Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: “E’tiqod – mangu haqiqatdir” (1989)

— Muhtaram muftiy! Qayta qurish, yangicha tafakkur sharofati tufayli mamlakatimizda sodir bo‘layotgan xushbaxt o‘zgarishlardan yaxshi xabardorsiz. Shuurimizga muhrlanib qolgan juda ko‘p qarashlar bugun o‘zgarmoqda. Yangilanish shabadalari diniy e’tiqod egalariga bo‘lgan munosabatlarda ham sezilayotir. Nomzodingiz SSSR xalq deputatligiga ko‘rsatilganligining o‘zi fikrimizga dalil bo‘la oladi. Ko‘p sonli mushtariylarimizning talab va iltimoslariga binoan bugungi muloqotimizni Siz bilan tanishuvdan boshlasak.

— Bismillahir rohmanir rohim. O‘zim haqida gapirish bir oz o‘ng‘aysiz. Ammo zarurat taqozo etsa, nachora. 1952 yili Andijon oblastidagi Buloqboshi qishlog‘ida, dindor oilada tavallud topdim.

Shu yil 6 fevral kuni bo‘lib o‘tgan voqealardan xabaringiz bor. Boshqarma diniy hay’atining kengaytirilgan majlisida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi vazifasini vaqtincha bajarib turish mas’uliyati kaminaning zimmasiga yuklatildi. 14 – 15 mart kunlari bo‘lib o‘tgan IV Qurultoy qatnashchilari esa kaminaga bildirilgan ishonchni to‘la ma’qullab, meni Boshqarma hay’atining raisi etib sayladilar va «muftiy» unvonini berdilar. Bildirilgan ishonchni oqlash, xalqimiz saodati yo‘lida halol xizmat qilish – oliy muddaomdir.

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 45 yil bo‘ldi. Boshqarma faoliyati to‘g‘risida batafsilroq so‘zlab bersangiz.

Diniy boshqarmamiz amalga oshirayotgan ibratli ishlar haqida har qancha so‘zlasak arziydi. Diniy boshqarma zim­masiga O‘rta Osiyo va Qozog‘iston hududida istiqomat qiluvchi musulmonlarning diniy ishlariga rahbarlik qilishdek ulkan vazifa yuklatilgan. Islom qonun-qoidalarini targ‘ib qilish, mo‘min-musulmonlarga har jihatdan ko‘maklashish, ularni tinchlik, adolat, rahm-shafqat va halollik yo‘lida birlashtirish – bizning burchimizdir.

Chet ellardagi Islom e’tiqodida bo‘lgan birodarlarimiz bilan aloqalarimiz uzluksiz kengayib bormoqda. Hozirgi kunda 80 dan ortiq xorijiy mamlakatlardagi diniy tashkilotlar bilan turli aloqalar o‘rnatganmiz. O‘ylaymanki, bu aloqalarimiz dunyo xalqlari do‘stligi va hamkorligini mustahkamlash ishiga xizmat qiladi.

Diniy idoramiz tashabbusi va faol ishtirokida xalqaro Islom anjumanlari ham o‘tkazib turiladi. 1974 yili Samarqand shahrida buyuk muhaddis Muhammad bin Ismoil Buxoriy (raziyallohu anhu) tavalludlarining 1200 yilligi munosabati bilan «Imom Buxoriy va hozirgi zamon» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi, unda 33 mamlakatdan kelgan nufuzli ulamolar ishtirok etdilar. Bu anjuman hadis ilmi ravnaqiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.

1980 yili Toshkentda «XV hijriy asri – xalqlar o‘rtasida do‘stlik, tinchlik va birodarlik asri bo‘lsin» shiori ostida o‘tgan xalqaro anjumani ham Islom olamida ta’sirli voqea bo‘ldi. Boshqarmamiz «Insoniyatni yadro halokatidan qutqazish» Moskva kengashining faollaridan biri ekanligini ham aytib o‘tishim lozim.

