Umarali Normatov: “Hozirgi kunda adabiyotni Internetsiz tasavvur etish qiyin” (2011)

O‘zMU professori Umarali Normatov bilan suhbat

— O‘zbek adabiyoti uchun keyingi yillar chinakam jonlanish davri bo‘ldi. Davlatimiz tomonidan adabiyotga, ma’naviyatga juda katta e’tibor berilmoqda. Xususan, Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, ijodkorlarni rag‘batlantirish, ularga qulay shart-sharoit yaratish borasida talay ishlar amalga oshirildi. Bunday o‘zgarishlarning samarasi, Sizningcha, nimalarda ko‘rinayotir?

— O‘tgan yili “Literaturnaya gazeta”ning 27 oktyabr – 2 noyabr sonlarida Aleksandr Titovning “Adabiyot keraksiz bo‘lib qoldimi?” sarlavhali maqolasi bosildi. Uni Mirpo‘lat Mirzo ona tilimizga o‘girib “Jahon adabiyoti” sahifalarida e’lon etdi.

Maqola muallifi Rossiyadek ulkan mamlakatda bir tizimdan ikkinchi bir tizimga — bozor iqtisodi munosabatlariga o‘tish asnosida adabiyotni o‘z holiga tashlab qo‘yish qanchalik ayanchli holga olib kelganligi haqida kuyunib yozadi. Ochig‘i, bu yillarda bizda ham oson bo‘lgani yo‘q. Ammo farqli jihati shundaki, istiqlolning dastlabki yillaridayoq ma’naviyat, adabiyot, san’at masalalari mamlakat rahabariyati e’tiborida bo‘ldi. Shaxsan Prezidentimizning o‘zi ijod ahli vakillari bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazib, ularning dil rozlarini tinglab, mushkul vaziyatdan chiqish choralarini axtardi. O‘zim ham shunday gurunglarning ikkitasida qatnashib, hamkasblar qatori bir dunyo taassurot olganman, Prezidentimizning samimiy maslahatlari gurung ahli ruhini qanchalar ko‘targaniga shaxsan o‘zim guvohman.

Eng mushkul – o‘tish davri ortda qoldi, mamlakatimizda jahonning eng taraqqiy etgan davlatlari bilan har jihatdan bo‘ylashish harakati boshlangan pallaga kelib Prezidentimizning “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” risolasi chop etildi. Risolaning Yozuvchilar uyushmasidagi taqdimotida aytgan edim: bu – hozircha XXI asrda jahonning birorta ham mamlakatida uchramagan hodisa. Risoladagi g‘oyat tez o‘zgarib borayotgan, globallashuv, informatika zamonida so‘z san’atining faqat mamlakatimiz emas, bashariyatning hozirgi kuni, kelajak taqdiridagi roli, o‘rni xususida topib aytilgan mardona so‘zlar ijod ahlini behad ruhlantirib yubordi. Qisqa fursat – salkam ikki yil davomida jahon iqtisodiy inqirozi tahdidi davom etayotgan bir sharoitda ijodkorlar uchun yaratilgan qulayliklar, yosh qalamkashlarni tarbiyalash, rag‘batlantirish yo‘lida olib borilayotgan keng miqyosli amaliy ishlardan quvonmay bo‘ladimi, axir!

Bunday e’tiborning samarasi nimalarda ko‘rinyapti, deb so‘rayapsiz. Prezidentimiz risolasida ta’kidlaganidek, yozuvchilik bu – xudo bergan iste’dod. Bu – qismat, peshonaga yozilgan taqdir. Bu kasbga o‘qitib, o‘rgatib bo‘lmaydi. Ammo ijod ahli e’tiborga, ko‘makka, daldaga muhtoj. Iste’dod egasi faqat milliy an’analar doirasi bilan cheklanib qolmasdan, jahon adabiyoti yangiliklaridan xabardor, jahoniy miqyoslarda fikrlaydigan bo‘lishi shart. Faqat markazda emas, viloyatlarda ham ayni shu yo‘ldan borayotgan, yozgan mashqlarini jahon adabiyoti namunalari bilan qiyoslashga urinayotgan, o‘z she’r, hikoyalarini rus, ingliz, frantsuz, ispan, xitoy, yapon tillariga o‘zlari tarjima qilib, minbarlarda o‘qib berayotgan yosh qalamkashlarni ko‘rib, cheksiz quvonaman.

