Sharof Boshbekov: «Teatr qachon rostni so‘zlaydi?» (1991)

Teatrimizning kelajagi porloqmi?

Hamza nomidagi jumhuriyat Davlat mukofoti sovrindori, dramaturg Sharof Boshbekov bilan suhbat

— Sharof aka, shu kunlarda o‘zbek teatr san’ati dastlabki avlodi bir necha yirik vakillarining yubileylari bo‘lib o‘tdi. Poytaxt teatrlarining binolari yaqin o‘n yildan beri ilk bor tekin kulgu, yengil-elpi tomoshalar uchun keluvchi kishilar bilan emas, balki san’atning haqiqiy ixlosmandlari bilan to‘lib-toshdi. Keyin esa yana sukunat. Ushbu ikki aks holatning sabablarini izohlab bersangiz. Faqat, iltimos, dilingizdagi gaplarni ro‘y-rost to‘kib soling.

— To‘g‘ri, siz aytgan yubileylar teatr hayotini bir qadar jonlantirib yubordi. Lekin teatr faqat yubiley va shunga o‘xshash tadbirlar bilangina tirik emas, yangi asarlar kerak. Yaxshi asarlar esa yo‘q hisobi. Agar masalaga kengroq va chuqurroq qarasak, gap yaxshi asarlar kamligida ham emas. Gap biz bilgan hamda o‘rganib qolgan teatrning shakli eskirganida. Sovet teatri boshidanoq krepostnoy teatr sifatida dunyoga keldi. U xalqqa emas, ma’lum siyosiy doiralarga xizmat qilish uchun yaratildi va boshdanoq yolg‘on gapirishga majbur bo‘ldi. Odamlar tomoshaga chanqoqligi, o‘z san’atkorlariga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtiromi tufayligina teatr ostonasini bosib keldilar. Har qanday siyosiylashtirilgan san’at umrini xuddi shu bugungidek fojiali tugatishga mahkumdir. Qarang, inqilobiy mavzudan boshlaboq teatr yolg‘onga og‘iz juftladi. Sovet hokimiyatining o‘rnatilishi, milliy ozodlik (bosmachilik ham deyiladi) harakati, kollektivlashtirish, quloq qilishlar, qatag‘on yillari, Ulug‘ Vatan urushi, keyingi sotsializm qurish yillari haqida san’at va adabiyotimiz hech tap tortmay yolg‘on so‘zlayverdi. Xalq avval ishondi, keyin shubhalandi va, nihoyat, hafsalasi pir bo‘ldi.

— Axir, teatrlarimiz gurkirab rivojlangan davrlar ham bo‘lgan-ku? Masalan, Hamza teatrida «Otello», «Gamlet», Muqimiy teatrida «Farhod va Shirin», «Ravshan va Zulxumor»…

— Nega «Ikki kommunist», «Yondiramiz», «Niqob yirtildi», «Hayot qo‘shig‘i» degan spektakllarni aytmayapsiz? Chunki siz sanab o‘tgan asarlar bir qadar siyosatdan xoli edi. Shuning uchun ham ularga xalq yopirilib kelgan. Keling, bir eslashga urinib ko‘raylik, teatr qaysi masalada rost gapni aytgan? O‘tmishni qo‘ya turaylik, bugunni ayting. Afg‘oniston masalasi, paxta yakkahokimligi, til, milliy masala, ekologiya, xalqlar o‘rtasidagi soxta do‘stlik, jumhuriyat mustaqilligi, biz tinmay so‘kib kelayotgan kapitalistik dunyo allaqachon biz yetolmaydigan darajaga yetgani haqida teatr nima dedi? Yoki dinni oling. Hamzadan boshlab bugungi yosh dramaturggacha salla o‘ragan odam zoti borki, o‘g‘ri, muttaham, xotinboz qilib tasvirlab keldi. Din arbobi ijobiy qilib tasvirlangan bitta pesani ko‘rsatingchi! Bironta ham topolmaysiz! Xo‘sh, shunday ekan, teatrga odam kelmayapti, deb kimdan xafa bo‘lishimiz kerak? Nimagayam kelsin, axir… Birovga ikki marta yolg‘on gapirsangiz, sizga ishonmay qo‘yadi. Yetmish yil yolg‘on gapirgan odamga yoki tashkilotga qanday munosabatda bo‘lish kerak?

