Ilgari saboqdosh yigit-qizlar munajjim bashoratini o‘qib, ayrimlari unga ishonib, hayotidagi turli voqea-hodisalarni izohlashsa, goh kulgim, goh g‘ashim kelardi. Qayoqdagi cho‘pchaklarga ishonishadi-ya, yozaveradi-da og‘ziga kelganini, derdim. Lekin keyingi paytlarda ana shu bashoratlar menga ham chippachinday tuyula boshladi.
Stipendiyani “yuvish” uchun to‘rt ulfat jam bo‘lib “qittay-qittay” qilgan edik. Sal oshib ketibdi, shekilli. Boshim qattiq og‘rib, ko‘zim yumilib ketyapti. Lekin qattiqqo‘l ustozning darsi. O‘tgan safar topshiriqni bajarmaganim uchun qattiq ogohlantirgan. Bugun darsdan haydab chiqarishi aniq. Biroq dars boshlanishiga qo‘ng‘iroq chalinsa ham ustozdan darak bo‘lmadi. Sardorimiz o‘qituvchilar xonasiga borib bilib keldi: ustoz kelolmas ekan, velosipeddan yiqilib, oyog‘i lat yegan emish. Beixtiyor “xayriyat” deb yubordim. Kechagi gazetadagi bashoratda “Omad siz tomonda” degani to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.
“Sizni ishqiy sarguzashtlar kutmoqda. Saturn sayyorasi sizga qulay imkoniyatlarni va’da qilyapti. Omadni qo‘ldan bermang”. Bundan uch-to‘rt kun ilgari gazetaning so‘nggi sahifasida e’tibor berib-bermay shunchaki o‘qigandim bu gaplarni. Biroq ular butun fikru yodimni band etdi. Hatto darsda o‘tirganimda ham, tiqilinch avtobusda ijara xonadonimga ketib borayotganimda ham, boshimni yostiqqa qo‘yganimda ham shu o‘y, shu savollar meni tark etmaydi: “Ana shu sarguzashtlarning qahramoni kim bo‘ladi?.. Qani o‘sha “qulay imkoniyatlar?” “Omadni qo‘ldan bermaslik” uchun nima qilishim kerak?!”
Viloyat kutubxonasi oldida o‘n-o‘n besh kun ilgari diskotekada tanishgan qiz bilan tasodifan uchrashib qoldik. U bir dugonasini kutib turgan ekan. Qoramag‘izgina, charos ko‘zlari, pilikdek qoshlari o‘ziga yarashib turgan sarvqomat qiz bilan jinday suhbatlashib turdik.
– O‘sha kuni har juma viloyat kutubxonasiga boraman, degan edingiz. Intizomli yigit ekansiz. Sizga judayam havasim kelyapti, – deb qoshini uchirib kuldi qiz. Jilmayganda tilla tishlari xiyol ko‘rinib, chiroyi yana ham ochilib ketdi. Oy desa oydek, kun desa kundek ana shu huriliqoning nim tabassumi yuragimni “jiz” etkizdi-yu halovatim yo‘qoldi.
Kutubxona yopilib qolmay, qo‘limdagi kitoblarni topshirib qo‘yish uchun ichkariga kirdim. Shosha-pisha ishlarimni bitirib, yangi kitob ham olmay shirin suhbatni davom ettirish ilinjida chiqqanimda qiz joyida yo‘q, atrofga sokin oqshom cho‘ka boshlagan edi. Soddaligim qursin, bir og‘iz ismini ham so‘ramabman-a?
Tashvishlanishga hojat yo‘q ekan. Keyingi kunlaru oylarda ham u qiz bilan tez-tez “tasodifan” uchrashib qoladigan bo‘ldik. Bashoratchilar va’da qilgan “baxt qushi” shumikin, degan o‘ylar tinchlik bermay qo‘ydi menga.
Shunday kunlarning birida “Siz o‘z idealingizdagi qizni topdingiz. Uni qadrlang. Baxtingizni qo‘ldan chiqarmang”, degan bashoratni o‘qib qoldim. Oyog‘imni qo‘lga olib gul bozoriga chopdim. Eng katta va chiroyli guldastani sotib olib, uning yo‘lini poyladim. Uning hayratdan katta-katta ochilgan ko‘zlari, keyin guldastani bag‘riga bosib muloyim jilmayishini ko‘z oldimga keltirganimda o‘zimni osmonu falakda uchib yurgandek his qilaman. Ayniqsa, munajjim bashoratlarida o‘qiganlarimni aytganim-da “Shunaqa deb yozishibdimi-a?” deb hayratlanib so‘ragani va “qah-qah” urib kulgani hamon qulog‘im ostida jaranglab turibdi.
Har payshanba erta tongdan matbuot do‘koniga chopaman. Gazetani oliboq munajjim bashoratini o‘qiyman. Oxirgi paytlarda u meni ohanrabodek o‘ziga tortadigan bo‘lib qoldi. Xuddi men uchun bitilgandek. Xonadoshim Asqar: “Sen munajjim bashoratiga boshqorong‘i bo‘lgansan”, deb kuladi.
