Tunjar Jo‘jano‘g‘li. Ko‘chki (2 pardali drama)

QOR KO‘ChKISI FAQAT TABIIY HODISAMI?

1987 yil. Kinokompaniyada ishlardim…
Kunlardan bir kun, men uchun qadrli bo‘lgan do‘stim bilan gaplashib qoldik. U menga g‘aroyib bir voqeani gapirib berdi.
“Sharqiy Onado‘lining to‘rt tomoni baland tog‘lar bilan o‘ralgan bir qishloq aholisi baland ovozda gaplasholmas, qah-qah otib kulolmas, qisqasi, xohlagancha ko‘ngilxushlik qila olmasmish…
Sababi shovqin-suron, baland ovozda gapirish – qor ko‘chkisiga sabab bo‘larkan. Bu vaziyatning muhim tomoni shundan iboratki, bu yerlik aholi yilning to‘qqiz oyida qor ko‘chkisi tahlikasi bilan yashar ekan. Bu qishloq odamlari yilning faqat uch oyida ko‘ngildagiday yashab, baland ovozda gaplashar, qurollardan o‘q otar, to‘y-tomosha qilar yoki chaqaloqlar dunyoga kelar emish”.
Ya’ni, hayotning bor jozibasi-yu shijoati aynan mana shu uch oyda amalga osharkan, xolos. Qolgan to‘qqiz oy esa shovqin-suronsiz, kulgisiz, andisha va qo‘rquv ichidagi hayotdan iborat ekan.
Menga juda ham ta’sir qilgan bu holat haqida sahna asarini yozmoqchi bo‘ldim. Lekin bunday aql bovar qilmas holatni tomoshabinga qanday yetkazish mumkinligi, g‘aroyib bu voqeani sahnaga qay shaklda olib chiqish maqsadga muvofiqligi meni bezovta qilardi.
Shunday bo‘lsa-da baribir, sahna asarini yozishga kirishdim.
Va shunday qarorga keldim:
Qor ko‘chkisi faqatgina tabiiy hodisa emas…
Balki o‘zimiz tafakkurimizda yaratdik bu qo‘rquvni…
Omad yor bo‘lsin!

Mujdot Gezenga bag‘ishlanadi.

IShTIROKChILAR:

KEKSA ERKAK – 80 yoshlarda. Faqat hassa yordamida harakat qiladi.
KEKSA AYoL – 70 yoshlarda. Tetikkina, ammo e’tibor qaratish uchun ataylab o‘zini bemajol ko‘rsatadi.
ERKAK – 50 yoshlarda.
AYoL – 45 yoshlarda.
YoSh AYoL – 18 yoshlarda. Homilador.
YoSh ERKAK – 20 yoshlarda.
DOYa – 40 yoshlarda.
RAIS (Erkak) – 75 yoshlarda.
AYoL VAKIL – 70 yoshlarda.
ERKAK VAKIL – 60 yoshlarda.
1 QO‘RUVChI – 35 yoshlarda.
2 QO‘RUVChI – 35 yoshlarda.

VOQEA JOYI:

Voqea atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan qishloqdagi bir uy ichida bo‘lib o‘tadi. Derazadan, tomdan osilib turgan muz parchalari ko‘rinadi. Xona devorida ikki miltiq osig‘liq. Ular bir-biriga qarata xuddi otilishga tayyordek ko‘rinadi. Chap tomonda bir xona, o‘rtada katta dahliz – mehmonxona joylashgan. O‘ng tomonda yana bitta xonaning eshigi ko‘rinadi. Tashqariga chiqadigan eshik esa o‘rtada, ro‘parada joylashgan. Mehmonxonada oddiy bir pechka bor. Uning yonida yoqish uchun taxlangan o‘tinlar. Yerga kigizlar solingan, devorlarga esa ixchamgina gilamlar osilgan. Xonada yana do‘mbira va surnay bor. Ular xuddi chalinishlarini kutayotganday…
Chap tomondagi o‘zlariga ajratilgan xonada yosh ayol va yosh erkak uxlashmoqda. Keksa ayol mehmonxonadagi pechkaga yaqinroq joylashib, ko‘zlarini shiftga tikkancha yotibdi. Uning yonida eri – keksa erkak qotib uxlamoqda. Keksa erkakdan xuddi o‘lib qolganday, ovoz ham chiqmaydi. O‘ng tomondagi xonada erkak va ayol uxlashmoqda. Barcha oila a’zolari yerga solingan ko‘rpa-to‘shakda yotishibdi. Uyning xonalari devor bilan bo‘linmagan.
Barcha ko‘rinishlar xuddi real hayotdan olinmaganday, ramziy bir ifodaga ega. Mutloq jimlik. Bu sukunat tomoshaning boshidan so‘nggiga qadar davom etadi. Barcha yurishlar va harakatlar ovozsiz amalga oshiriladi… Xuddi harakati sekinlashtirilgan film tasavvuri paydo bo‘ladi…
Pichirlab gaplashish finalga qadar davom etadi. Ishtirokchilarning baland ovozda gapirmasligi, barcha xatti-harakatlarini shovqin-suronsiz amalga oshirish qo‘rquvi tomoshabinlarga ham ta’sir qilmog‘i lozim.

BIRINChI QISM

Tong otmoqda… Na bir ko‘ppak, na bir xo‘roz sasidan darak bor. Atrofda sukunat hukm surmoqda. Kun yorishgan sari, ichkarida aql bovar qilmas bir yorug‘lik paydo bo‘la boshlaydi. Sassizlik bilan birga yorug‘lik ko‘payayotganday.
Keksa ayol hamma uyquda ekanligidan foydalanib tovush chiqarmay hojatxonaga qarab yuradi. Birozdan so‘ng oshxonaga kelib bir narsalarni shoshilib yeydi. Sekin atrofni kuzatadi.
Yosh ayol yuzini burishtirgancha yotgan joyidan turmoqchi bo‘ladi. Biqini sanchib og‘riyotgani bilinadi. Erini uyg‘otish yoki uyg‘otmaslikka ikkilanadi. Sassiz o‘rnidan turadi. Uning homilador ekani bilinadi.
Keksa ayol yosh ayolning yaqinlashayotganini sezib, og‘zidagi yemak bilan asta-sekin borib o‘z o‘rniga yotadi. O‘zini xuddi uxlayotganday ko‘rsatadi. Hatto ustidagi ko‘rpani, yosh ayolning rahmi kelib uni ustiga yopib qo‘yish uchun, ataylab pastga tushiradi.
Yosh ayol sassiz yurishga harakat qilib, oldiniga dahliz tomonga yurib, keyin hojatxonaga o‘tib ketadi. Keksa ayol uni zimdan kuzatadi… Yosh ayol biroz vaqtdan so‘ng yana dahlizga qaytadi. Keksa ayolning uxlayotganini ko‘rib, uni ochilib qolgan ko‘rpasini ustiga yopadi. Yosh ayol o‘z xonasiga o‘tib ketarkan, keksa ayol maqsadiga yetganidan o‘zini baxtli his qiladi va og‘zidagi yemagini chaynashda davom etadi.
Yosh ayol o‘rniga kelib cho‘ziladi.
Keyin erkak o‘rnidan turib, xonadan chiqadi. Dahlizdan sekin tashqariga o‘tadi…
Keksa ayol yana o‘zini uxlayotganday ko‘rsatadi. Erkakning qaytib kelishini bilgani uchun, yana ustidagi ko‘rpani pastga tashlaydi.
Birozdan so‘ng erkak qaytib keladi. Erkak keksa ayolning tushib ketgan ko‘rpasini ko‘tarib, ustini yopadi. O‘z xonasiga o‘tadi va o‘rniga yotadi.
Keksa ayol ko‘zlarini ochib, boshini goh u tomon, goh bu tomon qaratib o‘z xayollariga cho‘mib ketadi.
Yosh ayol og‘riqdan yotgan joyida bezovta bo‘ladi. Ma’lumki, yangidan to‘lg‘oq boshlanadi.

