To‘lqin Hayit. O‘g‘uzxonning so‘nggi qurultoyi (qissa)

1

Tong yuzida bokira qiz jilmayishi, maysada havas, zilol suvning kumush jamalaklarida iddao. Nega? Nega Kun nuridan Bosh Qo‘rg‘onga kamalak yog‘du tushdi? Nega bizga emas?! Daraxt shoxlari hasadni supurib tashlab, nozik qo‘lchalarini havasga uzatdi. “Bizga ham o‘sha yog‘dudan bir qatim nasib etsin”.
Keng, qalin, serbutoq, serdaraxt bepoyon o‘rmonning nafasi xushbo‘y; uning o‘ziga kelganiga ancha yillar bo‘ldi, atirgullarning sollanishini qarang, gapimni tasdiqlashyapti; O‘rmon, hah, O‘rmonjon-a, ufqlarga tutash moviy ummon kabi tinch shovullab, mayin epkinlaring bilan olamning yuzini xushnud siypalayotganing qanday yaxshi; bir paytlar uning bag‘ridagi jamiki jonzotlarga tahlika va qo‘rquv solgan Karkidonning suyaklari ham qolmagan endi: ana, ko‘ring, bir qarang-a: turli-tuman qushlar erkin uchib-qo‘nib yuribdi, bulbullar ajib-ajib xonish qilmoqda, hatto Kobralar podshohi ham Ona Burgutga ko‘z olaytirmay qo‘ygan, ko‘k yolli bo‘rilar sarg‘ish kiyiklarni quvgani-quvgan, Ona ayiq ularga qarab: “Bo‘ldi-da endi!” – deb o‘kirganda ham achchiqlari chiqmaydi, faqat sardor Bo‘ri: “ Ko‘rmayapsanmi, sog‘liklaring uchun jon kuydirib yuribmiz!” – deya norozi to‘ng‘illaydi, xolos. Ayiq-da, ayiq, goho qo‘rsligiga boradi. Tik o‘sgan qarag‘ay shoxida ularni kuzatib turgan qari Qarg‘a: “O‘l-a, ahmoq, hech esing kirmadi, kirmadi-da”, – deya uni masxara qildi. Tulki qiqirlab kuldi, timsoh suvdan chiqib, og‘zini ochib tamshandi, Ona Maymun boshini qashigancha tirjayib qo‘ydi. Lekin ularning birontasi ham bir-birlariga tish qayramadilar, hatto Quyosh ham qop-qora bulutlardan xafa emas.
O‘g‘uzxonning uch bahodir farzandi – Kun botir, Oy botir va Yulduz botir Tong sari ketgan, Ko‘k botir, Tog‘ botir, Tengiz botir Tun sari yo‘l olgan.
Jigar! Pushti kamaringdan bo‘lgan jigar uchun kuyar ekansan, har birining sog‘-salomat kelishini har daqiqa kutadi, erta kutadi, kech kutadi, ko‘zlari toliqib ketdi o‘ziyam!
Bu oqshom, oh, bu oqshom Tun yana qovog‘ini uyib kirib keldi, qattiq-qattiq shamol esib, nihollarning ildizlariga qo‘rquv solib, nimjon quloqlaridan cho‘zib-cho‘zib tortdi. Ayiq iniga shoshildi, tulki esa allaqachon uyasi tubiga tushib olgan edi. Bir zumda o‘rmonda vahima qo‘pib, chor-atrofga o‘lik sukunat cho‘kdi.
Bo‘rining o‘ligi – tulkiga kulgi. Odamlar orasidagi olchoqlarga kulgi bo‘lishdan yomoni yo‘q.
– Heh-heh-he, vah-hah-ha!
– Kim bu beadablarcha kulayotgan? Ey, shaytonmisan? Yo O‘g‘uzxonning dushmanimisan?!
– Bilganing!
– Mahmadonalik qilma!
– Xoqonga qara, xoqonga! Butun dunyo xoqoniga! Yelkasidan nafasi chiqib ketmasin tag‘in!
Qora bulutlarning sovuq tomchilari bokira Oqshomning binafsha yuzini qattiq-qattiq chertdi: tirs, tirs! Oh, bu balo qayoqdan kela qoldi, qayoqdan-a? Eh-ha, butun dunyoni muz bosadiganga o‘xshaydi, tavba-ey, tavba! Jilovni sal bo‘sh qo‘ydingmi, illat yopirilib kelarkan! Ana, ana, gurros-gurros shamolga ham Xudo berdi, voy-bo‘y, quturishini, daraxtlarning sochlaridan tortib, ildizi bilan qo‘porib otaman deydi-ya! Ovsarga taxt tegmasin ekan! Chag‘onrud to‘lg‘anib to‘lqin urmoqda, o‘sha tomondan ham quyuq qora bulutlar bostirib kelyapti. Odamlarni qarang: ko‘zlari to‘la qo‘rquv, vahima; osmonga, dov-daraxtlarga, shamolga xavotir bilan qaramoqdalar. Yo Xudo, nima bo‘larkin-a, nima bo‘larkin?! Osmon uzilib yerga tushmasmikin?!
O‘g‘uzxonning yirik gavdasi ohista tebranib, lablari goh qip-qizil cho‘g‘dek lovullab qizarib, goh oqaradi, qo‘y ko‘zlari ham goh yashindek chaqnab, goh xira bulut rangiga kiradi, so‘nggi quvvati bilan goh past, goh shiddatli gupurayotgan yuragidagi sim-sim og‘riq azobidan qurishgan lab­lari cho‘chchayadi, ayiqnikidek baland ko‘ksi og‘ir ko‘tarilib, ho‘kiznikidek yirik, bo‘liq oyoqlarini zo‘rg‘a qimirlatadi. O‘lim! Inson boshida bor gap. Qazo o‘qidan hali hech kim qochib qutulgan emas. Balki tong ham unga shundan dalolat berayotgandir. Aniq, aniq: shunday, shunday, hm-m-m, hammasi, ha, ha, hammasi: shamol, bulut, tong va inson – bir butun tabiat, misoli et bilan tirnoq, bir-biridan ajratib bo‘larkanmi?! Jon qushi ko‘krak qafasini tark etmoqqa chog‘langan ekan, tadorikni ko‘rish kerak.
– Tanam pokizalikni istaydi!
Bu gap xonadan-xonalarga, oltin shamdonlardan-shamdonlarga, yo‘lakdagi pos­bonlarning chehrasidan sirg‘alib o‘tib, tashqari chiqdi va xizmatga shay turganlarning ko‘nglini chog‘ladi. “Xoqon hammomga kirmoqchilar, o‘tlar yoqilib, suvlar isitilsin, mushk-anbarlar sepilib, momiq matolar tayyorlansin!”
Oyoq sharpasi uning quloqlarini ohista chertdi.
O‘sha kuni ham shunday oyoq sharpasi eshitilgan edi. O‘sha kuni ham u shunday holda kirib kelgan edi. Yuragi aniq sezyapti: bu o‘sha oq sochli, hilpiragan oq soqolli qariya – Ulug‘ Turk, Irkil donishmand! Aytganidek, hayal o‘tmay qariya uning qarshisida qad rostladi: tim qora ko‘zlari, har qarashi bulut ichidan chaqnayotgan yashinday o‘tkir edi.
O‘g‘uzxon uning bir nima ilinjida tashrif buyurganini, muhim gapi borligini sezdi. Qabulga kelgan har bir faqirning o‘z muddaosi, aytar so‘zi, iltimosi, istak-xohishi bo‘ladi. Necha yillarki, huzuriga kelgan har bir kishining yuzidagi ifodadan maqsadini darhol anglaydi.
– So‘ylang, ne muddao?
– Ulug‘ xoqonim! – qariyaning kipriklari yerga boqdi. – Mehribonlar­ning mehriboni, adolatparvar hukmdorim! Sen tufayli el-ulus mushtday bir bo‘ldi – birlashib, olamga go‘zallik hadya etdi, buyuklik tojini kiyib, el bo‘ldi, xalq bo‘ldi. Umring uzun bo‘lgay, senga mustahkam hokimiyat nasib etgay! Noming abadiy o‘chmagay!
O‘g‘uzxon donishmand choldan sira yuzaki maqtov eshitmagan edi. Ko‘ngli yarimta, bir oyog‘i go‘rda, deb o‘ylab, kayfiyatini ko‘tarishga chog‘landimi? Aqlli, olijanob, chaqqon, donishmand qariya, senga nima bo‘ldi?! Nega noo‘rin maqtayapsan?
Ulug‘ Turk qarshisidagi hukmdorning xushlamaganini sezdi.
– Ulug‘ xoqonim! Ko‘k Tangri tushimda ayon berdi. Uyqumda bir oltin yoy ko‘rdim. Yoy kunchiqardan to kunbotargacha cho‘zilgan edi. O‘ngidan keltirsin. Ummonday cheksiz yerlar avlodlaringga buyurgay!
Mayin shamol O‘g‘uzxonning yuzini yumshoq siladi. “Gap bu yoqda ekan-da. Hm, o‘lim hech narsani belgilamaydi. Nomim abadiy yashaydi. Qariya bilmasa gapirmaydi. Demak, ko‘zing ochiqligida ummonday cheksiz yerlaringni avlodlaringga bo‘lib berishimni xohlayapti u!”
Qariya uning o‘ng yoniga o‘tirdi:
– Qurultoy chaqir, Ulug‘ xoqonim!
O‘g‘uz xoqonning baroq qoshlari chimirildi. “Umri oz qoldi, otni qamchilash kerak! Qariya to‘g‘ri aytayapti: Qurultoy chaqirib, barcha yerlarni avlodlarga bo‘lib berish kerak, hatto ayol ham o‘z qozon-tovog‘im bo‘lsin, deydi”.
– Siz shuni istaysizmi?
– Men seni o‘ylayman, hukmdor bolam!
Ulug‘ O‘g‘uzxon qariyaga boqqancha: “Hali bardam, o‘zini oldirmagan”, – deya o‘yladi va “so‘ylang” degandek imo qildi.
– Ulug‘ xoqonim, olam ahlining soyaboni, qo‘l ostingizdagi Chindan Rumgacha bo‘lgan yerlardan vakillar kelib bo‘lishdi. Yigirma to‘rt urug‘ingiz ham bir og‘iz so‘zingizga mushtoq erurlar.
– Menga shunchalik ne’mat ato etgani uchun Tangriga shukrlar qilurman! Bori elga ma’lum qiling, ertaga Qurultoy bo‘ladi!

* * *

Qariya ta’zim qilgach, qanday kelgan bo‘lsa, shunday sokin, tashqari chiqdi, o‘zi bilan uning yuragidagi havasni ham sug‘urib ketdi nazarida. Negadir shu pallada u yomg‘ir yog‘ishini, chakkalarning tovushini sog‘indi, tuproq hidiga zoriqdi, maysalarning, ariq bo‘ylaridagi pudinalarning islarini to‘yib-to‘yib hidlashni xohladi. Bolaligida uni Botir polvon deb chaqirishardi. U ham chiroyli, ancha dabdabali ismidan shodlanib, ichki shirin havasga to‘lib, quvonar va albatta, nomiga yarasha yigit bo‘lishga oshiqardi, ammo ko‘ngli qurg‘ur maysalarga, qushlarga, zilol suvlarga, xushbo‘y giyoh va gullarga oshiq edi. Ulug‘ Qurultoy oldidan bularni eslamaslik mumkinmi?! So‘nggi Qurultoy ulug‘ Qurultoy bo‘ladi chindan ham. Ey, bo‘lajak taxt vorislari! Sizlar O‘g‘uzxondek hukmdorlik qilishlaringiz kerak. Dunyo birlikda yashashi lozim. “Bo‘linganni bo‘ri yer”, yana donishmandlar aytishadiki: “Birlashgan o‘zar – birlashmagan to‘zar”. Eh, siz, ahli buzuqlar, bitta lolaqizg‘aldoq yaratishga kuchlaringiz yetmaydi-yu, ammo Yerni xarob qilishga juda ustasizlar! Eh, sizlar! Otasini unga qarshi qo‘ygan ham shu nokastalar emasmidi?”
Bir gal otasi Qoraxon bilan ovga chiqqanda, nogahonda ariq bo‘yidagi pudinalarni ko‘rib qolib, bola ekan-da, chopib borib hidladi. Ota nima dedi? Ko‘pchilik oldida:
– Hey, Botirim, pudinani nima qilasan, ovni o‘ylasang-chi, pudinani qizlarga chiqargan!” – dedi.
U botayotgan quyoshdek lovullab qizardi, tanasi o‘tdek yonib, ko‘pchilik oldida shunday izza bo‘ldiki, asli qo‘yaverasiz. Bir nima demadi: ota – ulug‘ zot, uni dunyoga keltirgan padar, otaga gap qaytarib bo‘lmaydi, “Ota gapi – o‘q, onaniki – yo‘q”, – deb behuda aytishmaydi donolar. “Otamga munosib o‘g‘il, elimga manzur farzand bo‘laman”, – deya diliga tugdi, qahramonlik ko‘rsatgisi kelardi-yu, ammo buni qanday amalga oshirishni bilmasdi.
Nokaslar ilib oldilar bu gapni va och ko‘zlarini suq tikib, payt poylay boshladilar.
Kunlar o‘tdi.
Oy to‘lib chiqqan yoz kechasi. G‘ir-g‘ir iliq shabada esadi. U dara oralab ovdan qaytayotgan edi. Adirlar qorayib, xo‘mrayib turar, daryo suvi bir maromda shig‘irlar, ot tuyoqlarining ovozi aks-sado qaytarmoqda edi. O‘ng tomondagi adir tepasida bo‘ri ko‘rindi. U o‘tkir tumshug‘ini osmonga cho‘zib, oyga nola qila boshladi. “Otaxon, bu qanday sir?” – deb so‘radi donishmand Ulug‘ Turkdan. “Bu sirning tagiga yetgan banda yo‘q, bolam!” – dedi chol biroz tushkun ohangda.
U boshqa hech nima so‘ramadi, lekin shu kundan boshlab, o‘sha bo‘ri haqida o‘ylay boshladi, negadir uning qorayib ko‘ringan baquvvat gavdasi, osilib turgan bo‘yin yollari, o‘tkir tumshug‘i hadeb ko‘z oldida namoyon bo‘lar, ko‘zini yumdi deguncha ovozi qulog‘i ostida aks-sado berar va allaqanday notanish tuyg‘ular qurshovida qolib, ko‘krak sutining yoqimtoy hidi dimog‘ini qitiqlar edi. Vaholanki, u umrida atigi bir marta ko‘krak suti ta’mini totgan edi. To‘lin Oy, nola qilayotgan bo‘ri, ko‘krak suti – barisi uning uchun sirli va yashirin hodisa, hilqat edi.
“Hm, dunyo degani sirlar to‘la sandiq!” – deya tamshandi u va shu damda saroy ichida xushbo‘y hid taralib, ko‘nglini ochdi. Eh, ulug‘ Qurultoy tezroq o‘tsaydi.

