Da Vinchi va Della Porto

http://n.ziyouz.com/images/leonardo.jpg

Leonardo da Vinchi insoniyat tarixida o‘tgan eng mashhur shaxslardan biridir. “Leonardo!” deyilsa, sayyoramiz qalpog‘ini boshdan olib, o‘z daho farzandining hurmat-e’tibori qarshisida ta’zimga egiladi. Chunonchi uning mo‘yqalami ato etgan nodir rassomlik asarlari, mana necha asrlarki, odamzotni hayratga va ezgu his-tuyg‘ularga sherik etib kelyapti. Leonardo da Vinchi qomusiy salohiyatli alloma sifatida ham sharaflidir. Shuningdek, Leonardoni muhandislik sohasining tengsiz qiroli, deb ham behad e’zozlaymiz. Vaqt bizni mazkur shaxs to‘g‘risida mana shunday yuksak xulosalarga ega qildi.

Buning hammasi Leonardo da Vinchi to‘g‘risida bugungi gaplar. Bugungi xulosalar. Bugunning irodasi!

Ammo… o‘z davrida, ya’ni O‘rta asrlar so‘ngida Leonardo da Vinchiga munosabat, uning shaxsiyatiga qarashlar ancha boshqacha edi. Chunonchi, biz bugun Leonardoni Ovrupa Renessansi — Uyg‘onish davrining daholaridan biri deb baholayotgan bo‘lsak, aksariyat zamondoshlari uni asosan “o‘zimizga o‘xshagan xom sut emgan banda edi” deb bilishgan. “To‘g‘ri, rassom edi, — deydi ular. — Ayrim yaxshi asarlari bor. Ammo boshlagan ko‘p freskalari (devor rasmlari) va haykaltaroshlik asarlarini oxirigacha yetkazmay chala tashlab qo‘ygan devonayu darvesh bir ijodkor edi. Undan ne-ne buyurtmachilarning hafsalasi “pir” bo‘lgan. Xo‘sh? Nega bu ishlarni bitkazmadi? Balki, iste’dodi yetishmagandir? Yanayam kim biladi, deysiz? Muhandis deyapsizmi? Ochig‘i bu sohada ham u asosan xayolparast edi. Son-sanoqsiz loyihalarni chizdi, qancha yangi narsalarni yaratmoqni xohladi. Ammo ko‘pi qog‘ozda qolib ketdi… “Alloma” deysizmi? Be-e!… Nimasi alloma? Undan allaqanday “Yon daftarlar” qoldi, xolos. Yetti-sakkiz ming sahifamidi-ey? Yon daftar, bu, hali olimlik degani emas-ku! To‘g‘risi, bu jabhada ham Leonardo borib turgan xayolparast edi. Masalan, ko‘kda uchadigan allaqanday “Uchar quti”ni yaratishga kirishdi. Italyanlar orasida bir vaqt deng: “Sinor Leonardo hademay o‘z “qora quti”sini Monte-Checheri (“Oqqush tog‘i”) cho‘qqilaridan osmonga parvoz qildirar emish” degan gap tarqaldi. So‘ngra… buni yigirma besh yil sabr-toqat bilan kutdik. Ammo tomosha armon bo‘lib qoldi bizga. Tag‘in olim emish!.. Nimasi olim uning?!”

XVI asrning ilk o‘n yilliklarida Italiya gazetalari boshqachasiga kuylay boshladi. “Janob Leonardo izlanishlarning har xil ko‘chalarida tentirab, umrini yelga sovurib bo‘ldi. Undan biz ham sovib bo‘ldik. Hozir keksayib, Frantsiyada dovdirab yuribdi. Undan olim ham, muhandis ham chiqmadi. O‘zini qog‘ozda va devorlarda chizgan sanoqli bir necha rasmlari bilan yupantirgani yupantirgan. Ammo unga qo‘shilib biz, italyanlar ham o‘zimizga ishonmay turganimizda, birdan omadimiz kulib, osmonimizda yangi Quyosh balqidi. Bu — sin’or Jambatista della Porto! Chaqmoqday bu yigit o‘zidan porloq nur sochib, ham chor-atrofni hamda umidlarimiz ufqini yorishtirib yubormoqda. Ilmu amallari aqllarni lol qilyapti. Mana bu olim, mana bu daho! Shak-shubhasiz, u italyanlarning tilla boshi! Va uning abadiy shon-shuhrati!…”

