Dunyoning eng qimmat shaharlari (2006)

Economist Intelligence Unit (EIU) guruhi dunyodagi 130 ta shaharning narx-navo bahosini tadqiq etib, Norvegiya poytaxtini eng qimmat shahar deb e’lon qildi.

BBCning xabar berishicha, dunyodagi yashash eng qimmat bo‘lgan shaharlar ichida Tokio 14 yillik peshqadamlikdan so‘ng o‘z o‘rnini Osloga bo‘shatib berdi.

Yana bir shimoliy shahar — Reykyavik (Islandiya) ikkinchi o‘rinni band etgan bo‘lsa, reytingdagi ikkinchi Yaponiya shahri Osaka to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Dunyodagi eng arzon shahar esa Tehrondir. 14 yil avval esa aynan shu shahar dunyoning eng qimmat shahri deb e’tirof etilgan edi.

Tokioning «cho‘qqidan qulashi» unchalik ham katta syurpriz bo‘lmadi. Yapon valyutasi iyenning qadri tushishi, yapon iqtisodiyotidagi past inflyatsiya bunga bevosita sabab bo‘ldi, deya xabar qiladi EIU. 2004 yildagi krizisdan so‘ng Norvegiya iqtisodiyotni tubdan isloh qilishga erishdi.

Sharqiy Yevropa davlatlarida ham yashash tarzi qimmatlashgani seziladi. Yevropa Ittifoqiga yangi a’zolar va nomzod davlatlarda bu holatni kuzatishimiz mumkin. Istambul (48-o‘rin), Praga (58-o‘rin), Varshava (63-o‘rin), Kiyev (82-o‘rin), Budapesht (95-o‘rin),Belgrad (107-o‘rin) kabi shaharlarda yashash tarzi 5 %ga qimmatlashgan.

Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, ro‘yxatdagi bunday siljishlar jahon valyutalari kurslarining tebranishi bilan bog‘liq, ayniqsa, dollar va yevroning. Shahardagi turmush AQSh dollarida hisoblanadi. Shu sababli, agar dollar kursi mahalliy valyutaga nisbatan pasaysa, aslida hech narsa o‘zgarmagan bo‘lsada, hisob-kitob bo‘yicha shu shahardagi hayot qimmatlashgan hisoblanadi.

Shuni ta’kidlash lozimki, tadqiqot u yoki bu shahardagi hayotni to‘la haqiqiy baholay olmaydi, chunki ushbu reytingning buyurtmachilari o‘z xodimlarini chet davlatlarga uzoq vaqtga xizmat safariga jo‘natadigan yirik korporatsiyalar bo‘lib, ularni, asosan, xizmat safariga to‘lanadigan xarajatlar qiziqtiradi. Shu nuqtai nazardan, deylik, Moskva va Sankt-Peterburg besh yulduzli mehmonxonalari, elita restoranlari hamda inomarka avtomobillar ijarasi qimmatligi tufayli eng qimmat shaharlar qatoriga qo‘shilgan.

AQShning eng qimmat shahri – Nyu-York jahon reytingida 27-o‘rinni egallab turibdi.

Janubiy Amerikada esa katta siljishlar Braziliyaning Rio-de-Janeyro va San Paulu shaharlarida kuzatildi. Mamlakatdagi iqtisodiy jonlanish tufayli bu shaharlar jahonning eng qimmat shaharlari ro‘yxatida 87-o‘rinni band etdilar.

Garchi Tokio va Osaka dunyoning eng qimmat shaharlari sifatida e’tirof etilsada, Osiyo qit’asi eng arzon mintaqalardan biriligicha qolmoqda. Qit’ada eng arzon yetti shahardan beshtasi joylashgan.

Dunyoning eng qimmat shaharlari o‘nligi:

1. Oslo, Norvegiya

2. Tokio, Yaponiya

3. Reykyavik, Islandiya

4. Osaka, Yaponiya

5. Parij, Frantsiya

6. Kopengagen, Daniya

7. London, Buyuk Britaniya

8. Syurix, Shveytsariya

9. Jeneva, Shveytsariya

10. Xelsinki, Finlyandiya

AbdulAziz tayyorladi.