* * *

– O‘g‘illarimdan darak bormi?
O‘g‘uzxonning savoliga hech kim javob berolmadi, saroy ahli uning ko‘ziga ko‘rinmaslik uchun o‘zlarini pana-panaga oldilar; xonalarga, o‘rindiqlarga suvsar ko‘rpachalar to‘shalib, oltin, kumush idishlar qator terilmoqda; hamma o‘z ishini chaqqon va tez bajaradi, toza, yaltiragan oyoq kiyimlari qalin guldor kigizlar ichiga botib, yurakka lazzat beradi.
Xushbo‘y hidlar aro shivir-shivirlar elas-elas quloqqa chalinadi:
– Hukmdor saroyda emasmi?
– Onalarining qabri ziyoratiga ketyaptilar!
– Chin o‘g‘il!
O‘g‘uzxonning ko‘ngli iyib ketdi, ulug‘ Qurultoy arafasida onasini eslamasligi mumkinmi? Onasini-ya! Agar shu tobda onasi yonida bo‘lganda edi, uni boshida ko‘tarib, dunyoning narigi chekkasigacha sayru sayohat qildirardi, lekin ona ham, ota ham, hamma ham yolg‘on olamda mehmon, kelish bor ekan, ketish ham aniq. U sut hidini tuyarkan, qulog‘i ostida volidasining xushnud ovozi sado berdi. “Ko‘zimning oqu qorasi, himmati ulug‘ bolam, atigi bir martagina senga oqlik berdim, so‘ng tilga kirding, yurding, o‘ynading va qirq kunda ko‘ksing ayiq ko‘kragidek baland bo‘ldi, ko‘zlaringdan chaqin chaqnadi, oyoqlarining bahaybat ho‘kiz oyoqlaridek bo‘liq va baquvvat ediki, har qadam tashlaganingda yer harakatga kelib, quvonar edi, bellaring bo‘rinidek chayir edi, badaningni butkul tuk qoplagan edi, yuzingning rangi ko‘k edi, lablaring cho‘g‘dek qizil edi, qop-qora sochlaring quyosh nurlarida jilolanganda havasim kelar edi, bir ko‘rkam yigit bo‘ldingki, odamlar: “Dunyoda bolangdan boshqa alp yo‘q”, – deya ko‘z qila boshladilar. Ko‘z qorachig‘imni o‘zing panohingda asra, deb Xudoyimga nola qildim. Amr bo‘lib, seni yilqi boqishga jo‘natdim: dala-dasht, qir-adir, tog‘u tosh kezding, toza havo taningni yayratdi, kamon otishni o‘rganding, ot minding, ov qilding, kiyik otding, kunlar o‘tgandan so‘ng, kechalar o‘tgandan so‘ng bir ulug‘ alp yigit bo‘ldingki, ko‘z ko‘rib suqlanar edi”.
Osmon xumdan chiqqan ko‘k shishadek moviy, tiniq, qanotlarini keng yozgan burgut ohista suzadi, suvlarning shildirashi, bulbullarning xonishi quloqning nozik pardalaridan yumshoq o‘tib, yurakning qil tomirlarini mayin-mayin silaydi. Sershox do‘lana daraxt qattiq titrab, aksa urdi, nimadir tap etib yerga tushdi. Uning xayoli bo‘linib, oyoq ostiga qaradi. Bosh barmog‘idek chumchuq bolasi tuproqqa qorishgan edi. “Besabr bola, onasini kutib o‘tirmay, o‘zim uchaman, deb beboshlik qilgan”. Polaponni qo‘liga olib, ko‘zlariga surtdi. “E Xudo, sen nimalarga qodir emassan, san’atingga tasanno, bebosh polaponni o‘zing kechir! Bu mo‘jizalaringni asramoq biz bandalaringning vazifamizdir”.
U Chumchuqning elvirab turgan badanidagi tuproqlarni avaylab pufladi. Avaylab. Shamol unga yordamga kelib, yelpib o‘tdi. Polaponning ko‘zlari qora nuqtadek mitti, yag‘rini sariq chiziqli edi. Tepa shoxlar orasidan polaponlarning tinmay chirqiragani eshitilar, go‘yoki olam to‘s-to‘polon bo‘lgandek edi. O‘g‘uz bir irg‘ib daraxtning yo‘g‘on shoxiga ilinib, yuqori ko‘tarildi. Uning chayir qo‘llari daraxtning qo‘ng‘irrang tanalariga saqichday yopishar, barvasta oyoqlari shoxdan-shoxga kiyiknikidek chaqqon, ildam oshar edi. Bir zumda tepa shoxdagi uyaga yetdi: bir parcha etga o‘xshash uchta polapon nozik tumshuqlarini ochib, qizg‘ish og‘izlarini ko‘rsatib, chunonam chirqillashdiki, O‘g‘uzning bag‘ri-dili, cho‘g‘langan kamon teshib o‘tgandek kuyib og‘ridi. “Oh, bechoralar, juda ochiqibdi, onasi biror nimaga yem bo‘lganmikin?!” Shu topda cho‘ntaklariga bir parcha et solib kelmaganidan afsuslandi. “Bir burda et bo‘lsa, harna edi-da, yeb qorinlarini to‘yg‘azishar edi!” Burgut pastlay boshladi va shiddat bilan adirlik yonbag‘ridagi boqqa sho‘ng‘idi. “Birorta ilonni ko‘zlagan ko‘rinadi!” O‘g‘uz qo‘lidagi polaponni xas-xashakli uyasiga qoldirib pastga tusha boshladi. O‘ng tomondagi kichiqroq shoxga oyoq bosib, beridagi yo‘g‘on shoxga o‘tmoqchi bo‘lganda, qars etdi-yu, ko‘z ochib yumguncha gursillab yerga quladi. Ko‘zlaridan o‘t chaqnab otildi, o‘ng luqchasi zirqirab og‘ridi, lekin u og‘riqqa e’tibor bermay, yonidagi singan shoxga, uning yashil barglariga, g‘o‘ra mevalariga achinib qaradi. “Uvoliga qoldi, hay attang, unga oyoq qo‘ymasa bo‘larkan!”
Odamlarning dod-faryodlarini eshitib, o‘rnidan turdi. Oyog‘ini qo‘liga olib chopdi. Baxshi kampir sochlarini yulib yig‘lar edi. Uning yonida turgan paxmoq soch yigit qo‘lidagi palaxmonga suyangancha anduhga botgan edi.
– Nima gap?
– Baxshi kampirning bolasi o‘rmonga ovga borgan ekan, yovuz Karkidon yeb qo‘yibdi!
O‘g‘uz boshini quyi egdi. “Karkidon qayoqdan paydo bo‘la qoldi?! Yo Xudoyim bizni yomon ko‘rib qoldimi?!”
Onasi uning ko‘zlaridagi mungga xavotir bilan boqdi:
– Bolam, o‘rmonga ovga borishni xayolingga ham keltirma!
O‘g‘uzxon onasining yuzidagi tashvishni tushundi. Har ona uchun bola aziz. Bola deb yashaydi aslida onalar. Lekin yov kelganda bolasini sandiqqa yashirib qo‘ygan ota-onaga nima deyish mumkin?!
Karkidon chorvani yeb bitira boshladi, yilqi qolmadi, ho‘kizlar qirildi, navbat odamlarga yetib keldi. Har kecha bir uydan bir yigit, bir qiz yoki bir bola yo‘qolishi odatga aylandi. Yig‘i-sig‘i ko‘k toqiga yetdi, dod-faryod go‘yoki olamni tutdi.
O‘g‘uz uy aylandi, bog‘ aylandi, bir kun volidasining tizzasiga boshini qo‘ydi:
– Bu bosh nega kerak, onajon?
– Unaqa dema, ulug‘ bolam, bu bosh elga kerak!
– Elga kerak bo‘lsa, Karkidonni gumdon qilishimga oq so‘z bering, onajon!
– Oq so‘zim, haq so‘zim, senga ruxsat, bolam! Xudoyim panohida asrasin! Ko‘zimning nuri, yuragimning quvvatisan! Bag‘rimga omon qaytishga so‘z ber, bolam!
– Egam quvvat bersin, onam! Oq so‘zingiz madad bo‘lsin, onam! El-ulusim nolasi ko‘kka yetib, Karkidonning yuragidan quvvati kesilsin, onajon!
– Ko‘zimning qorasi, oldimga faqat g‘alaba bilan qayt!
– Tangrim o‘zi madadkor bo‘lgay menga, onajon, xavotir olmang!
Bu xabar zumda olamni tutdi, odamlar to‘p-to‘p bo‘lib, O‘g‘uzning oldiga kela boshladilar. Eng nomdor bashoratchilar Karkidonning o‘limi yaqin, deb jar soldilar, qilni qirq yoradigan afsungarlar mahoratlarini ishga solib, yovuz maxluqning yuragiga illat yo‘lladilar, eng mohir ustalar unga mis, qalay, rux va temirni eritib, uchlariga olmos qadab, cho‘qmor yasab berdilar, qilichsozlar tog‘da kigizlar to‘shab, yashin ushlab, o‘zlari yasagan qilichni unda qirq kecha-kunduz erinmay tobladilar, shu qilich bilan ulkan xarsangga urgan edilar, tosh ikkiga bo‘linib ketdi; kamonchilar o‘n to‘rt botmonli kamon yasab, unga shimol bug‘usining ichaklaridan pishiq chilvir tortdilar, cho‘qqiga qarab kamon tortgan edilar, uchi parchalanib ketdi, o‘qchilar janub zarang tayog‘idan o‘q yasab, uning uchiga oltin, qo‘rg‘oshin, mis, temir va birinj eritib, o‘tkir uchli tig‘ qo‘ndirdilar, bu tig‘ toshni teshib o‘tdi.
Oppoq tong otdi, maysalar yuziga shaffof shudring tushdi, Chag‘onrud suvi tiniq oqdi, qirq kechayu kunduz shu holat yuz berdi; u ham qirq kechayu, qirq kunduz chilla yotdi, o‘ng yonga ag‘darilib tavallo qildi, chap yonga ag‘darilib, havallo qildi. Chunki Karkidonga to‘g‘ri borib bo‘lmasdi, uni yengish uchun hiyla kerak edi, qopqon qo‘yib tutish mumkin emasdi, otda jang qilib, yengish qiyin edi, otni bir zumda mahv etishi tayin edi, shu bois, Botir o‘g‘lon puxta reja tuzdi va qirqinchi kuni tong saharda, odam ko‘zidan panada Chag‘onrud daryosida obdon yuvindi, so‘ng Quyosh kulmasdan burun, ko‘kda Oy moviy parda ortiga yashirinmasdan avval qirg‘oqqa chiqib, artindi va yangi kiyimlarini kiyib, Tangridan madad tiladi, rejalarini bir-bir aytdi, meni qo‘llagin Yaratgan egam, faqat o‘zim uchun emas, bandalaring omonligi uchun ulug‘ jangga boryapman, g‘olib etsang, bir umr ezgulik uchun xizmat qilaman, deb qasamyod qildi.
Ko‘k yuziga nozlanib chiqqan Oy necha vaqtdan buyon qora chimmatga o‘ralgan keng o‘rmonga qosh qoqdi, daraxtlar, maysalarning yengil-engil silkinganini hammadan avval chumoli sezdi va otning dupurini, O‘g‘uzning hidini sezib, uyasidan tashqari chiqdi. Maqtanchoq Qarg‘a uni ko‘rib, qag‘, dedi, tovushqon quloqlariga ishonmadi, avval iskandi, uyasidan mo‘raladi va uyasi oldidagi maysalarga rang kirganini ko‘rib, nimadir o‘zgarish bo‘lishini his etdi.
Ot pishqirdi, butun o‘rmon bir titradi. Bu yaqin yillarda o‘rmonda ot pishqirgani eshitilmagan edi: shovqin-suron avjiga chiqib, Karkidonning halovati buzildi.
Gurros shamollar hilpiragan etaklari bilan osmon yuzidagi qora bulutlarni artib qo‘ydi, quyosh yog‘du sochdi, avvalgilariga o‘xshamagan kamalak yog‘du edi bu, unda xushbo‘y hid ham bor edi, har bir zarrasi ming bir rangda tovlanib, daraxtlarning qo‘ng‘ir, yashil, sarg‘ish taram-taram tanalariga, suvlarning yuzlariga, hayvonlarning yunglariga mo‘miyodek yoqimli singidi. Suvning joniga jon kirdi, tovushqon jilg‘adan bir ho‘plam ichgan edi, tanasi shunday yayradi, shunday yayradiki, “buncha maza, rohat” deganini o‘zi ham sezmay qoldi, lekin shu zahoti: “Avval Egangga shukr aytish kerak!” – deya o‘ziga tanbeh berdi, undan oldin ko‘k yolli bo‘ri tepalikka chiqib olib, Oyga qarab uliyotgan edi. Uning: “Ey, Oymomo, o‘zing yetkazib qo‘y, Karkidondan omon qolsam, odam bolasiga yordam beraman”, – deganini eshitib, avvaliga rashki keldi va: “Hech zamonda ko‘k bo‘ri odam bolasiga do‘st bo‘lishi mumkinmi? Bu o‘rmonda mendan boshqa beozor hayvon yo‘q-ku!” – dedi xomush tortib, ammo otning qattiq pishqirgan ovozi uning fikrini bo‘lib yubordi.
Botir o‘g‘lon otdan chaqqon tushib, cho‘qmorini qo‘liga olib, o‘q to‘la sadoqni yoniga, kamonni yelkasiga osdi va oltin dastali keskir qilichini baland ko‘tarib, og‘ir temir qalqonini ko‘ksiga tutgancha o‘rmonga kirdi va bug‘ular to‘dasi tomon yurdi. “Ey Tangrim, yovuz Karkidonni o‘ldirishim uchun bitta bug‘uni qurbonlikka ber!” – deb nola qildi.
U o‘rmon ichidagi keng vodiyga chiqdi, yashil adirlar oralab, bir necha irmoqlar jildirab oqar, quyosh charaqlab turar, chor-atrof jimjit, bug‘ular ko‘rinmasdi. Karkidonni tezroq o‘ldirib, o‘z qavmiga quvonchli xabar olib borishni ich-ichidan istayotgan O‘g‘uz jadallik bilan uzoq yurdi, terga botib, ust-boshi, kiyimlari jiqqa ho‘l bo‘ldi, baland adirlik ustiga chiqib, oq qalpoq kiygan g‘adir-budur ko‘kimtir cho‘qqilarga, uzoqdan qorayib ko‘ringan qalin archazorga tashnalik bilan boqdi, ke­yin xavotirga borib: “Karkidondan cho‘chigan bug‘ular vodiyni tark etganmikin?” – deya o‘yladi va yana jadal yura ketdi. Ikki qir oshgach, baland jarlik yonidan o‘ngga burilganda, son-sanoqsiz bug‘ularga ko‘zi tushib, o‘zini panaga oldi. Bug‘ular to‘dasi uning hidini sezib, yo‘g‘on ichakdek buralib, o‘zlarini chetga oldi. O‘g‘uz kamonini qo‘liga olib, o‘q joyladi va o‘rtada turgan uzun oq shoxli bug‘uni mo‘ljalga oldi. O‘q vizillab uchdi. Bug‘u nima bo‘lganini sezmay qoldi, o‘q peshonasiga sanchilganda, tizza bo‘yi ko‘tarilib, yerga tars quladi, cho‘chigan bug‘u to‘dasi, ko‘z ochib yumguncha irmoqdan sakrab o‘tib, tog‘ tomonga qochib ketdi.
