Estoniya Rossiyadan yuz o‘girmoqda

O‘tgan oy poyonida Estoniyada prezident almashdi. Boltiqbo‘yi mamlakati Rossiya bilan aloqalar borasida qarshi kayfiyati bilan tanilgandi. Yangi prezident Toomas Ilves dastlabki bayonotidanoq ana shu qarshilik ruhini yanada kuchaytirib yubordi. Estoniya – parlament respublikasi. Demakki, davlat rahbarini saylashdek muhim vazifa ham xalq emas, mamlakat qonunchilik idorasi vakolatiga kiradi. Bu safargi saylov anchayin qizg‘in o‘tganini uchinchi turdan keyin ham prezident nomi aniqlanmaganidan bilish mumkin.

Shundan keyin respublika qonunchiligiga binoan, davlat rahbari uchun markaziy va mahalliy kengash deputatlaridan tashkil topgan saylovchilarning maxsus hay’ati ovoz berdi. Yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, sotsial-demokratlar partiyasi vakili Yevroparlament deputati Toomas Xendrik Ilves 174 ovoz bilan g‘alabaga erishdi. Uning asosiy raqibi, hozirga qadar davlat rahbari vazifasini bajargan Arnold Ryutel esa deputatlarning 162 ta ovozini to‘pladi. Ko‘rib turganingizdek, nomzodlar o‘rtasida farq u qadar katta bo‘lmadi. Boz ustiga, deputatlar yakuniy qarorga to‘rtinchi urinishda kelishgani ham respublikada yaqqol favorit yo‘qligidan dalolat beradi.

Aslida Toomas Ilvesni chorak eston, chorak shved va yarim amerikalik deyish mumkin. Xorijda dunyoga kelgan davlat rahbarining asosiy hayot yillari ham o‘zga yurtlarda o‘tgan…

Toomas Xendrik Ilves 1953 yilning 26 dekabrida Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida eston muhojiri oilasida dunyoga keldi. 1960 yillarda Ilveslar oilasi AQShga ko‘chib keldi. Shu tariqa bo‘lajak prezident Amerikaning nufuzli oliygohlaridan Kolumbiya va Pensilvaniya universitetlarini tamomladi. Universitet tahsilidan keyin Ilves Kanadada eston tili va adabiyotidan dars berdi, «Ozod Yevropa» radiosida ishladi. Keyinroq katta siyosatga kirib kelgan Toomas Ilves mamlakatining Shimoliy Amerika davlatlari bilan aloqalariga mas’ul bo‘ldi: Estoniyaning AQSh, Kanada va Meksikada elchisi vazifasida xizmat qildi. Ma’lum muddat Estoniya tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan diplomat 2004 yili Yevroparlament deputatligiga saylandi. Ma’lumotlarga qaraganda, Estoniya rahbari ingliz, shved tillarini mukammal biladi. Prezidentning shaxsiy e’tirofiga ko‘ra, u rus tilidan bexabar…

Saylov jarayonida Toomas Ilvesga asosiy raqib bo‘lgan Arnold Ryutel bir necha yillardan buyon Estoniyaga rahbarlik qilib kelgan. Xalq orasida yaxshi nom qozongan prezident o‘tgan yildagi oilaviy mojaro tufayli misqollab yiqqan obro‘-e’tiboridan mosuvo bo‘ldi. Gap shundaki, Arnold Ryutel bilan birga istiqomat qilgan nevarasi prezident yo‘qligi paytida davlat tomonidan berilgan rasmiy qarorgohga o‘z dugonalarini yiqqan. Odamlar bir necha chaqirim naridan faqat tomosha qiladigan sirli binoga kirib olgan yosh-yalanglar ko‘ngillariga kelgan noma’qulchiliklarni qilishgan. Tasodif bilan Estoniya televideniyesi xodimlari qo‘liga tushib qolgan o‘smirlarning «bayram tantanasi» yozilgan videotasvir butun mamlakatga namoyish etilgan, davlat timsoli sanalgan prezident qarorgohidagi noma’qulchilik qaynoq qonli estonlarning jahlini chiqardi. Arnold Ryutel xalqidan rasman kechirim so‘ragan bo‘lsada, oxir-oqibat beadab nevaraning qilg‘ilig‘i davlat rahbariga qimmatga tushdi.

Bundan tashqari, oxirgi paytlarda ommaviy axborot vositalari 78 yoshli prezidentning kommunistik o‘tmishi va yoshi ham bir joyga borib qolgani to‘g‘risida bot-bot yozishayotgan edi. Muxoliflar esa prezidentni siyosiy mustaqillikka ega emaslikda ayblashayotgandi. Xullas, ana shularning bari bir bo‘lib shvetsiyalik amerikacha tarbiya ko‘rgan estonga omad keltirdi.

