O‘tkir Hoshimov: “Qalamkash so‘zlar ummonida o‘zini dengizchidek erkin his etmog‘i kerak” (2008)

Kitobxon bilan uchrashmagan qalamkash yo‘q. Bunday suhbatlarda o‘quvchilar ijod jarayoni, asarning qanday tug‘ilishi, badiiy ijodning o‘ziga xos jihatlari haqida savollar bilan murojaat qiladilar.
— Ijod jarayonida asar tili, so‘z ustida ishlash qanday kechadi? So‘z boyligini ko‘paytirish uchun nima qilish kerak?
— So‘z qudratli, ta’sirchan va mas’uliyatli qurol. Ijodkorning so‘z boyligi qancha katta bo‘lsa, yozish jarayoni shuncha tez va tabiiy kechadi. Bu borada chetroqdan bo‘lsa ham ikkita misol aytish mumkin. Bundan ancha yil avval dengizga dam olishga borganimda savdo kemasida kapitan yordamchisi bo‘lib ishlovchi odam bilan hamxona bo‘lib qoldik.

Ko‘pni ko‘rgan, bilimdon kishi ekan. Uning bir odati bor edi. Har kuni cho‘milishga borganda bir qo‘li bilan gazetani boshi ustida baland ko‘tarib oladi-da, ikkinchi qo‘li bilan yonboshlab suzgan kuyi dengiz ichkarisiga yuz-ikki yuz quloch joyga suzib boradi. So‘ng suv ustiga chalqancha tushib, soatlab gazeta o‘qib yotadi. Nima uchun cho‘kib ketmasligini so‘raganimda g‘alati gap aytdi. “Oddiy odamlar yerda yurganida o‘zini qanchalik erkin sezsa, haqiqiy dengizchi ham ummonda o‘zini shunday erkin his qilishi shart. Dengiz mening o‘z uyim, o‘z dardim”.
Yana bir misol. O‘tgan asrning yetmishinchi yillari sho‘ro xokkeychilari bilan kanadaliklar o‘rtasida “ayovsiz janglar” bo‘lardi. Kanadaliklar orasida Bobbi Xall degan juda mohir va “jangari”si bor edi. Raqiblari bilan mushtlashaverib sog‘ joyi qolmagan, “ming chandiqli odam” laqabini olgan Bobbidan “xokkeychi bo‘lish uchun nima qilish kerak” deb so‘rashganida boshqalar tekis yo‘lda yurganda o‘zini qanday erkin his qilsa, xokkeychi ham muz ustida shunday yurishi, oyog‘ida konki borligi xayoliga kelmasligi kerak”, deb javob qilgan edi.
Shu mantiqdan kelib chiqadigan bo‘lsak, haqiqiy qalamkash ham so‘zlar ummonida o‘zini dengizchidek erkin his etmog‘i, qachon qanday so‘z ishlatishni bilmay ikkilanib qolmasligi kerak. Odatda asar tug‘ilishi jarayonida kerakli so‘zlarning o‘zi quyilib keladi. Biroq “quyilib kelgan” so‘zlarning duch kelganini ishlatish to‘g‘ri emas. Chinakam ijodkor o‘nta muqobil so‘z orasidan bitta eng kerakligini tanlab olishi, ya’ni so‘z ummonida suzayotib, “bo‘sh chig‘anoq”ni emas, “ichida gavhari bor” chig‘anoqni olib chiqishi lozim.
O‘ziga talabchan qalamkash har bir so‘zning ma’nosinigina emas, kelib chiqishini ham yaxshi bilmog‘i shart. O‘rinsiz ishlatilgan bitta so‘z butun boshli asar husnini buzishi mumkin. Haqiqiy badiiy asarda manzara va muhit, rang va ohang, hid va ta’m, inson qiyofasi va fe’l-atvori yaqqol ko‘rinib turadi. Shoir yoki adib gullagan shaftolizorni shunday tasvirlaydiki, kitob o‘qiyotganingizda bog‘ ichiga kirib sayr qilayotgandek, yengil shamol epkinida ustingizga shaftolining pushtirang gullari unsiz yog‘ilayotgandek bo‘ladi. Yarim kechasi olisdan o‘tib borayotgan poyezd g‘ildiraklari ovozini shunday tasvirlaydiki, o‘sha tovushni siz ham eshitib, olis-olislarga ketib qolgingiz keladi. Qovun polizini ko‘z o‘ngingizga shunaqangi aniq keltirib qo‘yadiki, dimog‘ingizda handalak isi gurkirab ketadi.
