Sevimli kitob inson ruhiyati, ichki olamidan darak berib turuvchi eng ishonchli vositadir. Har bir odamning qandayligini u o‘qiyotgan kitoblardan bemalol bilib olish mumkin. Shaxs kitoblar orqali dunyoni, eng muhimi, o‘zini anglaydi. Shu ma’noda o‘qilgan yaxshi kitob chinakam boylikdir.
Quyida argentinalik mashhur yozuvchi Gabriyel Garsia Markesga yoqqan va yozuvchini ilhomlantirgan 24 kitob ro‘yxati va adibning mazkur asarlardan olgan taassurotlarini keltiramiz.
1. Tomas Mann, “Afsonaviy tog‘”.
2. Aleksandr Dyuma, “Temir niqobli odam”.
3. Jeyms Joys, “Uliss”.
4. Uilyam Folkner, “Shovqin va shiddat”.
5. Uilyam Folkner, “Jon berganimda”.
6. Uilyam Folkner, “Yovvoyi palmalar”.
7. Sofokl, “Shoh Edip”.
8. Nataniel Gotorn, “Etti frontonli uy”.
9. Garriyet Bicher-Stou, “Tom tog‘aning kulbasi”.
10. German Melvill, “Mobi Dik”.
11. Deyvid Gerbert Lorens, “O‘g‘illar va ma’shuqalar”.
12. “Ming bir kecha” ertaklari.
13. Frants Kafka, “Metamorfoza”.
14. Xorxe Luis Borxes, “Alef” (va boshqa asarlari).
15. Ernest Heminguey, hikoyalar to‘plami.
16. Oldas Haksli, “Kontrapunkt”.
17. Jon Steynbek, “Sichqonlar va odamlar”.
18. Jon Steynbek, “Qahr”.
19. Erskin Kolduell, “Tamakizor yo‘l”.
20. Ketrin Mensfild, hikoyalar.
21. Jon Dos Passos, “Manhetten”.
22. Robert Natan, “Jennining portreti”.
23. Virjiniya Vulf, “Orlando”.
24. Virjiniya Vulf, “Dellouey xonim”.
Tomas Mann, “Afsonaviy tog‘”
Bu kitobni bir nafasda, zo‘r ishtiyoq bilan o‘qib tashlaysan kishi! Naft va o‘rtog‘i Settembrin o‘rtasidagi chuqur o‘yga toldiruvchi, falsafiy mubohasalarni so‘zma-so‘z anglash ilinjida kitobga mukkangdan ketasan. O‘sha oqshom joyimdan qimirlamasdan asarni o‘qib chiqdim va… qoyil qoldim!
Uilyam Folkner, “Shovqin va shiddat”
Yigirma yoshimda “Uliss”ni, sal keyinroq “Shovqin va shiddat”ni g‘o‘r tasavvurlarim bilan chalakam-chatti o‘qib chiqqanman. Ulg‘ayib, hayotiy tajribalarim va bilimim ortgach, bu ikki asarni o‘qib hech narsani tushunmaganimni anglab yetdim. Va kitoblarni qayta o‘qishga, har bir jumlasini qalb prizmasidan o‘tkazishga ahd qildim. Joys va Folknerda anglash qiyin deb o‘ylaganlarim endi o‘zining bor go‘zalligiyu soddaligi bilan namoyon bo‘lgandi.
Nataniel Hotorn, “Etti frontonli uy”
Do‘stim Ibarra menga Nataniel Hotornning kitobini o‘qib chiqishga berdi. Asar juda yoqdi. Gustavo bilan “Uliss”, “Odisseya” va mana shu kitobdagi mulohazalar haqida soatlab suhbatlashardik. Biz kitoblarning sirli olamida o‘zimizni butkul yo‘qotib qo‘ygan edik.
Jeyms Joys, “Uliss”
Atlantika qirg‘oqlarida tug‘ilib voyaga yetgan vatandoshlarimni qahvaxona va kitobning asl ishqibozi desam, adashmayman. Yuridik fakulteti talabasi, do‘stim Xorxe Alvaro Espinosa ana shunday ishqibozlardan edi. Bir kuni Alvaro stolim ustiga bir kitobni qo‘yib, o‘qib chiq, dedi. Kitob Jeyms Joysning “Uliss”i edi. To‘liq o‘qishga sabrim chidamadi, asar bilan yuzaki tanishdim. Yillar o‘tib, ulg‘ayib, kitobni jiddiy o‘qishga qaror qildim. Ishonasizmi, “Uliss” hatto o‘zimga ham notanish ichki olamimni anglashga yordam berdi, yozish texnikasini, vaqtni boshqarishni va yozish san’ati sirlarini o‘rgatdi.
