Tohir Malik: “Halollikdan qachon yuz o‘giriladi? Qachonki vijdondan voz kechilsa” (1989)

— Halollik degan tushunchani siz qanday izohlaysiz? Aytaylik, 90 so‘m maosh bilan ertadan kechgacha 30 ta go‘dakka parvona bo‘ladigan bog‘cha xodimasi kichkintoylarning nasibasidan orttirib borib bolalariga yedirsa, uni nohalollikda ayblash o‘rinli bo‘larmikin?

— Halollik haqida keyingi paytda ko‘p gapiradigan bo‘lib qoldik. Buning sababi, nazarimda, odamlar haromdan hazar qilish lozimligini o‘ylamay qo‘yishdi. Odamlar deganda men faqat O‘zbekiston aholisini aytayotganim yo‘q. Bu — umummamlakatga taalluqli gap. Haromning chegarasi keng. Odamlar keyingi yillarda butun jabha bo‘ylab haromga asir tusha boshlashdi. Xayriyat, jar yoqasiga borib qolinganda ko‘zlari moshday ochilib, «dunyoda halollik degan tushuncha ham bor edi-ya», deb o‘ylab qolishdi. Halollikdan chekinish hamma sohalarga xos. Hatto doimo pokiza, halol yashashlari, ishlashlari zarur bo‘lgan odamlar ham haromga yuz tutdilar. Savdo bazasining xodimi pora olsa, «ha, endi bularning bo‘lgani shu» deymiz. Aeroflot kassiri «xolis xizmati» uchun pul olsa, indamaymiz. O‘lim to‘shagida yotgan bemordan pul undirgan vrach, harbiy xizmatga chaqirilishi lozim bo‘lgan yigit hujjatini chetga olib qo‘ygan yoki «durustroq yerga» borishiga ko‘maklashgan harbiy komissariat vakili, odamlar taqdirini hal qiluvchi sud, prokuratura xodimlari… qo‘yingchi, pul, pora degan gap maktabga, bog‘chaga kirib keldi. Bunga qanday chidash mumkin?

Halollikdan qachon yuz o‘giriladi? Qachonki vijdondan voz kechilsa. Vijdonni, ta’bir joiz bo‘lsa, bochka taxtachalarini ushlab turuvchi temir halqaga o‘xshatmoqchiman. Temir halqa bo‘shashdimi, tamom, taxtachalar sochilib ketadi. Ana shu taxtachalardan biri — halollik. Arastu hakim aytgan ekanlar: «Ruhimizning ma’naviy quvvati o‘lan vijdonimiz fikrimizga quvvat berguvchi bir vositai idrokiya». Vijdon o‘lar ekan, demak, ruhimiz ma’naviy quvvati so‘nadi. Shuning barobarida fikrimizga quvvat beruvchi manba ham yo‘qoladi. Men buni aqldan ozish deb tushunaman. Aqldan ozgan kimsagina harom bilan halolning farqiga bormaydi. Bo‘g‘zigacha, hatto nafasi qaytib, joni chiqqunicha harom botqog‘iga botaveradi. Bularni shunchaki «nohalol odam» deyilishiga qarshiman. Avvalo bular «odam» degan unvonga noloyiq. Ikkinchidan, o‘zbek tilida «nohalol»ga nisbatan juda to‘g‘ri topib aytilgan «haromxo‘r» degan ibora bor. Bunaqalarni baralla «haromxo‘r» deyaverish kerak.

Savolning asosiy qismidagi misol kishini dastlab ikki yo‘l og‘ziga ro‘para qilib qo‘yadi. Chindan ham tarbiyachilarning maoshi oz. Lekin bu ularga o‘g‘rilik qilish huquqini bermaydi. Ko‘pchilik halollikdan chekinishni maoshning kamligi bilan izohlaydi. Chindan ham hamshiralarning, vrachlarning… maoshlari bir oilani tebratishga yetmaydi. Ayrimlar boyish maqsadida emas, yaxshiroq yashash maqsadida ham pora tama qiladilar. Har bir odam yaxshiroq yashashni istaydi va u shunday huquqqa ega. Xo‘sh, shunday ekan, biz ularni oqlashimiz lozimmi yo o‘sha haromxo‘rlar ro‘yxatiga tirkashimiz shartmi?

