O‘tkir Hoshimov: «Kitobxon mehrini yalinib ham, buyurib ham, sotib olib ham bo‘lmaydi» (2010)

… «Ilhom» degani mavhum tushuncha emas. Ijodkor qavmi uchun ilhom hal qiluvchi omillardan biri. Alloma shoir va adiblar bu masalaga ko‘p to‘xtalishgan. Masalan, Turgenev “Ilhom – Xudoning insonga yaqin kelishi,” deydi.

Boshqa adiblar qatori mening ham o‘z ijodiy mezonlarim bor: “Xudo ko‘ngliga solmaguncha haqiqiy ijodkor qo‘liga qalam olmaydi.” Bu bilan ijodiy holatni ilohiylashtirmoqchi emasman. Biroq amalda baribir shunday. Aeronavtika va kosmonavtikada g‘alati qoida bor. Uning nomi “kontakt” deb ataladi.

Kosmik kema yoki havo kemasini parvoz qildirish uchun “kontakt”, ya’ni aloqa tugmasi bosiladi. Agar o‘sha ondayoq kema yoki samolyot motori gurillab ishlab ketmasa, parvoz bekor qilinadi. Qizig‘i shundaki, “kontakt” aynan o‘sha lahzada ro‘y berishi kerak. Bir soniya oldin ham, bir soniya keyin ham bo‘lmasligi shart! Asar yozish uchun ham shunday vaziyat tug‘ilishi lozim. Buni ilhom kelishi yoki asarning tug‘ilish oni deb atash to‘g‘ri bo‘lur edi. Oylab, goho yillab o‘ylab yurganingiz bir lahzada qalbingiz va ongingizni chaqmoq kabi yoritib yuboradi. Asar o‘zidan-o‘zi, shiddat bilan, ichki zavq va hayajon bilan qog‘ozga to‘kiladi. Bir yilda uddalay olmagan yumushingiz bir oyga qolmay ro‘yobga chiqadi. Menda bu jarayon tez kechadi. Masalan, “Bahor qaytmaydi” qissasi yigirma kunda, “Tushda kechgan umrlar” romani bir oyda yozilgan. Biroq bu butun boshli roman bir oyda tayyor bo‘ldi, degan gap emas. Aslida bu – bir necha yil va yana bir oy demakdir! Ya’ni asar bir necha yillar davomida o‘ylab yuriladi va bir oyda qog‘ozga tushadi. Men bu jarayonni “yozish” deb atashga qarshiman, buni “tug‘ilish jarayoni” demoq kerak. Chunki haqiqiy badiiy asar yozilmaydi, tirik farzand kabi tug‘iladi.

Yuqorida aytilgan roman tarixidan bir misol aytishim mumkin.

Sho‘ro zamoni oxirlab qolgan kezlar edi. Bir tomonda bemaqsad Afg‘on urushi boryapti. Ikkinchi yoqda “o‘zbek ishi” bahonasida xalqimiz boshida qatag‘on qilichi o‘ynayapti. Bir kuni Afg‘ondan, bir kuni mamlakat ichkarisidan askar yigitlarimizning temir tobuti kelib turibdi. Xuddi dahshatli tush kabi… Bu fojialarni tasvirlash uchun afg‘on urushidan majruh bo‘lib qaytgan o‘nlab yigitlar bilan gaplashganman. “O‘zbek ishi” degan tuhmat kimga, nima uchun kerak bo‘lib qolganini ham o‘rganganman. Asar voqealarining oqimi ham, umuman, ma’lum. Biroq ular qog‘ozga tushmayapti, asar tug‘ilmayapti…

