Yangilanish umidi (davra suhbati, 1990)

O‘zbek adabiyotshunosligining buguni va kelajagi ko‘pchilikni qiziqtiradi. Quyida e’tiboringizga havola qilinayotgan suhbatda O‘zbekiston Fanlar dorilhikmasi Til va adabiyot institutining yosh olimlari ishtirok etadilar.

Suvon Meli, filologiya fanlari nomzodi:

— Ilm-fan nisbatan qotib qolgan soha. Bu ayniqsa turg‘unlik davrida yanada gazak oldi. Fikr fikrligi uchun emas, falonchi tomonidan aytilgani tufayli inobatga olindi. Natijada ba’zi unvonli, ammo haqiqiy ilmiy tafakkurga ega bo‘lmagan olimlar ilm-fan maydonini egallab oldilar.

Agar adabiyotshunoslikni oladigan bo‘lsak, unda shunday vaziyat vujudga keldiki, endilikda nafaqat Sho‘ro davrida yaratilgan yetmish yillik adabiyot, balki ming yillik o‘zbek adabiyotini yangicha nuqtai nazarlar asosida tom ilmiy ma’noda qayta o‘rganib chiqishga to‘g‘ri kelayapti. Gap shundaki, qayta qurishgacha hukmron bo‘lgan ma’muriy-buyruqbozlik tuzumi mafkuradan qo‘l-oyog‘i chirmab tashlangan badiiy adabiyotni targ‘ib qilishni talab etdi va ba’zi istisnolarni aytmaganda shunday adabiyotga erishdi ham.

Ijodkorlarni voqealikka muayyan mafkura nigohi bilan ko‘z tashlashga qariyb majbur qilgan rasmiy tuzum o‘tmish adabiy merosiga nisbatan ham, tarixiylikka zid borib bo‘lsa-da, xuddi shunday nigohni taqozo etib qo‘ydi. Go‘yo adabiy meros ham yangi tuzumga foyda keltirishi kerak, degan umumiy fikrga muvofiq, badiiy obidalarni o‘z qolipimizga sola boshladik. Natijada, sharq adabiyotining o‘z ichki qonuniyatlari bir chetda qolib yoki chala o‘rganilib, deylik Alisher Navoiydan dahriylikni, Boborahim Mashrabdan xudosizlikni, zo‘rma-zo‘rakilik bilan bo‘lsa-da, izlab topdik. Asl Navoiy, asl Mashrab o‘zining chinakam ma’nodagi tadqiqini topmadi.

Bu bilan navoiyshunoslik va umuman klassik adabiyotshunoslik fani erishgan yutuqlarni butkul inkor etish fikridan yiroqman. Shubhasiz, yutuqlar bor, ammo bular boy madaniy merosimiz qarshisida dengizdan tomchi, xolos.

Akif Bag‘ir, filologiya fanlari nomzodi:

— Gapiraman desa, dardimiz ko‘p. Qadimgi folklorimizning, eski turkiy bitiklarning, klassik madaniy merosimizning o‘rganilmagan o‘nlab jiddiy muammolari va yirik hodisalari borki, ularni payqash yo ta’kidlash uchun hatto biror maxsus soha bo‘yicha mutaxassis bo‘lish ham shart emas. Jahon va rus filologiyasining so‘nggi yutuqlaridan ozmi-ko‘pmi xabardor odamga o‘sha muammolar kunday ravshan. Ulardan ayrimlarini alohida ta’kidlashni istardim.

Olaylik, Uyg‘onish (Renessans) davri masalasini. G‘arb Uyg‘onishi haqida yaratilgan uyum-uyum kitoblar u yoqda tursin, yonginamizda «Gurji Uyg‘onishi», «Arman Uyg‘onishi» nomli tadqiqotlarning yuzaga chiqqaniga sal kam yarim asr bo‘ldi. Taxminan chorak asr bundan oldin mashhur sovet adabiyotshunoslari — Konrad va Jirmunskiylar Navoiy ijodi bilan bog‘liq Uyg‘onish masalasiga bizlarning ham e’tiborimizni qaratgan edilar.

Xo‘sh, o‘zimizda nimalar qilindi?! Ayrim dastlabki urinishlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, bu sohada biror-bir salmoqdor tadqiqotni ko‘rsatishga qiynalamiz. Vaholanki, Uyg‘onish mezonlarining o‘rtaga qo‘yilishi butun madaniyat tariximizga nisbatan yangicha qarashlarni tug‘dirishi shubhasiz. Jumladan, Uyg‘onish yo‘nalishida va katta Vaqt qatlamida olib qaralganda, Alisher Navoiy ijodining ko‘p asrlik tarixga ega buyuk bir adabiyot ekanligi ayon bo‘ladi.