Hozirgi qayta qurish, oshkoralik va demokratiya sharoitida bu aloqalarni yanada rivojlantirish ehtiyoji yaqqol sezilib turibdi. Qurultoyimizdan so‘ng o‘tgan qisqa muddat ichida chet ellardagi atoqli Islom namoyandalari va tashkilotlar bizga nomalar yo‘llab, ishimizga rivoj tilash bilan birga ikki tomonlama manfaatli aloqalarni yanada kuchaytirish niyatida ekanliklarini izhor qildilar. Ular, ayniqsa, dindorlarga qaytarib berilgan halifa Usmon ibn Affonning mushaflarini ziyorat qilish, undan hech bo‘lmasa bir necha varaq fotonusxa olishga qiziqmoqdalar.

Ikki og‘iz so‘z nashr ishlarimiz xususida. Boshqarmamiz Qur’oni Karimni bir necha bor chop etdi. «Sahihul-Buxoriy», «Al-Adabul mufrad», «Sulosiytul Buxoriy», «Ash-Shamoilun nabaviy» kabi qator diniy kitoblar qayta nashrdan chiqdi. Yillik diniy taqvim, bir necha tillarda chiqadigan «Sovet Sharqi musulmonlari» jurnali davriy nashrlarimiz hisoblanadi. Bu sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish, jurnalimizni o‘zbek hamda tojik tillarida ham chiqarish niyatimiz bor.

Xullas, bu boradagi niyatlarimiz ancha katta. Yaqin kelgusida Qur’oni Karimning yangi nashri, Imom Tirmiziy tavalludining 1200 yilligiga bag‘ishlangan «Mishkotul masobih», «Jomiut Tirmiziy» kitoblari bosmadan chiqadi.

– Buxoroda Mir arab madrasasi, Toshkentda Imom Buxo­riy nomidagi Islom oliy ma’hadi diniy xodimlar tayyorlash borasida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari Yaqin Sharq mamlakatlarida, xususan Qohira, Damashq va Qobulda qator diniy universitetlar mavjud. Ulardan birini o‘zingiz tugatgansiz. Ko‘pchilik bu dargohlari faoliyatlaridan to‘la xabardor emaslar. Talabalarni tanlash, qabul qilish shartlari, ilohiyot bilan birga o‘qitiladigan dunyoviy ilmlar, ularning asosiy yo‘nalishlari haqida ham tasavvurimiz kam.

– Madrasada tolibi ilmlar Qur’oni Karim va uning tafsirini, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom hadislarini, Islom tarixi va fiqhini, arab tili va qoidalarini hamda boshqa zaruriy ilmlarni o‘rganadilar. Ma’hadimizda esa bunga qo‘shimcha ravishda ulumul Qur’on, ulumul Hadis, usulul Fiqh va aqoid kabi fanlardan bilim beriladi.

Diniy ilm dargohlariga qabul qilish shartlari diyorimizdagi boshqa o‘quv yurtlariga qabul qilish shartlariga deyarlik mos keladi. Biroq, qo‘shimcha shulki, diniy ilm dargohida ta’lim olishni niyat qilgan yosh musulmon o‘zi yashaydigan joydagi masjiddan yo‘llanma ham olishi kerak. Mir Arab madrasasiga kirish uchun boshlang‘ich diniy ta’limotdan, Qiroatdan hamda tarix va jug‘rofiyadan imtihon topshiriladi. Shuningdek, tolibning umumiy mafkuraviy doirasi ham hisobga olinadi.

Toshkent islom ma’hadiga kiruvchi talabalar birmuncha jiddiyroq sinovdan o‘tadilar. Ular arab tilida o‘qish va tarjima qila olish mahoratlarini, fiqh va tafsir kabi diniy fanlardan olgan bilimlarini namoyish etishlari kerak.

