2023 yilda Ramazon oyining ilk kuni 23 mart, payshanba kuniga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tuzilgan Ramazon hilolini kuzatish bo‘yicha ishchi guruh shunday xulosaga kelgan.
Musulmonlar idorasi bugun, 22 martdan yurtimizdagi masjidlarda taroveh namozini o‘qish boshlanishini ham ma’lum qilgan. Tarovih Toshkent shahri masjidlarida soat 20:45 dan boshlanadi. Hududlarda namoz vaqtlaridagi farqlanishdan kelib chiqib, masjidlarda taroveh namozini ushbu vaqtga nisbatan belgilash tavsiya etilgan.
O‘zbekiston prezidenti 21 mart kuni imzolagan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorda Ramazonni milliy an’ana hamda qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.