Navoiygacha bo‘lgan turkiy adabiyot Uyg‘onish davri jahon madaniyatiga Navoiy dahosidek milliy va ulkan estetik hodisani yetkazib berish uchun kamida besh asr (XI — XV) tayyorgarlik ko‘rib kelgan. Va Navoiydan keyingi besh asrlik (XVI — XX) adabiyot qanchalik ulug‘ siymolarga, buyuk asarlarga, yangi janrlarga, o‘ziga xos tasvir usullariga, yuksak mahorat sirlariga ega bo‘lmasin, aslida bu ulkan Uyg‘onish dahosining, g‘oyalar va obrazlar dunyosini turli shakllarda sharh qilishdan boshqa narsa emas.

Navoiy ijodini shu yo‘nalishda yoritishning o‘ziyoq bir qator jiddiy tadqiqotlarni taqozo etmoqda. Umuman jahon madaniyatining poydevoridan birini tashkil etgan turkiy Uyg‘onishning mohiyati va tarixini, falsafiy-estetik olamini ochib berish esa bir necha avlodning zimmasidagi vazifa bo‘lib turibdi. Lekin, afsuski, bizda hali shu vazifa uchun yuqori malakali mutaxassislar yetarli emas.

Berdak Yusuf, filologiya fanlari nomzodi:

— Xuddi shu kabi holatni o‘zbek tilshunosligida ham kuzatish mumkin. Ma’lumki, hozir o‘zbek tilshunosligida atamalar bilan bog‘liq muammolar talaygina. O‘tmishda va yaqin o‘tmishda hamma tillarni qo‘shib yuborishga asoslangan noto‘g‘ri, g‘ayriilmiy nazariya asosida o‘zbek tiliga chetdan juda ko‘plab so‘zlar zo‘rlik bilan tiqishtirilgan edi. O‘zimizda azaldan ishlatilib kelingan so‘zlar siqib chiqarilib, o‘rniga ruscha — baynalmilalchilik niqobiga burkangan so‘zlar kiritildi. So‘zlashuvda, adabiy tilda ishlatilib kelinayotgan ayrim so‘zlarga eskirgan tamg‘asi qo‘yila boshlandiki, bu bilan bunday so‘zlarni ishlatmaslikka, ya’ni bunday so‘zlar o‘rniga rus tilidan so‘z olishga ishoralar qilindi. Yoki faqat ko‘chada ayrim shaxslar tomonidan ishlatiladigan yot so‘zlarni adabiy tilga olib kirishga, ularni adabiy til mulki deb e’lon qilishga shoshilindi. Bir misol. O‘zbekcha-ruscha lug‘atga (1959 y.) «biblioteka» so‘zi go‘yo o‘zbek adabiy tilida ishlatiladigan, o‘zlashgan so‘z tarzida kiritildi. Afsuski, bu xato mazkur lug‘atning 1988 yil nashrida ham takrorlandi.

Endigi vazifamiz ana shunday xatolarni tuzatishdir.

Hozir yangi tashkil etilgan Atamalar qo‘mitasi ancha yaxshi ishlarni boshlab yubordi. Ayniqsa «Guliston» jaridasi sahifalarida «Guliston» so‘zligi»ning paydo bo‘lishi atamalar qo‘mitasi ishiga yo‘nalish berdi. Hozir ko‘plab «unutilgan» so‘zlarimiz qaytadan tiklanayapti. Bu albatta adolat g‘alabasidir. Bu ezgu ishda juz’iy kamchiliklar, xatolarning bo‘lishi tabiiy. Masalan, bizda hozir ba’zan atamalarning sof o‘zbekcha (turkiycha) muqobilini topish o‘rniga fors va arab kalimalariga ruju qilish sezilmoqda. To‘g‘ri, qadimda arab, fors tillaridan o‘zlashgan so‘zlarni ham olsa bo‘ladi. Lekin birinchi o‘rinda qiyin bo‘lsa ham atamaning o‘zbekcha (turkiycha) muqobilini izlashimiz va topishimiz shart. Mabodo o‘zbekcha (turkiycha) so‘z topilmasa, uni o‘zbek tili (turkiy til) mazmunida yasash kerak, ya’ni qo‘shimchalar yordamida, so‘z o‘zaklarini bir-biriga qo‘shish orqali yangi so‘zlar yaratmoq ham lozim. Bu biz uchun temir qonun bo‘lishi kerak. Masalan, samolyot so‘zining o‘zimizda azaldan uchqich muqobili bo‘lgani holda arabcha tayyora so‘zi tavsiya etilmoqda va ishlatila boshlandi ham. Shuni ham aytish kerakki, uchqich atamasi hozir ham xorijdagi o‘zbeklar nutqida ishlatilmoqda.