Syujet qurilishi, voqealar rivoji, detallardan to‘g‘ri foydalanish, ruhiy holatning aniq va teranligi, xarakter yaratish, bularning hammasi til mahorati bilan bog‘liq murakkab muammolar. Hatto bir qarashda anchayin “oson” yumushdek ko‘ringan portret chizishda ham katta iste’dodlar ajralib turadi. Asar qahramoni qiyofasi shunchaki “portret” emas, tirik odamga aylanadi. Bundan tashqari badiiy asarda so‘zning ichki musiqasi — ohangi bo‘lishi shart.
Agar badiiy asarda ichki ritm, musiqa bo‘lmasa, uning oddiy xabar yoki voqealar tafsilotidan farqi qolmaydi.
Iste’dodli qalamkash uchun tabiat tasviri ham shunchaki “peyzaj” emas. Asardagi odamning ahvol-ruhiyasi, kechinmalari, dinamikasi va hatto talay “tagma’nolar”ni ham oddiy peyzajga bemalol “joylash” mumkin.
Deylik, sahar chog‘i chimildiqdan chiqib kelgan baxtiyor kuyovga tongotar manzarasi qanday ko‘rinadi? “Tong yorishgan, tog‘ ustida quyoshning oltin gardishi yaraqlab turar edi…” Hozirgina jang maydonidan chiqqan, kun bo‘yi avtomatlarning qasira-qusir otilishiyu, snaryadlar portlashidan asablari tamom bo‘lgan, ustiga ustak yaqin do‘stining qonga belangan jasadini ko‘rib, jonidan to‘yib ketgan askar yigit ko‘ziga botib borayotgan oftob qanday ko‘rinishi mumkin. “Hammayoq tutunga to‘lgan, osmonda chang-to‘zon muallaq turib qolgan… Olisda qonga botgan kalladek qip-qizil quyosh ufqqa cho‘kib borar edi…”
Bir manzaraning o‘zi qahramon ruhiyatidan kelib chiqib ikki xil ma’no tashishi mumkin. “Osmonda yulduzlar yorqin-yorqin porlab, uch kunlik hilol tillaqoshdek yaraqlab turar edi”. Bu — bir holat. “Kirlangan dokadek xira bulut ortida shom yegan oy ma’yus mung‘ayib turibdi”. Bunisi — boshqa holat.
“Qor uchqunladi” degan ibora bilan “Gupillatib qor yog‘di” degan iborada bir xil tabiat hodisasi — qor yog‘ishi tasvirlanyapti. Ammo dinamika, harakat ikki xil. Yoki “Shabada esdi, deraza ortidagi bir tup terak yaproqlari erkalanib raqsga tushdi” degan jumla bilan “To‘satdan qattiq shamol turdi, deraza ortidagi bir tup terak yaproqlari jonsarak qaltirab qoldi” degan jumlada ikki xil holat bor. “Oydin kechalari gullagan o‘rik tagida yotsangiz, osmonning allaqaysi burchida uchib borayotgan turnalarning shodon qiyqirig‘i eshitiladi” yoki “Oydin kechalari yaprog‘i sarg‘aygan o‘rik tagida yotsangiz, bulut qoplagan osmonning allaqaysi burchida uchib borayotgan turnalarning horg‘in nolasi quloqqa chalinadi” degan jumlalarda ikki xil fasl, ikki kayfiyat, ikki xil tuyg‘u mavjud…
So‘z boyligini oshirish uchun nima qilish kerak, degan savol ham tabiiy. Ijodkor qancha ko‘p o‘qisa, so‘z boyligi shuncha oshadi, deganlari rost. Biroq faqat kitob o‘qish bilan so‘z xazinasini to‘ldirish qiyin. Bu xazina xalqning o‘zida yotibdi. Bir so‘zga o‘nta ma’noni yuklaydigan askiya degan narsa faqat o‘zbekda bor!
So‘zning tag‘in bir xazinasi — bozor! Bozorga kirib, aqalli ikki soat aylansangiz, shunaqangi “tesha tegmagan” gaplarni eshitasizki, bunaqasini yigirma jildli izohli lug‘atdan topolmaysiz. Personaj tilini individuallashtiraman deb bosh qotirib o‘tirishga hojat qolmaydi. Diktafonga muhrlab olsangiz bir vaqtlar Abdulla Qodiriy qahramon tilidan o‘zini ham, atrofdagilarni ham qoyilmaqom qilib tasvirlagan hikoyalarning zamonaviy “namuna”larini yozishingiz mumkin. Afsuski, biz “oyog‘imiz ostidagi” xazinani ko‘ravermaysiz. Albatta, bunday imkoniyatdan foydalanish kerak. Biroq bunday xazina “sof oltin” degani emas. Bir vagon qumdan bir misqol oltin ajratib ololsangiz ham katta gap…
Boshida aytganimizdek, asar tug‘ilishi jarayonida kerakli so‘zlarning o‘zi quyilib keladi. Biroq bu muallifni “qayta ishlash” degan og‘ir, “qora mehnat”dan xalos qilolmaydi. Har qanday puxta qo‘lyozmada ham takror so‘zlar, taftologiya, birining o‘rniga boshqa — aniqroq va chuqurroq ma’no tashiydigan iborani qo‘llash zarurati bo‘lishi mumkin. Asar tili ustida ishlash borasida Qahhor domlachalik o‘ziga talabchan yozuvchi bo‘lmasa kerak. O‘z iborasi bilan aytganda “so‘zni tonnalab olib, grammlab sotadigan” adib sahifadagi bitta so‘z o‘zgarsa, o‘sha varaqni tashlab yuborib, qaytadan yozishi, shu tariqa har bir sahifani o‘rtacha o‘n besh martadan qayta ko‘chirishini eslatib o‘tadi. Balki shuning uchundir Abdulla Qahhor asarlarida biron so‘zni qisqartirish yoki qo‘shish u yoqda tursin, biron so‘zning o‘rnini almashtirishning ham iloji yo‘q. Bu ham yozuvchilik mehnati naqadar ma’suliyatli ekanidan darak beradi.
