Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: «Islom – insoniylikka da’vat» (1989)

— Muhtaram muftiy hazratlari! Turg‘unlik yillarining jamiyatimizga yetkazgan iqtisodiy va ma’naviy zararlari tobora ko‘proq oydinlashmoqda. Bu zararlarning sabablari ham aniqlanmoqda. Lekin butun bir jamiyatning tanazzulga yuz tutishi eng avvalo Shaxs tarbiyasidagi nuqsonlarga borib taqaladi. Binobarin, suhbatimizni umuman tarbiya, xususan Shaxs tarbiyasi mavzuiga bag‘ishlasak, degan niyatda edim.

— Bismillahir rohmanir rohim. Juda yaxshi mavzuda suhbat boshladingiz. Bu muhim masala hozirda butun jamiyatimizni, xususan jumhuriyamizdagi kishilarni chuqur hayajonga solib turibdi. Agar shu suhbatdan xalqimiz uchun bir foydali fikrlar chiqsa, biz o‘zimizni baxtiyor deb his qilar edik.

— Savolni oiladan boshlasak. Ota-ona o‘g‘il yo qizli bo‘ldi deylik. Chaqaloq hademay yo‘rgakdan chiqadi, emaklaydi, qadam bosadi. Xo‘sh, tarbiya qachon boshlanmog‘i kerak? Ota-ona o‘z qaramog‘idagi bo‘lajak Inson qalbiga dastavval qanaqangi fazilat urug‘larini qadamog‘i lozim?

— Oila o‘g‘il yo qizlik bo‘lganidan keyin emas, balki o‘g‘il-qiz ko‘rishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan, ya’niki oila qurish vaqtidan boshlanadi. Bizning Islom dinimizda o‘g‘il yo qizning tashvishi ona tanlash vaqtidan boshlanadi. Yoki ota tanlash vaqtidan boshlanadi. Chunki otaning axloqi, odobi, uning o‘zini tutishi va insoniyligi, shuningdek, onadagi fazilatlar bolaga o‘tishi bu – isbot bo‘lgan haqiqat. Shuning uchun oila qurmoqchi bo‘lgan har bir yigit qiz o‘ziga umr yo‘ldoshi tanlashda bo‘lajak farzandlarining otasi yo onasining shaxsiy fazilatlariga katta e’tibor berishi kerak. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, o‘ylamay-netmay qandoqdir bir kamchiliklari bo‘lgan yo ahloqi buzuq kishi bilan turmush qurgan inson o‘zidan tug‘ilgan farzandni tarbiyalashi qanday og‘ir kechadi. Shuning uchun sunnatda Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam kelin yoki kuyov tanlash vaqtida ularning axloqiga, diniga, odobiga katta e’tibor berishni nasihat qilib o‘tganlar. Ularning puliga, moliga yoki hasabu mansabiga emas, balki shaxsiy fazilatlariga, ahloq-odobiyu, diniga katta e’tibor berish, shundan rozi bo‘lsa ana shundagina oila qurishga urinishni buyurganlar. Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamning: «Sizlar o‘z urug‘ligingizni qo‘yadigan joyni tanlanglar, chunki irq biridan biriga o‘tadigan bo‘ladi», mazmunidagi hadislari bor. Yoki boshqa bir Hadisi sharifni keltiraylik: «Kelin tanlash vaqtida to‘rtta narsaga albatta qiziqiladi: moliga, jamoliga, hasabiyu mansabiga, to‘rtinchisi – diniga. «Sen dindorini tanlagin», deyiladi hadisda. Chunki mol, jamol vaqtinchalik narsa, hasab-mansab esa kelin bilan birga kelmaydi, otasining uyida qoladi, lekin din, ahloq, odob kishiga umrbod hamroh. Ana shundoq onadan tug‘ilgan farzandni tarbiyalash naqadar oson.

— Demak, o‘g‘il-qiz tarbiyalaydigan odam avvalo o‘zi tarbiyalangan bo‘lmog‘i kerak.

— Ha, tarbiyalangan bo‘lishi va o‘g‘il-qizning, onasining, otasining juda bir ajoyibini tanlagan bo‘lishi kerak. Undan keyin masalan, homiladorlik vaqtida ham shundoq. Homilaga kirgan ayolning ruhiy kechmishlari, unda kechadigan holatlar homilaga o‘tishi isbot bo‘lgan. Bu ham bizning dinimizda e’tiborga olingan, shuning uchun homilador ayolga nisbatan muomala juda ehtiyotlik bilan – u kishini avaylash, o‘ylash bilan bo‘ladi.

Ana endi bola tug‘ilgach, birinchi kundan tarbiyaga kirishiladi. Avvalo uning sog‘ligi, jismonan yetuk bo‘lishi va boshqa talablar e’tiborga olinadi. Farzand xoh o‘g‘il bo‘lsin, xoh qiz bo‘lsin – ota-ona uchun Alloh taolo tomonidan berilgan ulkan bir ne’mat. Bu ne’matni avaylab-asrab voyaga yetkazish ota-onaning burchi. Uning tarbiyasini noto‘g‘ri yo‘lga boshlagan ota-ona Xudoning oldida ham, bandaning oldida ham, jamiyatning oldida ham javobgardir.

Ma’naviy tarbiya, ya’niki, bola o‘zini o‘nglab olib bir narsalarni talqin qila boshlashidan avval bir narsani aytmoq kerak. Ota-onaning farzand oldidagi yana bir burchi – u farzandni halol taom bilan taomlantirmog‘i kerak. Ya’ni, halol yo‘l bilan topgan narsadan, halol narsani yedirsin. Bu – ota-onaning eng katta burchlaridan biri. Chunki harom yeb o‘sgan boladan yaxshilik kutish qiyin.

Bizning islomiy kitoblarimizda aytilishicha, bola o‘ng qo‘li bilan chap qo‘lini ajratadigan bo‘lganda uni jiddiy tarbiyalash boshlanadi. Uning ko‘nglini qoldirmasdan, qo‘pollik qilmasdan, bolaligini e’tiborga olib, ruhlantirib tarbiyalanaveradi. Biz dindorlarda avvalo diniy tarbiyadan boshlanadi. Bola tushunadimi-tushunmaydimi, bundan qat’iy nazar Alloh hamda Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam shahodatlari talqin qilinadi.

— O‘g‘il va qiz tarbiyasi necha yoshdan o‘ziga xos tus olmog‘i lozim?

— Ug‘il bolaga va qiz bolaga alohida xos tarbiyani yosh bilan o‘lchaydigan bo‘lsak, ulamolarimiz yetti yoshni belgilashgan. Qizlarga – ayollarga xos tarbiya, o‘g‘illarga – erkaklarga xos tarbiya beriladi… «Inson qalbiga dastavval qanaqangi fazilat urug‘larini qadamoq lozim?» – qabiladagi savolga albatta insoniy fazilatlar, insonni ulug‘laydigan fazilatlar deb javob bermoq kerak. Insonning shu dunyoda Alloh yaratgan narsalar orasida eng mukarrami ekanligini biladigan va o‘zini shu ulug‘vorlikka yarasha tuta biladigan, o‘zi va uning atrofidagi kishilarga munosabatini chuqur anglagan kishi bo‘lib yetishini ta’minlaydigan insoniy fazilatlarning barchasi farzandda mujassam bo‘lishiga harakat qilish har bir ota-onaning burchi. Ota-onani hurmatlash, ularni e’zozlash to‘g‘risidagi tarbiyani avvaldan boshlash kerak. Chunki o‘g‘il bolaning onasiga bo‘lgan muhabbati uning kelgusida ayol zotiga bo‘lgan muhabbatiga va o‘z umr yo‘ldoshiga bo‘lgan muhabbatiga aylanadi. Qiz bolaning otasiga bo‘lgan muhabbati esa keyinchalik butun erkak zotiga va o‘zining umr yo‘ldoshiga bo‘lgan muhabbatiga aylanadi.