Teatrlarimizning bugungiday ahvolga tushib qolishining yana bir sababi bor. Bu iqtisodiy sabab. Bilasizmi, gohida xorijdan kelgan hamkasbimizga bir narsani sira-sira tushuntirolmayman. Sovet teatrida kim ko‘p ishlasa kam haq oladi, kim oz ishlasa ko‘p maosh oladi. Shu narsani hech tushuntirib bo‘lmaydi-da. Chunki aqli-hushi joyida odam buni tushunmaydi, uni biz tushunamiz, xolos! Negaki, bizda talant emas, unvonlaru laureatliklar asosiy va hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Vaholanki, teatrning hamma og‘irligi yuz so‘mdan ikki yuz so‘mgacha maosh oladiganlarning yelkasida. Maoshi kichiklar eng ko‘p sahnaga chiqadilar, rejani bajarish uchun tumanlarga chiqib, xo‘jalikma-xo‘jalik yurganlar ham shular. Lekin maosh kam. Unvoni kattami (talantli-talantsiz bo‘lishidan qat’i nazar), oyda-yilda bir marta sahnaga chiqsayam bo‘laveradi. Maosh esa zo‘r.

Bizdagi teatrning iqtisodiy shakli (moduli) qarib qoldi. Bugun teatr san’atining rivojlanishidan san’atkor moddiy manfaatdor emas. Qayerdaki moddiy manfaatdorlik yo‘q ekan, o‘sha yerda taraqqiyot ham bo‘lmaydi. Shuning uchun ham teatr badiiy kengashida u yoki bu asar muhokama qilinar ekan, ko‘pchilik loqayd o‘tiraveradi. Yaxshi asarmi, yomonmi — unga baribir. Qandaydir bir yo‘l bilan ijodiy xodimlarning moddiy ahvoli teatr kassasiga tushadigan mablag‘ga bog‘liq qilib qo‘yilmas ekan, ahvol shundayligicha qolaveradi. Menga qolsa, avvalo, jumhuriyatdagi teatrlar sonini ikki barobar qisqartirar edim. Agar davlat tomonidan beriladigan mablag‘ shu holicha saqlab qolinsa-yu, teatrlar ikki barobar qisqarsa, har bir teatr ikki barobar ko‘p mablag‘ oladi. Ularning moddiy-texnik ahvoli keskin ko‘tariladi.

To‘g‘ri, teatrimizning boshqa fojialari ham bor, u boshqa suhbat mavzusi.

— Bu yil ulug‘ bobomiz Mir Alisher Navoiy 550 yoshga to‘ldilar. O‘zbekiston teatrlarining ayni sana bilan bog‘liq ishlari xususidagi shaxsiy fikringiz qanday? Katta tantanalar bo‘lishini hamma avvaldan bilardi. Shu bois yuqorining maxsus buyrug‘i chiqishini kutib o‘tirmay tayyorgarlikni puxta qilish kerakmidi deyman-da?

— Teatrlarimiz Alisher Navoiy yubileyiga hech nima qilgani yo‘q desak, unchalik to‘g‘ri bo‘lmas. Hamza, A. Hidoyatov nomidagi teatrlar bu tantanaga sovg‘a qilishga urindilar. Lekin ustoz Oybekning mashhur romani, Uyg‘un va I. Sultonlarning dramasi (kamchiliklaridan qat’i nazar) darajasidagi asarlar yaratilmadi. Yana qaytaraman, urinishlar bo‘ldi.

— Garchi San’at institutida teatrshunos mutaxassislar ham tayyorlansa-da o‘zbek teatr tanqidchiligi hozircha shakllangani yo‘q. Masalan, o‘zingizning ijodingiz hakida yozilgan birorta maqoladan koniqqanmisiz? «Sovet O‘zbekistoni»da bosilgan «mashhur» redaktsion maqolaga o‘xshash chiqishlar ijodingizga qanday ta’sir qilgan?

