Turkiya elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqboliga baho berdi

Turkiya rahbariyati O‘zbekistonning yanada taraqqiy etishiga xayrixoh hamda bu yo‘lda butun imkoniyatlarni safarbar qilishga shay. Bu haqda Turkiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Erning ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 27 yil to‘lishi munosabati bilan ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan bayonotida ma’lum qildi.

1992 yil 4 mart kuni O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilishini ko‘zda tutgan Protokol imzolangan edi.

Diplomatga ko‘ra, o‘tgan 27 yil mobaynida ikki davlat munosabatlarining strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarilishi ikki qardosh mamlakat uchun iftixor manbai sanaladi.

“Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 30 aprel kuni O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Oliy Majlisiga murojaatida ham ifoda etganlaridek, O‘zbekistonning 1991 yil 31 avgust kuni o‘z mustaqilligiga yana bir bora erishishi xuddi o‘zbek qardoshlarimiz singari turk xalqi uchun ham buyuk iftixor manbai bo‘ldi”, – dedi Turkiya elchisi.

O‘tgan 27 yil mobaynida ikki mamlakat o‘rtasida ko‘plab sohalarga oid yuzdan ortiq bitim imzolanganini yodga olgan elchi 1996 yilda imzolangan “Abadiy do‘stlik va hamkorlik” bitimi hozir ham o‘z qadr-qimmatini saqlab qolgani, mazkur hujjat o‘z nomi bilan, abadiy do‘stlikning ahdnomasi ekanini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va qardoshlik mamlakatlarimiz munosabatlarining strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarilishida muhim rol o‘ynadi.

“2017 yil oktyabr oyida janob Shavkat Mirziyoyevning davlatimizga amalga oshirgan tashrifi va muhtaram Prezidentimizning o‘tgan yil aprel oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashriflari ikki davlat munosabatlari jihatidan tarixiy burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qildi”, – dedi M.S.Er.

Diplomatga ko‘ra, joriy yilda Turkiyada ikki mamlakat o‘rtasidagi Strategik hamkorlik bo‘yicha Oliy kengashning ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Mazkur yig‘ilish doirasida O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi ko‘zda tutilmoqda.

Turkiya elchisiga ko‘ra, mazkur Oliy kengash O‘zbekiston bilan ko‘pgina sohada davom etib kelayotgan hamkorlikni strategik sheriklik istiqboli orqali chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Demak, rasmiy Anqara insonparvar va tashabbuskor tashqi siyosati doirasida Markaziy Osiyo va uning tashqarisida tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik va farovonlikning bardavom bo‘lishida O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlikda davom etadi.

Turkiya elchisi O‘zbekiston 33 milliondan ortiq navqiron aholi, boy tabiiy manbalar va barakali zaminga ega davlat ekani, Markaziy Osiyoning yuragida – strategik ahamiyatga molik hududda joylashganini urg‘ulagan.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mamlakatning dadil odimlarini xalqaro hamjamiyat yaqindan  kuzatib borayotganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Mehmet Sureyya Er (Mehmet Süreyya Er) 2018 yil dekabrda  Turkiya Prezidentining tegishli qaroriga ko‘ra, ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi yangi elchisi etib tayinlandi. Mehmet Sureyyo Er 2012-2018 yillarda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Unga qadar Turkiya Bosh vaziri idorasida xalq diplomatiyasi boshqarmasida mas’ul lavozimda ishlagan. 2004−2010 yillarda esa AQShdagi Michigan universitetida (AQSh) turkiyshunoslik fanidan dars bergan. Falsafa doktori (PhD) Mehmet Sureyya Er o‘zbek, ingliz, frantsuz, arab, rus, fors hamda boshqa tillarni biladi.

C.Calim tayyorladi

Shu mavzudagi maqola:

O‘zbekiston va Turkiya rahbarlari Strategik hamkorlik bo‘yicha Oliy kengash majlisida qatnashadi. 30.01.2019