Islom olamidagi diniy o‘quv yurtlarida Islomga oid ilmlar bilan bir qatorda ilmul ijtimo (sotsiologiya), ilmun nafs (psixologiya), axloq (estetika) kabi fanlar ham o‘qitiladi. Endilikda tolibi ilmlarga Islom bilan birgalikda tibbiyot, mexanika kabi zamonaviy fanlardan saboq berish, ularni diniy arboblik bilan birga xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan turli mutaxassislik egalari qilib tayyorlash rejalari tuzilmokda.

— Yana ikki kundan keyin saylov. Programmangizda «Jamiyatning ruhiy ehtiyojlarini yanada to‘laroq qondirish» degan jumla bor. Bunda Siz nimani nazarda tutmoqdasiz?

— Ezgu niyatim – xalqimiz saodati yo‘lida xizmat qilishdir. Jamiyatimizda sodir bo‘layotgan salbiy hodisalarning sabablarini aniqlash va ularni tugatish yo‘lida harakat qilmoqchiman. Salbiy hodisalarning sabablari — ma’naviy tarbiyaning sustligida, deb bilaman. Islom falsafasiga ko‘ra, inson jism va ruhdan iboratdir. Jism tarbiyaga nechog‘li muhtoj bo‘lsa, ruh ham tarbiyaga shunchalik tashnadir. Ruhiy tarbiya topmagan inson ma’naviy qashshoq bo‘lib, rahmu shafqat, adolat va ezgulik tuyg‘ularidan mahrum bo‘ladi. Bunday kishilar ertami-kechmi axloqiy nopoklik va ma’naviy tubanlik chohiga duchor bo‘ladilar. Balog‘at ostonasida turgan yoshlar tarbiyasiga g‘oyat zararli ta’sir ko‘rsatadilar. Bu holni to‘g‘ri izga solish uchun axloqiy-ma’naviy tarbiyani umumxalq ishiga aylantirish, maktablarda, o‘quv yurtlarida, korxonalarda, mahalla va jamoat joylarida butun imkoniyat va vositalardan foydalanmoq zarur.

— Yana bir niyatingiz – haj safarini ixtiyor qilganlarga har jihatdan yordam ko‘rsatish. Bu boradagi tartibotlar qanday?

— Ha, rejalarimdan yana biri – haj safarini ixtiyor etgan birodarlarimiz orzularining ushalishiga yordam ko‘rsatishdir. Ma’lumki, haj safari Islom dini besh arkonining biri. Shuningdek, bu safar – mamlakat farovonligi darajasini ko‘rsatuvchi ibodat hamdir. Zero, haj safariga o‘ziga to‘q musulmonlargina borishadi. Taassufki, uzoq yillar davomida diyorimiz musulmonlarining bu yo‘ldagi orzu-niyatlariga yetarli e’tibor berilmadi. Haj safariga asosan masjid va diniy boshqarma xodimlari yuborilib, oddiy musulmonlar kamsitildi. Safar ijozati murakkablashdi. Qiyoslab aytishim mumkinki, musulmonlari soni bizdan bir necha bor kam mamlakatlardan, masalan Xitoy Xalq Respublikasidan xar yili minglab kishi haj safariga otlanadilar.

— O‘zingiz shunday safarda bulganmisiz?

— Kamina 1984 yili Allohning irodasi bilan muborak haj safarida bo‘lib, Makkayi mukarrama va Madinayi munavvaradagi muqaddas joylarni ziyorab etib, Alloh farz qilgan haj ruknini ado etganman.

— Musulmon xuquqshunosligi, shariat qonun-qoidalari bilan shug‘ullanuvchi Islom ilohiyotining fiqh sohasi to‘g‘risida so‘ramoqchiman. Ilmiy manbalarda Islom keng tarqalgan mamlakatlarda dunyoviy huquq sistemalari mavjudligi bois bu soha muayyan darajada torayib bormoqda, deb ta’kidlanadi. Hozir ham shundaymi? Burhoniddin Marg‘iloniy, Abu Lays Samarqandiy kabi mashhur fiqhchilarning muallafotlariga ehtiyoj bormi?

