Temirqul Umetaliyev (1908-1991)

Temirqul Umetaliyev (Temirkul Үmөtaliyev) 1908 yili Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida tug‘ilgan. Qirg‘iziston xalq shoiri (1968). Jaloloboj pedtexnikumida, keyin Moskvada o‘qigan. Novqat, so‘ng Aravonda davlat ishida ishlagan, gazeta-jurnallar muharriri bo‘lgan.

Ilk she’rlari matbuotda 1932 yili chop etiladi. Uning «Tog‘ gullari » kitobi To‘qtag‘ul nomidagi mukofotga sazovor bo‘lgan. She’rlari rus, ukrain, qozoq, o‘zbek, tojik tillariga tarjima qilingan.

OLATOG‘

O‘rgilay, Olatog‘, oltin tog‘imsan,
Otam qo‘li tekkan olma-bog‘imsan.
To‘kin dasturxonday rizqingdir butun,
Dunyoda suyanchim, boru yo‘g‘imsan!

Sen — mening suyukli diyorim-erim,
Bag‘ringga qirg‘izim to‘kkandir terin.
El ko‘chsa daraga, munis volidam
Archa beshigiga bergandir mehrin.

Olatog‘, manzilim, ona gulshanim,
Qoyalar qo‘nalg‘am, zebo maskanim.
Olatog‘, yaylovim, molimni haydab,
Esimda qo‘sh qo‘shib, ekin ekkanim.

Ko‘rkingdan o‘rgilay, ey, oltin tog‘im,
Mudom mehnat shavqi jo‘sh urgan chog‘im.
Xalqimning qalbidan alanga olgan —
So‘nish bilmas sira gulgun quchog‘ing.

Yillar ko‘z o‘ngimdan bir-bir o‘tadir,
Qalbim zeb-ko‘rkingni yonib bitadir.
O‘n ming shoir, mayli, yozsin o‘n ming yil
Bari bir yozgani kamlik etadir.

Ellarga makonsan — qondosh-qarindosh,
Kunday charaqlaysan, bir boqiy quyosh.
Tarix ham lol turar qudratimizga,
Do‘stlikning kuchiga egganicha bosh.

Borman savlatingga, ey, ishonch tog‘im!
Bag‘ringda yashasak bizlar sog‘-omon,
Yov kelmas botinib senga hech qachon!
Olatog‘!
Oltin tog‘!
Ey, asil tog‘im!

Normurod Narzullayev tarjimasi.

YoRQIN UFQLAR

Suronli yillardan o‘tdik biz omon,
Umrimizga olov, ayozlar guvoh.
Chinakam baxt qo‘lga kirmaydi oson,
Sochimizga juda erta tushdi oq.

Mudom xotirada, jarohat yanglig‘
Bot-bot sado berar burg‘u saslari, —
Qalqitar oyoqqa qariyalarning
Tuman og‘ushida qolgan saflarin.

Ruhimizni allaqachonlar qattol
Yovlar mahv etardi siqqanda haddi, —
Yorqin ufqlar aro tiklanar yaqqol
Sharafli moziyning jangovar qaddi.

Yashaymiz yurakdan oromni quvib,
Jang bilan kechgaydir har bir onimiz, —
Sochimizdan oqni tashlagay yuvib
Mehnat jabhasida quchgan shonimiz.

Qirg‘izchadan Mirpo‘lat Mirzayev tarjimaci

ARAVON

Qo‘r to‘kar tog‘ing ko‘kka bosh tiragan,
Simirdim kunning nurin yarqiragan.
So‘zlashdim soying ila sharqiragan,
Aravonim, tunda ham charog‘onim!

Ko‘rishdim tog‘ing bilan qir oshganda,
Ilk bora suluv bilan sirlashganday.
Necha yil yurak seni qo‘msar, bir kez
Qon ila zar tuprog‘ing birlashgan-da!