Yosh ayol (erini qo‘llari bilan turtadi): Turing.
Yosh erkak (uyqusirab): Nima bo‘ldi?
Yosh ayol: Qornim…
Yosh erkak: Nima?
Yosh ayol: Og‘riyapti.
Yosh erkak: Hojatxonaga bor.
Yosh ayol: Borib keldim.
Yosh erkak: Unday bo‘lsa…
Yosh ayol: Ana… Yana og‘riq boshlandi. Qo‘rqayapman.
Yosh erkak (ishongisi kelmasdan): Nega qo‘rqayapsan?
Yosh ayol: Qo‘rqayapman-da!
Yosh erkak: Shamollagansan. (Yana bezovtalanadi) Boshqa nima bo‘lishi mumkin?
Jimlik.
Yosh erkak: Yaxshimisan?
Yosh ayol: O‘tib ketdi…
Yosh erkak: Qo‘rqinchli hech bir narsa yo‘q dedim-ku.
Yosh ayol: Birdan… Haligi… deb o‘yladim.
Yosh erkak: Nima?
Yosh ayol: Haligi… To‘lg‘oq boshlandi deb o‘yladim.
Yosh erkak: Bo‘lishi mumkin emas.
Yosh ayol: Bo‘lmasam bu og‘riq qayerdan keldi?
Yosh erkak: Qorin og‘rig‘ini to‘lg‘oq bilan adashtiryapsan.
Yosh ayol: Axir u tepkiladi… Tepkilayapti.
Yosh erkak (qo‘lini xotinining qorniga qo‘yadi. Xursandlikdan kulimsiraydi): Juda yaxshi! Sabrsizlanmoqda shekilli…
Yosh ayol: Yana bir necha kun sabr qilishi kerak.
Yosh erkak (xotinining qo‘llarini tutadi): Bu qo‘rquvlarni kallangdan chiqar. Kamida bir oy vaqt bor. Qo‘rqinchli hech narsa yo‘q. O‘z vaqtidan oldin, xohlasang ham tug‘a olmaysan. Bu haqda enam senga gapirmadimi?
Yosh ayol: Vaqtidan oldin tug‘ishgan ekan, lekin…
Yosh erkak: Kimdan eshitding?
Yosh ayol: Enamdan.
Yosh erkak: Ancha yillar oldin bo‘lgan.
Yosh ayol: Farqi yo‘q.
Yosh erkak (befarqlik bilan): Biz dunyoga kelgunga qadar bo‘lgan bu voqea.
Yosh ayol: Homilador ayolni tiriklayin tobutga qo‘yishgan ekan…
Yosh erkak: Senga enam aytdimi?
Yosh ayol: Onangizga gapirayotganida eshitib qoldim.
Yosh erkak: Bu voqealar o‘tmishda qoldi. Boshqa bunday mudhish voqea bo‘lmagan. Biroz uxlab olishing kerak!
Yosh ayol ko‘zlarini yumgancha uxlashga harakat qiladi. Bezovtalik endi yosh erkakka o‘tdi. Xotinining sochlarini silaydi. Xayollar og‘ushida… Tashqaridan kelayotgan oqarish borgan sari kuchayadi. Jimlik hamma tomonni qamrab olmoqda.
Yosh ayol (ko‘zlarini ochadi): Agar xaqiqatdan ham to‘lg‘oq boshlansa-chi?
Yosh erkak: Bo‘lishi mumkin emas.
Yosh ayol: Nima uchun?
Yosh erkak: Chunki kattalarimiz hammasini o‘ylab, hisoblab chiqishgan.
Yosh ayol: Ular hech xato qilishmaydimi?
Yosh erkak: Yo‘q!
Yosh ayol: Nega?
Yosh erkak: Chunki ular hammasini to‘g‘ri hisoblashadi.
Jimlik.
Yosh ayol: Ammo… Siz ham qo‘rqdingiz.
Yosh erkak: Bu tabiiy emasmi?
Yosh ayol: Unday bo‘lsa mening qo‘rquvim ham tabiiy.
Yosh erkak: To‘g‘ri… Lekin hozir hammasi joyida. Qolaversa, ikki kundan keyin barcha xavotirlar orqada qoladi. Otlarimiz, eshaklarimiz, itlarimiz, sigirlarimiz, qo‘ylarimiz, xo‘roz va tovuqlarimizni ham qaytarib shu yerga olib kelamiz. Uch oyga bo‘lsa ham… Keyin sen miltiqlarning hayqirib otilishi bilan tug‘asan. Chaqaloqning ilk ingasini eshitamiz… Bu hayqiriqlardan qo‘rqmaymiz… Xohlagancha baqiramiz… Hamma hayqirishdan qo‘rqmaydi… Chunki xavotirli kunlar ortda qoladi. (Yosh ayolning sochlarini silashda davom etadi) Barcha baralla qo‘shiq aytadi. Keksalar ham surnay ovoziga jo‘r bo‘lib maydonlarda o‘yinga tushishadi. Uch oy! Bu erkinlik aynan uch oy davom etadi. Keyin ilk qor yoqqanda, chaqalog‘imizni olib bu yerlardan, tog‘larni tark etib boshqa tinch joylarga ketamiz. Bolamizni qo‘rquv bo‘lmagan yerda katta qilamiz. Hayvonlar bilan uch oyga kelganlar ham yana ortga qaytishadi. Chunki otlar kishnaydi, eshaklar hangraydi, itlar huradi, sigirlar mo‘raydi, qo‘ylar ma’raydi, xo‘rozlar qichqiradi, tovuqlar ham ququlaydi… Senga bir sirni aytaymi?
Yosh ayol: Ayting.
Yosh erkak: Bu yerlarga boshqa qaytmaymiz. Xuddi bizdan oldin ketib qolgan yosh oilalar singari. Bu yerlarni tark etib, umrimizning so‘ngiga qadar qo‘rqmasdan baxtli yashaymiz. O‘limimiz yaqinlashganda bu yerlarga qaytamiz. Xuddi keksalarimiz kabi…
Yosh ayol: Yoz oylari ham kelmaymizmi?
Yosh erkak: Sen va o‘g‘limiz kelmaydi, men o‘zim kelib ketaman. Chunki bu yerdagilarga qishga oziq-ovqat olib kelish kerak. Un, shakar, tuz va boshqa kerakli narsalarsiz bu yerdagilar qanday yashaydi?
Yosh ayol: “Sen va o‘g‘limiz” dedingiz… O‘g‘limiz bo‘lishini qayerdan bilasiz. Balki qizimiz bo‘lar…
Yosh erkak: Balki… Gap uchun aytdim-da.
Yosh ayol: Men ham bu yerga kelib ota-onamni ko‘rishni xohlayman. Ularning sog‘inchiga chiday olmayman.
Yosh erkak: Ularni bu yerga bog‘lab qo‘yishgani yo‘q. Xohlasalar biz bilan ketishlari mumkin.
Yosh ayol: Ota-onalarimiz ham bu yerlardan ketishsa, qaytib kelishimizga hojat qolmaydi.
Yosh erkak: Biznikilar bu yerdan ketishmaydi… Chunki bobom va enam bu yerda o‘lish uchun kelishgan. Biznikilarni qo‘yaver, yaxshisi, o‘zimizni bolamizni katta qilishni o‘ylaylik. Qo‘rqinchsiz katta bo‘lishini ta’minlaylik. Keksa bir donishmand shunday degan ekan: “Qo‘rquv ichida bo‘lgan inson erkin fikrlashdan yiroqlashadi… Chunki qo‘rquv har qanday fikrni kamsitib, yo‘qqa chiqaradigan eng rasvo holat. Barchamizga dahshat keltiruvchi qo‘rquvdan bolalarimizni uzoqlashtiraylik!”. Yo‘q, yo‘q bunga rozi bo‘lolmayman.
Yosh erkak xotinining uxlab qolganini ko‘radi. Shovqin qilmay, asta-sekin mehmonxonaga o‘tadi. Keksa ayol yana o‘zini uxlayotganday qilib ko‘rsatadi.
Yosh erkak: Enajon, uxlamayotganingizni bilaman.
Keksa ayol: Nima bo‘ldi, o‘g‘lim?
Yosh erkak: Sizdan bir narsani so‘ramoqchiman.
Keksa ayol: So‘rayver.
Yosh erkak: O‘tgan kuni onamlarga ham aytgandim. Ilgarilari kutilgandan oldinroq tuqqan bir ayol haqida gapirgan ekansiz. Ancha ilgarilari bo‘lgan ekan…
Keksa ayol (bezovta bo‘lib): Senga buning nima qizig‘i bor?
Yosh erkak: Xotinim buni eshitib juda ham qo‘rqibdi…
Keksa ayol: Nimadan qo‘rqadi? Unga buning nima daxli bor!?
Yosh erkak: Daxli yo‘q, lekin qo‘rqibdi-da. Yosh va tajribasiz-da… Men ham o‘ylanib qoldim.
Keksa ayol (maroq bilan xotirlaydi): U paytlar men xuddi xotining singari yosh edim. Turmushga chiqqanlar orasida to‘rtta qiz edik. Hammamizning to‘ylarimiz chiroyli o‘tgan, lekin chimildiqqa kirishimiz uchun to‘rt oy kutishimiz talab qilindi. Hammamizga nima uchun bunday ish tutilishi kattalar tomonidan tushuntirilgan edi. Aytilganiday, uch dugona erlarimizga yaqinlashishdan o‘zimizni tutib turdik… Ammo bitta dugonamiz o‘zini tuta olmadi. Xato qildi… Har kuni er-xotin chimildiqqa kirishdi. Keyin qor ko‘chkisi xatarining tugashiga uch oy qolganda, o‘sha dugonamizning to‘lg‘oq sanchiqlari boshlandi. Keyin bo‘ladigan ish bo‘ldi…
Yosh erkak: Nima bo‘ldi?
Keksa ayol: Nima bo‘lishi oldindan aniq edi. Darhol doya chaqirildi. Hammasi oydin bo‘ldi. Tezda mas’ul erkaklardan kerakli qaror chiqdi. Dugonamiz tobutga qo‘yilib, oldindan tayyorlangan mozorga ko‘mildi…
Yosh erkak: Eri nima qildi?
Keksa ayol: Ko‘z yoshlari daryo bo‘lib oqdi. Bu mudhish voqeaning oldini olishga ko‘p harakat qildi, yolvordi, yalindi… Hatto o‘zini ham xotini bilan go‘rga qo‘yishlarini so‘radi, lekin bo‘lar ish bo‘lgan edi… Unga boshqa iloji yo‘qligini tushuntirishdi.
Yosh erkak: Keyin nima bo‘ldi?
Keksa ayol: Uch oydan keyin qor ko‘chkisi o‘tib, tobut ochilganida, bari befoyda edi…
Yosh erkak: Ammo bu insoniyatga zid voqea-ku…
Keksa ayol: Boshqalarning tirik qolishi, yashashi uchun bu qurbonlik zarur edi. Tug‘ish jarayonida qor ko‘chkisi yuz berishi aniq-ku. Hamma qor tagida o‘lib ketardi-da. Boshqa yo‘l bormidi?
Yosh erkak: Men qayerdan bilay? Balkim tug‘ish paytida ayolning og‘zini nima bilandir bog‘lash mumkinmidi? Ovozini chiqarmaslikka harakat qilish kerak edi.
Keksa ayol: Bizning qonun-qoidalarimizga binoan, bunday vaziyatda boshqa imkoniyatlarni qo‘llash man qilingan. Azaldan shunday bo‘lib kelgan. Biz ayollar, xuddi qor ko‘chkisi xavfi bordek, tug‘ayotganimizda ovoz chiqarmaslikka harakat qildik, lekin to‘lg‘oq paytidagi og‘riqdan baqirmaslik mumkin emas. Bundan tashqari, chaqaloqning yig‘lashi-chi? Shuni unutmaki, eng rahmsiz qonun-qoidalar ham faqat insonning taqdirini ijobiy hal qilish, baxtli bo‘lishi uchun yaratilgan.
Yosh erkak: Bu qanday baxt?! Birovning gunohsiz o‘limi boshqalarga qanday baxt keltirishi mumkin?! Qaysi vijdon bilan bu ishni amalga oshirish mumkin?!
Keksa ayol: Kallangdan chiqar bunday xayollarni, vassalom… Bir balo, mingta maslahatdan kuchli, deyishgan. Balkim, aynan mana shu mudhish xodisaning ta’siri bilan mana ellik yildan beri bunday voqea boshqa takrorlanmay kelayotgandir.

Yosh erkak birpas jim bo‘lib qoladi, keyin hojatxonaga qarab yurib ketadi. Yondagi xonada ayol uyg‘onadi. Ovozsiz xonadan chiqadi. Erini uyg‘onishidan xovotir olib, sekin yurib chiqadi. Keksa ayol bilan qarama-qarshi keladi.

