Azim Suyun. Sahro o‘rtasida to‘ntarilib yotgan toshbaqa (hikoya)

O‘rtaliq Osiyo cho‘l-sahrolariga ko‘klam kirib keldi. Oftob tig‘lanib, cheksiz kengliklar iliq nurlardan taft ola boshladi. Namiqqan qumlar yaltirab, oralaridan yashil o‘tlar, maysalar, qiyoqlaru giyohlar nimalardandir hayiqqansimon bo‘y ko‘rsatishga tushdi. Ular vaqtma-vaqt, kunba-kun tetiklashib, yashillanishga kirishdi. Inja nozik ismsiz chechaklar epkinlar og‘ushida beshiktebratarlar kabi tebrana boshladi. Yerqazarlar, ingichka barmoqli yumronqoziqlar, qo‘shoyoqlar u yoqqa, bu yoqqa yugurgilashgani yugurgilashgan. Yumaloqbosh kaltakesak, quloqdor kaltakesak, yo‘l-yo‘l kaltakesaklar yedranglashib, boshlarini sarak-sarak qilishib, goh qandaydir sim-sim tovushlarni tinglashayotganday, bir dam jonsiz qotib qolganday, uzun-qisqa chopqillashib, ovga kirishib ketishgan. Bo‘g‘ma ilon, ko‘ndalang-targ‘il chipor ilon, o‘qilon, charxilonlar buralib-suralib, shuvillashib izg‘ishadi yoki nimalarnidir poylagani-poylagan.
Shunday qaynoq, junbushli hayot fursatlarida ona toshbaqa ko‘kka tikilib yotsa-ya?.. Faqat ko‘kka! Osmoni muallaqqa! Bugun u ham barcha saltanat jonzotu jonivorlari kabi qish bo‘yi uxlagan oromgohidan – panjalab, namiqib yotgan saksovul tagidagi inidan tashga chiqdi. Birpas kattakon olamga tikildi. Ko‘zlarini ko‘niktirgandek bo‘ldi. Birdan kuch-quvvati toshganday, dadil yurib ketdi. Ana shu dadillik xatoga olib keldi. Bir chuqurchaga tuyqus ag‘darilib tushdi. Tushganda ham qandoq, to‘ntarilib tushdi. Shunday to‘ntarilib tushdiki, u yonga, bu yonga qimirlashning iloji yo‘q. Yo rab! Qolipchaga quyib qo‘ygandek! Jon holatda oyoqlarini qimirlata boshladi. E, voh! Befoyda! Qancha ularni harakatlantirmasin, bari befoyda! Qancha urinmasin oyoqlari havoda o‘ynaydi, xolos!
Ona toshbaqa holdan charchadi. Tin oldi. Osmonga tikildi. Osmon buncha cheksiz, boshi-adog‘i ko‘rinmaydi. Tikka osmonga qarash olislardan yoki yonlama qarashlardan boshqacha bo‘larkan. Mana, tepasida bir parcha momiq bulut. Buncha op-p-poq bo‘lmasa. Tikilaversang, esing og‘ib qolishi hech gap emas. U dumaloq ko‘zlarini o‘rtaliq nuqtadan olib, bulutning uzuq-yuluq dumsimon tomoniga qadadi. Dumsimon bulut zum o‘tmay yoyilib, ko‘klik ichiga singib yo‘qoldi. Vo-o ajab, bulutlarning yurishi o‘z qavmdoshlari yurishiga o‘xshab ketarkan. Sekin… sekin… ohista… sirg‘angansimon.
Ho‘-o‘-o‘, ana, keng yelkador, ko‘kraklari ko‘pchigan yana bir op-p-poq bulut. Ana, u ona toshbaqa tomon surilmoqda. Uning ustiga o‘mbaloq oshib-oshib ketayotgandek.
“Sariqsor! Sariqsor!..” Ona toshbaqa nigohi osmonda uchib yurgan ashaddiy dushmani bo‘lmish, yovuz sariqsorga qadalib qoldi. Jon holatda old-orqa oyoqlarini yurgiza boshladi. Bor kuchini ishga soldi. Yo‘q, befoyda! Oyoqlar qancha harakatlanmasin, foydasiz edi! Ular zaminga tegmasdi, biror tayanchga tayanmasdi!
Nahotki, najot yo‘q! Nahotki, u sariqsorga tirik yemak bo‘lsa? Yo‘q, hayriyat dushmani ko‘zi unga tushmadi. Aksincha, u uzoqlab ketdi. Ey, Tangri, shundoq ham yaratasanmi? Ikki kosa ichida! Orqa – qalqon, qorin – qopqon. Orqa ham, old ham berk! Bosh -katta. Uzunroq cho‘zilmaydi. Yo‘g‘on, go‘shtdor til. Chaqqongina harakat qilsa, koshkiydi? Buning ustiga tishlar ham yo‘q. Katta qovuq – harakatga mos tuzukroq qiladigan ishi ham yo‘q. Bosh miyasi… ha, o‘ziga yarasha. Hayriyat, ko‘zlari o‘tkir. Ta’m, hid bilishi maromida. Sezgi-sezim, bulardan nolisa yaratganga shak keltirgan bo‘ladi! Qo‘l-­oyoqlari harakati juda maqtovli bo‘lmasa-da… chidam zaruriyati bor. Ammo ularni qo‘yadigan zamin, tayanch bo‘lmasa-chi? Vatan bo‘lmasa-chi? Holingga voy ekan! Mana, yotibdi… Ha-a… Tangri g‘azabiga duchor bo‘lgan-da uning qavmi? Tangri g‘azabiga! Tangri g‘azabi beomon, ayovsiz!