— Dunyoviy huquq tartibotlarning joriyligi Islom fiqhni surib chiqarmoqda, degan fikr to‘g‘ri emas. Chunki shaxsiy, ya’ni, grajdanlik masalalarining barchasi Islom fiqhi asosida olib boriladi. Boz ustiga ba’zi mamlakatlar o‘z qonunlarini Islom fiqhiga yaqinlashtirish, sof Islom hukmi asosida ish yuritishga intilmoqdalar. Shuning o‘zi ham fiqhga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. Ko‘pgina Islom davlatlaridagi oliy o‘quv yurtlarida vatandoshlarimiz Burhoniddin Marg‘iloniy, Abu Lays Samarqandiy kabi mashhur fiqhchilarning talifotlari chuqur o‘qitilmoqda. Horijiy olimlarning ta’kidlashlaricha, musulmon bo‘lmagan mamlakatlarda ham fiqhga e’tibor katta.

— Din qonun yo‘li bilan davlatdan ajratilgan. Ammo biz uzoq vaqt din va dindorlar nainki davlatdan, ular jamiyatdan ham ajratilgan, deb hisoblab keldik. Din – bu turmush tarzi, e’tiqod, ijtimoiy voqelik ekanligini ang-lamadik yoki anglashni istamadik. Dunyoviy va ilohiy qarashlar yo‘lidagi kishilarni umuminsoniy axloq me’yorlari, ma’naviy qadriyatlar, adolat va muhabbat tuyg‘ulari birlashtirib turishini hisobga olmadik. «Kommunist» jurnalining yozishicha, millatlar va dinlar, milliy o‘z-o‘zini anglash va diniy qarashlarning o‘zaro aloqalari masalasi olimlarimizning nazaridan mutlaqo chetda qolib ketdi… Sizning fikringiz qanday?

— Din turmush tarzi ekanligi, hayotga katta ta’sir o‘tkazishi hamda dindorlar jamiyatning ajralmas bir qismi ekanligi xaqiqat. Lekin bu haqiqatdan ko‘z yumildi. Dindor­larga ikkinchi navli kishilar sifatida qarab kelindi. Din vaqtinchalik narsa, erta-indin yo‘q bo‘lib ketadi, degan tushuncha kishilar ongiga majburan singdirildi. Lekin haqiqat – manguligi bilan haqiqatdir. Binobarin, dindorlik kishilar qalbini tark etmadi. Aksincha, jamiyatda o‘z o‘rnini topdi.

Shukrlar bo‘lsinkim, hamma narsani o‘z nomi bilan ataydigan, fikrni ochiq izhor etadigan davr yetib keldi. Din o‘tkinchi narsa emas, balki insoniyat hayoti davomida unga yo‘ldosh mafkura ekanligi, u bilan hisoblashish zarurligi ma’lum bo‘ldi.

— Xitoy xalqining ajoyib maqoli bor: «Deraza ochilganda xona ichiga sarin shabada bilan bir ga chang-g‘ubor kirib keladi». Bu hikmat bizning hozirgi kunlarimizga juda joiz. Qayta qurish sharofati ila yillar davomida qulflanib yotgan eshiklar ochildi, sun’iy to‘siqlar, koni zarar g‘ovlar olib tashlandi. Ruhiyatimiz, yengil tortdi. Ammo taassuflar bo‘lsinkim, biz poklanish shabadasi bilan birga ma’naviy qadriyatlarimizga mutlaqo zid xush-noxush voqealarga ham guvoh bo‘lib turibmiz. Ayrim kimsalar milliy va millatlararo munosabatlardagi mavjud muammolarni niqob qilib xalqlar do‘stligiga rahna solishga intilmoqdalar. Bu Sizni ham tashvishlantirsa kerak?

