Umarali Normatov, Hamidulla Boltaboyev. Yangi nazariy tamoyillar (2008)

http://n.ziyouz.com/images/hamidulla_boltaboyev.jpgHamidulla Boltaboyev: Hammamiz yaxshi bilamizki, adabiyot nazariyasi ming yillar davomida amalga oshirilgan qonuniyatlar bilan emas, hayotni badiiy tahlil qilish asosida rivojlanadi. Amalda yaratilgan har bir daho, hech bo‘lmasa, original asar nazariy qoidalarni boyitibgina qolmay, avvalgi eski qoliplarni sindiradi. Undagi yangilik quvvati ham, oxori to‘kilmagan belgilar ham mana shu nazariy tamoyillarni yangilashiga qarab belgilanadi. Shuning uchun ham adabiyotshunoslik klassitsizm estetikasidan tezda voz kechib, uning ratsional qoliplari qarshisiga hissiy, tuyg‘ular oqimini qo‘ydi. Tabiiyki, bu qarash adabiyotning yurak qoniga asoslangani uchun ham yuzlab “…izm”lar vujudga kelganiga qaramay, badiiy asar uchun hissiy asos birlamchi bo‘lib qolmoqda. Menimcha, dunyo adabiyotshunosligi XVIII asrning oxiridayoq ana shu siz aytgan “dekanonizatsiyalashuv” davriga kirgan edi.

Badiiy asarni inson kabi tirik mavjudot sifatida bilish, uni o‘rganishda, ana shu tiriklik belgilarini ehtiyot qilib yondashish badiiyat ilmini imkon qadar o‘ng va so‘llarga og‘ib ketishdan saqlab turibdi. “Modern” istilohi mana 110 yildan beri o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani hammaga kunday ayon. Bu holatni ko‘rib turib bilmaslik nafaqat adabiyot nazariyasini, balki yangi va go‘zal asarlar yaratilishidek adabiy jarayon amaliyotini ham torayishiga olib kelishi mumkin. O‘zining ajoyib asarlari bilan sotsrealizm inertsiyasini rad etgan ustoz adiblarning modern adabiyotini xushlamasligi haqidagi yozuvlarini ijoddagi samimiyat belgisi deb hisoblab bo‘lmaydi.

«Sovremennaya russkaya literatura (1968-1986)» mualliflari ham biz modernizm deb qabul qilayotgan tushuncha bag‘rida “mutatsiya”, axloqiy maksimalizm, sokin lirika, madaniy paradigma, ruh ekologiyasi, romantik, psixologik va karnaval groteski, intellektual tendentsiya, “stoitsizm”, tarixiy xotira va xotirasizlik, “tragifars”, “neoakmeizm”, “movizm”, xaos metonimiyasi, “palisandriya” kabi qulog‘imiz unchalik o‘rganmagan istilohlarni keltirish barobarida ularning har biri nazariy kitoblarda emas, balki “70-yillar” deya shartli nom berilgan adabiy jarayonda aks etganligini anglatadilar. Har bir tushunchaning istilohiy mohiyatini izohlabgina qolmay, ularni ma’nosiga mos badiiy asarlar orqali asoslab ko‘rsatadilar. Biroq, rus zaminida vujudga kelgan har qanday adabiy hodisani (boringki, u modern – zamonaviy bo‘lsin) o‘zbek tuprog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirib bo‘lmaydi. Menimcha, “sho‘ro adabiyoti” degan mujmal tushunchani tanazzulga olib kelgan unsurlardan biri ham shu bo‘lsa kerak. Shuning uchun ham adabiyotimiz mafkura bo‘g‘uvida qolganda ham aynan rus sho‘ro adabiyotiga tuyg‘udosh bo‘lish tajribasida oqsaganini kuzatish mumkin. Modernizm bag‘rida o‘sgan o‘nlab tushunchalarni bizning adabiyotimizda uchramasligi ham tabiiy hol. Olaylik, o‘zbek nasridan “legal sho‘ro so‘lligi”ga mos bir-ikki asar topishimiz mumkindir, “emigratsiya va vatan andegraundi” kabi adabiy hodisani o‘zbek adabiyotiga tiqishtirib bo‘lmaydi, chunki muhojirlik adabiyoti bizda “russkoye zarubeje” kabi taraqqiy etmagan. XX asrning 90-yillarida o‘zbek matbuotida uchragan ayrim parchalar Voynovich yoki Brodskiy asarlari darajasidan ancha quyida. Bizning muhojirlik adabiyoti haqidagi qarashlarimiz ham, uning ayrim namunalari ham ustoz Abdulla Qahhor istehzo qilganiday, “To‘ytepadan nariga o‘tmaydi”. Tabiiyki, qarashlarimiz qanchalik ojiz bo‘lsa, adabiyotimiz ham shunga yarasha bo‘lishi tan olingan haqiqat.

Umarali Normatov: Gaplaringizga qo‘shilaman. XX asr rus adabiyotida yuz bergan hodisalarning milliy adabiyotimizda aynan takrorlanmasligi tabiiy hol. Ayni paytda bizdagi milliy adabiy harakat jahon adabiyotidagi yetakchi tamoyillardan, aniqrog‘i, modernizm oqimidan butunlay chetda kechgani yo‘q. Sho‘ro adabiy siyosati modernizmni xushlamay qarshi olishiga qaramay, rus va boshqa milliy adabiyotlar, jumladan, o‘zbek adabiyotida 20-yillardayoq bu tamoyil bo‘y ko‘rsata boshladi, bir oz no‘noqlik bilan uch bergan futurizm davrning sur’atini, yaratuvchilik mehnatini olqishlash tarzida sotsialistik g‘oyalarga uyg‘unlashgan holda xiyla keng tarqaldi. Chuqur milliy ildizga – tasavvuf falsafasiga borib taqaladigan «ramzchilik» zamonaviy simvolizm tajribalari bilan tutashgan holda erk-ozodlik tuyg‘u-g‘oyalarini ifodalovchi jiddiy adabiy tamoyilga aylandi, Cho‘lpon, Fitrat, Elbek, Botu, Oybek she’riyati buning yorqin dalili. Ilm-fanda, masalan, Fitrat, Abdurahmon Sa’diy asarlarida modernistik istilohlar va ularning sharh, talqinlari maydonga keldi. Yana bir xarakterli jihat – yangi milliy adabiyotning yetakchi namoyandalari – Abdulla Qodiriy 20-yillar o‘rtalarida rus modernizmining sardorlaridan biri Bryusov asos solgan adabiyot institutida ta’lim oldi; «simvolist shoir» nomini olgan Cho‘lpon bir necha yillar Moskvada o‘sha davrning qizg‘in adabiy-madaniy muhiti ichida yashab ijod etdi; Fitrat ham markaz ob-havosidan bahramand bo‘ldi; Oybek Leningradda o‘qib, Ovro‘po madaniy muhiti ruhida she’rlar bitdi; Abdulla Qahhor Toshkentda universitetda rus tilida tahsil olish barobarida zamonaviy jahon falsafasi, ruhshunosligi, adabiyoti va adabiyotshunosligi yangiliklari bilan tanishdi… Hech ikkilanmay dadil aytish mumkinki, ular yaratgan asarlarda zamonaviy jahon adabiyoti, jumladan, modernistik tamoyillarga ohangdosh jihatlar ko‘p. Hozircha bu xususda uzuq-yuluq gaplar aytildi, xolos. Bu muammo jiddiy yechimini kutib turibdi.