Xullas so‘z — qalam ahlining eng qudratli, nozik va aytish mumkin, muqaddas qurolidir…
— Badiiy asarda milliy kolorit asosan nimalarda aks etadi?
— O‘tgan asrning buyuk yozuvchilaridan biri Mixail Sholoxovning gapi bor. Kitobxon derazang ro‘parasida qanday daraxt o‘sishini, stanitsang oldidan qanday daryo oqib o‘tishini bilmasa, sen qanday yozuvchi bo‘lding?
Bu gapda teran haqiqat bor. Avvalo, asar tilining o‘zi “milliy kolorit”. Negaki shoir va adib asarlarida milliy til boyligi, tovlanishlari aks etadi. Qolaversa, qahramonlar portreti, peyzaj, udumlar kitobxonda o‘sha xalq, o‘sha millat haqida tasavvur uyg‘otadi. Asarda Zamon va Makon tushunchasi bo‘lmog‘i tabiiy. Hozir yer yuzida 1600 dan ortiq millat yashaydi. Har birining o‘z tili, irqi, libosi, urf-odatlari bor. Deylik, o‘zbek do‘ppi kiysa, meksikalik sombrero kiyadi. Inglizlar mayitni taxta tobutga solib dafn etsa, hindlar jasadni yoqib yuboradi. Markaziy Osiyo dehqoni qovun eksa, Janubiy Amerika fermeri shakarqamish o‘stiradi… Bular ham “kolorit”. Biroq ular milliylikning tashqi — zohiriy ko‘rinishi. Milliy xarakter teran tasvirlangan asarda, avvalo, odamlarning o‘ziga xos ruhiy olami aks etadi. Bunisi, endi, ancha mushkul yumush…
Boshqalar qatori o‘zbek adabiyotida ham millatning o‘ziga xos olami chuqur va ishonarli tasvirlangan asarlar doim bo‘lgan va bugungi avlod vakillari — yosh, iste’dodli shoir, adiblar ijodida ham davom etayotir.
Ustozlar asarlaridan ba’zi misollar keltirish mumkin. Menimcha o‘zbek xalqining betakror olamini eng go‘zal va ishonarli tasvirlagan adib — Abdulla Qodiriydir!
“O‘tgan kunlar” romanining boshida shunday tasvir bor. Marg‘ilonda, Otabek qo‘ngan karvonsaroy hujrasiga Rahmat bilan Homid kirib keladi. Bir ozdan keyin xonaga Hasanali ham kiradi. Otabek unga “ota” deb murojaat qiladi, hol-ahvol so‘raydi. Shundan so‘ng “ba’zi yumushlar buyursam maylimi… bizga choy qaynatib bersangiz”, deb iltimos qiladi. Hasanali chiqqach, Rahmat Otabekdan bu kishi kimligini so‘raydi.
Adibning keyingi tasviriga e’tibor bering. “Otabek Rahmatning savoliga javob bermay, eshikka qaradi. Hasanalining hujradan uzoqlatib, so‘ngra javob berdi: — Qulimiz…”
Qiziq, Otabek nima uchun o‘zining quliga salom beradi? “Ota” deb murojaat qiladi? Yumush buyurishdan oldin “maylimi” deb ruxsat ham so‘raydi? Bu ham yetmagandek, Rahmatning savoliga “cholni uzoqlatib”, shundan keyin javob beradi? Boshqa adabiyotda, deylik Yevropa adibining asarida shunday vaziyat tasvirlansa, xo‘jayin quliga “ota” deb murojaat qilish u yoqda tursin, “sen”lab gapirgan, boyagi savolga esa uning o‘zini oldida “bumi, bu mening qulim” deb javob bergan bo‘lur edi. Otabek esa unday qilolmaydi. Negaki, u — o‘zbek.
