Jamila Ergasheva. Gap (hikoya)

Milisada ishlaydigan Suyunboyning o‘g‘li huquqshunoslik institutiga o‘qishga kiribdi. Er-xotin quvonchlari ichiga sig‘may, bir qo‘zi so‘yib, qarindoshlarni uyga chaqirishdi: aka-uka, opa-singil, amma-xola, yangalar, kelinlar…
Erkaklar hovlida o‘tirishdi, xotin-xalaj bemalol o‘tirsin deb, ichkariga joy qilishgan ekan. Katta konditsioner g‘uvullab turgan keng, hashamatli mehmonxonada rosa maza qilishdi. Taomlar biri-biridan totli, diydor undan-da totli. Yeyishdi-ichishdi, so‘ng kelinlarga dasturxonni yig‘ishtirishni buyurib, bitta-bitta lo‘labolishni yonboshlariga olib, gurungni urishdi. Hech kim turay demasdi, biram maza, biram maza…
Salqin xonada ham chiroyli yelpig‘ich bilan o‘zini yelpib o‘tirgan toshkentlik yanga taklif qilib qoldi:
– Kelinglar, qarindoshlar yig‘ilishib, “gap” o‘ynaylik. Hozirgi zamonda bir sabab bo‘lmasa, uydan chiqish qiyin. “Gap” bahona uydan chiqasiz, chiroyli das­turxonlarda o‘tirib, gurunglashasiz. Ellik mingdan pul tashlaymiz, mehmon chaqirganni ham quruq qo‘ymaymiz.
Hisoblab ko‘rishdi: to‘rt opa-singil, to‘rt yanga, ikki xola, ikki amma.
– Kak raz! – dedi yanga. – O‘n ikki kishi bo‘lsak, har oyda bir kishi chaqiradi. Yarim milliondan oshiq pul yig‘iladi. Ham qo‘limizga birdan bir dunyo pul tushadi, ham mehmon bo‘lamiz.
Muyassar uyga qaytgach, eriga maslahat solgan edi, “50 ming bo‘lsa, oyligingdan berarsan. Bir oyda bir marta qarindoshlar bilan o‘tirsang, hech narsa emas”, deb qo‘ydi. Lekin o‘zining ko‘ngliga g‘am tushdi, akasiga o‘xshab, qo‘y so‘ymasa ham, dasturxonni yaxshigina qilishi kerak bo‘ladi. Og‘zi katta yangalarning oldida shumshayib o‘tirmasligi kerak-da. Buyam yo‘q joydan bir chiqim.
Diydor ham pulga chaqiladigan bo‘ldi.
Odatda u yakshanba kunlari juda erta turadi, uydagi yumushlar esa qorong‘i kechgacha ham tugamaydi. Sahar turib, non uchun xamir qoradi, izidan somsa yoki manti uchun alohida ikki zuvalagina xamir oladi. Eri bilan bolalari uyg‘onguncha xamirlarini tindirish uchun yopib qo‘yib, bir parcha go‘shtni qiymalagichdan o‘tkazib, piyozlarini to‘g‘rab, ba’zan nonushtaga to‘rtta-to‘rtta pishirib ham qo‘yadi. Nonushta qilib bo‘lishgach, bolalari dasturxonni yig‘ishtiradi. O‘zi xamirning ustini ochib, nonlarni yasaydi. Tandirni qizitib, nonini yopgach, kirmoshinga suv solib, kirni boshlab yuboradi. Kirning orasida uy yig‘ishtiradi, hovli supuradi, tushlik tayyorlaydi. Tushlikdan so‘ng supur-sidirlarini oxirigacha yetkazib, kechki ovqatga hozirlik ko‘ra boshlaydi. Xullas, Muyassar ertadan kechgacha eri bilan o‘g‘illarining ko‘nglini olib, yakshanbani bayramga aylantirish uchun kuyib-pishadi. Yarim tunda yakshanbaning eng oxirgi yumushlari hisoblanadigan to‘rt erkakning hafta bo‘yi kiyadigan kiyim-boshlarini dazmollagach, zo‘rg‘a yuvinadi-da, o‘zini to‘shakka tashlaydi. Ko‘pincha gapirishga ham holi bo‘lmaydi. Ba’zan eri boshiga kelib, “Ha, charchadingmi, onasi?” desa, ko‘zlarini ham ochmasdan “Ertaga dam olarman”, deb qo‘yadi. Rostdan ham maosh olib ishlaydigan ishida buncha charchamaydi, hatto u yerda dam olish ham mumkin.
U hovliga chiqqanda Zuhro yulduzi mayingina nur taratib turgan oyning yonida charaqlab turardi. Bostirmaga olib boradigan yo‘lak chetida qiyg‘os gullagan moychechaklar, tong qorong‘isida ham barglar orasida oqarib turgan olmalar, mayda-chuyda qo‘yiladigan bostirmadagi sarishtalik, salqin tong havosi ko‘nglini yorishtirdi. Bostirma tagidagi kattakon qutidan xamir tog‘orani to‘ldirib un oldi-da, oshxonaga qaytdi. Tong ancha salqin edi. Eshikni yopib, xamir uchun suv qo‘ydi. Supra yoyishdan avval belini katta shol ro‘mol bilan ikki aylantirib qattiq bog‘lab oldi. Har doim “nonim hafta oxirigacha yetsin”, deb, bir dunyo suv soladi-da, keyin xamirni soziqtira olmay, qora terga tushadi, shunday paytda bu ro‘molning yaxshigina foydasi tegadi. Un elayotib, o‘zicha kulib qo‘ydi: “Dam olish kuni ham boshlandi, Muyassar Xolboyevna! Endi maza qilib tandir-o‘choqning boshida dam olasiz”.
Ayol kishining hayoti shu ekan-da, ko‘chada olima bo‘lsa ham, uyga kelganda oddiygina xizmatkor. Ammo unga hech qachon bu xizmatlar malol kelmagan. Onasi ba’zan “To‘ng‘iching qiz bo‘lganda yordamchi bo‘lardi” deb qoladi. U esa kuladi: “O‘g‘il bo‘lsa ham qo‘lidan talay ish keladi, o‘qishini o‘qisin, odam bo‘lsin, deyman-da. Hadeb ish buyuravermayman. Hozir o‘zim eplab turibman, kuch-quvvatdan qolgunimcha kelin olaman”.
Nonushtadan so‘ng eri to‘ng‘ichini olib bozorga ketdi. Ular ham Muyassar yozib bergan ro‘yxatga qarab bir haftalik mayda-chuydani g‘amlab kelishlari kerak. Egizaklar onasining atrofida girdikapalak, huda-behuda savollar berib, ishga xalal berib zavqlanishadi. Muyassar ularni nari quvib halak:
– Baraka topgurlar, sizlar ham munday dars-pars qilinglar, televizor ko‘ringlar. Boshimni og‘ritib yubordinglar-ku.
– Onajon, darslarimizni kecha qilib qo‘yganmiz. Televizorda hech narsa yo‘q, televizorchilar bir kino topsa, o‘n martalab berib yotishadi, ularni deb biz ham o‘n martalab ko‘rmaymiz-ku.
Tushlikka yaqin oshxonada kuymalanib yotgan edi, ko‘chalarining narigi boshida turadigan qo‘shnisi Toshgul opa chiqdi:
– Muyassarja-nuv, shu desang, hamsoyalar maslahatlashib, bir binoyi ish boshladik. Yuz dollardan “gap” o‘ynaydigan bo‘ldik. Odam o‘zicha ro‘zg‘oridan orttirib, har oyda bir chetga yuz dollarni olib qo‘ya olmaydi. Gap o‘ynagandan keyin ilojingiz yo‘q, birovdan oldingmi, berishing kerak, berasan. O‘n qo‘shni gapni bir joyga qo‘yib, kelishib turibmiz. Agar o‘n bir kishi bo‘lsa, har oy uy egasidan tashqari ming dollar yig‘ilar edi, shunga sen ham qo‘shil, deb keldim. Birinchi ming dollarni men olayapman, xarajatlarim bor. Ikkinchisini Xosiyat opa oladigan bo‘lib turibdi, qiziga mebel qilishi kerak, uchinchisini Norimxol olmoqchi, to‘yi bor ekan. Istasang, sen to‘rtinchisini ola qol.
