po (1809-1849, AQSh) – “Ligeyya”.
2. Xorxe Luis Borxes (1899-1986, Argentina) – “Tlyon, Ukbar, Orbis Tertius”.
3. Xorxe Luis Borxes – “Jon Uilkins lahjasi”.
4. Karlos Fuentes (1928-2012, Meksika) – “Chak Mool”.
5. Xulio Kortasar (1914-1984, Argentina) – “Kindberg” va “Satarsa”.
6. Frants Kafka (1883-1924) – “Evrilish”.
7. Tsao Suetsin (taxminan 1715-1763, Xitoy) – “Baoyuyning adoqsiz tushlari”.
8. Yasusi Inoue (1907-1991, Yaponiya) – “Taramqanot to‘ti”.
9. Cin’itiro Nakamura (1918-1997, Yaponiya) – “Qo‘rg‘onga yo‘l”.
10. Olim Otaxon (O‘zbekiston) – “To‘rtinchi qavatdagi sarg‘ish deraza” va boshqa hikoyalari.
“Jahon adabiyotining 10 ta eng sara hikoyalari” ro‘yxatiga keng kitobxonlar ommasiga, taassufki, u qadar tanish bo‘lmagan, ammo samimiy ehtiroslarga boy asarlari bilan zamonaviy o‘zbek hikoyachiligida alohida yo‘nalishga asos solgan Olim Otaxon asarlarini ham kiritdik. Zotan, asarlarida nafis tuyg‘ularni fusunkor timsollarga joylab tarannum etgan Olim Otaxon o‘z hikoyalari bilan muhtasham ushbu ro‘yxatdan haqli ravishda xos o‘rin egallaydi.