Botir o‘g‘lon jon taslim qilgan bug‘uning yoniga behol bordi, yuragi tig‘ bilan tirnalgandek achishdi: erkak bug‘uning o‘q sanchilgan peshonasidan qip-qizil qon oqib turar, og‘zi qiyshayib, dumaloq ko‘zlari ko‘kka qadalib qolgan, go‘yo bu ko‘z emas, juft qora shisha shar sarg‘ish soqqalarga joylab qo‘yilgandek edi, lekin ularda qandaydir joziba bor edi, ana shu jozibani yo‘qotish odamga alam qilar, shu bois unga qaraganda, ko‘ngil o‘ksir edi. “Men seni tiriklikdan mahrum qilmoqchi emasdim. Bug‘u, meni kechir! – dedi uning boshini silar ekan, tanasi hali issiq, qon hidi gupillab anqimoqda edi. – Sen insoniyatga xizmat qilishga, eng sharafli vazifani bajarishga loyiq ko‘rilgan ekansan. Sendan hamma rozi bo‘lsin!”
Botir o‘g‘lon o‘rnidan turib, jarlik yonidagi tolzorga kirdi va bir necha tol novdalarini kesib, po‘stloqlarini suyirib, pishiq chilvir eshdi, so‘ng bug‘uni qarag‘ay daraxtiga mahkam bog‘ladi.
Irmoqlar balandroq jildiradi, daryolar avjliroq to‘lg‘andi.
Botir o‘g‘lon tiniq zilol suvga qo‘lini chaydi, betini yuvdi, yuragi toshayotgan edi, bir hovuch suv ichib, hovurini pasaytirdi. “Ey Tangri, o‘zing ishimni osonlashtir, bandalaring yovuz Karkidondan ozod bo‘lsinlar!” – deya o‘ziga yana madad so‘radi. Keyin yotish uchun g‘or izlab ketdi. Bu safar uzoq yurmadi, jarlikdan o‘tib, bir necha yuz qadam bosgach, o‘ng tomonda qoya ostidagi g‘orga ko‘zi tushdi. G‘or oldidagi keng tosh supada yarim yongan o‘tinlar, kul bor edi. Ovchilar makoni. Bir paytlar bu yerga ko‘pdan-ko‘p ovchilar kelib-ketgan ko‘rinadi. Qosh qorayayotgan edi. U jadal yurib, daryodan o‘tdi va bir irg‘ib tosh supaga chiqib, g‘or ichiga ehtiyotkorona nazar soldi. Karkidon shu yerda emasmikin, degan xavotir yuragini tilib o‘tdi, lekin g‘or bo‘m-bo‘sh edi. Ichkari kirib, qurol-aslahalarini, to‘rxaltasini chetga, tosh supaga qo‘ydi. Olov yoqish mumkin emas. Tashqari chiqib, muzdek suvga cho‘mildi va kela solib, to‘rxaltasidagi quritilgan go‘shtdan ikki bo‘lak yedi-da, so‘ng og‘zini chayib, qo‘llarini yuvib, artingach, charm jandasini tagiga solib, uyquga ketdi.
Tong otdi.
Qarag‘ay yonida bug‘uning bir uyum suyaklari sochilib yotar, chor-atrof Karkidonning yassi oyoqlari ostida toptalgan edi.
Botir o‘g‘lon xiyla yengil tortdi, Karkidon uning qarmog‘iga ilingan edi. U ruhan quvonib, o‘rmonga kirdi va bu safar o‘ziga yuzma-yuz kelgan qo‘ng‘ir ayiqni qilichi bilan chopdi, keyin qarag‘ay daraxti yoniga surgab keldi. Uzoqdan Karkidonning xirillagan ovozini eshitib, shoshildi, endi chilvir eshishga vaqti yo‘q edi, oltin belbog‘ini yechib, ayiqni bog‘lab qo‘ygach, g‘orga qarab yugurdi.
Yana tong otdi. Karkidon ayiqni yeb ketgan, chor-atrofga yo‘g‘on qo‘l-oyoq suyaklari sochilgan edi. Botir o‘g‘lon bu kechasi qarag‘ay yonida qoldi. To‘lib Oy chiqdi. Karkidon yerni titratgancha yugurib keldi va uning og‘ir qalqoniga zarb bilan urildi. Botir o‘g‘lon qo‘lidagi olmos uchli cho‘qmori bilan uning boshiga chononam zarba berdiki, Karkidonning bo‘g‘riqqan kuchli na’rasi butun o‘rmonni larzaga keltirdi. Fursatni g‘animat bilib, qilichini qo‘lida mahkam tutib, orqasi bilan cho‘kkalab qolgan Karkidonning boshini kesdi va uni ko‘tarib, ortiga qaytdi.
Odamlar unga tomon oqib kela boshladilar. Uni “Botir o‘g‘lon” demadilar, “O‘g‘uz!” dedilar. Bu nom unga yarashdi. Har tomondan: “Karkidon mahv etildi, O‘g‘uz botirga sharaflar bo‘lsin!” – degan hayqiriqlar yangradi.
Uyi oldida olomon uni o‘rab oldi.
Qabila oqsoqoli – yirik gavdali, uzun oqsoch qariya: “O‘g‘uz el uchun mardlik qildi. Endi uni O‘g‘uz emas, O‘g‘uz botir, deb ataymiz!” – dedi. Shundan so‘ng el orasida O‘g‘uz botir nomi bilan mashhur bo‘ldi va yurtining har bir nomdor go‘zali unga yor bo‘lishga intildi, lekin uning talabi qattiq edi.
Otasining so‘zini ikki qildi, ko‘ngil dengizlariga siyoh tushib, ko‘kardi.
Onasi Oy xoqon oyim: “Soyabonimiz, muhtaram otangizning so‘zini ikki qilganingiz yaxshi ish bo‘lmadi, aytgan qizlariga uylanishingiz kerak edi”, – deganidan so‘ng oraga sovuqlik tushganini sezdi. Nima qilsin, yurakka buyruq berib bo‘lar ekanmi? Yurak – Ko‘kning yashirin sandig‘i. Yurak amrini bajarishga majbur. “So‘zingni haq bilgan qizni olgin”, – deb turdi u. Qoraxon o‘z inisi Ko‘rxonning qizini olib berdi. O‘g‘uz dediki: “Olamni, seni va bizni yaratg‘an bor. Aning oti Olloh turur. Ani bor bilgil va bir bilgil, aning buyurganidan o‘zga ishni qilmagil!”
Qiz qosh qayirdi, Botir polvonning undan ko‘ngli qoldi. So‘ng unga O‘zxonning katta qizini olib berdilar. U ham qosh qayirdi, undan ham ko‘ngli qoldi va uning ham go‘shangasiga kirmadi.
Oradan bir necha yil o‘tdi. Ovdan qaytayotib, daryo yoqasida yolg‘iz o‘tirgan suluvni ko‘rib qoldi: yuzi quyoshday tovlanar edi, ko‘zlari tiniq ko‘kdan ham toza, qorachiqlari yoz tunidek go‘zal, lablari qo‘sh atirgul g‘unchasidek qirmizi, sadaf tishlarining oqligi musaffo tong boshiga g‘avg‘o solardi. Uning ismini so‘ragan edi: “Olamning ulug‘ yigiti, tanimadilarmu?!” – deb kuldi. Botir polvon aylanib, o‘rgilib qaradi, yaqinroq kelib, jiddiy razm soldi: “O‘zxonning kenja qizi-ku!”. Yuragi urib, o‘zini bilmay qoldi, lekin siri oshkor bo‘lishidan cho‘chib, o‘zini tiydi va shu kundan bu pari qiz ko‘ziga osmondagi yolg‘iz to‘lin Oydek yagona, tanho ko‘rindi, dunyoda undan boshqa suluv yo‘qdek edi. “Tanho, tanho”, – dedi o‘zicha va telbasifat holatda kechalari qizning uyi atrofida aylandi.
Qiz nima degani? Osmon haqi javob bering! Shamollar, siz javob bering!
Qiz – farishta degani, noyob, nodir degani.
Qiz deganimi, ihm, qiz – ming dard degani!
Mo‘ylablari sabza urib, ishq hididan mast O‘g‘uz toqqa ovga chiqib, shamollarga dardini yozdi:
– Ey shamollar, qalb rohati uchun sohibjamol qizni topish mumkin. Tan mahrami uchun hurliqoga asir bo‘lish mumkin, ammo men Tangrining quli – O‘g‘uz so‘zim, menga musulmon mahram kerak!
Shamollar o‘rmonning qalbiga kirdi, kiyiklar hurkib qochdi, bulbullar jimib qoldi.
O‘g‘uzxon qoyada tik turar, o‘rmondan qaytib chiqqan shamol uning ko‘ksini silay boshladi.
– Qiz degani – olamning davomchisi!
– Qiz degani – erni er qiladigan daho!
– Qizning yaxshisi erining so‘ziga quloq soladi, eri nima bo‘lsa, u ham shu bo‘ladi!
O‘g‘uzga ana shunday sadoqatli yor kerak!
Oradan kunlar, haftalar o‘tgan sayin, yuragidagi ishq alangasi yanada gurillab yona boshladi, halovatini yo‘qotib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi va bildi, angladiki, Tangri unga shu suluvni munosib ko‘rdi, endi o‘zini ortiq qiynash noravo! Ammo “shunday parivash so‘zimni ikki qilsa, ne qilaman?” degan tashvish bilan qora kosovday qorayib, g‘amga botdi. “O‘ychi o‘yini o‘ylaguncha, tavakkalchi ishini bitiribdi”. U qizni istab bordi, qiz ham uni istab chiqdi, ufqdagi quyoshdek qizarib yerga qarab turganda, Botir polvon so‘z qotdi:
– Otam menga ikki qizni olib berdi, ammo ularning birini ham sevmayman, ko‘nglim yo‘q, boz ustiga ikkisi ham musulmon bo‘lishni xohlamadi. Sen, suluvlarning suluvi, barnolarning barnosi, so‘zimni ikki qilmay, musulmon bo‘lsang, seni tan mahrami qilar edim o‘zimga.
Qizning jodu ko‘zlarini yerga tikib, mayin tabassum qilishi Botir polvonning yuragini battar o‘rtadi, “bu ham qosh qayiradimi” deb yana cho‘chidi, ammo qiz:
– Siz ne desangiz – shu! – degan javobni berdi.
Buni eshitib, yigitning boshi ko‘kka yetib, ko‘kragini Chag‘onrudning havosi bilan siyladi.
Qoraxon bu gapni eshitib, darhol sovchi jo‘natdi. Olamning barcha chekkalaridan mehmonlar chorlab, katta to‘y qildi va qizni saroyiga kelin qilib tushirdi.
Botir polvonning yuzi oydek to‘lishib, ko‘ziga nur kirdi, qiz bilan baxtli yashay boshladi.
Qoraxon sezgir odam edi, har kimning qadam olishidan maqsadini ang­lar edi. Ko‘rdiki, ulug‘ kelin bilan o‘rtanchasining qovog‘idan qor yog‘adi. Nima gapligini so‘rolmay qiynaldi: erkak zoti kelini haqida birovdan so‘rashga botinolmaydi, u ham bu to‘g‘rida birovga og‘iz ochishga iymandi va Botir polvon uzoqqa ovga ketganda, bu sirning tagiga yetish uchun barcha kelinlarini chorlab, ziyofat berdi. Avval o‘z tan mahramidan so‘ragan edi, “Buni men bilmayman, kelinlaringizdan so‘ray qoling”, deb izn berdi. Qoraxon ming istiholaga bordi, ming o‘yladi, mushohada qildi va oxiri, hukmdorning o‘z fuqarosidan har narsani so‘rashga, muammoni hal etishga haqi bor, degan qarorga kelib, Ulug‘ kelinni qoshiga chorladi.
– Sizga bir savolim bor, o‘ng‘aysiz bo‘lsa, ma’zur tutgaysiz, qizim, – dedi istiholaga borib. So‘ng o‘g‘lining kichik kelinga bo‘lgan behad mehri haqida so‘radi. Ulug‘ kelin ikkilanib o‘tirmay sirni ochdi:
– Ulug‘ hukmdorim meni ma’zur tutgaylar, ming istihola etib, so‘radingiz, rostini aytay: o‘g‘lingiz musulmon bo‘lgan, bizni ham musulmon bo‘lasizlar, degan edi, ko‘nmadik. Kichik ovsinimiz musulmon bo‘lgani uchun uni behad hurmatda tuturlar!
Jahl bulutlari olamni tutdi, Qoraxonning tepa sochi tikka bo‘lib, g‘azabi qo‘zg‘adi, lekin o‘zini bosdi. Har qalay, Botir polvon pushti kamaridan bo‘lgan. Ammo bu gap tezda elga yoyilib, arkoni davlat larzaga keldi – beklar g‘avg‘o otiga minib uning qoshiga keldilar. Kimsan Qoraxondek buyuk hukmdor ham ulkan saroy ahli oldida tang qoldi. O‘g‘lini desa, butun davlatidan ayriladi, davlatni desa, alp o‘g‘lidan! Beklar bebosh o‘g‘ilga jazo, deb hayqirdilar. Olam larzaga kelib, bulutlar ko‘z yosh to‘kdi. Noiloj qolgan Qoraxon o‘z o‘g‘liga qarshi urush ochishga tayyorlana boshladi.
Kichik kelinning ishonchli quli bor edi, kechasi uni yashirin holda saroydan chiqarib yubordi. Qul o‘qday uchib, Botir huzuriga yelday yetib, uni xufya voqeadan xabardor etib, yengil tortdi.
Botir polvonning oppoq olamiga qora siyoh to‘kildi, dili vayron bo‘lib, u ham ikki o‘t o‘rtasida qoldi: otaga qarshi tig‘ ko‘targan o‘g‘ildan hamma yuz o‘giradi.
Bu dardga ne davo?
Donishmand Ulug‘ Turk uning joniga oro kirdi:
– Qarshingizda ikki yo‘l turibdi: yo o‘lim, yo hayot; otangiz emas, sizning yurak amringizga qarshi hukmdor g‘animingizdir; u hukmdor sifatida mamlakat manfaati, deb sizga qarshi tig‘ ko‘tardi. Hukmdor o‘z beklariga qarshi borolmaydi. Siz ham o‘z tarafdorlaringizni chorlang!
Botir polvon o‘z tarafdorlariga noma jo‘natdi, ammo ko‘p beklarning otasi tomon o‘tib ketganini eshitib, yana qayg‘uga botib, donishmand Ulug‘ Turkdan maslahat so‘radi. Donishmand:
– Sizni Tangri qo‘llasin, mendan emas, men ojiz bir bandaman, Yaratganning o‘zidan so‘rang! – dedi.
Jannatning to‘rt arig‘idan biri – Chag‘onrud mayin shovulladi, Botir polvon qamishzor oralab o‘tib, suv bo‘yiga keldi, muzdek suvga yuvinib pok­landi, oq otini ham erinmay qashilab yuvdi, kiyim-boshini ham cha­yib olib, saksovullarga ilib chiqdi, so‘ng bo‘xchasidagi toza kiyimlardan olib, kiyindi va cho‘kka tushib, Yaratganga iltijo qildi: “Ey, Tangrim, o‘n sakkiz ming olamni yaratgan o‘zingsan, senga sig‘inaman, senga iltijo qilaman, men Botir polvon, sening qulingman, ojiz, notavon bandangman, o‘zing menga madad ber, toki, buzilib borayotgan dunyoni sening xohishing bilan tuzatishga kuch-qudratimni, umrimni sarf etay!”
Ko‘kdan yog‘du tushib, uni zarrin nur bilan siyladi, ulkan daryoning suvi chayqalib, mayin epkinlari yonayotgan yuragiga malham berdi.
