Uzoq umr ko‘rish siri

http://n.ziyouz.com/images/umrzoq.jpgInsoniyatni doimo bir muammo o‘ylantirgani-o‘ylantirgan: qanday qilib uzoq umr ko‘rish mumkin? Hatto bundan ikki ming yil muqaddam buyuk Lukretsiy o‘z asarlarida, jumladan, “Tabiat haqida” nomli kitobida bu masala yuzasidan mulohazalar bildirgan. Xo‘sh, odam uzoq yashay olmasligiga nima sabab? Qarish-qartayishning boisi ne?

Avvalo, shuni aytish kerakki, hayot hamma narsani o‘z izmiga soladi. Insonning keksayishi ham ma’lum qonuniyatga asoslangan. Qolaversa, olimlarning ta’kidlashlaricha, qarilik qator kasalliklarning rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Yoshi bir joyga borib qolganlar ko‘proq ateroskleroz, rak, qandli diabet, arterial gipertoniya, yurak ishemiya­si xastaliklaridan vafot etadilar. Bu kasalliklarning paydo bo‘lish mexanizmini tushunish uchun esa, qarish va yosh potologiyasi (a’zolardagi kasalliklar, yosh ortib borishi bilan organizm hayot faoliyatida bo‘ladigan o‘zgarishlar) o‘rtasidagi aloqani aniqlash lozim. Bunda bir necha ko‘rinishlar ham bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Tibbiyotning otasi Gippokratning ta’kidlashicha, uzoq umr ko‘rishga jismonan mashq qilish, toza havoda aylanishning o‘rni bo‘lakcha. U qarilik 70 yoshda boshlanadi, deb hisoblaydi. Pifagor esa qarish inson hayotining oxirgi 20 yilini — 60 dan 80 yoshgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi, deb ta’kidlagan.

Boshqalar yosh ketishini ehtimollik jarayoniga yo‘yib, u organizmga ko‘pdan-ko‘p ichki va tashqi omillarning ta’sir etishidan, deydilar. Menimcha, genetik o‘zgarish qarish emas, balki organizmning buzilishi bilan bog‘liq moddalar almashinuvi jarayonidir. Hayot ana shu qonuniyatga asoslanadi. U har qaysi organizmda turlicha kechishi mumkin. Masalan, sichqon 2 yil, fil 100 yil yashashi aniqlangan. Bundan bitta xulosa chiqadi: qarish qachon boshlanadi, degan gapga o‘rin qolmaydi. U jinsiy xujayralar urug‘lanishi bilan birga rivojlanadi. Gap shundaki, tabiatda ba’zi mavjudotlar 300 yil, hatto ming yilgacha yashashi mumkin. Ammo… nega inson emas?

Uzoq yashash sirini kashf etish hozirgi davrning muhim muammolaridandir. Bu yo‘nalishda anchagina ibratli ishlar amalga oshirilayotir.

Olimlarimizning tinimsiz izlanishlari tufayli kasalliklar, ayniqsa, yuqumli xastaliklarga qarshi kurashishning samarali usullari ishlab chiqildi. Kishilarning yashash sharoiti o‘zgardi, ijtimoiy ahvoli yaxshilandi. Ammo, shunisi ajablanarliki, bir necha ming yillardan buyon insonning umr ko‘rish imkoniyati biologik jihatdan oshgan emas. Tadqiqotchilarimiz hozir bu yoshni 90 atrofida deb hisoblamoqdalar. Aslida-chi? Axir dunyoda bundan ham uzoq umr ko‘ruvchilar bor-ku!

“Yoshini yashab, oshini oshaganlar” haqida gapirganda shuni aytish kerakki, ular juda ozchilik bo‘lib, 115-120 yoshgacha umr ko‘rishgan. Kavkazda bu ko‘rsatkich biroz yuqori bo‘lishi mumkin.