Oila a’zolariga munosabat ham shu qabilda, ya’niki kattalarga – hurmat, kichiklarga – rahmat ma’nosida bo‘ladi.

Tevarak-atrofdagi narsalar insonning baxt-saodati uchun va insonning bu dunyoda yaxshi yashab o‘tishi uchun berilgan Allohning ne’mati ekanligini his qilish va shu bois ularni bekordan-bekorga isrof qilmaslik ma’nosidagi tuyg‘u har bir bolaga yoshligidan uqtirib boriladi.

O‘g‘il-qizlarimizni ilmu urfonga tashnalik ruhida tarbiyalash «Ilm talab qilishi har bir musulmon erkak va ayolga farzdir», degan hadis mazmunidan kelib chiqadi.

Kitob, san’at bolaning ruhiy olamiga ta’sir etadigan narsalar albatta. Tabiiyki Islom dini bunga qiziqtiradi. Kitobga bo‘lgan muhabbat, undagi hikmatlarni qadrlash bu – bizning dinimiz tarixida har qancha faxrlansa arzigulik darajada katta e’tiborga sazovor bir hol!

— Turmushimizda ikki xil tushuncha turadi. Ayrimlar: «Bola yoshligida mehnatga ko‘niksin, o‘zi pul topsin, tirikchilik tashvishlariga ko‘niksin», deyishadi. Ayrimlar esa: «Bolaligida pulga o‘rganmagani ma’qul, avval o‘qisin, qolgani keyin bo‘laveradi» deyishadi. Bunday tushunchaning qay biri komil inson tarbiyasiga ko‘proq xizmat qiladi?

— O‘g‘il-qizni yoshligidan o‘ziga xos hunarga o‘rgatish Islom oilalarida avvaldan bo‘lib kelgan. Haligi aytganimizdek, bolaligiga zarar yetkazmagan, uning rag‘batini sindirmagan holda shundoq qilingan. Demak, bola yoshligidan hunar o‘rganaversin. Lekin pulparast bo‘lib qolmasin. Hunar hayot uchun zarurligini bilsin. Tushunsin. Hattoinki pul topish mehnat evaziga halol bo‘lishini anglasin. Lekin zinhor hamma narsani pul bilan o‘lchaydigan bo‘lib qolmasin.

— Ma’naviy tarbiya evaziga bo‘lmasin.

— Shundoq. Ma’naviy tarbiya doim ustun tursin! Ba’zan «ilm olsin, ilm olsin» deydilar. Bola boshlang‘ich maktabni, o‘rta maktabni, oliy maktabni bitiradi va… hunarsiz bo‘lib qoladi. Natijada yigit-qizlar mushkul ahvolga tushib qolishadi.

— O‘g‘il va qizlarimiz necha yoshdan oila qurish sirlaridan voqif etilgani ma’qul?

— O‘g‘il-qiz falon yoshda voyaga yetadi deb qat’iy chegara belgilash qiyin. Chunki voyaga yetish turli mintaqalarda turlicha kechadi. Issiq o‘lkalarda – tezroq, sovuq o‘lkalarda – kechroq bo‘ladi. Oila qurish sirlaridan voqif qilishlik ertaroq boshlangani ma’qul. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning: «Bolalaringizni yetti yoshdan boshlab nomoz o‘qishga buyuring, o‘n yoshidan uring va oralarini ajratib yotqizing» degan hadislari bor. Ya’ni, o‘n yoshida jinsiy his-tuyg‘ular paydo bo‘ladi bolada, shuning uchun ular birga, bir ko‘rpada (hatto bir xonada) yotish tarbiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shundan kelib chiqib 10 yoshidan shu narsalarni, masalan, o‘g‘il bola nima, qiz bola nima, oila qurish nima, unda qandoq holatlarga duch kelinadi – shular asta-sekin ularning yoshiga moslab tushuntirila boradi.

— Bizda o‘rta maktabni bitirayotgan, hatto harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yigitlarga ham yosh bola deb qaraladi. Islom nuqtai nazaridan yigit va qiz necha yoshdan balog‘at pallasiga yetadi? Va necha yoshidan uni mustaqil inson sifatida e’tirof etmoq kerak?

— Bu juda o‘rinli savol. Islomda yigitning ham, qizning ham balog‘at yoshiga yetishini yosh bilan emas, balki ularning o‘zlaridagi jismoniy o‘sish e’tiborga olingan holda belgilanadi. O‘g‘il bolalarning balog‘atga yetishi ehtilom bo‘lish – uyqusida bulg‘anish pallasidan boshlanadi. Bu, boya aytganimizdek, ba’zi bolalarda erta, ba’zilarida kech bo‘lishi mumkin. Lekin shu holat paydo bo‘lganda bolani yigit bo‘ldi deyiladi. Bu degani – voyaga yetdi, bundan keyingi sodir qiladigan ishlariga uning o‘zi javobgar deganidir.

Qiz bolalar esa hayz ko‘rgandan balog‘atga yetgan hisoblanadi. Ular ham o‘sha vaqtdan boshlab o‘zlaridan sodir bo‘ladigan tasodiflarga o‘zlari javobgarlik darajasiga yetadi. Avvallari voyaga yetmaganliklari sababli ota-onalari javobgar bo‘lsa, endi bu vaqtdan boshlab javobgarlikni o‘zlari zimmalariga oladilar. Voyaga yetganliklari shundan bilinadi.

To‘g‘ri, ba’zi bir vaqtlarda o‘sha belgilar sezilmay qolishi mumkin. Bunda ulamolarimiz bizning diyorlarimizda (masalan, o‘g‘il bola ehtilom bo‘lmay, qiz bola hayz ko‘rmay yurgan bo‘lsa) o‘n ikki yoshni voyaga yetish yoshi deb tayinlaydilar.

— «Yosh kuch» sahifalarida qalin berish juda ko‘pchilikka malol kelayotgani, lekin unga chek qo‘yish qiyin ko‘chayotgani haqidagi maktublar bosildi. Islomda mahr va qalin qanday izohlanadi? Ayrimlarning qalin islomiy talab degan qarashiga nima deysiz?

— Bu juda noto‘g‘ri fikr, qalinning Islomga aloqasi yo‘q. Bu – bir bid’at, xurofot narsa.

Haqiqatdan ham qalin masalasi xalqimizni juda chuqur o‘ylantirib, iqtisodiy jihatdan juda og‘ir ahvolga solib qo‘ygan bir dard. Hammamizning qalbimizdagi dard! Xususan, Turkmaniston jumhuriyatida yoki Xorazm taraflarda yoki boshqa viloyatlarimizda shu narsa haddan tashqari oshib ketdi. Qirq ming so‘mgacha pul, o‘nlab qo‘y, mol, kiyim-kechak va boshqa narsalar beriladi qalin uchun. Uning ustiga shuncha narsani topib kelin olgan odam kelindan shu narsalarni undirib olishga urinadi. By – qizlarimizni oldi-sotdi qilish demakdir! Ularning qizligini, latofatini poymol qilishdir. Ularni qullikka maxkum qilish deb tushunamiz biz musulmonlar bu xurofotni! Juda noma’qul ish!

Islomda mahr bor. Mahr qalindan tubdan farq qiladi. Mahr – o‘sha rozi bo‘lib oila qurishga ixtiyor qilgan qizga kuyov ko‘nglidan chiqarib beradigan sovg‘a. Bu sovg‘ani kelin bilan kuyovning o‘zlari belgilashadi. «Bu – kelinning shaxsiy haqqi. Nima so‘raydi, qaysi miqdorda so‘raydi, qandoq qilib so‘raydi – o‘zi biladi. Unga ota-onasi ham, qarindosh-urug‘lari ham haqdor emas, balki yana qaytarib aytamiz – kelinning o‘z shaxsiy haqqi. Olgan mahrini qayerga sarflashni ham o‘zi biladi. Ixtiyori o‘zida. Mahr – kelinlarimizni hurmatlash, e’zozlash, ularning ko‘nglini ko‘tarish, ular shunday bir sovg‘alarga, xursandchilikka sazovor shaxslar ekanligini amaliy ravishda tushuntirish uchun qilinadigan narsa. Lekin afsuski, buni ko‘pchilik noto‘g‘ri tushunadi, mahrni qalin bilan aralashtirib yuboradi.