— Aslida tanqidchilik eng e’tiborsiz soha. Teatr tanqidchiligining ahvoli esa undan ham battar. Deylik, oliygohni bitirib chiqqan yosh teatrshunos bir asar yozib, uni nashr qilguncha yoshi ham bir joyga borib qoladi. Moddiy ahvoli ham shunga yarasha. Shu sababdan teatrshunoslar ko‘proq umrini dissertatsiyalar yoqlashga sarf qilishadi.

Ularning asarlarimga munosabatiga kelsak, san’atshunoslik nomzodi Tohir Yo‘ldoshevning bir-ikkita maqolasidan boshqa jiddiyroq taqriz e’lon qilinganini bilmayman. Shunisi kiziqki, borlari ham pesalarimning badiiy jihatlarini emas, siyosiy jihatlarini tahlil qilishadi. Siz aytgan o‘sha mashhur maqola ham shular jumlasidandir.

Aslida bu taxlit maqolalar yozuvchining ijodini keskin burib yuborish qudratiga ega bo‘lmasligi kerak. Lekin bizning siyosatlashtirilgan adabiyotimizda har balo yuz berishi mumkin. Ba’zida nainki ijodingiz, o‘zingizni ham «burib yuborishadi». Har kalay, men «burilmaslikka» harakat qildim.

— Dramalarni qabul qilish va sahnalashtirishdagi ortiqcha yugur-yugur, gap-so‘zlar o‘zbek teatri inqirozini yanada tezlashtirib yubormayaptimikin. Dramaturg sifatida iqtisodiy tomondan jabr ko‘rganmisiz? Yoki biror kishi Sizga homiylik qilganmi?

— Hozir siz aytgan yugur-yugur, gap-so‘zlar yo‘q. Hamma teatrga yaxshi asarlar kerak. Agar yaxshi pesa bo‘lsa teatrlar uyingizga kelib, qo‘lyozmangizning siyohi qurimasdanoq olib ketib qolishyapti. Qanday asarni sahnalashtirish to‘laligicha teatrning o‘ziga bog‘liq, ilgarigiday Madaniyat vazirligi aralashmaydi. Shunga qaramasdan «asarimni qabul qilishmayapti» deb nolib yurgan dramaturglar soni kamaygani yo‘q. O‘sha noliydiganlarning talay asarlarini olib o‘qidim va qabul qilmay to‘g‘ri kilishgan ekan, degan xulosaga keldim. Hech kim «men yomon asar yozdim» demas ekan-da. Hozir jumhuriyatimizda bironta yaxshi pesa nazardan chetda qolgani yo‘k. Men bu gapni butun mas’uliyatni his qilgan holda gapirayapman. Lekin, hali aytganimday, baribir nolishadi…

Noliydiganlar boshqa janrlarda ham bor. Masalan, Yozuvchilar uyushmasida yosh ijodkorlar yig‘ilishining yakunida bir yosh shoir «Nega «Yoshlik» oynomasi Usmon Azim, Muhammad Solih, Xurshid Davronlarning she’rlarini bosadi, undan ko‘ra biz kabi yoshlarning asarlarini chiqarsa bo‘lmaydimi» deb noligan edi. Avvalo, Usmonday, Soliday, Xurshidday shoir bo‘lish kerak. Shunda she’rlaringizni «Toshkentdan gapiramiz va ko‘rsatamiz» degan xaftanoma ham chiqaraveradi. Ikkinchidan, «Yoshlik» faqat yoshlarning asarini bosadigan oynoma emas, u yoshlar o‘qiydigan jurnal. Yoshlar Markesni ham o‘qigisi keladi, Aytmatovni ham, Rasputinni ham. Agar kimdir «Hozir oynoma va ro‘znomalardan biri falon yaxshi asarni bosmadi» desa, ikki dunyoda ham ishonmayman. Yaxshi asar hammaga kerak. Har bir nashr fakat yaxshi asarlarni bosishdan manfaatdor. Teatrlar haqida ham shu gapni aytish mumkin.