Muyassar labi-labiga tegmay, bidirlayotgan qo‘shnining bo‘yoqlari chaplashib ketgan qosh-ko‘ziga qarab, ensasi qotdi:
– Xo‘jayin kelsin-chi, maslahatlashib ko‘ramiz.
Qo‘shnining rangi o‘zgardi:
– Voy-bo‘, shuning nimasini er bilan maslahat qilasan? Qir oshib, Qrimga ketayotganing yo‘q-ku. Chiqsang, shu ko‘chada yashaydigan qo‘shninikiga chiqasan. Yo pulini o‘ylayapsanmi? Senday do‘xtir ayol uchun yuz dollar muammomi, a?
Muyassar xijolat ichra chaynaldi:
– Endi… Toshgul opa, baribir, er er-da, u kishidan bemaslahat bir narsa deya olmayman. Kelsinlar-chi? Yo‘q-ku, demaydilar, shunday bo‘lsa ham, bir oldilaridan o‘tganim yaxshi-da.
Qo‘shni opa deraza tomon qiyalagan quyoshdan panalab, o‘rindig‘ini nari surib o‘tirdi:
– Vaqtning o‘tishini qara. Boyagina tong otgan edi, bir ish qilib ulgurganim yo‘q, peshin bo‘p qopti. Uyda o‘tirib, bir ishga ulgurmayman, sen ishlab turib ro‘zg‘orni qanday eplayapsan?
– Shu-da!
Toshgul opa yana maqsadga ko‘chdi:
– Endi qarasam, Muyassarjan, hamma o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketayapti. Ishga boradi-keladi, ovqatini yeb, televizor o‘lgurga termilib o‘tiraveradi. Ketma-ket serial, degin, zavutingga o‘t tushgur. Qo‘shni bo‘lib, birov-birovnikiga chiqmasa, holing qanday, demasa, buyam yaxshi emas-da. Issiq jonning isitmasi bor, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham yoningda birov turib bersa yaxshi-da. Sizlar hali yoshsizlar. Qo‘shnilarni biriktirib, to‘g‘ri yo‘lga boshqarish biz uchun ham qarz, ham farz. Bir kun o‘tib ketsak, qo‘shnichilik uchun kuyib-pishib yurardi shu opamiz, deb eslab yurasizlar hali.
Muyassar kuldi:
– Qo‘ying-e, opa, qo‘lingizga ming dollar kelaman, deb turganda, o‘limdan gapirmang-e.
– Endi, kelasi gapni kelin gapiradi, deyishadi. Bu jahon ayvonida necha jonsan, hammang bir-biringga mehmonsan. Shuning uchun Xudoyim imkon berganda, bir-birimizni izlab, izzatimizga yetib, mehr-oqibatli bo‘lib yuraylik. Bu dollarlar hech narsa emas, jonginam. Maqsad – qo‘shnilarni biriktirish.
Oyoqda tik turgan holida ham bir soat laqillagan Toshgul opa chiqib ketgach, Muyassar uning ayyor ko‘zlarini eslab, o‘zicha yana kuldi: “Undan ko‘ra pul zarur bo‘lib qolgandi, kim ham shuncha pulni bir yilga berib turadi, qo‘shnilardan yuz dollardan yig‘ayin deb, shu “gap”ni o‘ylab topdim, deb qo‘ya qolsa-ku, yaxshi bo‘lardi”. Lekin ko‘ziga uch oydan so‘ng kelishi mumkin bo‘lgan ming dollar pulning diydori juda issiq ko‘rindi: “Bir hisobdan qo‘shni haq, o‘z boshicha ro‘zg‘ordan orttirib, shuncha pulni yig‘ish qiyin. Yilda bir osh bo‘lsa, hech gap emas-u, qilarman”.
– Gap pulida emas, yig‘aman desang, ularsiz o‘zing ham yig‘ishing mumkin, – dedi eri.
– Shunday deysiz-da, dadasi. Oylik kelishi bilan qayerdagi xarajatlar ko‘ndalang bo‘lib, qanday ishlatib qo‘yganimizni bilmay qolamiz. Birovga berishimiz kerak bo‘lib tursa, o‘ylab xarajat qilamiz.
– Ha-ey, bilganingni qil.
Uyam bilganini qildi, lekin “gap”lari ketma-ket tushib qoldi, ikki hafta ketma-ket dam olish kunida uyda bo‘lmadi. Har yakshanba biron tansiq ovqat bo‘lishiga o‘rganib qolgan bolalarining qovog‘i osildi:
– Yana makaron sho‘rvami? Uf-f!
U eri va bolalariga, har yakshanba kuni qirtishlab yig‘ishtiriladigan besarishta uyiga xijolatli termildi. Kirlarini hafta orasida, ishdan qaytganda, kecha-kechasi yuvib oldi. “Mantixo‘r” bolalari uchun bir kecha manti bukib, muzlatkichga qo‘ydi-da, ikkinchi oqshom pishirib berdi. Ammo bolalari mantini miriqib yegan bo‘lsa ham, baribir, onalari yakshanba kuni ketishidan norozi bo‘lishdi:
– Bittagina yakshanbada uyda bo‘lardingiz. Endi shu kuni ham ketib qolasizmi?
Muyassarga qolsa-ku, bu “gap”larning sira keragi yo‘q-kuya. Ha, mayli…
Bir kun ishdan kechroq qaytib, shoshib ovqatga unnagan edi. Muyulishda yashaydigan sinfdosh o‘rtog‘i kelib qoldi. Ko‘rishib, oshxonadagi stullarning biriga odatdagidek qimtinibgina o‘tirdi:
– Sen ovqatingni qilaver. Birpasga chiquvdim, ketaman.
– Ha, tinchlikmi?
Mehmon dugona boshini qiyshaytirib, xijolatomuz jilmaydi:
– Tinchlik… Meni senga qizlar elchi qilib jo‘natishdi.
– Qanday qizlar?
– Sinfdoshlar-da. Shu-u, ular bir ish boshlashgan. Ora uzilib ketmasin, har holda o‘n yil birga o‘qiganmiz deb, bir oyda bir marta yig‘ilishib turishadi. Shunga… seni ham qo‘shilsin, biz bilan birga bo‘lsin, deyishayapti.
Muyassar aftini burishtirib, gaz o‘choqqa norozi suyandi:
– Vo-o-oy, Mushshi-i! (uning ismi Mushtariy edi, go‘dakligida bobosi erkalab “Mushshi” deb chaqirgan, shu bo‘yi bir umr Mushshiligicha qolib ketgan). Hech ilojim yo‘g‘-a. Bilasan-ku, bizning ishimizni, hafta bo‘yi ertadan kechgacha bandman. Bolalarim hali yosh. Bir yakshanba kuni uyda bo‘laman. Men ham ayolman, onaman, kir-chirim, supur-sidirim bor. Shusiz ham qo‘ymay, ikkita “gap”ga qo‘shishdi. Endi ikki yakshanbam yo‘q, kalavamning uchini yo‘qotib qo‘ydim. Xafa bo‘lmanglar, men hecham qatnasha olmayman.
Quyosh yuzini bulutlar ortiga berkitib oldi. Mushshi yerga qaradi. Muyassar jahl bilan taqur-tuqur qilib, qozon kovladi.
– To‘g‘ri. Men-ku, seni tushunaman, – dedi Mushshi. – Lekin anavilar tushunishmaydi-da. Ular hali sen bilan gaplashmay turib, “U bizlarni o‘ziga teng ko‘rmaydi”, deyishgan edi. Men: “Bekorginani aytibsizlar. U sizlar o‘ylagandek dimog‘dor ayol emas”, deb sening oldingga kelgan edim.
Muyassarning battar jahli chiqdi:
– Tavba-a, ichagida yeli tuyulsa, Muyassarjon, deb chopib borishadi hammasi. Ishlari tushsa – Muyassar balogardon. Oldimda iljayishib, ortimda g‘iybat qilishadi-ya!