Keksa ayol (hojatxonaga ishora qiladi): O‘g‘ling u yerda…
Ayol: Nega uxlamayapsiz?
Keksa ayol: Ochqadim.
Ayol (uning gapini eshitmaydi): Biroz uxlab oling.
Erkak ham uyg‘onadi.
Keksa ayol (o‘g‘lining kelayotganini ko‘radi, lekin ahamiyat bermaydi): Och qoldim…
Ayol: Har narsani men o‘zim qilishim kerak…
Keksa ayol: Agar oyoqlarimda quvvat bo‘lganda, senga aytmagan bo‘lardim.
Ayol (egulik bir narsalarni tayyorlab, keksa ayolning oldiga qo‘yadi): To‘kmay yeng.
Keksa ayol: Qachon to‘kkan edim?!
Ayol: To‘kkansiz demadim…
Keksa ayol: To‘kmagan bo‘lsam, nega unday deysan?
Ayol: Xafa bo‘ladigan gap aytmadim-ku.
Keksa ayol: Xursand bo‘ladigan gap ham gapirmading.
Ayol: Yaxshi… Siz haqsiz, osh bo‘lsin.
Keksa ayol: Og‘zim qurib qoldi, yutolmayapman.
Ayol: Choy damlaymi?
Keksa ayol: Biroz suv ber, yetadi.
Erkak bu gaplarni sabr bilan tinglaydi. Xotiniga xo‘mrayib qaraydi.
Erkak (xotiniga): Qiladigan ancha ishimiz bor. Tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.
Ayol: Shu yerdamidingiz?
Erkak: Boshqalarni ham uyg‘otish kerak.
Ayol (ovoz chiqarmay): Agar onangizdan bo‘shasam.
Keksa ayol ishora bilan o‘g‘liga nevarasining hojatxonada ekanligini tushuntiradi.
Keksa ayol: Suv!
Ayol norozilik bilan pichirlab suv uzatadi, keyin shovqinsiz pechka yoniga borib, o‘choqdagi o‘tinlarni qo‘zg‘aydi. Olov yaxshi yona boshlaydi. Pechkaning ustidagi katta choynakka yana suv quyadi. Erkak asta-sekin keksa ayolning yoniga kelib yonog‘idan o‘padi… Keksa ayol ko‘zlari bilan ishora qilib ayoldan shikoyat qiladi. Erkak bunday holatga ko‘nikib qolgani uchun, “Sabr qiling” deganday ishora qiladi. Yosh erkak keladi. Erkak o‘g‘liga kelinni ham chaqirishni ishora qiladi. Yosh erkak boshi bilan “xo‘p bo‘ladi”deb, ichkariga kirib, ayolining sochlarini silaydi. Yosh ayol erining qo‘llarini tutadi. Bir on qo‘llarini ushlagancha o‘zini baxtli his qiladi.
Yosh erkak: Endi yaxshimisan?
Yosh ayol: Yaxshi…
Yosh erkak (jimlik): Qilinishi zarur bo‘lgan juda ham ko‘p ishlar kutib turibdi… Endi tursang ham bo‘lardi.
Yosh ayol o‘rnidan turadi. Ko‘rpa-to‘shakni ovozsiz yig‘ishtiradi. Kutib turgan eri bilan mehmonxonaga – zalga chiqadi. Ayol yerga solingan joyga dasturxon yozish bilan ovora ekan, erkak va yosh erkak devorda osilib turgan miltiqlarni qo‘llariga olishadi. Erkak o‘g‘li to‘rvada olib kelgan narsalar bilan unga birma-bir qurolni qanday tozalashni ko‘rsatadi. Yosh erkak ham xuddi otasi ko‘rsatganday miltiqni tozalaydi. Ayol va yosh ayol tezligi pasaytirilgan film singari bir tomondan dasturxonni bezashsa, ikkinchi tomondan atrofni yig‘ishtirishadi. Bu orada ikki miltiq ham tozalanadi. Choy bordoqlari (stakan) to‘ldiriladi. Yosh erkak tozalangan miltiqni o‘qlamoqchi bo‘lganida, erkak yuzini burushtirib, unga qarshilik qiladi.
Erkak: Hozir o‘qlash shart emas. Vaqti keladi…
Yosh erkak: Qiziq, hovuzdagi suvning ahvoli qanday ekan?
Erkak (qo‘li bilan ko‘rsatib): Yana uch barmoqcha bo‘shliq bor edi.
Miltiqlarni ilk holatiday yana devorga osib qo‘yishadi. Yosh erkak ayollarning dasturxon hozirlashining so‘nggi damlarini hisobga olib, miltiqning o‘qlarini qutilarga joylab, yoniga qo‘yadi. Keyin otasining qo‘llariga suv quyib, yuzlarini yuvib olishiga yordamlashadi. Erkak sochiq bilan artinadi.
Yosh erkak: Hovuz suvidan xabar olaymi?
Erkak: Mayli, erinmasang borib kelaqol.
Yosh erkak ovozsiz tashqariga chiqadi. Ayollar esa dasturxonning so‘nggi hozirligini bitirishadi.
Yosh erkak (kelib qo‘li bilan ishora qiladi): Ikki yarim barmoq qolibdi.
Erkak: Yaxshi… Balkim hovuz bugun to‘lib, miltiqlarni otarmiz. Lekin bu ketishida eng kechi bilan ertaga kechasi to‘ladi-yov…
Yosh erkak: Insholloh… Faqat kech bo‘lmasa bo‘lgani!
Erkak: Nega bunchalik xavotirlanasan?! Hovuzdagi suv bir-ikki kun kech to‘lsa nima qilibdi. Orqamizdan quvib kelayotganlar yo‘q-ku!
Oldin erkak dasturxonga yoniga o‘tiradi… Keyin boshqalar.
Erkak: Nega dadamni uyg‘otmading?
Keksa ayol: Tinchgina ovqatlanaylik… Keyin o‘zim uni to‘ydirib qo‘yaman. Xalaqit bermasin. Bilasanmi, dadang qanaqa odam edi? Yeru-ko‘kka sig‘masdi. Aytishadi-ku, bo‘rini qariligini ko‘ringlar, deb. Mana ahvol…
Ayol: Hammaga ham shunday keksayish nasib etsin. Birovning qo‘liga qarab qolgani yo‘q.
Keksa ayol (achchiq-achchiq kulimsirab): Sen shunday deb o‘ylayver!
Hamma ovozsiz choy ichib, qorinlarini to‘ydirishmoqda. Bo‘shab qolgan bordoqlarni yosh ayol qaytadan choy quyib to‘ldirmoqda. Keksa ayol yonidagi yeguliklar tugagani uchun o‘g‘lini qo‘li bilan turtib, yana yegulik so‘ramoqda. Ba’zan nevarasini turtib, yegulik so‘raydi. Lekin ayolga murojaat qilmaydi. Birdan keksa erkak yotgan joyida jonlanib, qimirlaydi. Nonushta qilayotganlarni kuzatadi.
Keksa ayol: Keling… (atrofdagilarga) Joy beringlar, kelsin. Kela qolsangiz-chi (qo‘llari bilan ishora qilib, dasturxon atrofiga kelishini tushuntiradi). Keling endi… (erkak ham yordam berishga kirishadi. Keksa ayol erining og‘ziga bir nima solishga harakat qiladi. Xuddi achchiq bir dori ichirayotganday, keksa erkakni majburlaydi)
Keksa ayol (qo‘llarini ochib duo qila boshlaydi): Tangrim! Meni shunday ahvolga tushirma! Kunim bitganda sassiz yoningga ol.
Keksa erkak (boshqalariga qaraganda juda ham past, eshitilar-eshitilmas ovozda gapiradi.): Hamma ketdi… Men ham ketdim…
Erkak: Ovqatingizni yeng, dada.
Keksa erkak: Yoshlar hammasi ketdi. Ortga qaytishmadi. Biz-chi, nima qildik? Bizlar orqaga qaytdik. Har yili qish fasli tugashi bilan orqaga qaytdik. Butun qish qiynalib, mehnat qilib, topgan unimiz-la, shakar va tuzimiz-la, arpa va bug‘doyimiz-la ortga qaytdik. Qishda shuncha erkak och qolmasin, dedik. Har yili yana ham jim, sassiz bo‘lishni o‘rgatdik sizlarga. Endi hamisha shu yerdamiz. Shuning uchun ham bu yerda, vaqti kelganda, ilk miltiq otish sharafiga men munosibman. Har yili shunday bo‘lgan. Bu yil ham shundayligicha qoladi…
Erkak: Qorningizni to‘ydirib oling, dada.
Keksa erkak: Asl yigit – chaqalog‘ini katta qilib, yana bu yerga qaytgan yigitdir. Qolaversa, ovoz chiqarib, kerak bo‘lsa, baqirib gapirishning mazasini bilaturib, bu yerlarga qaytib kelishi, bu haqiqiy yigitning ishidir. Mening fikrimga qarshi chiqadigan bormi orangizda? (Jimlik) Qachon miltiqlarni otamiz?
Erkak: Ertaga, dada.
Keksa erkak: Meni e’tiborga olishmayapti, go‘yo qari fillar o‘lishi uchun ajratilgan yerlariga borgani singari, menga ham xuddi shunday qarashyapti…
Erkak: Nima deyishsa, deyaverishsin. Bilgan biladi. Siz bu yerga o‘z qishlog‘ingizni yaxshi ko‘rganingiz uchun qaytgansiz.
Keksa erkak (yig‘laydi): Aslini so‘raganda, men ham bilmayman, nega bu yerga qaytib keldim. Menga ortiq na ovqatning, na suvning mazasi tatiydi. Hatto miltiqlarning ovozi ham… Qushing sayramasa, tishing kesmasa, shu ham hayot bo‘ldi-yu.
Keksa ayol (o‘z-o‘ziga): Tishingiz hozir ham o‘tkir… Qushlaringiz ham sayrab turibdi… Yashagan kunlaringizga shukur qiling. (Eriga qarab) Bo‘lmagan gaplarni gapirmasangiz-chi!
Ayol (juda ham past ovozda): Jonga tegib ketdi, hammasi!
Keksa erkak: Do‘stlarim! Agar yashayotgan bo‘lsang, qushlaring sayrashi, tishlaring o‘tkir bo‘lishi kerak! Ana shunda inson yashayapti deyish mumkin.
Keksa ayol: Qushlaringiz sayraganini ham ko‘rdik! Atrofdagilar sizdan maza qilishdi. Bizga biror foydasi bo‘ldimi?
Keksa erkak: Ma’nosini bilmasang, foydasi bo‘lmaydi-da.
Keksa ayol: Kuniga uch martadan qush sayratishga kirishsangiz, albatta, uning na ma’nosi, na havasi qoladi. Har kuni asal yesang, u ham joningga tegadi!
Keksa erkak: Agar unday bo‘lsa, sen sayratmagan qushni boshqalar sayratadi! Aybni o‘zingdan qidir!
Keksa ayol: Tilingizga juda ham erk bermang! Allohimga shukurlar bo‘lsin, qushning sayramagan kunlariga ham nasib ettirding, endi g‘am yemasam ham bo‘ladi! (Qizishadi) Choyingizni iching! Choy ichish uchun o‘tkir tishlar kerak emas! Tishsiz ham oshqozoningiz oziqlanmoqda… (ovozsiz) Agar qushingiz uchmayotgan bo‘lsa, barchasi foydasiz!
Keksa erkak (tik turadi): To‘xta, xotin! Bilmagan narsangga aralashma!
Keksa ayol: Xo‘p bo‘ladi… O‘z dardingiz bilan kuyib yonavering! Yig‘lang! Yig‘lang! Yig‘lab olsangiz yengil tortasiz!
Keksa erkak ovoz chiqarmay yig‘larkan, boshqalar nonushta qilishda davom etishadi. Xona juda ham isib ketgan. Xuddi quyosh xonaga kirib olganday. Keksa erkak ham asta-sekin choyini ichib, nonushtasini tugatadi. Keyin hojatxonaga qarab yuradi. Ayol va yosh ayol dasturxonni yig‘ishtirishga kirishadilar. Keksa erkak kelib o‘tiradi. Yosh ayol bir chetda idishlarni yuvish bilan ovora. Keksa erkak qo‘li bilan ishora qilib, ayoldan tamaki berishini ishora qiladi.
Erkak: Beraver!
Ayol yashirib qo‘ygan tamakilardan birini keksa erkakka uzatadi… Keksa erkak tamakini sevinib oladi. O‘g‘liga ishora qilib, uni yoqishga yordam berishini bildiradi. Erkak otasining tamakisini yoqib beradi.
Keksa erkak (huzurlanib tamaki tutunini ichiga tortadi.O‘g‘liga qarab): Amakingni tanimagansan. Agar hayot bo‘lganida, hozir shu yerda, yonimizda bo‘lardi. Mendan ikki yosh katta edi… O‘z dunyosiga o‘ralib qolgan yigit bo‘lgan. Kam gap edi. Qor ko‘chkidan hammamiz qo‘rqardik, lekin u barchamizdan ko‘proq qo‘rqardi… (xonaga ishora qiladi). Yonma-yon yotardik. Ba’zan tunda qo‘rqinchli tushdan jiqqa ter bosib uyg‘onib ketardi. “Nima bo‘ldi?” deb so‘rardim. Indamasdi. Kunlardan bir kun, xech kimga aytmaslik sharti bilan, menga barcha qo‘rquv sabablarini aytib berdi. Go‘yoki, bir kun kelib hammasi “Qor ko‘chkisi” bilan tugaydi, degan fikr-o‘ylar unga tinchlik bermas ekan. “Imkoni boricha diqqat-e’tiborli bo‘laylik. Agar birontasi mas’uliyatsizlik qilsa, hammamiz yo‘q bo‘lamiz… Bir baqiriq bo‘lsa hammamiz yo‘q bo‘lamiz. Hech narsa qo‘limizdan kelmaydi. Chorasiz qolish qanchalik yomon narsa, Tangrim!”, der edi akam rahmatli. Juda qo‘rqar edi va butun umrini “Qor ko‘chkisi” vahimasi bilan yashab o‘tdi. Mana shu qo‘rquv bilan o‘lib ketdi. Qo‘rqinch insonni g‘ajib tashlaydi… Qo‘rquv insonning ajalidir… Bir kuni ertalab akam menga shunday dedi: “Shu onda tashqariga chiqib baqirgim kelayapti… O‘zimni bu xohishdan to‘xtata olmayapman… ”. Men esa unga qarab: “Jinni bo‘lib qoldingmi? Qor ko‘chib tushadi, hammamiz halok bo‘lamiz. “Qor ko‘chki”dan qo‘rqarding-ku?”, dedim. U esa: “Qo‘rquvning ajalga foydasi yo‘q. Qo‘rqib yurish jonimga tegdi. Qo‘rqib yashagandan ko‘ra, qo‘rqmay o‘lgan afzalroq. Baribir bir kuni bor ovozim bilan baqirib, xumorimdan chiqaman. Shunday qilib qo‘rquvlarimdan birato‘la xalos bo‘laman”, dedi. Mening ham jahlim chiqdi: “Juda yaxshi… Biz ham shunday qilib, qo‘rquvlardan qutulib olamiz…” Bu gaplarni aytishga aytdim-u, lekin keyin juda ham qo‘rqib ketdim. Bordi-yu, gina qilib aytganlarimni rostga olib baqirib yuborsa-ya?
Keksa erkak birdan uyquga ketadi. Erkak otasining yonidagi kuldonni olib qo‘yadi. Idishlarni yuvayotgan yosh ayol bir on boshi aylanib seskanadi, og‘riqdan yuzi burishadi. Yosh erkak xotinining ahvolini ko‘rib, uning yoniga boradi.
Yosh erkak (boshqalarga eshitilmaydigan holda): Nima bo‘ldi?
Yosh ayol: Yana boshlandi…
Yosh erkak: O‘tib ketadi.
Yosh ayol: Chiday olmayapman (ingraydi). Sabr qila olmayapman.
Yosh erkak: Chidashing kerak!
Yosh ayol: Mening qo‘limda emas.
Yosh erkak: Sabr qil!
Keksa ayol xavfsirab yoshlarni qidira boshlaydi. Lekin baribir nima bo‘layotganiga oxirigacha tushunmaydi.
Yosh ayol: Qo‘limdan nima ham kelardi?
Yosh erkak: Boshqalar bilmasligi kerak.
Yosh ayol: Qandoq qilib?
Yosh erkak: Xonaga o‘taylik.
Yosh erkak va yosh ayol sekin qo‘shni xonaga o‘tishadi. Xuddi hech narsa yuz bermayotganday, asta-sekin ichkaridagi xonaga o‘tishadi. Yosh ayolning sanchig‘i davom etadi.
Yosh erkak: Endi yaxshimisan?
Yosh ayol: Davom etayapti!
Yosh erkak: O‘tib ketadi.
Yosh ayol: Qo‘rqqanim boshimizga kelayapti, shekilli… Shu paytgacha bunday og‘riqni ko‘rmagan edim. Bu og‘riq boshqacha… To‘lg‘oqqa o‘xshaydi! Aniq, bu to‘lg‘oq og‘rig‘i! (Sassiz yig‘laydi) Endi nima bo‘ladi? Nima qilamiz?!
Yosh erkak (noiloj bo‘lishiga qaramay, davom etadi): Bo‘lishi mumkin emas. Hali vaqti kelmadi-ku?! Yanvar oyiga yaqin edi, ilk marotaba birga bo‘lganimiz. Hali oradan to‘qqiz oy o‘tmadi-ku?! Hech bo‘lmaganda, 10 kun bor (barmoqlari bilan sanaydi). Yana eng kamida bir oy bor ekan, tug‘ishingga. O‘tib ketadi. Qo‘y, vahima qilma!
Ayol kelinning yo‘qligini fahmlaydi. Chala, yuvilmay qolgan idishlarni ko‘rib jahli chiqadi, o‘zi yuvishni davom etadi. Erkak taxtachalardan bir narsalar qurishga harakat qiladi. Keksa ayol atrofda bo‘lib o‘tayotgan ishlarni tushunishga harakat qiladi. Keksa erkak qattiq uyquda. Hatto ba’zan yengilgina “hurullab” qo‘yadi. Ayol idish-tovoqlarni yuvib bo‘ladi.
Ayol (qo‘llarini sochiqqa artib): Kelinni ko‘rdingizmi?
Erkak: O‘z xonalariga o‘tishdi. Nega so‘rayapsan?
Ayol: Idishlar yuvilmay qolibdi.
Erkak: Kelinni ko‘pam bezovta qilma. Homilador axir.
Ayol: Koshkiydi, meni ham sizday kaynotam bo‘lganida… Meni hech kim bunday e’zozlamagan edi.
Erkak: O‘tgan ishni aralashtirma.
Ayol: Masala menga taalluqli bo‘lsa, hamisha “ishni aralashtirma” deysiz. Bu oilaning barcha ishlari menga qolib ketdi. Hammasini men yedirib-ichirishim kerak.