Albatta, iqtisodiy jihatdan jabr ko‘rganman. Bu «Tikansiz tipratikanlar», «Tushov uzgan tulporlar» nomli pesalarim «g‘oyasiz» asar sifatida tanqid qilinib, jumhuriyat teatrlaridan olib tashlangan paytlar edi. Shunisi qiziqki, ularga qo‘shib «g‘oyaviy» asarlarim ham taqiqlandi. Dramaturgning asarlari teatrda qo‘yilmayapti degan gap, u pulsiz qoldi degan gap. Bo‘lgan, bo‘lgan…

Menga yordam bergan odamlar bor edi. Birinchi asarim — «Taqdir eshigi»ni Toshkentga marhum dramaturg va shoir Maksim Karimov olib keluvdi (U paytlarda Guliston teatrida aktyor bo‘lib ishlardim). Darrov chaqirishib, shartnoma tuzishdi. O‘sha vaqtdagi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Rahima opa Nazarova asarni o‘qib chiqib, ikkinchi pesani deyarli majbur qilib yozdirdilar. Ochig‘i, yozuvchi bo‘lish niyatim yo‘q edi, teatrga «xiyonat» ham qilmoqchimasdim. Rahima opa uchinchi asarni ham shu yo‘l bilan yozdirdilar. Keyingilarini birov majbur qilmasa ham yozadigan bo‘lib qoldim. Xullas, omadim bor ekan, yaxshi odamlarning qo‘liga tushdim.

— Sizning mutaxassisligingiz aktyorlik. Biroq hozir mashhur dramaturgsiz. Nima, siz o‘ynaydigan rollar teatrlarda yo‘q ekanmi? Ehtimol, avvaldan dramaturg bo‘lish orzuingiz bo‘lgandir?

— Bu savolingizga yuqorida qisman javob berdim. Albatta, teatrda ishlab yurgan kezlarimda ich-ichimdan qandaydir bir qoniqmaslik hissini tuyar edim. Lekin buning sabablarini bilmasdim. Endi bilsam, sahnada sarf bo‘lmay qolgan «ortiqcha» quvvatdan qiynalar ekanman. Mana, baholi qudrat, o‘sha quvvatni sarf qilib yotibmiz…

— Nima uchun «Temir xotin»ni Farg‘ona teatriga berdingiz? Axir, Hamza teatrida o‘z asarini qo‘ydirish har bir dramaturgning orzusi-ku! Yoki mansabidan (adabiy emakdoshlik) foydalandi degan gapdan qo‘rqdingizmi?

— Aslida «Temir xotin» A. Qahhor nomli jumhuriyat Hajv teatri uchun yozilgan edi. Lekin teatr jamoasi talay vaqt ijodiy safarlarda bo‘lishdi, so‘ng dam olishga ketdi, xullas, vaqtdan ancha yutqazib qo‘ydik. Bu orada Samarqand teatri sahnalashtirib yubordi. Farg‘ona teatri, adashmasam, uchinchi bo‘lib sahnalashtirdi. Hamza nomidagi Akademik teatri masalasiga kelsak, hozirgi kunda bu teatrda asar qo‘ydirish katta sharaf bo‘lmay qoldi. Kichik teatrlar, teatr-studiyalari men uchun qadrliroq, yaqinroq. Birinchidan, juda katta ijodiy zavq olaman, ikkinchidan, ular asarni ittifoq va xorijda ham mashhur qilishga qodir. Hamza teatrining bunday ish qo‘lidan kelmaydi. Bugungi kunda faqat Hamza teatri emas, mamlakatdagi, deyarli, barcha akademik, ya’ni katta, beso‘nakay teatrlar tomoshabinning nazaridan qoldi. Buni keyingi yillarda Boltiqbo‘yi, Kavkazorti va O‘rta Osiyoda o‘tkazilgan tanlov hamda musobaqalar ham yaqqol ko‘rsatdi.

Hamza nomidagi teatrda men adabiy emakdosh bo‘lib emas, teatr qoshidagi dramaturgiya ustaxonasining mudiri bo‘lib ishlaganman. Bizda hech qayerda yozilmagan shunday qoida bor, bir shaharda qo‘yilgan asarni shu yerdagi boshqa teatr sahnalashtirmaydi. Sababini bilmayman. Ehtimol, bizning teatrlarimiz mard, halol raqobatdan qo‘rqar…

— Yana bir savol. Nima uchun Hamza teatridan ketib qoldingiz? Iste’dodli dramaturg sifatida teatrga ozmi-ko‘pmi foydangiz tegishi mumkin edi-ku.

