Futbolchilar va laqablar olami

Futbol – bu xalq o‘yini. Futbolni haqiqiy spektaklga o‘xshatishlari ham bejiz emas. Darhaqiqat, millionlab muxlislarning zavqini oshiradigan, hayrat ko‘chasiga yetaklaydigan o‘yinning spektakldan nimasi kam? Dunyo ommaviy axborot vositalarida ijrochilar, ya’ni, futbolchilar to‘g‘risida fikr yuritilganda ularning ismi bilan bir qatorda “ikkinchi nomlari”- laqablari ham bot-bot tilga olinadi. Bu g‘arb “sariq matbuoti” uchun odatiy hol.

Futbol muxlislari “So‘yloq” , “Qizil iblislar”, “Yashil burgutlar” kabi laqablarni kimlarga nisbatan ishlatilishini juda yaxshi bilishadi. Bir paytlar Portugaliya terma jamoasida to‘p surgan Abel Shaviyerni “Qorbobo” (“Santa Klaus”) deb atashlarini eshitib hech ham ajablanmadim. Chunki Abelning oppoq soqollari-yu, “qirov tushgan” sochlarini ko‘rib kimham unga bu laqabni ravo ko‘rmaydi, deysiz.

“Manchester Yunayted” klubining norvegiyalik xujumchisi Ole Gunnar Sulsherni hamma taniydi. Ammo uni “Kulib turuvchi jallod”, deb nomlashlarini hamma ham bilavermasa kerak. Sulsher jilmaygan ko‘yi raqib darvozabonlarini ojiz qoldiradi.

Frantsiyalik mashhur darvozabon Fabiyen Bartezning “ismi” unga to‘liq mos tushadi, deyish mumkin: “Masxaraboz”. Bartezning maydondagi ba’zi xurmacha qiliqlari jamoasi uchun qimmatga tushgan holatlarga ko‘p guvoh bo‘lganmiz.

Turkiyaning so‘nggi 50 yildagi eng yaxshi futbolchisi, deb tan olingan Xoqon Shukurni “Bolqon xo‘kizi”, deyishganicha bor. Zero, Shukur afandi bunday ta’rifga munosib ekanligini allaqachon isbotlagan.

Argentinalik Gabriyel Batistuta o‘zini jahonning eng zo‘r futbolchisi, deb biladi. Bu borada u o‘zini Ronaldodan ham ustun qo‘yadi. Bunga sabab qilib u muxlislarning Ronaldoni emas, aynan o‘zini “Batigol”, deb atashlarini ko‘rsatadi.

Ko‘pchilik futbolchilar o‘z laqablariga ijobiy munosabat bildirishadi. Frantsiyalik moziy yulduzi Loran Blan o‘zini “Temir beton”, deb bilsa, argentinalik Xaviyer Saviola “Quyoncha”ligini “tan oladi”. Yana bir argentinalik futbolchi Ariyel Ortegani xunuk jaranglaydigan “Xo‘tikcha”, deb chaqirsangiz naq “do‘ppisini osmonga otadi”. Italiyalik darvozabon Jan Luidji Buffonga “Supermen”, deb murojaat qilsangiz hecham ranjimaydi: Supermen Buffonning sevimli kinoqahramoni.

“Yuventus” klubining frantsiyalik himoyachisi Lillian Tyuramni “Professor”, deyishadi. U ilmiy ish yozib, dissertasiya yoqlagan emas. Shunchaki, futbolchilik bilan birga institutdagi tahsilini ham kanda qilmagan.

Biz bilgan va bilmagan, yoki e’tibor bermagan laqablar talaygina. Futbolchiga laqab topish g‘arbda unchalik salbiy holat emas. Bu mashhurlik va obro‘-e’tiborning bir ko‘rinishidir. Sevimli futbolchingizning laqabi nima? O‘ylab ko‘rganmisiz?!

Otabek Yo‘ldoshev tayyorladi.