«Alpomish Qalmoqqa ketadigan bo‘ldi.
Barchinning bo‘yida uch oylik gumonasi bor edi. Barchin Alpomishning ketarin bilib qimtinib, uyalib, keragaga suyanib, bir so‘z deb turgan edi:
Seni zor kutarman dilpora.Hijronda oshiqlar bechora.
Aytib ket, sultonim, farzanding
Qay so‘zni eshitsin ilk bora?»
— Go‘dak uchun ilk bor qanday so‘z eshitishdan ko‘ra, qanday ovqat yeyish, qanday uxlash, qanday o‘yinlar o‘ynashi muhimroq emasmi? Axir, go‘dak go‘dak-da, bari bir hali so‘zning ma’nosiga tushunmaydi.
— Bu o‘rinda qanday ovqat yeyish bilan ilk bor qanday so‘z eshitish o‘rtasida ziddiyat yo‘q. Hozir ma’lum bo‘lyaptiki, biz farzandlarimizga «qanday ovqat yeyishdan» tortib, «ilk bor qanday so‘z eshitish»gacha — ko‘p ishlarni chala o‘rgatgan yoki umuman o‘rgatmagan ekanmiz. Farzandlarimiz haqiqiy faol fuqaro, vatanparvar bo‘lib ulg‘ayishlari uchun lozim bo‘lgan ilk so‘zlarni esa yolg‘onning laganiga suzib, ularning oldiga qo‘ygan ekanmiz. Ulardan haqiqatni yashirib, yana yaxshi odam bo‘linglar, deb o‘zimiz ham ishonqiramay nasihat qilgan ekanmiz. Eng yomoni shundaki, ota-bobolarimiz muqaddas sanagan o‘sha ilk so‘zlarni unutib qo‘ygan ekanmiz yoki til uchida haqiqiy yuzimizni yashirish uchungina gurillatib aytib yuravergan ekanmiz. So‘zlar ma’nolarini yo‘qotib, va’zxonlikning bezagiga aylanib qolgan ekan. «Vatan», «xalq», «haqiqat» kabi «ilk so‘zlar» ko‘pchilik uchun ohori to‘kilgan buyumday qadrsiz bo‘lib qolganidan xabardormiz. Bu so‘zlar, hatto ba’zilarning g‘ashini keltirardi.
Ayrimlarni «haqiqatchi» deb so‘kishganlarining ham guvohi bo‘lganman.
Endi bir naql bor: Oybek domla nevarali bo‘lganlarida, chaqaloqning qulog‘iga Navoiy g‘azallaridan o‘qitgan ekanlar…
Xullas, bugungi kunda farzandlarimizga aytadigan so‘zlarimizning ma’nosini o‘zimiz chuqur anglab yetmog‘imiz zarur.
Inson dunyoga kelgach eshitishi lozim bo‘lgan o‘sha tabarruk so‘z nima, kim haqida bo‘lishi kerak? Balki «ona»dir? Balki «ota»? Yoki «non»mikin? Yo‘q, «Barchinning sochini silab, eson-omonlik tilab, tasalli berib so‘zlarini avaylab terib turgan Alpomish yoriga boshqa so‘zni aytadi:
… Olamda ko‘p erur ibora,Bir so‘z bor og‘riqdan iborat.
U — Vatan! Barchinim, u — Vatan!
Bolamga «Vatan» de ilk bora. So‘zlagin eng yuksak tilakdan,
Bo‘taday bo‘zlagan yurakdan.
«Vatan» de…. Bolamning qoniga
Oqiblar kirsin u ko‘krakdan.
—Usmon aka, inson dunyoga kelib eshitishi lozim bo‘lgan birinchi so‘z nega «Vatan» bo‘lishi kerak? Sizningcha, Vatan nima o‘zi? Nega u «og‘riqdan iborat»?