Mahr ham haddan oshib ketmasligi kerak. Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamning: «Mahri oz kelinning barokoti ko‘p bo‘ladi», degan hadislari bor. Afsuski, bulardan xalqimizning xabari yo‘q, mana sizlar jurnallarda, gazetalarda chiqarsangiz, o‘qib, tushunib, jamiyatimiz, xalqimiz shunday bir og‘ir musibatdan xalos bo‘ladi, degan umidimiz bor.

— Siz so‘zingizning boshidayoq oila erkak ayolni hurmat qilishdan boshlanadi, degan haqiqatni bayon qildingiz. Ya’ni, oila qurish ayolga bo‘lgan hurmat asosida qurilar ekan.

— Shundoq.

— Lekin, mana, oilada erkak kishi bo‘lishi, hal qiluvchi so‘zni erkak aytishi kerak, degan tushunchalarimiz bor. Ayni vaqtda ayol kishiga zulm o‘tkazish, uning huquqlarini cheklash, hattoki kelishmovchiliklar avj olib ketsa, taloq e’lon qilish huquqi ham erkakka beriladi. Hozir ayollarimiz bilan erkaklarimiz huquki teng deyapmiz. Shu narsani ayrim ayollarimiz, qizlarimiz boshqacharoq tushunib oilada «ikki hokimiyatchilik» kelib chiqayapti. Ko‘pgina oilalar ajrashib ketayotganligining sabablaridan biri shunga borib taqalmasmikan?

— Shundoq. Xo‘-o‘sh, oilaning mustahkamligi, er va ayolning o‘ziga xos vazifalari Islomda aniq, ochiq-oydin belgilab qo‘yilgan. Oilaning rahbari – er, buni hech kim inkor qilmaydi. Chunki har bir jamiyatning o‘z boshlig‘i bo‘lishi kerak. Oila esa jamiyatimizning kichik bir g‘ishti. G‘ishtlar qo‘shilib katta bir jamiyat paydo bo‘ladi. Demak, har bir narsaning rahbari bo‘lmasa, yo‘lda yaxshi yurolmaydi. Parchalanib ketadi. Erkak kishi oilaning boshlig‘i musulmonchilikda. Lekin bu – hukmronlik ma’nosida emas, balki mas’uliyat ma’nosida: o‘z hukmini o‘tkazish, xayoliga nima kelsa shuni qilish ma’nosida emas, balki mas’uliyat, javobgarlik ma’nosidagi rahbarlikdir.

Islomda ayollarga zulm o‘tkazish, ularning huquqlarini cheklash degan tushuncha yo‘q. «Qizingizni dindor kishiga bering, dindosh kishi yaxshi ko‘rsa – hurmat qiladi, yomon ko‘rsa – zulm qilmaydi, chunki zulm qilishni din ta’qiqlaydi», deyiladi Islom hikmatida. Chunki xorlashni din man qilgan. Xotinni xorlagan odam gunohkor bo‘ladi, gunohkor bo‘lishdan qo‘rqib ayoliga zulm o‘tkazmaydi.

Erkaklarning rahbarligi, hali aytganimizdek, javobgarlik ma’nosida – oilaning hurmatini saqlash, uning jamiyatdagi mavqeini ko‘tarish va erkaklarga xos bo‘lgan ishlar bilan oilani ta’minlash. Bundoq qilib aytganda – ko‘cha ishlarini o‘zi qilish.

Hozirgi vaqtda «teng huquqli» deymizu, bozor-o‘charni ayollar qilishyapti, og‘ir-og‘ir yuklarni ko‘tarib kelayotgan ayollarni ko‘ramiz. Haqiqiy musulmon oilada esa bunga yo‘l qo‘yilmaydi. Oilaning tashqarisida bo‘ladigan ishlar erkak kishining tabiatiga to‘g‘ri keladi. Oilada, ro‘zg‘or ishida esa ayollar hukmron. Ularning huquqi erkaklarnikidan ustun. Masalan, falon narsani olib keling, piston narsani qiling, oziq-ovqat, engil-boshlar bilan ta’minlang deyish – ularning haqqi. Erning esa – burchi.

Demak, Islom dinida oiladagi vazifalar erkaklarning erkakligiga, ayollarning ayolligiga qarab adolat bilan taqsimlangan.

Taloq berish huquqi erkaklarda bo‘lishi ko‘proq zulm ma’nosida tushuniladi. Lekin chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa bu hech qanday zulm ma’nosini anglatmaydi, xo‘p, oila qurish uchun qayg‘urgan kim – erkak, kelin axtargan kim – erkak, oilaning yashash joyini tayyorlagan – erkak, oila qurish sarfiyotini zimmasiga olgan – erkak, oilaning boshlig‘i – erkak. Shunday ekan, nima uchun endi taloq huquqi erkaklarning ixtiyorida bo‘lmasligi kerak? Bu ham erkakning tabiatidan kelib chiqib unga berilgan haq. Lekin bu haqni to‘g‘ri yo‘lga ishlatish ta’limoti ham borki, uni unutmaslik kerak. Islomda ko‘ringan yerda taloq qo‘yaver degan ta’limot yuq. Noiloj qolganda, yashash imkoni umuman ko‘zga ko‘rinmay qolganda ruxsat beriladi bunga. Shunda ham uchga bo‘lib aytiladi: bir marta aytdimi, keyin afsus qilsa yarashish mumkin. Ikkinchi marta ta’bir bo‘ldimi, yana afsus qilsa – yana yarashish mumkin. Uchinchi marta aytilsa…

Mana shu sabablarni e’tiborga olib Islomda taloq erkak kishining haqqi qilib berilgan. Taloq qilish ayollarning ayollik tabiatiga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki ayollarimizning o‘zlari latif, his-hayajonlari juda nozik, ehtirosga boy, achchiqlari tez chiqadi. Agar Xudo ko‘rsatmasin, taloq haqqi ularga berilsa, arzimas ziddiyatli daqiqalarda ham ehtiros ustun kelishi hech gap emas.

Favqulodda uchinchi bir holatlar bo‘ladiki, unda hammasini qozi hal qiladi. To‘g‘ri, qozining oldida har kim oilaviy sirini ochiq aytish imkoniga ega emas. Er-xotin o‘z sirlarini uchinchi shaxs bilishini xohlamaydi. Shu bois ham taloq halol hisoblansa-da, juda yomon mumkin narsa deb ataladi.

«Halollarning ichida xudo eng yomon ko‘rgan halol, bu – taloq» deydilar Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam. Ya’niki: «Agar biror yerda taloq sodir bo‘lsa, Allohning arshi larzaga keladi». Ana shunday Xudo xush ko‘rmagan ish bu!

Bu aqidani o‘ylamay-netmay xotinlarini taloq qilayotgan erlarga yetkazishimiz kerak. Toki, ular achchiqlanibmi, gohida harom-xarish narsalarni ichib mast bo‘lib olibmi, gohida arzimas janjal-mojaro oqibatidami og‘izlariga «taloq» so‘zini olavermasinlar.

— «Taloq» so‘zini og‘izga olishning o‘zi mas’uliyatli deng?

— Juda! Bu – ayollarga zulm o‘tkazish uchun erkaklarga berilgan huquq emas, balki noiloj qolganda, zarurat tug‘ilib, bundan boshqa iloj qolmaganda – oxirgi chora ma’nosida berilgan chora. Shunda ham Xudoning g‘azabini keltiradigan chora. Arshini larzaga soladigan chora. Buni chuqur tushunmoq kerak.