Mushshi gunohkorona yelka qisib, o‘rnidan turdi:
– Mayli, Muyass, men boray bo‘lmasa. Sening ham vaqtingni olmay… Kayfiyatingni ham buzdim, kechirasan-da endi.
Muyassar uning bo‘shashgan siyog‘iga qarab, kulib yubordi:
– Bu yaramaslar ataylab seni yuborishgan. Muyassar talab tashlasa ham yerga qarab turaverasan, keyin rozi bo‘ladi, deyishgan-da. Hali borayin, men ularga dimog‘dorlikni ko‘rsatib qo‘yaman. Mayli, ko‘ndirding, qatnashaman. Lekin yakshanba emas, biron ish kuniga, tushlikka to‘g‘rilab o‘tkazasizlar. Soat o‘n birlarda ishdan qochib chiqsam, ikkilarda biron bahona bilan kechikibroq qaytaman. Bo‘ldimi?
Mushshi har doimgidek xijolatomuz jilmaydi:
– Rahmat. Ular ham yakshanba kuni o‘tira olishmaydi, hammasi bozorchi-ku.
U qanday sassiz kirib kelgan bo‘lsa, shunday chiqib ketdi. Muyassarni dimog‘dor deb, uning oldida mulzam bo‘lishni istamagan sinfdosh dugonalarning ko‘pchiligi haqiqatan ham bozorni boylagan xotinlar edi. Birinchi “gap” ana shunday boyvuchchalarning birinikida bo‘ldi. Shuncha yil salom-alik qilib, biron marta ham uyiga borib ko‘rmagan ekan. Ana uy, mana uy! Dasturxon to‘kin, anqoning urug‘i, qushning sutidan bo‘lak hamma narsa bor. Ammo bozorning eng gavjum yerida “Sovg‘alar” do‘koni ochib olgan Salimaga dasturxon o‘rtasida turgan turli xil ichimliklar orasidagi burama qopqoqli aroqlar yoqmadi:
– Tuzukrog‘idan olsang, o‘lasanmi, ziqna? Juda qizg‘anchiqsan-da, o‘ziyam.
Mezbon ham uni ayab o‘tirmadi:
– Sen bilan menga o‘xshaganlarga shunaqasiyam bo‘laveradi, deb olgan edim-da. Kecha o‘zing ham shunaqasidan uyingga obketding-ku.
Davrada kulgi ko‘tarildi. Bozorda o‘tiraverganidanmi, o‘quvchilik paytlari sasi chiqmaydigan Salimaning tili ancha burro bo‘lib ketgan edi:
– O‘zingning pulingga bo‘lsa, har qanaqasi ketaveradi. Lekin azza-bazza qilib, mehmonga kelganingda tuzukrog‘idan ichish kerak-da. To‘g‘rimi, Muyassar Xolboyevna? – u Muyassarga qarab ko‘z qisib qo‘ydi, Muyassar indamadi.
Salima “Bu qurumsoqdan boshqa narsa chiqmas ekan, mayli endi, ko‘r bo‘lib shuni ichaveramiz”, deb ovqat kelmasdan, bir boshdan hammaga quyib chiqdi:
– Ruxsatlaring bilan, avval o‘zimni tanishtirsam: Salima Eshquvvatova, mana shu davraning “samazvanka” raisasi. Endi birinchi so‘zni bizga hadeb qo‘shilavermaydigan hurmatli do‘stimiz, aziz mehmonimiz Muyassar Xolboyevnaga beramiz. Qani-i, marhamat. Qadahni qo‘lga olib-da, o‘rtoqjon. Axir davradoshlarning hurmati, degandek… E-e, rahmat. Qani?
Muyassarning dimog‘iga o‘tkir spirt hidi urildi. U uch-to‘rt og‘iz gapirgan kishi bo‘lib, qadahni dasturxonning bir chetiga qo‘ygan edi, Salima shang‘illadi:
– Hay-hay! Bunaqasi ketmaydi, Muyassar Xolboyevna. So‘z isboti bilan! Surxonda so‘ylagan ichadi, qani-i, oling, yerga qo‘ymasdan olish kerak. Irimi shunday. Oxirigacha!
Muyassarning jahli chiqib ketdi: “Qayerdagi “ikkichi” menga buyruq beryaptimi? Ahmoq! Sinfda o‘tirar eding bir chetda sochingni bit bosib, endi to‘rt so‘m topdim deb…”
Oldida turgan qadahni jahl bilan yanada nariroq surib qo‘ydi:
– Men ichmayman! – dedi u qovoqlarini uygancha hech kimga qaramay.
– Majburlama, – dedi qizlardan biri. – Har kimning ixtiyori o‘zida. Hali u ishga borishi kerak, bemorlarning oldida og‘zidan aroq hidi kelib tursa, yaxshi emas-da.
Salima bir boshdan hammaga so‘z berib chiqdi, deyarli hamma so‘zini “isbotladi”. Quyuq-suyuqlar orasida oyoq yozish uchun o‘yinga tushishdi. O‘yinni madaniyat uyida ishlaydigan Maysaraxon arabcha raqs bilan boshlab berdi. U ilk bor maktabda bitirar yillari arabcha raqsga tushib bergan, o‘shanda bu harakatlar unga juda yarashgan, hammaning havasi kelgandi. Endi esa yoshi qirqqa yaqinlashib qolgan, bir qop go‘shtga aylangan xotin…
Qadrdon kuyni qo‘yib, davraboshi Salimaxon “Maysar-r!” deyishi bilan o‘rnidan turib, beldan pastrog‘iga qiyalatib popukli ro‘mol bog‘lab oldi. Keyin davraning o‘rtasiga chiqib, napramachdek  dumbalarini goh u tomonga, goh bu tomonga uchirib, lorsillagan ko‘kraklarini silkitib, bir qilpilladi-ey, kulaverib, hammaning ichagi uzildi. Keyin “Mustahzod” yangradi, unga zulukdek qilib bo‘yalgan qoshlarini chimirib, qovoqlari osilib qolgan ko‘zlarini noz bilan suzib, La’lixon chiqdi. O‘ynamagan odam qolmadi. Muyassarni ham raqsga tortishdi. Bir vaqt qarasa, soat o‘nta kam ikki: “Komissiya bor edi-ya!..” U hamma bilan shosha-pisha xayrlashib, ko‘chaga yugurdi. “Boshliq yo‘qligimni bilib qolmasin-da”, deb tili tanglayiga yopishgancha yugurib borarkan, dasturxonda qo‘l urilmasdan qolib ketgan noz-ne’matlar ko‘z oldidan ketmasdi. Hammasi og‘izda erib ketadigan, bir-biridan totli edi. Lekin u-bulardan bir-bir totingan bo‘ldi-yu, keyin ishtahasi bo‘g‘ilib, to‘rsaygancha o‘tiraverdi. Ishxonasiga kirar-kirmas qorni ochdi.
Kunni yakunlab, o‘ringa cho‘zilgach, xurrak otib uxlayotgan eriga qarab yotib, undan yashirgan bazmni esladi. U haqiqatan ham bozorchi sinfdoshlarini hech qachon o‘ziga teng ko‘rmagan, garchi hamisha ularning iltimoslarini bajarib yurgan bo‘lsa ham. Bu xotinlar ham Mushshiga bejiz “Muyassar bizni pisand qilmaydi”, deyishmagan. Muyassarning ko‘zlaridanmi, so‘zlarining ohangidanmi, ko‘nglidagi bepisandlikni sezib qolishgandirki, Mushshiga shunday deyishibdi. Axir… bechoralar boshqa nima ish qilishsin. Har kim qo‘lidan kelgan ishni qiladi-da. Birov doktor, birov bozorchi… Hammasi ham bola-chaqa deb yugurib yurgan ayollar-da. Buning uchun ularni ayblab bo‘ladimi?