Sotsialistik realizm sovet adabiyotining rasmiy metodi deb e’lon etilgan, modernizmning har qanday ko‘rinishlari reaktsion oqim sifatida keskin rad etilgan zamonlarda ham yo ixtiyoriy, yoki beixtiyor ijodkor – ongi osti shevasi tarzida modernistik tamoyillar turli ko‘rinishda davom etdi. Milliy adabiyotimizda bu g‘aroyib hodisaning ajoyib namunalari sifatida Cho‘lponning «Kecha va kunduz»ini, Abdulla Qahhorning «Sarob» romani, qator hikoyalari va «O‘tmishdan ertaklar» qissalarini tilga olish mumkin. Ularda modernistik adabiyotga xos «ong oqimi», absurd g‘oyasi va tuyg‘usi, ekzistentsializm tamoyillari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu adabiy hodisa ham jiddiy tadqiqotlar uchun ajoyib mavzu bo‘la oladi.

Hamidulla Boltaboyev: Modern atamasi nisbiy tushuncha. Fikrni bevosita nazariy muammolar va hozirgi jonli adabiy jarayondan 20-yillarga ko‘chiradigan bo‘lsak, o‘tgan asr boshlarida o‘zbek shoiri Cho‘lpon mumtoz she’riyatning “bir xilligi”dan bezib, yangi shakl va vazn axtarish natijasida o‘zbek she’riyati barmoq vaznini taomilga kiritib, sarbastni topgan ekan, bu imkoniyat birgina yangilik ilinjidan emas, balki an’anaviy she’riyatni chuqur bilish natijasida amalga oshirilgan sa’y-harakat edi. Jadid adabiyoti o‘zigacha bo‘lgan mumtoz adabiyotni chuqur o‘zlashtirish, jahon adabiyotidagi yetakchi tendentsiyalardan xabar topish natijasidagina madaniy hayotning barcha jabhalaridagi kabi badiiyatda ham yangilik ehtiyojini his qilgan va bunga o‘zlarining butun ijodiy kuchlarini qaratgan edilar.

Shunga o‘xshash 60-yillardagi “iliqlik” shamoli yangi “modernchi”larni yaratgani kabi mustaqillik epkinlari ham yangi adabiyotni yaratishi shubhasiz. Biroq bugungi mustaqillik sharoitidagi yangilanish jarayoni bizda qay darajada sust kechayotgani 16 yillik davrning shiddatida sezilmasligi mumkin. Ammo biz “mustaqillik davri adabiyoti” deb atayotgan badiiyat namunalari chinakamiga mustaqil adabiyot bo‘lishi uchun nimalar yetishmayotganini ilg‘ash va shunga ko‘ra ish tutish adabiyot nazariyachilarining ham, adabiy harakatdagi munaqqid va adiblarning ham birday zimmasida turibdi.

Umarali Normatov: Meningcha, 70-yillarning oxiri, saksoninchi yillar bizda modernizm tamoyillarining yangidan jonlanish davri bo‘ldi. Ijodkorlar orasida jahon modernistik adabiyoti va san’atiga qiziqish benihoya kuchaydi. Nitshe, Prust, Kafka, Joys, Kamyu, Sartr nomlari yoshlar tilidan tushmaydigan bo‘lib qoldi, ular asarlaridan tarjimalar qilindi. Yoshlar ijodida bu jarayon ta’siri yaqqol ko‘rina boshladi, Cho‘lpon, Qahhor ijodida uch bergan «ong oqimi», absurd g‘oyasi va tuyg‘usi, ekzistentsializm tamoyillari yanada yorqinroq, ayni paytda, o‘zgacharoq bir tarzda namoyon bo‘ldi. Ayni shu yillarga kelib xiyla keskin tus olgan mustabid tuzum, kommunistik e’tiqodlar inqirozi bunday tamoyillarning milliy adabiyotimizda kengroq ildiz otishi uchun qulay imkon – sharoit yaratdi. Qator hikoya, qissalardan boshlangan bu badiiy jarayon «Lolazor», «Otamdan qolgan dalalar», «Tushda kechgan umrlar», shuningdek, «Ko‘hna dunyo»dek tarixiy roman orqali o‘z intihosiga yetdi. Milliy adabiyotimizda ayni shu tamoyillarning betakror va ta’sirchan namunalari sifatida e’tirof etilgan Nazar Eshonqulning qator hikoya va qissalari ham shu oraliqda yaratildi.

Bu muhim adabiy hodisani ham biz hozirgi jahon adabiy-tanqidiy tafakkuri darajasi va miqyosida turib yorita olganimiz yo‘q.

Hamidulla Boltaboyev: Bu asarlarning har biri bir dunyo. Men ularni biror “…izm”ga solib ko‘rishdan avval ular mutolaasidan san’at asari sifatida zavq tuyaman, har birini biror qolipga tortmasdan o‘z holicha, o‘zining ichki tabiatidan kelib chiqib xolis o‘rganilishi tarafdoriman…

Umarali Normatov: Men ham shu fikrdaman… Milliy adabiyotlar tarixidagi tub burilish pallalarida yangicha adabiy yo‘nalishlarning ijodiy dasturini –ijodkorlarning o‘zlari ishlab chiqqanligi ma’lum. Bizda ham shunday bo‘ldi. Cho‘lpon an’anaviy she’riyatimiz darg‘alariga chuqur ehtirom saqlagan holda «Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni o‘qiymen: bir xil, bir xil, bir xil!.. Ko‘ngil boshqa narsa – yangilik qidiradir» deb yozgan bo‘lsa, yangi davr adabiyoti, Ovro‘po adabiyoti gazi bilan o‘lchaganda ham to‘laqonli asar yaratgan Abdulla Qodiriy ilk milliy romanining ilk jumlasini «Modomiki biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, bas, biz har bir yo‘sinda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz» so‘zlari bilan boshlaydi. Cho‘lponning adabiy-tanqidiy maqolalari, taqrizlarini ko‘zdan kechiring. Shuningdek, Abdulla Qodiriyning ayni shunday maqolalarini esga olib ko‘ring. Ularda yangi adabiy hodisalar mohiyati naqadar teran idrok etilib, qo‘llab-quvvatlangan. «Tong sirlari» to‘plamiga Julqunboy imzosi bilan yozilgan muxtasargina so‘zboshi Mustaqillik yillariga qadar Cho‘lpon haqidagi eng odil, eng teran bahodir. Afsuski, yangi adabiyot bilan birga shakllana boshlagan adabiy tanqid, ayrim hollarni istisno etganda, yangi adabiy hodisalarni odilona, professional baholay olmadi. Bugina emas, ular sho‘ro adabiy siyosati bosimi ostida so‘z san’atida paydo bo‘lgan yangi hodisalarni nayza ko‘tarib qarshi oldi; shu tariqa chin adabiyot bilan adabiy tanqid orasida temir devor qad ko‘tardi. Bu devor faqat XX asrning ikkinchi yarmiga kelib, Abdulla Qahhor maktabida toblangan ikki zabardast munaqqid Ozod Sharafiddinov va Matyoqub Qo‘shjonovlar ilmiy-ijodiy shijoati tufayli oradan olib tashlandi… Ijodni, ijodkorni anglash, ijodkor qalbiga yo‘l topa bilish orqali badiiy jarayonga ta’sir ko‘rsatish, tanqidchilikning baxti, omadi; chin ijodni, ijodkorni anglay bilmaslik esa munaqqidning baxtsizligi, milliy adabiyotning zavoli ekanligini bir asrlik tarixiy tajriba to‘la-to‘kis isbotladi. Ozod domlaning so‘nggi kitobi «Ijodni anglash baxti» deb atalishida teran ma’no – bir asrlik tarixiy tajribaning ibratli sabog‘i bor.