— Albatta, bu holat barcha musulmonlarni ham tashvishlantirmoqda. E’tirof etganingizdek, qayta qurish, demokratiya va oshkoralikni suiiste’mol qilish hollari uchrab turibdi. Bu holat, ayniqsa, Qorabog‘ atrofidagi voqealarda yaqqol ko‘zga tashlandi. Ba’zi bir shaxslar bunda Islomni ayblashga ham urinib ko‘rdilar. Aslida esa Islom millatchilik tushunchasidan yiroqdir. Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda rahbarligidagi Kavkazorti musulmoilari diniy boshqarmasi musulmon aholini tinchlantirish va tartibga chaqirishda faol ish olib bordilar. Ba’zi rayonlarda ulamolar g‘azablangan jamoatning yo‘liga peshvoz chiqib to‘xtatib qoldilar.

Ochyg‘ini aytish kerak, yaqin-yaqinlargacha Islom millatchilikning asosiy manbaasi sifatida ayblab kelindi. Bu adolatdan emas, haqiqatga zid. Islom millatchilik kayfiyatlaridan ustun turadi. Dinimiz insonlarni millati, nasabi yoki tusiga qarab emas, balki taqozosi va ruhiy ma’naviyatiga qarab baholaydi. Islom qora tanli Bilol Habashiyni ajoyib inson qilib tarbiyaladi, muqaddas Ka’ba ustida azon aytishdek ulkan martabaga sazovor etdi. Ayni chog‘da o‘zlarini chin asilzoda hisoblangan, ammo biror bir kishiga yaxshilik qilmagan payg‘ambar alayhissalomning amakilari Abu Jahl va Abu Lahablarni qoraladi.

Islom ta’limoti dindorlarni o‘zga dinlarga hurmat va ehtirom bilan qarashga chorlaydi. Misol uchun xristian yoki yahudiy dinlarini olib ko‘raylik. Qur’on va sunnat ta’limotlariga ko‘ra xristian dini asoschisi Iso alayhissalom – Allohning payg‘ambari hisoblanadi. Agar biror musulmon bunga shak keltirsa, musulmonligi qolmaydi. Shuningdek, Injilni iloxiy kitob deb tan olmagan kishi ham musul­mon bo‘la olmaydi. Bu hukm Muso alayhissalom va Tavrotga ham daxldor.

Islom payg‘ambar va iloxiy kitoblar hurmati bilan chegaralanib qolmaydi, balki ularga e’tiqod qiluvchilarga ham yaxshi muomalada bo‘lishni targ‘ib etadi. Dinimiz o‘zga dinga e’tiqod qo‘ygan ayollarga uylanish, taomlaridan (halol hayvonlarning go‘shtidan tayyorlangan noz-ne’matlaridan) tanovul qilishni ham man etmaydi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni Karimning Moida surasining 5-oyatida musulmonlarga xitob qilib bunday deydi: «Bugungi kunda sizga pok narsalar halol qilindi. Ahli kitobning taomi siz uchun halol qilindi va sizlarning taomingiz ular uchun halol qilindi. Shuningdek, pokiza mo‘mina ayollar va ahli kitob ayollar ham…»

G‘arblik sharqshunos va tarixchilar Islomning millatlararo munosabatlarga doir qarashlari to‘g‘risida ko‘p yozishgan. Xususan, Tomas Orlandning «Islomga da’vat» kitobida musulmonlarning boshqa din vakillari bilan yaxshi muomalalari yorqin misollar bilan bayon etilgan.

Qur’oni Karimdagi mana bu oyat bilan bu boradagi fikrimni yakunlamoqchiman: «Ey mo‘minlar! Hech bir qavm boshqa bir qavm ustidan kulmasin! Chunki ulardan qaysi birlari afzalroq ekanligi Allohning o‘zigagina ayondur» (49-sura, 11-oyat).

— Biz yuqorida aytganimizdek, dindorlarga bo‘lgan munosabat o‘zgarmoqda. Lekin masalaning boshqa tomoni ham bor. Ancha ko‘ngilsiz bo‘lsa ham aytishim lozimki, ba’zi kishilar bu o‘zgarishlarni boshqacharoq tushunganlar chog‘i. Ba’zi joylarda noo‘rin, jamiyat, umumxalq manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydigan, Islomni obro‘sizlantiradigan talablar bilan hukumatga oshkora tazyiq o‘tkazish, varaqalar tarqatish, do‘q-po‘pisa qilish hollari ham uchrab turibdi. Bu holni Siz qanday baholaysiz?