Xullas, bu yillarga kelib, Italiya matbuoti va italyanlar nazarida, Leonardo tamomila Yerga tushib bo‘lgan, qandaydir navqiron sin’or Jambatista della Porto ko‘klarda sayr qila boshlagan edi…

* * *

Xo‘sh, kim bo‘ldi bu Jambatista della Porto degani? Porto janoblari XVI asr boshlarida Neapolda tavallud topgan ekan. Shu shaharda, alkimyogarlik urinishlari ichida voyaga yetgan va yosh bo‘lishiga qaramasdan antiqa shuhrat qozongan. Shu qadar shuhratliki, uni zamondoshlari, ayniqsa, Italiya ahli “buyuk karomatchi”, “tengi yo‘q olim” deb bilar, sevar, uni yeru ko‘kka ishonishmasdi.

Bunday deyishga esa oddiy xalqning asoslari ham bor edi. Masalan, u “Jodu” degan kitob yozdi. Bu paytda taxminan yigirma yoshlarda edi. Keyinchalik turli xil bazm davralarida Porto: “Qarangki, bu kitobni o‘n besh yoshimda yozib tashlaganman. Odam bolasi gohida Yaratganning azmu irodasi bilan mana shunaqangi erta daho bo‘lib uyg‘onar ekan-da” deb kerilib ham qo‘yardi.

Xo‘sh, “Jodu” nima to‘g‘risida edi? Uning bir sahifasida o‘qiymiz: “Lampa chiroq shu’lasida odamlar ot kelbatli bo‘lib ko‘rinadi”… Yelka qisamiz: “Buning nimasi… jodu?!” Boshqa bir sahifada esa shunday deyiladi: “Ohanrabo (ya’ni magnit) yordamida xonimlarning ko‘nglida qanday sir-asror borligini sezib olish mumkin”. Bu endi biroz joduga o‘xshaydi. Ammo bu “karomatga” ishonish qiyin. Agar magnit (ohanrabo) yordamida inson fe’li-atvorini bilish mumkin bo‘lsa, bu kitob, chindan ham, mo‘jizaga aylanar, u ayniqsa u Yer yuzidagi xavfsizlik tizimlarining tabarruk kitobi bo‘lib qolardi. Axir dunyoda qanchadan-qancha jinoyatchi pana-panalarda yuribdi! Ushbu antiqa kitob ko‘magida nainki ularning o‘rmonday zulmatli qalbida qanchadan-qancha jinoyatkorona rejalar o‘ymalashib yotganini oppa-oson bilib olish, balki o‘z vaqtida ularni panjaralar ortiga joylashtirib, atrof dunyoni xotirjam qilishning iloji topilardi. Lekin “Jodu” bunday kitob bo‘la olmadi.

To‘g‘risi, inson sirini fosh etadigan kitobni Jambatista della Porto janoblarining o‘zi ham yaratishni istamagan bo‘lardi. Axir o‘sha magnit (ohanrabo) ko‘magida uning o‘z tovlamachi qalbini ham fosh etish nega mumkin emas? Endi, o‘ylab ko‘ring: ashaddiy firibgar kimsa o‘z-o‘ziga kishan bo‘ladigan bunday yo‘riqnomani yaratadimi? Hech-da? Adolatli bo‘laylik, Della Porto o‘g‘rilik qilmadi, qotillikdan chetda yurdi. Lekin bu ustasi farang, alkimyogar kimsa o‘z davrida vatandoshlarini xo‘p avradi, “chuv” tushirdi. Odamlar Portoning “karomat”lariga aldanib, sehrlanganday unga bor boyliklarini bag‘ishlashardi. Bu uning g‘aroyib “siri” edi. Aks holda, hech bir sanoqda yo‘q odam tez orada faqat Neapolda emas, balki butun Italiyada martabali, badavlat odam, muhtaram sinor darajasiga erishganini qanday izohlash mumkin?