Erkak: Yedirib ichirasan-da. Bu sening vazifang. Keyin bolalarimiz bizga qaraydilar…
Ayol: Hozirgi yoshlardan umid qilayotganingizga hayronman. Hali vaqt ko‘rsatadi. Bolalari tug‘ilgandan keyin yana bu yerlarga qaytishni xohlashadimi, yo‘qmi, ko‘ramiz. Hozirgacha yosh oilalardan hech biri qaytib kelmagan.
Erkak: Mening o‘g‘lim bo‘lak… U albatta, biz bilan yashagani bu yerga qaytib keladi.
Ayol: Balkim o‘g‘lingiz bu yerga qaytib kelishni xohlar, lekin kelin bunga rozi bo‘larmikan? Ko‘rmayapsizmi, o‘g‘lingiz kelinning og‘ziga qarab turibdi. Xuddi faqat uning xotini homilador bo‘lganday…
Keksa ayol o‘g‘li va kelini orasida tortishuv bo‘layotganini his etadi. Bo‘layotgan gaplarni tushinishga harakat qiladi, ammo nachora… Bir tomondan ichkaridagilar ahvolidan bezovta.
Erkak: Yana qaynonaliging tutib qolmasin?!
Ayol: Haqiqatni aytsam, qaynonaligim tutgan bo‘larkan-da.
Erkak: Cho‘zvording. Kelinligingni ham ko‘rdik… Onamga qilganlaringni unutganim yo‘q. Hozirgacha onamlarni tinch qo‘ymaysan.
Jimlik. Yosh ayolning og‘rig‘i to‘xtagan. Erkak xotinining yuzidagi marjondek terlarni ro‘molcha bilan artmoqda.
Yosh erkak: Mana ko‘rdingmi, hammasi o‘tib ketdi.
Yosh ayol: Insholloh…
Yosh erkak: Mehmonxonaga o‘taylik. Xavotir olishmasin…
Yosh erkak xotini bilan mehmonxonaga o‘tishadi. Keksa ayol bo‘lib o‘tgan vaqealarni oxirigacha tushunmagan bo‘lsa ham, nimalardir bo‘layotganini his etadi. Yosh ayol oshxona tomonga yuradi.
Ayol (kinoya bilan): Ovora bo‘lma, qizim. Men idishlarni yuvib qo‘ydim…
Yosh erkak: Biroz boshi aylanib qoldi, onajon.
Yosh erkak otasining yoniga o‘tib o‘tiradi. Taxta parchasini qo‘liga oladi. Ishlashga kirishadi. Yosh ayol keksa erkakning ustini yopib qo‘yadi. O‘tinlarni aralashtiradi.
Keksa ayol (tortinchoqlik bilan): O‘g‘li-i-im… Meni haligi…
Erkak va yosh erkak o‘z o‘rinlaridan turishadi. Ma’lumki, keksa ayolning yura olishini bilishmasdi. Keksa ayolning ikki qo‘lidan ushlab hojatxonaga olib borishadi.
Ayol (o‘rnidan turib, ularning orqalaridan eshikni yopadi): Shu yetmay turgandi…
Yosh ayol: Hech bo‘lmaganda gapirayapti-ku, onajon. Tildan qolganda nima qilardik?
Ayol (jahli chiqib): Nima qilardik? Chorasiz qolardik. Bu ishni bir tomonini men ko‘taraman, deydigan kimsa topilsa, men g‘am yemasdim.
Yosh ayol: Ahamiyat bermang, onajon. Biroz og‘irlashdim. Shunga qaramay qo‘limdan kelgancha yordam berishga harakat qilaman.
Ayol ahamiyat bermaydi. Jim bo‘lishadi. Erkak va yosh erkak, keksa ayolni suyab olib kelishadi. Uni yotog‘iga yotqizishadi.
Keksa ayol: Alloh sizdan rozi bo‘lsin! Ushlaganingiz oltin bo‘lsin! Alloh murodingizga yetkazsin! Alloh senga qo‘chqordek o‘g‘il bersin!
Yosh erkak: Insholloh, ena! Aytganlaringiz o‘z vaqti soatida bo‘lsin! Barcha qo‘rquvlarimizdan qutulamiz!
Erkak va yosh erkak yana yog‘ochlarning parchalarini qo‘llariga olishadi. Ishlashda davom etishadi. Keksa ayol aksirmoqchi bo‘ladi. Og‘izu burnini berkitib, ovozsiz aksa uradi.
Boshqalar: Ko‘p yashang!!!
Keksa ayol: Rahmat. Meni yoshimga kiringlar!
Keksa erkak (birdan uyg‘onadi… Akasi bilan bo‘lgan voqeani qolgan yeridan davom etishga kirishadi): “Yo‘q!” dedim… “Bu ishni qila olmaysan! Baqira olmaysan! Hammamiz halok bo‘lamiz… Tushunmayapsanmi, hammamiz o‘lamiz!”. “Hammasini tushunib turibman. Lekin eplolmayapman. Tashqariga chiqib baqirgim kelayapti”. Akam bu gaplarni gapirarkan, ichida yig‘lardi. “Bu ketishda hammaning o‘limi meni qo‘limdan bo‘ladi. Ammo, Allohim bu qanday taqdir?! Baqirishni bunchalik ehtiros bilan xohlashni ko‘rmaganman. Xuddi ayolga bo‘lgan ehtirosday… Butun borligim bilan hayqirishni xohlayman! Bu xohishdan o‘zimni tiya olmayapman, jim bo‘lishni xohlamayapman…” deb qayg‘urardi. Men akamning baqirib yuborishidan qo‘rqardim, shuning uchun nuqul uni kuzatib yurardim. Qayerga borsa, ketidan borardim. Undan faqat iltimos qilardim. U mening nochor holimni ko‘rib, qo‘llarini musht qilib siqar, tishlarini bir-biriga bosganicha baqirishdan biroz vaqt bo‘lsa ham voz kechardi. Kunlardan bir kun: “Baqirishdan voz kechdim!” dedi. Ishonmay so‘radim: “Rostdanmi?” U esa “Ha”, deb ishonch bilan javob berdi. Men o‘shanda juda ham xursand bo‘lgan edim. Sevinganimdan ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. Xursand bo‘lishimga ulgurmay, akam o‘z fikridan qaytdi: “Baqirsam qancha baqirardim… Yaxshisi, miltiqni olib chiqib, varanglatib otaman… Ana shunda tog‘lardan ko‘chgan qorlar ham kuchli, ham ko‘p bo‘ladi”. Allohimdan o‘tinib, duo qilib yolvordim. Akam aqlini yo‘qotib qo‘ygan inson singari ko‘rindi. Nima qilarimni bilmay otamning oldiga borib, hamma bo‘lib o‘tgan gaplarni tushuntirdim. Otam: “Miltiqlarning o‘qlarini yashirsak, xech narsa qila olmaydi”, dedi. Men esa norozi bo‘lib: “Bo‘lmaydi. Bu to‘g‘ri qaror emas. Yana asabiylashsa-chi? Menimcha, miltiqni otolmagandan keyin jahli chiqib, bor ovozi bilan hayqirib baqiradi… Zotan, qor ko‘chkisi uchun miltiqning otilishi shart emas, ota… Bor ovoz bilan bir baqirish qor ko‘chishiga turtki bo‘ladi. Agar biron bir chora ko‘rmasak hammamiz halok bo‘lamiz. Zudlik bilan bu hol haqida kerakli joyga xabar bermasak, siz ham, men ham aybdor bo‘lamiz. Yetar endi, ota, bu haqiqat. Akamni saqlab qolaman deb, hammamizni nobud qilasizmi?”. Otam bu gaplardan keyin biroz o‘ylanib, keyin: “Haqsan” dedi-da, o‘sha zahoti “Keksalar kengashi”ga xabar berdi. U yerdagilar otamni sassiz tinglashib, nima qilish kerakligi haqida uzoq maslahatlashishdi. Chunki bunday vaziyat keksalar uchun ham yangilik edi. Otam ularga qarab: “O‘g‘limga qanday chora ko‘rasizlar? Aytinglar, bilishga haqqim bor”, dedi. Keksalar kengashi a’zolari biroz maslahatlashib: “Qanday chora ko‘rishimiz aniq… Har holda, barchamiz o‘lim kunini kutmaymiz-ku. Qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘zini yopib, bir xonaga qamab qo‘yamiz”. Otam bu masalani tagiga yetish maqsadida: “Qachongacha yashiramiz?” desa, ular: “Qor ko‘chkisi xavfi o‘tgunga qadar… Ungacha og‘zini ochish mumkin emas, axir u aqlini yo‘qotib qo‘yibdi-ku. Bordi-yu baqirib yuborsa-chi!?”. Ularning qaroriga rozi bo‘lmagan otam o‘z fikrini bildiribdi: “Ovqat yemasdan, suv ichmasdan inson qanday qilib tirik qoladi? Axir, sizlar o‘g‘limni bilaturib, tiriklayin go‘rga tiqayapsizlar-ku!”. Lekin ular otamga quloq solmay, akamning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, og‘zini yopib, bir xonaga tashlashdi. Ochidan o‘lib qolmasin deb, akamni kunda bir marta ovqatlantirishardi. Ovqatlantirayotgan qo‘ruvchilar yemakni og‘ziga tiqib, baqirib yubormasin deb, og‘zini qo‘llari bilan yopishardi. O‘n besh kun mana shu ahvol davom etdi. Aytish oson, o‘n besh kun… Keyin bir kun kelib, “O‘g‘ling o‘ldi!” deyishdi. O‘zi o‘ldimi yoki qo‘ruvchilar bo‘g‘ib o‘ldirishdimi, bilolmadik (uxlab qoladi).
Erkak (o‘g‘liga): Eshitganmiding bu voqeani?
Yosh erkak: Albatta, eshitganman.
Ayol: Bu voqeani nechanchi marta eshityapsan?
Yosh ayol: Men ham kamida uch marta eshitganman…
Keksa ayol: Qor ko‘chki xatari o‘tgandan keyin ilk bolamni tug‘dim. (O‘g‘liga) Seni tug‘dim… Keyin ilk qor yoqqanda bu yerdan ketgandik. Borgan joyimizda ham qo‘rqqanimizdan uzoq vaqt ovoz chiqarmay yurdik. Ko‘nikib qolibmiz sassizlikka. U yerdagilar bizni juda ham yoqtirib qolishdi. Bizni sokin harakat qilishimiz ularga juda ham ma’qul kelardi. Bizlar ham boriga shukur qilib yashardik. Eng og‘ir ishlarni biz bajarardik. Yerlilar bizdan juda ham farq qilishardi. Shovqin-suron, baqir-chaqir bilan ishlashar, bir-birlarini baland ovoz bilan chaqirishar edi. Eng alamlisi, bizlar hatto kulganimizda ham imkon qadar ovoz chiqarmasdik, ular esa baralla xoxolab kulishardi. Bizni “erkaklarga o‘xshab” erkin ovoz chiqarib yashashga chorlashardi. Ular bizlarga qarab: “Sizlarni qishlog‘imizga qabul qildik, sizlar ham bizlarga o‘xshab erkin yashanglar. Kerak bo‘lganda baqirib-chaqiringlar, xohlagan payt mazza qilib kulinglar…” deyishardi. Keyin ikkinchi o‘g‘limni tug‘dim. Ammo uning umri qisqa ekan, uzoq yashamadi. Undan keyin bir qizim tug‘ildi, u ham yashamadi. Bu afandiga kelsak, (erini ko‘rsatib) tez orada o‘zgara boshladi. O‘zicha akasining halok bo‘lganidan xafa edi… Har kuni ichib mast holda kelishni odat qilib oldi. Yana o‘zicha: “Bu dard meni bitiradi…” deb, meni o‘ziga hamdard qildi. Keyin bilsam, boshqa bir ayol bilan aloqasi bor