Olloh o‘zi qo‘llayman, deganni qo‘llaydi, qirq yil qirg‘in bo‘lsa-da, uni omon saqlaydi. Kutilmagan tomondan oftob chiqdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, Qoraxonning barcha inilari madad kuch sifatida kelishib, unga qo‘shilishdi. Botir polvon ularni har tomonlama sinab ko‘rdi: oralariga ayg‘oqchi solib, o‘zini yomonotliq ko‘rsatgan edi, kallasi ketishiga oz qoldi; bir guruhini dushman tomonga yuborib, oralariga yana ayg‘oqchilarini solib, g‘animga sotilishga ko‘ndirmoqchi bo‘lganlarida, odamlarini kishanlab, huzurlariga olib keldilar; Botir polvon yana ikki-uch marta taftish o‘tkazib, ularning sadoqatini ko‘rib, bular o‘z ahdlariga qat’iy, bir so‘zli, yopishqoq kishilar ekan, deya xursand bo‘ldi va tolesi baland bo‘lsin, deya ularga Uyg‘ur deb nom berdi. Uyg‘ur yopishqoq, degani. Ular O‘g‘uz atrofida mahkam jipslashib, yopishib turdilar.
Qoraxon urush boshladi. Nohaq qilich ko‘targan ajalidan burun o‘ladi. Kimdir otgan o‘q uning boshini yaralab, hushidan ayirdi. Uni jang maydonidan olib chiqib, yarasiga malham bog‘ladilar. Ko‘zini ochgach, o‘g‘lini so‘radi. “Omon, omon!” – dedilar tillarini tishlab. Hukmdor atrofida ikki-uch sodiq beklari turganini ko‘rib, askarlarining tariq doniday sochilib ketganini sezdi, sezdi-yu, yengil tortdi.
– Men ota singari emas, taxt sohibi sifatida o‘z sha’nimni himoya qildim, Botir polvonni o‘rnimga xon qilib ko‘taringlar, u bir so‘zli, mard, botir, juda ezgusevar yigit, odamzodga ko‘p yaxshiliklar keltirishga qodir inson! Undan ajoyib hukmdor chiqadi! – dedi.
Hamma izza-izza yig‘ladi. Qoraxon bug‘ilib nafas oldi va:
– O‘g‘limga aytinglar, farzand sifatida meni kechirsin! Men yana aytaman, u bilan munosib hukmdor sifatida jang qildim! Uning g‘olib kelganidan juda mamnunman! – dedi va jon berdi.
Quyosh yuzini teskari burdi, daryolar to‘lib oqdi, vodiylar yashillikka burkandi.
O‘shanda… otasining so‘zlarini eshitib, behol bo‘ldi, bulbul navosi ham qulog‘iga qari eshak hangrashidek beo‘xshov eshitilib, ensasini qotirdi.
– Eshitmadim demanglar, eshitganlar darmonda, eshitmaganlar armonda! Qurultoy Botir polvonni taxtga munosib ko‘rdi! Endi u Botir tangriqutdir!
Xushxabarni qanotiga olgan gurros shamollar Dunyoning to‘rt qutbini aylanib chiqdi.
– Bizning bayrog‘imizda Ko‘k bo‘ri rasmi bo‘lur!
– Nega Ko‘k bo‘ri?
– O‘rmonga qaranglar, nega uning havosi buzilib ketmaydi? Har yili qancha darrranda-parranda, hayvon o‘ladi, o‘rmon o‘laksaga to‘lib ketadi. Xo‘sh, ana ayting, kim tozalaydi ulkan o‘rmonni?! Bo‘ri emasmi? Biz ham dunyoni yomonlardan tozalab, binoyidek yashashlari uchun Tangrining bandalariga shart-sharoit yaratamiz. Tangri biz uchun shunday keng dunyoni, bepoyon hududlarni, daryolarni, bog‘-rog‘larni yaratib quyibdi. Olamni obod etib yashash – burchimiz, vazifamiz. Agar biz Yaratganning buyurganlarini bajarmay, o‘z bilganimizcha yashasak, yana qiyomat-qoyim bo‘ladi, odamzod yana halokatga uchraydi. Bizdan oldin Egamga bo‘ysunmagani uchun Nuh qavmi to‘fon balosiga giriftor etildi. Men Tangrining quli – Botir tangriqut otim, dono elchilarim orqali jo‘natayotgan “Bayonnoma”mda qayd etamanki, Yer yuzining to‘rt burchagi xoqoni sifatida barcha menga bo‘yin egishini buyuraman; kim mening amrimga bo‘ysunsa, sovg‘a-salomi bilan kelsa, o‘zimga do‘st deb bilaman, kimki amrimga itoat etishdan bo‘yin tovlasa, o‘zimga dushman tutaman va shiddat bilan bostirib borib, unday buzg‘unchining jazosini beraman!
Yuzlarida nur balqigan olihimmat elchilar yangi zamon nafasi ufurib turgan “Bayonnoma”ni nozik qo‘llariga olgan zahoti, shamoldek yelib, qiru adir, tog‘u tosh kezib, belgilangan manzillarga yetdilar: yashil maysalarning yuzlarida ahdu paymon, insof, adolat nurlari qo‘ndi, oftob charaqlab turdi, daryolar mayin shovullab, odamzodni birlashayotgani bilan qutladi. Shu paytgacha dunyo o‘z boshida qoldi, har bir qabila, urug‘ o‘z bilganicha yashaydi, tiriklikning bo‘lgani shu ekan, birlikda yashab bo‘lmaydi, deganlar tillarini tishladilar: humo qushlarining qanotlarida “dunyo bitta, unda maqsad ham bitta bo‘ladi”, degan so‘zlar osmonning moviy ko‘zlarida aks etib, katta-kichik daryolar, ummonlarning shisha kabi yaltiragan yuzlarida mavjlanib ko‘zga tashlandi. “Eh-he-hey, eshitmadim demanglar, O‘g‘uzxon olamni tartibga keltirdi, dunyo aravasi to‘rt tomonga tortilmaydi, hamma birlikda yashaydi, Yer bitta, uni asrash, unda tinch, osoyishta yashash, birgalikda kun kechirish barchaning vazifasidir!”
Qizlarning jarangdor kulgilari oshufta yigitlarning tashna ko‘ngillariga ishq tuyg‘ularini solib, shirin jonlarini qitiqladi.
Dunyoning o‘ng tomonida Oltin xoqon hukmdor edi. Elchilari orqali Botir tangriqutning amriga bo‘ysunganini ma’lum qilib, oltin-kumush, yoqutlar, turli xildagi qimmatbaho durlar hadya qilib, sovg‘a-salomlar yubordi va u bilan do‘stlashdi.
Ulug‘ Turk uning huzuriga bosh urib kirdi:
– Tushimda Xizr alayhissalomni ko‘rdim. U zot: “Botir tangriqutga yangi nom beramiz. Nomi O‘quzxon bo‘ladi. O‘q – yerning mustahkam ildiz o‘qi; uz – yagona demakdir; Xon – ulug‘lik martabasi!” – dedi. O‘rnimdan turib, darhol poklandim. Tangriga shukrona aytib, sening huzuringga yeldim, hukmdorim!
Botir tangriqut o‘yga toldi. El nima deydi, dunyoning to‘rt burchidagi hukmdorlar o‘ziga nom tanlab olibdi, deyishmaydimi?!
Ulug‘ Turk yana uning joniga oro kirdi:
– Elning oqsoqollarini chorlab, maslahat soling! – dedi.
Bir necha kundan so‘ng qirq qo‘y qurbonlik qilinib, elga osh berildi va Ulug‘ Turk oqsoqollarning ko‘ngliga qo‘l soldi:
– Dunyo yaxshilik tomonga yuz burmoqda, ulug‘ Botir tangriqut bu yo‘lda barchamizga bosh bo‘ladi.
– Bosh bo‘ladi! Bosh bo‘ladi! – dedi hamma.
Ulug‘ Turk uning yangi nomi haqida so‘z ochgan edi, oqsoqollar o‘ylanib qolishdi.
Botir tangriqutning nafasi ichiga tushib: “Shu mashvaratni behuda chaqirdim, boshimga g‘alva orttirmasaydim”, – deya tahlikaga tushdi.
Oqsoqollar o‘zaro shivirlashdilar va birozdan so‘ng: “Ulug‘ Botir tangri­qutga yangi nom muborak bo‘lsin, O‘quzxon olamning baxt-iqbolini tilaymiz!” – deya uni oq kigizga solib, O‘rta atrofidan yetti karra aylantirdilar.
El O‘rta atrofiga oqib keldi, go‘yo daryo oqdi: yasan-tusan kiyingan bolalar lolaqizg‘aldoqlar kabi keng maydonni qip-qizil gulga o‘radi.
Jarchilarning ovozlari tog‘ boshlarigacha sado berdi:
– Eshitmadim demanglar, he-he-hey! Botir tangriqutga O‘quzxon degan yuksak nom berildi. Endi u Yaratganning Yerdagi soyasi, butun olamni birlashtiruvchi yagona hukmdor-r-rdir!
Barcha:
– O‘g‘uzxonga sharaflar bo‘lsin! – deb qichqirdi.
Oqsoqollar:
– Mayli, shunday bo‘la qolsin, el uni O‘g‘uzxon, deb tanisin! – deyishdi.
O‘g‘uzxon yengil nafas oldi va bir yil ichida dunyoning ko‘pdan-ko‘p qabila sardorlari, boshliqlari, beklari uning qanoti ostiga birlashdilar.
Ammo oradan yetti yil o‘tib, So‘l tomondagi Muztog‘dan qora bulutlar bostirib keldi. So‘l tomonning hukmdori fitnachi va qaysar, zolim Urum edi. Shaharlari ham, askarlari ham ko‘p edi. Uni yengish qiyin der edilar.
O‘shanda Urum kallasini ishlatganda, bugun ulug‘ Qurultoyda qo‘r to‘kib o‘tirgan bo‘lardi.
Esida, hammasi esida.
Erta tongda to‘shakdan og‘ir turdi, boshi og‘rib, ko‘zlari tinib, o‘zini behol sezdi. “Yaxshi gapga bo‘ysunmadi, bu qanaqa odam o‘zi, bir zolimni deb minglab begunoh alplar yer tishlaydimi endi!” – deya o‘ylanib qoldi.
Donishmand Ulug‘ Turk uning qanotiga kirdi:
– Ulug‘ xoqonim, qayg‘uga botmang, bu dunyoda besh qo‘l barobar emas, hamma ham Oltin xoqondek bo‘lolmaydi. Urum – zolim hukmdor, “birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar” degan hikmatni eshitmagan ko‘rinadi. Bu dunyoda zolim hamisha o‘z boshiga yetgan. Sizga Tangri madadkor bo‘lishiga ishonaman. Tangri yo‘lida askarlarni jangga hozirlang, zolimni yer tishlatamiz!
O‘g‘uzxonning qanoti to‘rt bo‘lib, yuragiga quvvat kirib, ruhi ko‘tarilib, ko‘zlari charog‘on yorishdi va bu kechasi bamaylixotir yotib uxladi. Erta tongda O‘rdusiga oppoq yog‘du tushdi va uning ichidan ko‘k tukli, ko‘k yolli erkak bo‘ri chiqib keldi va odam tilida: “Ey, O‘g‘uz, Urum ustiga yurish qil. Lashkaring oldida o‘zim boraman!” – dedi.
Tushimidi, o‘ngimidi? O‘g‘uzxonning ko‘zlari tinib, boshi aylandi.
Itil daryosi yozda to‘lib oqdi, qishda esa tarashadek qotdi. O‘g‘uzxon katta qo‘shin bilan borib, o‘rmonga kirdi va o‘sha yerda O‘rta tikib, qishladi. Kechalari reja tuzdi, kunduzlari ovga chiqdi, bahor kelib, iliq-miliq kunlar boshlangach, O‘rtasini yig‘ishtirdi va Urum ustiga yurdi. Otini jadal haydab, qo‘shin oldiga yetgach, lashkarni boshlab ketayotgan ko‘k tukli, ko‘k yolli bo‘rini ko‘rib, “Rost ekan bu gap!” dedi va g‘alaba hidini sezib, otiga:
– Chu, jonivor, biz albatta g‘alaba qozonamiz! – dedi ishonch bilan.
Ikki tomon lashkari bir necha kun yuzma-yuz turdi. O‘g‘uzxon elchi jo‘natdi.
– Urum, o‘ylab ko‘r, jangdan foyda yo‘q, kel birlashib, dunyoni obod etamiz! – dedi. Urum uning elchisini qatl etdi.
Ulug‘ Turk donishmand:
– Urum beo‘ylov ekan! – dedi.
Kechasi Oy to‘lishib chiqib, olamni munavvar ayladi, sergak qorovullarning xavotir to‘la ko‘zlari yonarqurtdek yilt-yilt ko‘zga tashlanadi, qilt etgan shamol yo‘q, odamzod yer yuzidan ko‘chib ketgandek, atrof jim-jit olam sukunat qo‘ynida. Ko‘k tukli, ko‘k yolli Bo‘rining o‘ng tomondagi qir ustiga chiqib borganini hech kim ko‘rmadi, Oy uni qarshilagandek pastlab keldi va ana shunda, Bo‘rining ovozi o‘rmonning qo‘yniga, lashkarlarning quloqlariga sirg‘alib kirib, ko‘zlaridan uyquni, fikr olamlaridan xavotirni sug‘urib oldi: ovozi allaqanday o‘zgacha edi, uni nola ham, ulish ham, deb bo‘lmasdi, munojotga yaqin ohang, desa bo‘lardi.
O‘g‘uzxon ulkan, mahobatli oq chodirida mudroq o‘tirgan edi, Bo‘rining sehrli ovozini eshitib, u ham hayrat olami qo‘ynida xayolga botdi: nechun Bo‘ri odam tilini biladi-yu, to‘lishgan Oyga qarab, o‘z tilida so‘ylaydi?! Buning siri nimada?! Nega aynan Oy to‘lishgan paytda unga qarab munojot aytadi?! Nimalar deydi, nimalar so‘raydi?! Yaratganga aytgin, O‘g‘uzxondan madadini ayamasin, demoqdami?
Tong salomsiz kirib keldi, eri urushga ketayotgan kelinchakdek arazda va g‘amda edi. Burg‘ular olam tinchini buzgan chog‘da, tun pardasini ochib, rangi o‘chgan holda olamga g‘amgin boqdi.
Itil daryosi bo‘yidagi o‘rmon yonida lashkarlar to‘qnashdi, yashil maysalar oyoq ostida toptaldi, qon daryo bo‘lib oqdi.
O‘qlar vizillab uchdi, qilichlarning jarangi qovog‘i soliq osmonning ko‘ksini tildi, gurzilar yerni larzaga soldi. O‘g‘uzxonning botirlari Urumning chayondek vijirlagan hadsiz lashkari patini to‘zg‘itib yubordilar. O, bechora Urum! G‘alaba lashkarning ko‘pligi bilan emas, Yaratganning madadi, bandasining adolati bilan qo‘lga kiritiladi. Xom sut emgan banda: o‘ziga bino qo‘ygan kimsani Xudo aslo xushlamaydi. Yer tishlading va sharmandalarcha qochding!
O‘g‘uzxon ko‘k tukli, ko‘k yolli Bo‘rini qidirdi, lekin hech joydan topolmadi. O‘ng tomondagi adirga chiqib, Tangriga shukronalar aytdi va shundan so‘nggina uyiga qaytdi. Eh, Urum, Urum! O‘zing-ku, biror tor tuynukka kirib, jon saqlab qolgandirsan, lekin senga ishongan qabilangga nima deysan?! Har bir shahid ketgan navkaringning ota-onasiga, tul qolgan bevalarga qay yuz bilan boqasan?! Shuncha qon oqizib, nima lazzat topding?! Endi kim yomon, O‘g‘uzxonmi?! Yo‘q, O‘g‘uzxon shunday hukmdor bo‘ladiki, dunyo­da hech bir el, hech bir kimsa bunday g‘arib holga tushmaydi. Barcha ellarga birlikni, yaxshilikni ravo ko‘radi. Oradan ming yillar o‘tsa ham, kelajak avlod uning nomini ezgu so‘z bilan tilga oladi.