Kuylagum Kermatovning zilol suvin,
Lermontov Kavkaz tog‘in yoqlaganday.
«Oq oltin», dalalaring sevgum, suyun,
Nekrasov rus yerini maqtaganday.

Yozgum yana charchamagan mehnat elin,
Hur el deb Pushkin jo‘shgan soyday .
Ta’riflay dehqonlar qadoq qo‘lin,
Terimchi qiz-juvonni Tursunoyday.

Alla Anor qiy solganda paxtasiga,
Men ekdim paykalga she’r chigitin.
Yozilganda nomi «Hurmat taxtasi»ga,
She’r bitdi. Har satri – er yigitim.

Bu joyda ishlaganman yoshlik chog‘da,
Kolxoz tuzib, qo‘riq yer buzganim chin.
Keyin esa o‘zgargan yer, so‘lim bog‘da,
Jo‘shibon she’r, qasida yozganim chin.

Eling bilan ko‘rishdim tole topgan,
Siqdim qo‘l suv tarab, ketmon chopgan.
So‘zlashdim qizing yuzin nasim o‘pgan,
Olg‘a bos, ulug‘ ishga yaraganim,
Aravonim, Aravon,
Aravonim!

O‘Sh

Oqburasi tosh oqizib sharqirar,
Atrof uyg‘oq qaynoq yoshlik kuyidan.
Skhrli nur, bir nafosat barq urar –
Kezar bo‘lsam katta-kichik uyidan.

Oq teraklar samoga bo‘y so‘zishib,
Kuysa hamki, quyosh tomon yuksalar.
Yaproqlari sukunatni buzishib,
Suhbatlashar go‘yo chechan keksalar.

Shamollarni ketkazishib hushidan,
Mashinalar bir-biridan o‘tishar.
Ishchilari qaytishadi ishidan,
Ishchilari yumushiga ketishar.

Zavodlari gudok chalar mudom shod,
Ish avjida, berayotir O‘shga zeb.
Ipak eshib, shoyi to‘qir kombinat,
Mehnat ahli yana xushro‘y bo‘lsin deb.

Kombinatga ilk poydevor qo‘yilib,
Eng birinchi g‘ishtini ham ko‘rganman.
Yuragimga shodmon hislar quyilib,
Bir chekkada tole tilab turganman.

Mana, bugun bu korxona atlasin
Kiyib olgan durkun, so‘lim qizlari.
Tam-tam yurar yangratishib sho‘x sasin,
Yuzlarida gul-gul hayot izlari.

Ko‘z oldimda o‘xshashi kam bog‘lari,
Kuychi qushlar navosi o‘ng-so‘limda.
Esga tushar o‘qib yurgan chog‘larim –
Bog‘ oralab, kitob tutib qo‘limda.

Shoshganimcha ko‘chalar oralayman,
Yangiliklar tuhfa etar har bir on.
Yaqin borib gullarga suq qarayman,
Qoldimikin yoshligimdan bir nishon?

Qaydasan deb bola mijoz chopolmay,
Izlash zavqin qilganimcha dilga jo –
Bunda qolgan hur onlarim topolmay,
Jim qolaman. Shahar sochar nur-ziyo!

Shunda o‘sha zavodlardan sas keldi,
Xafa bo‘lma degan kabi o‘shligim…
Izlaganim O‘shpirimda topildi:
Shu yashargan shahar mening yoshligim!

NORIN

Kuylaganday shovullab oqar Norin,
Shoshadi sog‘inganday sevgan yorin.
U To‘qtag‘ul «Marsh bo‘tay»in eslatib,
Qirg‘oqlarga sapchib aytar oh-zorin.

Qaraydi novvot qoya, kungay-teskay,
Sohilida yurgim kelar olis ketmay.
Xuddi Oqjar qo‘ylarini oqizganday
Ko‘pikni ko‘pik quvar parvo etmay.