— Nadomatlar bo‘lsinkim, Siz zikr qilgan ko‘ngilsiz hollar hozirgacha ham uchrab turibdi. Bundan diniy boshqarma va musulmonlar ommasi juda ham xijolatda. Uzoq vaqt kutilgan adolat onlari yetib kelgan, ko‘ksimizga shamol tegdi, degan bir paytda bundoq hodisalar Islom va musul­monlar to‘g‘risida nosog‘lom fikr tug‘ilishiga sabab bo‘lmasmikin, degan hadikdamiz.

Hozirgi kunda davlat bilan dindorlar opasidagi munosabat kundan kunga yaxshilanib bormoqda, ko‘plab yangi masjidlar ochilmoqda, dindorlarning boshqa ehtiyojlarini qondirish rejalari tuzilmoqda. Lekin ba’zi bir kishilar hamma narsa bamaslahat, kelishilgan holda bo‘lishi zarurligini unutib qo‘yishganga o‘xshaydi. Ular do‘q-po‘pisa, namoyish, ochiqchasiga qo‘pollik yo‘li bilan muddaolariga erishmoqchi bo‘lishyapti. Bu – istiqbolsiz yo‘l.

Aftidan, ba’zi muammolar yuqorida zikr qilingan harakatlardan so‘ng hal bo‘lganligi hamma ishlar ham shu yo‘sinda hal qilinar ekanda, degan noto‘g‘ri fikr tug‘dirganga o‘xshaydi. Bu holni sof diniy masalalarda ham ko‘rib turibmiz.

Fursatdan foydalanib, barcha dindor birodarlarimizni hamjihatlikka, oqilona tasarrufga, turli ixtiloflarni chetga qo‘yib birgalikda dinimiz, xalqimiz, vatanimiz ravnaqi yo‘lida faoliyat ko‘rsatishga chorlamoqchiman. Agar Alloh ko‘rsatmasin, hozirgi nojo‘ya ba’zi bir harakatlar tufayli jamiyatimizga, dinimizga zarar yetadigan bo‘lsa, kelajak avlodlar oldida yuzimiz shuvit bo‘ladi.

— Ba’zi joylarda ayrim kishilar dindorlar nomidan gapirib, turli xil «karomatlar» qilmoqdalar. Mana bu xatlarga e’tibor bering: «Bismillahir rohmanir rohim. 10 yoshli bola tushida avliyoni ko‘ribdi. Ul kishi aytibdilarki, yaqinda Namanganni suv oladi. Xudoni yoddan chiqarma…» yoki: «9 yoshli bolaning tushida ayon bo‘libdi. Yaqinda yer silkinadi. Xudoni unutganlarning hammasini yer yutadi…» Bu karomatlarni o‘qib «Chala mulla – din buzar», degan maqol yodimga tushdi.

— Darhaqiqat, mishmishlar nihoyatda ko‘payib ketdi. Avvallari men bu narsalarga e’tibor bermay yurdim. Lekin so‘nggi paytlarga kelib e’tibor bermaslikning iloji bo‘lmay qoldi. Masjidlarda bir necha bor bu haqda gapirishga majbur bo‘ldik. Mana endi bo‘lsa obro‘li gazetamiz sahifalarida javob berishga to‘g‘ri kelmoqda. Siz eslatib o‘tgan «karomat» deb atalmish bu safsata mishmishlarning bir turi, xolos. Jumlalarning tumtaroqligi va mantiqsizligidan ko‘rinib turibdiki, bunday vasiyatnomalarni savodsiz, betayin kimsalar o‘ylab chiqargan. Shunisi qiziqki, mazkur «karomat»lar boshqa tillarda ham tarqalgan va soddadil birodarlarimiz ularni o‘qib tashvishga tushishibdi. Tashvishga tushishning hojati yo‘q. Buni Allohdan boshqa hech kim bilmaydi.

