Jetonlar tarixini bilasizmi? Ular qachon paydo bo‘lgan, turniketlar-chi?
Dastlabki jetonlar qachon paydo bo‘lganligi haqidagi aniq ma’lumotlar hozircha mavjud emas. Lekin 1934 yilda chiqqan «Pervыy sovetskiy metropoliten» kitobida (ya’ni metro ochilgandan so‘ng bir yil o‘tgach) kirish va chiqish joylarida o‘rnatilgan turniketlar tasvirlangan edi. Kirish joylarida o‘rnatilgan turniketlar haqida shunday deyiladi: «Yoningizda turgan avtomatning kichik tirqishiga jeton tashlabgina siz kirish uchun ruxsat olishingiz mumkin». «Pravda» gazetasining 1935 yil 1 fevral sonida «o‘rtasida metall jetonlarni qabul qilib oladigan yulduzsimon teshigi bo‘lgan» qurilma haqida yoziladi.
O‘sha paytdagi turniketlarning bir nechta suratlari mavjud, biroq ularning barchasi turli shaklda. Ularga solinadigan jetonlarning shakli va ko‘rinishi haqida esa, hech qanday hujjatli ma’lumot yo‘q. Faqat shu narsa ma’lumki, metro paydo bo‘lganidan to 1959 yilga qadar kirish va chiqish tirik nazoratchilar tomonidan boshqarilgan.
Ular har bir kirib-chiquvchining chiptalarini tekshirib o‘tkazgan. Turli manbalardagi ma’lumotlarga qaraganda, tajriba namunasi sifatidagi ilk turniket va jetonlar 1935 yilda paydo bo‘lgan (lekin ular juda kam muddat amal qilgan). Ikkinchi tajriba 1952 yilda o‘tkazilgan. 1958 yilda esa, avtomat turniketlar ishga tushirilgan va bir yildan so‘ng bu uskunalar ko‘p miqdorda ishlab chiqarila boshlagan.
1961 yilda turniketlar besh tiyinlik tangalarni qabul qilishga o‘tgan. 1992 yilning 1 martidan boshlab yana jetonlar amal qila boshlagan. Shunday qilib jetonlar tarixidagi o‘zgarishlar o‘z nihoyasiga yetadi. Biroq bu jetonlarning umumiy tarixiga oid xulosa. Negaki, jeton va turniketlar turli davlatlarda turlicha va hozirgacha shakliy hamda tasviriy o‘zgarishlarga uchrab kelmoqda.
Munisa Mahkamova tayyorladi
“Ma’rifat” gazetasidan olindi