Ona toshbaqa zehniga zo‘r berdi. Zehni bamisoli bir makonkim, uni igna bilan qaziy boshladi. Qazisang taqir yerdan ham suv-suzuk chiqadi. Ona toshbaqa qavmi ham odam qavmidan bo‘lib, u un tashuvchi – savdogar bo‘lgan. Ha-ha, yaralmish zamonlarda tabarruk un savdosi bilan shug‘ullangan. Ammo xaridorlar haqqiga ko‘p xiyonat qilgan ekan-da. Elga tiyiqsiz yolg‘onlar aytib, muqaddas tarozini nosoz etib, ko‘ng­lini ham qo‘lini ham bulg‘agan. Xalqni aldasang – haqqa yetmaysan!
Xalq uning aldov xiyonatlarini bilar ekan-u, biroq ko‘rib-ko‘rmaslikka, bilib-bilmaslikka olar ekan. Insof, diyonatga kelib qolar, deb umidlanar ekan. Yo‘q, yo‘q, bo‘lmabdi. Pichoq suyakka yetibdi. Kunlardan bir kun xalq tobga kelib, haqli g‘azab otiga minib, Tangri-taologa arz qilibdi. Tangri-taolo adolatli arzni jon qulog‘i bilan tinglab, amalga o‘tibdi: Ya’ni, savdogarni muqaddas tarozining ikki pallasi orasiga – o‘rtasiga joylashtirib, u yon, bu yonga surilmaydigan tarzda siqib qo‘yibdi! Boshi va to‘rt oyog‘ini esa tarozi pallalarining tashqarisida o‘lmas-yitmas holatda qoldiribdi. Butun olamga-yu, odamga ibrat bo‘lsin, debdi. Bu qavm avlodi o‘shandan buyon hamma yerga – cho‘lu sahroga ham, tog‘u-toshga ham, ko‘lu-ummonga ham sochib yuborilgan ekan.
“Lekin, men tangriga nima yomonlik qildim? Nechun g‘azabiga duchor bo‘ldim? Nechun tongda to‘ntarilib tushdim? Butun qishni saksovul tagidagi makonimda o‘tkazdim. Hech qayoqqa chiqmadim, daydib yurmadim. Diydiyo qilmadim. Menga aldovlar, yolg‘onlar, jonu jonzotlar haqqiga hiyonat qilishlar mutlaq begona. Nafsimning egasiman. Beg‘araz oziq-emaklarim – qo‘ng‘irboshlar, sho‘ralar, yaltirboshlar, bug‘doyiq singari o‘t-o‘simliklar xolos. Hattoki, suv ichmasman. O‘t-o‘lanlar nami menga yetarli, axir. Bahorni entikib-entikib kutdim, sog‘inib-sog‘inib kutdim. Shu sabab o‘ydim-chuqurni o‘ylamay, dadil-dadil yurib, yashillikka burkanayotgan makonimda tezroq yayramoqchi bo‘ldim. Afsus-s-s… (U biroz tin oldi. Tag‘in idroklay boshladi) O-o, tuxumlar tug‘ishni, bolalarim bo‘lishini qanchalar orzuladim. Odam qavmidan bo‘lsam ham ayni jonzotman, jonivor jonman, tiriklik na’shasini surish, uzoq umr ko‘rish, nasl qoldirish… savob zaruriyati bu!
Otam yuzdan o‘n oshib, onam yuzdan o‘ttiz oshib, halol hayot kechirib, fanoga yo‘l olgan. Menga o‘xshab, to‘ntarilib yotib, o‘z ajalidan burun, ha, umriy o‘limdan burun o‘lmagan.
Nahot chorasizman, nahot najotsizman?..
Ona toshbaqa tag‘in oyoqlarini harakatga keltirdi. Ular havoda go‘yo nimadir tutmoqchidek… O‘ynadi… Bir ozdan so‘ng taqirboshini goh chapga, goh o‘ngga burdi, oldinga cho‘zdi. Io‘q, chappa oshib, to‘ntarilib yurib ketishning sira iloji yo‘q! U bunday ilojsizlik holatini ilk boshidan kechirmokda. Ammo ko‘rgan. Yosh, to‘lishganqay bir yilda u erkaklarning, ha, birdaniga to‘rtta xushtorning taloshiga qolgan.