Shu o‘rinda g‘aroyib bir paradoksni eslatib o‘tsam deyman. O.Sharafiddinov, M.Qo‘shjonov va ularning tanqidchilikdagi izdosh-maslakdoshlari tanqidiy realizm, sotsrealizm va boshqa nomlar bilan atalishidan qat’i nazar, milliy adabiyotimizda realizm an’ana tusini olgan davr munaqqidlari edilar. Ularning adabiy-tanqidiy mezonlari asos-e’tibori bilan realizm estetikasi o‘zanida shakllangan, realizm yo‘nalishiga mansub joriy milliy adabiy jarayonni, shuningdek, muayyan sabablarga ko‘ra o‘z davrida tanqidchilikda odilona bahosini ololmagan 20-50-yillar adabiyotini, xususan, Cho‘lpon, Qodiriy ijodiy merosi qadrini tiklash va baholashda ulug‘ ishlarni ado etdilar. Istiqlol arafasi va istiqlol yillariga kelib, badiiy tafakkur va ijodda «modern» nomi bilan yuritilgan tub yangilanish paydo bo‘ldi; bu jarayonni anglash, idrok etishda o‘z davrida har qancha progressiv – ilg‘or qarash bo‘lishiga qaramay, mavjud adabiy mezonlar bilan yangi jarayonlar mohiyatini anglash, ochish mumkin emasligi ayon bo‘lib qoldi. Yetakchi munaqqidlarning aksariyati, O.Sharafiddinov, M.Qo‘shjonov, shular qatori biz kabi shogirdlar ham, garchi yangi tamoyillarga xayrixoh munosabatda bo‘lsak-da, ularni anglashda xiyla qiynaldik, yangi hodisa poetikasini his etish, ilmiy kashf etish bobida ojizligimiz pand berdi. Buni tengdoshlari orasida birinchilardan bo‘lib tan olgan zot Ozod Sharafiddinovning o‘zlari bo‘ldilar. «Modernizm – jo‘n hodisa… emas» sarlavhali suhbatida u kishi shunday deydilar: «Shaxsan men o‘zim shu paytga qadar adabiyotdagi modernizmga o‘zimning munosabatimni aniq belgilab olgan emasman. Ba’zi bir modernistik asarlarni, ayniqsa, yumorga yo‘g‘rilgan asarlar (Stanislav Lem, Rey Bredberi)ni zavq bilan yengil o‘qiyman. Folkner, Joys, Prust kabi adiblarning asarlarini esa o‘qishda qiynalaman. Hatto ba’zan ularning asarlarini yarmidan tashlab qo‘ygan hollarim ham bo‘lgan. Lekin shunga qaramay, men bu yoki bu kabi boshqa yozuvchilarni hecham qoralamayman. Ehtimol, gap yozuvchida emas, balki mening didimda, saviyamdadir. Harholda faqat menga yoqqani yoki yoqmaganiga qarab biror asarni rad etish yoki ulug‘lash mumkin emas… Modernizm munosabati bilan qilgan gurunglarimizdan faqat bitta xulosa chiqargim keladi – yashasin erkinlik, yo‘qolsin qoliplar!»

Naqadar samimiy, mardona e’tirof. Qani endi o‘zini munaqqid, nazariyachi olim deb yurgan kimsalarda ham shunaqa adolat, shijoat tuyg‘usi bo‘lsa! Ustoz garchi «shu paytga qadar adabiyotdagi modernizmga o‘zimning munosabatimni aniq belgilab olgan emasman» degan bo‘lsa-da, bosh muharrir sifatida «Jahon adabiyoti»da o‘zbek o‘quvchilarini «XX asrning yetakchi uslubi» – modernizmga oid falsafa, ruhshunoslik, san’atshunoslik, adabiyotshunoslik asarlari, jahon modern adabiyotining sara namunalari bilan tanishtirishda mislsiz savob ishlarni amalga oshirdi, hamkasblarining bu mavzuga oid maqola, suhbatlarini muntazam yoritib bordi. Tanqidchiligimizda ham modern asarlarni his etish, anglashga rag‘bat ortib bormoqda. Bu jihatdan Q. Yo‘ldoshevning «Yoniq so‘z», U. Hamdamning «Yangilanish ehtiyoji» kitoblaridagi qator maqola, suhbatlarni eslatish mumkin. Lekin, baribir, bu borada ham uloq hamon ijodkorlar qo‘lida. Nazar Eshonqul, Xurshid Do‘stmuhammad, Bahrom Ro‘zimuhammad kabi modern yo‘nalishga mansub nosir, shoirlarimizning adabiy-tanqidiy maqola, suhbatlari to‘planib kitob holiga keltirilsa, chiroyli bir o‘quv qo‘llanmasiga aylanishi tayin.