O‘zbek tilida 20—30-yillarda ayrim sohalarning ancha mukammal atamalari yaratilgan ediki, ularning aksariyati hozir ham faol qo‘llanilmoqda.

Anvar Jabbor, filologiya fanlari nomzodi:

— Aslida fanning ijtimoiy sohalarida keskin o‘zgarish ro‘y berishi nihoyatda mashaqqatli kechadi. Negaki, mazkur sohadagi biror bir o‘zgarish talay tushunchalarning bir-biriga bog‘liq shaklda «sinishi»ga olib boradi. Masalan, sotsialistik realizm metodi (aynanlik usuli)ning sun’iylik xususiyatlarini, dogmalarini ochib berish sinfiylik, partiyaviylik, xalqchillik singari tushunchalarga yangicha munosabat bildirishni taqozo etadi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, adabiyotshunoslikda ham keskin yangilanish — qayta qurish g‘oyat sust borayotir. Fan rivojining tezkorlik bilan amalga oshirilishida jonkuyar tashkilotchilik zarur. Yangilanish yoshlarning yangicha fikrlash qobiliyatiga bog‘liq. Hozirgi sharoitda keksa avlod qarshiligiga uchrayotgan taraqqiyot, asosan, yoshlarga ishonchsizlik bilan qarash shaklida tazahhur bo‘lmoqda. Bu fikrga istagancha misolni O‘zbekiston dorilhikmasi Til va adabiyot institutidan ham keltirish mumkin.

Suvon Meli:

— Hozir aytilgan va davr talab qilayotgan ko‘plab vazifalarni amalga oshirish uchun har bir ilmiy dargoh faoliyatida keskin burilish yasash talab etiladi. Bizning til va adabiyot instituti ma’muriyatiga kelsak, u hozircha bunday keskin burilish yasashga qodir emasdek tuyuladi. Deyarli hamma sohada hali ham yoshlarni (nisbatan, albatta, chunki bir sohaning boshini tutadigan bo‘lguncha ilmiy xodimning yoshi o‘ttizdan o‘tib, qirqqa yaqinlashib qolishi aniq) ilmiy yo‘nalishlarni boshqarishga yaqinlashtirmaslik, ilmiy kengashni yoshartirishdan cho‘chish mayli seziladi. Qatorda noring bo‘lsa, yuking yerda qolmaydi, deydi xalqimiz. Ammo norning norligini bilish uchun avval unga yuk ortish kerak-ku.

Har bir yangi avlod, u tabiiy holatda rivojlansa, fanga o‘zigacha bo‘lmagan yangi g‘oyalar, yangi yondashuvlar olib kirishi tayin. Shundagina ilm-fan olg‘a siljiydi. Qisqa qilib aytganda, ilmdagi qayta qurish vakolati yetarli yoshlarning fandagi yetakchiligini ta’minlash demakdir.

Anvar Jabbor:

— Bir necha o‘n yillardan beri qayta-qayta tayinlanib kelayotgan bo‘lim boshliqlari, fan doktori ilmiy darajasini olgani uchungina o‘z o‘rnida «mustahkam» turib olib, ijodiy fikrdan ko‘ra ko‘proq jismoniy hisobiga «ishlab» kelayotgan xodimlar «mehnati», faqat nashrchilik hisobiga go‘yo «ilm» qilayotgan ayrim shaxslar tufayli fanimiz tobora turg‘unlik qa’riga kirib borayotir. Ayrim dastaklarga e’tibor beraylik. Matbuotdagi fikrlarga qaraganda, buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning 20 jildlik asarlarining nashrida ham avvalgilardan farq qiladigan yangilik kam; o‘zbek tili izohli lug‘atining to‘ldirilgan yangi nashri ham 70—80 ming so‘z atrofida bo‘lishi ko‘zda tutilayotir (aslida bu ikki jildlikning bir oz to‘ldirilgan qayta nashri bo‘ladi xolos); rus tilida nashr etilayotgan besh jildlik «O‘zbek sovet adabiyoti tarixi»ning e’lon qilingan qismida ham luzum yangilik yo‘q va hokazo. Ilm bilan shug‘ullanish noshirlik qilish emas-ku! To‘g‘ri, fanda qayta nashr kilish yo‘li samarali hisoblanadi. Biroq, hozirgi sharoitda har bir nashr imkonidan unumli foydalanish kerak. Zero, qayta nashrga arzigulik tadqiqotlar zarur.

