O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqovning ko‘ngil kechinmalari
Ijodiy qobiliyat Xudo tomonidan beriladi. Albatta, “Bu narsa menga Xudodan berilgan”, deb mehnat qilmasdan, o‘z ustingizda ishlamasdan yursangiz, bu bebaho in’om ish bermaydi. “Sendan harakat, mendan barakat” deganiday, ishlash kerak.
Har bir odam, avvalo, ravon gapirishga harakat qilishi lozim. Buning uchun ko‘proq kitob o‘qish, iloji bo‘lsa, ovoz chiqarib o‘qish kerak. Ilgari maktabda ifodali o‘qish darsi bo‘lardi. Xuddi pesadagi rollarni o‘ynab-o‘ynab o‘qiganday-da. Mana shunga o‘xshagan mashqlarni bajarish, albatta, zarur. Shu bilan birga Xudo bergan iste’dod bo‘lmasa, natija siz o‘ylaganday, siz kutganday bo‘lmaydi. Lekin, baribir, har bir yutuqning tagida mehnat yotadi. Bir paytlar bir olim aytganiday insonni mehnat yaratgan emas, nazarimda, inson mehnat uchun yaralgan. Mehnat deganda, albatta, faqat ketmonni olib yer chopishni nazarda tutmayapman. U, avvalo, ma’naviy, ruhiy mehnat. Xususan, notiqlik san’ati haqida gapiradigan bo‘lsak, bu borada mashq katta rol o‘ynaydi. Lekin to‘tiqushga o‘xshab qolmaslik uchun miyada ham shunga yarasha bilim, ma’nili tafakkur “yuk”i bo‘lishi kerak. Chunki ovoz tafakkuringizdagi bor narsani “sotib” qo‘yadi. So‘zlay boshlashingiz bilan tinglovchi o‘sha zahoti saviyangizni, fikrlash darajangizni, didingizni anglaydi. Ovozning ana shunday xususiyatlari bor.
So‘z egasini topishi uchun so‘z aytayotgan odam uning ma’nosini, ta’sirini idroklab ifoda etishi shart. Agar biror-bir so‘zni men yuragimdan, aqlimdan o‘tkazib aytmasam, tinglovchiga ta’sir qilmaydi. Birov yozgan so‘zni o‘zingiznikidek qilib yetkazishingiz kerak. So‘zni aniq-tiniq yetkazishning asosiy omili – tafakkur va qalb-ko‘ngil uyg‘unligi.
* * *
Dublyaj deganda nimani tushunamiz? Deylik, bu boshqa tilda suratga olingan filmni o‘zbek tiliga o‘girish jarayoni. Ilgari dublyaj qilingan filmlarda tasvir, musiqa, shovqin, aktyorlar ovozi yozilgan kinotasmalar alohida saqlanar va alohida yozilardi. Originaldagi aktyorlar ovozi o‘chirilib, o‘rniga o‘zbek aktyorlariniki yozilardi. Bu chinakam, sof dublyaj bo‘ladi. Filmni ko‘rayotgan tomoshabin kartina o‘zbek tilida suratga olingan deb o‘ylashi – o‘zbek dublyajining eng yuksak yutuqlaridan biri. O‘zbekistonda dublyaj san’at darajasiga ko‘tarilgan bir paytda “O‘zbekfilm”da yiliga kamida oltmishta film o‘zbek tiliga o‘girilardi. Badiiy jihatdan barcha filmlar sifati juda yuqori bo‘lgan. O‘sha paytlarda Moskva yoki Leningradda Butunittifoq dublyaj filmlar festivali o‘tkazib turilardi. Bizning filmlar hech qachon birinchi, ikkinchi yoki uchinchi o‘rinlardan tushmagan. Sababi, o‘zbek dublyajining o‘ziga xos maktabi bor edi. Bu maktabni yaratishda Abdulla Qahhor kabi atoqli adiblar ishtirok etgan. Rejissyorlar ham juda mahoratli bo‘lgan. Zero, dublyaj rejissyorligi boshqa rejissyorlik ishlaridan farq qiladi. Rejissyordan ovozi ekrandagi xarakterga aynan mos tushadigan aktyorni topa bilish talab etiladi. Film muvaffaqiyatining 60-70 foizini to‘g‘ri taqsimot hal qiladi. Ilyos Yoqubov, Sofa Imonqulova, Eson Karimov, Sobit Saidov kabi rejissyorlar bu borada g‘oyat tajribali edi. Ular tanlagan ovozlar ekrandagi qahramonlarning ham botini, ham zohiriga mos tushardi.