Hamidulla Boltaboyev: Adabiy jarayon va undagi har bir asar biz hozirgacha o‘zlashtirib olgan nazariy qoidalar qay darajada aks etganiga qarab emas, Olloh ato qilgan o‘z umricha yashaydi. Har bir asarga yondashganda uni ijodkor iste’dodi tabiatiga asoslanib o‘rganish, asar betakrorligini o‘sha adibga Olloh bergan buyuk ne’mat – iste’dod hosilasi deb qarash kerakka o‘xshaydi. Qolaversa, bunday o‘lmas asarlarning umrzoqligi kitobxonlarimizning did-farosatlariga ham bog‘liq. Siz tilga olgan maqolalar ham muallifning betakror fitrati va uning asardagi aksini imkon qadar tushunishga harakat qilib yozilgan. Qolaversa, iste’dod tabiatini olimlarga qaraganda ijodkor ahli yaxshiroq taniydi, ayniqsa, ularning ijodiy qiyofasi o‘zaro yaqin bo‘lsa. Shuning uchun ham bu maqolalarni adabiyotshunoslik majmua (afsuski, bizda bunday majmualar yaratish hali yo‘lga qo‘yilmadi)lariga kiritish, ularni yosh ijodkorlar mutolaasi lozimligini filologlarga qayta va qayta uqtirishimiz kerak. Faxriyorning shoirligi, modern uslubdagi yoki an’anaviy folklorcha she’rlarining o‘zi alohida adabiy hodisa. Biroq shoirning intellektual dunyosining naqadar boy ekanligi Timoti J. Uinterning “XXI asrda islom” kitobining inglizchadan tarjimasi orqali yanada ravshan ko‘rinadi. XX asr so‘nggiga kelib postmodern dunyoning qiblani tanishi urchib borayotgan imonsizlik qarshisidagi ilmiy-ma’naviy dastakdir. E’tiqodsizlik fojiasini ko‘rsatgan yuzlab asarlar bor, shu jumladan, “Sarob” ham. Biroq imonsizlikning qayoqqa olib borishini, uning ertasi absurd ekanini ilmiy publitsistik yo‘sinda anglata olgan shu birgina kitob tarjimasi uchun ham biz Faxriyordan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Nazar Eshonqulning qissalaridagi intellektual ruh o‘zini millat farzandi deb bilgan har bir ziyoliga ko‘chishi, qalbida akslanishi kerak.

Umarali Normatov: Nihoyat, suhbatimiz eng murakkab, mas’uliyatli va chigal masala – postmodernizm jumbog‘iga kelib taqalayotir. Postmodernizm bashariyat taraqqiyotidagi uchinchi to‘lqin – informatika va globallashuv bosqichining mahsuli, u faqat adabiyot, san’atgina emas, fan hodisasi sifatida maydonga chiqdi, bugina emas, sizu biz yashayotgan hozirgi davr postmodern dunyo deb ataladigan bo‘ldi. Postmodern dunyoning muhim belgilari sifatida ma’naviyat olamida kechayotgan jarayonlar – har qanday ko‘rinishdagi modern – yangiliklarga sig‘inishdan tiyilish, yuksak va ommaviy madaniyatni bir-biriga yaqinlashtirish, fan bilan din va san’atni murosaga keltirish kabi holatlar tilga olinayotir; fan olamida metodologik asos sifatida dialektika o‘rniga sinergetik tafakkur usuli oldinga o‘tdi, evolyutsion sinergetik paradigma, jumladan, badiiy ijodiyot fanining metodologik asosiga aylandi. Realizm bilan modernizm orasida murosasiz bahs, ya’ni «reallikda ma’no bor» degan realizm aqidasi bilan «reallikda ma’no yo‘q» degan modernistik qarashlarni murosaga keltirish maqsadida bu hayot-mamot masalasi o‘zgacha tarzda qo‘yilmoqda – inkor yoki tasdiq etish yo‘lidan birini tanlash o‘rniga, bu xil keskin savollarga aniq javobni ochiq qoldirib – bu borada o‘zgacha yo‘lni, ya’ni masala mohiyatini, reallikning sir-sinoatini taftish etish, diqqat-e’tiborni hodisa qa’riga yo‘naltirish taklif etilmoqda. Ayni shu jihat postmodernizmning eng asosiy xususiyati deb qaralmoqda. Mohiyatni ochish sari intilishda, xususan, fan va san’atda moddiyuncha realistik, diniy-ilohiy va mifologik tafakkur birdek ahamiyatga ega ekanligiga urg‘u berilmoqda.

Hamidulla Boltaboyev: Sotsrealizm “hayotni o‘z shaklida ko‘rsatishdan” “borliqni o‘z mohiyatida ko‘rsatish”ga o‘tishi munosabati bilan uning imkoniyatlari kengaygani, ochiq sistema sifatida qabul qilingani o‘z davrida Siz yozgan kitoblarda o‘rinli qayd etilgan edi. Ilmiy adabiyotlarda “postmodernizm” tushunchasi “poststrukturalizm”ga sinonim tarzida qo‘llanilmoqda (Ilin I. P. Poststrukturalizm. Dekonstruktivizm. Postmodernizm. M.: Intrada, 1996). Har ikki holatda ham bu nazariy tamoyillar eng yangi adabiy aqidalar sifatida talqin qilinayotgani bilan hali adabiy-estetik nuqtai nazardan yangi «nazariy paradigmalar» yaratmadi, degan qarashda ma’lum ma’noda jon borga o‘xshaydi. Albatta, ilk modernizm davridan so‘nggi modernistlarning qarashlari tubdan farq qiladi. Lekin jadid estetikasi nazariy jihatdan badiiy adabiyotning san’at sifatidagi mohiyatini anglatishga qanchalar ahamiyat bergan bo‘lmasin, amalda ularning estetik mezonlari “yurt oyog‘idagi kishanga borib taqaladi”, ya’ni ijtimoiy hayot talablari nazariy qoidalardan ustunroq turgani uchun ular butun ijodini mana shu sirtmoqqa qarshi qaratganlar. Shuning uchun ham Cho‘lponning eng go‘zal she’rlarida ham, “ko‘lanka”, “kishan” qayg‘usi uning yelkasidan bosib turgan. Fitrat domla ham she’riy shakllarga sig‘magan to‘fonli o‘ylarini san’at, adabiyot dardi deb emas, “yurt qayg‘usi” niyatida bitgan. Demak, nazariy tamoyillar hayot haqiqatiga duch kelganda bir oz o‘zgarishi, o‘zining estetik mohiyatidan ijtimoiylikka qarab burilishi mumkin ekanini jadid adabiyoti tajribasi anglatib turibdi. Shundan keyin sho‘ro istibdodi davrida adabiyot to‘la-to‘kis ijtimoiylashuv jarayonini boshdan kechirdi. Bora-bora bu holat adabiyotning qonuniy “xususiyati”ga aylanib qoldiki, endi mustaqillik davrida ham mana shunday nazariy tushovlardan ozod bo‘lolganimiz yo‘q, – “O‘tmishdan ertaklar”dagi qulflanmagan hujrada “qamalib o‘tirgan” Babar singari. Biz ko‘p o‘rinda badiiy adabiyotning jamiyat oldidagi vazifasini publitsistik funktsiyada deb bilamiz, ya’ni u yangi fikr aytishi, jamiyat illatlarini fosh qilishi, xalqni taraqqiyotga boshlashi kerak. Mana shu ulug‘vor vazifani ma’lum ma’noda kuniga yuzlab nomda nashr etilayotgan gazeta va jurnallarga yuklasak-da, badiiy adabiyotni “fikr aytish vositasi” deb qarash o‘rniga muddaoni sof badiiyat talablariga ko‘chiradigan bo‘lsak, bizning juda ko‘p asarlarimiz parishon holda qoladi. Hatto XX asr milliy adabiyotimizning “oltin fondi”dan o‘rin olgan asarlar ham. Postmodernizmning nazariy tamoyillarini tadqiq etish milliy adabiyotshunosligimizda, Siz to‘g‘ri qayd etganingizdagidek, hali izlanish yo‘liga ham kirgani yo‘q.