Bir emas, ming karra qul bo‘lgan taqdirda ham Hasanalining yoshi ulug‘. Oilaning o‘z a’zosidek bo‘lib qolgan. Otabek uning dilini og‘ritishni xayoliga ham keltirmaydi…
Boshqa misol. G‘afur G‘ulomning “Mening o‘g‘rigina bolam” degan hikoyasida g‘aroyib voqea tasvirlangan. Yetim nabiralarini qanday boqishini bilmay xayol surib o‘tirgan kampirnikiga o‘g‘ri oralaydi. Kampir uni ko‘rib qolgach o‘g‘ri — tomda, kampir — ayvonda o‘tirib, zamonaning og‘irligidan hasratlashib ketadilar. Ikkovi xo‘p dardlashgach kampir o‘g‘riga devor chetidagi daraxtga osilib pastga tushishini, “ona-bola” o‘tirib, bir piyolagina choy ichib ketishini taklif qiladi. O‘g‘ri esa shunday javob qiladi. “Choy icholmayman. Tong yorishib qolsa, meni tanib qolasiz. Uyalaman”… Mana buni haqiqiy “o‘zbek o‘g‘risi” desa bo‘ladi!
Milliy xarakter tasvirini Said Ahmaddan ham o‘rganish kerak. “Ufq” romanida qiziq epizod bor. Hamma urushda jon olib, jon berib yuribdi, Inoyat oqsoqol ismli imonsiz chol esa chayqovchilik qilib, boylik to‘plash bilan ovora. Kunlardan birida uni melisa bir to‘p gazlama bilan qo‘lga tushiradi. Hibsxonaga olib ketayotganida chol aytadi. “Meni qo‘yib yubormasang qarg‘ayman. Bolang o‘lsin, deyman. Qo‘yib yuborsang duo qilaman”. Melisaning ham yoshi o‘tib qolgan. Yaqinda urushda yurgan katta o‘g‘lidan “qora xat” kelgan. Oldida kichik o‘g‘li — yosh bola qolgan xolos… Melisa o‘ylab turadi-da, chayqovchini so‘kib-so‘kib qo‘yib yuboradi. Balki boshqa millat vakili bu tasvirga ishonmasligi, hatto melisani qoralashi mumkin. Ammo bolajon o‘zbek kitobxoni voqea tagida haqiqat va aynan o‘zbekona fe’l-atvor borligiga ishonadi…
Romanda Azizxon degan o‘t-olov yigit yaxshi ko‘rgan qizi Lutfinisani to‘y bo‘layotgan joyidan olib qochadi. Albatta, bu — o‘zbek xalqi uchun begona holat. Bunday voqea mingtadan bitta bo‘lsa-bo‘ladi, bo‘lmasa — yo‘q. Biroq yozuvchining mahorati shundaki, asar davomida kitobxon butunlay boshqacha manzaraga duch keladi. Ikki oshiq-ma’shuq, ikki qochoq necha oylab pana-pastqam joylarda yurishadi, birovlarnikida yotib qoladi, kanal qazishda ishlashadi… Azizxon biron marta seviklisi Lutfinisaning bilagidan ham ushlamaydi: nikoh o‘qitmasdan birovning qiziga qo‘l tegizish mumkin emas! Basharti boshqa adabiyotda shunday holat tasvirlansa, qiz roman oxiriga borguncha bir emas, ikkita bolali bo‘lish mumkin edi. Nihoyat, Said Ahmad akaning tag‘in bir asari — “Kelinlar qo‘zg‘oloni” komediyasini eslang. Farmonbibi yoshi bir joyga borib qolgan, savodi ham “mundayroq” oddiy bir kampir. Nima uchun uning biri melisa, biri hisobchi, yana biri do‘xtir o‘g‘illari, har qaysisi bola-chaqali yetti kelini kampirning og‘zidan chiqqan har so‘ziga “labbay oyijon!” deb turadi! Nimasidan qo‘rqadi uning? Tag‘in o‘sha haqiqat. Farmonbibi ham, o‘g‘il va kelinlari ham o‘zbek. O‘zbekda ota-onani e’zozlash, qadrlash degan udum bor. Albatta, komediyani dastlab ko‘rgan ajnabiy tomoshabinga bu holat erish va hatto ishonarsiz ko‘rinishi mumkin. Biroq tomosha oxiriga borib u qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’iy nazar Farmonbibini ham, bolalarini ham, umuman, o‘zbeklarni yaxshi ko‘rib qoladi.
Milliy kolorit shunchaki “ekzotika” emas, xalqning asrlar davomida shakllangan dunyoqarashi, tafakkuri, fe’l-atvori, boringki qismatini ko‘rsatuvchi vositadir. Bunday asarlar uzoq umr ko‘radi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 17-sonidan olindi.