* * *

O‘g‘uzxon hozirgina yuvinib chiqdi, tanasi pokizalanib yengil tortdi, lekin yuragi bezovta. Xobxonaga kirib, yumshoq o‘ringa cho‘zilgan zahoti xayoli qochib, ko‘z oldida keng qora o‘rmon va ulkan Karkidon jonlandi. Reja, reja, rejalar! Rejasiz odam – natijasiz odam. Rejasi ish berib, Karkidonni yenggan edi, shundan so‘ng har bir ishni puxta reja bilan amalga oshira bordi. Endi, eh, bu Qurultoy – so‘nggisi, umr kemasi tiriklik qirg‘og‘iga yaqin qoldi. Aqli bor odam jon qushi ko‘krak qafasini tark etmasdan burun etagini yig‘ishtiradi, mamlakatimni farzandlarimga, avlodlarimga bo‘lib beray, toki ularning har biri qo‘l ostidagi elni rozi qilib, adolat bilan boshqarsinlar; yorlig‘ beraykim, jasadimni Chag‘onrudning ostiga qo‘ysinlar, toki qilcha gunohim bo‘lsa, Jannat arig‘i dunyo turguncha yuvib tursin, chin dunyoga gunohlar bilan kirish qiyin.
Engil oyoq sharpasi uning quloqlarini siladi va hayal o‘tmay xushbo‘y hid qalbini yumshatdi, u tamshanib eshik tomonga qaradi: harir oq ko‘ylakda Oy qog‘on oyim yengil suzib kelayotgan edi.
– Uyg‘oqmisiz, hukmdorim?
– Odam qarigach, uyqusi qochar ekan. Kelganingiz yaxshi bo‘ldi, biroz suhbatga maylim bor.
Eshik oldida gurillab yonayotgan mis o‘choqdagi olovning shu’lasi ichkarini yoritib turar, ko‘kda Oy ham to‘lib chiqqan, chor-atrofda sergak turgan qorovullarning sovutlari, qilichlari, qo‘llaridagi nayzalarining temir uchlari yaltillab ko‘zga tashlanadi.
Oy xoqon oyim erining avvalgi shashti qolmaganini sezdi, necha kundirki, tanasidagi harorat ham pasaygan, bu kunlarda kamgap bo‘lib qoldi.
O‘g‘uzxon gavdasini ko‘tardi, shu holda ham hurmat bajo keltirmoqchi. Dunyoda bunday yaxshi erkak boshqa topilmasa kerak.
– Qo‘zg‘almang, hukmdorim, menga juda ko‘p hurmat ko‘rsatdingiz. Umr bo‘yi sizdan bir og‘iz ham yomon so‘z eshitmadim.
– Mendan rozi bo‘ling, onasi!
– Nechun bunchalik ruhingiz tushdi, hukmdorim? Hali oldinda qancha to‘ylar bor.
– Inson bu dunyoda mehmondek bir xilqat, o‘limni har lahza o‘ylashi kerak. Chunki hech kim qachon o‘lishini bilmaydi, ammo g‘ofil banda, so‘nggi nafas olib tursa-da, hali o‘lmayman, deya o‘zini ishontiradi, lekin o‘lim kutib turmaydi. So‘nggi Qurultoyimni o‘tkazib olgunimcha Haq taolo jonimni olmay tursin, deb oyog‘imni tirab turibman.
– Hali siz ko‘p yashaysiz, hukmdorim! Nasib etib, ertaga Qurultoyni o‘tkazib olsangiz, siz bilan Tangritog‘ tomonlarga ketib, qolgan umrimizni gulga bezab o‘tkazamiz, deb niyat qildim.
– Niyatingiz oliy, onasi!
– Siz ham shu niyatdamisiz? Qanday yaxshi, hukmdorim! Bir umr har kuni yonimda bo‘lishingizni sog‘inganman.
Arava g‘ildiraklarining ovozi ularning suhbatini bo‘ldi.

* * *
Mayin shamol uning ulug‘vor yuzini silab o‘tib, qirra burni ostida o‘ynadi, arava g‘ildiraklari “qang‘-qang‘” ovoz chiqarib g‘ijirlarkan, ko‘ngliga Churchitlar bilan bo‘lgan jang suroni g‘alaba nashidasi hidini soldi. O‘shandami? O‘shanda, Churchitlar yurtining ekin o‘smaydigan bir chetida yurt tikmoqni istadi. Lashkar dam olsin, dedi. Lekin Churchit xoqon baxillik qildi, hatto shu bir parcha toshloq yerini ham undan qizg‘andi. O‘zi Xudo bergan xoqon edi: yilqi, chorvasi ko‘p behisob, oltin-kumushlari ko‘p edi. Topgani ortiq bo‘lsa-da, lekin shuncha boyligini Vatanining bir parcha toshloq yeriga alishmas edi.
– Ey, Ulug‘ O‘g‘uz xoqon, sen har qancha buyuk bo‘lsang ham, har qancha qudratli va tengsiz bo‘lsang ham, mamlakatimga lashkar tortib keldingmi, senga qarshi urushga chiqaman, – dedi va ota yurti oqini oqladi – qilich ko‘tarib jangga kirdi. Yengilishini ham bilardi. “Mayli, shu toshloq yer seniki bo‘la qolsin!” – deya tilyog‘machilik qilishi ham mumkin edi, ammo u bunday qilmadi. U o‘z mamlakatining chin askari, mard hukmdori edi. Ey, Churchit xoqon, garchi sen yer qo‘pib, yengilgan bo‘lsang-da, mening oldimda hurmating baland. Men, Tangrining quli, Ulug‘ xoqon, dunyo hukmdori – O‘g‘uzxon nomim bilan aytamanki, senday mardlar o‘lmaydi. Garchi menga dushman bo‘lsang-da, bu kun – Qurultoy arafasida, Egam huzuriga ketish oldidan buyuk nomingni hurmat bilan tilga olayapman!
Churchit xoqon lashkaridan boy o‘lja olindi. Mol-mulk shunchalik ko‘p ediki, navkar tashib ulgurmadi. Har navkar o‘nlab otlarga yuk ortib, o‘ljadan ko‘zi to‘ydi. “Bas, yetti pushtimga yetadigan o‘lja to‘pladim, qolgani qolsin”, – deganlar bo‘ldi. O‘g‘uzxonning boshi qotdi. Xudoyim bergan shuncha mol-mulk uvol bo‘ladimi?!
Mayin shamol esib, “qang‘-qang‘” ovoz qulog‘i ostida sado berdi. Bu haligi… bu haligi, Barmoqlik Yo‘ssin Billik… sersoch, qoraqosh, bo‘yni yo‘g‘on, istarasi issiq usta. Nechundir ustalarning istaralari issiq bo‘ladi-ya! Nechun? Bu ham bir siylovmikin?! Ha, ha, chindan ham siylov. Yaxshi siylov. Yaratganning yaxshi bandalariga bergan ne’mati. O‘shanda ustaning quyuq qora qoshlari ostidagi yer o‘pib turgan ko‘zlari, yonoqlaridagi anorrang jilo, xushbichim lablaridagi nim tabassum unga yoqdi. Nazokat va odob bilan qo‘l qovushtirib, ta’zimda turgani ham ko‘ngliga o‘tirdi. Ortida bahaybat, fildek ulkan arava turardi. Unga dev otlar qo‘shilgan edi, ulkan g‘ildiraklar harakatlanganda “qang‘-qang‘” ovoz chiqarar edi. Ustiga odam bo‘yidan ikki baravar yuk ortilgan edi. Usta yana ta’zimga bordi va:
– Buni siz hukmdorim uchun yasadim, – dedi.
– Qulluq, usta, qo‘ling dard ko‘rmasin! – degani ham esida. So‘ng: – Tila tilagingni! – deb so‘radi.
Usta dediki:
– Siz Ulug‘ xoqonimga sadoqat bilan xizmat qilishdan boshqa muddaom yo‘q!
Hukmdorda ham yurak bor, qalb degan olam bor. Qalb osmoniga oftob charaqlab chiqdi. Bu qanday mo‘jizakor ustaki, yuz ot ko‘taradigan yukni bir aravaga jo etibdi. Yaratgan o‘z bandasini shunchalik yaxshi ko‘rar ekan-da, hatto otlarga ham jabr bo‘lmasin, debdi-da. Endi bu kundan boshlab, inson arava bilan og‘irini yengil qiladi. Ey usta, Yaratganning xohishi, istagi sen orqali odamzodga yetkazildi. Sen buyuk ustasan. Bu aravang hali odamzodga ko‘p naf keltiradi. Men seni sharaflayman va minnatingni boshim ustiga qo‘yaman. Tangri nomi bilan aytamanki, Barmoqlig‘ Yo‘ssin Billik usta har qancha e’zozga loyiqdir. Unga bir juft eng sara ot, oltin qoshli egar-jabduq, eng sara kiyimlar, eng sara o‘tov va o‘n nafar xizmatkor berilsin. Ey usta, sen mening endi doimo sharafimda bo‘lasan!

