Tasodifiy kashfiyotlar

Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Bugun butun dunyoda ommalashgan, turmushimizda, fan-texnika sohasida ulkan burilish yasagan kashfiyotlardan ba’zilari tasodifan yoki turli xatolar tufayli sodir bo‘lgan ekan. Ularning ayrimlari bilan tanishing.

Mikroto‘lqinli pechka

120 dan ortiq kashfiyotlar uchun patent olgan mashhur olim Persi Spenser tasodifan mikroto‘lqin asosida ishlovchi pechkaning yaratuvchisiga aylangan. 1945 yilda, ya’ni Ikkinchi jahon urushining tugashi arafasida u radarlar sifatini oshirish ustida ish olib borgan. Tajribalar paytida Spenser stoldagi to‘lqin chiqaruvchi moslama yonida turgan shokolad erib ketayotganini sezib qoladi. Ko‘plab sinovlardan so‘ng esa 400 kg og‘irlikdagi birinchi mikroto‘lqinli pechka yaratiladi. Dastlab bu pechkadan ovqatni tezda pishirish zarur bo‘lgan yirik restoranlar, samolyotlar va kemalarda foydalanilgan. Hozirga kelib esa mikroto‘lqinli pechkalar butun dunyoga tarqalib ulgurdi.

Yopishqoq qog‘ozlar

Yopishqoq qog‘ozlar yelimning mustahkamligini oshirish maqsadida amalga oshirilgan muvaffaqiyatsiz urinishlarning oqibatidir. 1968 yilda 3M kompaniyasi tadqiqot laboratoriyasi xodimi yopishqoq lenta (skotch) ning mustahkamligini oshirishga harakat qiladi. Natijada u o‘zi yopishgan yuzada iz qoldirmaydigan g‘alati yelim yaratadi. Kashfiyotchi skotch uchun keraksiz bo‘lgan bu yelimni nima qilishni bilmaydi. Oradan 4 yil o‘tgach, uning hamkasbi kitoblarga izoh yopishtirish maqsadida ana shu yelimdan foydalanadi va bugun hammamiz yaxshi biladigan Post-it-Notes yaratiladi. yopishqoq qog‘ozlar birinchi marta 1980 yilda sotuvga chiqarilgan.

Supermarketdagi aravacha

Oklaxoma-Siti shahrida sotuvchilik bilan shug‘ullangan Silvan Goldman xarid aravachasini 1936 yilda ixtiro qilgan. U oziq-ovqat do‘konining egasi bo‘lgan va xaridorlar negadir ayrim mahsulotlarni sotib olmayotganini uzoq o‘ylagan. E’tibor berib qarasa, bu mahsulotlar ko‘tarib yurish uchun og‘ir bo‘lganligi bois xaridorlar ularni sotib olmas ekan. Kashfiyot tasodifan yuz bergan: Goldman bir ayol og‘ir xaltani o‘yinchoq mashina ustiga qo‘yib olganini va uni o‘g‘li ip bilan tortib ketayotganini ko‘rib qoladi.

Savdogar avvaliga oddiy xaltaga g‘ildiraklar o‘rnattiradi, keyinroq esa mexaniklar yordamida hozirgi aravachalarning birinchi nusxasi yaratiladi. Aravachalarni ommaviy ishlab chiqarish 1947 yildan yo‘lga qo‘yilgan va bu do‘konlarning yangi ko‘rinishi — supermarketlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

Rezinka

1844 yilda ixtirochi Charlz Gudiyr (Goodear) tasodifan issiqda bo‘shashib ketmaydigan, ayozda esa qotib qolmaydigan rezina tayyorlash usulini kashf qiladi. Bu texnologiyaga Gudiyrning vulkanizatsiyasi nomi beriladi. O‘sha payt ishlatish juda qiyin bo‘lgan material sifatini oshirish maqsadida rosa uringan Gudiyr kunlarning birida kauchuk va qalayni oshxona pechkasida qizdirib, aralashtiradi va rezina moddasi hosil bo‘ladi. Rezinani istalgan shaklga kiritish yo‘lining kashf etilishi elektronika sanoatining rivojida ulkan inqilob yasagan. Chunki bu modda tok o‘tkazmaydigan juda qulay vosita bo‘lib, elektr simlarining hammasi rezina bilan o‘raladi. Gudiyrning kashfiyoti zamonaviy avtomobilning dunyoga kelishiga ham imkoniyat berdi.

Kardiostimulyator (yurakka sun-’iy impuls beruvchi moslama)

Yurak xastaligiga chalingan millionlab insonlarning hayotini saqlab qolishga yordam berib kelayotgan bu uskuna ham tasodifan kashf qilingan. 1941 yilda muhandis Jon Xopps harbiy dengiz floti buyurtmasi bilan gipotermiya (tananing haroratini tibbiy yo‘l bilan o‘zgartirish) sohasida tadqiqotlar o‘tkazadi. Uning oldiga uzoq vaqt ayozda qolgan yoki sovuqda jang qilgan inson tanasini zudlik bilan isitish yo‘lini topish vazifasi qo‘yilgan edi. Xopps buning uchun yuqori chastotali radioto‘lqinlardan foydalangan va sovuq tufayli to‘xtab qolgan yurak elektr impulslari yordamida yana «ishga tushib ketishi» mumkinligini tasodifan sezib qolgan. 1950 yilda Xopps ixtirosi asosida birinchi kardiostimulyator yaratildi. U juda katta va ishlatishga noqulay bo‘lgan va ba’zan bemor tanasining kuyish hollari ham sodir bo‘lgan.