Televizion dublyajda originaldagi ovoz eshitilib turadi. Shuning uchun buni kadr ortidan sinxron tarjima deyilsa, to‘g‘ri bo‘ladi. Bu ikkita holatda aktyorlar oldida turadigan vazifa qarama-qarshi. Sof dublyajda aktyor bor vujudi bilan rolga kirib ketishi kerak bo‘lsa, televideniye dublyajida vazifa butunlay boshqacha. Nazarimda, televizion dublyajda tomoshabinga filmni ko‘rishga xalal bermaslik kerak. Tarjima vaqtida yetkazib berib turilsa bo‘ldi. Tomoshabin filmning ichiga kirib ketsa, qaysi tilda ekanini unutsa, ayni muddao. Televizion dublyajning eng yuksak cho‘qqisi ham shunda. Ba’zilar o‘ylaganidek, televizion dublyaj oson emas, aksincha, ancha murakkab. Bunda bir aktyor ba’zan bir filmda hammaga ovoz berishiga to‘g‘ri keladi. Masalan, “Morena Klara” serialida barcha erkaklarga bir o‘zim ovoz berganman. Dublyajning bu usulida ovozga qo‘yiladigan talab juda yuqori bo‘ladi. Insonning chehrasi kinotasmada, fototasmada har xil ko‘ringanidek, ovozlar ham turlicha. Mikrofonga tushadigan va tushmaydigan ovozlar bor. Vaqti kelib dublyajga ehtiyoj yo‘qolganidan keyin ovozlashtirish jarayoni televideniyega ko‘chdi. Birinchi ovozlashtirilgan film “Mahobhorat” edi. Ko‘plab talabgorlar orasidan Hojiakbar Nurmatov, Rimma Ahmedova, Oybarchin Bakirova va meni chaqirishdi. Bizning ovozimiz neytral ovoz, soddaroq aytganda, to‘rtalamizning ovozimiz universal suyuqlik, ya’ni suvga o‘xshaydi. Doim ichiladi, lekin me’daga tegmaydi.
Sergey Gerasimov suratga olgan “Lev Tolstoy” filmi dublyajida so‘nggi kunlarini yashayotgan cholga ovoz berishim kerak bo‘lgan. 37 yoshda edim. Biz kutgan natija hech chiqavermadi-da. Bir payt miyamga qayerdandir buyruq keldi, bilmayman, tik turib gapirayotgan odam o‘z-o‘zidan tizzalarim bukildi. Shunday holatda o‘zimni go‘yo qari choldek his qila boshladim. Yonimdagilar ham bu holatni to‘g‘ri qabul qilib, mikrofonni pastlatdi. Shu tarzda Tolstoyga ovoz berganman. Uyga qaytishda ham tizzalarimni bukib ketayotganimni bilmay qolardim. Oila davrasida ham Tolstoyning ohangida gapirib yuborardim. Anchagacha shu rol ta’sirida yurganman.
* * *
Qaysi tamaddun vakili ekaningni esdan chiqarmaslik tilni bilishdagi muvozanatning buzilib ketmasligiga imkon beradi. Navoiyni o‘rganganimga qadar menda ikkilanish nihoyatda kuchli edi. O‘zanim, ildizim qayerda, degan savolni o‘zimga beraverganman. 1990 yili teatrdan bo‘shash uchun ariza yozib ketayotgandim. Navoiyni o‘rganganim muvozanatni saqlab qolishga yordam bergan. Ungacha teatrda ishlab, o‘ynagan rollarimning nomini aytsam o‘zingiz tushunib olaverasiz: Volkov, Plujnikov, Dolgov, Viktor, Proxor. Bahodir Yo‘ldoshevga rahmat, hazrat Navoiy rolini berishlari meni teatrda olib qoldi. Birorta o‘zbek qahramoni bo‘lsa bo‘ldi, degandim. Bahodir aka esa hazrat Navoiy rolini ishonib topshirdilar. “Afzaldan qanday Navoiy chiqadi?..”, deb istehzo qilganlar ham topildi. “Osilsang, baland dorga osil”, degandi o‘shanda ustozim. Rosti, hech kim Navoiy rolini ijro etishimni tasavvur qilmagan-da. Bunday yuksak ishonchdan kuch olib, butun vujudim bilan Navoiy siymosini gavdalantirishga kirishdim. Chorsudagi kitob do‘konida “Xamsa”ning besh dostoni ham bor ekan. Bahodir Yo‘ldoshev hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetidan aruzshunos olim Anvar Hojiahmedovni taklif qildi. Biz aktyorlar maktab o‘quvchisi singari daftar tutib, doskaga yozib, Navoiy asarlarini aruz qoidasi bo‘yicha o‘qishni o‘rgandik. Bolaligimda rubob chalganim uchun ham so‘z ohanrabosidagi ohanglar musiqa chalish jarayonidagi taktlarga uyg‘un kelishini, aruzdagi tovushlar arifmetik hisobga ham yaqinligini bilib oldik. Alisher Navoiy she’riyatida ohanrabo, sehr bor.