ekan. Men: “Nega bu ayol bilan yurasiz?” deb so‘rasam, uyalmasdan menga qarab: “Men akamning o‘limidan keyin nima qilayotganimni bilmay qoldim. Menga tegma…” deb, mavzudan o‘zini olib qochardi. Keyin bilsam, bitta ayol bilan emas, to‘g‘ri kelgan fohishalar bilan aloqa qiladigan bo‘lib qolibdi. Men erkaklarning dardiga har xil ayollar malham bo‘lishini erimning ahvolidan bildim. Katta yoshli bir qo‘shni ayol meni erimning kirdikorlaridan xabardor etdi. Bir kun uyimizga kelib, erkaklarni uyga qaytarishning turli yo‘llari borligi haqida gapirib berdi. U menga qarab: “Oh tortib yig‘lagandan ko‘ra, o‘zingga oro berib, chiroyli kiyimlarni kiyib, ochiq chehra bilan eringni kutib ol”, dedi. Men uning aytganlarni bajo keltirdim. Ammo erim menga qiyo ham ham boqmadi. Bu ham yetmaganday, qo‘shni xola menga erim yoqtirgan eng yaxshi taomlarni tayyorlashni ta’kidlagandi. Lekin erim uyga mast va qorni to‘q kelardi. Bilasizlarmi, to‘q erkakka ovqat yedirish qanchalar qiyin?! Bu ishlar kutilgan natija bermagandan keyin, qo‘shni xolaning uchinchi maslahatini ishga soldik. Rejaga ko‘ra, men kichkina bolam bilan birga kasal bo‘lib qolishimiz kerak… Aynan men ham kasal bo‘lishim kerak ediki, bolani boqish, parvarish qilish erimga qolsin… Allohga shukurlar bo‘lsin, mana shu uchinchi maslahatni amalga oshirgandan keyin, erim butkul uyga qaytdi. Lekin men uchun bu jarayonlar juda ham qiyin bo‘ldi. Sizlar bu afandining bunday muloyim yotishlariga ishonmanglar, u juda ko‘p narsalarga qodir…
Birdan yosh ayol og‘riqdan bezovta bo‘la boshlaydi. Qorni og‘riganidan ikki bukiladi. Zo‘rg‘a qo‘shni xonaga o‘tadi. Xotinini bezovta bo‘lganini ko‘rgan eri uning orqasidan chiqadi. Ularning bezovtaligini keksa ayol zimdan kuzatadi. Og‘riqning oqibatini o‘ylab dahshatga tushadi.
Yosh ayol: Chiday olmayapman! Allohim sabr ber… Chiday olmayapman!
Yosh erkak: Nima qila olaman? Sabr qil!
Yosh ayol: Bu to‘lg‘oq sanchishi… Tushunsangiz-chi! Allohim, bu ko‘rgulikdan meni qutqar!
Yosh erkak: Ovozingni chiqarma! Sabrli bo‘l!
Keksa ayol erkakka ishora bilan bir nimalarni tushuntirishga harakat qiladi. Erkakning tushunmayotganini ko‘rib, o‘rnidan turib, o‘g‘li tomon yuradi. Ayol o‘tirgan o‘rnidan tura olmaydigan keksa ayolni yurib ketganini ko‘rib shoshib qoladi. Tili tutiladi.
Keksa ayol: O‘g‘lim! Kelin!
Erkak: Nima bo‘ldi, ona?
Ayol: Yurayapti! Onangiz yurayapti!
Erkak: Ona, siz yurayapsiz!
Keksa ayol: Yurayapmanmi? Ha, yurayapman… Qo‘yinglar meni yurishimni. Kelin tug‘moqchi!
Erkak: Nimalar deyapsiz, ona?
Ayol: Onangiz yurayapti!
Erkak: Onamning aytganlarini eshitmadingmi, xotin!? Kelin tug‘ayapti, deyapti!
Uchalasi ham qo‘shni xonaga o‘tishadi. Ularning kelgani sezmagan yosh erkak xotinini tinchlantirish bilan ovora. Yosh ayol esa kuchli og‘riqdan ingrashda davom etadi.
Erkak: Nimalar bo‘lyapti, o‘g‘lim?
Ayol: Biron narsa bo‘ldimi?
Yosh erkak: Hech narsa bo‘lgani yo‘q…
Ayol: Ahvolini qara?
Yosh ayol: Shunchaki qornim og‘rimoqda (bildirmaslikka harakat qiladi). Hozir o‘tib ketadi.
Hammaning ko‘zi yosh ayolda… Yosh ayol og‘riqni bildirmaslikka harakat qilmoqda. Ortiq sabr qilolmay, yerga o‘tirib qoladi.
Ayol: Bu! Bu! Yo Tangrim!
Yosh erkak: Yo‘q, ona, bu siz o‘ylagan narsa emas. Boru-yo‘g‘i qorni og‘riyapti, xolos.
Ayol: Insholloh… Suv ichasanmi?
Yosh ayol: Chiday olmayapman! Juda og‘riyapti… (ingrashni boshlaydi)
Yosh erkak (qo‘li bilan xotinining og‘zini yopishga harakat qiladi): Hozir o‘tib ketadi…
Yosh ayol: O‘tmayapti.
Erkak: Nimalar bo‘layapti?
Yosh erkak: Qorni og‘riyapti, dada.
Ayol: Bu oddiy qorin og‘rig‘iga o‘xshamayapti. Men ko‘p marta tuqqanman. Bu to‘lg‘oqning sanchig‘i…
Erkak: Yo Alloh…
Keksa ayol: Men sizlarga aytdim-ku.
Ayol: Endi nima bo‘ladi?
Yosh yolning og‘rig‘i pasayadi, asta-sekin tinchlanadi, lekin yuzlaridan ter oqadi.
Yosh erkak: Men sizlarga og‘riq o‘tib ketadi, degandim-ku. Mana hammasi yaxshi endi.
Ayol: Hech ham o‘tib ketgani yo‘q. Shunchaki ozgina tanaffus bo‘ladi. Bir ozdan keyin yana sanchiq boshlanadi.
Erkak: Sen qayerdan bilasan?
Ayol: Men bilmasam, kim biladi? Hammasi bo‘lib, olti marta tuqqan bo‘lsam… Rostdan ham bu to‘lg‘oq sanchig‘i.
Biroz jimlik cho‘kadi.
Yosh erkak: Nimaga asoslanib bunday deyapsiz, ona?
Ayol: Hozir aytdim-ku, eshitmadingmi? Sendan boshqa besh marta tuqqanman. Men bilmay kim bilsin?
Yana jimlik.
Erkak: Ishonch hosil qilishimiz kerak.
Yosh ayol: O‘tib ketdi. Og‘riq butunlay to‘xtadi.
Keksa ayol: Hamisha shunday bo‘ladi. Oldin sanchadi, keyin o‘tib ketadi. Yana og‘riydi, yana o‘tib ketadi. Keyin esa…
Yosh erkak: Qanday qilib?
Erkak (jiddiy): Bor doyani chaqir.
Yosh erkak: Nega?
Erkak: Uni chaqirishga majburmiz. Agar bu sanchiq “to‘lg‘oq” bo‘lmasa, unda hammasi oydinlashadi. Shunday qilib, hamma savollarga javob topamiz. Qo‘rqqandan ko‘ra, borini bilgan yaxshi…
Yosh erkak: Agar rostdanam to‘lg‘oq bo‘lsa-chi?
Erkak: Doyani chaqir, tezroq kelsin.
Yosh erkak: Bordi-yu, haqiqatan to‘lg‘oq bo‘lsa-chi!?
Ayol: Nima bo‘lganda ham, bizdan talab qilingan harakatlarni bajarishimiz kerak. Doyani chaqirishimiz shart!
Yana biroz jimlik hukm suradi.
Erkak: Bu ishni kechiktirib bo‘lmaydi. Endi har bir daqiqa hisobli. Bu yerning qonun-qoidalariga bo‘ysunishimiz shart.
Yosh erkak: Ammo-lekin!?
Erkak (jiddiy): Boshqa hamqishloqlarni xavf ostida qoldira olmaymiz. Agar biron bir qoidani buzuvchi hodisa bo‘lsa, darhol kerakli joyga xabar berishimiz kerak. Chaqiringlar doyani!
Yosh erkak: Yo‘q!
Erkak: Chaqirishimiz shart!
Yosh erkak: Yo‘q! Bu to‘lg‘oq sanchig‘i emas! Ilgarilari ham bunday og‘riqlar bo‘lgan edi. Keyin o‘tib ketardi. Mana ko‘rib turibsizlar, og‘riq qolmadi. Yana biroz kutaylik.
Erkak: Nimasini kutamiz? Tug‘ishini kutamizmi?
Yosh erkak: Xotinim tug‘ayotgani yo‘q-ku?!
Erkak: Sen qayerdan bilasan? Sen ham ishonch hosil qilishing kerak. Chaqiringlar doyani!
Yosh erkak: To‘xtang, onajon! Bekorga to‘palon qilmaylik! Biroz kutaylik.
Erkak: Kutmaymiz! Bizning vaqtimizni olma! O‘zingni aldama! Bor, chaqir!
Yosh ayol: To‘xtang, onajon! O‘tib ketdi. Hech qayerim og‘riyotgani yo‘q. Qasam ichaman, sanchiq, og‘riq yo‘q endi.
Keksa ayol: Og‘riq, to‘lg‘oqlik bo‘lmasa, nega bezovta bo‘layapsan, qizim? Doya kelib bu sanchiq nimadan ekanligiga aniqlik kiritadi. Bu tashxisdan hammamiz xotirjam bo‘lamiz, shunday emasmi, bolam…
Erkak: Onam to‘g‘ri aytayapti. Barchasiga aniqlik kiritishimiz kerak. Buni bizga faqat doya aytishi mumkin.
Yosh erkak: Bordi-yu, rostan, bu sanchiq to‘lg‘oq bo‘lsa-chi?
Ayol: Bu haqda hamma yaxshi biladi. Agar vaqtida to‘lg‘oq haqida xabar bermasak, bizlar ham aybdor bo‘lamiz.
Erkak (jiddiy): Hammasini aniq bilishimiz kerak. Yoki muddatidan oldin aloqa qildinglarmi?
Yosh erkak: Meni bunday ma’suliyatsizlikda qanday ayblayapsiz?
Erkak: Unday bo‘lsa, nega doyaning kelishiga qarshilik qilyapsan? Ayt menga, nega? Gapirsang-chi! Gapir! Senga aytayapman, gapir!!! Eshitayapsanmi meni? Gapirsang-chi!
Erkak o‘g‘lining yoniga keladi va uni chimchilab g‘azabini bosmoqchi bo‘ladi.
Yosh erkak: Hammasi siz o‘ylaganday emas, dada! Qasam ichaman!
Erkak: Bo‘lmasam nega qo‘rqayapsan, tentak! (Chimchilashda davom etadi) Mening obro‘yimni ikki pullik qilmoqchimisan? Biroz sabr qila olmadingmi, tarbiyasiz! Hirsingga sohib chiqsang, shu kunlar boshimizga kelmasdi! Uyatsiz! Sabrsizliging o‘zingni ham, bizni ham tahlikaga soldi. Endi butun qishloq bizga nafrat ko‘zi bilan qaraydi. Odamlar o‘zlarini bizning oiladan olib qochishadi…
Yosh erkak: Men odatlarimizni buzganim yo‘q, dada!
Yosh ayol (yig‘lamoqda): Biz gunoh ish qilmadik. Qo‘rqinchli ishga qo‘l urmadik…
Erkak birdan o‘ylanib qoladi. Ortiqcha gapirib yuborganini tushunadi.
Ayol (o‘g‘lini erini qo‘lidan tortib oladi): Yo‘q deyapti-ku! Qo‘yib yuboring uni.
Erkak o‘g‘lini qo‘yib yuboradi.
Erkak (hali ham o‘z fikridan qaytmagan): Baribir ishonch hosil qilishimiz kerak. Borib doyani chaqirib kelinglar. Bor! Tezroq!
Ayol: Nima deyman, unga?
Erkak (jim bo‘lib qoladi, biroz o‘ylanadi): “Kelinning holatidan shubhalandik. Ko‘rib bersangiz yaxshi bo‘lardi. Ishonch hosil qilmoqchimiz”, deysan. Rostini aytgin. Yaqinda sanchiq bo‘ldi, degin! Bo‘la qol!
Ayol ustiga katta ro‘mol yopinib, ovozsiz tashqariga chiqadi. Yosh ayol bir chekkada piqillab yig‘lamoqda. Xonaning boshqa tomonida esa qolganlar “nima bo‘larkin” deb xavotirda edilar.