O‘shanda bo‘lajak erlar sinchaloqdek keladigan dumlarini tarang qilishib, u yon, bu yonga likillatishib, rosa jang qilishdi. Kurash davomida g‘olib raqiblarining ikkitasini qochirdi, birini to‘ntarib yubordi. Ko‘p o‘tmay, to‘ntarilib yotgan raqibini kalxat ilib ketgan. Uni osmoni falakka olib chiqib, qaytarib yer tomon otgan. Kosalari sinib, qorni sochilib ketgan qavmi shu tariqa kalxatga yem bo‘lgan. Kelinchak esa g‘olibga suyukli malika bo‘lgan. Hammasi esida. Ammo bu yotish nima? Bu ko‘rgilik nima bo‘ldi? Qaniydi, xushtorlarining birortasi ko‘rinib qolsa? Shu yerdan o‘tib qolsa. Albatta, ko‘mak berardi. Turtibgina suyab yuborsa bo‘ldi edi. Unga suyukli yor bo‘lishga ham rozi. Yo‘q, qavmidan biror-bir sas-sado yo‘q. Sharpasi ham sezilmaydi. Biroq dushmanlari juda ko‘p. Ularni hayotida ancha-muncha uchratgan. Echkiemar, tulki, korsak, bo‘ri-yu chiyabo‘ri, quzg‘unlaru burgutlarni ham uchratgan. Hamisha, avvalo, yaratgan, qolaversa, keyin tosh korsonlari asrab qolgan. Tosh korsonlari – ishonch qalqonlaridan biroz avval noliganday bo‘ldi-yu, yo‘q, yo‘q, ulardan barhaq nolib bo‘lmaydi! Dushmanlarining eng xavflisi, yonida bir zumda paydo bo‘lib qoladigani echkiemar, u, o‘ta xavfli, iblisning o‘zi, uning tili-tishlari kosalari orasiga suqilib kirishi mumkin. Lekin shu yovidan ham qalqonlari saqlagan.
Ona toshbaqa shu ko‘yi o‘ylarga g‘arq yotar, nimadandir najot kutar, ilkis-ilkis, tez-tez oyoqlarini harakatga solar, ammo osmon yiroq, yer qattiq edi.
Kun peshindan og‘di. Ona toshbaqani umidsizlik iskanjasi qamrab oldi. Bir gala quzg‘un ko‘z ilg‘ar joydan uchib o‘tdi. Ularning, hatto, tovushlari ham tanaga titroq uyg‘otadi. Ona toshbaqa o‘ylariga burgutlar tushdi. Burgutlar tog‘larda yashaydi. Cho‘qqilarda oshyon qurishadi. Ko‘proq tog‘ osmonlarida aylanishadi. Bolalar ochishadi. Burgutlar toshbaqalar uchun qish oldi juda xavfli. Ular bu sahrolarga yemish axtarib, uchib kelishadi. Harki, yemaklar bepoyon qumlik­larda aniq-tiniq ko‘zga ilinadigan bo‘ladi bu payt. Bundan tashqari qumliklarda burgutlar sevib ov qiladigan tovushqonlar, yumronqoziqlar, kalamushlar ko‘p. Burgutlar, hatto sayg‘oqlarning, jayronlarning bolalariga ham tashlanib qolishadi.
Ona toshbaqa oyoqlarini harakatga keltiraverib, tamoman holdan toydi. Uni ochlik ham qiynardi. Shundoq yon-vering yem-emish-ozuqaga to‘la bo‘lsa-yu tilingni cho‘zolmasang, cho‘zsang-u u havoda o‘ynasa? Bu qandayin bedodlik, badbaxtlik?
Ona toshbaqa ko‘zlarini yumdi. Tiriklik tugadi. Tugamay, nima bo‘lardi? Ko‘zlarini ochishga ham madori qolmadi.
Nogahon…
Ona toshbaqa shuuri, zehni yurishganday bo‘ldi. Nazari biror narsani ilg‘ar-ilg‘amas holat edi, tun edi. Qop-qora zulmat edi. Ammo osmonda yulduzlar charaqlardi. Ko‘zlari kattakon ochilib ketdi. Uni qandaydir suyaksiz qo‘l ohista ko‘tardi. Ohista to‘ntarib, yerga qo‘ydi. Ha, yerga qo‘ydi. Oyoqlarini sekin qumga botira boshladi. U rostdan yer, zamin! Bir qadam… ikki qadam… uch… orqasiga qaramadi, qaray olmadi. Ammo, quloqlariga sado-sas yetib keldi: “Men ham odam qavmidan. Faqat Tangrim menga “Obihayot” – Hayot bulog‘idan suv ichirgan! Harki, gunohsiz, beayb, og‘ir ahvolda qolgan tiriklarga mushkulini oson qilishga imdod berguvchi – ibrat holatida umri boqiylik ato etilgan zotman!.. Hali rizqing bor-r!!!” Ona toshbaqa taqqa to‘xtadi.
Aql-shuurida chaqmoq chaqdi:
“Bu, axir Xizr…” Va shu payt ko‘kda ham chaqmoq chaqnadi, osmon tarvaqaylab yorishib ketdi. U makoniga burilganda, yomg‘ir yog‘a boshladi.

2017 yil, dekabr

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 5-son