Sofokl, “Shoh Edip”
Yaqin do‘stim Gustavo (Ibarra Merlana) qattiqqo‘l, irodali, ammo juda mehribon edi. U tabiatimdagi beg‘amlik va o‘y-fikrlarimdagi tarqoqlikni tizimli ravishda, sinchkovlik bilan o‘zgartirib bordi, ichki olamimni boyitishimda yordam berdi. Gustavo har jihatdan to‘kis inson edi. Intellektual salohiyati kuchli bo‘lishiga qaramay, suzish bo‘yicha olimpiya o‘yinlarida ham qatnashgan. Gustavo olim va chempion bo‘lish uchun yaratilgandek edi go‘yo.
Ibarra bir kuni meni mehmonga taklif qildi. Uyi Marbele dengizi qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, ichki hovlisi va anchayin katta kutubxonasi bor edi. Balandligi 20 metrli devor shiftigacha kitoblar zo‘r ishtiyoq va mohirlik ila terilgan. Bu kitoblarning hammasi juda noyob. Agar o‘qib chiqmasang, ko‘p narsani yo‘qotishing va bir umr vijdon azobida qiynalib o‘tishing tayin.
O‘sha kuni biz ertalabgacha gaplashib chiqdik. Do‘stimning juda ko‘p o‘qigani va dunyoqarashi kengligi suhbatidan yaqqol sezilib turardi. Gustavo lotin va yunon klassikasini asliyatda o‘qigan, poeziya haqida hamma narsadan xabardor, men hatto eshitmagan va bilmagan boshqa ko‘p narsalarni bilardi.
Uning kamina doim keraksiz va zerikarli deb hisoblaydigan lotin va yunon klassik adabiyotini chuqur bilishi meni lol qoldirdi. Shu bois bo‘lsa kerak, xayrlashishdan oldin charm bilan qoplangan kitobni menga sovg‘a qildi. “Sendan yaxshi yozuvchi chiqadi. Ammo yunon va lotin klassik adabiyotini bilmasang, hech qachon zo‘r yozuvchi bo‘la olmaysan”, dedi. Kitob Sofokl asarlarining to‘liq to‘plami edi. O‘sha kundan boshlab Gustavo va kitob mening eng yaqin do‘stlarimga aylandi. Ayniqsa “Shoh Edip”dan juda ta’sirlandim.
“Ming bir kecha”
…Bugun bosib o‘tgan hayot yo‘limdan xayolan qayta o‘tar ekanman, bir narsaga yana bir karra amin bo‘ldim – men tarixni anglashning dastlabki ko‘nikmalarini ertaklardan oldim. “Ming bir kecha” ilk sahifalaridanoq meni sehrli olamiga shaydo qilib qo‘ygan. Shahrizoda aytib bergan har bir mo‘jiza o‘sha paytlarda rostdan ham bo‘lgan bo‘lsa, ne ajab? Ammo hozirgi ulg‘ayayotgan avlod mo‘jizalar borligiga ishonmay qo‘ygan.
Virjiniya Vulf, “Dellouey xonim”
Virjiniya Vulf haqida birinchi marta do‘stim Gustavo Iberradan eshitganman. U adibani Vulf kampir derdi. Bir kuni do‘stim o‘ziga yoqqan kitoblarni qo‘limga tutqazib, “Ahmoqlarga o‘xshab vaqtingizni bekorga sarflamasdan, shularni jiddiy o‘qib chiqing, keyin o‘zim kelib, olib ketaman”, dedi. Bu men uchun katta boylik edi. Ammo xazinani asraydigan joyim yo‘q edi. Yo‘qotib qo‘yishdan juda qo‘rqardim. Ha, aytgancha, o‘sha kuni Gustavo “Dellouey xonim”ning ispan tilidagi nusxasini sovg‘a qildi. Xursandligimdan terimga sig‘masdim. Asarning har bir so‘zi yodimda qoldi…
Frants Kafka, “Metamorfoza”
Bir kuni kechki payt o‘rtog‘im Vega qo‘lida uchta yangi kitob bilan uyga qaytdi. Balki o‘qib uxlab qolarsan, deya, muqovasiga ham qaramasdan bittasini stolim ustiga qo‘ydi. Ammo hammasi chappasiga aylandi. Halovatimni yo‘qotdim. O‘sha kundan e’tiboran ilgarigidek xotirjam uxlaganimni eslolmayman. Bu kitob Frants Kafkaning Buenos Ayresdagi “Losada” nashriyotida chop etilgan “Metamorfoza”si edi. Asar ilk satrlardanoq mening yangi hayot yo‘limni belgilab berdi. “Metamorfoza” jahon adabiyotining eng buyuk asarlaridan sanaladi: “Bir kuni ertalab alg‘ov-dalg‘ov tushlar ko‘rib uyg‘ongan Gregor Zamza qo‘rqinchli hashoratga aylanib qolgan edi”. Asar ilk satrlaridanoq meni “Ming bir kecha” kabi o‘zining sirli olamiga yetaklab ketdi. Kafkani o‘qir ekanman, asarda kechayotgan voqealarning hayotimizdagi analogini topib o‘tirishga hojat qolmagandi. Yozilgan narsalarning hammasiga men ishonardim. Voqealar Shahrizodaning ertaklaridagi mo‘jizalarga to‘la olamda emas, hammasi boy berilgan dunyoda sodir bo‘ladi.