PARDA

IKKINChI QISM

Yosh ayol o‘z xonasida qayg‘uli va bezovtalanib o‘tiribdi. Yosh erkak xotiniga yaqin o‘tirgan holda, o‘ylanmoqda. Vaziyatdan chiqish yo‘lini qidirmoqda. Keksa ayol o‘tirgancha ko‘zlarini eshikka tikkan. Erkak ba’zan derazadan tashqariga qarab, xonaning ichida yurmoqda. Keksa erkak uxlamoqda. Xonaning tashqari eshigi ochilib, ayol kirib keladi.
Erkak: Nima bo‘ldi?
Ayol: Aytdim.
Erkak: Nima dedi?
Ayol: Hozir kelar ekan.
Erkak: Nega birga kelmadi?
Ayol: Qo‘riqlovchilarga xabar berishi lozim ekan…
Ayol kelinning yoniga o‘tadi. Asta-sekin kelinga tasalli berish uchun uni boshini silaydi.
Yosh ayol: Keldimi?
Ayol: Hozir keladi… Men yo‘qligimda biror narsa bo‘ldimi?
Yosh ayol: Yo‘q!
Ayol: Qo‘rqqanimiz boshimizga kelmasin…
Yosh ayol: Insholloh.
Ayol: Balki bu og‘riq homiladorlik bilan bog‘liq emasdir.
Yosh ayol: Insholloh.
Ayol: Mendan jahling chiqmadimi?
Yosh ayol: Jahlim chiqishiga xaqqim bormi?
Ayol: Nima ham qilardik. Xabar berishga majbur edik. Kim bo‘lishdan qat’iy nazar, xabar berilishi shart edi.
Yosh ayol: Bilaman.
Jimlik.
Yosh ayol: Qo‘rqayapman.
Ayol: Qo‘limizdan boshqa ish kelmaydi.
Yosh ayol: Juda ham qo‘rqayapman.
Erkak derazadan doyaning kelganini ko‘radi shekilli, bezovta bo‘lib ayolning yoniga keladi.
Erkak: Kelishyapti!
Ayol bilan erkak eshikni ochishadi.
Ayol: Xush keldingiz!
Erkak: Marhamat.
Oldin doya, ketidan 1-qo‘ruvchi ichkariga kiradi.
Doya: Xayrli tong.
1-qo‘ruvchi: Kunimiz oydin bo‘lsin.
Erkak: Xayrli tong.
Yosh erkak: Sizga ham.
Ayol: Senga ham.
Keksa ayol: Xush kelding, bolam.
Doya keksa ayolning qo‘lini o‘padi.
Keksa ayol: Seni ham qo‘l o‘puvchilaring ko‘paysin, bolam.
Yosh erkak ham doyaning qo‘lini o‘padi.
Doya: Rahmat, o‘g‘lim.
Yosh erkak: Bu to‘lg‘oq emas…
Doya: Insholloh.
Ayol: Biror ichimlik beraymi?
Doya: Bunday vaziyatda vaqt g‘animat. Kech qolmaylik. Agar tashvishlanadigan biron hol bo‘lmasa, albatta, qahvalaringizni ichaman.
Ayol: Insholloh.
Doya: Kelin qayerda?
Ayol oldinda, doya uning orqasidan kelinning yoniga borishadi.
Erkak (1-qo‘ruvchiga): Marhamat, o‘tiring.
1-qo‘ruvchi o‘tiradi. Doya yosh ayolning yoniga keladi. Sochlarini silaydi.
Doya (ayolga): Sen chiq bu yerdan!
Ayol qolganlarning oldiga chiqadi.
Doya: Shifosini bersin, qizim.
Yosh ayol (ovozini titroq bosadi): Rahmat, xola.
Doya: Oldin gaplashib olaylik…
Yosh ayol: Xo‘p.
Doya: Ammo savollarimga to‘g‘ri javob berasan, xo‘pmi?
Yosh ayol: Xo‘p.
Doya: Qachon chimildiqqa kirdinglar?
Yosh ayol: Dekabrning o‘rtalarida.
Doya: Undan oldin oralaringda xech narsa bo‘lmaganmidi? Masalan, o‘pishish yoki shunga o‘xshash harakatlar. Balki ehtiyotsizlik qilib… Mendan hech narsani yashirma.
Yosh ayol: Yashirganim yo‘q!
Doya: Senga yaxshilik qilish uchun so‘rayapman.
Yosh ayol: Qasam ichib aytaman, hech narsani yashirganim yo‘q.
Doya barmoqlari bilan sanay boshlaydi. Yana boshqatdan sanaydi.
Yosh ayol: Xola, judayam qo‘rqib ketayapman.
Doya: Qo‘rqadigan hech narsa yo‘q, bolam. Vaqtini hisoblab chiqdim, xavotirga o‘rin yo‘q. Hisobga ko‘ra, tug‘ishga hali bir oy bor.
Yosh ayol: Xudo xohlasa…
Doya: Agar bugun tug‘ilishi kerak bo‘lganda, ancha oldin chimildiqqa kirgan bo‘lishlaring kerak edi (doya yana boshqatdan sanaydi). Hammasi to‘g‘ri. Lekin bilasanmi qizim, xato bo‘lsa baribir o‘rtaga chiqadi. Agar mendan biron narsani yashirmayotgan bo‘lsang, bu og‘riq to‘lg‘oq emas.
Xavotir bilan kelinning yuziga tikiladi.
Yosh ayol (doyani xavotir bilan tikilayotganini anglaydi): Rost aytayapman. Qasam ichib aytaman, rost gapiryapman. Zotan, birga bo‘lishimizga imkoniyat ham bo‘lmagan. Ota-onalarimiz hatto uzoqdan ko‘rishishga ham ruxsat berishmagan.
Doya: To‘g‘ri, olov bilan poroxni yonma-yon saqlab bo‘lmaydi, qizim. Yana shunday mudhish voqeani bilaturib…
Yosh ayol: O‘sha ayolga ham siz qaragan edingizmi?
Doya: Yo‘q, azizim. Nima men shunchalik qari ko‘rinayapmanmi? Bu hodisa ancha oldin bo‘lib o‘tgan. Lekin o‘sha voqeadan keyin, boshqa bunday ish qaytarilmagan. Insholloh, bundan keyin ham qaytarilmaydi.
Yosh ayol: Insholloh.
Doya: Qo‘rquving o‘tib ketdimi?
Yosh ayol (qo‘rquvi davom etishiga qaramay): O‘tib ketdi.
Doya: O‘tsin… Baribir qo‘rquvning ajalga foydasi yo‘q. Tamoman ishonch hosil qilishimiz uchun bir ko‘rib, tekshirib olamiz. Yot. Cho‘zil, cho‘zil…
Yosh ayol yoni bilan yotadi.
Doya: Chalqancha yot…
Yosh ayol bosh qismini tomoshabinlarga qarata yotadi.
Yosh ayol: Shundaymi?
Doya: Shunday. Oyoqlaringni qorin tomon tort. Ikkalasini ham. Ko‘ylagingni ko‘tar. Ana shunday…
Doya yosh ayolning ko‘ylagini yana biroz ko‘taradi.
Doya: Oyoqlaringni ko‘tar. Ko‘tar, balandroq (yosh ayolning ich ko‘ylagini yechadi). Ofarin. Qo‘rqinchli hech narsa yo‘q (egilib qo‘li bilan qornini bosib ko‘radi, takror-takror qo‘llari bilan qornini silab ko‘radi. Turadi). Kiyinaver.
Yosh ayol kiyinadi, turib qo‘llarini qovushtirgancha kutadi.
Doya: Birinchi sanchiq qachon bo‘ldi?
Yosh ayol (yolg‘on gapirgani bilinadi). Sizga xabar berishdan oldin…
Doya (jahli chiqadi): Zinhor yolg‘on gapirma! Qachon yuz berdi bu ish? Bilishim shart. Boshqalar bilmasin, lekin men bilishim kerak! Inshalloh, aytganlaring yolg‘on bo‘lib chiqmas.
Yosh ayol: Yolg‘on emas.
Doya: Ilk sanchiqni aytayapman.
Yosh ayol (bezovta bo‘lib): Kun yorishmasdan…
Doya: Keyin-chi?
Yosh ayol: Biroz o‘tib, keyin yana boshlandi.
Doya: Keyin-chi?
Yosh ayol: Boshqa og‘rimadi.
Doya (bir zum jimlik hukm suradi): Bilasanmi qizim, onangni juda yaxshi taniyman. Uzoq yillar qo‘shni bo‘lib yashadik. Afsus, juda ham xafa bo‘ldim. Bu hodisa haqida kattalarga aytishim kerak. Ularning bilishi shart. Chunki odatimiz va qonun-qoidamiz shuni talab qiladi (ovozini pasaytiradi). Ularga so‘nggi sanchiq haqida gapirib berishing lozim, tushundingmi?
Yosh ayol: Tushundim.
Doya: Aks holda, oilangdagilarni ham baloga o‘rtoq qilasan! Ha, yana shuni ham unutma, Tangridan umid uzilmaydi! Balkim, bu og‘riqlarning to‘lg‘oqqa aloqasi yo‘qdir.
Yosh ayol (chorasiz): Insholloh! Ota-onam ham kelishadimi?
Doya: Yo‘q! Ular kelishmaydi. Bu odatimizga to‘g‘ri kelmaydi.
Yosh ayol: Hech bo‘lmasa, onamni chaqiringlar.
Doya: Mumkin emas. Tergovni mana shu uyda olib boramiz. Qattiq tergov bo‘ladi.
Doya sassiz boshqalarning oldiga chiqadi.
Erkak: Nima bo‘ldi?
Doya (ayolga): Qo‘limni yuvib olay.
Ayol o‘choqda qaynayotgan suvdan idishga olib, uni sovuq suv bilan aralashtirib, doyaning qo‘liga quyadi.
Yosh ayol: Nima deysiz?
Doya (qo‘llarini sochiqqa artib): Juda xohlagan edim, ammo nasib qilmadi. Qahvangizni ichmayman. Majburlamang, tartib shunday. Bu haqda xabar berishim kerak. Nima ham qilardik? Butun balo o‘tib ketgan bo‘lsin. (1-qo‘ruvchiga) Sen shu yerda kutgin.
Doya asta-sekin xonadan chiqadi. Ayol uning orqasidan eshikni yopadi. Hamma xafa… Keksa erkak uxlamoqda. Yosh erkak xotinining yoniga o‘tadi. Yosh erkak bilan yosh ayol bir-birlarini quchoqlaydilar.
Keksa erkak (uyqudan uyg‘onadi. Atrofga qaraydi. O‘sha yerda turib gapirishni boshlaydi): Menga qolsa akamni o‘limi sirli bo‘lib qolaveradi. Uni baqirishdan to‘xtatib qolish uchun o‘ldirishgan. Rahm-shafqatsiz yo‘q qilishdi! (Birdan birinchi qo‘ruvchini ko‘rib qoladi) Sizlar, qo‘ruvchilar! Sizlar! (Qo‘lini birinchi qo‘ruvchini tahdid qilganday siltaydi) Sizlar uni o‘ldirdinglar!!! Sizlar! Qo‘llaringiz bilan bo‘g‘ib o‘ldirdinglar! Qotillar! Qotil qo‘ruvchilar!
Keksa ayol erini ovoz chiqarmay tinchlantirishga harakat qiladi.
Sahna qorong‘ulashadi.