— «Kindik qoning to‘kilgan tuproq», deyishadi. «Kindik qonim tekkan tuproqqa borib o‘lsam, armonim yo‘q», deyishadi… Bular behuda gaplar emas. Kindik qoni to‘kilgan tuproq bilan inson taqdiri hali biz anglab yetmagan qandaydir bir tabiat qonuni orqali chambarchas bog‘langan bo‘lsa kerak…
Inson dunyoga kelib eshitishi lozim bo‘lgan birinchi so‘z «Vatan» bo‘lmog‘i esa — mening orzum. Hamma narsani pulga sotib olsa bo‘ladi, deb o‘yladigan kimsalarga nisbatan bu mening yagona isyonimdir. “Vatan” so‘zi bolalarimiz beshigi boshida tez-tez jaranglab turishi lozim deb o‘ylayman. Balki bu So‘z, avvalo, ota-onalar uchun ko‘proq zarurdir… Har bir qarich ona erimizga jonimiz og‘rishi, uni jinoyatchi, kaltabin kimsalarning mahriga topshirib qo‘ymasligimiz, o‘tmishdagi mudhish voqealar qaytib kelmasligi uchun bu So‘zni takror-takror, tushunib-tushunib, shiddatu jasorat bilan aytmog‘imiz lozim.
Vatan… Nima o‘zi?
Qanday qiyin savol!
Daraxtni tasavvur qiling. Uning ildizi — Vatan. Osmonga intilayotgan shoxi ham — Vatan. Xazonlarda uchayotgan barglari, qurt tushgan, qurigan shoxlari ham — Vatan. Hali shakllanmagan kurtaklari xayolidagi mevalari ham — Vatan…
Ildizsiz Vatan yo‘q.
Mevasiz, urug‘siz ham… Shuning uchun ham u «og‘riqdan iborat». Biz Vatanimiz O‘zbekistonni mukammal ko‘rgimiz keladi. Uning mukammalligi esa bizga – shu yurt farzandlariga bog‘liq. Ammo bizning o‘zimiz mukammallikdan hali naqadar yiroqmiz…
Alpomish tilaklarini aytaverdi. Farzandim o‘zining, elining kimligini bilsin, tug‘ilgan tuprog‘ini unutmasin, dedi:
Aqling hech bo‘lmasin faromush,Bolamni qil yaxshi parvarish,
Barchinim, bolamga yana ayt
Otasi — Alpomish!.. Alpomish! Eldayin, seldayin bu hayot,
Safardan qaytmasam umrbod.
Barchinim, allaga qo‘shib ayt:
Elining otidir Qo‘ng‘irot. Oy chiqsa bo‘ladi oydin, de,
Lochinday qanoting yoygin, de,
Barchinim, suyganda so‘yib ayt:
Tug‘ilgan tuprog‘ing Boysun de.
—Yoshlarimizni tarixni bilmaslikda ayblashadi. Buning sababi nimada? Axir biz tarixni maktabning ikkinchi sinfidan o‘rgana boshlaymiz?
— Bunda faqat yoshlarimiznigina ayblash katta xato bo‘lur edi. Rost, biz o‘z tariximizni yaxshi bilmaymiz. Buning sabablari ko‘p.
O‘tgan davrda adabiyot tarixga juda kam murojaat qildi. Chunki yaqinga qadar tarixiy mavzuda yozish, beozor qilib aytganda, hech kimga rahmat keltirmadi. O‘zbekiston tarixiga Stalinning shaxsga sig‘inish davridagi qarash shu kunga qadar hukmronlik qildi desak, xato bo‘lmaydi. Tarixchilar o‘zlarining moziy oldidagi mas’uliyatlarini ko‘p o‘rinlarda unutgandek bo‘ldilar. «Tarixni qayta yozib bo‘lmaydi», degan oddiy haqiqat ham esdan chiqib ketdi. Tarixchi olimlar orasida u yoki bu masalada ochiq-oydin bahs-munozara bo‘lganini xotirlay olmaymiz. Ikkinchi sinfdan tarixni o‘rgana boshlagan bolalarimiz Spitamendan ko‘ra Yevropadagi salbchilar yurishidan yaxshiroq ma’lumot oldilar. Umuman, tarixni bir qolipga solish, oddiy arifmetika bilan hisoblash, bir tomonlama izohlash uslubidan tamoman voz kechmoq zarur. Bu o‘tmishda ayrim shaxslar o‘zini dohiy qilib ko‘rsatish yo‘lida yaratgan uslub edi.