U sekin o‘rnidan turib, o‘g‘illari yotgan xonaga o‘tdi. Bolalarning usti ochiq, pardalari bir chetga surilib, lang ochiq qolgan deraza ortidagi bir parcha osmonda barkashdek yaltillab turgan to‘lin oy xonani sutdek oppoq nurlariga cho‘mib tashlagandi. U ohista borib, derazani yopdi, pardani to‘g‘rilab qo‘ydi, so‘ng beozorgina pishillab uxlayotgan bolalarining yoniga bir-bir o‘tib, ustlarini yopib qo‘ydi. Bir uyda yashab turib, uning yuragi bir umr sog‘inchdan simillab turadi. Ertalab ishga shoshadi, kechqurun horib-tolib qaytgan holiga bir dunyo uy yumushlarini bajaradi: pishir-kuydir, yig‘ishtir, yuv-chay, dazmol… Egizaklari ertak eshitishni juda yaxshi ko‘rishadi. Ba’zan ularga ertak aytayotib, ulardan oldin o‘zi uxlab qoladi. Eri hamisha “Bir stavka ishla, o‘zingni qiynama. Bolalar bilan ko‘proq uyda bo‘lasan”, der edi. U esa atrofidagi ba’zi hamkasblari ish talashib, bir yarim o‘rin ishlab, yana tinmay navbatchiliklarda ham turayotganiga qarab, “Ulgurayapman-ku. Bolalar ham birpasda ulg‘ayib qolishadi. Bir emas, uch o‘g‘il!..” deb, bir yarim o‘ringa ikki-uch navbatchilik ham qo‘shib olgandi. Pulning esa sira barakasi yo‘q, kam bo‘lganda tejab ishlatarkan odam, ko‘p bo‘lganda ham ishlatilib ketaverarkan. Ayniqsa, manavi “gap”larga aralashib qoldi-yu, ham vaqtining, ham pulining barakasi uchdi. Har ikki-uch kunning birida Toshgul opa “Muyassarjan-uv” deb kirib keladi:
– Jumagul hamsoyaning otasi o‘tib qolibdi. Gapdoshlar yig‘ilishib, bir o‘tib kelishimiz kerak. Dasturxon uchun yigirma mingdan pul yig‘ayapmiz.
– Oydinning onasi ming oyning yuzini ko‘ribdi, akalari katta to‘y qilib berishayotgan ekan, restoranda! Bizni ham shu kunlarga yetkazsin. Xudo xohlasa, shanba kuni birga-birga o‘tamiz. Har doimgidek dasturxoniga yigirma ming, shunday tabarruk onaxonning yelkasiga ham arziydigan biron narsa tashlamasak bo‘lmaydi, dasturxondan dasturxonga o‘tib yuradigan isqirt mato bo‘lmasin, eslab kiyi-ib yuradigan bir narsa olaylik, deyapmiz. Unga ham yigirma mingdan yig‘ayapmiz.
Ba’zan Toshgul opa uning ensasi qotayotganini sezib qolib, ranjib ham qo‘yadi:
– Hay-hay, singiljonim, yaxshi-yomon kunlaringizda yoningizda turib beradigan qadrdonlar hamisha kerak. Hali siz ham to‘ylar qilasiz, o‘shanda bu pullaringiz, albatta, o‘zingizga qaytib keladi.
Toshgul opa chiqib ketgach, u yopiq darvozaga qarab, oshkora g‘ijinadi: “O‘rtadagi pulning bir qismi sizning jig‘ildoningizga ketayotganini bilmasam ekan!”
Buyoqda Mushshi o‘lgur ham qo‘ymaydi:
– Maysara qiziga to‘y olayotgan ekan. Shunga borish kerak. O‘n besh mingdan yig‘ishtirayotgan edik.
– Yo, tavba! To‘y olayotgan bo‘lsa, to‘y yegani bormaymizmi? Unga to‘yona berib nima qilamiz?
– Bilmasam… Salima shunday dedi. Bechoraning qo‘li yupqa, yordam beraylik, dedi.
– Ha, mayli. To‘y-po‘ylarga chiqmayaptimikin? – kuladi bu.
– Nima deyapsan? Uning no‘miri o‘tib bo‘lgan, uni kim to‘yga chaqiradi?
Hafta o‘tmay yana keladi boshini qiyshaytirib:
– Oynaobod qaynisinglisini chiqarayotgan ekan. Shunga dasturxon uchun…
– Uf-f!.. Hay, men-ku, doktorman, oyligim yaxshi. Shundayam “dod” deb yuborgim keladi, sen bechora qanday qilayapsan arzimagan maosh bilan?
Mushshi nimadandir xijolat tortayotgandek ayanchli iljayadi:
– Xatga tushding, o‘tga tushding, deyishgan-ku, “gap” ham xatning biri ekan. Bir amallayapman-da.
U ba’zan Mushshi uchun ham to‘lab yuboradi:
– Bolalaring oylikchi bo‘lib, puling ko‘payganda qaytararsan…
Tushlik payti halloslab, ana shunday tadbirlarning biridan kelib turgan edi, ota hovlisidagi eng yaqin qo‘shnilaridan biri kelib qoldi. Bu opaning eri bir umr tumandagi eng katta avtokorxonaning boshlig‘i bo‘lib ishlagan, lekin o‘zi kattaga ham, kichikka ham bir xil muomala qiladigan ajoyib ayol. Shuning uchun Muyassarning onasi bu ayolni juda yaxshi ko‘rardi.
So‘rashib ulgurmasdan ayolning yo‘tali tutib qoldi, opa g‘ujanak bo‘lib, uzoq yo‘taldi.
– Tinchlikmi, Qanoat opa? Yana yo‘talayapsizmi?
Opa qo‘l siltadi:
– E-e, kunim qursin mening. Birov yonimda turib rayhon ezg‘ilasa ham nafasim bo‘g‘ilib, yo‘tal tutib qolayapti. Akangiz remont boshlagan, eshik-derazalar bo‘yoqdan chiqquncha uch-to‘rt kun onangiznikigami, singlimnikigami borib turay, uyda o‘zingiz bor, kelin bor desam, yo‘q, uyda bo‘l, deb turib oldi. Mana endi, yigirma kundan buyon yo‘tal to‘xtamaydi. Ichaklarim ham buralib qolgandek bo‘layapti. O‘g‘lim tog‘dan asal olib kelgan ekan, toza asal, har nahor och qoringa bir qoshiqdan yeng, degan edi. Uch-to‘rt kun yesam, butun a’zoyi badanimga parcha-parcha qizil toshma toshib ketdi. Endi bu nimasi bo‘ldi deb, yoningizga keldim.
Muyassar bosh chayqadi:
– Voy, opajonim-ey, o‘zingiz bilmagan holda vujudingizda uxlab yotgan kasallikni uyg‘otib yuboribsiz-ku. Axir asalni asalarilar necha xil gulning changidan yig‘ib oladi, shuning uchun asal eng kuchli allergen hisoblanadi, rayhon, bo‘yoq – bular ham o‘tkir allergenlar. Endi besh-olti kun kuchliroq muolaja olishingiz kerak. Iloji bo‘lsa, yotib davolaning.
Qanoat opa kasalxonada yotib davolanishga rozi bo‘lmadi. Dorilarni hamshira qizlarga olib keltirib, shu yerda birinchi kungi muolajani olib qo‘ya qoldi. Muolajaxonada ozroq yotib, picha yengil tortgandek bo‘ldimi, chehrasi yorishib, Muyassarning yoniga kirdi.
– Kuchli taomlardan o‘zingizni tiying. Qat’iy parhezga rioya qiling, – deb tayinladi Muyassar.
Qanoat opa kulib bosh chayqadi:
– Ertaga “gap”imiz bor edi-ya. Endi dasturxonning boshida ko‘rmak bor-u, yemak yo‘q, deb o‘tirarkanman-da.