Sho‘ro zamonida o‘zbek adabiyoti “ko‘pmillatli sovet adabiyotining tarkibiy bir qismi” sanalardi. Endilikda mustaqil mamlakat adiblari o‘zlarini zamonaviy jahon adabiyotining teng huquqli a’zosi sifatida his etib qalam tebratayotirlar. Nasrda Omon Muxtor, Erkin A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshonqul, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton, Zulfiya Qurolboy qizi kabi, she’riyatda Iqbol Mirzo, Tursun Ali, Halima Ahmedova, Xosiyat Rustamova, Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammad kabi shoirlar ijodida zamonaviy jahon adabiyoti tajribalariga hamohang jihatlar e’tiborni tortadi.

— Domla, XX asrda tamomila yangilangan adabiyotimizning keyingi ellik yillik taraqqiyot davriga bevosita shohidsiz. Unda kechgan, kechayotgan jarayonlarni kuzatib, tahlil qilib kelasiz. Bu ca’y-harakatlar natijasi o‘laroq, yigirmadan ortiq kitob, besh yuzdan ziyod maqola yuzaga keldi. Albatta, bu raqamlarni sanash oson, ammo ular ortida ozmuncha mehnat yotmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Sizga bir savol bergim keldi: faoliyatingiz samarasidan ko‘nglingiz to‘ladimi? Umuman, umrni qanday mezonlar bilan o‘lchagan ma’qul?

— Adabiy-tanqidiy faoliyatimning o‘ttiz yili sho‘ro davrida kechdi. O‘sha davr adabiy siyosati, safdosh hamkasblarim qatori, mening yozganlarimda ham muayyan darajada o‘z asoratlarini qoldirgan. Allohga shukrlar bo‘lsinki, taqdir meni o‘sha totalitar tuzum zamonida “demokratiya oroli” sanalmish Milliy universitetimizning o‘zbek adabiyoti kafedrasida ta’lim olish, ishlash, benazir iste’dod sohibi, jasur inson Ozod Sharafiddinovga birinchi shogird tutinish, u orqali shijoatda beqiyos ulkan adib Abdulla Qahhor “davrasi a’zosi”ga aylanish, Shuhrat, Said Ahmad, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev singari davrning peshqadam adiblari bilan og‘a-ini, do‘st, hamsuhbat tutinish baxtiga muyassar etdi. Yozganlarimning orasida davr sinovlaridan o‘tib, bugungi kunga eson-omon yetib kelganlari bor, bular ayni shu muhitning samarasi, deb bilaman. Sho‘ro davrida yaratilgan adabiy suhbatlarimdan o‘ntasi 2008 yili “Mumtoz so‘z” nashriyoti chop etgan “Ijodkorning daxlsiz dunyosi” kitobiga ozgina tahrir bilan kiritildi. Qarangki, ular mutlaqo eskirmabdi, matbuotda yuksak baho oldi. Yangi asrda chop etilgan “Ustoz ibrati”, “Qodiriy mo‘jizasi”, “Ufqlarning chin oshig‘i”, “Nafosat gurunglari” kabi kitoblarimga kirgan sho‘ro davrida bitilgan talay maqolalar ham meni el oldida uyaltirmadi. Buning uchun quvonaman. Ayni paytda, kamina-bandai ojiz davrning o‘tkinchi epkinlari, dovullari ta’sirida o‘tkinchi “asar”lar ham yozganman.

Umrni qanday o‘tkazish mezon-shartlari ham muqaddas kitoblarda aniq-ravshan ko‘rsatib qo‘yilgan. Shu shartlarga amal qilib yashab o‘tgan allomalar, ustozlar tajribasi – ibrat namunalari ham yetarli. Bular – halollik, adolat, imon-e’tiqod, shijoat, mehr-muruvvat, el-yurtga, kasb-koriga, kamina uchun esa adabiyotga, adabiyot ilmiga sadoqat.