1991 yilning 21 martida premera bo‘ldi. Nazarimda, kaminadan ba’zilar o‘ylaganidek emas, tuppa-tuzuk Navoiy chiqdi. Armonim ushaldi. Hazrat Navoiy asarlari tufayli o‘zligimga qaytdim, hayotim butunlay boshqa tomonga o‘zgardi. Navoiy she’riyatidan ijroimni ilk bor eshitgan hamkasblarim, “Yaxshi o‘qidingiz” deyish o‘rniga, “Qanday yodladingiz?” deb so‘rashdi. O‘zim ham qanday yodlaganimni bilmayman. Gap shundaki, hazrat Navoiy she’riyati butun vujudim, shuurimni egallab olgandi. Navoiyning qudrati shu qadarki, agar uning bir baytini besh adabiyotshunosga tahlil qilish uchun bersangiz, besh xil javob bo‘ladi, va eng qizig‘i, beshala javob ham asosli, mantiqli.
Hazrat Navoiy ijodiga qiziqish “Xamsa”dan parchalarni simfonik orkestr jo‘rligida ijro etish ishtiyoqini uyg‘otdi. Do‘stim, O‘zbekiston xalq artisti Ismoil Jalilov bilan maslahatlashib, ijroni simfonik orkestrning jahon musiqa durdonalari ijrosidagi musiqa va so‘z jo‘rovozligida amalga oshirdik. Toshkent konservatoriyasining katta zalida hazratning 570 yilliklariga bag‘ishlangan tadbirda “Xamsa”ning besh dostonidan parchalar tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi. 2011 yil kuzida Navoiyning 570 yilligiga bag‘ishlangan Xalqaro simpoziumda ushbu kontsert takroran namoyish etildi.
Taqdir taqozosi bilan 2014 yildan beri Rus akademik drama teatrida faoliyat olib bormoqdaman. 2016 yili “Degonimni ulusg‘a marg‘ub et…” (“Idi, moyo tvoreniye v narod…”) deb nomlangan spektakl rejissyor Baxtiyor Hamidov tomonidan sahnalashtirildi. Spektakl sahnada bir vaqtning o‘zida ham o‘zbek, ham rus tillarida jaranglardi: “Xamsa”dan lavhalarni Navoiy tilining asliyatida o‘qib bo‘lgach, hamkasblarim aynan shu lavhani rus tilida o‘ynab berishardi. Hazratning 580 yilligiga rejissyor Valixon Umarov “Hayrat ul-abror”ni rus tilida sahnalashtirdi. Tomoshabin tushunmasa kerak, didaktik asar bo‘lsa, pand-nasihat kimga yoqadi, deb o‘ylagandim. Ne ajabki, tomoshabin juda yaxshi qabul qildi. Albatta, bu buyuk ajdodimiz satrlari zamiridagi ohanrabodan bo‘lsa kerak.
Ovozim xasta bo‘lib qolganiga qaramay, Navoiy asarlarini targ‘ib etishdan aslo to‘xtamayman. “Avvalambor, so‘z paydo bo‘lgan…” degan mashhur ibora bor. Darhaqiqat, so‘z insonlarni Yer yuzidagi jamiki mavjudotlardan ajratib turuvchi sifatdir. So‘z idrok mahsuli bo‘lgani bois, uni aytish mas’uliyatlidir. Rus maktabida o‘qigan bo‘lsam ham rahmatli otam o‘zbek tilini esdan chiqarishimizga yo‘l qo‘ymaganlar. Tarjima qilish istagi Hamza nomidagi (hozirgi Milliy akademik) teatrda ishlab yurgan paytlarim paydo bo‘lgan. Uyg‘unning “Abu Ali ibn Sino” pesasini ilk bor rus tiliga o‘girganman. “Ishtaha tanavvul payti keladi” deganlaridek, bu asar nazmda ekaniga ham ahamiyat bermagan ekanman. Abror Hidoyatov nomidagi drama teatrida faoliyat olib borgan paytlarim Gabriel Garsia Markes qalamiga mansub “Polkovnikka hech kim yozmaydi” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilganman. Spektakl “Yozilmagan maktub” nomi bilan o‘zbek va rus tillarida qo‘yilgan. Unda polkovnik rolini ijro etganman. Tarjimada meni zavqlantirgan jihat: bitta so‘zni to‘g‘ri tarjima qilish uchun ba’zan kunlab, ba’zan haftalab manbalarni qidirishga to‘g‘ri kelishidadir.
* * *
Aktyorning teatrdagi faoliyati ko‘p omillarga bog‘liq. Aktyorlik kasbi rejissyorning, teatr direktorining xohish-irodasiga qaram kasb. O‘zimiz hech narsani hal qila olmaymiz. Aktyorning roldan rolga o‘sishida bosh rejissyorning, teatr ma’muriyatining ta’siri katta. Aktyor bosqichma-bosqich tarbiyalab boriladi. Shundan so‘nggina yetuk aktyor tarbiyalanadi, ya’ni shaxs yuzaga keladi. Aktyor shaxs bo‘lmog‘i darkor. Shuni aytish joizki, aktyor umr bo‘yi tarbiyalanadi. Yetishdim, yetuk bo‘ldim, degan ijodkor o‘sha kuni tamom bo‘lsa kerak.
Nigora Umarova yozib oldi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 35-son