* * *

Oy xoqon oyim eriga xalaqit bermoqchi emas, tashqari chiqib, o‘z yumushlarini bajargani yaxshi, hali zamon saroyga mehmon zoti yopirilib keladi. Erining shundoq ham tashvishi boshidan oshib yotibdi, tez-tez chuqur o‘yga botib qolganidan bilsa bo‘ladi, balki tishini-tishiga qo‘yib chidab turgandir, har qalay, er degani suyukli ayolini xafa qilishga botinmaydi.
Xabarchining ovozi uning diqqatini tortdi:
– O‘g‘illaringiz sog‘-salomat qaytib kelishdi!
O‘g‘uzxon ilhaq tashqari qaradi:
– Qurultoy oldidan farzandlarim bilan gaplashsam degan orzuda edim! Ularning arzini tinglamasdan turib, bir qarorga kelib bo‘lmaydi! Ne-ne buyuk hukmdorlar noqobil farzandlari tufayli aziyat chekkanlar, davlatlari tanazzulga yuz tutib, xoklari g‘animlarining chirkin oyoqlari ostida toptalgan, xo‘rlangan!
Oy xoqon oyim erini tinchlantirishga urindi:
– Siz dono otasiz, farzandlaringiz ham shunga yarasha! Ularga ishonsangiz bo‘ladi!
– Siz ularga shunchalik ishonch bilan baho berayotgan ekansiz, nechun so‘zlaringizdan mamnun bo‘lmasligim kerak? Chaqiring ularni huzurimga! Har birini sog‘inganman!
Hammadan avval to‘ng‘ich farzand Kun botir ta’zimga keldi. U otasining aynan o‘zi edi: beli bo‘rinikidek, ko‘ksi ayiqniki, faqat yuzi nim ko‘krang emas, oyrang ham emas, bug‘doyrang edi, misoli oy yorug‘ida tovlangan oltin barkashdek edi. U kela solib, otasining oyoqlariga boshini qo‘ydi:
– Jonim ham, boshim ham sizniki, otajon!
Undan mamnun bo‘lgan O‘g‘uzxon:
– Himmatingizga tasanno! – deya jilmaydi.
Kun botir oltin yoyni otasining oldiga qo‘ydi:
– Yo‘ldan shuni topdik, hukmdorim!
O‘g‘uzxonning ko‘zlari kulib, boshi mag‘rur ko‘tarildi, oltin o‘qni qo‘liga olib, ko‘ziga surtdi va uni uch bo‘lakka bo‘lib, uchala o‘g‘liga uzatdi:
– Olinglar buni! Oltin yoydek uchqur bo‘linglar!
Oy botir gurs-gurs qadam bosib kirganda, oltin shamdonlargacha nurlandi. U nihoyatda bo‘ychan, qo‘llari uzun, burgut ko‘z, yonoqlari olovrang, qarashlari ma’nili edi. U otasining bag‘riga singidi:
– Tanangizga quvvat, ko‘zingizga nur bo‘lay, otajon!
O‘g‘uzxon undan taralayotgan xushbo‘y hiddan lazzatlandi, aqlli, vafoli, dono farzandni ko‘rganda, qaysi ota g‘ururlanmaydi? O‘g‘uzxon bo‘yi bir gaz o‘sib, rohatlangancha nafas oldi.
Yulduz botir onasining o‘zi edi, kulcha yuzidan, hatto sabza mo‘ylovidan yog‘du taralar edi. U kela solib, otasining yuzidan cho‘lp-cho‘lp o‘pdi va:
– Sizni juda sog‘indim, otajon! – dedi kulib.
O‘g‘uzxonning yetmish tomiri ham rohatlanib, orom oldi. U bu yaqin orada bunday lazzatlanmagan edi.
Undan so‘ng qoramag‘iz Ko‘k botir, pahlavon kelbat Tog‘ botir va qisiq ko‘z, ancha quv va qat’iy nigohli kenja Tengiz botir ta’zim bilan kirib, otalari bilan yuz ko‘rishdilar.
Oy botir otasining oldiga uch kumush o‘qni qo‘ydi.
– O‘qlar sizlarga bo‘lsin! Yoy o‘qni otadi. Sizlar shu kumush o‘qlardek bo‘linglar!
Oltovlon botir o‘g‘il yetti bora ta’zim qildi. Ona sevindi, ota suyundi, atrofda turganlar: “Ofarin!” – dedi.
O‘g‘uzxon qaddini tik tutdi, yuragi quvvatga to‘lib, o‘zini yosh yigitdek sezdi:
– Mard, botir polvonlarim! Men har biringiz bilan faxrlanaman. Odam Ota, Momo Havo zamonidan beri odamzod ko‘payib, mayda-mayda urug‘-qabilarga bo‘linib, Yerni o‘z bilganlaricha boshqarayotgan edilar. Nizolar ko‘p edi, hatto hayvonlar ham o‘zboshimchalik bilan qirib bitirilayotgan, suv ham, tabiat ham ifloslanayotgan edi. Ko‘k Tangrisi tartibni xush ko‘radi. Odamzod shu zaylda ketsa, inqirozga yuz tutishi aniq edi. Men umrimni insonning birligi va adolati uchun sarf etdim. Kun chiqishdan kun botargacha butun dunyoni birlashtirib, ulkan saltanat tuzdim, ammo, nima qilayki, men ham bir oddiy odamman, kuchim ketib, ko‘zimda nur kamayib, umrim kemasi ham o‘z qirg‘og‘iga yaqinlashmoqda. Pahlavonlarim, odamning bu eshikdan kirib, u eshikdan chiqib ketishi yangilik emas. To‘yda bilinmaydi, ammo azada bilinadi. Jon qushim ko‘kragimni tark etsa, ortiqcha hayajonga tushmanglar, yig‘i-sig‘ini kam qiling, batartib holda meni so‘nggi manzilga kuzatinglar-da, o‘z ishlaringizga puxta bo‘linglar, chunki dunyo degani ilon-chayonga to‘la oltin xumga o‘xshaydi. Doimo ehtiyot bo‘linglar: taxtda o‘tirganingizda, atrofingizdagi beklarga tishingizning oqini ko‘rsatmang, ularning har bir harakatini ko‘zdan qochirmang, elga, yetim-esirga, hatto cho‘ponga ham mehr bera oling, ular sizni va davlatni boqadilar; ayollar bilan muomalada juda ehtiyot bo‘ling, g‘azab qilmangki, ularning biriga nina uchini tegizsangiz, tog‘dek toshni boshingizga ota­di. Qurultoyda e’lon qilaman, ya’ni­kim dunyoning o‘zingizga tegishli joylarini himoyangizga beraman. Har bir daraxtni issiq-sovuqdan, do‘l-yomg‘irdan, qor-bo‘rondan saqlash vazifangizdir. Bir-biringiz bilan ahil bo‘ling, g‘animlar sizdan kir topolmasinlar! Uqdinglarmi, farzandlarim?
Saroyga erta bahor shabadasi kirib, yuraklarni siladi, ko‘kda kamalak chiqib, uzoqlardan bolalarning sho‘x-shodon qiyqiriqlari eshitildi, ot kishnadi, tuynuklardan, keng darazalardan oppoq yog‘du tushib, ko‘zlarni qamashtirdi.
Kun botir o‘ng tizzasini yerga qo‘yib, o‘ng qo‘lini chap ko‘kragiga bosib, ta’zim qildi:
– Men Tangrining quli, sizdek ulug‘ otaning to‘ng‘ich o‘g‘li, so‘zim budirkim, o‘la-o‘lgunimcha pand-nasihatlaringizga sodiq qolurman!
Bu gapdan xursand bo‘lgan O‘g‘uzxon qarib-qartayganini, kuchdan qolib, erta-indin chin dunyoga ravona bo‘lishini ham unutdi.
– Sen tug‘ilganda, o‘g‘lim, olamga sig‘magan edim. Tangrimdan so‘raymanki, senga uzoq umr bersin. Bir kiprigingga dunyo boyligini almashmasman, qoshingning bir tukiga ming o‘rmon arzimas! Sen men uchun ana shunday suyuk­lisan. Bosh farzand oqil chiqsa, oila mustahkam bo‘ladi. Ukalaring ham sen kabi mard va olijanobdirlar! To‘g‘rimi so‘zim, qani aytinglar, jigarlarim!
Oy botir, Yulduz botir, Ko‘k botir, Tog‘ botir, Tengiz botir baravariga ta’zimga egildilar.
O‘g‘uzxon shirin xayolga berilib, o‘sha – farzandlariga to‘y bergandan so‘nggi kunlarini esladi. O‘shanda qirq kursi noz-ne’matga to‘ldi, doshqozonlarda ovqatlar biqirlab qaynab, haroratli hidlar uzoqlarga taraldi, sharoblar, qimizlar to‘kib tashlandi; yeb-ichib, o‘yin-kulgi qilishib, shod-xurram bo‘ldilar.
O‘sha kuni bolalarning momolari:
– Farzandlaringizning har biri o‘zingizga munosib, juda oqil, dono bolalar! – deya uning ko‘nglini ko‘tarishdi.
O‘g‘uzxon bu gap bilan qoniqmay, bolalarini o‘zi birma-bir imtihon qildi:
– Qani, to‘ng‘ichim, alp farzandim, Kun botir, sen ayt-chi, erta saharda o‘zingga do‘st tutadigan uch ovoz qaysi?
Momolar sergak tortishdi, donishmand otaxonlar soqollarini silashdi.
Kun botir o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qilgach:
– Birinchisi – saharmardondagi xo‘rozning ovozi, ikkinchisi – Olloh taoloning buyurgan farzlarni takrorlash, uchinchisi – murabbiylardan pand-nasihat eshitish! – deb javob qildi.
O‘g‘uzxon mamnun kulimsiradi va:
– Nechun avvalo xo‘rozning ovozini tilga olding? – deya unga sinovchan nazar soldi.
Kun botir:
– Erta turishda xo‘roz mendan ziyrak bo‘lmasin, deyman, otajon! – dedi yangroq, shirali ovozda.
Hamma shod kulib yubordi. Navbat Oy botirga kelgach, yana hamma sergak tortdi. O‘g‘uzxon unga bir savol berdi:
– Ma’rifatning chegarasini bilursenmu?
Oy botir dadil turib:
– Qoshingizda ta’zimdaman, otajon. Bu savolingizga donishmandlar so‘zi bilan javob berurman. Ular aytmishkim, ma’rifatning chegarasi nafsdan xoli bo‘lmoqdir, – deya javob qildi.
– Balli, balli! – dedi O‘g‘uzxon xursand bo‘lib.
Oy botir ta’zim qilgancha joyiga borib o‘tirdi.
Yulduz botirga butun samo parvona qaradi. O‘g‘uzxon ham uning nurli yuzidan bahra oldi:
– Qani, ulug‘im, ayting-chi, odamning qalbini nima buzadi?
Yulduz botir ham:
– Donishmandlar so‘zi bilan javob berurmanki, odamning qalbini ta’ma buzadi! – deya dadil javob qildi. Hamma: “Ofarin”, – dedi.
Ko‘k botir ta’zimda turgan edi, O‘g‘uzxon:
– Qani ayt-chi, botirim, kasal odam kim? – deb savol bergan edi, u qosh ko‘tarmay:
– Donishmandlar aytmishkim, nodon, johil kimsalar og‘ir xasta hisoblanadilar, olimu fuzalolar ularning tabibidurlar, ammo nodon olimlar bunga qodir emaslar! – deya javob qilgan edi o‘shanda.
…O‘g‘uzxon ancha xayol surib, sukutga ketganini sezib, qaddini rostladi-da:
– Qurultoy oldidan har biringiz so‘zimni yaxshilab o‘qib oling: yer bizning mulkimiz bo‘lolmaydi, u Xudoning bizlarga vaqtinchalik ne’mati, undagi behisob boylik ham yashashimiz uchun bir vosita, xolos, – dedi. Ko‘zingiz hamisha to‘q bo‘lsin, elingizning tinchligi, farovon yashashi uchun kerak bo‘lsa, joningizni ham ayamang: g‘animlarga tishingizning oqini ko‘rsatmang, do‘st bilan dushmanni ajrata biling, buzuqlikdan ehtiyot bo‘ling, tuproqni pokiza saqlang, suvga chiqindi tashlaganlarni qattiq jazolang, zaifalarni g‘addorlardan himoya qiling, bolalarni asrang, u sizning ertangizdir! Hamisha donolar bilan bamaslahat ish ko‘ring, oxirgi aytar so‘z va xulosa sizniki bo‘lsin! Uqdingizmi?
Farzandlar ta’zimga bosh egdilar.
O‘g‘uzxonning nafasi qisildi. Bu kunlarga oson yetib kelgan emas, ne-ne beboshlar bilan so‘qishdi, ne-ne jangu jadallarni ko‘rmadi, qiyinchiliklardan qo‘rqmadi, yovlardan cho‘chimadi, o‘limning sovuq basharasiga tik boqib, olg‘a intildi: shuncha zahmat, shuncha mehnat bilan dunyoni birlashtirdi, odamzod hayotida ilk bor dunyoda yagona hukmronlikni o‘rnatdi, necha o‘n yillarkim, olamning to‘rt tarafidagi hokimlar uning amriga quloq soladilar, farzandlari ulkan davlatni uningdek eplab boshqara olarmikinlar?! Urumlar payt poylashayotganini bilarmikinlar?!
Urum, Urum!
Uning bir qarindoshi bor edi. Oti O‘rusbek edi, el, elatini, mustahkam qo‘rg‘onini o‘g‘liga qoldirgan edi. O‘g‘uzxon undan xavfsirab yurardi. O‘rusbekning: “Kent qo‘rg‘onini saqlab qol!” – deb aytgan pand-nasihatlaridan xabardor edi. O‘g‘li otasining vasiyatiga amal qiladi. Bu aniq. Amal qiladimi, demak, qattiq qarshilik ko‘rsatishi tayin. Oyog‘ingga zirapcha kirsa, darhol olib tashla, aks holda maddalab, halokatga olib borishi mumkin. Tumshug‘ing ostida g‘anim bor ekan, ehtiyot bo‘lmasang, gulzoringni bir kun payhon qiladi.
Yana gurros shamollar esib, qora bulutlar ko‘kning yuzini to‘sdi. Dovullar chalinib, olamni g‘avg‘o tutdi.
O‘g‘uzxon g‘anim tomonga donishmandlarini jo‘natdi:
– O‘rusbekning o‘g‘lini sulhga ko‘ndirsangiz, har biringizning boshingizdan zar sochgayman. Urushib qon to‘kkandan ko‘ra, askarlarning omonligini saqlamoq ming karra foydalidur!
O‘rusbekning o‘g‘li uzoqni ko‘ruvchi – ko‘ragon edi. Donishmand elchilarning so‘zlarini quloq berib tinglagach, ularga kulib qaradi va:
– Kentimni, qo‘rg‘onimni saqlab qolsalar, O‘g‘uzxonning barcha takliflariga roziman! – dedi.
Uning itoatkorona gaplari O‘g‘uzxonning dimog‘iga atirgul hidlarini taratdi. Oq otiga minib, uning kentiga bordi.
O‘rusbekning o‘g‘li unga ko‘p oltin-kumushlar hadya etdi va:
– Sen mening xoqonimsan, sening urug‘ing – bizning urug‘imiz, shajarangning bir tarmog‘imiz, men senga boshimni, baxt-saodatimni bag‘ishlayman. Soliqlaringni to‘lab turaman, sodiq do‘sting bo‘lib qolaman. Sen menga bu kentni saqlashda yordam berishing kerak. Bu mening emas, otamning istagi ekanligini o‘zing yaxshi bilasan! Senda hokimiyat, boylik va bilimdonlik bor! Sen har narsaga qodirsan. Sen meni tushuna olasan! – dedi mardona ohangda.
O‘g‘uzxonning yuzida quyosh balqib, chor-atrof yoz kunidek charog‘on yorishib, xushbo‘y hidlar ufurdi.
– Odamlaringni va kentingni yaxshi saqlabsan. Shu bois, senga Saqlab deb nom beraman! – dedi va bu gapini butun olamga ovoza qildi.
Saqlab yurtiga dunyoning to‘rt tomonidan mehmonlar keldi, to‘y-tomoshalar boshlanib, qirq kechayu kunduz rohat-farog‘at qildilar.
Bulbul navosi eshitilib, O‘g‘uzxon homuza tortdi. O‘sha kunlari juda maza qilgani esida. Rohat qildi, rohat. Na u tomondan, na bu tomondan bironta ham jangchining burni qonamadi. Qaytaga xursandchilik qilishib, qirq kechayu kunduz rohat-farog‘at qildilar! Qanday ajoyib bazmlar bo‘lgan edi-ya!
O‘g‘uzxon xayoldan boshini ko‘tarib, o‘g‘illariga qaradi:
– Esingizda bo‘lsin, urushdan ko‘ra, sulh yo‘li bilan kelishuvga erishgan afzaldir. Dono hukmdor urushning oldini olishga harakat qiladi. Agar g‘anim shayton bo‘lsa, unga qilich ko‘tarmoq farzingizdir. Chunki bunday qonxo‘r g‘anim xalqqa ko‘proq zarar keltirishi mumkin!
Farzandlar yana ta’zim qildilar:
– Ota, har so‘zingiz biz uchun qonundir. Chizig‘ingizdan bir qadam ham nari chiqmaymiz, xotirjam bo‘ling!
Biroz toliqqan O‘g‘uzxon gavdasini og‘ir ko‘tardi:
– Boringlar, shavkatli farzandlarim, Qurultoyga yaxshilab tayyorgarlik ko‘ringlar. Ertaga el oldiga chiqasizlar!