PARDA

UChINChI QISM

Yig‘ilganlarning barchasi bo‘ladigan ishlarning oqibatini kutishmoqda. Keksa erkak tinchlantirilgan, lekin yana qizishib ora-ora birinchi qo‘ruvchiga qaraydi. Erkak ham bu orada qo‘shni xona derazasiga qarab bezovta bo‘ladi.
Erkak: Kelishayapti!
Ayol (keksa ayolga): Yura olasiz-ku. Tura qoling, endi. Bizni ham biroz o‘ylang.
Erkak: Tinch qo‘y, onamni!
Keksa erkak: Bo‘g‘ib o‘ldirishdi akamni!!! Qotillar!!! Qotil qo‘ruvchilar!
Keksa ayol: Bular boshqa qo‘ruvchilar. Hammasini aralashtirib yubordingiz.
Keksa erkak: Aralashtirganim yo‘q… Bittasi mana shu edi! Sen eding, bilaman! Xoin qo‘ruvchi! Qotil qo‘ruvchi!
1-qo‘ruvchi (keksa erkakka): Ota, biz kimni bo‘g‘izlabmiz? Men hech kimni bo‘g‘ganim yo‘q. (Boshqalarga) Nimalar deyapti?
Erkak (Birinchi qo‘ruvchiga past ovozda): Dadam ancha keksayib qoldi. Ko‘p yillar oldin bo‘lib o‘tgan voqeani, xuddi yaqinda bo‘lib o‘tganday o‘ylayapti. Quloq solma!
Keksa erkak (jonlanib): Qotil qo‘ruvchi! Qotil qo‘ruvchi! Qotil qo‘ruvchi!
1-qo‘ruvchi: Baloga qoldiq!
Keksa erkak: Qotil qo‘ruvchi! Qotil qo‘ruvchi!
1-qo‘ruvchi: Bunday davom etishi mumkin emas!
Erkak: (“Men hal qilaman”deganday 1-qo‘ruvchiga qarab qo‘yadi. Otasi tomonga o‘giriladi) Bo‘ldi qiling, ota. Gapirmang. (Boshqalarga) Kelishdi.
Keksa erkak xafa bo‘lib jim bo‘ladi. Keksa ayol bilan birga barcha eshik tomon yurishadi. Erkak eshikni ochadi.
Erkak: Marhamat…
Ayol: Xush keldingiz…
Keksa ayol: Yaxshilikka bo‘lsin.
Tergov guruhi a’zolar: rais, ayol a’zo, erkak a’zo, doya, ikkinchi qo‘ruvchi ichkariga kirishadi.
Rais: Xush ko‘rdik!
Boshqalar (hurmat bilan): Xush ko‘rdik. Xush ko‘rdik.
Erkak: Marhamat, yuqoriga o‘tinglar.
Keksa erkak (xotiniga ikkinchi qo‘ruvchini ko‘rsatib, boshqalar eshitilmas holda): Mana ikkinchi qotil ham keldi.
Keksa ayol eriga erkakning jahli chiqayotganini ishora etadi.
Ayol: Qayerga o‘tirasiz?
Rais (xonani ko‘zdan kechiradi): Mana shu balandroq joyga o‘tiramiz. Mana shunda xammasi to‘g‘ri bo‘ladi.
Erkak (qo‘li bilan ko‘rsatadi): Mana shu yer bo‘ladimi?
Rais yonidagi guruh a’zolarini ko‘zdan o‘tkazadi. A’zolar raisga qarab, ishga tayyor ekanliklarini ishora qilishadi.
Rais: Juda yaxshi.
Rais, guruh a’zolari o‘tirishadi. 1-qo‘ruvchi va 2-qo‘ruvchi eshik oldida turishibdi. Keksa erkak tergov guruhi a’zolari va qo‘ruvchilarni diqqat bilan kuzatadi.
Rais: Stol olib kelinglar.
Erkak va ayol stolni olib kelib raisning oldiga qo‘yishadi.
Erkak: Biror narsa kerakmi?
Rais: Gaplashayotganimizda og‘zimiz qurib qolishi mumkin. Shuning uchun biroz suv keltirsangiz bizga. Yetarli darajada bordoqlarni ham olib keling.
Ayol suv to‘la idish bilan birga bordoqlarni stolni ustiga qo‘yadi.
Rais: Rahmat qizim. Kelin qayerda?
Ayol: Kelsinmi? (O‘g‘liga) Men o‘zim chaqirib kelaman.
Ayol ichkariga yuradi. Yosh ayolning mehmonxonaga kelishini ishora qiladi.
Rais: Kelin kelmasa biror bir masalaga oydinlik kirita olmaymiz.(Keksa ayolga) Shundaymi?
Keksa ayol: Shunday!
Rais: Hammangiz o‘tirishingiz mumkin. Bu yig‘ilishimizning sababchisi, bu yerga kelib hammamizning oldimizda paydo bo‘lgan savollarga ochiq-oydin javob berishi lozim. Tushunarlimi?
Hamma: Tushunarli!
Rais (qolgan kengash a’zolariga): Boshlaymizmi?
Boshqa a’zolar boshlarini egib, rozilik alomatini ko‘rsatishadi.
Keksa erkak (xotiniga ovozini pasaytirib): Nihoyat qo‘ruvchilarni jazolashadi!
Keksa ayol eriga ishora qilib, jim bo‘lishini so‘raydi. Pontamimachi singari qo‘l harakatlari bilan eriga bo‘layotgan jarayonlarni anglatishga harakat qiladi.
Keksa erkak: Homilador ayolni nega qiynashadi? Qotillar!
Keksa ayol: Jim!
Rais: Bu yerga kelishdan oldin, maxsus hovuzdagi suv hajmini o‘lchab keldik. Ma’lumki, bu hovuzdagi suv hajmi qorlarning erishiga qarab to‘ladi va shundan keyin tahlika bitadi. Hozir suv to‘lishiga, tahlika o‘tib ketishiga yana ikki barmoq bo‘sh joy qolibdi. (Qo‘li bilan ko‘rsatadi) Bu degani bugun kechga yaqin yoki eng kechi bilan ertaga bu bo‘shliq suv bilan to‘ladi va qor ko‘chkisi tahlikasi ortda qoladi. Undan keyin, qish boshlanish arafasida ketib qolgan oilalar, bolalar, turli oziq-ovqatlar, un, go‘sht, tuz-shakarlar va boshqa narsalar bilan qaytib kelishadi va uch oyga yaqin, ya’ni qor yog‘gunga qadar shu yerda bizlar bilan birga yashashadi. Boshqa yerlardagi singari to‘ylar, chaqaloqlarning tug‘ilishlari, turli xil bayramlar nishonlanadi. Birinchi qor yog‘ishi bilan homiladorlar va boshqa kelganlar qaytib ketishadi. Shunday qilib keyingi qor erigunga qadar bir-birlarini ko‘rishmaydi. Shunday qilib bu hol har yili takrorlanaveradi. Bizlar ertangi kunni bayramona nishonlash uchun maslahat qilib turgan joyda, doya kelib kutilmagan noxush xabarni yetkazdi.
Erkak vakil yo‘talgisi kelganini bildiradi. Hamma xavotir oladi. Bunday hollarda bo‘lgani singari, ayol vakil unga ovozini yopish uchun yostiq beradi. Erkak vakil yostiq bilan yuzini yopib yaxshilab yo‘talib oladi, tomog‘ini qirib, o‘ziga keladi. Keyin yostiqni ayol vakilga qaytaradi.
Rais: Afsuslanib shuni bildirishga majburmanki, so‘nggi ellik yil ichida bo‘lmagan bir mudhish voqeaga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ya’ni, kutilgandan oldin to‘lg‘oq guvohi bo‘lmoqdamiz… Bu voqeadan boshqalar singari men ham juda ranjidim. Qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Qabul qilingan qoidalarga bo‘ysunamiz! Chunki bu hodisa barchaning umriga ziyon keltiradi.
Erkak vakil yana yo‘talgisi kelganini bildiradi.Endi uning yuziga bir necha yostiqni bosishadi. Erkak vakil bu harakatdan nafas ololmay halok bo‘ladi. Bu mayitni yuqoriroq yerga joylashadi va hamma hurmat bilan yonidan o‘tadi. Barcha bir daqiqali sukut saqlaydi.
Rais: Endi vaqt yo‘qotmasdan, zimmamizga tushgan ishni oxiriga yetkazaylik. (Doyaga) Senga qachon xabar berishdi?
Doya: (O‘rnidan turib) Yaqinda…
Rais: Ahvol qanday?
Doya: Kelinni har tomonlama ko‘rib chiqdim. Keyin sizga xabar berdim. Qayg‘u va xavotir bilan aytamanki, kelin tug‘adi…
Rais: Ishonching komilmi?
Doya: Ishonchim komil.
Rais: Balkim yangidan tashxis o‘tkazarsan.
Doya: Keragi yo‘q. Chunki barcha belgilar to‘lg‘oq yaqinligini ko‘rsatayapti.
Rais: O‘tirishing mumkin. Sizlar! (yosh erkak va yosh ayol o‘rnilaridan turishadi) Bizning qonun-qoidalar bo‘yicha tug‘ish faqat bir oydan keyin mumkin, lekin sizlar bu talablarni buzib, bir oy oldin yaqinlashibsizlar. Bu bilan shu yerda yashayotganlarni tahlika ostida qoldiribsizlar. Sizlar o‘z ayblaringizni bilasizlarmi?
Yosh ayol: Bilamiz…
Yosh erkak: Bilamiz…
Yosh ayol: Lekin, bu bizning aybimiz emas.
Rais: Bu nima degani?
Yosh erkak: Hisobni kattalar qilishgan. Mana shu kundan ruxsat deyishdi. Bizga ruxsat berilgan kun chimildiqqa kirdik. Ungacha menga xotinimni faqat uzoqdan ko‘rsatishdi, xolos.
Erkak: Hurmatli rais, ruxsat bering, men gapirsam.
Rais: Qisqaroq qilib gapiring.
Erkak: O‘g‘lim to‘g‘ri gapirayapti. Ularni belgilangan kunga qadar birga bo‘lishlariga qarshilik qildik.
Ayol: Hatto qo‘llari ham bir-birlariga tegmagan.
Rais: Ruxsatsiz gapirish mumkin emas. Tushunarlimi?!
Ayol: Tushunarli, Raisbey.
Rais: Aytaylik, sizlar iddao qilganlaringday hammasi o‘z vaqtida qilindi. Unda bunday ahvolga qandoq qilib yetib keldik.
Yosh erkak: Bu erta tug‘ilish.
Doya (o‘rnidan turib): To‘g‘ri Raisbey. Bu erta tug‘ilishdir.
Yosh erkak: Ya’ni biz aybdor emasmiz.
Jimlik
Rais: Xoh unday, xoh bunday, nima farqi bor? Biz bu yerda tug‘ish ertamidi, kechmidi, bu haqda bahs yuritayotganimiz yo‘q. Biz uchun natija muhim. Shu onda xotining tug‘ish holiga kelibdi va tahlika hali ham bor. Demak, hozir bu yerda qilinishi shart bo‘lgan ishni qilishimiz kerak. (Ovoz chiqarmay, kengashning boshqa a’zolaridan rozilik oladi) Bu yosh ayol vaqt o‘tmasdan tobutga qo‘yiladi va keyin tuproqqa ko‘miladi! Bu qarordan biz ham juda afsusdamiz, lekin nailoj…
Yosh erkak: Raisbey!
Rais: Bo‘ladigan ish bo‘libdi, endi tortishishdan foyda yo‘q. Chunki bu yosh ayol har damda tug‘ishi mumkin. Buning oqibati barchamizga fojia bo‘lishi ma’lum. Agar doyani bu qarorga qarshi e’tirozi bo‘lsa, marhamat, gapirsin! (Doyaga) Chunki bu holatda e’tiroz etish va qaytadan tekshirishni faqat siz hal qilasiz. Bu masalada biron bir fikringiz bormi?
Doya: Yo‘q, Raisbey.
Rais: Bo‘ladigan ish bo‘libdi, endi tortishishdan foyda yo‘q…
Doya: Tegishli jarayonni boshlanglar!
Keksa erkak: Bular qo‘ruvchilarni tergov qilishmayapti!
Erkak va keksa ayol, keksa erkakka jim bo‘lishni ishora qilishadi.
Yosh erkak: Xotinimni aybsiz aybdor qilayapsizlar. Nohaq jazo berayapsizlar. Biz barchasini to‘g‘ri qildik, aytilgan paytda to‘y bo‘ldi, aytilgan payt chimildiqqa kirdik.
Rais (jahli chiqadi): Bu gaplarni gapirib bo‘ldik, bolam. Bizni qarorimizga qarshi chiqish mumkin emas. Qabul qilingan qonun-qoidalarga binoan Kengash chiqargan qarorga barcha birdek bo‘ysunishi shart! (Yana jahli chiqadi) Sen nima demoqchi bo‘layapsan?! Senga qarasak, shuncha insonni o‘limga mahkum qilmoqchisan, shundaymi?!
