Sayido Nasafiy (1637-1710)

Sayido Nasafiy (taxallusi; ismi Mirobid) (1637—Nasaf — 1710) — shoir. Buxoro madrasalarida o‘qigan. To‘quvchilik bilan kun kechirgan. Turdi bilan yaqin do‘st bo‘lgan, uning ta’sirida ijodi kamolga yetgan.
Dastlab asarlarida ashtarxoniy hukmdorlarni madh etgan, ularga madhiyalar yozgan. Lekin ijtimoiy tengsizlik, adolatsizliklar mohiyatini tushungach, madhiyabozlikdan uzoklashgan. Asarlarida jabru zulmga qarshi norozilik asosiy o‘rinni egallagan.
«Shahr oshub» manzuma sida 212 xil kasb-hunar egasi haqida fikr bildirgan, hunar ahlini ulug‘lagan. «Bahoriyot» («Hayvonotnoma») majoziy munozara asarida, ayrim g‘azallarida o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy muhiti tanqid qilingan. Asarlari nafis, sodda tilda yozilgani uchun tez ommalashgan.

G‘AZALLAR

* * *

Men diling aksi degan mardumi olam topmadim,
Dog‘da shu darddin yuribman, unga marham topmadim.

Uzzukun misli quyosh urdim zamin ustinda charx,
Bir nishonni, qayda manzil qildi Hotam, topmadim.

Ahli johga bordim-u, axtardim o‘zimga libos,
Jomai motamdin o‘zga bir kiyim ham topmadim.

Jon jigardan oshiqib oh tortadir ahli karam,
Ko‘zi tor sog‘arlarida hech mahal nam topmadim.

Siynasiga har kishining men nafas yanglig‘ kirib,
Haq jazo kuni biron-bir dilda ham g‘am topmadim.

Qanchalik gul borki chehradin hijobni tashlagan,
Ko‘zlari sharmu hayoli qatra shabnam topmadim.

Sayido, tavofga bordim Ka’bai maqsud sari,
O‘z ko‘zimdin o‘zga hech chashmai Zamzam topmadim.

* * *

Qay taraf bormay, so‘rog‘im: “Qayda mardum?” — aylaram,
Borki sho‘x o‘g‘lim, uni har-har zamon gum aylaram.

Oqizib qonimni dildan, so‘rar: ahvoling qalay,
Chopar-u shamshir bilan, deydi, tarahhum aylaram.

Gul kabi ishq sog‘ari ilkingga oson kirmagay,
Xun ichar toki umrlar bir tabassum aylaram.

Boshladim garchi gunohni, uzmadi badxo‘y oyoq,
Men tig‘i ostida umrimni tazallum aylaram.

Oyni ruxsori uning xiyra chodirga mixladi,
Xiyrako‘z yulduzlarin bamisli mazlum aylaram.

Bezabon ne’mat bug‘doy erdi xomush lablari,
Shikva etmasdim, o‘zimni endi sal shum aylaram.

To‘g‘ri gap aytmoq qilichbozlikdan avlodir azal,
Arra gard qilgay tilimni, to takallum aylaram.

Misli tandir, intizorlikdan qaro bo‘lg‘ay ko‘zim,
Oq bug‘doy nondan nahot suframni mahrum aylaram?

Men go‘yo Sayido, so‘ng mayxona yoqqa boramen,
Sokin orom olganiki, bolishim xum aylaram.

* * *

Guling bo‘yini tunlarda havolardan so‘rog‘ etsam,
Borib bog‘ingga o‘n panjam yoqib misli charog‘ etsam.

Sipand donalaridan cheksam o‘zlar intiqomini,
Kuyuk yulduzlaringni bamisoli lola, dog‘ etsam.

Yonish ta’limini olsam sening bazmingdagi shamdan,
Borib maykadaga charog‘ini men bedimog‘ etsam.

G‘uncha yanglig‘ki boshim xeshlarimning pinjiga tiqsam,
Lozimmi bog‘ havosi singari dimog‘-firog‘ etsam.

Tiyra baxtimga o‘zimning tashladim har shom nazar,
Yuzidan xonani gashti tamosho, misli zog‘, etsam.

Xeshlarimdan topmadim bir bor xabar chun Sayido,
Magar vodiysiga Majnunni borsam-da, so‘rog‘ etsam.

* * *

Ko‘yingda o‘z boshimdek sajdali muqbilni bilmasman,
O‘zingdek dargahingda bandai qobilni bilmasman.

Safi mujgonining qildi zeru zabar bu olamni,
Sehr-la nargisi davri kabi botilni bilmasman.

Eshik-devor qulog‘im paxtasidin keldi faryodga,
Buning yanglig‘ kishini — o‘zidin g‘ofilni bilmasman.

Kishi umri mudom suv singari burgay yuzin yo‘lga,
Qadam qo‘ymoq uchun korvon kabi manzilni bilmasman.

Muhabbatim tufayli uchragan mushkul kushod o‘lg‘ay,
Qo‘limga tushsa har qanday tugun, mushkulni bilmasman.

Meni harchand u badxo‘y yondirar misoli sham’, ammo
Kuyishdan o‘zga bir tamanno qilgan dilni bilmasman.

Bu imkon olamida bo‘lmasa, Sayido, osoyish,
Nazar to qilmadim, bu dasht aro manzilni bilmasman.