Ma’lumki, zamonasozlikni kasb qilib olgan ayrim adabiyotshunoslarimiz qayta qurish davrida ham birinchilik bayrog‘ini qo‘ldan bermaslikka tirishib kelayotirlar.

Akif Bag‘ir:

— Afsuski, zamonasozlik, «uloq»ni olishga ishqibozlik, qochayotgan «yov»ning ketidan «botir»lik qilish kabi shov-shuvli yo‘llar bilan fanni olg‘a siljitib bo‘lmaydi. Olimning haqiqatga nisbatan sobitqadam turishi, o‘zidan oldingi yutuqlarni chuqurlashtirish asosida doim ilmiy yangilikka intilishi fanda ko‘p narsani hal qiladi. Bu jihatdan ham ahvol ko‘ngildagidek emas. Oddiy bir misol. Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» romaniga taniqli sharqshunos Bertelsning yuksak bahosi hammamizga yaxshi tanish. Lekin o‘ylab ko‘raylik-chi, adabiyotshunoslikda shu bahoning yana ham chuqur ifodasi va isboti yo‘nalishida «O‘tgan kunlar»day noyob namunaning o‘ziga xos va yaxlit g‘oyaviy-estetik olamini, shu romanchilik maktabining, deylik rus yoki G‘arb romanchiligidan farqli tomonlarini ko‘rsatib beruvchi biror jiddiy tadqiqot bormi? Loaqal, L. Tolstoyning «Urush va tinchlik» romani haqidagi ishlarni esga olaylik.

Axir, qayerdagi oldi-qochdi, zamonasoz mavzulardan ko‘ra, fanga ham, xalqqa ham kerakli muammolarni o‘rganishga qachon kirishiladi?! Beparvolik shu darajadaki, ushbu davra qatnashchilari tomonidan keyingi besh yillik uchun institutning davlat ish rejasiga «O‘tgan kunlar»ning poetikasi» nomli mavzuni kiritishga qanchalik harakat qilinmasin, bunga hozircha erishilgani yo‘q.

Berdak Yusuf:

— Haqiqatdan ham tadqiqot qilishga arzigulik asarlarni o‘rganishni yo‘lga qo‘yish kerak. Tilimizning taqdirini o‘ylagan har bir kishi uning rivojlanishi uchun boshqa muhim manbalardan foydalanishni yo‘lga qo‘yadi. So‘z olish manbai sifatida qadimgi yozma yodgorliklardan unumli foydalanish lozim. X — XX asrlarda yaratilgan obidalarimizning hali ko‘pi o‘rganilmagan, chang bosib yotibdi. Bizning jumhuriyatimizda, ayniqsa, X—XIV asrlarda yaratilgan yozma obidalarning tilini o‘rganish ishlari juda sust. Bizningcha, birinchi navbatda yuqorida ko‘rsatilgan davrlar yozma yodgorliklarining izohli lug‘atini tuzish kerak. Bunday lug‘atlar bizga ko‘p narsalar beradi. Jumladan, undan juda ko‘plab «eskirgan», chang bosib yotgan sof turkiy so‘zlarni changini qoqib, qaytadan tiriltirib, iste’molga kiritish mumkin.

Suvon Meli:

— Inqilobiy davrda yashayapmiz. Adabiyotshunoslikda bunday inqilobiy vazifa yarim asr davomida shuurimizga qattiq o‘rnashib qolgan aqidalardan butkul xalos bo‘lib, hech qanday to‘siqlarsiz erkin fikrlash yo‘liga o‘tish tariqasida bo‘ladi, deyish mumkin.

Adabiyotda keskin burilish deganda nima tushuniladi?