Eshikdan chiqayotib, iziga qaytdi:
– Menga qarang, Muyassarxon! Sizni bir joyga taklif qilsam, nima deysiz? Masalan, deylik, bizning davramizga. Bir-biridan ajoyib xotinlar yig‘ilgan, deng. Biri prokurorning onasi, birovining o‘g‘li hokim muovini, birovining o‘zi katta tadbirkor, nechta do‘kon, restoranlari bor. Nimaga ishingiz tushsa, o‘sha sohaning kaliti yoningizda bo‘ladi. Oramizda do‘xtir yo‘q. Aslida, bu davraga har kimni ham qo‘shavermaymiz, deb kelishganmiz. Bir safar ularga siz haqingizda gapirsam, singlingizni bizdan qizg‘anib yurmasdan, davramizga olib keling, biz bilan ham tanishtiring, deyishdi. A-a, nima deysiz? Sizga manavu kasallaringizdan nima naf? Eshigingizdan chiqishi bilan sizni unutib yuboradi. Siz ham bundoq katta davralarga qo‘shiling. O‘g‘illaringiz katta bo‘layapti, sinab-ko‘rib, birontasi bilan quda bo‘lishingiz mumkin.
Muyassar juda noqulay ahvolga tushdi. Bu ayolga “yo‘q” deyish qiyin edi. “Xo‘p” desa… Shuncha “gap”ga ulgurishi ham oson emas.
– Opa, erim picha injiqroq odam. Bir oldilaridan o‘tishim kerak.
– Yo‘q, desa, o‘zimga ayting. U kishiga ham kalit topaman, – kuldi opa.
– O‘zim…
– Emasam, g‘ayrat qiling.
Eri ishdan kech qaytdi, charchaganmi, nimagadir kayfiyati ham yo‘q edi. Boshqa payt bo‘lganda Muyassar indamay qo‘ya qolgan bo‘lardi, ammo opasi tushmagur ertaga ertalab qo‘ng‘iroq qilaman, degan…
Eriga opaning taklifi yoqmadi:
– Men u davrani bilaman, boshlig‘imizning onasi ham shu davrada. Noxosdan og‘zingdan bir gap chiqib ketsa, onasi orqali boshlig‘imning qulog‘iga yetadi-da, baloga qolaman. Tinchgina yur, xotin. Uy-joyimiz, binoyidek turmushimiz, bolalarimiz bor. Yana nima kerak bizga?
– Voy, dadasi! Odamzod yanayam yaxshiroq bo‘lishga intilishi kerak, hech qachon bir joyda qotib qolmasligi kerak. Suv ham bir joyda turib qolsa, sasiydi. Boshlig‘ingizning onasi bo‘lsa, yanayam yaxshi. Ko‘nglini topsam, martabangiz oshadi. Shunday tanishlarim borki, kazo-kazolar bilan “gap” yeyish uchun har oyda bir marta samolyotda Toshkentga borib keladi! Sizni qarang-u… Bolalaringiz o‘sayapti, o‘zlari bilan birga ularning xarajatlari, ehtiyojlari ham o‘sayapti. Ertaga ularni o‘qishga joylashtirish, ishga joylashtirish bor. Shunday paytda bir qo‘llab yuboradigan tanishga zoriqib qoladi odam.
Xullas, u dedi, bu dedi, eri bechora “Bilganingni qil” deb ters burilib yotib oldi. Anchadan so‘ng yana to‘ng‘illadi:
– Hayronman, o‘sha kampirlar bilan nimani gaplasharkansan? Ular bir umr oldin erining, endi o‘g‘illarining topganini yeb, uyda o‘tirgan xotinlar bo‘lsa.
– Bir gap bo‘lar.
Birpas o‘tgach, eri o‘rnidan turib o‘tirdi:
– Hay, menga qara!
Muyassarning ensasi qotib, unga tomon o‘girildi:
– Ha-a! Yana nima deysiz?
Eri lom-mim demasdan, ancha payt unga tikilib turdi. Muyassar jahl qilib, yana orqa o‘girib oldi.
– Sen xotin, juda o‘zgarib ketding. Bilib qo‘y, menga sen olib beradigan mansab umuman kerak emas. Bolalar bo‘lsa, sog‘-omon, esli-hushli bo‘lib ulg‘ayishsa, sen bilan men kabi o‘z yo‘llarini topib ketishadi.
Muyassar bir narsa desa, janjal katta bo‘lib ketishini bilib, indamay qo‘ya qoldi: “Tavba! Nima, u buzuqlik qilgani boryaptimi? Shunday boobro‘ ayollarning davrasi bo‘lsa! Boradi, baribir boradi. Osib tashlasa ham boradi. Ko‘chada bo‘l, ko‘yda bo‘l, er kelganda uyda bo‘l, deyishgan. U ham eri ishdan qaytguncha uyda bo‘ladi”.
Ertasi kuni eri odatdagidek hammadan avval ketdi. Uning tezroq ketishini poylab turgan Muyassar kiyinmasdan hali oshxonada, hali bolalar xonasida kuymalanib yuraverdi. Choy damlab, dasturxonni tuzab qo‘ydi-yu, ammo eriga gap qo‘shmadi. Eri ham indamadi. Bir og‘iz gapirmasdan choyini ichdi-da, xo‘shlashmasdan chiqib ketdi. Muyassarning yuragi g‘ashlangan bo‘lsa-da, ich-ichida qahrlanib turgan “men”i qo‘l siltadi: “Tokaygacha? O‘zi bir ish qilsa, mendan maslahat so‘rab o‘tirmaydi-ku”.
Shu kayfiyat bilan bolalarini o‘qishga kuzatdi. Salonda ishlaydigan qo‘shni kelinni chaqirib sochini turmaklattirdi. So‘ng bisotidagi bor taqinchoqlarni taqib, yaqinda olgan, u yer-bu yeriga yaltiroq tosh qadalgan qora ko‘ylagini kiyib ishga bordi. Undagi o‘zgarishni hamshirasi darhol sezdi:
– Ochilib ketibsiz, Muyassar Xolboyevna!
Muyassar unga qarab, ko‘z qisib qo‘ydi:
– Boradigan joyim bor edi. Soat o‘n birdan keyin bosh vrach so‘rasa, uchastkaga chiqib ketdi, deb qo‘yasiz.
– Xo‘p bo‘ladi.
U ancha kechikib boribdi. Katta dasturxonning girdini to‘ldirib o‘tirgan ayollarning hammasi, Muyassarning nazarida biroz malollangandek o‘rinlaridan turib, ko‘rishishdi. Kechikib kelib, yoshi bir joyga borib qolgan boy xotinlarni qo‘zg‘ab qo‘ygani uchun xijolat tortdi. Beixtiyor toshbaqaga o‘xshab boshini ichkariga tortdi. Shu o‘tirishida o‘zini Mushshiga o‘xshatib yubordi: “Sho‘rlikkina”.
Qanoat opa to‘rdan boshlab, davradoshlarni tanishtirib chiqdi:
– Bu kishi Saltanatxon, rahmatli xo‘jayinlari general bo‘lganlar, hozir o‘zlari “general”. Olti o‘g‘il-olti kelin, to‘rt qiz-to‘rt kuyovni o‘zlari boshqaradilar. Ikki o‘g‘illari prokuror. Bu kishi hokimimizning onalari. Bu kishi…
Xullas, hamma zo‘rlar yig‘ilgan edi. Xonada qovurilgan, qaynatilgan, dudlangan go‘sht, yangi uzilgan ko‘katlar, antiqa pishiriqlar hidi bilan nafis atir-upalar hidi qo‘shilib ketgan, har-har zamonda bir totinib qo‘yayotgan mehmonlar qo‘llarini qovushtirgancha, yonidagi sherigi bilan g‘ivir-shivir gaplashib o‘tirardi. Faqat quyiroqda o‘tirgan boshqalardan nisbatan yoshroq, aftidan mavqei ham pastroq bir ayol tinmay pitir-pitir qilib, dam o‘tirganlarni taomga undar, dam birini qo‘yib, birini maqtar, ora-sira askiyalar aytib, hech kim kulmasa ham, o‘zi vaha-xalab kulardi.
Bir vaqt Muyassarning yonida o‘tirgan ayol u tomon xiyol egilib, o‘zicha dasturxonga taklif qilgan bo‘ldi:
– Nega hech narsa yemayapsiz?
Muyassar dasturxon naqshlariga qaradi:
– Yedim, opa, yeyapman.