— Hazrat Navoiy besh yarim asr narida turib hamon komil inson g‘oyasini targ‘ib qilmoqda. Zotan, adabiyotning azaliy muammosi – inson, inson jumbog‘i. Bu yo‘lda bugun ham baholi-qudrat qalam tebratayotgan zamondosh ijodkorlarimiz ko‘p. Siz ulardan qanday obrazlarning badiiy talqinini kutasiz? Sizningcha, zamonamiz qahramoni qanday bo‘lmog‘i kerak?

— Yuksak ma’nodagi komillik faqat va faqat yaratgangagina xos, so‘ng uning rasuli payg‘ambarimiz komillik sohibidirlar. “Beayb parvardigor”, “bandai ojiz” degan iboralar bejiz aytilmagan. Shaytoni lain Odam Atoni, Momo Havoni chalg‘itgan ekan, ularning avlod – shajaralari ne-ne ko‘ylarga tushgani ma’lum. Shunga qaramay, inson zotining boshqa maxluqlardan bir afzal tomoni bor – u yaratganga taqlidan har doim mukammallikka intiladi, kamolot yo‘lini axtaradi, Alloh o‘zining eng suyukli elchilari, payg‘ambarlar orqali Sizu biz uchun o‘z Kalomlarini in’om etib, kamolot yo‘llarini ham ko‘rsatib qo‘ygan. Falsafa, san’at, adabiyot inson zoti tili chiqib, fikrlay boshlaganidan buyon inson jumbog‘i, uning kamoloti muammolari tevaragida aylanadi. Jamiyatning, qolaversa, so‘z san’atining gurkiragan davrlarida komil inson jumbog‘i oliy maqomlarga ko‘tarilgan. Mumtoz adabiyotimizning cho‘qqisi sanalmish Navoiy ijodida komil inson timsoli naqadar teranlik kasb etganligi hammamizga ayon.

Mamlakatimiz chin ma’nodagi mustaqillikka erishgach, komil inson, aniqrog‘i, barkamol avlodni tarbiyalash muammosi kun tartibiga qo‘yilganligi tasodifiy emas. Bu tarixiy zarurat, tabiiy ehtiyoj. Kelajagi buyuk davlatni faqat va faqat barkamol insonlargina yarata oladi. Ko‘rib, sezib turibmiz, ana shunday avlod ko‘z oldimizda shakllanib kelyapti. Shaxsan men tengi, istiqlolni 50-60 yoshida kutib olganlar ham yigirma yil burungi odamlar emas. Bugungi o‘zbek hatto o‘n yil burungi o‘zbek emas. Jamiyatda ketayotgan modernizatsiyalashuv hodisasi uning ongida, turmushida yaqqol namoyon bo‘lyapti, jahondagi jarayonlardan xabardor, jahon miqyosida fikrlaydigan, globallashuv, informatika davri odamiga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda tub iqtisodiy islohotlarni ma’naviyat bilan qo‘shib olib borish siyosati o‘z samarasini bermoqda, o‘zida ham milliy, ham umuminsoniy qadriyatlarni uyg‘unlashtirgan zamonaviy barkamol avlodni shakllantirish jarayoni kechayapti. O‘z-o‘zidan ravshan: so‘z san’ati shu qutlug‘ va qudratli jarayondan chetda turishi mumkin emas. Bu hodisa adabiyotimizda o‘z aksini topdi, topmoqda. She’riyatda ham, nasrda ham, dramaturgiyada ham bugungi zamondoshimiz ruhi, kayfiyati, orzu-intilishlari aks ettirilgan asarlar anchagina. Ehtimol, ular orasida yarq etib hammani o‘ziga jalb etadigan mo‘jiza degulik favqulodda badiiy kashfiyotlar yo‘qdir, ammo kichik mo‘jizalar bor. Shunisiga ham shukr. Shoir aytmoqchi, kattasini kutu kichigidan qolma, kichik mo‘jizalar har kuni kerak…