Yana bir gal “Yaqin kishingizning tug‘ilgan kuniga sovg‘a olishni unutmang. Xasislik qilmang. Sizni qo‘li ochiq deb o‘ylayapti”, degan yozuvni o‘qib qoldim. Tug‘ilgan kunini qanday so‘rashni bilmay turganimda yana omadim chopdi. Muzqaymoq yeb o‘tirgan joyimizda telefoni jiringlab qoldi. Sumkasidan telefonini olganda qo‘shilib chiqqan pasportini stol ustida qoldirib, menga “uzr” ishorasini qilib, nariga borib ancha gaplashdi. Shu payt bilintirmasdan pasportni oldimda tug‘ilgan kuniga qaradim. Sal bo‘lmasa kech qolar ekanman. Sovg‘a-salomni quyuq qildim, ko‘nglim joyiga tushdi.
Hammasi bir chiroyli ketayotgan edi. Biroq nimadir sabab bo‘lib oraga sovuqchilik tushdi. Qiz qorasini ko‘rsatmay qo‘ydi. O‘zimniyam ko‘nglim qolib, ta’tilga chiqsak, qishloqqa borib onam topib qo‘ygan qiz bilan taqdirimni bog‘lasammi, deb yurgan kunlarimda chiqqan bashorat yana tinchimni o‘g‘irladi. “Arazlashib yurmang. Baxtingizni boy berasiz. Boshi berk ko‘chaga kirib qolishingiz mumkin”, deb yozilgandi unda. “Xudo asrasin” dedim-u “yo‘l” qidira boshladim.
Uzoq qidirishga hojat bo‘lmadi. Yana o‘sha men har juma kuni boradigan kutubxonaning oldida “tasodifan” uchrashib qoldik. U ham bashoratni o‘qigan, shekilli, araz-ginalarni unutganday iliq qarshiladi. Mening ham sog‘ingan tashna qalbim past-baland eski gaplarni eslab, eslatib o‘tirishga imkon bermadi. Suhbatimiz o‘z-o‘zidan qo‘r oldi. Ko‘nglim osmonidagi qora bulutlar tarqalib, dilim ravshanlashdi.
Yana bir gal uchrashganimizda qiz uyidan sovchilarning keti uzilmayotgani, ota-onasi uni uzatish taraddudiga tushganlari haqida gapirib qoldi. Boshim qotdi. O‘zimcha har xil rejalar tuza boshladim. Odatlanib qolganimdek, to‘g‘ri yo‘lni yana bashoratlardan izladim.
“Sizni deb jonini berishga tayyor insonni uchratdingiz. Uning qadriga yeting. Sevgan kishingizdan mehringizni darig‘ tutmang. Boshingizga qo‘ngan baxt qushini uchirib yubormang”, degan gaplar yozilgan gazetani bag‘rimga bosib, kechasi-yu kunduzi yonimdan qo‘ymay olib yuribman. O‘ylab o‘yimning oxiriga yetolmayman. Bu yoqda o‘qishlarim poyoniga yetgani yo‘q. U yoqda onam qishloqda qiz topib qo‘yganini aytib, ta’tilda borib uchrashishga chorlab turibdi. Bir tomonda osmon jismlari boshi berk ko‘chaga kirib qolish xavfidan ogohlantirmoqda.
Ba’zida ular xuddi men uchun yozilgandek tuyulib, bashoratchilarning aqlu zakovati, sehru sinoatiga tan berib yuboraman. Mana bu gaplar ham aynan men uchun yozilganiga mutlaqo shubha qilmadim: “Maqsadlaringiz sari dadil harakatda bo‘ling. Aks holda, baxtingizni qo‘ldan berib qo‘yasiz”.
Shundan keyin astoydil harakatga tushdim. Uydagilar avvaliga biroz tixirlik qilishdi. Akam, tog‘am o‘rtaga tushib onamni ko‘ndirishdi. G‘oyibona homiylarim bo‘lgan yulduzlar “Sizni yorqin va omadli kunlar kutmoqda. Orzularingiz ro‘yobga chiqib quvonasiz”, deya bashorat qilgan haftada, kamtarona bo‘lsa-da, to‘yimiz o‘tdi. Birovdan baland, birovdan past deganlariday, g‘imirlab turmushning “mushti”ga chidab yashab yuribmiz.
Endi saharlab gazeta do‘koniga chopishga hojat qolmadi. Munajjim bashoratini hammadan avval, gazetada bosilmay turib o‘zim o‘qiyman. Ha, darvoqe bir paytlar men orziqib kutgan bashoratlarni dugonasi muharrirlik qilayotgan gazeta uchun… o‘zimning qoramag‘iz charosko‘zligim yozib berib turganini to‘ydan keyin bildim.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 39-son