Kafkaning “Metamorfoza”sini tamomlagach, o‘sha olamda yashash istagi bir daqiqa bo‘lsin meni tinch qo‘ymadi. Ertasi kuni Domingo Manyuel Vega meni yozuv mashinkasi qarshisidan topdi. Ancha paytgacha universitetga bormay qo‘ydim. Shunga o‘xshash nimadir yozish istagi meni tark etmayotgandi. Agar yozmasam, o‘sha sehrli olam yo‘q bo‘lib ketadiganday edi. Bundan tashqari, taniqli adib Eduardo Salomeya Bordo “Espektador” gazetasining “Shahar va dunyo” ustunida chop etilgan maqolasida kolumbiyalik yosh ijodkorlar orasida “pichoqqa ilinadigani yo‘q”ligini kuyunchaklik bilan yozgandi. Yozuvchi xuddi qo‘llari bilan nuqib meni ko‘rsatayotganday tuyuldi. Badanimni sovuq ter bosdi. Bu fikrni chippakka chiqarishga azm etdim. Va qachonlardir yozib, tashlab qo‘yilgan hikoyam ustida ishlashga kirishdim… Hikoya “Metamorfoza” ta’sirida qayta qo‘rildi. Hikoyaning har bir jumlasini, so‘zini ikki-uch martalab qayta yozib chiqdim. O‘n ikki kun deganda tamomlab, gazetaga jo‘natdim. Haftaning oxirida, 13 sentyabr kuni “Automatiko” kafesining yonidan o‘tib ketayotsam, ichkarida o‘tirgan bir ayol “Espektador” gazetasida chop etilgan “La tercera resignación” (“Uchinchi royishlik”) sarlavhali o‘sha hikoyamni mutolaa qilib o‘tiribdi. Yugurib gazeta do‘konchasiga bordim. Ammo pulim yo‘qligi bois besh sentgina turadigan o‘sha gazetani sotib ololmadim. Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib, yotoqxonaga qaytdim. Kursdoshlarim gazetani o‘qishayotgan ekan. Kafkacha uslubda yozilgan hikoyam birpasda qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Shundan roppa-rosa bir yarim oy o‘tib (25 oktyabrda) o‘sha gazetada ikkinchi hikoyam “Eva está dentro de su gato” (“Mushuk ichidagi Havo”) keng ommaga taqdim etildi. Shundan so‘ng jurnalist Eduardo Salomeya Bordo o‘zining bir maqolasida Kolumbiyada katta bir yozuvchi dunyoga kelgani haqida baralla e’lon qildi.
Markesning ro‘yxati uzundan uzoq emas. Ammo yozuvchi sanagan kitoblardan juda ko‘p narsani o‘rganish mumkin. Ushbu ro‘yxatdan qadimgi yunon va lotin adabiyoti, jahon klassik durdonalari, sehrli ertaklar va XX asrning eng go‘zal kitoblari joy olgan. Markes asarlarining ishqibozlari yaxshi biladi – sinkretizm Gabrielning har bir kitobida ko‘rinadi. Markes asarlari va u sevib mutolaa qilgan kitoblar bizni adabiyotning muhtasham qasriga yo‘llaydi. Agar siz hali badiiy mutolaaga jiddiy e’tibor qaratmagan bo‘lsangiz, qo‘lingizga qalam olib, o‘qigan va o‘qimoqchi bo‘lgan kitoblaringiz ro‘yxatini tuzib chiqing. Zero, yozuvchi aytganidek, “Hayot faqat yashash degani emas, balki sening xotiralaring va har bir xotirang haqida aytib bergan hikoyalaringdir!”
Guljahon Namozova tayyorladi
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 4-son