Yozuvchi Allanazar Abdiyev ijodiga bir nazar
Elimizda oqqan daryo oqaveradi, degan gap yuradi. Bugun ham ana shu ulug‘ ustozlarining ortidan borayotgan, qismati badiiy so‘z izlash zahmatidan iborat bo‘lgan ijodkorlar bor. Shunday zahmatkash adiblardan biri Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Allanazar Abdiyevdir.
Esimda, 2001 yili “Yoshlik” jurnalida uning “Eran saxiy” nomli qissasi e’lon qilindi. Asarni qoraqalpoq tilidan Rahimjon Otayev tarjima qilgan. Allanazar og‘aning qanday yozuvchi ekanini ilk bora ana o‘shanda bilganman. Jurnalni o‘qiganimdan keyin ancha vaqt asar ta’sirida yurganman. Yozuvchi bir qavmning hayoti, turmush tarzi, urfu odati, qadriyatlarini qalamga oladi. Shuningdek, Tangrining inson atalmish xilqatining murakkab fe’lu atvorini yorqin holatlar, kechinmalar, tasvirlar bilan ko‘rsatib beradi. Asar qahramoni Eranning mardligi, dovyurakligi, xalqiga, sevgisiga sodiqligi qalbimizga bir olam havasu muhabbat armug‘on etadi. U o‘ziga nisbatan qilingan adolatsizliklar, tuhmatu bo‘htonlarni sabr bilan yengadi. Ko‘nglingdan odam degani mana shunday bo‘lishi kerak, degan yorqin fikr o‘tadi.
Asarning yana bir qahramoni Fosidning fosiqligi, o‘z manfaati uchun hech narsadan tap tormaydigan tuban kimsaligi qalbga og‘riq beradi. Nomard odam uchun eli – ota-onasidan ham, yoridan ham, qavmdoshlaridan ham nafsi aziz, joni aziz. U huziri jon uchun ularni sotib ham yuboraveradi. Bu kabi qabih fe’lidan zarracha vijdoni azob chekmaydi. Fosid ana shunday nokas inson. Nadomatki, bunday kimsalar ham oramizda yashayapti-da.
Asarni o‘qish jarayonida mening e’tiborimni tortgan yana bir jihat bor: u ham bo‘lsa asar qahramonlari ismi. Eran sof turkiy so‘z. Mard, jasur, qo‘rqmas, qahramon degan ma’nolarni bildiradi. Fosid arabcha so‘z. Ammo bizning tilimizda ham faol qo‘llanadi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da bu so‘z buzilgan, aynigan, yo‘ldan adashgan, axloqsiz, yomonlik qiladigan degan mazmunni ifodalashi bitilgan. Yozuvchi shu tariqa asar qahramonlari ismlariga ham mazmun yuklaydi. Nazarimda, bu adibning o‘ziga xosligi, kerak bo‘lsa, yutug‘i ham deyish mumkin.
Shundan keyin men Allanazar Abdiyevning “Burgut cho‘qqisi” nomli hikoyasini o‘qidim. Bir nafasda o‘qidim. Taniqli shoir va tarjimon Rustam Musurmon o‘zbek tiliga juda chiroyli o‘girgan. Xuddiki, asar qoraqalpoq tilida emas, o‘zbek tilida yozilganday. Asarning asosiy qahramoni – burgut. Adib burgut timsoli orqali inson hayotining balandu pastini juda ishonarli tasvirlagan. Yozuvchi mardlik, bir so‘zlik, dovyuraklikni ulug‘lasa, sotqinlik, yaloqxo‘rlik, munofiqlik kabi illatlarni qoralaydi. Inson ruhi qachon xotirjam bo‘ladi? Albatta, to‘g‘ri, halol, birovning haqidan or qilib, o‘zligini, g‘ururini bilib yashagan bo‘lsa, shunday emasmi? Asar mutolaasi menga ana shunday xulosalarni berdi.
Allanazar Abdiyevning shu ikki asarini o‘qiganimdan so‘ng uning boshqa kitoblarni izlab o‘qiydigan bo‘ldim. O‘sha asarlar sharofati bilan katta bir adib – yaqin do‘st topganimdan ko‘nglim shod bo‘ldi. Yaxshi asarlarning tarjimoni ham ko‘p bo‘ladi, nazarimda. Uning aksariyat asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, matbuotimizda e’lon qilingan. U o‘z yo‘liga, uslubiga ega katta ijodkor.