Chertib o‘tar yuragimning nozik torin,
Singdirgan, Olatovning oppoq korin.
Beshik-beshik to‘lqini o‘ylantirar,
Yodga solar qirg‘izning o‘tmish, zorin.

Deydi u: — Oqdim nafsiz ko‘p asrlar,
Qat-qatimda yashirin qancha sirlar.
Barchasini so‘zlasam yetarmikin
Daftar bo‘lsa anovi adir-qirlar?

U kunlar ortda qoldi ketib-ketib,
Qo‘ra-qo‘ra qo‘y to‘ldirdi daryo chetin.
O‘zgarib ketdi axir zamon, zamin,
Bugun unda jononlar yuvar betin.

Takror chertar yurakning ezgu torin,
Suv unutmay tog‘larim momiq qorin.
Olamushuk nefti kabi qaynab oqar,
Qiz sochiday to‘lg‘anib tolim-tolim.

Asov Norin oqadi tog‘ oralab,
Nurxonalar tunlarni ming poralab.
Men qoyada havas bilan o‘tiribman,
Misralarni tizadirman saralab…

HAQIQAT HAQIDA

Men kuylayman qalb buyurgan torlarda,
Haqiqatni, uni suygan naslimni.
Bossa deyman qalin tushgan qorlarday,
Haq-haqiqat yigirmanchi asrimni.

Hammaga o‘ng boqur bir kun haqiqat,
U misli suv – suv oqishdan tolganmi?
Yondir, yo‘q qil har joyda har daqiqa
Nodon inson tuhmat, bo‘hton, yolg‘onni!

* * *

Qarindoshni bilamiz,
Bordi-keldi qilamiz.
Aytaversam gap ancha,
Tugamaydi ginamiz.
Bor bo‘lsang — ko‘rolmaydi.
Yo‘q bo‘lsang — berolmaydi

OQBURA

Oqbura – qiz sochiday mavjli daryo
Oqbura – er yigitday avjli daryo.
Xushovoz xonandaday kuylab oqar,
Boburdan-u Bonudan so‘ylab oqar.
Ash’orim shu daryoday oqsa deyman,
Bir o‘qishda ko‘plarga yoqsa deyman.
Qorasuv paxtasiday mag‘zi to‘liq,
Aravon anjiriday bo‘lsin bo‘liq.
Maqtalib el og‘zida yurarmidim,
Paxtakor qiz tushiga kirarmidim…

ORZU

Tirik jonman, hech yomonlik ko‘rgim kelmas,
Qo‘ldan kelsa mutlaqo men o‘lgim kelmas.
Sevganim: o‘lkam, elim, she’r, dilbarim,
Boshqasiga bu ko‘nglimni bo‘lgim kelmas.

SEN BO‘LMASANG…

Sen bo‘lmasang – bu dunyoning rohati oz,
Sen bo‘lmasang – bo‘lmaydi bahor-u yoz.
Bugun sezdim: sen kezmasang sohilida –
Issiqko‘lga qo‘nmas oqqush, o‘rdagu g‘oz…

SEVGILIMGA

Ko‘p yillarki, sevadirman, qora ko‘zim,
Hidla deb gullar tanlab bergan o‘zing.
Aytgansan «Olis ketsang xotirlab yur»,
Saqlanar yuragimda ushbu so‘zing.
Sevgining belgisi bor, e’tibor ber,
Bu belgi – chin yurakdan yozilgan she’r.
Tuyqus o‘tsam, unutma men – shoiringni,
Bu senga chin dilimdan aytilgan sir.

KIM BOR

Xotin deydi: «Boshqalarning uy-joyi deng…
Juda katta, bu borada bo‘lmaymiz teng…»
Men aytaman: «Uyimiz tor bo‘lgan bilan,
So‘z qisqasi, hammasidan ko‘nglimiz keng.
Bu jihatdan, tortinmasdan ayt-chi betga?
Bu qishloqda kim ham bor bizdan o‘tgan?!»

Usmon Temur tarjimalari