Mamlakatda tarkib topgan ma’muriy-buyruqbozlik mahkamasi nafaqat xalq xo‘jaligi, iqtisod yoki tabiatni, balki inson ma’naviyatini ham halokat yoqasiga keltirib qo‘ydi. Bunday umumiy tanazzuldan, tabiiyki, adabiyot ham chetda qolmadi. Hozirgi asosiy ish adabiyot hech kimga xizmatkor emas, balki haqiqatni izlash ekanligini avval mutaxassislarga, keyin xalqqa singdirishdir. Adabiyot o‘z-o‘zicha qiymatga ega, ushbu qiymatni topish, tadqiq etish ilm kishisining burchidir.

Akif Bag‘ir:

— Keskin burilish deymizu lekin shu burilish, eng avvalo, fanni tashkil qilish va haqiqiy ilmiy muhit yaratishga bog‘liq. Institutda turli avlod vakillaridan, ayniksa, yoshlar orasida o‘zbek filologiyasining istiqboli uchun qayg‘urayotgan ilmiy xodim lar kam emas. Lekin shu yo‘lda ham qator qiyinchiliklar mavjud. Ayniqsa, mahsulotning sifatiga bo‘layotgan befarq munosabatga chidash qiyin.

Ishonchim komilki, paxta yakkahokimligi jumhuriyatimiz iqtisodiy hayoti uchun qanchalik qimmatga tushgan bo‘lsa, hajm (listaj) yakkahokimligi adabiyot fanining sifatiga va demakki, xalqning ma’naviyatiga kamyda shunchalik zarar yetkazgan. Kasofat 6000000 raqamining ayanchli oqibati sifatida iqtisoddagi qo‘shib yozishlar fosh qilindi, lekin asosan hajmga qarab rag‘batlantirishning majburiy natijasi bo‘lgan fandagi qo‘shib yozishlar hali ham avjidan tushmayapti.

Albatta, bu masala bir kun emas, bir kun jiddiy ko‘tariladi. Lekin o‘shanda nima deymiz, yana minbardan turib hamma aybni zamonga ag‘daraveramizmi: «…Zamon yomon edi, zamon qiyin edi…?! Vaholanki, zamonni o‘z nomi bilan qayta qurish deb qo‘yibdi. Buning ustiga davlat ahamiyatiga ega muhim hujjatlarda ijtimoiy fanlarda ahvolni tubdan yaxshilash haqida salmoqli gaplar bo‘layapti. Shunday ekan, fanning tashkilotchilari va mutasaddilari boshqa manfaatlardan yuqori turib, ilmiy mahsulotni sifatsizlik balosidan qutqarish yo‘llarini o‘ylashsa, bo‘lmaydimi? Axir, adabiyotning o‘zida go‘zal bir hikoya oldi-qochdi romandan ko‘ra xalq uchun foydali bo‘lganidek, adabiyot haqidagi fanda ham bir zo‘r maqola sersuv risoladan ko‘ra ilm uchun ahamiyatli emasmi?! Lekin shu oddiy haqiqatni tan olish o‘rniga hatto o‘sha qappaygan ishlarni ro‘kach qilib, ulardan ibrat olishga chaqirishadi.

Sifat masalasining yetakchi o‘rinda turmasligi qator boshqa illatlarni keltirib chiqaradi. Olaylik o‘zimizning Adabiyot nazariyasi va adabiy aloqalar bo‘limidagi vaziyatni. Bo‘limda ilmiy ishlar muhokamasi ko‘pincha yuksak saviyada tashkil etilmaydi, shu bois ularga xolisona baho berilmaydi, xodimlarga ularning ilmiy salohiyatidan ko‘ra boshqa «xizmat»lariga qarab munosabat bildiriladi va hokazo.

Umuman institutda imkoniyati sezilib qolgan yoshlarga nisbatan bir begona munosabat mavjud. Ilmiy va ixtisoslashgan kengash yig‘ilishlarida muhim masalalar yuzasidan yoshlarning fikr va takliflari yetarlicha inobatga olinmaydi, ba’zan esa hatto ularning oddiy gapirish huquqi kamsitiladi. Albatta, qoyilmaqom bahonalar bilan. Xullas, chinakam ilmiy muhitga erishmasdan turib fanda inqilobiy o‘zgarishlar yasash qiyin.