Shunday kunlarning birida betob bo‘lib kasalxonaga tushdim. Do‘xtirlar kesamiz deydi, men ko‘nmayman… Kech kuz oqshomi edi. Ma’yus va fayzsiz oqshom… Uchinchi qavat balkoniga chiqib sigaret chekib tursam, shamol turdiyu, ro‘paradagi chinormi, yong‘oqmi daraxtidan bitta xazon uchib kilib oyog‘im ostiga tushdi. Bosgan edim, “qisir-qisir” qilib maydalanib ketdi. Bo‘lg‘usi asarning birinchi jumlasi tug‘ildi. “Kuz – o‘lim to‘shagida yotgan bemorga o‘xshaydi. Oyoq ostida kasalmand xazonlar ingraydi…” Bu – “Tushda kechgan umrlar” romanining butun ruhiyatini, undagi odamlar qismatini ifodalovchi jumla, ichki musiqa edi! Ikki yil davomida “tutqich bermay yurgan” sahifalar allaqanday bir oy ichida qog‘ozga tushdi…

Yana bir gap. “Ijokor uchun aynan shu holatni – chaqmoqli lahza”ni ushlab qolish, ya’ni “kontakt” tugmachasini vaqtida bosish katta ahamiyatga ega. Agar siz “chaqmoq chaqishi va momoqaldiroq bo‘lishini” kutmasdan yozsangiz, asar chala tug‘ilgan bolaga o‘xshab qoladi. Agar “chaqmoqli lahzalar”ni o‘kazib yuborsangiz, yozishdan o‘zingiz sovub qolasiz, bu holda ham asar to‘laqonli bo‘lmaydi…

… Birinchi badiiy asarim – “To‘rt maktub” degan hikoyam 1963 yil 17 aprel kuni “Toshkent haqiqati” gazetasida bosilgan. So‘ng shu hikoya asosidagi “Cho‘l havosi” qissasi o‘sha yili oktyabr oyida “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan. Paxta terimida hashar qilib yurganimizda shu asar haqida atoqli adib Abdulla Qahhordan xat kelgani haqida voqealar ayrim esdaliklarimda bayon etilgan. Xullas, Abdulla Qahhordek allomaning universitet talabasining birinchi asariga yuksak baho berib, “lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq bo‘ladi” deb ruhlantirishi yosh qalamkash uchun qanchalik quvonchli va ayni paytda yelkasiga naqadar mas’uliyatli yuk bo‘lib tushganini anglash qiyin emas… Shu kungacha nimaiki yozmay, yelkam ortidan Qahhor domla tikilib turgandek, “xo‘sh, mulla, buyog‘i qanday bo‘lyapti?” deb dashnom berayotgandek bo‘laveradi…

… Yana bir shiorim bor. Bugun yoziladigan asar kechagidan, ertaga yoziladigani bugungidan yaxshiroq bo‘lishi shart. Ijodkor o‘zini o‘zi takrorlashga haqqi yo‘q… Qolaversa, hali yakuniga yetmagan asar haqida gapirish tug‘ilmagan buzoqqa arqon eshishga o‘xshaydi. Xudo xohlasa, yaxshi niyatlar bor. Yosh ijodkor do‘stlarimga aytadigan bitta gapim bor. Kitobxon mehrini yalinib ham, buyurib ham, sotib olib ham bo‘lmaydi. Xudo o‘quvchi mehridan begona qilmasin. Asar yozayotganda shunga alohida e’tibor bering!

KITOBXON BILAN YuZMA-YuZ

(Uchrashuvlardagi savol-javoblar)

* * *

– Yozuvchilik hunarining eng qiyin joyi nima?

– Asar qahramonlariga «jon ato etish», ya’ni ularni tirik insonlarga aylantirish. Shundagina kitobdagi odamlar («personajlar» emas, aynan odamlar) o‘quvchining yaqin kishisiga aylanadi. Kitobxon unga qo‘shilib o‘ylaydi, iztirob chekadi, sevadi yoki nafratlanadi.

* * *

– Ko‘p asarlaringizda ayollarning ichki olami, ruhiyati juda aniq tasvirlangan. Bunga qanday erishgansiz?

– Chindan ham shunday bo‘lsa-ku, quvongan bo‘lardim-a! Ayol psixologiyasini aniq tasvirlash u yoqda tursin, chuqurroq anglab yetishning o‘zi oliy matematikaning o‘n noma’lumli tenglamasini yechishdek gap. Ayol ruhiyati ko‘pincha go‘zal va shaffof bahor bulutiga o‘xshaydi. Yarim soatdan keyin qayoqqa suzishini o‘zi ham bilmaydi…

* * *

– Yozuvchi bo‘lajak asaridagi har bir detalni oldindan to‘plab yuradimi yoki ijod jarayonida ularning o‘zi xayolga keladimi?