Umarali Normatov: Garchi bu borada adabiyotshunoslik oqsayotgan bo‘lsa-da, milliy adabiy jarayon jim turgani yo‘q. Shunisi muhimki, postmodernizmning bu xil tamoyillari faqat G‘arb, taraqqiy etgan mamlakatlargagina xos bo‘lmay, hozirgi globallashuv jarayonida uzoq yillar «temir to‘siqlar» bilan ihota qilingan sobiq sho‘ro tuzumi hududidagi xalqlar adabiyotida ham o‘ziga xos ko‘rinishda namoyon bo‘lgan. «Hozirgi rus adabiyoti» kitobi, shuningdek, rus postmodernizmiga bag‘ishlangan ko‘plab tadqiqotlarda bu jarayon keng va ishonarli tarzda ochib berilgan. 70-80-yillar o‘zbek adabiyoti manzarasiga sinchiklab nazar tashlansa, chunonchi, «Ruhlar isyoni», «Jannatga yo‘l», «Haqqush qichqirig‘i» kabi asarlar, son-sanoqsiz hikoya va qissalar bu borada jiddiy mushohada yuritish, tadqiqotlar olib borish uchun yetarli asos beradi.

«Uchinchi to‘lqin» yoki «postmodern» bosqichiga kelib an’anaviy realizm ham jiddiy yangilanish jarayonini boshidan kechirayotir. Biz yuqorida tilga olgan, boshqa yana ko‘plab tadqiqotlarda «postrealizm», «modernizatsiyalashgan realizm», «yangilangan realizm» istilohlari keng qo‘llanilmoqda. Hattoki qator tadqiqotlarda «Sotsrealizmning yangilanishi» hodisasi xususida qiziqarli mulohazalar o‘rtaga tashlanayotir. Chunonchi, «Hozirgi rus adabiyoti» mualliflari S. Davlatov, V. Katayev, Ch.Aytmatov kabi ulkan adiblar ijodiy tafakkuri tadriji misolida, xususan, «Binafsha», «Asrga tatigulik kun», «Qiyomat» kabi mashhur asarlar misolida bu masalani teran tahlil etib berganlar.

O. Yoqubov, Asqad Muxtor kabi jahondagi yangi adabiy jarayonlardan xabardor adiblarimiz qatori 70-80 – yillarda milliy nasrimiz maydoniga dadil kirib kelgan Tog‘ay Murod, X. Sultonov, M. Muhammad Do‘st, Erkin A’zam kabi adiblar ijodiy tadrijida ham shunga yaqin hodisalarni kuzatish mumkin. Birgina Odil Yoqubovning yangi «Osiy banda»si yoki Tog‘ay Murodning oddiy mehnat ahli vakillari bisotidagi yuksak ma’naviy qadriyatlar talqinidan boshlangan tamoyillar «Otamdan qolgan dalalar» va «Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi» romanlari tomon tadrijiy yo‘li milliy adabiyotimiz, xususan, nasrimizdagi noyob hodisadir. An’anaviy realizmdan postmodernizmga qarab bunday zafarli yurish haqida o‘ylashning o‘zi maroqli!

Hamidulla Boltaboyev: Kuzatish maroqli tuyulgan an’anaviy realizmdan postmodern sari qadam tashlanishi, menimcha, bizning mualliflarimizning “zafarli yurishi” emas, balki jahon, hech bo‘lmasa, sharq adabiyotlarida kuzatilayotgan, ayrim hodisalar bilan adiblarimizning hamqadamligida deb tushunish mumkin. Bizga G‘arb matbuoti (jumladan, rus ommaviy axborot vositalari ham) orqali singdirilishicha, “o‘z ichki qobig‘lari ichida” siqilib qolgan Eron adabiyotidagi yangilanishlarni kuzataylik. Eronliklarda o‘z adabiyoti darajasida turib, nazariy tadqiqotlar yaratishdan ko‘ra xorijda, ayniqsa, G‘arbda yaratilgan adabiyot nazariyalarni tarjima qilish tamoyili kuchliroq ko‘rinadi. Ingliz olimlari Richard Xardlandning “Adabiy-nazariy fikr tarixi: Aflotundan Borotgacha”, Charlz Brislerning “Adabiy tanqid adabiyot nazariyasi aspektida”, Jonatan Kullerning “Adabiyot nazariyasi”, Roman Selden va Peter Uiddouson tahriri ostida chiqqan “Hozirgi adabiy jarayon nazariyasi”, nemis olimlari Yohannes Bertenzning “Adabiyot nazariyasi”, Hans Bertinsning “Hozirgi adabiyot nazariyasi” kabi asarlari 2006-07 – yillarda tarjima etildi. Nomlanishiga e’tibor qaratganda ham bularning hech biri qat’iy qonunlashtirilgan adabiyot nazariyalari emas, balki badiiyat qonuniyatlarini zamonaviy adabiyot bilan bog‘lash yo‘lidagi tadqiqotlar sifatida taassurot uyg‘otadi. Albatta, bu misollardan yangi nazariy tadqiqotlar yaratishni qo‘yib, tarjimaga o‘taylik, demoqchi emasman. Biroq adabiyot nazariyalari yaratilishi davrida jonli adabiy jarayon tamoyillaridan kelib chiqib ish yuritish nazariy tafakkur tadriji uchun ham, milliy adabiyot muvaffaqiyati uchun ham foydaliroq ekanini ta’kidlamoqchiman, xolos. Menimcha, bizning adabiy-nazariy yo‘sindagi ishlarimiz ana shu jihatdan oqsaydi.

Umarali Normatov: Adabiy-badiiy jarayonda jiddiy yangilanish, tub o‘zgarishlar ketayotgan, yangilanish an’ana tusini olayotgan, xilma-xil, kutilmagan tamoyillarning namoyon bo‘lishi, o‘zaro ta’siri, bir-birini boyitishi uchun imkon yaratilgan hozirgi postmodern sharoitida adabiy hodisalarga xilma-xil ilmiy maktab tahlil metodlari orqali yondashish ehtiyoji ortib borishi tabiiy. Adabiyotshunos A. Rahimov 1997 yili tuzgan «Adabiyot nazariyasi» dasturida XIX asr Ovro‘pa adabiyotshunosligining asosiy metodlari sifatida mifologik maktab, qiyosiy-tarixiy, madaniy-tarixiy, biografik, psixologik, filologik; hozirgi adabiyotshunoslikning asosiy metodlari sifatida esa psixoanalitik, intuitivizm, formalizm, ekzistentsializm, strukturalizm, marksistik metodlarni keltiradi. D.Quronovning «Adabiyotshunoslikka kirish» darsligida sotsiologik, tarixiy-madaniy, qiyosiy, biografik, ijodiy-genetik, shuningdek, immanent tahlil metodlari sifatida struktural, stilistik va semiotik metodlar xususida ma’lumot berib o‘tiladi. Fanda bu yerda tilga olinmagan yana qanchadan-qancha metodlar bor.