Tibbiyotchi Uilson Greybetch esa bu sohadagi ikkinchi ixtironi amalga oshirdi. Eng qizig‘i, u ham tasodifan ro‘y bergan. Greybetch yurak urish tezligini yozib boruvchi moslama yaratish ustida ish olib borayotgan edi. Bir kuni u sinovdagi uskunaga tasodifan boshqa rezistorni joylab qo‘yadi va elektr zanjirda yurak urishini eslatuvchi tebranishlar bo‘layotganini sezib qoladi. Ikki yildan so‘ng Greybetch yurak ishlashi uchun sun’iy impulslarni muntazam bera oladigan birinchi elektr kardiostimulyatorni yaratdi.

Antibiotiklar

1928 yilda olim Aleksandr Fleming zamburug‘dagi penitsillin moddasi u sinov o‘tkazayotgan bakteriyali moddaga tushib qolganini ko‘radi. Mikroskop yordamida kuzatib, Fleming penitsillin bakteriyalarni o‘ldirib borayotganini anglaydi. Fleming kashfiyotining ahamiyati 1940 yilda — butun dunyoda antibiotik-dorilar yaratish ustida tadqiqotlar boshlangandan so‘ng ma’lum bo‘ldi. Bugungi kunda penitsillin antibiotigi tibbiyotda eng keng qo‘llaniladigan vosita bo‘lib, butun dunyo bo‘yicha ishlab chiqariladigan dorilarning 15 foizini tashkil etadi.

Axlat uchun xalta

Birinchi shunday xalta 1950 yilda Garri Vasilik tomonidan o‘ylab topilgan. Vasilik ixtirochi-muhandis bo‘lgan va kunlarning birida shahar hokimiyati unga murojaat qiladi. Uning oldiga bir vazifa qo‘yiladi: maishiy chiqindilarni axlat tashuvchi mashinalarga yuklash paytida ularning sochilib ketmasligi yo‘lini topish. Vasilik uzoq vaqt changyutgichni eslatuvchi uskuna yasamoqchi bo‘ladi. Biroq masalaning yechimi mutlaqo boshqa yoqdan topiladi. U oila a’zolaridan birining og‘zidan «Menga axlat uchun foydalaniladigan sumka kerak emas!» degan so‘zlarni eshitib qoladi. Vasilik o‘ylay-o‘ylay axlatni yig‘ish uchun bir marta ishlatiladigan xaltalardan foydalanish lozimligini tushunib yetdi va ularni polietilendan yasash taklifini berdi. Sellofan xaltalar birinchi bo‘lib Vinnipeg shahri kasalxonasida ishlatila boshlangan. Aholi uchun mo‘ljallangan axlat xaltalari esa ilk bor 1960-yillarda paydo bo‘lgan. Bugun esa insoniyat oldida turgan eng katta muammolardan biri chiqindilarni qayta ishlash masalasidir.

Yilning eng yirik kashfiyotlari

Time jurnali o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda, yilning eng zo‘r kashfiyotlari ro‘yxatini e’lon qildi. Dunyoning taniqli olimlari, akademiklar va ixtirochilar, jurnalistlar hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, kuchukning klonlashtirilishi voqeasi 2005 yilning eng yirik kashfiyoti degan nomga sazovor bo‘ldi.

Snupi laqabli afg‘on kuchugi 6 oy muqaddam Janubiy Koreyaning Seul milliy universiteti laboratoriyasida «dunyoga kelgan» edi. Klonlashtirish jarayonida professor Vu Suk Xvan boshchiligidagi olimlar guruhi katta yoshdagi itning qulog‘idan olingan hujayradan foydalanishdi. Tadqiqotchilar bundan bir necha yil avval sun’iy ravishda dunyoga keltirilgan Dolli qo‘yini klonlashtirishdagi usulni qo‘llashgan.

Shuningdek, vodorodli dvigatelda harakatlanuvchi mototsikl, bir marta ishlatiluvchi videokamera hamda ovozni farqlay oluvchi robot-mushuklar ham TIME jurnali tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatdan o‘rin oldi.

Darvoqe, 2005 yilda muvaffaqiyat bilan amalga oshirilgan boshqa tadqiqot natijalariga ko‘ra,

…fiziklar o‘ta yuqori aniqlikdagi sinovlarga asoslanib, Eynshteyn formulasidagi xatoni topishdi.

…ingliz olimlari tishni 2 daqiqadan ortiq yuvish tish emali va milklarga zarar keltirishini aniqlashdi.

…Shvetsiyada biogaz asosida harakatlanuvchi birinchi poezd yaratildi. Ushbu poezd havoga SO2ni deyarli chiqarmaydi va bir marta to‘ldirish bilan 600 km harakatlanishga yetadi. Poezdning eng yuqori tezligi 130 km/soat.

…SARS virusi g‘ayrioddiy pnevmoniya (2002 yil noyabr, 800 mingga yaqin qurbon) virusini ko‘rshapalaklar olib kelgan ekan. Bu virusologlar xalqaro komissiyasining so‘nggi xulosasi. So‘nggi yillarda Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ulardan dorilar va ba’zan oziq-ovqat mahsulotlari ham tayyorlanayotgan, bu SARS virusining tez tarqashiga sabab bo‘lgan edi.