– Unisi ham, bunisi ham bo‘lishi mumkin. Biroq «bo‘lajak» detallarni yozib yuradigan odatim yo‘q. Yozish jarayonida ularning o‘zi qandaydir tabiiy ravishda esga tushadi. Ustoz Abdulla Qahhor aytganidek, detal husn bo‘lishi, albatta, qandaydir ma’no tashishi, asarga aniqlik kiritib, uni boyitishi shart. Lekin kerakli detalni topish har doim ham oson kechavermaydi.

Detalning ishonarli bo‘lishi ijodkordan sinchkovlik va izlanish talab qiladi. Bu masalada atoqli adib Said Ahmad taniqli tanqidchi Umarali Normatov bilan suhbatda g‘alati misol keltirilgan.

«Ufq» trilogiyasida to‘qayga o‘t ketishi manzarasi bor. Adib asarning birinchi variantida bu holatni o‘z tasavvuricha yozganini, ammo ko‘ngli to‘lmay Sirdaryo bo‘yidagi bir xo‘jalikka borib, bo‘lim boshlig‘ining ruxsati bilan o‘zi to‘qayga o‘t qo‘yib tajriba qilganini eslatadi. «Shundagina avval yozgan bobimdagi yong‘in tasviri naqadar g‘arib ekanini bildim, – deydi yozuvchi. – Qamish barglari avval yonib, uchidagi popugiga o‘tni uzatar ekan. Bargi yonib bo‘lgan, tanasi hali o‘t olmagan qamish uchidagi popugi xuddi shamga o‘xshab yonib turarkan. Yerdagi xashaklar bilan qo‘shilib qamish tanasi yonar ekan. Sal shamol essa, o‘t yonboshlab yerni olov tili bilan yalab, ilondek o‘rmalab ketar ekan. Qamishlar orasidan uchib chiqqan qushlar faryod urib, qora tutun orasida charx uradi. Ba’zan quyonmi, kalamushmi, o‘tdan qochib chiqadi… Romandagi yong‘in bobi shundan keyin boshqatdan yozildi…»

Detalni aniqlash zarurati menda ham bo‘lgan.

Bolaligimda Acha xola degan lo‘li xotin kelib turar, goh siniq ko‘zgu, goh allaqanday chiziqlar tortilgan sakkiz qirrali tosh bilan fol ochar edi. Bu manzarani ko‘p ko‘rganman. Biroq «Dun­yoning ishlari» kitobida shu manzarani tasvirlayotib, narda o‘yinidagi «tosh»ga o‘xshash o‘sha narsaning oti nimaligini hech topolmadim (Tabiiyki, bolaligimda buni so‘ramaganman, buning keragi ham bo‘lmagan). Ammo asarda o‘sha «tosh»ning nima deb atalishini yozmaslik mumkin emas. Asar, ayniqsa, nasriy asar nihoyatda aniqlikni talab qiladi…

O‘ylab-o‘ylab Chorsu bozorida folbin lo‘li xotinlar o‘tirishi esimga tushdi. Oilam O‘lmasxon ikkovimiz folbin izlab bordik. (Bir o‘zim «fol ochirayotganimni» ko‘rganlar nima deb o‘ylaydi). Xullas, bordik. Lo‘li xotinni topdik. «Fol ochiradigan» bo‘ldim. Lo‘li endi «nechta do‘stimu, qancha dushmanim» borligini aytib diydiyosini boshlaganda «fol ochadigan toshi» bor-yo‘qligini so‘radim. Tosh bor ekan. «Tosh bilan» fol ochdirmoqchiligimni aytdim. Ola xurjunidan xuddi o‘sha – bolaligimda ko‘rganimga o‘xshash tosh olib, tag‘in sanay boshlagan edi, toshning oti nimaligini surishtirdim. «Falon so‘m bermasang aytmayman» dedi. Xullas, mo‘ljaldagi pulni olgach, «bu toshne muhra deydilar, akov!» dedi.