Berdak Yusuf:

— Ilmiy muhitning illatlari, ayniqsa, institutda yoshlarga o‘gay munosabat haqidagi gaplarga to‘liq qo‘shilaman. Bizda mustaqil fikrga ega bo‘lgan odam hech kimga yoqmaydi. Ayniqsa, aytgani-aytgan, degani-deganga odatlangan ma’muriyatga. Ma’muriyatning qosh-qovog‘iga qaramay o‘z fikrini aytishga jur’at qiladigan yoshlarning kosasi oqarmaydi. Bir misol: yaqinda bo‘lib o‘tgan institut boshlang‘ich partiya tashkilotining hisobot-saylov yig‘ilishida haqiqiy ilmiy muhitni yaratishga qaratilgan amaliy takliflar bilan chiqqan olimlarning hammasi byuro a’zoligidan chiqarib tashlandi. Ularning aksariyati yoshlar edi.

Anvar Jabbor:

— Gap institutimizda qayta qurish qanday ketayotganligi xususiga kelib taqalar ekan, yana bir masala ustida to‘xtalmay o‘tishning iloji yo‘q. Bizda hamon boshqaruvni yoshartirish ishida jiddiy qadamlar tashlanmayapti. Masalan, institutning ilmiy Sovetida yoshlar deyarli yo‘q. Yoki, bo‘lim boshliqlari ichida yoshi 45 dan oshmagan birorta ham olim yo‘q… Doktoranturalar berish ham muayyan reja, dastur orqali emas, hamon eskicha usul — tanish-bilishlik yoki shaxsiy sadoqatga qarab amalga oshirilmoqda. Aks holda tobora malakali mutaxassislari kamayib ketayotgan tilshunoslikning ayrim sohalari bo‘yicha doktorantura o‘rni berilmayotganligini qanday izohlash mumkin?!

Bunday vaziyat institutdan ko‘plab yosh mutaxassislarning ketib qolishiga sabab bo‘layotir. Natijada ayrim ilmiy yo‘nalishlar batamom yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolmoqda.

Haqiqiy ilmiy muhit bo‘lmagan joyda soxta ilmiylik avj oladi. Masalan, adabiy aloqalarni o‘rganish faqat ilmiy unvon olish zarurati tufayli «amalga oshirilayapti». Tarjimashunoslarimiz haqida ham shu fikrni aytish mumkin. Aks holda keyingi yillarda o‘zbek tiliga o‘girilgan jahon adabiyotining go‘zal namunalari («Ilohiy komediya», «Faust», «Shohnoma», «Evgeniy Onegin» va boshqalar)ning asosli tadqiqdan chetda qolishini qanday tushunish kerak?! Bunga o‘xshash misollar ko‘p. Biz bularning ayrimlarini eslab o‘tayapmiz xolos.

Xullas, qayta qurish o‘z-o‘zicha davom etib ketaveradigan jarayon emas. Uni izchil, katta sabot va qunt bilan rivojlantirib borish kerak. Bu ishni esa faqat yoshlar olib borishga haqli. Chunki uning samaralari va achchiq xatolarini boshdan o‘tkazish yoshlarning bo‘yniga tushadi.

Suvon Meli:

— Xullas, oldinda qiladigan ishlar ko‘p. Yangilanish oson kechmasligi tayin. Budun ma’naviyatining o‘choqlaridan biri bo‘lmish til va adabiyot ilmi yangi davrga munosib bo‘lishi zarur. Umidimiz borki, kelajakda shunday ilm yaratiladi.

Suhbatni Abdusaid Nur yozib oldi.

Redaktsiyadan: Mazkur davra suhbati turg‘unlik yillari jamiyatimizning boshqa sohalarida bo‘lgani kabi o‘zbek tilshunosligi va adabiyoshunosligida ham chuqur asorat qoldirganligidan dalolat beradi. Bahsda aniqlik kiritilishi kerak nuqtalar bo‘lishi mumkin. Lekin davra suhbatining maqsadu mohiyatida tilimiz va adabiyotimiz haqidagi fanning kelajagi uchun jiddiy qayg‘urish yotganligi ko‘rinib turibdi. Bu jihatdan unda ko‘tarilgan muammolar, jumladan, ilmda yangicha qarashlarga va tashabbuslarga yo‘l ochish, fan dargohida sog‘lom ijodiy muhit yaratish, ilmiy mahsulning sifatiga alohida ahamiyat berish, qayta qurish yo‘lida iqtidorli yoshlarning imkoniyatidan unumli foydalanish va ilmiy boshqaruvni yoshartirish zarurati kabi muhim masalalar O‘zbekiston Fanlar dorilhikmasi hamda A. S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot instituti rahbariyatining e’tiborini tortadi va bu sohada jiddiy amaliy tadbirlar belgilanadi, deb o‘ylaymiz.

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 9-son