— Muftiy hazratlari, matbuot xabarlariga ko‘ra, hozir mamlakatimizda bir milliondan ortiq yetim bola bor ekan. Buning naqadar ayanchli ekanini tasvirlashga til ojiz. Shu bahonada mavzuni mehr-shafqat bahsiga bursak degandim. Siz yuqorida aytganlaringizdan kelib chiqsak, Islom hamma vaqt insonni mehr-shafqatga da’vat qiladi. Bizda esa tirik yetimlar ko‘payib ketyapti. Axir o‘z pushti kamaridan bo‘lgan murg‘akka, to‘qqiz oy ko‘tarib yurgan va yorug‘ dunyoga keltirgan qora ko‘ziga mehr-shafqat ko‘rsatolmagan odam o‘zgalarga qandoq qilib mehr-shafqatli bo‘la oladi.

— Hech, hech kutish mumkin emas. O‘zidan bo‘lgan bolaniki, inkor qilib, uni tirik yetimga aylantirgan shaxs bu insoniylik chegarasidan chiqqan, insoniylikni unutgan shaxs bo‘ladi. O‘zgalarni emas, balki o‘zini hurmat qilolmaydigan shaxs. Bolasini inkor qilgani – o‘zini inkor qilgani. Shuning uchun biz xalqimiz ichida tarbiyaviy ishlarni ko‘plab olib borishimiz kerak, tushuntirishimiz kerak, bu ayanchli holatdan tezroq qutilishimiz zarur. Murg‘ak go‘daklarning aybi nima? Ota-onaning mehridan uzoq joyda tarbiyalanish orzusida tug‘ilganmidi ular, axir?! Bu narsalarni o‘ylashimiz kerak. Shuning uchun oila qurayotgan, farzand ko‘rish arafasidagi yoshlarimizga bu narsalarning mas’uliyatini chuqur tushuntirmog‘imiz kerak. Avval ham aytib o‘tdik – farzand bu Allohning ne’mati. Bu ne’matni avaylash kerak, e’zozlash kerak. Tarbiyalab xalqimiz, vatanimiz uchun manfaat keltiradigan shaxslar sifatida voyaga yetkazishimiz kerak.

Endi hozirgi kunda xohlaymizmi-xohlamaymizmi, jamiyatimizda hattoinki ikkinchi jahon urushi yillaridagidan ham ko‘payib ketibdi yetimlar. Ularning boshini silash, ularni tarbiyalash, ularni jamiyatimizga manfaat keltiradigan kishilar qilib voyaga yetkazish siz bilan bizning, barchaning burchiga aylanib qoldi. Yetimparvarlik – Islom dinidagi insoniy fazilatlarning eng ulug‘ ko‘rinishlaridan biri. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam aytganlaridek: «Bir yetimni boqayotgan, boshini silayotgan xonadon musulmon oilalari orasidagi eng yaxshi xonadondir».

Shuning uchun yetimlarga mehr-shafqat ko‘rsatish ularning murg‘ak qalbidagi ota-ona hijronining o‘rnini to‘ldirish, har bir musulmonning burchi hisoblanadi. Toki, bunday bolalar mehr-shafqat ko‘rmay – jamiyatimizga nafrat, ko‘nglida noma’qul bir tuyg‘u bilan o‘smasinlar. Balki muhabbat, jamiyatimizdan doimo rozi bo‘lgan holda voyaga yetsalargina kelajakda xalqimizga, vatanimizga foyda keltiradigan shaxslar bo‘lishadi.

— Turli xil jinoyatlar ko‘payib ketayotgani, chunonchi qandaydir arzimas buyum – matohni qo‘lga kiritish uchun odamni haqorat qilish, jabrlash, zo‘rlash, o‘ldirishgacha borib yetish hollari keskin ortayotgani rahm-shafqat hissi yo‘qolayotganidan, taqchillashayotganidan dalolat beradi. Bu illatning ildizi nimalarga borib taqaladi? Qur’onda: «Inson mukarram zot», degan oyat bor deb eshitganman…

— Turli jinoyatlarning ko‘payib ketayotgani va shu jinoyatlarni sodir qiluvchilar orasida yoshlar, o‘spirinlarning soni ortib borayotgani butun xalqimiz qatori biz musulmonlarni ham chuqur iztirobga solib turibdi. O‘ylab ko‘rsak, haqiqatdan ham sodir bo‘layotgan jinoyatlar moddaparastlik, ya’niki moddiy manfaatni ko‘zlab sodir qilinyapti. Ba’zan birovni cho‘ntagida pul bormikan-yo‘qmikan degan taxminda urib, mayib qilish, hatto o‘ldirish hollariga ham borilmoqda. Jabrdiydaning yonidan 3 so‘m chiqsa chiqadi, chiqmaydigan hollari ham bor. Bu narsalar hammasi haligiday – moddiy maifaatni, ishlamasdan, mehnat qilmasdan osonlikcha topish ruhida tarbiyalangan kishilar tarafidan sodir bo‘lyapti. Bu illatning bosh sababi, fikrimizcha, ruhiy tarbiyaning – ma’naviy tarbiyaning yetishmasligidir. Biz dindorlarning tili bilan aytganda – diniy tarbiyaning yetishmasligidan kelib chiqmoqda!.. Hozirgi kishilar birovning haqqi nima, birovga ozor berish nima, birovni urish, so‘kish nima – hech e’tiborga olishmay qo‘ydi. Biz esa birovning haqqi harom, birovni so‘kish gunoh, birovni urish undan katta gunoh deb o‘rgatamiz. Mana shuni his qilgan, shu tarbiyada o‘sgan odam hech kimni urmaydiyam, turtmaydiyam, so‘kmaydiyam, o‘ldirmaydiyam – hattoinki, ko‘chada tushib yotgan molini olmaydiyam birovning haqqi deb.

Lekin quvonchlisi shuki, jamiyatimiz bu boradagi xatoni tushunib yetdi. Hozirgi kunda shu haqda qayg‘urmoqda, o‘ylaymizki, hamma hamjihat bo‘lib, shu illatni jamiyatimizdan chiqarib tashlashga o‘z hissasini qo‘shsa, inshoalloh yaqin kelajakda shu ijtimoiy illatdan qutilamiz degan umid bor. Qur’onda: «Inson mukarram zot», degan oyat bor. To‘g‘ri, bu oyatning bir qismi, xolos. O‘zi aslida oyatni to‘laligicha keltirsak «Biz inson zotini mukarram qilib yaratdik va uni yer yuzida, suvda pok narsalardan rizqlantirdik, yerda, suvda yuradigan qilib, vaqtlarini yaratib berdik va o‘zimiz ham qilgan ko‘pgina narsalarimizdan afzal qilib qo‘ydik». Shu oyatga binoan inson Alloh taolo yaratgan narsalarning orasida eng afzalidir. Eng afzali bo‘lishi yana Alloh taoloning yerdagi xalifasi bo‘lish, ya’niki, o‘rinbosari bo‘lish ma’nosi bilan mukammallashadi. Qur’on ta’limotiga binoan inson Allohning yer yuzidagi xalifasi. Bu insonni juda ulug‘laydigan martaba. Inson hamma maxluqotlardan ulug‘i, boshqa narsalar insonning baxti-saodati uchun, xayri uchun Alloh tomonidan yaratilgan degan Islomiy tushunchani keltirib chiqaradi.

Endi insonning vazifasi esa mana shu o‘zining ulug‘ martabasiga yarasha bo‘lishdir. Uni shunday martabaga ko‘tarib qo‘yibdimi, barcha narsalarni uning xayri uchun, baxt-saodati uchun yaratib qo‘yibdimi, mana shu narsalardan to‘g‘ri foydalanmog‘i kerak.