Portoning “Jodu” kitobi Italiyada bir necha marta qayta va qayta nashr etilgan. Aytishlaricha, ushbu nashrlarning barcha nusxalari italyanlar orasida qo‘lma-qo‘l o‘tib, o‘qilaverib, hilvirab, titilib ketibdi. “Jodu” frantsuz, ispan, arab tillariga ham o‘girilib dunyoning o‘z davridagi eng shov-shuvli kitoblaridan biriga aylangan, deyishadi. Tarixchilardan biri, kitobning mazmun-mohiyatini emas, balki uning atrofidagi olamshumul shov-shuvlarni nazarda tutgan shekilli, “Jodu”ni “Aql bovar qilmas kitob” deb baholaydi. Ha, bu kitobning g‘alati shon-shuhrati ham, mazmuni ham hayratingiz bir darajada edi.

Ushbu kitob qanday xosiyati bilan Uyg‘onish davrining “bestelleri”ga aylandi ekan — buning siri o‘sha davr fuqarolariga ayon. Biz esa «Jodu»ning shov-shuvini tarix kitoblaridan o‘qib-bilib, faqat hayratlanishimiz mumkin.

Tarixchilar yana bir qiziq ma’lumotni yozib qoldirishgan. Chunonchi, biz lo‘ttivoz deb atayotgan Della Porto, aslida, zamonasining nihoyatda mashhur va obro‘-martabali kishilari qatorida ekan. Atigi bitta dalil: masalan, Neapolda uni o‘z xonadonlarida mehmon qilish istagida va orzusida bo‘lgan ne-ne mo‘tabar oilalar buning uchun maxsus ro‘yxatga yozilib, sabr-toqat ila navbat poylashar ekan. Della Porto esa o‘zini bu orada nihoyatda ulug‘ ishlar bilan band kimsaday tutib, haligi ro‘yxatni kibru havo bilan nazaridan o‘tkazar, hatto vaqti ziqligini aytib ro‘yxatda turgan kimningdir ustidan qora chiziq tortar va kimnidir e’zozlab, o‘tinchini inobatga olib ro‘yxatda qoldirar ekan. Buning ustiga, Porto janoblarining o‘zlariga e’tibori neapolliklarga zarur edi. Negakim, sin’or Porto mehmon bo‘lgan xonadon, el nazdida, Neapolning e’tiborli oilalari qatoridan o‘rin olar edi. Bunday ehtiromga esa bor-budingni sarflasang ham arziydi! Alkimyogar Porto o‘zi ziyofatda bo‘lgan dargohlarda kishini lol qoldiradigan kimyoviy, fizikaviy reaktsiyali ko‘z boylag‘ich hunarlar ko‘rsatar, shu yo‘sinda, ilmu hikmatini amalda namoyish etardi. Buning ustiga, u ustasi farang qartaboz ham edi. Bazmlarda qarta o‘ynab uyum-uyum pul yutar edi. Yana qaysi xonadonda bo‘lmasin, davradagi xotin-qizlarning qalbini o‘z lutflari va latifalari bilan bir zumda rom etib qo‘yardi.

Nihoyat, uning afsungarlik mashqlari Rim inkivizatsiyasining Neapoldagi bo‘limi nazariga tushib, bir necha bor Porto qisqa muddatlarda qamoqxonalarda tunashiga ham to‘g‘ri kelgan. Lekin Neapoldagi eng baobro‘ zotlarning tezlikda aralashuvi bilan Porto qamoqxonadan chiqar va tomoshaga o‘ch olomonning vasvasali kuzatuvida, katta tantanalar og‘ushida xonadoniga yetib olar edi. Shu tarzda, u boshiga tushgan mojarolardan ham ustalik bilan foydalanib, o‘z martabasini kun sayin oshirib yurgan.