Yosh erkak (hayajonlanadi): Shuncha inson… o‘lmasin! Xotinim ham o‘lmasin!
Rais: Meni seni tushunayapman, yigit! Bizlar ham o‘z vaqtida yosh bo‘lganmiz, lekin boshqalarni nobud qilishga xaqimiz yo‘q.
Yosh erkak (sal bo‘lmasa yig‘lab yuborishga qodir): Tug‘ish degani birdan bo‘lmaydi-ku. Yana biroz kutaylik, sizlardan o‘tinib so‘rayman.
Rais: Buni bizdan so‘rama, mumkin emas. Butun qishloq ahlini tahlikaga tashlay olmayman. Sen tanlashing kerak, yo xotining yoki butun qishloq ahli. Boshqa iloji yo‘q. Agar boshqa yo‘li bo‘lsa edi, biz uni qo‘llardik. Endi cho‘zmasdan aybdorni qatl qilishimiz kerak. Qabul qilingan qoidaga binoan barcha jarayonlarni amalga oshirishimiz darkor. (Yana ham jahli chiqib) Agar hozirning o‘zida birdan xotining tug‘ishni boshlasa, uning hayqirig‘idan tog‘dagi qorlar ko‘chib tushsa, nima bo‘ladi? Agar sen shunday qaysarlik qilaversang, seni ham aybdor qilib, xotiningga qo‘shib qatl qilamiz. Ovozingni o‘chir!
Yosh erkak: Rais janoblari…
Rais: Ogohlantirayapman! Unutma! So‘z kumush bo‘lsa, sukunat oltindir! Yuz yillarcha shu tushuncha bilan yashab kelmoqdamiz. (Qo‘riqchilarga qatl jarayonini boshlashni ishora qiladi)
Keksa erkak: Bular qo‘ruvchilarni tergov qilishmayapti! Qotillarni emas, aybdorlarni qatl qilishayapti!
Rais: Bu qariya nima deb valdirayapti?!
Keksa erkak: Akamni bo‘g‘ib o‘ldirganlarni tergov qilinglar!
Rais: Nimalar deyapsan?
Keksa erkak: Qotillarni tergov qilinglar! Ulardan qo‘rqasan-da, chunki ular seni ham bo‘g‘ib o‘ldirishlari mumkin-da.
Rais: Buni ham og‘zini bog‘langlar!
1-Qo‘riqchi yonida olib kelgan kattakon bir bo‘z latta bilan erkakning og‘zini bog‘lash bilan ovora bo‘ladi.
Rais: Tezroq bo‘linglar!
Keksa erkak (og‘zini bog‘lashlariga qarshi chiqadi): Endi akamni ahvolini juda ham yaxshi tushunayapman!
Rais (2-qo‘ruvchiga): Narigisini ham tayyorlanglar! Tezroq bo‘linglar!
2-qo‘ruvchi: Amringiz bajo keltiriladi!
2-qo‘ruvchi kelinning og‘zini bo‘z latta bilan bog‘lashga kirishadi.
Rais: Meni shoshirtirib qo‘yding, yigit. Mayli, darding katta deb, seni avf etdim…
2-qo‘ruvchi (yosh ayolning og‘zi va qo‘llarini orqadan bog‘lab qo‘yiladi): Tamom, boshliq!
Rais (qo‘li bilan kelinning ko‘zlarini ham bog‘lashga ishora qiladi): Ishingni chala qilma.
2-qo‘ruvchi kelinning ko‘zlarini ham bog‘laydi. Kelin qo‘rqqanidan titray boshlaydi.
Rais: Tamom. (Qolganlarga) Hech kim bu yerdan ketmasin! Ish tugaguncha barchamiz shu yerda, uy ichida qolishimiz kerak. (1-qo‘ruvchiga) Sen shu yerda qolib, ishni oxirigacha olib borasan. (Boshqa a’zolarga) Qani turinglar. Guvohligimizni bajaraylik.
Rais va boshqa a’zolar o‘tirgan o‘rinlaridan turishadi. Ikkinchi qo‘ruvchi yosh ayolni olib ketishga harakat qilarkan, qiynaladi. Chunki kelin yurishga to‘sqinlik qiladi. Hatto ingrab, ketishni xohlamayotganini ko‘rsatadi. Ikkinchi qo‘ruvchi raisning ishorasi bilan yosh ayolni sudrab tashqariga olib chiqishga harakat qiladi. Ularning orqalaridan rais va Kengash a’zolari yurib borishadi. Boshqalar sassiz kutishar ekan, yosh erkak ularga bildirmay, miltiqqa o‘qlarni joylashtiradi.
Yosh erkak (miltiqni osmonga qaratib): To‘xtanglar!!! (Birdan hamma qotib qoladi)
Rais: Nima qilmoqchisan, bolam?
Yosh erkak: To‘xtanglar, dedim!!!
Ayol vakil: Bu nima degani? Bu nima qilmoqchi?!
Yosh erkak: Meni miltiqni otishga majbur qilmanglar!!!
Rais: Bu mumkin emas!
Ayol vakil: Miltiq otilsa, nima bo‘lishini bilasanmi? Allohim, o‘zing asra!
Rais: Hammamiz o‘lamiz!
Yosh erkak: To‘g‘ri, hammamiz o‘lamiz! Yo xotinim yashaydi yoki hammamiz birlikda xalok bo‘lamiz!
Jimlik.
Erkak: Pastga tushir qurolni!
Ayol: Bizni ham o‘ldirmoqchimisan?
Erkak: Axir hammamiz o‘lib ketamiz-ku!
Yosh erkak: Dada, endi sizlar mening ishimga aralashmanglar.
Erkak: Qanday qilib ishingga aralashmaymiz? O‘zingga kel, o‘g‘lim…
Yosh erkak: Xotinim o‘lib ketaversinmi? Xotinim va bo‘lajak bolamning tirik qolishlari uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni amalga oshirishim kerak.
Erkak: Qo‘lingdan nima ham kelardi?
Keksa ayol: Hammamiz birgalikda o‘lamiz!
Ayol: Hali yoshsan… Senga boshqa xotin topiladi. Boshqa ayollar ham senga bola tug‘ib bera oladi.
Keksa ayol: Ota-onangni qotili bo‘lasan!
Keksa erkak: Men nevaram bilan g‘ururlanayapman! Yasha!
Yosh erkak: Meni tushunmayapsizlar. (Raisga) Hech kim qimirlamasin! Hamma joyida qolsin! Joylaringizga o‘tinglar!
Rais va a’zolar o‘rinlariga o‘tishadi. 2-qo‘ruvchi kelinni o‘z o‘rniga olib keladi. Erining ishorasi bilan qo‘llarini, ko‘zlarini va og‘zini yechadi, bo‘shatadi. Jimlik.
Rais: Og‘zim qurib qolayapti. Suv ichib olsam bo‘ladimi?
Yosh erkak: Bo‘ladi.
Rais suv ichib oladi. Boshqa a’zolar ham suv ichishadi.
Rais: Endi nima bo‘ladi?
Ayol vakil: Nimani kutayapmiz?!
Yosh erkak: (1-qo‘ruvchiga) Sen! Dada siz ham, borib suv havzasiga qaranglar! Ahvolni bilaylik! Bo‘laqolinglar!
1-qo‘ruvchi va erkak tashqariga chiqishadi.
Keksa erkak: Qo‘ruvchilarni ham tergov qilaylik!
Keksa ayol erining tinchlantiradi. Hamma nima bo‘lishini kutmoqda. Rais va kengash a’zolari ham hayrat bilan jarayonning davomini kutishmoqda. Biroz vaqt o‘tgandan keyin erkak va 1-qo‘ruvchi kirib kelishadi.
Erkak: Bir barmoq bo‘sh joy qolibdi!
1-qo‘ruvchi: To‘g‘ri, bir barmoq!
Yosh erkak: Zotan, hozircha sanchiq qayta boshlangani yo‘q. Balkim doya adashgandir! Bu sanchiq tug‘ish alomati emasdir. Lekin sabrsizlikdan mening xotinim o‘lib ketishi mumkin edi. Mana o‘zlaringiz ko‘ringlar, hech qanday sanchiq yo‘q!
Rais: Nimalar deyapsan, bolam? Doya hech ham yolg‘on gapirmaydi. Mayli, bizni qo‘ya tur, ota-onang ham o‘lib ketishadi-ku?! Hamma o‘lib, qor tagida qolib ketamiz. Qancha odam yaqinlaridan ayriladi. Ularga rahming kelmaydimi?!
Erkak ishonch bilan yosh erkakning yoniga keladi. Miltiqni pastga tushirishni talab qiladi. Qurolni qo‘liga oladi. Shu payt keksa erkak narigi miltiqni qo‘liga olib, erkakka to‘g‘rilaydi va uni chetga chiqishga majburlaydi. Yosh erkak miltiqni dadasining qo‘lidan oladi. Birdan yosh ayol og‘riqdan bukila boshlaydi.
Rais: Yo tangrim!
Doya: Bu ayol hozir tug‘ishni boshlaydi!
Yosh erkak (1-qo‘ruvchiga): Og‘zini bog‘la!
1-qo‘ruvchi kelinning og‘zini yana bog‘lab qo‘yadi.
Yosh erkak: Ichkariga olib kiringlar! Og‘zini bog‘la!
1-qo‘ruvchi kelinni ichkariga olib kiradi. Keksa erkak qo‘llari bilan qarsak chalib xursand bo‘ladi.
Yosh erkak (doyaga): Ichkariga o‘ting. Ona siz ham yordam bering.
Doya (ayolga): Bitta tog‘ora bilan issiq suv keltiringlar! Tezroq!
Yosh erkak: Tezroq ona!
Rais (dahshat ichida): Chaqaloqning baqirishi nima bo‘ladi?
Ayol vakil (dahshatga tushib): Baqiradi!
Rais: Hammamiz o‘lamiz!
Ayol vakil: O‘lamiz! Halok bo‘lamiz!
Keksa erkak: Zotan meni vaqti soatim kelib qolgan… Menga farqi yo‘q. Men endi akamning ahvolini yaxshi tushunayapman. O‘lishdan oldin men ham erkin bo‘lib, baqirishni xohlayapman. Hayqirgim kelyapti. Hoziroq!
Keksa ayol: Yo‘q! Mumkin emas!
Erkak: Men sizni o‘g‘lingizman, ota.
Ayol: Hammasi tugadi, shekilli!
Erkak: Meni o‘limimga sababchi bo‘lasizmi? (Qo‘li bilan otasining og‘zini yopishga harakat qiladi)
Ayol (o‘g‘liga qarab): Seni o‘limimga sababchi bo‘lsin, deb katta qilganmidim? Oq sutimni va mehnatimni senga halol qilmayman!
Yosh erkak: Jim bo‘linglar!
Doya 1-qo‘ruvchiga tashqariga chiqishini ishora qiladi. 1-qo‘ruvchi boshqalarning yoniga kelib turadi. 2-qo‘ruvchi yosh erkakka bildirmasdan yaqinlashadi. Yosh erkak sezib qolib, miltiqning dastasi bilan uni urib yerga yotqizadi.
Yosh erkak: Ehtiyot bo‘linglar! Yana bunday ishni qilmoqchi bo‘lsangiz, yomon bo‘ladi!
Rais (1-qo‘ruvchiga): Tentak!
Yosh erkak: Tushunarlimi?
2-qo‘ruvchi: Tushunarli.
Ichkarida kelinni tug‘ishiga yordam berish uchun yotqizishgan. Doya ayolga nima qilish kerakligini tushuntirmoqda.
Ayol vakil (qo‘rqib): Ammo, chaqaloqning og‘zini yopib turish kerak. Axir u tinmay baqirib yig‘laydi-ku.
Rais: Suv havzasi to‘lguncha chaqaloqning og‘zini yopib turish zarur.
Kelinning ingrashlari ortadi. Ingrashlar ichidan chiqadi… Kelinning ingrashi birdan to‘xtaydi. Doya chaqaloqning og‘zini yopib yuqoriga ko‘taradi. Chaqaloq doyaning qo‘lidan tog‘oraga tushib ketadi… Kuchli baqirish eshitiladi. Quloqni kar qiluvchi chinqirishlar eshitilarkan, doya chaqaloqni yana qo‘liga oladi. Jimlik. Hamma qor ko‘chishining qo‘rqinchli ovozini diqqat bilan kutmoqda… Ba’zilar esa qo‘llarini ochib duo qilishga kirishgan. Qor ko‘chkisidan esa hamon darak yo‘q…
Rais: Qor ko‘chki tushmadi!
Ayol vakil: Endi tushmasa kerak.
Rais: Insholloh!
Yosh erkak: Jim bo‘linglar!
Jimlik davom etadi.
Keksa erkak xotinining qarshiliga qaramay, yosh erkakning qo‘lidagi miltiqni tortib olib, tashqariga otilib chiqadi. Vahimali bir otish qiladi. Miltiqdan dahshatli ovoz chiqadi. Birozdan so‘ng hamma xursand bo‘lib baqira boshlaydi. Tashqarida miltiq ovozlari bilan birga doul – surnay ovozlari ham yangraydi…

PARDA

2001 yil. Sarigerme. O‘rtaja.

Turk tilidan Oybek Veysal o‘g‘li tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 10-son