— Islom aqidasiga ko‘ra mehr-shafqat yillar va zamonlar o‘tishi bilan ko‘payadimi yo kamayadimi? Masalan, mehrshafqat, muruvvat tuyg‘usi 40 – 50 yillardan keyin qay ahvolga tushadi – ahvol hozirgidan yaxshilanadimi yoki?..

— Kelajak to‘g‘risida bashorat qilish – undoq bo‘ladi – bundoq bo‘ladi deb aytish bizning aqidamizga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki g‘ayb ishini Allohning o‘zi biladi. Lekin tajribalardan xulosa chiqarib shunday bo‘laversa – mana bundoq bo‘lishi mumkin, degan taxminiy xulosalar aytish mumkin. Agar biz avvalgidek o‘z holiga tashlab qo‘ysak, albatta oqibati yaxshi bo‘lmasligi mumkin. Lekin mehr-shafqat, muruvvat singari go‘zal fazilatlar jamiyatimizda o‘z o‘rnini topishi, insonlarga manfaat keltiradigan bir darajada bo‘lishi uchun kurashishimiz lozim. Shundagina yomon oqibatlarning kelib chiqmasligiga umid qilsak bo‘ladi.

— Tevarak-atrofni, suvni, havoni, tuproqni, hayvonotu nabototni asrab-avaylash odamlarga bo‘lgan mehr-shafqatdan kam bo‘lmasligi kerak. Bu xususda Islomning ta’limi qanday?

— Bunday ta’lim-tarbiya Qur’on oyatlarida va Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam hadislarida juda ham ko‘p. Avval ham aytib o‘tdik – biz yashayotgan koinotdagi, yer yuzidagi barcha narsa insonning baxt-saodati uchun Alloh taolo tomonidan insonga ne’mat qilib berilgan. Shu ne’matning qadriga yetish esa insonning burchi! Ne’matning qadg riga yetish uni asrash bilan, isrof qilmaslik bilan bo‘ladi.

Hozirgi kunda muhim masalalardan biriga aylanib qolgan tabiatni muhofaza qilish deymizmi yoki ajnabiy tilda aytganda – ekologiya masalalari deymizmi – bu hammasi Islomda o‘z javobini topgan. Qur’on oyatlarida, Payg‘ambar sallollohu alayhi vasalamning hadislarida bu masalalarni yechishga javob tayyor. Men o‘zim shaxsan «Sovet Sharqi musulmonlari» jurnali sahifalarida shu masalalarga atab «Islom va atrof-muhitni muhofaza qilish» unvoni ostida to‘rtta katta maqola yozdim. Shu maqolani tayyorlash, yozish jarayonida shunday dalillarga duch keldikki, haqiqatda Qur’ondagi oyatlar, hadisdagi ma’nolar hozirgi kunimizni ko‘zlab aytilgandek. Unda suv to‘g‘risida masalalar ham bor. Hayvonot olami, nabotot olami va atrofimizni o‘rab turgan boshqa barcha narsalarni to‘la-to‘kis himoya qilish, saqlash, ularni buzmaslik, isrof qilmaslik to‘g‘risida ta’limotlar bor. Bu narsalarni, masalan, insonga moddiy manfaat yetkazib turgani uchungina emas, balki insonni o‘zining ma’naviy burchi sifatida ham targ‘ib qilinadi. Hattoki shu masalalarda insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishiga sabab bo‘ladigan darajada talqin qilinadi. Misol uchun Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamning umri fahsh ish bilan o‘tgan ayol chanqoqdan o‘layotgan bir itga suv tutib qo‘yib jannatga kirishga sazovor bo‘lgani, umrini ibodat bilan o‘tkazgan shaxs, bitta mushukni bog‘lab qo‘yib ovqat bermasdan o‘limiga sabab bo‘lib, do‘zaxga tushishga hukm bo‘lgani to‘g‘risidagi hadislari borki, – bu, – jondorga mehru shafqatli bo‘lishning naqadar ulug‘ savobga loyiqligini ko‘rsatadi.

Nabotot olamiga va boshqa narsalarga e’tibor bobida ham islomning ta’limi shunday.

— O‘zgacha mehr-shafqat ko‘rsatmoqchi bo‘lgan odam avvalo o‘z qadr-qimmatini anglagan bo‘lmog‘i kerak. Jamiyatimizda har bir inson insoniy shart-sharoitda mehnat qilish huquqiga ega. U ma’rifatli bo‘lmoq haqida tinimsiz qayg‘urishi, izzat-nafs, o‘zligini tanish, gurur tarbiyasini unutmasligi zarur. Nochorlik ayb emas, lekin nochorlikka ko‘nikish ayb deganlaridek insoniy yashashni talab qila bilish eng oddiy huquqiy erk emasmi? Kishilarimiz joylardagi qiyinchiliklarga sabr-qanoat haqida va shu qiyinchiliklarga qarshi kurash haqida ikki xil tushunchadalar.

— Qiyinchiliklarga sabr-qanoat ma’nosida gapiradigan bo‘lsak, agar qiyinchilik boshqalar aybi bilan emas, balki xalqning boshiga tushgan ommaviy (masalan, tabiiy ofat, o‘lim singari) narsa bo‘lsa unga sabr qilish kerak, lekin ko‘zga ko‘rinib turgan sabab bilan nohaklik, zulm orqasida bo‘layotgan qiyinchilik bo‘lsa, unga qarshi chiqish kerak. Biz musulmonlarning aqidasi shu.

— Hozir aniqlanayotgan illatlarning bosh sabablaridan biri insonning insonning muteligiga borib taqaladi. Yoshi ulug‘larni, martabali shaxslarni hurmat qilish bilan ularga mutelarcha bo‘yin egish, «rahbar aytdi», «rahbar buyurdi» deb jinoyatga qo‘l urish, hurmat bilan mutelikni aralashtirib yuborish hollari kuzatildi jamiyatimizda. Ana shular haqida Islom nima deydi? «Beayb parvardigor» degan ulug‘ aqida har qanday odam zoti sig‘inishga noloyiq ekanligini ko‘rsatmaydimi?

— Mutelik itoat qilish ma’nosini anglatadi, lekin uning chegarasi bor. Agar qilinayotgan ish to‘g‘ri bo‘lsa, haqiqat yo‘lida bo‘lsa, masalan Alloh aytganu, shariatning ko‘rsatmasiga binoat mansabdor shaxs buyruq bersa – uni bajarish kerak. Lekin buyruq noto‘g‘ri bo‘lsa, zulumona bo‘lsa, harom yo‘lga bo‘lsa unda itoat qilish buyurilmaydi.

— Kim buyurganidan qat’iy nazar-a?

— Kim buyurganidan qat’iy nazar! Mana, Hadisi sharifda Allohga mas’uliyat bo‘ladigan ishda bandaga itoat qilinmaydi, deyiladi. Misol uchun, birovni ikkinchi mansabdor shaxs pora olishga vositachi bo‘lishga buyursa, bu odam agar musulmon bo‘lsa – ko‘nmaydi. Musulmon pora olmaydi, pora bermaydi, ular orasida vositachi ham bo‘lmaydi.

— Demak, Islom falsafasida yer yuzida sig‘inadigan narsa ham yo‘q, inson ham yo‘q deyilmoqchi?

— Hech, hech yo‘q!

— Kimligidan qat’iy nazar?

— Kimligidan qat’iy nazar! Hurmat o‘z yo‘liga, hurmat qilish mumkin? Faqat itoat – Allohga. Boshqaga itoat qilinmaydi.

— Allohga, Paygambarga sig‘inish inson erkini chegaralab qo‘ymaydimi? Islomning besh farzini ado etish mo‘min kishini ulug‘lashi aniq. Lekin ularni bajarishni shart qilib qo‘yish mutelikka olib bormasmikin?