Bu — birinchidan.
Ikkinchidan, tariximizni o‘rganish uchun maydon juda tor. Biz tarix bilan birovning «yordami»siz gaplasha olmaymiz. Bunda eski o‘zbek yozuvini bilmasligimiz xalaqit beradi. Ba’zilar bu yozuv dinga yo‘l ochib beradi deb go‘daklarcha fikrlaydilar. Ammo bu yozuvda Ibn Sino, Beruniy, Forobiy, Xorazmiy, Ulug‘bek, Navoiy kabi ko‘plab alloma va adiblarimizning asarlari ham qog‘ozga tushganini unutib qo‘yyadilar. Yuz minglab qadimiy qo‘lyozmalarimiz ham shu yozuvda bizgacha yetib kelganini hisobga oladigan bo‘lsak, eski o‘zbek yozuvini o‘rganish zarurat ekanligini his qilasiz. Tarixni, o‘tmish madaniyatini bir guruh mutaxassislar o‘rganganda emas, omma o‘zlashtirgan holdagina, u kelajakni yaratish quroliga aylanadi.
— Juda to‘g‘ri, Usmon aka. Tarixdan uzilish oqibatida ayrim yoshlarimizning «ommaviy madaniyat»ga berilayotganligi ham bor gap. Bugungi yoshlar – 80-yillarning yigit-qizlari «Shashmaqom»dan ko‘ra rok-muzikani durustroq «tushunadigan» bo‘lib qolishgan. Bugungi Barchinoylarimiz orasida kutilmagan xavfli illat — ichish, chekish odat tusiga kira boshlaganligi ham behad ayanchli. Yana shunisi alam qiladiki, bu toifaga mansub yoshlarning ko‘pi o‘zlarini «o‘ta madaniyatli», «o‘ta zamonaviy» deb biladilar.
— Bu dunyoqarashning torligi — bilim sayozligining oqibatidir. Bu milliy tarbiyani tan olmaganimiz, o‘tmish madaniyatimizga, tariximizga hadiksirab, uyalib, hatto… jirkanib qarashimiz, internatsionalizmni kulgili darajada jo‘nlashtirganimiz, uni bilib-bilmay milliylikka qarshi qo‘yganimiz, o‘zimizning kimligimizni farzandlarimizga ham tushuntirib berishga qurbimiz, bilimimiz yetmaganligining natijasidir. Siz aytayotgan «o‘ta madaniyatlilik»ka intilish o‘ttizinchi yillardayoq boshlangan jarayon edi. Hozirgi «o‘ta madaniyatlilar» «O‘tgan kunlar» kabi asarlarni yo‘q qilmoqchi bo‘lganlarning nabiralaridir. Ular «Shashmaqom»ni bir paytlar saroy muzikasi deb e’lon qilgan nigilistlar. Ular faqat ichish va chekish bilan cheklanib qolayotganlari yo‘q.
Ha, aytgancha «Shashmaqom»ni tushunish rok muzikani tushunishga xalaqit bermasligi kerak. Ikkala muzikaning ham o‘z muxlislari bo‘lishi kerak.
— O‘rni kelganda aytsangiz: umuman, ukalaringiz — yoshlar haqida fikringiz qanday?