Toomas Ilves dastlabki bergan bayonotidanoq Estoniya Yevropa yo‘nalishida ilgarilashini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Estoniya Yevropaning qudratli mafkura generatoriga aylanishi darkor. So‘nggi yillardagi diplomatlik faoliyati davomida Yevropa tuzini ichgan prezident Rossiya bilan aloqalarni ham aynan ana shu qoida asosida olib bormoqchi. Toomas Ilvesning ta’kidlashicha, Estoniyaning Moskva sari bunday keyingi yo‘li Bryussel orqali o‘tadi (Bu yerda Yevropa Ittifoqining markazi Belgiya poytaxti Bryussel shahrida ekanini eslab o‘tish o‘rinli. Estoniya rahbari katta siyosatga xos balandparvoz xitobi bilan respublikaning asosiy hamkori YeI ekani, agar Rossiya bilan hamkorlik zarurati bo‘lsa, bu Ittifoq bilan kelishuvga ko‘ra amalga oshirilishiga urg‘u bermoqda).

Xabaringiz bor, Estoniya 2004 yilning mayida Litva, Latviya kabi Boltiqbo‘yi mamlakatlari safida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lib kirdi. Ayni shu yili mamlakat NATOga ham qabul qilindi. Shu tariqa Estoniya o‘z siyosiy kontseptsiyasini Yevropa g‘oyasiga tayangan holda yangiladi. Mamlakat «Evropa uyi»ning issiq bag‘riga juda tez o‘rganganini o‘tgan yilgi referendum natijalari tasdiqladi. Yevropa Ittifoqi Konstitutsiyasini qabul qilish masalasida o‘tkazilgan referendumda estoniyaliklar bir ovozdan yagona qonunchilikni yoqlashdi. Holbuki, Frantsiya, Niderlandiya kabi YeI binokorlari bo‘lgan davlatlar aholisi ham yagona Konstitutsiya tashabbusiga qarshi chiqqandi…

Hozirdanoq Rossiya siyosatdonlari Estoniyaning yangi rahbarini tanqid qilishga astoydil kirishganlar. Aksariyat Moskva kuzatuvchilari Toomas Ilves Rossiya bilan aloqalarni bosh berk ko‘chaga olib kirishidan xavotirda. Shuningdek, Ilvesga muxolif kuchlar diplomatning asosiy ish davri xorijda o‘tganiga ishora qilib, uni eston xalqi hayotidan bexabarlikda ayblashmoqda. Yana ayrimlar esa Toomas Ilves maxfiy sur’atda AQSh fuqaroligiga egaligi va ayni paytda u Markaziy razvedka boshqarmasi agenti ekani to‘g‘risida shov-shuvli mish-mishlarni tarqatmoqdalar.

Evropaliklar fikri esa aksincha: «Arnold Ryutel garchi Estoniyaning YeIga kirishiga bosh-qosh bo‘lgan esada, ulkan miqyosdagi hamkorlikni davom ettirolmadi. Yevropa siyosati borasida katta tajribaga ega bo‘lgan Toomas Ilves esa ana shu jiddiy vazifaning uddasidan chiqadi». Bu Yevropa rasmiy va norasmiy doiralari bir ovozdan berayotgan baho.

Ana shu ijobiy bahoning dastlabki amaliy ifodasi: yaqindagina Kanada davlati YeI davlatlari orasida birinchi bo‘lib Estoniya bilan viza rejimini bekor qildi. Endilikda estoniyaliklar prezidentlari bir paytlar o‘qituvchilik qilgan va elchi bo‘lib ishlagan shimol davlatiga bemalol rasmiy muhrsiz borishlari mumkin.

Evropa yaxshi hamkor topganidan shod bo‘lib turgan bir paytda Moskva voqealarning bunday rivojidan rozi emas. Chunki o‘n yildan oshiq vaqtdan buyon Rossiya va Estoniya o‘rtasida muhokama qilinayotgan chegara to‘g‘risidagi bitim hozirgacha qabul qilinmadi. Bundan tashqari, Estoniya aholisining 12 foizini tashkil etayotgan rusiyzabon ishchilarga hali ham respublika fuqaroligi berilmagan. Boisi, rus millatiga mansub mazkur aholi guruhi eston tilini bilmaydi…

Qachonlardan beri dahanaki tortishuvlarga sabab bo‘layotgan bronzadan yasalgan askar monumenti borasida esa yana to‘xtatilib o‘tish ortiqcha.

Xullas, Rossiya va Estoniya jiddiy gaplashib oladigan masalalar talaygina. Mazkur masalalar sobiq kommunist, oz bo‘lsa ham, Rossiya bilan hamkorlik tarafdori bo‘lgan Arnold Ryutel davrida hal bo‘lmadi. Endilikda – Moskva tomon yo‘llar olis Bryussel orqali o‘tadigan Toomas Ilves davrida ochiq qolayotgan savollarga qanday javob topish mumkinligi haqida esa bir narsa deyish qiyin.

Sobirjon Yoqubov
«Hurriyat» gazetasidan olindi