* * *

Itilning to‘lqinlari go‘zal qizning sochlaridek mayin jilvalanmoqda. O‘rdubekning xotinini to‘lg‘oq tutdi. Ayol uyaldi va qurigan katta daraxt­ning kavagiga kirdi. Doya kampir daraxt kavagiga gilamcha yozib, ustidan oq bo‘z to‘shadi.
Ko‘k moviylashib, tiniqligi zilol suvlarning havasini qo‘zg‘adi, kumush sochli Sangardak sharsharasi uning yuzida oltin xoldek yaltirab chiroy bergan quyosh sha’niga hamdu sano o‘qiy ketdi.
Chaqaloq ingasi Turon vodiylari, tog‘u toshlari, cho‘llari uzra yelib o‘tib, Shimol o‘rmonlarining boshlarini silab, qo‘ynilariga ulug‘lik tuyg‘ularini hadya etdi.
O‘g‘uzxon zar ipaklar bilan tikilgan chopon keltirishlarini buyurdi, o‘zi saman otni yetakladi, ustaga buyurib, oltin qo‘ndoqli egarni jabduqlari bilan olib keltirdi. Askarlar davra oldi, nog‘ora, dovullar chalindi, surnaylarning ovozlari yigitlarni sho‘x raqsga boshladi. Bir zumda O‘rta atrofida qozonlar osilib, mis qumg‘onlar vaqirlab qaynay boshladi, bolalarning qiyqiriqlari qushlarning mayin ovozlarini bosib ketdi. Chaqaloq ingasi baralla eshitilmoqda edi; otasi O‘rdubekni boshlab keldilar, O‘g‘uzxon uning yelkasiga zar to‘n yopdi:
– Farzand muborak, O‘rdubek, umri bilan bersin, – dedi.
O‘rdubek ta’zim qildi. O‘g‘uzbek uni bag‘riga bosgach, jamoasiga o‘girilib:
– Bul farzandga qipchoq deb nom bergaymiz, o‘z nomi bilan tug‘ildi! – deya barchaga e’lon qildi.
– Xonimiz lutf qildilar, yangi nom muborak! – degan hayqiriqlar yang­radi.
…O‘g‘uzxon o‘sha kunni – ko‘k toqida oltin xoldek tovlangan quyoshli lahzani sira esidan chiqargan emas. Hozir yana eslamoqda o‘sha kunni. Qipchoqlar ko‘payib, dunyoning beshdan birini obod etib yuribdilar. Bu el hali ko‘p yaxshiliklarni amalga oshiradi.
O‘sha kecha ko‘k Bo‘ri keldi, O‘g‘uzxon oydinda, chodir yonida, o‘zining yaxshi ko‘rgan taxta belanchagida, yumshoq to‘shakda yotgan edi, odamdek yurib kelib, tilga kirdi:
– Ey, O‘g‘uz, bunday yotaverma, har kun g‘animat, Muztog‘ga qarab yur, ular hadlaridan oshdi! – dedi.
Tog‘lar larzaga keldi: “Chindan ham ular haddilaridan oshdi, oralaridan kelayotgan qo‘lansa hid eng chuqur tomirimgacha zirqiratib yubormoqda. Bunaqada yer olovining yo‘tali tutib qolishi ham mumkin. Unda qancha o‘rmonlar kuyib ketadi, qanchadan-qancha yashil vodiylar toshga aylanadi!”
Dengizlar to‘lqin urdi: “Ular na suv balosidan, na olov balosidan, na odamzoddan – hech nimadan qo‘rqmaydilar, cho‘chimaydilar! Ular zilol suvlarda najas qilishib, gunohga botmoqdalar!”
O‘rmonlar qattiq chayqaldi: “Ular na daraxtlarga, na hayvonlarga, na darranda-parrandalarga, hech nimaga rahm qilmaydilar!”
Ertasi O‘g‘uzxon lashkarini ko‘rikdan o‘tkazdi: qizil kiyimli arslonlar oldinda yurdi, undan so‘ng sariq, yashil, ko‘k va oq kiyingan lashkar gurs-gurs qadam tashlab o‘tdi.
– Ey lashkarim, odamzod omonligi uchun kurashga tayyormisan? – deb so‘radi.
Lashkarning javob hayqirig‘i Muztog‘ning cho‘qqisini zirillatdi: toshlar qalqib, qor ko‘chdi va butun borliq yashin chaqnagandek gulduradi.
O‘g‘uzxon ayg‘ir otini minib, yo‘lga tushdi. Muztog‘ ahli qanaqa qavm ekan? Shayton malaylarimi yo jin odamlarimi?! O‘g‘uzxon bor ekan, odamzod nasliga hech bir g‘anim qiron sololmaydi, Yer yuzida buzg‘unchilarga joy yo‘q, ularni itoatga keltirish vaqti yetdi, olg‘a, lashkarim!
Tong chog‘i O‘g‘uzxon yuvinib-tarandi, so‘ng nimqorong‘i chodiriga kirib, yolg‘iz o‘zi Tangriga sajda qilib, dilini ochdi: “Ey yaratgan Tangrim, sen menga shuncha ulug‘lik berding, yot elga ketyapman, o‘zimga, lashkarimga zafar ber, toki sening noming bilan u tomonlarda ham adolat ustuvor bo‘lib, bandalaring odam sifatida yashashsin!”
Oppoq ko‘ylak kiygan Tong ostonada uni xushnud qarshilab, ko‘kragini mayin shabadalar bilan siyladi. O‘g‘uzxon xumdek boshiga oltin dubulg‘asini qo‘ndirdi, kiyimlari ustidan oltin zirhni kiyib, qil qilichini beliga taqib, sadoq – yoyni yelkasiga ilib, ayg‘ir otiga mindi. Ayg‘ir otning keng beli qiyshayib, na’ra tortdi va irg‘ishlagancha yo‘lga chiqdi.
Moviy kiyimli lashkar dengizdek oqdi. Uzoqdan qaraganda, zilol suv yuzi mayin mavjlanayotgandek go‘zal va latofatli edi, hali zamon uning yuzi qip-qizil qon bilan bo‘yalib, yashil dalalarning ko‘ksiga titroq soladi, deb hech kim aytmas, xayoliga ham keltirmas edi.
Oldinda ko‘k Bo‘ri qilichdek ketib borar, u xuddi boshiga bo‘ri niqobini kiyib olgan oriq yigitchaga o‘xshar, lashkar ham uni O‘g‘uzxonning masxarabozi, degan xayolda edi.
Uzoqdan Muztog‘ ko‘rindi: uning cho‘qqisi xuddi oynadek yaltirab ko‘zga tashlandi. Buyruq bo‘ldiki, O‘rta hozirlansin. Demak, lashkarga dam beriladi. Ulug‘ jang oldidan mashvarat qilmoq, lashkarga dam bermoq kerakkim, bu yarim g‘alaba demakdir. Choparlar lashkarning u boshidan bu boshigacha yeldilar. Kechasi qalin qor tushib, orqaga qaytuvchi yo‘llar berkildi. Tushlikda mashvaratga yig‘ilganlarida bir yigit bilan qizning tog‘ ortida qolgani ma’lum bo‘lib, darhol O‘g‘uzxonga xabar berdilar. Ularning nechun qolib ketganlari so‘rab-surishtirildi. Xabarchilar aytdilarki, ular qorlig‘ o‘ynayotgan edilar. Qorlig‘ – qor bo‘ron o‘yini, oshiq yigit va qizlarning bir-birlariga yaqinlashuvi. O‘g‘uzxon yayrab kuldi va dediki:
– Ularga qorlig‘lar deb nom bergayman, o‘sha tomonlarda o‘zlaridan ko‘payishib, uvali-juvali bo‘lsinlar. Nasib etib, Muztog‘ tomonlardan omon qaytsak, to‘ylarini o‘tkazib, ularga el bergaymiz!
Hamma bundan suyundi va:
– Ulug‘ xonimizning umrlari uzoq bo‘lsin! – deya duo qildilar.
Uch-to‘rt kundan so‘ng kunning nafasi isib, yuziga nur kirdi.
Son-sanoqsiz lashkar yo‘lga tushib, Muztog‘ tomon yurdi. Yo‘lda ulkan qal’a ko‘rindi: darvozalari temirdan, mo‘rilari kumushdan, tomlari oltindan edi; yaqinroq borib nazar soldilar va ko‘rdilarki, darvozalarning na tutqichlari bor va na ochqichlari. O‘g‘uzxonning boshi qotdi. Lashkarida usta bor edi. Unga maslahat solgan edi, ta’zim qilib:
– So‘zingiz bosh ustiga, ulug‘ xoqonim, tashvish tortmang, men ularning “tili”ni tushunaman, – dedi va jami asboblarini olib, yordamchilari bilan darvozalarni ochishga harakat boshladi.
Kunning nafasi yana biroz isidi, yilt etib quyosh chiqdi, ana shu paytda darvozalar tomondan sharaq-sharaq ovozlar eshitildi, O‘g‘uzxon ko‘rdiki, g‘anim qal’asi devorlarida lashkar saflanmoqda, darvozalar esa birin-ketin ochilayotgan edi, vaziyatni qo‘ldan qochirmaslik uchun lashkariga: “Botirlarim, olg‘a!” deya na’ra tortdi.