— Teatrdan ketishimning sababi, rahbariyat bilan qarashlarimiz to‘g‘ri kelmadi. Menga ma’qul asar ularga yoqmadi, ularga ma’qullari menga yoqmadi. Qisqasi, teatrda biron ijobiy o‘zgarish qilish qo‘limdan kelmadi.

— Lotin Amerikalik taniqli yozuvchi Gabriel Garsia Markesning «Tanholikning yuz yili» romani nashr etilgach, adabiy jamoatchilik uni nodir asar deb yuqori baholadi. Yozuvchi esa bu asarda o‘zi biladigan, biroq boshqa hech kim payqamagan yuzlab kamchiliklar borligini aytgan ekan. Mana, «Temir xotin»ning ham qo‘yilganiga ancha bo‘lib qoldi…

— Albatta, kamchilik bor. Buni o‘zim ham bilaman, sahnalashtiruvchi rejissyor Olimjon Salimov ham. Menimcha, bekami-ko‘st asar bo‘lmaydi. Hamma gap o‘sha kamchiliklarni o‘quvchidan yoki tomoshabindan ustalik bilan berkita olishda.

— Bizda teatrga munosabat yetarli darajada shakllanmagan. Sizningcha, uni qanday tarbiyalash kerak. Ehtimol, qo‘g‘irchoq va bolalar teatrlariga bo‘lgan hozirgi munosabatni o‘zgartirish kerakdir, ayniqsa, dramaturglar. Adashmasam, «Eski shahar gavroshlari»dan boshqa bolalar uchun asaringiz yo‘q, shekilli.

— To‘g‘ri, gapingizga qo‘shilaman. Biz uchun tomoshabinning madaniyati ham muhim. Lekin asosiysi bu emas. Men tomoshabinni o‘zimga do‘st emas, raqib deb bilaman. Chunki odamlar teatrga mutlaqo tayyorgarliksiz kelishadi. Kimningdir kallasida ishxonadagi mashmashalar, kimdir uydagi dilisiyohlik girdobida, yana birov esnab o‘tiribdi. Men ularni o‘zimga jalb etib, hamma narsani unutishga majbur qila olishim kerak. Yana shuni aytib qo‘yayki, bizning tomoshabin Maskov yoki Leningraddagidan ancha o‘jar, qaysar va gapga kirmas. Bunday tomoshabin bilan raqobat qilish dramaturg uchun ham, teatr uchun katta maktabdir. Ovro‘podagidek odobli tomoshabin bizni dangasa qilib qo‘yadi.

«Eski shahar gavroshlari»dan oldin bolalar uchun «Tikansiz tipratikanlar» degan asar yozgan edim. Hozir yana Yosh tomoshabinlar teatri uchun «Uchar likopchalar» nomli pesa yozayapman.

— Ijodda kimning ta’siriga tushgansiz yoki nimadan ta’sirlangansiz? Ustozingiz kim? Shogirdlaringiz bormi?

— Bilmadim. Ataylab hech kimga taqlid qilmayman, lekin o‘zim bilmagan holda qandaydir «beodoblik» kilgan bo‘lishim mumkin, xullas, bilmadim.