Shunday qilib, folbinning muhrasini aniqlaguncha anchagina sarson bo‘ldim. Biroq «Dunyoning ishlari»ni qachondir, qaysidir folbin o‘qib qolsa uyalmayman!

Darvoqe, gap lo‘lilar to‘g‘risida borarkan, asarda detalning o‘rni haqida bir misol keltirish mumkin. «Qatag‘on» o‘tgan asrning saksoninchi yillarida markaz tomonidan yurtimiz boshiga solingan kulfatlar, «o‘zbek ishi», «paxta ishi» deb nomlangan zo‘ravonlik haqidagi fojia – tragediya. Spektakl boshida tergovchi Myasnikov nohaq qamoqqa tiqilgan sovxoz derektori Jumanovning uyiga kelib, uning xotini Hanifani siquvga oladi. Shu payt eshikdan lo‘li xotin kirib keladi. Myasnikovga ergashib yurgan «mahalliy huquqshunos» Berdiyev uni haydamoqchi bo‘lganida Myasnikov shunchaki ermak uchun go‘yo «fol ochirmoqchi» bo‘lib, lo‘liga kaftini tutadi. Lo‘li uning qo‘lini ushlab, «qo‘lingdan qon hidi kelopti, sening niyating yomon», deydi. So‘ng Hanifaga qarab, «sen, kelin mullo, nega bularni uyingga kiritding, bularning ko‘zi xunuk, uyingda amal bor!» deb xitob qiladi. Berdiyev uni urgudek bo‘lib haydab chiqaradi…

Savol tug‘iladi. Fojiaviy asarda lo‘li nima qilib yuribdi? Ustiga ustak lo‘li xotin keyinchalik spektakl­da biron marta ko‘rinmaydi. Bu obrazning nima keragi bor? Aslida lo‘li tragediyada o‘z vazifasini bajargan. Birinchidan, u Myasnikovga “qo‘lingdan qon hidi kelopti!” deganda uni fosh qilayapti. Ikkinchidan, tomoshabinni bo‘lajak fojialar haqida ogohlantirgandek bo‘lyapti. Va, nihoyat, Hanifaga “uyingda amal bor” degani ham bejiz emas. Myasnikov bu xonadonning hojatxonasiga narkotik modda yashirib ketadi va shu bahonada Hanifani ham hibsga olmoqchi. Bu “sir” fojianing eng so‘nggi pardasida ochiladi…

Shu tariqa kichik bir detal katta va hal qiluvchi xizmatni o‘tashi ham mumkin.

* * *

– Hamma asarlaringizdan o‘zingizning ko‘nglingiz to‘lganmi?

– Bu savolga hech kim “ha” deb javob berolmasa kerak. Albatta, o‘zini hurmat qilgan qalamkash ko‘ngli to‘lmagan asarni e’lon qilishdan tiyiladi. Biroq oilada o‘nta farzand bo‘lsa, o‘novi o‘n xil bo‘lganidek, asarlar ham har xil bo‘lishi mumkin. Farzandlarning hammasi ota-onaga birdek suyukli bo‘lgani kabi asardagi kamchiliklar muallifga darrov ko‘rina qolmasligi ham mumkin.

Qizig‘i shundaki, bunday savolga besh asr avval hazrat Navoiy bobomiz ko‘p ibratli javob qilgan ekanlar.

“She’r ham chun kishigadur farzand,
 
Ko‘ngliga qutu bag‘riga payvand,
 
 
 
Chun o‘g‘ul aybini ato ko‘rmas,
 
Ko‘rsa ham qilg‘anin xato ko‘rmas…”

Navoiydek daho shunday deb turganlaridan keyin boshqalarni qo‘yavering!

* * *

– Asarlaringizda har xil tentak-devonalar uchrab turadi. “Dunyoning ishlari”da “Shayx”, “Ikki eshik orasi” romanida Parcha… Jiddiy asarlarga devonalarni kiritish shartmi?