«Vasiyatnoma» xatlarning tuturuqsizligini bir dalil bilan isbotlash mumkin. Ularda kim ko‘paytirib tarqatsa yaxshilik ko‘rishi, agar undoq qilmasa yomonlik ko‘rishi haqida so‘z ketadi. Islomda eng e’tiborli so‘z – Allohning so‘zi, ya’ni Qur’on hisoblanadi. Lekin hech kim hozirgacha Qur’onni ko‘chirib tarqatmasa falon kunda yomonlik ko‘radi yoki aksincha, ko‘chirib tarqatsa fiston kunda yaxshilik ko‘radi, deb aytmagan. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Qur’on qayoqdayu betayin muallifning quruq safsatasi qayoqda.

Qizig‘i shundaki, «Vasiyatnoma» tarafdorlari shu yo‘l bilan dinni targ‘ib qilishni da’vo qiladilar. Islomda targ‘ibot bu yo‘l bilan olib borilmaydi, uning o‘z yo‘li bor. Bu haqda payg‘ambar alayhissalom «Bashoratli (sevinchli) so‘zlarni aytinglar, nafratlantiruvchi so‘zlarni aytmanglar», deganlar.

Kezi kelganda, boshqa mishmishlar haqida ham bir oz to‘xtalib o‘tsak.0 Hozir saylovchilar bilan o‘tayotgan uchrashuvlarda: «Sochi kesilgan qizlarga musulmonlar pichoq o‘qtalayotganmish, shu rostmi?» yoki «Muftiy deputat bo‘lsa, ayollarga paranji yoptirar emish, bunga nima deysiz?» kabi savollar tushib turibdi.

Meningcha, bu mishmishlar din va din ahliga zarardan boshqa hech narsa keltirmaydi. Bunday asossiz gaplar kishilarimiz asabiga tegayotgani turgan gap. Eng yaxshi iloj hech qanday mishmishlarga ishonmaslikdir. Bu haqda «Qur’on»da: «Ey musulmonlar, agar bir fosiq sizga xabar keltirsa aniqlab oling, bilmasdan birovga musibat yetkazib qo‘yib, qilgan ishingizga nadomat qilib yurmang», degan oyat bor (Hujurot surasi, 6-oyat). Har bir xabarni aniqlab, tagiga yetib, so‘ngra ishonmoq kerak.

— Ba’zi dindorlar qilgan toat-ibodatlarni ko‘z-ko‘z qilishga harakat qiladilar. Shu yo‘l bilan o‘zlariga alohidalik, ulug‘lik sifatini beradilar. Shu yo‘l to‘g‘rimi? E’tiqod dilda bo‘lishi kerak emasmi?

— Qilgan ibodatiny ko‘z-ko‘z qilish – Islomda riyokorlik deyiladi. Riyokorlik esa katta gunoh. Ibodat faqat Alloh uchun qilinadi. Alloh esa maxfiy ibodatni xush ko‘radi. «O‘ng qo‘ling bilan qilgan xayri sadaqangni chap qo‘ling sezmasin», degan hadis bor.

«E’tiqod dilda bo‘lishi kerak emasmi?» – degan savolingizga payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning: «Taqvo – bu yerdadir», deb ko‘ksilarini ko‘rsatganliklarini rivoyat qiluvchi hadis javob bo‘la oladi.

— Muhtaram muftiy! Samimiy va oshkora suhbatingiz uchun tashakkur!

— Xalqimiz, vatanimiz saodati yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilayotgan sevimli haftaligimiz «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati»ning barcha xodimlariga, tahrir hay’ati va mushtariylariga eng yaxshi istaklar tilayman.

Suhbatni Ahmadjon Meliboyev yozib oldi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1989 yil, 12 may.