O‘zbekiston “Biznes yuritish-2018” reytingida dunyo o‘ntaligiga kirdi

O‘zbekiston Jahon banki Guruhining tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha “Biznes yuritish-2018” (Doing Business 2018) reytingida uchinchi bor dunyoning yetakchi o‘nta davlati qatoridan o‘rin oldi. Bu haqda Jahon bankining yurtimizdagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar qiladi.

Toshkentda joriy yil 1 noyabr kuni mazkur hisobotning rasmiy taqdimoti o‘tkazildi.

“Mamlakatda islohotlarni amalga oshirish maqsadida hukumat ko‘rayotgan qat’iy chora-tadbirlarni inobatga olsak, bu yil O‘zbekiston bir qator yutuqlarni qayd etishi mumkin. Jahon banki mamlakatda ishbilarmonlik va sarmoya muhitini yaxshilash bo‘ycha hukumat sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi. Islohotlar jarayonida tadbirkorlar qiyinchiliklarga duch kelayotgan jabhalarga ko‘proq e’tibor qaratish lozim”, – degan  Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk taqdimot marosimida.

Joriy yilgi mavzusi “Ish o‘rinlarini yaratish uchun islohotlar qilish” bo‘lgan yangi hisobotda O‘zbekiston o‘tgan yilgi 87-o‘rindan 13 pog‘ona yuqorilab, 74-o‘rinni band etdi.

Reyting tuzuvchilari mamlakat reytingini yaxshilashga xizmat qiluvchi biznes sohasidagi beshta islohotni qayd etadi. Biznesni ro‘yxatga olish, qurilish uchun ruxsatnoma olish, minoritar investorlarni himoya qilish, soliqqa tortish va elektr ta’minoti tizimiga ulanish sohalaridagi o‘zgarishlarni baholaydi.

Hisobotda keltirilishicha, O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatga olish uchun yangi platforma ishga tushirilishi tufayli biznesni boshlash osonlashdi, bunda jarayonlar 4 tadan 3 taga kamaytirildi. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston global reytingda 11-o‘rinni egallaydi.

15 yil muqaddam yangi biznesni ro‘yxatga olish 10 ta jarayon, 28 kun va aholi jon boshiga daromadning 14 foizini (u 2220 AQSh dollariga baholanadi) talab qilgan bo‘lsa, ayni paytda bu ko‘rsatkich 3 ta jarayon, 5 kun va aholi jon boshiga daromadning 3 foizini tashkil etmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston reytingda xalqaro savdo indikatori va qurilishga ruxsat olish mezonlarida ortda qolmoqda. Joriy yildagi ruxsat olishni yengillashtirishga yo‘naltirilgan islohotlarga qaramasdan, bu jarayon hamon 17 ta  jarayon va 246 kunni talab qilmoqda.