So‘ng ayol unga tomon biroz surilib, yarim ovozda arz-hol qildi:
– Bir sanchig‘im bor, desangiz, o‘n besh yildan beri hali u yerimda, hali bu yerimda paydo bo‘lib, azob beradi. Ko‘rinmagan do‘xtirim qolmadi. Qanoatxon sizni rosa maqtadi, menga ham bir maslahat bermaysizmi?
– Bajonidil, – shundayin kibor davrada unga ham kimningdir ishi tushganidan sevinib ketdi. – Faqat analizlar topshirib, bir-ikki apparatlarimizning tekshiruvidan o‘tishingiz kerak bo‘ladi.
– Qachon borsam bo‘ladi?
– Istagan paytingizda boravering, har kuni ishdaman. Faqat uydan chiqishingizdan avval bir qo‘ng‘iroq qilib qo‘ysangiz, bo‘ldi. Ovora bo‘lib borsangiz, biron joyga bemor ko‘rgani ketib qolgan bo‘lmay, deyman-da.
Xullas, dushanba kuni to‘rt davradosh birga-birga Muyassarning qabuliga boradigan bo‘lishdi. Ochilib-sochilib o‘tirmagan bo‘lsa ham Muyassar uyga ko‘ngli yorug‘ orzu-xayollar bilan to‘lib qaytdi. Hadeb bidir-bidir qilib, o‘zi gapirib, o‘zi kulib o‘tirgan sergap ayolni aytmasa, hammasi og‘ir-bosiq, bama’ni ayollar edi. Sergap ayol o‘zining zimmasiga hamma tashkilotchilik yumushlarini ham olgan, shekilli, o‘rtadagi pulni ham o‘zi yig‘ib oldi, undan tashqari yana bir dunyo tadbirlarni e’lon qildi:
– Shu oyning yakshanbasida Muhabbat opaning yetmish besh yillik yubileylarini nishonlaymiz. Keyingi juma Ma’rifatning eriga ma’raka qilishar ekan. Yuzta somsa buyursam, bo‘ladimi? Unga yigirma ming so‘mdan pul berasizlar. Yigirma beshinchida Gulnora opa nevarasiga aqiqa qilayotgan ekan. Bir maslahat qilib, xarajatlarini telefonda aytaman. Payshanbada…
Xullas, Muyassar har ehtimolga qarshi deb yuz ming so‘m olib chiqqan edi, haligi ayol unga dedi, bunga dedi, hammasini oldi-qo‘ydi. O‘rtada aylanadigan yuz dollarni uning uchun Qanoat opa berdi. “Ha-a, katta davralarning harajati ham katta bo‘ladi-da. Chidash kerak, – o‘yladi Muyassar. – Navbatchilikni ko‘paytirsammikin?” Bu, albatta, eriga yoqmaydi: “Boylarga qo‘shilib, otimni chopdim, otimdan yiqilib, qumlarni qopdim, deyishgan ekan. Holingga qarab ish qil, xotinboy”. “E-e, yomon mijg‘ov bo‘ldi-da shu odam ham!.. Shuning maslahati ham, yordami ham kerak emas, o‘zim topaman. Key-i-in, vaqti kelganda aytaman. O‘sha davralarga shunday niyatlar bilan qo‘shilgan edim, siz esa ko‘rkundoshdek bo‘lib yeb qo‘ygandingiz, deyman”.
U shu paytgacha sira ham bemorlariga ta’magirlik qilmagan edi. O‘sha kuni doimiy mijozlaridan biri kelib, ketayotganda “yo‘q” deganiga ham qo‘ymay, cho‘ntagiga pul tiqib ketdi. Xonada hech kim yo‘q edi. Bemor eshikdan chiqib ketishi bilan tashlab ketilgan pulni sanab ko‘rdi: “Yigirma ming so‘m. Qanday yaxshi! Kechgacha yana o‘n besh-o‘n olti kishi qabul qilsa, insofi borlar o‘n mingdan tashlab ketishsa ham, picha pul yig‘ilib qoladi. Lekin ba’zilar bezdek bo‘lib, indamay chiqib ketaverishadi. Noinsoflar!”.
Navbatdagi bemor ochgan eshikdan qattiq-qattiq ovoz eshitildi. Bu har doimgi shovqinlardan boshqacharoq edi. U hayron bo‘ldi. Birpasdan keyin rangi qumdek oqargan hamshira qiz kirib keldi:
– Muyassar Xolboyevna!.. Jasur Tilovmurotovichni pogonli odamlar olib ketishdi.
– Nega? – Muyassarning yuragi “shuv” etib ketdi.
– Nogironlikka chiqishi kerak bo‘lgan bir kasalga ellik ming bersang, byulleten qilib beraman, degan ekan. Haligi kishi yigirma ming berayin, deb rosa yalinsa ham ko‘nmabdi. Bechora qo‘li yupqaroq ekan. Pul topa olmagandan keyin ichki ishlarga arzga boribdi.
Muyassar beixtiyor qo‘lini cho‘ntagiga solib, haligi yigirma mingni ushlab, qattiq g‘ijimladi: “Yo, Xudoyim, endi nima qilaman?!”
Hozir eshigi ochilib, uning xonasiga ham Jasur Tilovmurotovichni ushlaganlar kirib keladigandek bo‘laverdi. Sharmanda! Yer yorilsa-yu, yerning tagiga kirib ketsam!.. Ha, falonchining qizi, yoki falonchining onasi pora bilan qo‘lga tushib, qamalib ketibdi, degan isnoddan ko‘ra yerning tagiga kirib ketish, o‘lim ming marta afzal edi. Uning nafasi bo‘g‘ziga tiqilib qolganday bo‘ldi. O‘rnidan turib, deraza tomon o‘tdi, ortiga qarab, hamshiradan bir piyola suv so‘radi. Hamshira burchakdagi stol ustida turgan chelakdan piyolaga suv olib, uning yoniga kelguncha uchinchi qavatdan pastga bir nazar tashladi-da, hamon qo‘li bilan qattiq g‘ijimlab turgan pulni pastga tashlab yubordi. So‘ng hamshira uzatgan suvdan bir ho‘plab, joyiga o‘tdi. Ammo o‘ziga kelolmadi. Peshonasiga tepchigan muzdek ter donalarini kafti bilan sidirib, unga anqayib qarab qolgan bemorga yuzlandi. Xuddi ko‘nglidagi fikru xayollar ko‘zlaridan anglashilib turgandek xijolat tortdi:
– Bechoraning bir uy bolasi bor edi-da.
Bemor ayolning sarg‘imtil yuzi burishdi:
– Bola-chaqa kimda yo‘q, singlim? Xastalanib, ishga yaramay, bir so‘mga zor bo‘lib yurgan odamdan ham pul so‘raydimi? Insof ham kerak-da!
Shu bilan ikki-uch kun o‘ziga kela olmay yurdi. Xuddi pul bergan bemor borib shikoyat qilgan-u, hali zamon eshikdan tekshiruvchilar kirib keladigandek bo‘laverardi. Butunlay halovatini yo‘qotdi. Bu orada Qanoat opa ikki marta qo‘ng‘iroq qildi, pulini so‘ramagan bo‘lsa ham, Muyassar xijolat tortdi. Milliard-milliard odam siqqan keng dunyo uning ko‘ziga tor ko‘rinib qolgan edi: “E-e, qaysi go‘rdanam shu “gap”larga qo‘shildim”. Xarajatlari ko‘payganidan buyon eshikdan kirgan har bir bemor ko‘ziga pul bo‘lib ko‘rinadigan bo‘lib qolgan edi. Ish tugagandan keyin ham “Balki birov-yarim kelib qolar”, deb o‘tiraverardi…
Ilgari maosh oldi deguncha do‘konga kirib, bolalarining og‘ziga yoqadigan biron narsa xarid qilardi. Endi kunora bir yig‘in, uncha-muncha pul Chambilga chiroq ham bo‘lmaydi, yemay-ichmay yig‘ib qo‘yadi.