– Adabiyotda bu yangilik emas. Navoiy va Shekspirda, Pushkin va Dostoyevskiyda, G‘afur G‘ulom va Abdulla Qahhorda, Vasiliy Shukshin va Nodar Dumbadzeda bunday obrazlar bor va ular shunchaki “ermak” uchun asarga kiritilmagan. Aksincha, jiddiy vazifani bajaradi. Yorqin misolni Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidan olish mumkin. Bilasiz, romanda “Qovoq devonaning belbog‘i” degan bob bor. Atigi uch sahifa. Qizig‘i shundaki, Qovoq devona degan telba asarda bir marta ko‘rinadi, xolos. Qodiriydek atoqli adibning “O‘tkan kunlar”dek jiddiy romanida devona nima qilib yuribdi? Buning ustiga faqat bir marta ko‘rinadigan odamning nima keragi bor? Hamma gap shundaki, Qovoq devona romanda jiddiy tagma’no tashuvchi vazifasini bajargan. Yodingizda bo‘lsa, bir notanish odam devonani ko‘chada to‘xtatib, gapga soladi. Yaqinda kim o‘g‘lini uylantirganini surishtiradi. Devona bilan “Qorategindan kelgan” “ko‘z og‘rig‘i” orasida bo‘lib o‘tgan telba-teskari suhbatdan ma’lum bo‘ladiki, Yusufbek hoji Otabekni uylantirgan. “Ko‘z og‘rig‘i” – Homid.

Yozuvchi uning ismini aytmaydi. Biroq kitobxon Qovoq devonaning “yuzingga qachon chechak chiqdi” degan savolidan bu kimsa Homid ekanini anglaydi. Homidning niyati Otabek uylanganini aniq bilib olgach, fitna qilib, uning nomidan Kumushga “taloq xati” yozish. Kitobxon buni keyinchalik bilib oladi.

Shu o‘rinda adib chinakam yozuvchilik ixtirosi deb atash mumkin bo‘lgan boshqa bir “yuk”ni ham mana shu “shapaloqdek” bobga joylagan. Gap shundaki, “O‘tkan kunlar”da Marg‘ilondagi to‘y, “qizlar bazmi”, nikoh o‘qish go‘zal va batafsil tasvirlangan. Otabekning Toshkentda Zaynabga uylanish to‘yi manzarasi esa umuman yo‘q! Albatta, Toshkentdagi to‘y Marg‘ilondagidan farq qilishi aniq va iste’dodi o‘rtaroq yozuvchi bu to‘yni ham tasvirlashi mumkin edi. Qodiriy unday qilmaydi. Faqat Homid bilan devonaning telbavash suhbati poyonida bitta jumla bor. Qovoq devona Homidga bunday deydi:

– “To‘y o‘tganda kelibsan, tentak! Menga-chi bir tog‘ora osh tegdi!”

Mana shu jumla tagida faqat ulug‘ adib aytishi mumkin bo‘lgan teran ma’no yotibdi. Toshkentda bo‘lgan to‘yning Otabek uchun qilcha ham nurli nuqtasi yo‘q. Bu to‘yning butun quvonchi bir devonaning bir tog‘ora osh yeyishi bilan o‘lchanadi! Mana, nima demoqchi adib!

Shu tariqa jiddiy asarlardagi dovdir-tentaklar boshqa “es-hushi joyida” odamlar ko‘tara olmaydigan yukni tashishi mumkin.

Siz aytgan misolga kelsak. “Dunyoning ishlari”dagi Shayx ham telba. Umrida biron marta yig‘lamagan. Faqat kuladi. Ammo Ona vafot etganida ko‘ksini yoqavayron qilib dod soladi va uning faryodi hammanikidan tabiiyroq, samimiyroq ekanini hamma biladi. Chunki kattayu kichik barcha masxara qilib kelgan, har tomondan kamsitilgan bu bandani faqat Ona odam hisoblagan va unga mehr bergan. “Ikki eshik orasi”dagi Parcha esa o‘zi bilmagan holda doim rost gapni aytib qo‘yadi. Xotinlar piyoz o‘toq qilayotganda Parcha Ra’noga qarab turib “Voy, anavu Ra’noxonni ochilib ketganini qarayla, eri urishda yurgan xotingayam o‘xshamaydi!” deb xitob qiladi. Bir yoqda Ra’noxonning, ikkinchi yoqda Umar zakunchining ichidan qirindi o‘tib ketadi. Negaki, ikkovining “don olishib yurishini” Parcha o‘zi bilmagan holda fosh qilib qo‘yayapti. Qolaversa, Umar zakunchi boshqa hech kim emas, aynan shu “jinni” tufayli birinchi marta jazolanib, “tillaxonaga” qulab ketadi va najasga “cho‘miladi!” Asarda Parcha ado etgan tag‘in ancha “yumushlar” ham bor…