Tovlamachilikning obdon havosini olgan Porto yoshi bir joyga borgan bo‘lsa-da, imonsizlik bilan yana bir favqulodda yumushga qo‘l uradi. U Neapolda “Tabiat sirlari akademiyasi” degan g‘alati “ilm markazi”ini tashkil etadi. Ishni esa nog‘oralar qoqib, jo‘shqin bayramona boshlaydi. Masalan, shunday bir gapni butun Italiyaga tarqatadi: “Bundan keyin hech bir odam o‘lmaydi. Nega? Chunki bizning Akademiyamiz chorasini izlayapti”. He yo‘q-be yo‘q, mana shunday gaplarni tomdan tarasha tushganday qilib aytib, gazetalarga intervyular beradi. Shahar aslzodalari to‘plangan yirik tadbirlarda jo‘shqin nutqlar irod etadi, ba’zi xonadonlarda mehmondorchilikda o‘tirganida, sir-asrorli tarzda dahanini kaftlari bilan yarim-yorti to‘sib, hamsuhbatining qulog‘iga shivirlaydi: “Hamma joyda aytib bo‘lmaydigan bir yangilikni sizga ma’lum qilaman: antiqa dori yaratdik! Ayni kunlarda uni sichqonlarda sinovdan o‘tkazyapmiz. Natijasi… kutilmagan darajada zo‘r! “Nima ekan?” deysizlarmi? Xudo xohlasa, endi… o‘lmaydigan bo‘lasizlar”. Bazmdagilar bu gapni eshitib, Portoni emas, balki payg‘ambarni ko‘rib turishganlariday ko‘z yoshlarini tiya olmay o‘rinlaridan turib uni quchoqlab, cheksiz tahsinu minnatdorliklarini izhor etisharkan. Axir kimning o‘lgisi keladi?! Porto esa mangu hayotni va’da qilyapti! Qoyil! Tahsinlar!!! Beadad ofarinlar!!!

Shov-shuvlar haddidan behad oshavergach, tag‘in inkivizatsiya aralashib, oxir-oqibatda, bosh og‘rig‘i Akademiyani yopib tashladi. To‘g‘ri, bu gal Portoning qo‘llarini orqasiga bog‘lab qamoqqa olib ketishmadi. Chunki… yana xalq aralashadi, ommaviy vasvasalar junbushga keladi shaharda it egasini tanimaydigan bir ahvol vujudga keladi. Inkivizatsiya qaroridan chekinishiga to‘g‘ri keladi. Shularni o‘ylashib, ushbu nozir idora shunchaki, Portoni bu xildagi maynavozchiliklar bilan qayta shug‘ullanmaslikka chaqirib, majusiy amallarni to‘xtatishini talab qilishib, uni dahanaki ogohlantirishdi, xolos.

Porto qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ­darhol rozi bo‘ldi.

To‘g‘risi, u inkivizatsiyadan ich-ichidan minnatdor edi. Vaqtida aralashishdi! Aks holda, oradan biroz muddat vaqt o‘tsa, Portoning o‘zi italiyaliklar orasida sharmandayi sharmisor bo‘lishi mumkin edi. Chunki uning “Akademiya”si firibgarlikdan boshqa narsa emasdi. Uning shayton ko‘nglida mana bunday o‘ylar kechardi: “Ha-h, olomon-a! Har bir o‘tkinchi gapga laqqa tushaveradi, bu to‘da? Axir.. qazosi yetgan bandasiga: “O‘lmay tur!” deb bo‘ladimi? Nima u, Xudomidi? Ajali yetgach, odam bolasi o‘laveradi-da! Faqat, joyi jannatda bo‘lsin! Axir, Iso payg‘ambarday siymolar bu dunyodan ketdi-ku?” “Xudo” deganicha bor ekan Portoning, yopig‘li qozon yopig‘ligicha qoldi. U xamirdan qil sug‘urganday balolardan oson qutuldi. Tashakkur inkivizatsiyaga!..