Boy xotinlarning birining yubileyiga aytishgan edi, negadir sira oyog‘i tort­madi: “Mazam bo‘lmay turibdi, ish ham ko‘p” deb aytilgan pulni berib, qutulib qo‘ya qolmoqchi bo‘ldi. Qanoat opa qo‘ymadi:
– Baraka topgur, hozir yurmasangiz, qachon yurasiz? Yaxshi kishilarning to‘ylarini ko‘ring, shunday to‘ylar qilayin deb, havas qiling.
“Uf-f! Bu yig‘inlarga borishning o‘zi bo‘lsa ekan… Hamma ko‘ylaklarini necha martadan kiyib borgan. Bu xotinlarning davrasida bir ko‘ylakni qayta-qayta kiyish juda noqulay. Har safar falon so‘mga soch turmaklatishi kerak. Uyam tekin emas”.
Erini ishga kuzatgach, “salon”chi kelinni uyga chaqirdi:
– Sochimni bir narsa qilib qo‘ying, to‘yim bor edi.
Kelin naq yarim soat urinib, boshida ajabtovur mo‘jiza yaratdi. Ishi tugagach, uni gir aylanib, o‘zining ishidan o‘zi mamnun jilmaydi:
– Juda ochilib ketdingiz. O‘zingizga ham yoqdimi?
– Juda ham! Qo‘lingiz dard ko‘rmasin.
Uydan chiqayotgan payt onasi qo‘ng‘iroq qildi, ovozi juda xasta edi:
– Muyas, qizijonim, juda mazam yo‘q. Chap ko‘kragimning tagi sanchgani-sanchgan. Hech nafas olishga bermayapti. Bugun ishingdan javob so‘rab, meni Termizning katta do‘xtirlariga ko‘rsatib, rengenga, kompyuterga tushirib kel, bolam.
Muyassar bir zum jim qoldi, onasi ham yoshi o‘tgan sayin juda injiq bo‘lib borayapti-da. Agar o‘zi shifokor bo‘lmaganida ham mayli edi… Onasi tumandagi do‘xtirlarning hammasini savodsizga chiqarib, o‘ziga o‘zi tashxis qo‘yadi. O‘zi ham tinmaydi, atrofidagilarni, ayniqsa, Muyassarni tinchitmaydi. Ne hasratda qildirgan turmagini beixtiyor silab qo‘ydi: “Yubiley o‘lgur bo‘lmaganda ham mayli edi”.
– Muyas, Muyass! – onasining betoqat ovozi eshitildi.
– Ha, ona?
– Meni eshitayapsanmi?
– Ha, ona.
– Olib borasanmi? Juda mazam yo‘q-da, bolam. Akangga aytsam, mening ishim ko‘p, qizingizga ayting, hamkasblariga ko‘rsatadi, deydi. Shuning uchun…
– Xo‘p, ona, ishdan javob olaman-da, bir taksi ushlab, yoningizga o‘taman, – so‘ng o‘zini tinchitdi: “Bitta tomografiya bilan rentgen bo‘lsa, yubileyga bemalol ulguraman”.
Osmonning bir chetida qorayib turgan bulut to manzilga yetib olgunlaricha butun osmonni qoplab oldi. Mashinaning ochiq derazalaridan muzdek sovuq havo va nam tuproq hidi urildi. Ko‘p o‘tmay, sharros yomg‘ir quyib yubordi.
– Oynalaringizni yoping-ey, – zorlandi momo.
Haydovchi xijolat bo‘ldi:
– Kechirasiz, momojon. Mana, mana, yopdim. Yo, tavba! Hozirgina quyosh charaqlab turgan edi-ku? Odamni shoshirib qo‘ydi-ya.
Muyassar haydovchidan iltimos qilib, mashinani rentgenxonaning ostonasigacha haydatdi. Rentgen suratlarini olib chiqishganda yomg‘irning shashti ancha pasaygan, ammo hamon tinimsiz yog‘ib turardi. Tomografiya kasalxonaning narigi boshida joylashgan edi. Muyassar ichkaridan nogironlar aravachasi so‘ragan edi, yelka qisishdi: “Bizda unday narsa hech qachon bo‘lmagan”. Tomografiyaga yetib borishguncha oyoqlarini sudrab zo‘rg‘a ilgarilayotgan kampir ham, ertalabdan hammani, hatto egasini ham hayratga solgan soch turmagi ham yomg‘irda ivib, adoyi tamom bo‘ldi. Muyassar avvaliga sumkasidan bitta gazeta chiqarib, bir qo‘lida gazeta bilan boshini pana qilib, ikkinchi qo‘li bilan onasining tirsagidan ushlab, yurishiga ko‘maklashmoqchi bo‘ldi. Eplay olmagach, jiqqa ho‘l gazetani yo‘l chetidagi ariqqa uloqtirdi. Ertalab “salon”chi kelin sepgan shishiruvchi, qotiruvchi, yaltiratuvchi kimyoviy qorishmalar yomg‘ir suvida erib, allanechuk shilimshiq moddaga aylanib, peshonasi, chakkalaridan oqar, unga sari keksa onaning yurishi tobora sekinlashar edi: “Uf-f! Odamzod buncha o‘zini yaxshi ko‘rmasa?! Bu kishim do‘xtirma-do‘xtir yurib, qaytadan o‘n sakkiz yashar bo‘ladilar!”
Baribir bo‘lmadi. Kimnidir kutib, yo‘lak chetida mashinasini to‘xtatib turgan bir yigitdan iltimos qilib, tomografiya bo‘limining ostonasigacha mashinada borishdi. Tomografiya xulosasi tayyor bo‘lgach, onasi bo‘lim mudirining xonasida o‘tirib buyuraverdi, Muyassar u bo‘limdan bu bo‘limga chopib, onasi so‘ragan mutaxassislarni olib kelaverdi. Eng oxirida chaqirilgan do‘xtir tomoq, burun, quloq bo‘yicha mutaxassis edi. U o‘rta yoshlardagi tepakal kishi ekan, yumshoqqina divanning bir chetida o‘tirgan kampirga qarab, keng yuzlariga tabassum yoyildi. Qo‘lidagi kichkinagina chamadonini stolning bir chetiga qo‘yib, momoning qarshisiga o‘tirdi:
– Xo‘sh, momojon, damliginamisiz? Sizni nima bezovta qilayapti? Xo‘sh, quloq joyida, burun joyida, tomoqdan ovqat o‘tib turibdi. Bizga yana qanday shikoyatingiz bor?
Yomg‘irdan pana, iliqqina, yumshoq joyda o‘tirib, ozroq nafas rostlab olgan kampirga do‘xtir yigitning ochiqqina muomalasi xush yoqdi:
– Endi, uka, to‘g‘risini ochiq-ochiq aytsam, aybsitmang. Burnim bilan bir yilda bir shimgirmayman, lekin tomog‘imning yo‘lidan allaqanday shilimshiq narsa keladi, vaqt-bevaqt qoqirishga to‘g‘ri keladi. Ba’zan yonimda mehmon-pehmon bo‘lib qoladi, juda uyalaman. Shu-u, burunning teshigi bitib qolganmi, deyman, agar shunday bo‘lsa, besh-olti kun qiynalsam ham teshtirsam, devdim.
Do‘xtir Muyassarga qarab, ko‘zini qisib qo‘ydi-da, chamadonchasini ochdi:
– Ahvol jiddiyga o‘xshaydi-ku. Qani, bir yaxshilab tekshirib ko‘raylik-chi.
Ko‘rib-ko‘rib, yana kuldi:
– Xo‘sh, momojon, sizga bir voqeani aytib beray. Ikki kishi do‘stlashib, biri birini mehmonga chaqiribdi. Mezbonning bolalari juda yosh ekan, qo‘shni xonada rosa shovqin-suron qilib, suhbatga xalal beribdi. U bundan xijolat bo‘lib, “Kechirasiz, do‘stim, bolalarim yosh, bizniki doim shunday, baqiriq bilan hayqiriq”, debdi. Mehmon esa unga havas bilan tikilib o‘tirgan emish: “Siz juda baxtli odam ekansiz. Biznikiga borsangiz, qoqiriq bilan tukurik. Eru xotin uchramagan tabibimiz qolmadi. Bir tirnoqqa zormiz”, degan ekan. Bu bilan nima demoqchiman? Inson hayotida baqiradigan ham, tupuradigan ham fasl bo‘ladi. Buni tabiiy jarayon sifatida qabul qilish kerak, xolos. Sizda davolanishi kerak bo‘lgan hech narsa topmadim. Bittagina patalogiya – yuragingiz notekis urayapti. Buni qizingizning o‘zi davolab tashlaydi, sizga begona do‘xtirning umuman keragi yo‘q.