Xullas, bir qarashda “ikkinchi darajali”dek ko‘ri­nadigan dovdir-telbalar, o‘g‘ri-kisavurlar, lo‘li va tilanchilar asarga bejiz kiritilmaydi.

* * *

– Asarlarda afsonalar, rivoyat va miflardan foydalanish keng qo‘llanilmoqda. Bu holat sizning kitobxonlaringizda ham uchraydi. «Bahor qaytmaydi»da Qonqus haqidagi afsona, «Dunyoning ishlari»da Haqqush va Oftob haqidagi rivoyatlar, «Tushda kechgan umrlar»da Qurbonoy xolaning ertak­lari… Jiddiy realistik asarda har xil afsonalarni ishlatish shartmi?

– Avvalo shuni aytish kerakki, afsona va rivoyatlar, ertak va miflar jahon adabiyotining beshigi sanaladi. Inson yozuvni kashf qilmasidan ming yillar avval paydo bo‘lgan ertak va afsonalar avloddan avlodga o‘tib kelgan. Arablarda “Ming bir kecha” turkumi, hind eposlari, o‘zbek xalq dostonlari bebaho xazinadir. Bunday boylik hamma xalqda ham bor. Qolaversa, yozma adabiyotning eng go‘zal namunalari ham ko‘pincha shu janr asosiga qurilgan. Sharqda Alisher Navoiy, G‘arbda Shekspir kabi allomalarning asarlari…

Qadimiy yunon shoiri Gomerni bilasiz. U eramizdan oldingi sakkizinchi asrda, ya’ni bundan 2800 yil avval yashagan. Mashhur “Iliada” va “Odisseya” dostonlariga esa o‘zidan to‘rt asr burun ro‘y bergan Troya urushini asos qilib olgan. Demak, doston tarixi bundan 3200 yil nariga borib taqaladi.

Eramizning o‘n to‘qqizinchi asrida qiziq voqea ro‘y beradi.

Nemis olimi Genrix Shliman Amerika Alyaskasida “oltin vasvasasi” avjiga chiqqan paytda o‘sha yerga borib bank ochadi va bir necha tilni bilgan tadbirkor odam bo‘lgani uchun ishlari yurishib ketadi. Shliman “Iliada”da tasvirlagan Troya xazinasini topishga ahd qiladi. U Gretsiyadagi do‘stiga xat yozib, yunon qizga uylanish niyati borligini bayon qiladi va o‘z shartlarini qo‘yadi. Bo‘lajak kelin bir qancha tilni egallagan bo‘lishi, “Iliada” va “Odisseya” dostonlarini yoddan bilishi shart. Qizning qanday oiladan bo‘lishining ahmiyati yo‘q! Agar shu shartlarga javob beradigan kelin topilsa, er-xotinni katta boylik va shon-shuhrat kutadi…

Shlimandek tadbirkor odam ko‘zi ojiz Gomer necha zamon avval “to‘qigan” afsonaga nega ishongani qorong‘i. Biroq uning barcha shartlariga javob beradigan qiz topiladi. Shliman yosh xotini bilan Troya urushi tasvirlangan joylarni izlashga tushadi. Hayratlanarlisi shuki, u 1870 yili, to‘rt yil davom etgan arxeologik qazilmalardan so‘ng aynan o‘sha dostonda yozilgan Mikena shahri xarobalaridan Troyaning bitmas-tuganmas oltin-javohirlar xazinasini topadi. 1900 yilda esa ingliz olimi Artur Evans Krit orolidan tag‘in o‘sha dostonda tasvirlangan boshqa xazinani ham topishga muvaffaq bo‘ladi.