Hazrat Navoiy «Zaharning miqdori oz bo‘lsa ham o‘ldiradi, ignaning uchi kuchsiz bo‘lsa ham ko‘r qiladi» degan ekanlar. Yana xalqimizda «Non ham non, ushog‘i ham non» degan hikmat bor. Demak, bir so‘m ham pora, ming so‘m ham. Bugun o‘n so‘m olgan haromxo‘r ertaga yuz so‘m olmaydi, poradan yuz o‘giradi, deb kim kafolat beradi? Boshqa sohalarni qo‘ya turaylik, shaxsan men bolalar haqiga xiyonat qilgan tarbiyachining gunohidan ko‘z yuma olmayman. Ota-ona farzandiga o‘zi yemay yedirishi mumkin, lekin boshqa bir bolaning og‘zidagi luqmasini olib yedirish hech qanday odamiylik doirasiga sig‘maydi. Bunday haromxo‘rlikning ikki zarari bor: birinchidan, bola to‘yimli ovqatdan mahrum, demak, yaxshi o‘smaydi. Sihati ham yaxshi bo‘lmaydi, kasaldan boshi chiqmaydi. Ikkinchidan, tarbiyachilarning o‘g‘riligini bola ko‘rmaydi, payqamaydi, deysizmi? Shunaqa ishlarni ko‘rib, bilib ulg‘ayadigan boladan oradan yillar o‘tib halollikni talab qilamizmi? Yo‘q, bog‘chadagi haromxo‘rlikka aslo chidab bo‘lmaydi. Endi masalaning boshqa tomoni ham bor: haromxo‘rlikni, o‘g‘rilikni oddiy tarbiyachilar qilmasa kerak deb o‘ylayman. Ular ota-onalardan turli ko‘rinishdagi sovg‘a-salomni tama qilishlari mumkin, lekin bolalarning haqini bog‘cha mudiralari va uning atrofidagi yaqinlari «tuya» qilishadi.

Bu masalada gapiraman desangiz gap ko‘p. Sinchiklab qarasangiz tubsiz o‘bqonga o‘xshaydi.

— AQShda oddiy ishchining maoshi bir yarim ming dollarni tashkil qilar ekan. To‘g‘ri, u kapitalistik mamlakatda kasalxona, o‘qish pullik. Lekin bizda ham pullik sistema hayotimizga kirib kelyapti. Pullik sog‘liqni saqlash kooperativlari, abituriyentlarning repetitor yollab o‘qishga tayyorlanishi va hokazo. Shu ma’noda ko‘p sohalardagi haq to‘lash masalasi halollik nuqtai nazaridan sizni qoniqtiradimi?

— Avvalo AQShdagi oddiy ishchi bilan bizning ishchilar o‘rtasidagi maoshni taqqoslamasdan oldin boshqa omillar, aytaylik, malakaga, ishga munosabatga, mehnat unumdorligiga, ish qurollariga… nazar tashlash lozim, deb hisoblayman. Maoshlar orasidagi farqni tahlil qilishga, to‘g‘ri xulosa chiqarishga ojizman. Buning uchun avvalo AQShdagi mehnat va yashash sharoitini yaxshi bilish kerak, qolaversa, iqtisodiy yetuk bilim egasi bo‘lish lozim. Yo‘qsa, noto‘g‘ri xulosa chiqarib, boshqalarni gangitish mumkin. Shu sababli savolning ikkinchi qismiga javob beray: men har turli kooperativlarga, repetitorlarga mutlaqo qarshiman. Biz davlat korxonalarida mahsulot sifatini oshirish o‘rniga kooperativlar ochib qo‘ydik. Endi zavoddagi malakali slesar kooperativda ishlashni ma’qul ko‘radi. Demak, davlat korxonasi malakali ishchilaridan ayriladi. Maktabda esa o‘qish sifatini yaxshilash o‘rniga repetitorlarga oq yo‘l tiladik. Bu qanaqasi, yuksak darajada, sifatli bilim bera olmaydigan maktabning kimga keragi bor? Maktabning vazifasi faqat harf o‘rgatishmi? «Farzandingning olim bo‘lishini istasang, pul to‘lab o‘qituvchi yolla», deganimi bu? Puli kamlar nima qiladi? Bolasining olim bo‘lishidan umidini uzadimi? Yoki «bu poliklinikadagi vrachlar savodsiz, o‘lib qolmay desang, kooperativ poliklinikaga bor», deyilmoqchimi? Eng qizig‘i shuki, kooperativ poliklinikada ham oddiy kasalxona, poliklinikada ishlaydigan vrachlar qabul qilishadi. Endi savol: ular bemorlarni kooperativ poliklinikada tuzukroq ko‘rib, davlatnikida yuzaki davolashadimi? To‘g‘ri, bunday kooperativlar maoshi oz vrachlar, institut o‘qituvchilari uchun manfaatli. Bo‘sh vaqtlarida qo‘shimcha daromad ishlash imkonini beradi. Lekin, men repetitorlar bolalarga emas, malakasi past maktab o‘qituvchilariga, vrachlarga dars berishlarini istardim. Institutda sayoz bilim olganlari uchun endi pul to‘lab saboq chiqarsalar yomon bo‘lmas edi.