Sharq xalqlarida igna bilan davolash keng taraqqiy etganligi hammaga ma’lum. Ular ichida uzoq umr ko‘rish nuqtasi degan tushuncha ayniqsa shuhrat qozongan. Bu haqda qator afsona, rivoyatlar mavjud. Ulardan birida aytilishicha, Kunchiqar mamlakatning podshosi eng keksa kishini saroyga taklif etibdi. 242 yoshli Matle degan keksa inson tashrif buyuribdi.

— Qanday qilib siz bunday tabarruk yoshga kirdingiz? — deya so‘rashibdi undan.

— Buning hech qanday siri yo‘q, — deb javob beribdi qariya, — Men har to‘rt kunda jismimdagi uzoq yashash nuqtasini kuydirib turaman.

So‘ngra Matle yig‘ilganlarga o‘sha nuqtani ko‘rsatibdi.

Bu, ehtimol, afsonadir, ammo olimlar hozir uzoq umr ko‘rish nuqtasini qo‘zg‘ash organizmni mustahkamlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga, insonning uzoqroq umr ko‘rishiga imkoniyat tug‘dirishiga ishonch hosil qilmoqdalar.

Bunda ikki yo‘l mavjud. Avvalo, organizm kasallik rivojlanishiga qarshi kurasha olishi lozim. Bu shuning uchun ham muhimki, qarish pirovard natijada xastalik paydo bo‘lishiga olib keladi. Bordi-yu, biz faqatgina rak va yurak, qon-tomir kasalliklarini tugatgan taqdirimizda ham inson umrini 10-11 yil uzaytirishga erishgan bo‘lardik. Qolaversa, menimcha, qarish jarayonini susaytiradigan qandaydir malham yaratish zarur. Zero, bu borada dunyoda necha ming yildan buyon harakat qilinadi. Ammo… ming afsus, hozircha natija yo‘q…

Ovqatlanishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish ham uzoq umr ko‘rishning birlamchi omillaridan hisoblanadi. Jismonan chiniqish, sport bilan shug‘ullanish bu jihatdan yanada samarali natijalar berishi mumkin. Bundan tashqari, olimlar hozirgi payt­da uzoq yashashning yangi forma va usullari ustida tadqiqotlar o‘tkazmoqdalar. Masalan, enterosorbtsiya yo‘li bilan oshqozon-ichakdagi soklar va qonni zaharli moddalardan tozalash bo‘yicha boshlangan tajriba, geninjeneriya shunday xayrli harakatlardandir.

Hozir gerontologiya — qarish haqidagi fan oldida juda katta muammolar turibdi. Ularni hal etish insoniyat kelajagida muhim o‘rin tutishi shubhasiz. O‘shanda balki yosh o‘tgan sayin kishining intelektual kuchi va ijodiy ish bilan shug‘ullanishi kamayib boradi, degan gaplarga hojat qolmas. Binobarin, o‘tmishda, “buyuk qariyalar” bu fikrni inkor etadigan darajada ishlashgan: Gyote, Pikasso, Stravinskiy, Rubenshteyn 80 yoshlarida eng bebaho asarlarini yaratishgan. I. P. Pavlov shu yoshda ilmiy ishlar yozgan…

Volter bejiz aytmagan: “Qarilik — nodon uchun qish bo‘lsa, olimga ayni o‘rim-yig‘im davridir”.

Xullas, uzoq yashash siri hozircha muammoligicha qolmoqda. Biroq olimlarimizning izlanishlari mazkur sohada anchagina yutuqlarga erishish mumkinligidan dalolat beradi. Bizning hozirgi eng muhim burchimiz yashab turgan umrimizni qisqartirib qo‘ymaslik. Buning uchun mashhur olim, akademik I. P. Pavlovning yana quyidagi o‘gitlariga amal qilish foydadan holi bo‘lmaydi: “Inson 100 yil hatto undan ham ko‘p yashashi mumkin. Lekin biz o‘zimizning tiyiqsizligimiz, pala-partishligimiz, o‘z organizmimizga nisbatan shafqatsizligimiz tufayli bu muddatni ko‘p yillarga qisqartirib boramiz”.

Qurbonmurot Pirimov, shifokor

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).