Bundan chiqadigan xulosa shuki, har qanday afsona tagida haqiqat bo‘lishi mumkin. Inson tafakkuriga sig‘dira olgan fantaziya ertami-kechmi haqiqatga aylanishi bor gap. Bunga qadimiy miflarda tasvirlangan “oynai jahon”lar, “uchar gilamlar”, tilsimni aytmaguncha ochilmaydigan “sirli sandiq” – kompyuterlar misol bo‘la oladi. Qolaversa, ertak va afsonalar, hikoyat va rivoyatlar ezgulikka dav’at etadi. Shu ma’noda ulardan foydalanish kerak. Hamma gap qay darajada o‘rinli foydalanish va qanday ma’no yuklashda. Zamonaviy adabiyotda buning yorqin misolini Chingiz Aytmatov ijodida ko‘rish mumkin. Manqurt haqidagi afsonada naqadar teran ma’no bor! Yoki “Oq kema” qissasidagi Ona bug‘uni oling! Ona bug‘u shunchaki bug‘u emas, butun bir xalqni, millatni qirilib ketish xavfidan asrab qolgan xaloskor timsoli.

Atoqli adib bu timsol orqali o‘zini o‘ragan tabiatga qo‘l ko‘tarish o‘z onasini bo‘g‘izlashdek gunoh, demoqchi. Insonga xos bo‘lgan beshafqatlik, ochko‘zlik, qalbi so‘qirlik qanday dahshatli oqibatga olib kelishi mumkinligini aytib, kitobxonni ogohlantirmoqchi.

Bizning adabiyot vakillari – talay shoir va adib­lar ham afsona va miflardan o‘rinli va unumli foydalanmoqdalar. Siz aytgan misolga kelsak, Qurbonoy xolaning afsonalari shunchaki yaxshilikka undovchi nasihat emas. Ularda asardagi bir-biriga qarama-qarshi turuvchi ikki qutb – Komissar va Qurbonoy dunyosini ochishga harakat qilingan. Komissar nazarida Qurbonoyning chivinchalik ham, chuvalchangchalik ham qimmati yo‘q. U o‘zini bunaqa “yarim odamlar” ustidan hukmronlik qiluvchi qudratli shaxs sanaydi. Yillar davomida shunday bo‘lgan ham. Qurbonoy bir qarashda chindan ham “hech kim emas”. Chalasavod oddiy farrosh. Ammo ma’naviy boyligi bilan, iymon-e’tiqodi bilan Komissardan o‘n pog‘ona baland turadi. Komissar har kimdan illat qidirsa, Qurbonoy hammadan fazilat izlaydi. Komissar oddiy manqurt emas, “aqlli”, o‘qimishli johil. Shunisi bilan ayniqsa xatarli. Bir safar u Qurbonoyga “har kuni namoz ustida meni qarg‘asang kerak?” deganida Qurbonoy “sizning nimangizni qarg‘ayman, Xudo hammasini ko‘rib-bilib turibdi-ku” deb javob beradi. Bir qarashda bu mute’lik bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo bu o‘rinda boshqa ma’no ham bor. Qurbonoy Komissarning Xudo urgan banda ekanini yaxshi biladi. Chindan ham shunday. Komissar mustabid tuzumning farmonbardori va ayni shu tuzumning qurboni. Farishtadek beozor xotini bir zumda vafot etadi. Yangi “zamonaviy” xotini ko‘z o‘ngida unga xiyonat qiladi, bir o‘g‘li chet elga qochib ketadi, bir o‘g‘li undan yuz o‘giradi… Bir vaqtlar hammani titratgan kimsa endi o‘zi yakkamoxov bo‘lib qolgan, kulbasida kechalari qo‘rquvdan dodlab uyg‘onishga mahkum…

Xullas, barcha tasvir vositalari qatori afsona, rivoyat, ertak va miflar asarning bosh maqsadiga, undagi odamlar qismatini ochishga xizmat qilsa, ulardan foydalanish kerak…

“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 3 (232)-son.