“Hafta voqealari blogerlar talqinida” dasturining ikkinchi sonida o‘tgan haftada o‘zbek internet segmentida shov-shuvli bo‘lgan xabarlarni tahlil qildik:
O‘tgan haftada yurtimizda Navro‘z bayrami munosabati bilan yurtimizda 5 kun dam olish kuni etib belgilandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi bayram tantanalariga yetib bordi va Navro‘z shodiyonalarida qatnashdi. Nursulton Nazarboyev Navro‘z kuni Samarqandga keldi. Namanganda 5 tonnalik rekord sumalak tayyorlandi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Endi tijorat banklarga kirishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etilmaydi.
2018 yil 21 mart kuni Samarqand shahrida soxta militsiya mayori qo‘lga olindi. Maxsus militsiya formasi va mayor unvonini taqib olib olgan shaxs Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz Xushmatov Sindor Baxtiyorovich ekanligi aniqlandi.
Xalq orasida «Toshturma» nomi bilan mashhur vaqtincha hibsda saqlash muassasasi buzib tashlanadi. Toshkent shahar hokimligiga mazkur ob’ektni uch oy muddatda buzish va buzishdan bo‘shagan yer maydonini obodonlashtirish va unda barcha infratuzilma ob’ektlari mavjud bo‘lgan zamonaviy xiyobon (dam olish maskani) barpo etish vazifasi yuklandi.
Adliya vazirligi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga fohishaxonaga jinsiy ehtiyojini qondirish maqsadida borgan shaxslarga jazo belgilash to‘g‘risidagi moddani kiritish taklif qilinmoqda. Kodeksda taklif etilayotgan moddaga ko‘ra, «Jinsiy ehtiyojini qondirish maqsadida fohishaxonaga borgan shaxs eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarimaga tortiladi».
2010 yili Jinoyat kodeksining 159 (O‘zbekiston Respublikasi konstitutsion tuzumiga tajovuz qilish), 216 (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish), 244−1- (Jamoat tartibi va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244−2-(Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, hibs etilgan Zulxumor va Mehriniso Hamdamova oradan sakkiz yil o‘tib ozodlikka chiqarildi.
O‘tgan haftada internetning o‘zbek segmentida eng shov-shuvga sabab bo‘lgan voqea eshak go‘shti mojarosi bo‘ldi. Farg‘ona viloyatida eshak go‘shtini sotish bilan “tirikchilik” qilgan tadbirkorlar qo‘lga olindi. Ular 250–300 ming so‘mdan eshaklarni sotib olib, shu xonadonning o‘zida so‘yib, nimtalab, Farg‘ona shahri va Toshloqdagi umumiy ovqatlanish korxonalariga kilogrammini 25–30 ming so‘mdan tarqatib yurishgan.