Astronomlar cheksiz koinot qa’rida ona sayyoramiz — Yerga juda o‘xshab ketadigan yangi sayyoralarni kashf etdilar. Mazkur kashfiyot NASAning Kepler kosmik teleskopi yordamida amalga oshirildi. Notr-Dam va Vashington universiteti olimlari taxminan bir yil muqaddam to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilib chiqishib, shunday xulosaga kelishdi: Kepler-62 yulduzi atrofida aylanadigan ikkita sayyora shunday kenglikda joylashganki, ularda hayot mavjud bo‘lishi uchun sharoit yetarli, deb taxmin qilish mumkin. Ya’ni ular o‘z Quyoshidan shunday masofada joylashganki, u joy o‘ta isib ham, o‘ta sovib ham ketmaydi. Mazkur sayyoralarda suv suyuq holda bo‘lishi uchun xuddi Yerdagidek tabiiy sharoit mavjud. Ularni hajmi va tuzilishi jihatidan ham Yerga qiyoslasa bo‘ladi.
Kepler-62 yulduzi Quyosh sistemasidan 1200 yorug‘lik yili olisda joylashgan Lira yulduzlar turkumiga kiradi. U bizning osmon yoritqichimiz — Quyoshga o‘xshaydi, biroq undan taxminan bir milliard yil avval paydo bo‘lgan. Shuning uchun ham xira va qizg‘ish tusda ko‘rinadi, hajmi nisbatan kichik. Mazkur yulduzlar turkumida beshta sayyora mavjud bo‘lib, astronomlar fikriga ko‘ra, ulardan faqat ikkitasi hayot mavjud bo‘lishi uchun qulayroq o‘rinda joylashgan. Shu sababli olimlar 62e va 62f deb raqamlangan bu sayyoralarni Yer II va Yer III, deb atashmoqda.
— Bu sayyoralar orbitasiga doir o‘lchamlar ular shu choqqacha nazarimiz tushgan barcha fazoviy ob’ektlar ichida Yerga juda o‘xshab ketadi, deyishga asos beradi, — deydi kashfiyot mualliflaridan biri, professor Jastin Krepp.
— 62f sayyorasi Yerdan 1,4 barobar katta, — deydi astronomiya professori E.Agol. — U o‘zining yoritqich yulduzidan bizning sayyoramiz Quyoshdan olayotgan issiqlik va yorug‘likning yarminigina oladi. 62f sayyorasida bir yil 267,3 kunga tengdir.
62e sayyorasi o‘z yoritqichiga yaqin joylashgan. U nisbatan issiqroq. Bu sayyora Yerga qaraganda 20 foiz ko‘p issiqlik oladi va hajmi ham Yerdan 61 foizga katta. Bir yil 122,4 kunga teng. Modomiki, bu sayyoralar koinotning hayot mavjud bo‘lishi uchun shart-sharoit nisbatan qulayroq bo‘lgan burjlarida joylashgan ekan, olimlar ularda hayotning, binobarin, ongli hayotning ham mavjudligini ehtimoldan soqit qilishmayapti. Buning uchun, ya’ni hayotning yuzaga kelishi, shakllanishi va rivojlanishi uchun ularda vaqt yetarli bo‘lgan.
Er II yoki Yer III sayyorasida yoxud bir yo‘la har ikkalasida ham tiriklik bo‘lishi ehtimol tutilmoqda. Shu bois bu sayyoralar hozir alohida nazoratga olingan. Kepler-62 yulduzlar turkumiga Yerdan tashqaridagi tamaddunlardan mujda axtaruvchi dasturlar bilan jihozlangan maxsus teleskoplar to‘g‘rilangan. Butun vujudi ko‘z va quloqqa aylangan astronomlar yaxshi mujdalardan umidvor. Har holda, o‘zga tamaddunlarni butun koinot qa’ridan axtargandan ko‘ra, aniq bir yulduz turkumidan qidirgan afzal-da.
2009 yil may oyida fazoga chiqarilgan Kepler orbital teleskopi Somon yo‘li galaktikasidagi yulduz turkumlarini kuzatib borayotir. U o‘zga sayyoralarni bevosita emas, bilvosita usullar orqali axtarishga mo‘ljallangan. Ya’ni bu teleskop muayyan bir yulduzning ravshanligi vaqt o‘tishi bilan nechog‘li o‘zgarishini kuzatib boradi. Yulduzlar gardishi bo‘ylab biror sayyora o‘tadigan bo‘lsa, albatta, ularning ravshanligida o‘zgarish kuzatiladi. Astronomlar ravshanlikning tebranishiga qarab sayyoralarning mavjudligini aniqlaydi.
Kepler teleskopi har 30 daqiqada 150 ming yulduzning o‘lchamlarini qayd eta oladi. Bu astronomlarni bir necha yillik muttasil ish va zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash deganidir. Chilida joylashgan Yevropa janubiy observatoriyasining HARPS spektrografi Kepler teleskopi bilan raqobatlasha oladi. U yulduzlarning harakatlanish jarayonida yuz beradigan me’yordan chetga chiqish hollariga asoslanib sayyoralarni axtaradi. Mabodo birorta yulduzning o‘z yo‘ldoshi bo‘lsa, yo‘ldosh yulduz atrofida aylanayotib unga ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni tebranishga majbur etadi. Natijada yulduzning tezligida o‘zgarish kuzatiladi. Sayyoralarni axtaruvchi apparatlar mana shu tebranishlarni aniq qayd etadi.
Olimlarni faqat hajman Yerimizga o‘xshash sayyoralarni axtarib topishgina emas, ularda suv va o‘simlik olamining bor-yo‘qligi ham qiziqtiradi. Oftob nurining ko‘zguda sinishidan hosil bo‘ladigan olachalpoq shu’la hodisasi ulkan ummonlar yuzasida ham sodir bo‘ladi. Yangi teleskop sayyoralar sathidan qaytuvchi shunday aks-nurlarni ham qayd eta oladi. Suvni boshqa xil suyuqliklardan farqlashda esa spektr tahlillari yordam beradi. O‘simliklardagi yashil rang xlorofill pigmenti bo‘lib, u infraqizil suratlarda yaqqol shu’lalanib ko‘rinadi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 18-sonidan olindi.