* * *

Oy to‘lishib kuldi, sharqiroq daryolarning yuzi kumush oynadek yaltirab, O‘g‘uzxonning xayollarini o‘g‘irladi.
Oy xoqon oyim to‘lin Oyni uyaltirib, xosxona eshigidan ichkari kirganda, oltin shamlarning nuri uning shamshod qaddini oqimtir devorlarda lopillatib chizdi. O‘zining qoramtir aksiga ilkis ko‘z yugurtirarkan: “Qarigan bo‘lsam-da, qaddi-qomatim egilgan emas, erimdan hech yomonlik ko‘rmadim, bir umr qo‘lida ko‘tarib, aziz tutdi”, – degan gaplar asab tolalarini yumshoq silab o‘tib, kuchdan qolayotgan eri uchun achishib og‘riyotgan yuragini xotirjamlik suvlari bilan yuvib, tashna dardini bosishga urindi, lekin o‘rtanish dengizining to‘lqinlari aql olamida aylanayotgan so‘zni lablariga qo‘ndirdi:
– Hali ham uyg‘oqmisiz, hukmdorim, nechun buncha ko‘p xayol surmoqdasiz?
– Kel, yonimga o‘tir, onasi! Sen bilan birpas suhbat qurmoqchiman. Bu ham g‘animat!
– Hali ko‘p yashaysiz, hukmdorim! Qurultoy o‘tsin, o‘zim sizni chorbog‘imizga olib ketaman, dunyo tashvishlaridan xoli bo‘lib, nafas rostlaysiz!
– Paymonamiz to‘lganga o‘xshaydi, onasi, Tangridan yana umid qilmoq nodonning ishi. Haqning aytgani bo‘lur, hozirlanish payti ham yetdi. Aqlli odam bunday onlarda orqa-oldini yig‘ishtiradi. Muztog‘ni ham oldim, Sindu tog‘i, Tangut tog‘i bo‘ylab yurish ham nasib etdi: Tangri xohishi ekan, dunyoning to‘rt tomoniga yurib, odamzodni birlashtirdim. Birlashmoq yaxshidur: Yerni birlashib gulzor etgaylar, lekin cho‘chiymanki, taxtning oshiqlari ko‘p bo‘lur. Olchoqlar xiyonat pillapoyasida yashaydilar. Tillari yolg‘onga oshno, qo‘llari – qonga! Mendan keyin farzandlarim ham Tangrining buyurganlaridan chiqmasinlar. O‘g‘uzxon so‘zim shuki, dunyoning to‘rt tomoni bir butun halqadek mustahkam turishi uchun ular o‘zaro ittifoqda yashasinlar. Siz, malikam, hamisha ularga ko‘z-quloq bo‘ling, toki g‘animlarning ig‘volariga quloq tutib, bir-birlari bilan it-mushuk bo‘lmasinlar!
– Ulug‘ xoqonim, qobil farzandlarimning suyukli padari buzrukvori, siz dunyoni birlashtirib, uning birinchi hukmdori bo‘ldingiz, odamzod sizning bu jasoratingizni abadiy unutmaydi.
– Sendan shunday ulug‘ so‘zlar eshitganimdan xursandman, malikam! Men uchun ko‘p xizmat qilding, Tangri seni yorlaqasin, mendan rozi bo‘lingiz.
– Ulug‘ hukmdorim, biroz dam oling, katta Qurultoyda kuch ham kerak sizga!
– Mayli, men ozgina mizg‘ib olay!
Tun timqora sochlari uchun oppoq nurlardan rang tayyorlayotgan edi, boboxo‘roz tomog‘ini cho‘zib, tillarini aylantirib, tonggi salomga chiqayotgan edi, jannatning to‘rt daryosi shabadalari keng derazalarning shohi pardalari orasidan sirg‘alib o‘tib, O‘g‘uzxonning so‘nayotgan yuragiga kirib, malham qo‘yishga oshiqdi.

* * *

Donishmand Ulug‘ Turk suhbatga kirishgan edi:
– Quyosh, sen Yerni sevasan-a?!
– Odamzoddan ortiqroq sevaman!
– Yer, sen insonni sevasanmi?
– Sevmasam, tekin boqarmidim?
– Ari, sen insonni sevasanmi?
– Hali unga bir marta ham xiyonat qilgan emasman!
– Maysa, sen O‘g‘uzxonni sevasanmi?
– Men uning yuragiga malham bo‘lishni istayman.
– Inson?
– Ne deysan, donishmand?
– Inson – o‘zgaruvchan, degani. Eh, sen beqo‘nimsan! Bu yerlarda ne uchun tentirab yuribsan? Nega o‘z maskaningda emassan?
– Ey, donishmand, falsafangni keyin so‘qasan, xoningning ahvoli qalay, Qurultoygacha yetadimi?!
– Ey, sen noshukr banda, senga molu davlat, tinchligu osoyishtalik olib bergan kim? Mening hamiyatli xonim emasmi? Nechun so‘zlaring buncha sovuq?!
Otlar qattiq-qattiq kishnadi, Bo‘ri nola qilib uvladi, chumchuqlar chirilladi.
– Donishmand ota, sizni ulug‘ xoqon yo‘qlayaptilar.
Xo‘roz cho‘zib-cho‘zib qichqirdi, yashil maysalarning yuzlariga shudring qo‘ndi: ajab go‘zallik, oppoq durlarda ming bitta jilva bor edi, ari: “Buncha latofatli!” – dedi, chopib ketayotgan inson uni yanchib o‘tdi. “Oh” degan ojizgina nolani birov eshitmadi ham, ammo keng falak qattiq tit­rab, bir necha yulduz yonib ketdi.
Ulug‘ Turk qabulxonada qo‘l qovushtirdi: hukmdor huzurida hamma barobar, hatto ota ham uning amriga bo‘ysunadi.
Donishmand cholni ko‘rib, lablariga tabassum yugurgan O‘g‘uzxon uni yoniga chaqirarkan, yengil tin oldi. Ajab dunyo, shu chol yoniga kelsa, tanasi yengil tortib, ko‘ngli yorishib, kayfiyati ko‘tariladi; unda ne sir bor, bilmaydi, eh, bu dunyodan hech narsani bilmay o‘tib ketyapti, butun umri odamzodni birlashtirish, yerni obod etish bilan o‘tdi, qayta tug‘ilganida donishmand bo‘lib, hayot sirlarini o‘rganib, balki tasalli toparmidi?! Lekin shu topda uni boshqa muammolar bezovta etib turibdi.
– Yaqinroq o‘tiring, donishmand ota! – dedi u biroz tushkun ohangda. – Aytar so‘zlarim bor. Sezib turibman, Shaytoni lain o‘yin ko‘rsatib, odamlarimiz qalbiga ig‘vo solmoqda.
– Ulug‘ xoqonim, Siz orif kishisiz, Shaytoni lain yuragingizga shubha solibdi, quving uni pok joydan!
– Donishmand ota, uni quvish osonmikin?
– Ulug‘ xoqonim, Shaytoni lain orif kishiga hamisha: “Bugun ne tanovul qilursen?” – deb vahima qilur. Orif esa unga javoban: “O‘lim!” – deb tarsaki tortur. Yana derki: “Libosing yo‘q, qay libosni kiyarsen?” Javob qilurki: “Kafanni!” Yana so‘roq qilur: “Qay yerga borursen?” Javob bo‘lurki: “Go‘rga!” Shunda u qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab, pok joy – qalbdan daf bo‘lur!
– Xo‘b yaxshi matal ekan, donishmand ota! Ayting-chi, Haqning visoliga yetishning avvali nima?
– Hijrondur, Ulug‘ xoqonim, hijron!
– Ba’zilar meni haddan tashqari madh eturlar, bundan xijolat tortaman!
– Bandasini haddan ortiq madh etmoq Tangrini inkor etmoqdur, ulug‘ xoqonim!
– Yana ayting-chi, donishmand ota, ma’rifatning chegarasi nedur?
– Nafsdan xoli bo‘lmoqdur! Nechun bularni so‘rab qoldingiz, ulug‘ xoqonim!
– Donishmand ota, shu gaplarni Qurultoyda aytursiz, hamma eshitsin va kelajak avlodlarga ham yetkazishsin! Zamonlar o‘tib, aytsinlarki, O‘g‘uzxonning donishmand otasi ana shunday degan. Ana shunday purma’no so‘zlar aytgan. Va desinlarki, biz ham u zotning shu nasihatlariga amal qilurmiz!
Tashqarida g‘avg‘o avj oldi.
– Kimsan?
– Dunyoning eng issiq o‘lkasidan kelgan elchiman! Ulug‘ xoqonning buyrug‘iga binoan keldim!
– Uron? (parol)
– Ko‘k yolli Bo‘ri!
O‘g‘uzxon o‘rnidan turib ketayozdi. “Ko‘k yolli Bo‘ri!”
– Tez kiritilsin!
Oq kigizni bosib, o‘ktam yigit kirdi va tiz cho‘kdi. U ayiqdek bahaybat, yelkalari keng, burgutko‘z, qo‘llari yo‘g‘on, basavlat kimsa edi. Rangi ko‘k, qoshlari ham ko‘k edi.
– Ko‘k yolli Bo‘ri ortiga qaytib ketdi, Sizni o‘sha yerda kutar ekan! Uning ham tashrifi poyoniga yetibdi.
O‘g‘uzxon jon qushi bo‘g‘zida turganini angladi. Angladi-yu, yigitga tashakkur bildirgan zahoti:
– Burg‘ular chalinsin, dovullar gumburlasin, hamma Qurultoyga! – dedi va o‘zi ham yosh yigitlardek chaqqon o‘rnidan turdi.
Xoqon degani el ko‘ziga hamisha tetik ko‘rinishi, saktaligini sezdirmasligi kerak, nechukkim, u elning ruhi, kayfiyati va holatidir, shunday ekan, har hukmdor borki, el ko‘zida o‘z dardidan ustun turishga majbur.

* * *

Turfa rang bayroqlar qarsak chalib hilpiraydi: ey, bu hilpirashlarini aytmaysizmi, hatto sharsharalarning mayin shovullashi ham uning oldida ma’yus tortib qoladi, eng mohir qo‘bizchi ham uni o‘xshatib kuyga sololmaydi; sho‘x-shodon bolalar oyoq ostlarida o‘ralashadi, doshqozonlarda ovqatlar biqirlab qaynaydi, dorbozlarning bo‘yi bulutlarga yetgan, surnaylarning navolari olamni tutadi.
O‘g‘uzxon chopib ketayotgan bolalarni to‘xtatdi:
– Og‘izumga boq, kag‘azlarim! (“Menga qaranglar, jo‘mardlarim!”)
Xos soqchilar atrofni o‘radi, odam ko‘p, g‘animlar kezib yurgan bo‘lishi mumkin, aytib bo‘ladimi?
Bolalar bir-birlarini turtib, O‘g‘uzxonga yaqin keldi. Xon ularga bittadan shirin kulcha, gijbulqand ulashdi:
– Boringlar, ashanglar, chirag‘larim! (Boringlar, yenglar, chiroqlarim!)
Bolalar rang-barang matolar bilan bezatilgan ko‘cha bo‘ylab shataloq o­tishdi.
Keng maydonda odamlar dengizdek chayqalib, ovozlar to‘lqinlardek goh ko‘tarilib, goh pasayadi, qirq quloch yog‘ochning uchiga o‘rnatilgan oltin tovuq quyosh nurida sap-sariq tovlanib, ko‘zlarni qamashtiradi, yog‘ochga bog‘langan oq qo‘yning ko‘zlari ham oltindek yonmoqda; undan narida qirq qulochli yog‘ochning uchida kumush tovuq niliy tovlanadi, ostidagi qora qo‘yning ko‘zi kumushdek nur sochadi. Dunyoning to‘rt tomonidan kelgan vakillar to‘rt tomonda qo‘r to‘kib o‘tirishibdi. O‘g‘uzxon o‘rtadagi oltin taxtga chiqqanda, hammalari baravar o‘rinlaridan turib, ta’zim qilishdi.
Jarchining ovozi olamni tutdi:
– Eh-he-hey! Eshitmadim, demanglar! Bugun dunyoning to‘rt tomoni yig‘ilib keldi. Ulug‘ Qurultoyga tarozidan urmagan, yolg‘onchilik ko‘chasidan o‘tmagan, olam ishi uchun jonini berishga tayyor bo‘lgan alplar kelishdi. Eh-hey, Ulug‘ Qurultoyga quloq tutinglar!
Avval donishmand Ulug‘ Turk so‘zladi, so‘ngra dunyoning to‘rt hokimi gapirdi, barchalarining so‘zlari bir joydan chiqib, olamni tinch-totuv boshqarish uchun Ulug‘ O‘g‘uzxonning so‘zi so‘z ekanini tasdiq etdilar. Shundan so‘ng O‘g‘uzxon so‘z oldi:
– Ey o‘g‘illarim! Men ko‘p yashadim, ko‘p jangu jadallarni ko‘rdim, umrim shu dunyoni deb ado bo‘ldi, do‘stlarni kuldirgan bo‘lsam, dushmanlarni yig‘latdim. Shu yo‘sinda Tangri oldida burchimni o‘tadim. Endi qaridim, qartaydim: inson – omonat bu dunyoda, kelish bor, ketish bor, dunyoni sizlarga qoldiraman! Birlikda uni yanada obod etinglar!
Qirq kecha Oy chiqdi, qirq kun quyosh chiqdi. Qo‘bizchilar tinmadi, baxshilar charchamadi, xotin-xalaj o‘yindan bo‘shamadi, bolalar shirinliklardan to‘ydi.
So‘nggi nafas olayotgan O‘g‘uzxon:
– Tangri, sen uchun qo‘limdan kelgan ishni qildim, gunohkor bandangni kechir! – dedi.
Yoz kuni quyosh chunonam qizdirdiki, daraxtlar shalpayib qolib, ariq, daryo suvlari qaynadi. Lekin tushdan so‘ng to‘rt tomondan shamollar qanotida bulutlar bostirib kelib, sharros yomg‘ir quydi.
Kun botir:
– Tangri otajonimizni sevar ekan! – dedi.
Oy xoqon oyim yengil tortdi. Ulug‘ xoqonga xizmat qilib, umr kechirdi. Hayoti behuda o‘tmadi. Bu ham Tangri iltifoti. Tangri uni ham yaxshi ko‘rar ekan. Shukr, ming shukr!

Tamom

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 3-son