Sho‘ro davrida marksistik metoddan boshqa barcha maktablar «burjuacha-reaktsion» yorlig‘i ostida keskin qoralangan. Ayniqsa, o‘tgan asrning 40-yillari bizda bu borada ro‘y bergan noxush hodisalarni aslo unutish mumkin emas. Bir-ikki misol. Psixoanalitik metod asosida ish ko‘rish u yoqda tursin, A.Alimuhamedovning Abdulla Qahhor hikoyalarida psixologizm, ya’ni ruhiy tasvir mahorati masalalarini tekshirishga qaratilgan, bugunga qadar ham ahamiyatini yo‘qotmagan tadqiqoti burjuacha estet-kosmopolitizm ko‘rinishi deb baholangan; «Adabiyotimizda estet-kosmopolitlarni oxirigacha fosh qilaylik», «Adabiyot va san’atda bevatan kosmopolitlarni oxirigacha fosh qilaylik» sarlavhalari ostida dag‘dag‘ali maqolalar e’lon etilgan. 1947 yilda chop etilgan «Uzbekskiy narodnыy geroicheskiy epos» kitobi mualliflari V.M.Jirmunskiy bilan X.T.Zaripov «Alpomish» dostonini «Odisseya» bilan qiyosiy tahlil etishda Veselovskiyning qiyosiy-komprativistik maktabi yo‘lidan borganliklari uchun ularga «Veselovskiyning sovet adabiyotshunosligiga kirib olgan vakillari» degan yorliq yopishtiriladi.

Bu xildagi dag‘dag‘a, siyosiy hukmnomalar tufayli adabiyot fani boshiga qanday qora kunlar tushganligini yaxshi bilamiz…

Ollohga shukurki, bunday mudhish adabiy siyosat, uni yaratgan mustabid tuzum bilan birga tarix qa’rida qolib ketdi. Endilikda barcha chin ilmiy maktablarning eshiklari lang ochiq.

Xo‘sh, biz ulardan qanchalik foydalanayotirmiz. Ustoz O.Sharafiddinov bizning adabiy tanqidchiligimizda, asosan, birgina sotsiologik tadqiqot usuli yetakchi bo‘lib kelayotganidan afsuslanib, hamkasblarini mustaqillik sharofati bilan adabiyotshunoslik va tanqidchilikda doimiy izlanishlar olib borish, adabiyotning ichki go‘zalligi va boyliklarini to‘laroq ochib berishga qaratilgan yangi imkoniyatlar topishga da’vat etgan edi. Tan olish kerak, bu borada ayrim urinishlar bor. Biroq adabiyotshunoslikda jiddiy voqea bo‘ladigan izlanishlar samarasiga guvoh bo‘lganimiz yo‘q. “Ayrim urinishlar”ga oid aniq misollar keltirsam. Ozod aka “Adabiy tanqid va yangi tafakkur” sarlavhali suhbatida A.A’zamovning “Jahon adabiyoti”da e’lon etilgan bir maqolasi xususida to‘xtalib: «Olim Abdullajon A’zamov… adabiyotshunoslik ilmida birinchi bo‘lib Alisher Navoiy g‘azallarini matematik tahlilga tortgan. Ma’lumki, hali matematiklar go‘zallik formulalarini ixtiro qilganlaricha yo‘q. Ajab emaski, A’zamovning bu maqolasi ana shu yo‘ldagi birinchi qadam bo‘lsa. Harholda, maqolada bir qator e’tiborga loyiq kuzatishlar bor”, – deya olimning izlanishlarini qo‘llab-quvvatlagan edi (“Ijodni anglash baxti”, 231- bet). Aslida, A.A’zamovning bu yo‘ldagi ilmiy izlanishlari ham struktural metodga mansub.

Hamidulla Boltaboyev: Agar tayanch nuqtasi topilsa, yer sharini to‘ntarib berishni “va’da qilgan” Arximedning bir gapi bor: “Har bir fan matematikadan ulgi olgandagina o‘z takomiliga yetishishi mumkin”. Bu gap qaysi maqsadda aytilganidan qat’i nazar, struktural metod ham ma’lum ma’noda matematika, xususan, kibernetika faniga tayangani rost. Professor Abdulla A’zamov bu maqolasiga qadar Alisher Navoiyning nasriy munojotini imkon qadar asar matnidan uzmay talqin qilishga kirishib, “Munojotnoma” bitganini eslayman. Ozod aka tilga olgan maqola ham adabiyotshunos olim o‘z ob’ektiga matematik aniqlik bilan yondashishi, o‘zining har qanday falsafiy tushunchalarini tahlilga tortilgan asarga tiqishtiravermay, undagi ma’noni boricha talqin qilishi lozimligini eslatadi. Cho‘lpon domlaning “Haq yo‘li bir o‘tilgusi…” degan hikmati ayon. Mening nazarimda, sotsrealizmdan poststrukturalizmga sakrashdan avval struktural tahlil deb atalgan bekatga bir oz bo‘lsa-da qo‘nib, undagi ayrim jihatlarni anglashga urinib ko‘raylik. Chunki ayni shu tahlil usuligina badiiy matn haqida nisbatan maksimal aniqlik bilan xulosa chiqarishga yo‘l ochadi. Ijod jarayonini tushuntirishda borliq – ijodkor – matn – kitobxon munosabatidan so‘nggi ikki jihatga ko‘proq ahamiyat qaratadi. Struktural tahlil muallifning shaxsi kimligi, uning amaliyu qaysi asrda yashaganidan ko‘ra birlamchi ob’ekt sifatida matnni taniydi va u haqda, asosan, badiiy matnning o‘zidangina kelib chiqib tahlil qilishga kirishadi.

Ayni shu usulni suiiste’mol qilib (aslida struktural metod mohiyatini yuzaki, jo‘n tushunish oqibatida) o‘z tadqiqotini statistik ma’lumotlar va matematik formulalar hisobiga semirtirayotgan tadqiqotchilar (ayniqsa, metodika sohasida) ham mavjudligini unutib bo‘lmaydi…

Umarali Normatov: Siz bir necha yillardan beri magistratura bosqichida «Adabiyotshunoslik va struktural metodlar» fanidan ma’ruzalar o‘qiysiz. Sizda ta’lim olgan shogirdlardan qay biri shu ilmiy maktab yo‘lini tanladi? Shu metod asosida biror jiddiy tadqiqot olib bordimi? Shaxsan o‘zingiz Abdulla Qahhorning «Anor» hikoyasini shu usul orqali chiroyli tahlil etib namuna ko‘rsatdingiz… Shogirdlar bu borada nega ustozga ergashmayotir?..

