Ziyouz.uz haqida

Assalomu alaykum!

Ziyouz portalini tashkil etishdan maqsad insonlarga haqiqiy ma’noda ziyo ulashishdir. Zero, ziyo deb jismning o‘zidan chiqqan yorug‘likka aytiladi. Ilm ziyodir, ma’rifat ziyodir, iymon ziyodir, sabr ziyodir. Bekorga xalqimiz ilm-ma’rifatli, iymon-e’tiqodli insonlarni ziyoli deb atamaydi. Ular ilm-ma’rifat orqali insonlarga ziyo ulashadilar va ikki dunyo saodatiga erishadilar. Jamiyatni faqat ma’rifat ziyosigina zalolatdan saqlab qoladi. Haqiqatni anglash, bilish va uni tarqatish bilan inson ziyoga erishadi. Qalbida ziyo bo‘lgan zotlar hech nimadan qo‘rqishmaydi. Ularning yo‘llarini ziyo yoritadi. Ziyo ularni ulug‘likka yetaklaydi.

Hozirgi zamonda yoshlarimizning ilm-ma’rifatdan og‘ib ketishayotganlari, o‘tkinchi orzu-havaslarga berilib, haqiqatni unutayozganlari bor gap. Informatsion dunyoda taraqqiy etgan texnologiya insonni dangasa qilib qo‘yayapti. Insoniyat tobora ilm-ma’rifatdan, ziyodan bebahra qolmoqda. Ota-bobolarimiz erishgan ilmiy-ma’rifiy yutuqlarga bugun erishish ertakka aylanib ulgurgan. Bashariyat faqatgina bugungi kuni bilan yashashga o‘rganib qolmoqda…

Ilm-ma’rifatning oramizdan ko‘tarilishi dahshat emasmi? Nega yoshlar orasida kuchli tafakkur egalari kam? Navoiylar, Ulug‘beklar bizning yoshimizda erishgan ilm cho‘qqilarining 10 dan biriga biz ham yetdikmi? Nima uchun 10 yoshgacha Qur’oni karimni yodlab mukammal bilish, ming-ming misra she’rni yoddan aytish, ma’lum kashfiyotlarni yosh bo‘laturib amalga oshirish, juda ko‘p tillarni mukammal bilish va unda bemalol ijod qilish kabi holatlar oddiy hodisa emas? Nega uyimizda kutubxonalarimia yo‘q? Nega ilm, kitob talash emas? Nima uchun kutubxonalarimiz gavjum emas, bozorlarimizdek? Olgan kiyimimizni maqtaymizu, nega yangi o‘qigan kitobimizdan, olgan bilimimizdan maqtamaymiz? Biz – yoshlar nega dangasa bo‘lib qoldik? Turli xil kompyuter o‘yinlari, video bilan hamnafas o‘sayotgan kichik yoshlilardan keyin nimani kutish mumkin? Nima uchun ilmga rag‘bat so‘nib bormoqda? Bu kabi minglab savollar ziyo istagan ko‘ngillarni doimo bezovta qilishi aniq. Zero, bizning maqsadimiz ham yoshlarimizni ilmga, ziyoga chorlashdir.

Saytimizni qiziqarli xabarlar, ma’rifiy maqolalar, she’ru hikoyalar, kitoblar, boringki ziyo bilan to‘ldirib borish bizning vazifamizdir. Berilgan materiallar sizlarda ham qiziqish uyg‘otib, ozgina ma’rifiy ziyo ulashgan bo‘lsa, o‘zimni baxtiyor his etardim.

Qalbingizni ma’rifat ziyosi munavvar etsin!

Sizlarga cheksiz hurmat ila,

Davronbek Tojialiyev,
Ziyouz portali Bosh muharriri
2004 yil 9 aprel