— Davrimizga kelib, axborot almashinuvi misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Bu imkoniyatdan ilm, shu jumladan, xorijiy adabiyotshunoslik unumli foydalanayotir. Prezidentimiz Internet adabiyotini shakllantirish ehtiyoji yuzaga kelganini bejiz ta’kidlamadilar. Biroq o‘zbek adabiyoti, xususan, adabiyotshunosligini bu borada ibrat qilib ko‘rsatolmaymiz. Shu ma’noda xonandalar, aktyorlar haqidagi veb-saytlar bilan band yoshlarimiz e’tiboriga adabiyotshunoslarimizning Internetdagi ijod oynalarini havola qilish zarurati qachon kun tartibidan tushadi? Masalan, Sizning ijodingiz bitta veb-sayt uchun yetib ortadi. Internetda o‘zingizning veb-saytingizni ochirish niyatingiz yo‘qmi?

— Hozirgi kunda adabiyot, adabiyotshunoslik targ‘ibotini Internetsiz tasavvur etish qiyin. Bundan bir necha yil burun Milliy universitetda Internetning o‘zbek adabiyoti oyinasi tashkil etilgan edi. Hozir Yozuvchilar uyushmasida yangidan, eng so‘nggi texnologiyalar asosida o‘zbek adabiyoti saytini yaratish harakati poyoniga yetay deb qoldi. Shaxsan o‘zim do‘stlar, shogirdlar ko‘magida tajriba tariqasida veb-saytimni yaratishga erishdim. Kelajakda uni takomillashtirib borish niyatim bor.

— Domla, doimo yoshlar orasidasiz, ularning qiziqishlaridan boxabarsiz. Ayting-chi, bugun yoshlarimiz orasida adabiyotshunoslik ilmiga munosabat qanday? Siz kelajagidan umid qilayotgan yoshlardan – bo‘lajak olimlardan kimlarni aytgan bo‘lardingiz? Ularga o‘gitlaringiz: nimaga undab, nimadan qaytarasiz?

— Adabiyot bo‘yicha murabbiylik kasbim tufayli salkam oltmish yildan beri yoshlar bilan ishlayman. Buni Allohning yana bir inoyati deb bilaman. Chunki hayotdagi yangilanish, yangicha adabiy mayllar yoshlar timsolida, ular ongi, shuurida juda yaqqol namoyon bo‘ladi. Adabiy jarayondagi yangicha tamoyillarni ular g‘oyat tez va nisbatan oson qabul qiladi. Men adabiyot muallimi sifatida ular qarshisida faqat murabbiy emas, ayni paytda, o‘zimni tolib sanayman, adabiy hodisalarni, undagi yangicha tamoyillarni tushunish, talqin etishda talabalarning nuqtai nazari, bokira tasavvuri, talqinlarini ham doim nazarda tutishga harakat qilaman. Yosh talabalar oldida xijolatda qolmaslik uchun adabiyot, adabiyotshunoslikdagi yangiliklardan vaqtida boxabar bo‘lib borishga tirishaman. Ayni paytda shogirdlarni ham hamisha shunga da’vat etaman. Shogirdlardagi loqaydlik, hayotdan ortda qolishni aslo kechira olmayman. Kamtarin tajribamdan chiqargan xulosam shuki, did, adabiy iste’doddan tashqari yangilikka tashna, adabiy-ilmiy jarayon ichida yashashni qismat deb bilgan fidoyi odamdangina chin adabiyotshunos chiqadi. Kamina ilmiy ishlariga rahbarlik qilgan Hamidulla Boltaboyev, Dilmurod Quronov, Bahodir Karimov, Ulug‘bek Hamdam kabi bugungi kunning peshqadam adabiyotshunoslari faoliyati buni tasdiqlab turibdi. Hozir katta adabiyotshunoslik bo‘sag‘asida turgan Sa’dulla Quronov, Malika Fozilovada ham shunday xislatlarni ko‘rib quvonaman, ulardan umidim katta.

— Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur.

Suhbatdosh: Otabek Safarov,

O‘zbekiston Milliy universiteti stajyor-tadqiqotchisi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 23-sonidan olindi.