Ustozlar masalasida shuni aytishim kerakki, yomon pesa yozadigan hamma dramaturglar mening ustozlarim. Chunki teatr oliygohida ham, keyinchalik teatrda ham juda ko‘p o‘qigan pesalarimning aksariyati yomon asarlar edi. Unday asarlarni shunchaki o‘qimasdim, sinchiklab tahlil qilar, iloji bo‘lsa alohida daftarga konspekt kilib borardim. «Nimasi yomon?» degan savolga javob qidirardim. Shu qadar jiddiy shug‘ullandimki, bora-bora yomon asarlar bo‘yicha yaxshigina mutaxassis bo‘lib qoldim. Har qanday yomon asarni ko‘zimni yumib tahlil qilib tashlayman. Hatto ba’zilarini oxirigacha ham o‘qib o‘tirmayman. Chunki barcha yomon asarlar bir xil bo‘ladi, yaxshi asarlar esa turlicha. Shu tariqa qanday yozish kerakligini emas, qanday yozmaslik kerakligini o‘rgandim. Ana shundan keyingina birinchi bor qo‘limga qalam oldim. Tengqur va yosh dramaturglarning aksariyati yaxshi asarlar o‘qib, ulardan o‘rganib, ularga o‘xshatishga harakat qilishgani sabab talay nuqsonlarga yo‘l qo‘yishadi. Qizig‘i shundaki, o‘sha nuqsonlar ham deyarli bir xil bo‘ladi. Chunki ular o‘qigan haligi yaxshi asarlarda kamchilik yo‘q-da. Ular shu kamchiliklar haqida mutlako axborotga ega emaslar, hamma balo shunda. Agar menga qolsa, adabiyot darsliklariga bitta yaxshi asar, bitta yomon asar kiritardim. Shu yo‘l bilangina bolalarda adabiy didni to‘g‘ri shakllantirish mumkin. Ko‘rdingizmi, yomon asarlar ham aslida unchalik «yomon» emas ekan…

Mening sahna qonun-qoidalari, dramaturgiya texnikasi haqidagi tushunchalarim juda g‘alati va telba-teskari. Shuning uchun ba’zan yarim hazil, yarim chin qilib, men adabiyotga teskari tomondan kirib kelganman, deb qo‘yaman. Yoshlarga o‘zim amal qilmaydigan adabiy an’analar haqida gapirsam, bu munofiqlik bo‘ladi, telba-teskari fikrlarimni aytsam, ularni chalg‘itib qo‘yamanmi deb qo‘rqaman. Shuning uchun bu masalada juda ehtiyotkorman. Gapning po‘stkallasini aytganda, men uchun shogirdlar haqida o‘ylash hali erta. Axir, o‘zingiz o‘ylang, pesa yozish maqsadida ilk bor qo‘limga qalam tutganimga bu yil roppa-rosa o‘n yil to‘ldi. Yo‘q, hozircha ustozlikka yaramayman…

— Endi hayotdagi, ijoddagi ishlaringizdan nolimasangiz bo‘ladi. Ammo oldin boshqacha yashab, ijod qilgansiz. Bir muxlisingizni aytishicha, eng yaxshi asarlaringizni tokchada yozgan ekansiz. Nima, hozir ijodkorga hukumatning munosabati ijobiy tomonga o‘zgaryaptimi?

— Ha, oilali bo‘lganimdan keyin o‘n yildan ko‘proq shaharning u yerida, goh bu yerida ijarada turdik. Birinchi marta uyli bo‘lganimda Pushkindan bir yosh katta edim. Agar mening o‘rnimda Pushkin bo‘lganida o‘lardi-yu, yil oshida unga order berishar ekan… Hozir hukumatning ijodkorga nisbatan munosabati o‘zgardi. Ba’zi ijodiy taqiqlar (hammasi emas) yo‘q bo‘ldi. Ammo ijodkorning moddiy ahvoli battar yomonlashdi. Soliqlarni aytaman. «Literaturnaya gazeta»ning yozishicha, bizning yozuvchini chet elda kitobi chiqsa-yu, qalam haqi oladigan bo‘lsa (valyutada), davlat to‘qson foizigacha olib qo‘yishga haqqi bor ekan. Hozir ijodkor uchun reket xavfli emas, davlat xavfli. Balki bir oz qo‘polroq aytyapman, lekin xalqning madaniyatiga chang solgan hokimiyat haqida xotirjam gapirish qiyin ekan-da.

— O‘zbek teatr san’atining istiqboliga ishonasizmi?

— O‘zbek teatrining kelajagi porloq bo‘lishi uchun hozirdanoq nimadir qilish kerak. Aks holda o‘z-o‘zidan yaxshi bo‘lib qolmaydi. Agar teatrni siyosiy, iqtisodiy va ijodiy jihatdan keskin hamda dadillik bilan isloh qilishga kirishmas ekanmiz, kelajak porloq bo‘lishiga unchalik ko‘zim yetmaydi. Nima bo‘lganda ham bir narsaga imonim komilki, teatr o‘lmaydi.

Suhbatdosh: Muhammad Qo‘ymurod o‘g‘li
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 6-son