Kezi kelganda shaxsiy oshxonalar, kabobxonalarni ham aytib o‘tish kerak. Hisoblab ko‘rilsa, bir oilaviy kabobxona kunda uch-to‘rt qo‘yning go‘shtini ishlatadi. Ular go‘shtni go‘yo kooperativ narxda oladilar. Shaxsan men bunga ishonmayman. Ana shu shaxsiy oshxonalar ko‘paygach, shahar aholisini go‘sht bilan ta’minlash nima uchun yomonlashdi?

Kooperativlarga qarshi ekanimning yana bir ma’naviy tomoni bor: odamlar boylik to‘plashga

mukkalaridan berildilar. Meni ayniqsa shaxsiy oshxona, kabobxonadagi bolalar tashvishlantiradi. Men bu oilalarda bilimga intiluvchi bola, kelajakda halol odam tarbiyalanadi, deya olmayman.

— Redaktsiyamizga kelgan qator xatlarda o‘quvchilar oliy va o‘rta maxsus bilim yurtlaridagi tanish-bilishchiliklar haqida, u yerda poraxo‘rlik hamon davom yotayotgani to‘g‘risida kuyunib yozishgan. Bu bilim yurtlarida halollik bosh mezon bo‘lib qolishi uchun nimalar qilish kerak deb o‘ylaysiz?

Bu savol juda ehtiyotlik bilan, yumshoq tarzda berildi. Poraxo‘rlik shunchaki davom etayotgani yo‘q, ochiq aytaylik, avj olyapti! Men oliy o‘quv yurtlaridagi poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, oilaviy sulolalar haqida avvallari ham yozganman, gapirganman. Bir men emas, ko‘pchilik gapiryapti. Ammo mutasaddilardan biron insof egasi chiqib «Nima gap, yo qulog‘imning tagida tanbur chertilyaptimi?» demaydi. Bilishimcha, institutlarga kirish narxi hozir ikki baravar oshgan. Chunki, ilgari ikki bolani o‘qishga kiritib o‘n ming (balki undan ko‘p) olgan haromxo‘r hozir bir boladan shu pulni undiradi. Bu haromxo‘rning aqliga balli, deysan. Qarang, pul o‘sha-o‘sha, ammo xatar, tahlika ikki baravar kamaygan.

Bu yaramasliklarning oldini olish uchun turli usullar ishlatib ko‘rilyapti. Lekin haromxo‘rlar hammasiga chora topishyapti. Shu sababli bir narsa deyishim qiyin. Har holda oliy o‘quv yurtidagi bunday haromxo‘rlarni insofga keltirish mushkul. O‘rgangan ko‘ngil, o‘rtansa qo‘ymas… Nazarimda diplom olish lozim bo‘lgan yosh mutaxassisni zavodda, kolxozda, shifoxonada, maktabda… xullas, qayerga yo‘llangan bo‘lsa o‘sha yerda, tajribali mutaxassislar butun kollektiv ko‘z oldida imtihon qilishlari kerak. Agar bitiruvchi student imtihondan o‘ta olmasa, diplom berilmasin. Butun sarf-xarajatlariga kuyib qolaversin. Yo‘llanma bilan qaysi korxonaga (kolxozga) kelgan bo‘lsa, shu yerda oddiy ishchi sifatida ishlasin.

O‘qib yurganida stipendiya olgan bo‘lsa, ish haqidan to‘lasin… Bu endi bir xom xayol. Har holda minglab pul sarf qilgan otaning qo‘li bu imtihonga ham yetib qolar. Xullas, insof o‘ziga bersin, deyishadi-ku. Insofga umid qilishdan boshqa choram yo‘q.

— Inson tabiati murakkab. Ijodkor sifatida siz insonning halol bo‘lib kamolga yetishiga halal beruvchi qanday to‘siqlar mavjud deb hisoblaysiz?