Sertabassum do‘xtirning baqamti kelib, kulib-kuldirib tekshirgani, gurung­lashganidan yayrab o‘tirgan momo birdan so‘lib qoldi:
– Unda… nega mening bu qadar mazam yo‘q?
Do‘xtirning cho‘ntagidagi telefon jiringlab qoldi, telefonni qo‘liga olib bir qaradi-da, o‘chirib qo‘ydi:
– Momo, ruhni ko‘taring. Shunda hammasi yaxshi bo‘ladi. Nechada bo‘ldingiz? Sakson oltida? Eh-he! Qani, menga bir duo bering bo‘lmasa, biz ham sizning yoshingizga yetib yuraylik.
U eshikning yoniga yetganda iziga qaytib kelib, shalpayib o‘tirgan momoning qulog‘iga engashib, shivirladi:
– Men sizga emas, siz menga maslahat berishingiz kerak, aslida. Masalan, odam qanday yashasa, sakson olti yoshga kiradi? Buni men bilmayman, siz esa bilasiz. Yashang!
Muyassar ko‘chadan mashina tutib keldi. Kelishayotganda hammani og‘ziga qaratib, hech kimga gap bermay kelgan momo mashinaga juda ezgin kayfiyatda o‘tirdi:
– Ruhni ko‘taring emish! Jonim og‘rib, azob ko‘rib yotgan bo‘lsam, ruhimni qanday ko‘taraman? Bugungi do‘xtirlarga ham hayron qolasan. Hammasi g‘irt savodsiz! Rengeniyam, kompyuteri ham bir pul ekan!
Muyassarning toqati toq bo‘ldi:
– Onajon, tinchgina ketaylik. Haydovchi yigitga ham xalal berayapsiz. Men sizga aytdim, sizniki shunchaki sanchiq, ko‘chib yuradigan oddiygina sanchiq! Siz suringan bo‘lmasangiz, yiqilgan bo‘lmasangiz, sizga rentgen nimaga kerak, tomografiya nimaga kerak? Shu rentgen o‘zimizda ham bor edi. Bekordan bekorga yomg‘irda ividik, sarson-sargardon bo‘lganimiz qoldi. Iltimos, onajon, tinchgina ketaylik, mazam qochayapti.
U haqiqatan ham juda charchagan edi. Ko‘zlarini yumib, boshini o‘rindiqning suyanchig‘iga tashladi. Shu bilan onasi ham jim bo‘la qoldi. Uyga yetib kelguncha bir og‘iz ham gaplashishmadi. Ba’zan ko‘z qiri bilan o‘rindiqning bir chetida shumshayibgina ketayotgan onasiga qarab-qarab qo‘yadi, yomg‘irga ivigan bugungi kun uchun “tinch o‘tirmaydigan” onasidan qancha qahrlansa, uning ayni damdagi bechora siyog‘iga qarab, shuncha rahmi kelardi. O‘ziyam noinsof bo‘lib ketgan, ish-yig‘inlaridan vaqt orttirib, onasini izlashni ham yig‘ishtirib qo‘ydi. Bir oylarda bir izlab boradi. Qayoqdanam shu telefon o‘lgur chiqqan, har kuni bir marta “alyo-alyo, yaxshi o‘tiribsizmi, nima kamchiliklaringiz bor?” deydi, tamom-vassalom, shu bilan ona va qizning orasi ochiq.
Ota hovlisiga yetib kelgach, mashinaga javob bergisi kelmadi. U onasini ichkariga kiritib qo‘yib, tayyor mashinada uyiga yetib olmoqchi edi.
– Ketmay turing, men hozir chiqaman, – dedi haydovchi yigitga.
Inqillab-sinqillab mashinadan tushgan onasi “yalt” etib, uning yuziga qaradi. Boshqa payt bo‘lganda, “Ketasanmi?” der edi. Ammo hozir yo‘lda eshitgan dakkining alami tarqagani yo‘q, shu bois bir narsa demay, darvozaga qarab yurdi.
Muyassarning ich-ichidan nimadir uzilib, oyoqlari uchiga tushgandek bo‘ldi, shoshib sumkasidan yo‘lkira olib, haydovchiga uzatdi-da, boshi bilan “boravering” ishorasini qildi. O‘zi onasining izidan yugurdi: “Qoqilib-surinib yurmasin yana, charchab kelayapti”.
Ukasi endi ishdan kelib turgan ekan. Onasini o‘rniga yotqizgach, ertalab uydan yubileyga atab olib chiqqan bir dasta pulni ukasiga tutqazdi:
– Bozorga borib, ikki kilo yumshoqqina qo‘y go‘shti olib kelsang. Sen kelguncha kelin bilan qatpatir qilib o‘tiramiz.
Uka bir opasiga, bir qo‘lidagi pulga qaradi:
– Bu… ko‘p-ku?
– Sen olaver. Olma, banan, mayiz… Onamning og‘ziga yoqadigan bir narsalar olasan-da. Qaytguncha pochchang bilan jiyanlaringni ham ola qayt. Sizlarni bir bezor qilaylik.
Uka kuldi:
– Har kun bezor qilsangiz ham mayli, opa.
Yarim soat qadalib o‘tirib qilingan “laylak uya”ni buzib, sochlarini o‘zi bilgancha qaytadan turmaklab, bo‘yoqlar chaplashib ketgan yuzlarini yuvib, onasining yonida o‘tirgan edi, eri qo‘ng‘iroq qilib qoldi:
– Ha, tinchlikmi?
Anchadan beri eri bilan ikkisining orasida yoqimsiz bir bo‘shliq paydo bo‘lganini sezib yurar, bundan siqilsa ham, o‘zi birinchi bo‘lib, qo‘l uzatishni istamas, ba’zan shu chegaraning borligi unga ma’qul tushib borayotgandek tuyulib, qo‘rqib ketar edi. Bugun shu chegarani hatlab o‘tdi:
– Dadajonisi, bolalarni olib bir kelsangiz. Onamning biroz tobi yo‘q ekan. Qayningiz bilan keliningiz pochchamni bir mehmon qilaylik, deyishayapti.
Ertasi kuni Mushshi keldi. Mushshining qiyshayib kirib kelishiga qarab, darrov bildi: “Bu yana bir gap topib kelgan”.
To‘rga o‘tqazib, oldiga dasturxon yozdi. Choy damladi. “Hay-hay”lashiga qaramasdan, yarim kosa ovqat suzib qo‘ydi. Keyin xontaxtaning ikkinchi tomoniga o‘tirib, taraddudlangancha, kosa kovlab o‘tirgan Mushshiga tikildi:
– Mushshi, men seni juda yaxshi ko‘raman. Rost aytayapman. Hammalaringni yaxshi ko‘raman. Lekin men shu bugundan boshlab, “gap”dan chiqdim. Faqat sinfdoshlarning “gap”idan emas, hamma “gap”lardan chiqdim.
Mushshi indamay yerga qaradi:
– Navbating kelib turgan edi-da. Hammaga pul berib-berib, navbat kelganda indamay chiqib ketaverasanmi?
Muyassar qo‘l siltadi:
– Kechdim o‘sha pullardan. Istasang, ana, sen ola qol.
Mushshi yana yerga qaradi:
– Men oltinchi “igra”ni olgan edim, olti “igra” qarz bo‘lib turibman. Agar menga pullaringni berishing rost bo‘lsa, o‘sha pullar bilan qarzimni qoplab yuborardim-da, men ham shu o‘yindan chiqib qo‘ya qolardim.
Muyassar kulib yubordi:
– To‘g‘ri qilasan, bu ishlar sen bilan menga to‘g‘ri kelmas ekan!

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 5-son