E’tibor bering-a, postmodernizm, postrealizm, poststrukturalizm, sinergetika va boshqa tafakkur usullari orasida teran bir aloqadorlik, mutanosiblik bor, qolaversa, bularning barchasi bashariyat tsivilizatsiyasi ravnaqidagi bir davr, yangi bosqich mahsulidir.

Shu nuqtai nazardan hozirgi yangilanayotgan ko‘p tarmoqli adabiy-ijodiy jarayonga, badiiy ijod tarziga, yangicha ijodiy tafakkur mahsuliga yondashilsa, qiziqarli izlanishlar qilish, biz amal qilayotgan tahlil usullarining nigohi yetmagan ijodiy jarayonning sirli qatlamlariga kirib borish mumkin deb o‘ylayman…

Afsus, mening yoshimda bu usul asosida ish ko‘rish qiyin kechayotir. Qani endi yoshlar shu xil usullarga dadil qo‘l ursalar deyman.

Hamidulla Boltaboyev: 1997 yili “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul qilinib, oliy ta’lim tizimi ikki bosqichli tus oldi. Shunga ko‘ra magistratura ta’limiga bakalavriatni takrorlamaydigan zamonaviy fanlarni dasturlash tavsiyasi berildi. Universitet ta’limi magistratura bosqichining “Adabiyotshunoslik” mutaxassisligi uchun barcha Oliy ta’lim tizimida birvarakayiga matematika yoki algoritmlar nazariyasi emas, balki sohaga yaqinroq “Adabiyotshunoslik va struktural metodlar” fani o‘tilishini taklif qildim. Shukrki, bu fikr inobatga olinib, mana 7-8 yildirki, bu fan o‘qitilmoqda. Bundan kutilgan maqsad badiiy tahlil tajribasida struktural poetika degan hodisa (mayli uni metod deb atamasak ham) bor ekan, biz ham hech bo‘lmasa, oliy adabiy ta’limning yuqori bochqichida shu yo‘sinning imkoniyatlarini o‘rganaylik, degan muddao edi. Bu tajriba qanday natijalar beradi, buni oliy hakam – vaqt ko‘rsatadi. Biroq ushbu o‘rinda biz frantsuz strukturalistlari (Klod Levi-Stross, Rolan Bart) kabi strukturalizm maktabi deb yoki sobiq ittifoqda nom qozongan Yuriy Lotman iborasi bilan “struktural poetika” deb emas, o‘zimizga yarasha jo‘nroq qilib, quloqqa g‘aliz eshitilsa ham “Adabiyotshunoslik va struktural metodlar” deb atadik va adabiyotshunoslik tarixida akademik maktablar qatorida mana shunday tahlil usuli borligini va u “zamonaviy klassitsizm” laqabini olgan sotsrealizmning besh usutivor qonuniyatlarini badiiy asardan izlab topishdan ko‘ra samaraliroq natija berishi mumkinligini tusmol qildik.

Zamon ham, adabiy jarayon ham tezkor. Biz strukturalizmning mohiyatini anglab ulgurmasimizdan poststrukturalizm degan tushuncha modaga aylandi, bu qarashdagilar strukturalizm o‘rniga yangicha tahlil metodini (“post” – “keyingi” so‘zi mohiyatan yangi qarashni ifoda etmaydi) shu kabi “poststrukturalizm” ham strukturalizmni inkor etgani bilan uning o‘rniga qo‘yadigan tahlil usulini tavsiya etgani yo‘q. Ayni struktural metodni inkor qilgan Anna Balakyan «Strukturalizm va adabiyotshunoslik” maqolasida uni almashtiradigan biror usul yoki metodni tavsiya etolmagani o‘zbek kitobxonlariga ham ma’lum (“Filologiya masalalari”. 2005 yil 2- son). Bu murakkab ilmiy-ijodiy jarayonni daraxtga yoki rizoma (ajiriq)ga mengzab bo‘lmaydi. Olmonlar, har qanday o‘xshatishda bir qusur bor deganlaridek, hozirgi adabiyotshunoslikda borliqni o‘z shaklida, qanday bo‘lsa shundayligicha ko‘rsatadigan adabiyot (san’at) emas, balki uni butun murakkabligi bilan tasavvur qilishga o‘rgatadigan, global muammolarni uning kichik modeli hisoblangan badiiy asarga singdirib, uni tasvirlay olgan, muallif nigohini tahlil qilish usullari asosiy maqsad qilib olinmoqda. Shunday ekan, biz adabiyotshunoslar ham bu adabiy hodisalarni jo‘nlashtirmay, aksincha, bor murakkabligicha o‘rganishga jazm qilishimiz kerak bo‘ladi.

Umarali Normatov: Yaxshi bilasizki, ilmiy yoki adabiy tafakkurdagi yangi hodisalar ko‘p hollarda o‘zining munosib nomini topolmaydi, har doim ham ismi jismiga to‘la mos kelavermaydi. Hatto “sinergetika” deb atalgan hodisani uning ijodkorlari ayni shu nom bilan atalishini uncha xush ko‘rmaganlar. Aslida nazariyadagi ko‘p chalkashliklar o‘rinli-o‘rinsiz atamalar bilan ham bog‘liq. A.Kompanon shu xususdagi bir maqolasini “Nazariya shaytoni” deb atashi tasodifiy emas (Komapanon. Demon teorii. Literatura i zdravыy smыsl. M.: 2001). Shu ma’noda Sizning e’tirozlaringizda jon bor. «Daraxtsimon», «rizomasimon» tafakkur atamalari ham bir qarashda g‘alatiroq, jo‘nroq tuyulishi mumkin. Ammo sinchiklab qaralsa, muayyan qolip – qat’iy qonuniyatga aylangan an’anaviy avtoritar tafakkur bilan erkin, asov ijodiy tafakkur orasidagi farqni, ularning asl mohiyatini anglash – anglatishda bu obrazli timsollar nihoyatda qo‘l keladi. Ehtimol, poststrukturalizmga xos rizomasimon tafakkur usulidan biz adabiyotshunoslar o‘z faoliyatimizda uquv bilan foydalanmayotgandirmiz. Ammo keyingi yillarda tabiiy fanlardagi buyuk ixtiro – kashfiyotlar ayni shu tafakkur usuli – hodisalarga kutilmagan tomondan noan’anaviy tarzda yondashish orqali amalga oshirilayotgani allaqachon e’tirof etilgan.

