Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Shavkat Mirziyovni Turkiyaga taklif qildi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on O‘zbekistonning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni joriy yil 4 dekabrda bo‘lib o‘tgan saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi. Shu munosabat bilan yo‘llangan qutlov nomasida Turkiya yetakchisi O‘zbekistonning yangi rahbarini “qadrli do‘st” deb atagan.

“Do‘st va qardosh o‘zbek xalqi xohish-irodasini namoyon etgan saylov osoyishta va o‘zaro ishonch ruhida o‘tganidan g‘oyat shodman. Ishonamanki, ikki tomonlama robitalarni rivojlantirish yo‘lidagi mushtarak sa’y-harakatlar ila hamkorligimizni qardosh xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan yuksak darajaga olib chiqamiz. 2016 yil 18 noyabrdagi Samarqandga tashrifim ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lgan va ayni vaqtda mushtarak manfaatlar asosida rivojlanayotgan aloqalarimizni yanada jonlantirishga xizmat qilishiga ishonchim komil”, – deyiladi Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning qutlov nomasida.

Turkiya yetakchisi O‘zbekistonning saylangan Prezidentini rasmiy tashrif bilan Turkiyaga kelishga taklif qilgan. Ayni choqda, o‘zi ham yaqin muddatga yana O‘zbekistonga safar qilish istagini bildirgan.

2016 yil 6 dekabr kuni, shuningdek, O‘zbekistonning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘rtasida rasmiy Anqara tashabbusi bilan telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston rasmiy axborot agentligi xabariga ko‘ra, davlat rahbarlari o‘zaro munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama etdilar. Tomonlar O‘zbekiston bilan Turkiya sheriklik munosabatlarini iqtisodiy, investitsion-texnologik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ulkan salohiyat inobatga olingan holda, yangi mazmun bilan boyitish tarafdori ekani qayd etildi. 

Har ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari, vazirliklar va iqtisodiy tuzilmalar o‘rtasida aloqalarni faollashtirishdan manfaatdor. Shu munosabat bilan yaqin vaqt ichida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.

Suhbat chog‘i joriy yil 18 noyabrda Samarqandda o‘tkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarga muvofiq Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun muayyan sohalar belgilandi. 

Eslatib o‘tamiz, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini dunyoda birinchi bo‘lib 1991 yil 16 dekabrda tan olgan. 1992 yil 4 martda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan. Hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘zaro 90 dan oshiq hujjat, jumladan, Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.

2015 yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Ikki davlat rahbariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkichni yaqin yillarda 2-3 marta oshirish uchun imkoniyatlar yetarli. 

Ayni vaqtda yurtimizda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. To‘qimachilik, qurilish, mehmonxona biznesi, farmatsevtika va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan turk shirkatlarida 50 mingga yaqin ishchi o‘rni yaratilgan. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan Turkiya sarmoyasi hajmi 1 milliard dollardan oshadi.

Sobir Salim

Shu mavzudagi maqola:

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on: “Turkiya – O‘zbekiston hamkorligi ikki qardosh mamlakatga yarashadigan saviyaga ko‘tariladi”. 19.11.2016