— Xo‘-o‘-p, avval aytib o‘ttanimizdek, Islomda Allohdan boshqaga sig‘inish yo‘q, shu jumladan Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamga ham sig‘inilmaydi. Payg‘ambarni hurmat qilish, u kishi ko‘rsatgan yo‘ldan borish mumkin. Lekin sig‘inish ma’nosi yo‘q. Sig‘inish, ya’ii ibodat faqat Allohga bo‘ladi. Shuning uchun Islomda shaxsga sig‘inish degan narsa bo‘lishi mumkin emas. Allohga sig‘inish esa erkni chegaralash ma’nosida emas, balki aksincha – insonni erkli qilib qo‘yish ma’nosida. Alloh ulug‘ zot. Har qancha sig‘inishga sazovor zot. Unga sig‘inish insonning qadrini pastlatmaydi, balki ulug‘laydi. Inson shunday ulug‘ Allohga bevosita murojaat qilish, u bilan yuzma-yuz kelish darajasiga ko‘tariladi. Demak, ulug‘lanadi. Ulug‘lanish – o‘zini erkin tutish, Allohdan boshqa hamma narsaga sig‘inishdek mutelikdan voz kechish ma’nosini anglatadi.

«Besh farzni ado etish – insonni mutelikka olib bormaydimi?» – degan savolga ham javob shu. Bu mutelik emas. Besh farzning har birida ulkan ma’nolar bor. Xoh u shahodat bo‘lsin, xoh namoz bo‘lsin, xoh ro‘za bo‘lsin, xoh zakot bo‘lsin, xoh haj bo‘lsin – bularning barchasi insonni avvalo mana shu dunyodagi hayotida katta-katta manfaat keltiradigan, qolaversa, oxiratda jannatga kirishni ta’minlovchi narsalar. Bularning bari insonni ulug‘lash.

— Qur’onning «Iqro!», ya’ni «O‘qi!» – degan da’vat bilan boshlanishi, unda: «Beshikdan to tobutgacha bilim ol», «Olimning o‘limi – olamning o‘limi», singari hikmatlar borligi ham qulog‘imizga chalingan. Demak, Islom odamlarni hamma vaqt ilm-ma’rifatga da’vat etadi. Bir ateist olimimiz gazetada: «Fan-texnika taraqqiy etgani sayin din ijobiy tomonini yo‘qotib boradigan hodisalar sistemasiga kiradi», deb yozdi. Bundan Islom fan-texnika taraqqiyotiga zid degan ma’no chiqmaydimi?

— Qur’onning «O‘qi!» – degan da’vat bilan boshlanishi to‘g‘ri, lekin «Beshikdan to tobutgacha bilim ol», «Olimning o‘limi – olamning o‘limi», degan so‘zlar hadisda kelgan, Qur’onda emas. Qur’on bilan hadisni farqlamog‘imiz kerak. Qur’on Allohning kalomi, hadis – Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamning kalomidir. Xo‘-o‘-p, Islom dini insonlarni ma’rifatga, ilmga da’vat etishini hamma tan oladi. Endi, siz aytgan xudosiz olim o‘z iborasini qaysi din munosabati bilan aytgan, buni men bilmadim. Boshqa dinlarga bo‘lgan munosabati qanday bo‘ladi – uni o‘zlari o‘ylab ko‘rsin. Lekin Islomga bu xil hukm to‘g‘ri kelmaydi. Biz aytamizki, fan, madaniyat, ilm o‘sgani sari Islomning mo‘jizalari yanada ravshanroq ko‘rina boradi. Shuning uchun inson madaniyatining tinimsiz o‘sishini tan oladi. E’tirof etadi. Balki qiziqtiradi. Balki chorlaydi. Ilm-fanga qarshi chiqish degan ma’no hech qayerda yo‘q. Hozir ilm-fanning o‘sishi Islom falsafasidagi ko‘pgina aqidalarni tasdiqlamoqda. Bunga juda ko‘p dalillar keltirishimiz mumkin. Misol uchun bir vaqtlar ro‘za tutish sog‘liqqa zarar degan «ilmiy» gaplar bor edi. Lekin hozir och qoldirib davolash butun dunyo bo‘yicha urf bo‘lib ketyapti. Demak, ixtiyoriy och qolish zarar emas ekan. Buni, musulmon bo‘lmagan, Qur’ondan, hadisdan bexabar olimlar tasdiqlashyapti.

Yana bir misol: angliyalik yirik bir okeanolog Qur’ondagi «Oqimning ostida oqim bor» degan oyatni o‘qib okeanga tushsa, haqiqatdan ham oqim bor ekan! Shunda u, demak ilm Allohdan bo‘lmasa ilmsiz, savodsiz Muhammad degan odam bu gaplarni aytolmas edi, degan fikrga kelgan.

Ilm-fan qancha taraqqiy etsa dinimizning nufuzi shuncha ortaveradi.

— Boyagi ateist olimimizning chiqishida yana shunday jumla bor edi: «Qur’onda Yulduzlar osmon qattiqligiga yopishtirib qo‘yilgan… yer tekislikdan iborat, biror tomonga og‘ib ketmasligi uchun u yer-bu yerga posangi sifatida tog‘lar o‘rnatilgan» deyilgan. Agar bunday so‘zlar bor bo‘lsa u «Kullun fi falakun yasbahuun» degan jumlani inkor etmaydimi?

— Menimcha, o‘sha ateist olimning Qur’ondan deb yozgan jumlasini «Yosh leninchi» gazetasida e’lon qilingan «Dahriylik va qadriyat» maqolasidan olgan bo‘lsangiz kerak. Shu maqola chiqqan kunlari musulmon vakillari siz aytgan jumlalar ostiga chizib: «Bu – Qur’on uchun tuhmat-ku?! Musulmonlarning ilohiy kitobidagi yo‘q narsani undan deb yozib odamlarga tarqatishning nima zarurati bor?» – degan e’tiroz bilan kelishdi. Oddiy musulmonlar. Demak, oddiy musulmonlar ham farqiga boradigan narsani Qur’ondan deb yozishga jur’at qilgan odam nimaga asoslanib bunday qildi ekan – men buni bilmadim. Lekin biz: «Xafa bo‘lmanglar, adashishgandir, tushunishmagandir, aytamiz, tushuntiramiz», degan so‘zlar bilan musulmonlarni hovridan tushirishga muvaffaq bo‘ldik. Lekin shunday maqolalar yozuvchi kishilardan ham iltimoski, bunaqa narsalarda juda ehtiyot bo‘lishsa yaxshi bo‘lar edi. Takrorlayman – siz o‘qib bergan so‘zlar Qur’onda yo‘q! Yo‘q narsani Qur’ondan deb yozish ilmiy odobning qaysi bobiga to‘g‘ri keladi – men buni bilmadim. Siz aytgan «Kullun fi falakin yasbahuun» bor. «Yosin» surasidagi bu jumla osmondagi quyoshu, yeru, oyu – hammasi osmon bo‘shlirida suzib yuradi, degan ma’noni anglatadi.

— Shu vaqtgacha maktab darsliklarida din kishilari Yer tekis, u xo‘kizning shoxida, baliqning dumida turadi deydilar, deb o‘qitilar edi. Ularning bari bo‘hton ekan-da? Din vakillari shu bo‘htonga o‘z vaqtida tegishli munosabat bildirmaganiga hayronman.

— Shuni aytib o‘tish kerakki, Yer – tekis, u ho‘kizning shoxida turadi, ho‘kiz esa baliqning ustida turadi degan gap, bu – isroiliyot deb atalmish qissalardan kelib chiqqan. Ya’niki, bani Isroil qabilasidagilarning tasavvuri. Ular o‘zlaricha shunaqa tasavvur qilib qissaxonlik qilib yurganlar.

— Bir xayoliy rivoyat, hikoya ma’nosida aytishgan-da?