Hamidulla Boltaboyev: Siz aytayotgan hodisa tafakkur usuli sifatida mavjud, yashashga ham haqli. Biroq badiiy asarni tahlil etish tamoyillari xususida fikr yuritilayotganda har qanday yangicha tafakkur usuli ham, boring, u samarador ham bo‘lsin, badiiy tahlil metodi sifatida qabul qilinishi qiyinligini eslatmoqchiman, xolos…

Umarali Normatov: Adabiyotshunoslikdagi maktablar masalasiga qaytaylik. Shu paytga qadar bizda adabiy-ilmiy maktablarni ko‘proq adabiy hodisa ob’ektiga qarab belgilash rusm bo‘lgan: mumtoz adabiyotimizning turli bosqichlari, mintaqalari, chunonchi, Qo‘qon, Toshkent, Buxoro-Samarqand, Xorazm adabiy muhiti va h.k.; beriroq keladigan bo‘lsak, o‘zbek ma’rifatchilik, milliy-uyg‘onish – jadidchilik, sho‘ro davri, bugungi adabiy jarayon bilan shug‘ullanuvchi ilmiy jamoalar tarzida shakllangan. Bular yoniga so‘nggi yillarda tasavvuf adabiyoti tadqiqotchilari maktabi kelib qo‘shildi.

Shaxsan o‘zim yangi o‘zbek adabiyoti tarixi, adabiy jarayon masalalari bilan shug‘ullanib kelganim uchun bu davr adabiyotining ko‘pdan-ko‘p g‘aroyib jumboqlarini hozirga qadar ustuvorlik qilib kelayotgan sotsiologik yoki boshqa bir-ikki metod orqali yechish mumkin emasligiga aminman. Chunonchi, an’anaviy realizm bag‘ridagi tub yangilanishlar – ijtimoiy tahlil bilan barobar ekzistentsional holatlar ifodasining keng o‘rin olishi, badiiy tip emas, individual shaxslarga e’tiborning ortishi, mohiyat qa’riga kirib borishda ijtimoiy, mifologik va diniy badiiy talqinlarning birdek mavqe tutishi, asar matnida xilma-xil ifoda uslublarining yondosh holda kelishi, goho bir-biriga zid tasvir tarzlarining o‘zaro «murosa»ga kirishishi – ana shunday g‘aroyib poetik hodisa mohiyatini anglashda poststruktural metod nihoyatda qo‘l kelishi mumkin. Masalan, Said Ahmadning keyingi yillarda yaratgan lager hayoti mavzusidagi hikoyalarida aniq hujjat – lager hayotiga oid avtobiografik tarzdagi xotiralari bilan ijodiy tasavvur mahsuli bo‘lmish «sof to‘qima» syujet-intrigalarning ajib tarzda uyg‘unlashuvi, «Osiy banda» romanida muallif Odil Yoqubovning shaxsan o‘zi guvoh bo‘lgan kechmish voqealari, qator tarixiy shaxslar bilan bog‘liq real hodislarining o‘ta mubolag‘ador, fantastik giperbola tarzida berilishi; Xayriddin Sultonovning «Boburiynoma» romanida esa Bobur va boburiylar qismatini yoritishda nihoyatda rang-barang talqin yo‘llari – hikoya, kinohikoya, qissa, esse, suhbat, reportaj, avtobiografik xotira, safarnoma, «Boburnoma» uslubini yodga tushiruvchi tasvir usuli, muallif hikoya va qissalari orqali shakllangan yangicha ifoda tarzi, sof realistik talqin bilan barobar, tushunish, tushuntirish mushkul bo‘lgan, faqat «ilmi g‘oyiba» orqaligina izohlanadigan holatlar – bu kabi hozirgi adabiy jarayonning yangi hodisalari tubdan yangicha yondashuvlarni taqozo etmoqda.

Bugungi she’riyatda ham hali ochilmagan qo‘riqlar behisob. «Jahon adabiyoti»ning 2005 yil 6-sonida amerikalik adabiyotshunos Reychl Xarelning «Ko‘klamdan ko‘klamga» maqolasi e’lon etildi. Unda Abdulla Oripovning «Bahor kunlarida», Rauf Parfining «Yoshlik – zangor fasl», shuningdek, Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammad, Go‘zal Begim kabi modern shoirlarimiz she’rlarining ingliz tiliga tarjima qilish asnosida tug‘ilgan kuzatish, o‘y-mushohadalar yoritilgan. Yo‘l-yo‘lakay yangi o‘zbek milliy she’riyatidagi biz shu paytga qadar nazardan chetda qolgan bir talay yangi jihatlarga e’tibor jalb etilgan. Maqola muallifi bularni hisobga olmay turib, yangi o‘zbek she’riyati bisotini ingliz tiliga ko‘chirish mumkin emasligini ta’kidlagan. Ma’lum bo‘lishicha, Reychl xizmat qiladigan Michigan universitetining Slavyan tillari va adabiyotlari kafedrasi struktural va poststruktural metodlar asosida tadqiqot olib borar ekan.

Hamidulla Boltaboyev: Mo‘ljalni kattaroq olib, jahonda yaratilayotgan adabiy-nazariy ishlardan imkon qadar tugalroq xabardor bo‘lish zarur. Holbuki, bugun havas bilan tilga olayotgan adabiyot nazariyalari va hozirgi rus adabiyotiga taalluqli asarlar, hozirgi rus adabiy-nazariy tamoyillari bilan bir qatorda ko‘proq G‘arbdagi qarashlarga ham asoslanmoqda. Istaymizmi, yo‘qmi ularda yevropatsentrizm belgilari yo‘q emas. Biz esa sharqliklarmiz, sharq adabiyoti uchun har doim ochiq realizmdan ko‘ra shartlilik, abstraktsionizmdan ko‘ra ramziylik ustuvor belgi hisoblangan. Yangidan vujudga kelayotgan nazariy adabiyotlarda har ikki tomon (aslida, dunyo yagona, xuddi har qanday badiiy asar bir butunlikda o‘rganilgani kabi) inobatga olinishini, bu tamoyillar “XX asr klassiklari” asarlarini ham, modern usulda yaratilayotgan kitoblarni ham tahlil etishda ko‘mak bo‘lishini orzu qilaman.

Umarali Normatov: Rus hamkasblarimizning keyingi yillarda chop etilgan ayrim asarlari munosabati bilan yuqorida aytilgan o‘y-mushohadalar, mulohazalar bilan tanishgan do‘stlarimizdan bir istak shuki, bu gaplarni aslo o‘zgalardan aynan andaza olishga chaqiriq deb tushunmasinlar. Biz allaqachon o‘zimizning, hamma sohada bo‘lganidek, adabiyot va adabiyot ilmida o‘z mustaqil yo‘limizni topib olganmiz. Ko‘rib o‘tganimizdek, rus hamkasblarimiz ham sho‘ro davridagi qoliplardan dadil voz kechib, yangicha zamonaviy yo‘llardan shaxdam bormoqda. Bu borada ular bilan bo‘ylashish istagi bizni shunday yo‘l tutishga undayotir. Prezidentimiz tashabbusi bilan hozir bizda butun mamlakatni, jamiyatni modernizatsiyalash jarayoni ketayotgan, bu borada ham jahon andazalariga mos keladigan darajaga ko‘tarilish vazifasi qo‘yilgan ekan, biz adabiyotshunoslar bu qutlug‘ harakatdan chetda turolmaymiz.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 3-son