* * *

Nolakorlar bog‘idin chetga, chu bulbul boramen,
Izladim, ma’yus, qani xush hidli ul gul, boramen.

Yo‘l uchun ashqol bisotimda faqat sarsonchilik,
Chun quyun, aylab biyobonda tavakkul, boramen.

Aylashur ozodalar avval falakni poymol,
Men bahorning seli, ko‘prik osha butkul, boramen.
Silkib etakni junundanki, kamarga tang‘idim,
Shul sabab, bugun chamanda bo‘yi sunbul, boramen.

Ahli johning ko‘chabog‘iga qadam bossam agar,
Nechasin, tong bodidek aylab tag‘oful, boramen.

Menda yo‘q oshuftalikdin kas muloqotiga tob,
Men nasimdin har taraf chun zulfu kokul, boramen.

Sayido, misli aso, andisha qilmas kimsadin,
Dushmanim qoshiga avval betaammul boramen.

* * *

Dog‘ gul ochdi qayda, tagin tak’yai dil aylaram,
Qayda chaqmoq xonani yoritdi, manzil aylaram.

Bu kecha ko‘rdim men o‘z murdamni sham’ning poyida,
Qayda parvona shahid, men o‘zni bismil aylaram.

Ne yopishdi bariga ahli talab — sargashtaning,
Chun tegirmon, qatlab ushbu kunda hosil aylaram.

Musht tushirdi necha bor chehramga o‘z aksim axir,
To o‘zimga oinayuzni muqobil aylaram.

Ey falak, g‘olib libosin qil in’om tanga, dedim,
Bir gadoga qo‘l cho‘zib o‘zimni soil aylaram.

Sayido, gavhar agar dengizga taklif aylasa,
Mavj ila jo‘shmoqni sohil ortida, bil, aylaram.

* * *

Bu devona dilim unga nishon qilsam-da, bilmabman,
Kamon qosh o‘qidin holim yomon qilsam-da, bilmabman.

Go‘yo mehring yiqitgan yuzlab inson osha yo‘l oldim,
O‘zimni bemehrga mehribon qilsam-da, bilmabman.

Umidvormen, ko‘zim xonasiga bir kun oyoq bosgay,
Eshiklarda boshim sadqai jon qilsam-da, bilmabman.

Amin bo‘ldimki, yotlar birla ulfatlig‘i bekanda,
Uni oshno o‘zimga deb gumon qilsam-da, bilmabman.

Sayido, qoshining suyanchig‘i xotiri bu umring,
Go‘yo javhar, tig‘ damin oshiyon qilsam-da, bilmabman.

* * *

Qilg‘ali xokim tavof oshiqnavoz chiqsa edi,
Xokim uzra maysaning o‘rniga noz chiqsa edi.

Ketdi yor o‘z xonasiga, men qiyomatga qadar
O‘ltirarmanki umidida, u boz chiqsa edi.

Zud rivoj olg‘ay ulug‘lardan faqirlarning ishi,
May xumidin shisha ham bir sarfaroz chiqsa edi.

Gar g‘ami noz birla siynam uzra qo‘ygan chog‘ qadam,
Qoshig‘a, jon his qilib yuz-yuz niyoz, chiqsa edi.

Chun Sayido, xizmatig‘a bog‘ladim zulfdin kamar,
Xizr fikridan qachon umri daroz chiqsa edi.

* * *

Iting ming hursa ham etmam shikoyat,
Ki bor sarvi ravoningdin rivoyat.

Yo‘ling boshida men o‘pay uzanging,
Etagingdin magar topgum inoyat.

Xazon bog‘ingga yo‘l topmaydi hargiz,
Magar sarvi ravonga bor himoyat.

Sening qay iltifotingga shukr dey?
Nihoningdin atolik yo‘q nihoyat!

Sayidoga xaloslik yo‘lini ayt,
Jinon bog‘iga, gar bo‘lmas jinoyat.

* * *

Mah liqosidin bu kech xonam chamanlig‘ istagay,
Sham’i majlis ko‘zga milday anjumanlig‘ istagay.

Bo‘stonningkim, mening mohim tamosho ayladi,
G‘unchasi gulning Yusufga pirahanlig‘ istagay.

Boshlasam gulshanda nola gar qaro baxtim uchun,
Ki ovozim surnayi murg‘i chamanlig‘ istagay.

Murdasin parvonaning bog‘lar fonus qoshida sham’,
Pardasi ma’shuqning oshiqqa kafanlig‘ istagay.

Xoli karvonlarni urg‘aydur uning xat faslida,
Gar tanildi o‘g‘ri, bil, ul rohzanlig‘ istagay.

Toju taxtu ganjinang mag‘ruri bo‘lma, Xusravo,
Ro‘zi mahshar xun bahoyi Ko‘hkanlig‘ istagay.

Dilbarim gar she’ru shoirlikka chin doxil ekan,
Chun qalam men birla so‘ng yori suxanlig‘ istagay.

Misli savsan harfimizdan bir zabon kim yetkazur,
Bo‘ynida g‘unchaoso marjoni shan’lig‘ istagay.

Keldi ayyomi, quyoshdek aylanurmiz barchamiz,
Toki qaysi sarzamin bizga vatanlig‘ istagay.

Gar, Sayido, zulfidan yorning nasim keltirsa bo‘y,
Ko‘chalar, shahrimda sahroyi Xo‘tanlig‘ istagay.

Fors tilidan Jonibek Subhon tarjimasi.