Ammo Porto ko‘zlagan maqsadiga yetgan edi. Butun Neapol, Italiyadagi boshqa shaharlar va qishloqlarning aholisi “Tiriklik malham”ini topish yo‘lida kecha-kunduz jon kuydirayotgan “Akademiya”ning ishlari yurishsin deb va tezroq bu doriga ega bo‘laylik deb Portoning hamyoniga million-million mablag‘ni jaraqlatib in’om etishdi. Porto va uning atrofidagi tovlamachi alkimyogarlar deyarli yetti pushtlariga yetadigan mablag‘ni jamg‘arib olishdi. “Akademiya” ko‘zlagan vazifasini a’lo darajada bajardi! Endi, xayr Akademiya! Yo‘q, alvido, Akademiya!

O‘zidan hol so‘rab kelgan odamlarga esa Della Porto:

— Nima ham derdik, pullaringizni… inkivizatsiyadan so‘rashlaringga to‘g‘ri keladi, — deydi. Deydi-yu, nogahonda yuragi o‘ynab ketadi. Axir inkivizatsiyaga til tekkizib bo‘ladimi? U gapini darhol to‘g‘rilaydi: “To‘g‘ri, pullaringni inkivizatsiya oldi, demayapman. Lekin inkivizatsiya Akademiyani yopdi. Pirovardida, akademiyani ochishga sarflangan mablag‘lar, shunday qilib, ko‘kka sovurildi. Mana, ko‘rib turibsizlar, sizlar singari o‘zim ham “chuv” tushib o‘tiribman. Essiz, essiz-a! “Abadiy tiriklik” malhamini topishimga bir bahya qoluvdi-ya!… Taraqqiyot, ilmning yo‘li og‘ir ekan, — u yig‘lamoqdan beri bo‘lib, hamsuhbatidan yuzini o‘giradi. Shovvoz hamsuhbat bunday achinarli holatni ko‘rib, pulini talab qilish o‘rniga, tovlamachining mug‘ombirona o‘girilgan yelkasiga qoqib, unga o‘z hamdardligini bildiradi va imi-jimida xonani tark etadi…

Keyin nima bo‘lganini tarixchilar xabar qilishmaydi. Ha, aytmoqchi, o‘sha kunlarda Italiyada qo‘lbola durbin kashf qilinib qoldi. Kim kashf etganligi aniq emas. Ammo soch-soqoli oqarib qolgan Della Porto janoblari xonadonlarda mehmonda yurar ekan, hadeb “Uni, mana, men yaratganman” deb maqtanar, buning isboti uchun qo‘lidagi o‘sha qo‘lbola durbinni bazm ahliga namoyish etardi. Kim biladi deysiz, balkim, chindan uni Porto yasagandir. Balkim, u hali el orasida tarqalib ulgurmagan bu optik buyumni soddadil asl ixtirochidan xarid qilib, o‘ziniki qilib olib, tag‘in ko‘z va aqllarni shamg‘alat qilib yurgandir. Chunki Portodan har narsani kutsa bo‘lardi.

Boshqa yana qanday fikrga borishimiz mumkin? Eng xunuk haqiqat esa bizga aniq: Porto O‘rta asrlarning buyuk tovlamachisi edi. Ovrupa Uyg‘onishi mana shunday shaxslarning “salohiyati”ni ham uyg‘otib yubordi. Renessans, chindan ham, murakkab, chigal jarayon edi.

Ammo bu tarixiy davrning haqiqiy daholari kim ekanligi bugun yorug‘ olamga yaqqol ravshan. Haqiqiy ilm, haqiqiy iste’dod, baribir vaqti kelib yuzaga chiqar ekan. O‘z davrida turli-tuman kesatiqlarni eshitishiga to‘g‘ri kelgan Leonardo da Vinchini bugun Vaqt bamisoli Quyoshday yuksaltirib ma’naviyat, ma’rifat, fan va san’at ko‘ksida porlatib yubordi. Quyosh esa abadiy nur sochadi.

Alkimyogar Jambatista della Porto esa tarixning anglashilmovchiligiday bir hodisaga aylandi. Nari borsa, uni lo‘ttivozlikning mumtoz ramzi qabilida eslashadi. Kulgu-kinoya bilan yodga oladilar!

Tarixning ana shunday hazillari ham bor…

Mixli Safarov

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 51-sonidan olindi.