— Ha, afsuski, ba’zi bir shunday rivoyatona hikoyalar uncha tekshirib yozmaydigan qadimgi musulmon mualliflarining kitoblariga aralashib qolgan yeri ham bor. Buni tan olish kerak. Lekin uning noto‘g‘ri fikr ekanligini savodli musulmonlar yaxshi tushunishadi. Shuning uchun ham o‘sha rivoyatni Qur’on haqiqati deb olishga hech kimning haqqi yo‘q.

— Uchar likobchalar, umuman o‘zga sayyoralarda hayot bor-yo‘qligi haqida Qur’onda bashorat bormi?

— Hozirgi bizning Qur’onni tushunib o‘qiyotgan ilmimiz asosida unday bashoratlar yo‘q.

— Qur’onda: «Payg‘ambarlar shaharlardan chiqadi», degan oyat bormi?

— Shu savol, menimcha, o‘rinsiz.

— Muftiy hazratlari, endi adabiyot mavzuidan bir-ikki savol bersam. Jahon adabiyotining buyuk namoyandalari F. Dostoyevskiy, L. Tolstoy, J. Joys din falsafasini chuqur egallagan shaxslar bo‘lishgan. O‘zimizning klassiklar, jumladan Abdulloh Qodiriy ham Islomni yaxshi bilganiga shubha yo‘q. XX asrning ulkan yozuvchisi amerikalik U. Folkner: «Injil hamma vaqt mening stolim ustida turadi» degan. Men bir qalamkash sifatida hozirgi adabiyotimiz haqida o‘ylab, xususan nasriy asarlarimizning nochorligi boisining bir chekkasi keksa-yu, yosh adiblarimiz dinni, Qur’onni, diniy falsafani teran bilmasligida, deb o‘ylayman. Shundan kelib chiqib Qur’onni o‘zbekchalashtirish, uning ma’rifatidan ziyolilarimizni, xalqimizni bahramand ettirish mumkin emasmi?

— Bu fikringizga qo‘shilaman. Hozirgi kunda agar jumhuriyatimizda sanoqli yozuvchi yoki shoirlarimiz yozayotgan narsalarga xalqning muhabbati tushib turgan bo‘lsa, o‘shalarning dindan xabari bor. Nomlarini aytishning hojati yo‘q. Shaxsan o‘zim o‘ylashimcha ham Qur’on ma’nolaridan, hadis ma’nolaridan qisman xabardor kishilarning yozayotgan asarlari sermazmun chiqadi. Bu to‘g‘ri. Endi Qur’onni o‘zbekchalashtirish, bu – hozirgi kunimizning zarurati. Bu hammaning – ziyolilarimizning ham, xalqimizning ham faxri. Shuning uchun bu borada harakatlar boshlandi. Hozir Toshkent Davlat dorilfununining arab tili kafedrasida bu ishga qo‘l urilmoqda. Diniy idoramizda ham Qur’onning o‘zbek tilidagi qisqacha tafsirini chiqarish rejasi tuzilyapti.

— Klassik adabiyotimizda tasavvuf adabiyoty juda katta o‘rin egallaydi.

— Shunday.

— Fariuddin Attor, Navoiy, Jomiy, Yassaviy va hokazo buyuk shoirlarimiz tasavvufning vakillari. Diniy boshqarma tomonidan ularning majmualari, devonlari chiqarilsa, maxsus sharhlar berilsa, kitobsevar xalqimizga tarqatilsa degan orzularimiz bor edi.

— Juda yaxshi bo‘lardi. Lekin bizning imkoniyatlarimiz hozirgi kunda juda oz. Biz hali xalqimizni bosh diniy adabiyot bilan ham ta’minlab ulgurganimizcha yo‘q. Misol uchun Qur’on hech-hech yetishmaydi. Hadis kitoblari yetishmaydi. Oddiy boshlang‘ich diniy ta’lim beradigan kitoblarni ham xalqimizga yetkazib berolganimiz yo‘q. Agar biz oldimizdagi mana shu birinchi vazifani ado etib ulgursak, undan keyin, inshoolloh, siz aytgan badiiy merosimizga qo‘l ursak bo‘ladi.

— Qur’ondan tashqari Islom falsafasiga oid yana qanday mumtoz asarlarni o‘qishga tavsiya qilgan bo‘lur edingiz?

— Qur’ondan keyin bizda hadis turadi. Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam hadislari. Hadislarni Qur’onning jonli tarjimasi desak bo‘ladi. Va unga qo‘shimcha sharhlar desak ham bo‘ladi. Hadisi sharif juda chuqur ma’noli, har bir o‘qigan inson takror va takror o‘qisa ham malol kelmaydigan, har qayta o‘qiganda yana yangi-yangi ma’no kasb etadigan meros. Mana shuni men o‘qishga tavsiya qilgan bo‘lardim. Undan keyin Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamning siyratlari – hayotiy yo‘llari to‘g‘risidagi islomiy kitoblar bor. Umuman Islomga taalluqli har bir, kitobda ulkan-ulkan ma’nolar bor. Har qanday kitobni o‘qigan odam menimcha zinhor-zinhor afsus qilmaydi.

— Ma’lumki, xalqimizda vatan tuyg‘usi, millatga hurmat tuyg‘usi yuksak fazilatlardan sanaladi. Eshitishimizga qaraganda, Islomga bo‘lgan e’tiqod bunday tuyg‘ular, tushunchalardan yuqori turar ekan. Shu to‘g‘rimi?

— Albatta, Islom millat, qabila yoki chegara degan tushunchalardan ustun turadi. Islom kishining millatiga, taiasining rangiga, nasl-nasabiga qarab emas, balki har kimni insoniyligiga qarab ulug‘laydi. Shuning uchun Allohning huzurida taqvodor bo‘lgan shaxs ulug‘ hisoblanadi.

— Har qanday millat kishisi – teng?

— Teng. Tenglikka teng, hatto Hadisi sharifda aytilganidek, taroqning tishlari qandoq bo‘lsa – shundoq teng.

— Alisher Navoiy va umuman klassik shoirlarimiz yor, muhabbat, vasl deganda Xudoni, uning jamoliga yetishishni nazarda tutganlar degan mulohazalar uchraydi. Shu haqdagi fikringizni o‘rtoqlashsangiz.

— Juda to‘g‘ri fikr bu. Tasavvuf ahllarining she’r yozish chog‘ida o‘z ramziy belgilari bo‘lgan. Yor deganda Allohni, may deganda Allohning zikrini tushunish va boshqa o‘zlariga xos iztiroblari bo‘lgan. Misol uchun Umar Xayyom juda katta tasavvuf shoirlaridan biri. U kishining ijodi ham Allohning muhabbati, may deganda Allohning zikri bayonida yozilgan she’rlardan iborat. Bu – ramziy she’rlar. Ramzning ma’nosini bilganlar, chuqur o‘rganganlar bu baytlarning haqiqiy ma’nosini anglab yetadi. Yaqinda Ibrohim Haqqulovning shunday maqolalarini «Yoshlik» jurnalida o‘qidim. Shuningdek, bu borada men hurmatli olimimiz Alibek og‘a Rustamovni mukammal tushunadigan kishilardan deb bilaman. Uylaymizki, u kishi o‘zlarining kelajak chiqishlarida shu ma’nolardagi baytlarni sharhlab sizlarning o‘quvchilaringizga ham tushuntirib bersalar – juda katta xizmat qilgan bo‘lar edilar.

— Ramz haqida gapirdingiz. Nima sababdan hilol va yulduz Islomning ramzi sifatida tanlangan. Ular nimani anglatadi?

— Bu Islom ramzi emas. Hilolning tanlanishida usmoniylar davridagi voqealar sabab bo‘lgan. Kunstuniya (Konstantinopol) shahrini ishg‘ol qilish paytida: «Hilol ko‘ringanda hujum boshlaymiz», degan shartli belgi bo‘lgan. Hilol ko‘ringanda hujum boshlanib, g‘alabaga erishilgach uni o‘zlariga ramz qilib olishgan. Keyin usmoniylar Islom yurtlarida bir necha yillar hukmronlik qilishgan. Shular orqali hilol ramzi butun Islom olamiga tarqalgan.