— To‘siqlar ko‘p. Biz avvalo ma’naviy boyliklarimizdan uzoqlashyapmiz. Fikru zikrimiz moddiy boylikda. Paxta deymiz, pilla, qorako‘l, ko‘mir… deymiz. Lekin insonning ma’naviy kamoloti qog‘ozdagi gaplardan iborat bo‘lib qolyapti. Odam bolasini shiorlar bilan tarbiyalash mumkin emas. Bizda o‘zbek bolalar adabiyoti inqilobdan keyin rivoj topdi, degan noto‘g‘ri tushunchalar yuradi. Madaniy inqilob yillari tug‘ilgan bu noto‘g‘ri tushunchalar bizning bebaho tarbiya o‘choqlarimizdagi olovni o‘chirdi, madaniy boyliklarimizga olib boruvchi yo‘llarni taqa-taq berkitib tashladi. Juda kuchli tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan qadim asarlariga «diniy, zararli asar», degan tamg‘alar bosildi. Qadimiy sharq adabiyoti ma’rifiy, axloqiy jihatlari bilan qudratli deb hisoblayman. Bu adabiyot odamni vijdonli bo‘lishga, halollik, pokizalikka… undagan. Ana shu adabiyotning so‘nggi namunalaridan biri bo‘lgan Abdulla Avloniyning «Turkiy guliston yohud axloq» asarining kirish qismiga diqqatingizni jalb etsam:

«Ahloq ulamosi insonlarning xulqlarini ikkiga bo‘lmishlar: agar nafsi tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat qilsa, yaxshilikg‘a tavsif bo‘lub «yaxshi xulq», agar tarbiyatsiz o‘sub yomon ishlar ishlaydurgon bo‘lub ketsa, yomonliqga tavsif bo‘lub «yomon xulq» deb atalur… Bir qismi o‘z nafsimizga, bir qismini bir-birimizga qarshu ishlatmak uchun kerakli bo‘lgan yaxshi xulqlar: fatonat, diyonat, nazofat, g‘ayrat, riyozat, qanoat, shijoat, ilm, sabr, hilm, intizom, miqyosi nafs, vijdon, vatanni suymak, haqqoniyat, naziri ibrat, iffat, hayo, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor, xavf va rajo, itoat, xayrixohlik, munislik, sadoqat, muhabbat va avfdur… Yomon xulqlar — insonlarning saodati abadiyatdan mahrum qiladurgon… xalq nazarida mazmum, hayoti jovidonimiz uchun masnun bo‘lgon ahloqi zimimalar — g‘azab, shahvat, jaholat, safohat, hamoqat, adovat, hasosat, rahovat, anoniyat, adovat, namimat, g‘iybat, haqorat, jibonat, hasad, tama’, zulmdur…»

Abdulla Avloniy qadim donishmandlarning fikriga asoslangan holda shu sanalgan yaxshi-yomon

xulqlarning har biriga alohida-alohida izoh beradi, she’riy satrlar bitadi. Bu asardan yangi usul maktablarida axloq darsligi sifatida foydalanilgan. Xo‘sh, nima uchun undan endi foydalanmaymiz? Hozirgi bolalar hattoki kattalar shu sanalgan yaxshi xulqlarning yoki yomon xulqlarning barchasi haqida to‘liq tushunchaga egalarmi? Maktablarda Navoiydan, Gulxaniydan, Hamzadan keltirilgan oz miqdordagi ibratlargina hokim. «Qutadg‘u bilig»ni, «Devonu lug‘otit turk»ni yoki boshqa qadim asarlarni bolalar u yoqda tursin, muallimlar ham bilmaydi. Radio-televideniye, matbuot ham bu nodir boyliklarga murojaat qilmay qo‘ygan. Biz bolalarni sayoz, badiiy bo‘sh, donolikdan yiroq asarlar bilan tarbiya qilmoqchi bo‘lamiz. Men bu usul tarbiyani o‘qsiz miltiqqa o‘xshatgim keladi.

Jurnal halollik haqidagi masalani ko‘tarib juda to‘g‘ri qilibdi. Lekin halollikni boshqa xulqlardan ajratib alohida-alohida muhokama qilish, xulosa chiqarish mumkin emas. Men bunday fikr olishuvlarning davom etishini istardim. Agar jurnal qadim ahloqiy kitoblariga ko‘proq murojaat qilsa, umidvor ko‘ngillar bahor shabadasidan yayragan bo‘lur edi.

“Yosh kuch” jurnali, 1989 yil, 2-son