Hafta voqealari №6: Qur’on musobaqasi, Toshkentning yangi hokimi, “Xalqlar do‘stligi”, Koreya tinchlik shartnomasi, Erdog‘an tashrifi

24 aprel kuni Qur’on musobaqasining Respublika bosqichi erkaklar o‘rtasida g‘oliblar aniqlandi. Erkak qorilar o‘rtasida o‘tgan musobaqaning Oliy o‘rniga esa qoraqalpog‘istonlik Yo‘ldoshbek qori Nuriddinov muyassar bo‘ldi. Unga “Jentra” rusumli avtomobil yutuq tariqasida taqdim etildi. 26 aprel kuni ayollar o‘rtasidagi Respublika qorilar musobaqasi ham yakunlandi. Oliy o‘rin sohibasi deb Toshkent Islom instituti talabasi Robiya Najmiddinova deb topildi.

26 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida o‘tkazilgan Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Toshkent shahar hokimi lavozimida 2012 yildan buyon ishlab kelgan Rahmonbek Jahongirovich Usmonov vazifasidan ozod etilib, bu vazifa ayni chog‘da Akfa Group kompaniyalari asoschisi va rahbari, ishbilarmon Jahongir Ortiqxo‘jayevga yuklatildi.

26 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Istiqlol» san’at saroyi, “Bunyodkor” metro bekati va maydoni «Xalqlar do‘stligi» eski nomiga qaytarilishi va Shomahmudovlar oilasi haykali yana shu maydonga qaytarilishini taklif etdi.

27 aprel kuni KXDR va Janubiy Koreya yetakchilari demarkatsion chiziqda uchrashdi. Kim Chen In mamlakatlarni ajratib turuvchi chiziqdan o‘tib, janubiy tomonga qadam qo‘ygan KXDRning birinchi rahbariga aylandi.

Bugun 30 aprel kuni  Turkiya Respublikasi prezidenti Rejeb Tayyib Erdo‘g‘an O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgani munosabati bilan rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.