— O‘tmishda yashagan buyuk bobokalon allomalarimiz shubhasiz din ilmini mukammal egallashgan. Shunday ekan, hozirgi diniy boshqarma ayni choqda dunyoviy ilm markaziga aylansa. U yerda hozirgi ilm-fanning dunyoviy miqyosidagi allomalari yetishib chiqishini orzu qilish mumkinmi?

— Yaxshi bo‘lardi. Bu – bizning orzuimiz. Lekin bunga yetishishning o‘zi bo‘lmaydi. Hozirgi kunda diniy xodimlarni tayyorlashning o‘zi qiyin muammo. Biz hozir din xodimlariga juda ham chanqoqmiz. Shuning uchun bizning birinchi vazifamiz hozirgi vaqtda xalqimizning diniy xizmatini qiladig‘on kishilarni tezroq, puxtarok, qilib tayyorlab berish.

— Kechirasiz, diniy xodimlar deganda malakali, ilmiy xizmatchilarni nazarda tutayapsiz-da?

— Ha, malakali diniy xizmatchilarni tayyorlab berishimiz kerak. Agar ular yetarli bo‘lib, keyin imkoniyatlar yanada kengaysa, bizda sharoitlar vujudga kelsa, haligi siz aytayotgan fikr juda to‘g‘ri. Chunki hozirgi kunda Islom olamida mana shu narsalarga juda katta e’tibor berilyapti. Dinimizning ruhi ham aslida shu.

— «Izvestiya» gazetasida bir xabar chiqdi: Ufada ikki yillik maxsus diniy kurs tashkil etilibdi. Savodli, malakali din kishilarini yetishtirishda shunday tajribalarni bizda ham amalga oshirishning iloji bormi?

— Bu – bugungi qayta qurish, oshkoralik, xalqchilik siyosatining sharofati. Yangi o‘quv yilidan Boku Islom o‘quv yurti ochilishi ko‘zda tutilyapti. Shuningdek, shimoliy Kavkazda, Tojikistonda bu borada ishlar olib borilyapti. Bizda ham imkoniyatlarimizdan kelib chiqib zarur deb topsak – qilsa bo‘ladi. Lekin bizning hozirgi birinchi vazifamiz – Buxoro va Toshkentdagi o‘quv yurtlarining talabalari sonini ikki barobar ko‘paytirish.

— Xabaringiz bor: Salmon Rushdi shariat talabiga ko‘ra oliy jazoga mahkum etildi. Nahotki yozuvchiga shafqat ko‘rsatishning iloji topilmasa?

— Xo‘-o‘sh, Salmon Rushdiga o‘lim hukmi Erondan chiqarildi. Menga sizdan  boshqa kishilar ham bu savolni ko‘plab berishdi. Javob bitta: u ham bo‘lsa – musulmonlarning payg‘ambarini, Qur’onni yoki dinini haqoratlash – musulmonlarni haqoratlash bilan teng. Musulmon kishi o‘zi haqoratlansa chidaydi, sabr qiladi, lekin muqaddas narsalarining haqoratlanishiga aslo chidamaydi. Shuning oqibatida Salmon Rushdi va uning kitobi atrofidagi voqealar sodir bo‘ldi. O‘lim hukmiga kelsak, bunga avvaldan o‘ylab, vaziyatni o‘rganib – Rushdi o‘zi kim, qaysi sharoitlarda yozdi, niyati nima – shu narsalarni o‘rganib turib, keyin hukm chiqarish kerak bo‘ladi. Bu fikrni yaqinda bo‘lib o‘tgan Islom mamlakatlari konferentsiyasi ishtirokchilari ham ta’kidlashdi. Bu konferentsiya, ya’ni butun musulmon mamlakatlarining tashqi ishlar ministrlari ishtirokida o‘tgan anjumanda Eronning hukmiga qo‘shilishmadi. Qoralash ma’nosida qo‘shildi, lekin o‘lim ma’nosida qo‘shilishmadi. Afsuski, bizda ham to‘g‘ri, toza niyatda aytilgan gapni teskari talqin qiluvchilar uchraydi. «Moskovskiye novosti» haftaligi muxbiri savollariga javob bergandim. Unda musulmonlarning his-tuyg‘usini, e’tiqodini haqoratlashdan ateistlar ehtiyot bo‘lsinlar, degan istak bayon etilgandi. Buni aksincha tushunib, agar yana shunaqa bo‘lsa, musulmonlar to‘polon qiladimi, Sovet Ittifoqida ham ateistlarni o‘limga hukm qiladimi, deb talqin qiluvchilar chiqib qoldi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri fikr.

— Muhtaram muftiy hazratlari, yuqorida ota-onaning farzandga munosabati xususida mulohaza bildirdingiz. Endi farzandlarning ota-onaga oqibati yuzasidan so‘zlasangiz.

— Ota-ona farzand tomonidan eng yuksak e’zozu hurmatga sazovor insonlar hisoblanadi. Bu to‘g‘rida Qur’oni Karimda, hadisda ta’limotlar juda ko‘p. Xalqimiz o‘rtasida keng tarqalgan «Ota rozi – xudo rozi» degan hikmat ham mana shu narsadan kelib chiqqan. «Jannat onaning oyog‘i ostidadur» degan gap – hadis. Qur’on oyatida aytiladiki, ota-ona hattoinki boshqa dinda bo‘lsa ham – hurmatini qilish, otaligini o‘rniga qo‘yish, onaligini o‘rniga qo‘yish lozim. Shu o‘rinda ta’kidlab aytish kerakki, Islomda onaning haqqi otanikidan ko‘ra ulug‘. Chunki otadan ko‘ra ona homilaning dunyoga kelishida, uning tarbiyalanib voyaga yetishida ko‘proq mehnat qilib, ko‘proq qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazadi. Shuning uchun onaning haqqi otanikidan ko‘p. Hattoinki, uch marta ko‘p degan ta’limot – Islom ta’limotidir.

— Muhtaram muftiy hazratlari, Sizga mo‘ljallagan savollarimiz juda ko‘p. Bugun shuncha vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Jurnalxonlarimiz nomidan, yoshlarimiz nomidan sizga tashakkur. Suhbatimiz pirovardida, o‘zingizning tasavvuringizdagi komil inson ta’rifini keltirsangiz. Hozirgi yoshlarimizga ko‘nglingizda tugilib yotgan eng ezgu niyatlaringizni ifoda qilsangiz.

— Sizning barcha savollaringizga batafsil javob beradigan bo‘lsak, ular butun boshli kitobga jo bo‘lur edi. Shu bois javob berayotganda men jurnal imkoniyatini hisobga oldim, albatta. Komil inson ta’rifiga kelsak, musulmonlarning tushunchasida, komil inson – Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam! Har bir musulmon o‘sha kishidan o‘rnak olib, u kishining fazilatlarini o‘ziga fazilat qilib olishga urinishi zarur. Bizning zamondosh kishilarimiz, xususan sizning jurnalingiz o‘quvchilari bo‘lmish yoshlarning fazilatlari to‘g‘risida so‘z keltiradigan bo‘lsak, ular avvalzamon insoniylikni, ma’naviy boylikni yuqori darajada egallagan bo‘lishini, o‘zlari oila-yu, xalqi uchun manfaatli kishilar, yuksak madaniyatli, yuksak ahloqli, yuksak odobli, har bir ko‘rgan, suhbat qurgan kishilar havas qiladigan darajada, o‘zlari haqida qayg‘uradigan kishilar bo‘lishini orzu qilib qolardim.

Xurshid Do‘stmuhammad suhbatlashdi.

«Yosh kuch» jurnali, 1989 yil, 8-son.