Adiblar hayotidan qiziqarli voqealar

Manzili ko‘rsatil(ma)-gan xatlar

Yozuvchi Viktor Gyugo umrining so‘nggi yillari Parijda – hali hayotlik chog‘idayoq o‘zining nomi bilan atalgan ko‘chadagi uyida yashagan. U xatda manzilini qayd etar ekan,  “Janob Viktor Gyugo, uning Parijdagi avenyusi”, deb yozib qo‘ygan.

 

O‘z asari haqidagi insho

Yozuvchi Valentin Katayevning nabirasi dugonasi bilan bog‘liq qiziq  voqeani aytib bergan. Gap shundaki, dugonasiga adabiyot darsidan  “Katayevning “Polk o‘g‘li” qissasi qahramoni Vanya obraziga yozuvchi qanday maqsad yuklagan?” degan mavzuda insho yozish topshirilgan bo‘ladi. U Katayevlar xonadoniga mehmonga keladi va bu haqda muallifning o‘zidan so‘rab olib, insho yozadi. Biroq yozma ishiga “–3” baho oladi, o‘qituvchisi “Yozuvchi mutlaqo boshqa maqsadni ko‘zlagan”, deb izoh yozib qo‘ygan bo‘ladi.

 

Eng qisqa yozishma

Viktor Gyugo 1862 yili ta’tilda dam olayotgan chog‘i yaqindagina chop etilgan “Xo‘rlanganlar” romaniga kitobxonlarning munosabatini bilgisi keladi va o‘z noshiriga faqat “?” belgisidan iborat telegramma jo‘natadi. Noshir ham javob tariqasida bitta “!” belgisidan iborat telegramma yo‘llaydi. Shubhasiz, bu tarixdagi eng qisqa yozishma edi.

 

Foydasiz maslahat

Joan Rouling “Garri Potter va falsafiy tosh” kitobini 1995 yili yozib tugallaydi. Adabiy agenti asarni 12 ta nashriyotga jo‘natadi va barchasidan rad javobini oladi. Oradan bir yil o‘tgachgina, qo‘lyozmani Londondagi “Bloomsbury” nomli kichik nashriyot qabul qiladi. Garchi kitob chop etishga tayyorlangan bo‘lsa-da, bosh muharrir yozuvchining bolalar adabiyotida muvaffaqiyat qozonishiga ishonmasdan, kelajakda boshqa ish bilan shug‘ullanishni maslahat beradi.

 

“Robot” yaratgan yozuvchi

“Robot” iborasini chex yozuvchisi Karel Chapek muomalaga kiritgan. U pesasida odamsifat mexanizmlarni dastlab “labor” deb ataydi-yu (lotinchada «labor» – ish), ammo bu so‘z o‘ziga yoqinqiramaydi. Shunda ukasi Yozefning maslahati bilan “robot” deb o‘zgartiradi. Ushbu atamaga asos bo‘lgan “robota” so‘zi chex tilida shunchaki ishni emas, nihoyatda zahmatli mehnatni bildiradi.

 

Rejissyor tanlash uslubi

Amerikalik mashhur yozuvchi Stiven King boshlovchi rejissyorlar va talabalarga asarlarini ramziy 1 dollar haq evaziga ekranlashtirish imkonini bergan. Biroq filmlarni tarqatish huquqi to‘laligicha adibda qoladi, ulardan tijoriy maqsadlarda foydalanish ham mumkin emas. Ana shunday boshlovchi rejissyorlardan biri Frenk Darabont edi. U yigirma yoshida “Palatadagi ayol” asari asosida qisqa metrajli film suratga oladi. Yondashuv Stiven Kingga ma’qul tushadi va buning natijasida “Shoushenkdan qochish”, “Yashil milya” va “Tuman” asarlari aynan shu rejissyor talqinida ekran yuzini ko‘radi.

 

Ijodda ham xizmatkorlar bo‘lar ekan-da!

Aleksandr Dyuma asar yozishda yordamchilardan unumli foydalangan. Ular orasida Ogyust Make ancha mashhur edi. Dyumaning taniqli biografi, yozuvchi Klod Shopp guvohlik berishicha, aynan Ogyust Make “Graf Monte Kristo” asari syujetini o‘ylab topgan va “Uch mushketyor” asari shakllanishiga katta hissa qo‘shgan. Ammo Dyumaning iqtidorini ham alohida ta’kidlash zarur. Garchi ba’zi asarlari yordamchilarining qo‘lyozmalaridan o‘sib chiqqan bo‘lsa-da, yorqin detallar va hayotiy dialoglar yozuvchi iste’dodining mahsuli edi.

 

Nomdagi xatolik

Atoqli fantast yozuvchi Rey Bredberi yangi romaniga “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja” degan nom qo‘yadi. Asar mazmun-mundarijasidan kelib chiqib shunday nom tanlangandi. Chunki shu haroratda qog‘oz o‘z-o‘zidan yonib ketadi. Biroq qog‘oz farengeyt emas, tselsiy bo‘yicha 450 darajadan sal oshiqroq haroratda olovlanadi. Adib nom qo‘yishda o‘t o‘chirish xizmati xodimi bilan maslahatlashgan va u harorat ko‘rsatkichlarini chalkashtirgani uchun yozuvchi ham xatoga yo‘l qo‘ygan.

 

Pushkin va “Revizor”

Mashhur rus yozuvchisi Gogolning “Revizor” pesasiga asos bo‘lgan voqea Rossiyaning Novgorod guberniyasidagi Ustyujna shahrida bo‘lib o‘tgan. Bu haqda muallifga Pushkin aytib bergan va asar yozilishiga sababchi bo‘lgan. Gogol “Revizor”ni tashlab qo‘ygan paytlarda ham aynan Pushkin tugallashga undagan.

 

Sherlok Xolms haqidagi asarlar

Bu mashhur izquvar haqidagi hikoyalarning muallifi Artur Konan Doyl ekanini bilmaydigan odam kam topiladi. Sherlok Xolms obrazi juda ko‘p yozuvchilarga ta’sir ko‘rsatgan. Natijada u haqida boshqa mualliflar ham asarlar yozgan. Bunday mualliflar ichida yozuvchining o‘g‘li Adrian Konan Doyl, Mark Tven, Stiven King, Ayzek Azimov, Nil Geyman singari taniqli adiblar ham bor.

Orif Tolib tayyorladi.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 9-10-sonlar