— Fikrim juda yaxshi. Ularga ko‘p ham aql o‘rgatavermasligimiz kerak. Yoshlarni haqiqat bilan tarbiyalasak juda yaxshi bo‘lardi.
— Ko‘pgina she’rlaringizda meshchanlikni tanqid qilasiz. Bugungi meshchanning qiyofasini qanday tasavvur etasiz?
— Ko‘p fojialar mana shu meshchanlikdan o‘sib chiqadi. U byurokratni, poraxo‘rni yaratadi. Meshchanning qiyofasi — qiyofasizlik, moslashuv. O‘g‘ri qo‘lga tushmoqda, lekin iblis qayta qurish yo‘lida kuyib-pishib yuribdi. Uning qo‘li hamon uzun — mansabi ham, e’tibori ham bor. Uning har qanday gapini tasdiqlab turadiganlar ham topiladi.
— Gap madaniyatga borib taqalgan ekan, fikringizni bilmoqchi edim. Madaniyatli kishi qanday bo‘lishi kerak?
— To‘g‘ri so‘zli bo‘lmog‘i lozim.
Alpomish tilaklarini aytaverdi. Mansabga uchma. Lavozimdor bo‘lsang, unutma, mingan mansabingdan xalqingning, Vataningning manfaatlarini yuqori qo‘y. Kim bo‘lishingdan qat’iy nazar, xalqingga hokim ko‘zi bilan emas, xizmatkor nigohi bilan qara:
Boylikka bo‘lma de xaridor,Boylikdan balandda el-yurt bor.
Ayt, yovni qaqshatgan alp bo‘lsin,
Ayt, bo‘lsin yurtiga xizmatkor.
— Shu o‘rinda o‘zim guvoh bo‘lgan voqea yodimga tushdi. Bir traktorchi o‘g‘liga nasihat qilayotganining ustidan chiqdim: «Ikki kishiga bo‘lsa-da, boshliq bo‘l, bolam». Mehnatkash bir insonni bunday xulosaga nimalar olib keldi ekan, deb o‘ylab, o‘yimga yetolmayman. Siz nima deysiz, Usmon aka?
— Men o‘ylab o‘yimga yetganman. Bu osmon — yiroq, yer — qattiqligini boshida sinab ko‘rgan bechoraning chorasi. Shaxsga sig‘inish, turg‘unlik shu ahvolga solib qo‘ygan.
— Eng katta lavozimlarda ishlasa-da, yurtiga bir umr xizmatkor bo‘lib qolgan odamlarni bilasiz. Ular bunga qaysi fazilatlari tufayli erishgan deb o‘ylaysiz?
— Bunday rahbarlar ko‘p bo‘lgan. Hozir ham kam emas. Ularning «elning xizmatkori» darajasiga yetishuvi-da, birovning dardini o‘zining azobiday his qila bilishida ommaning kayfiyatini seza olish fazilatlari muhim o‘rin tutgan, deb o‘ylayman. Oqil rahbarning bosh fazilati, avval odamlarning dardini anglab, so‘ng qaror qabul qilishidadir. Nodon esa avval qaror qabul qilib, so‘ng uni bajarishga odamlarni majbur qiladi.
— Bu gaplardan keyin ayting, saodat nima?
— Vatanni seva bilish.
«Barchinim, farzandim sher bo‘lsinYurtiga suyanchiq er bo‘lsin.
Vatanni diliga jo aylab,
Baxshilar tilida she’r bo‘lsin.
O‘, birodarlar, Barchin esli xotin edi! Farzand ko‘rganda bolasiga nimalar degan, bilmayman. Ammo biz tomonlarda baxshilar Alpomishning o‘g‘li Yodgor haqida ham doston aytishadi…»
Usmon Azimning «Baxshiyona» turkumidan yozgan she’rlaridan birining nihoyasi ana shunday.
Qulman OChILOV suhbatlashdi.
“Yosh leninchi” gazetasi, 1988 yil 26 aprel