Uning hajmi katta bo‘lmagan “Subhidam arafasida” romanida ham turmushda uchraydigan jirkanch holatlar yozuvchining o‘tkir qalami bilan o‘z badiiy ifodasini topgan. Halol yashashga harakat qilib, kurash olib borgan Saimbet – jinniga, Qayip – o‘g‘riga aylansa, nafs botqog‘iga yiqilgan Ayap Turdiyev – poraxo‘rlikka beriladi. Roman keskin qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar, kurashlar tasviriga boy. Birovning nikohidagi ayol bilan o‘ynash tutingan Mirzamurod Fazilov Qayip tomonidan suvga cho‘ktirilib o‘ldiriladi. Bundan quvongan Saimbet “jinni”ning o‘g‘li Ernazar bu xabarni otasiga suyunchi so‘raganday qilib yetkazadi. Qo‘shmurod bilan kampiri Ulmeken Mirzamuroddan qutilganiga qo‘y so‘yib, sadaqa beradi. Yozuvchi ayrim kimsalarning o‘limi boshqa birovlarga quvonch olib kelishini ishonarli tarzda tasvirlagan.
Saimbetning ko‘chada, bozor darvozasining oldida o‘tirib o‘g‘li Ernazarni ham yaxshi tanimay, goh qizlarining, goh o‘g‘lining ismini aytib, o‘zicha gapirishlari, nolishlari hayotning o‘tkir ziddiyatlari sabab yuzaga chiqadi. Muallif adolat uchun kurashib temir to‘rga tushgan Qayipning kechinmalariga doir achchiq haqiqatlarni ishonchli ochib beradi. Asarda voqea va hodisalar bayoni izchil emas, Saimbet va Qayipning taqdirlari tasviri bir-biri bilan parallel tarzda rivojlanadi. Bunda voqealar oddiy bayon qilinmay, qahramonlarning xotiralari, tushlari, ichki monologlari, xatlari, dialoglar bilan badiiy parallelizmlar orqali ko‘rsatib beriladi. Bu asarning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilgan.
Yozuvchining qaysi bir asarini olib o‘qimang, hayotda ro‘y berayotgan, sizu biz guvohi bo‘layotgan turli voqealar, yaxshi va yomon odamlarning qismati, hayot mashaqqatlari o‘ziga xos badiiy yechimi orqali kitobxonni teran mulohazaga chorlaydi.
“Hayotda nimalar bo‘lmaydi?!” hikoyalar turkumidagi “Bir tishlam non”da o‘ziga tegishli nonni tortib olib yeb qo‘ygan quroldoshini panadan poylab otgan askar holati yoki “Elza xonim” hikoyasidagi tabiiy chiroy, go‘zallik oldida qirg‘inbarot urushning ham bir zumda to‘xtashi ishonchli chizib berilgan. Adibning bolajonlarimiz uchun yozgan asarlari alohida bir mavzu. Fursati kelganda, bu haqida ham fikr bildiramiz.
Yana bir gap. Ijodkor vatanparvar, xalqparvar, jonkuyar bo‘lishi kerak. Elim deb, yurtim deb yashash ibrati oldida davrning, zamoning ahamiyati yo‘q, ijodkor uchun yagona talab shu. Allanazar Abdiyev buni teran his etadi. Yozuvchining “Qoraqalpoq qo‘shig‘i” nomli kitobi bor. Kitob sizni tug‘ishgan qoraqalpoqlar eliga sayohatga chorlaydi. Mazkur asarda bosh qahramon Javing‘ir polvon, uning onasi To‘maris, qavm oqsoqoli Qo‘ng‘irot ota, rafiqasi Zulayho obrazlari orqali qoraqalpoq xalqining tarixi, urf-odatlari, milliy qadriyatlari, bag‘rikengligi, mehmondo‘stligi, mardligi, donishmandligi, halolligi, bir so‘z bilan aytganda, milliy xarakteri mahorat bilan ko‘rsatib beriladi. O‘quvchi asar mutolaasi asnosida qoraqalpoqlarning hayot tarzi bilan tanishib, zavq oladi. Albatta, bunday asar yozish uchun ijodkorda elu yurtga muhabbat to‘la qalb, nozik did, o‘tkir zehn va teran bilim bo‘lmog‘i lozim. Ishonamanki, yozuvchining bu asari ham yangi ijod namunasi sifatida yillar o‘tsa ham o‘z mohiyatini aslo yo‘qotmaydi.
Qoraqalpoq adabiyoti va jurnalistikasi rivojida munosib xizmat ko‘rsatgan adib Allanazar Abdiyev bir daqiqa bo‘lsin qalamini qo‘ldan qo‘ygan emas. Nima ham derdik, qalam tutgan qo‘lingiz aslo tolmasin, Allanazar og‘a!
Darvoqe, bultur yoz faslida xizmat safari bilan ustozlar – Usmon Azim, Rustam Musurmon Qoraqalpog‘istonda xizmat safarida bo‘lgan edik. “Allanazar halol yigit, toza inson, safar davomida bizga hamrohlik qilar ekan”, degan. Usmon akaning aytganicha bor ekan, Allanazar og‘a chindan ham toza ko‘ngilli, pok niyatli inson ekan. Vatanimiz tarixini muhabbat bilan o‘rgangan, yurtimizning nurli kelajagi uchun kuyunadigan jonkuyar, fidoyi qoraqalpoq o‘g‘loni ekan. Endi bunday odam yaxshi yozuvchi ham bo‘ladi-da!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 17-son

