Yurak ham charchadi, aql-chi toldi,
Manzilga yetishga ozgina qoldi…
Halovat istagan yurak to‘xtadi.
Turmush tashvishlari bilan band yurak halovat bilan jimgina xayrlashdi.
Em ignasiga dori tortayotgan hamshira qariyaning qotib qolgan qorachig‘ini ko‘rdi-yu, barmoqlari titrab ketdi. Og‘ir-og‘ir nafas olayotgan bemorning birdaniga jimib qolishi vujudida qo‘rquv titrog‘ini uyg‘otdi. O‘qishni bitirib, shifoxonada ishlay boshlaganiga yarim yildan oshgan bo‘lsa-da, o‘limga birinchi marta duch kelishi edi. Qishloq shifoxonasida og‘irlashib qolgan bemorni yaqinlari “o‘lsa ham uyda xotirjam o‘lsin, do‘xtirlar qornini yorib ko‘rmasin”, deb olib ketguvchi edi. Bu qariyani esa behush holda olib kelishdi. Vrach qon bosimni o‘lchadi, yurakni eshitib ko‘rdi, kardiogramma tasmasiga tikilib qaray-qaray bosh chayqab qo‘ygach, qanday dorilar berilishini tayinladi-yu, chiqib ketdi. Hamshira dastlabki dorilarni em ignasida bilakka yuborgach, yarim soatcha tanaffus qilib, endi tomchi dori yuborishga kirishmoqchi edi. Qariyaning oqara boshlagan yuziga qarab qo‘rquvi battar oshdi, nima qilarini bilmay “Oydin opa!” deb qichqirib yubordi.
Deraza tomondagi karavotda yotgan bemorning tomiriga dori yuborayotgan o‘rta yoshlardagi hamshira cho‘chib, o‘girildi. Hamshira “o‘ldi” demoqchi bo‘ldi-yu, titroq lablaridan bu so‘z uchmadi. Jon tark etgan tanaga tikilganicha dovdirab turaverdi. O‘rta yoshli hamshira ignani tomirdan sug‘urib, bemorning bilagini bukdi-da, bu tomon o‘ta turib, “Anvar akangni chaqir, tez chaqir!” deb buyurdi. Qiz chiqib ketgach, qariyaning bo‘yin tomiriga barmog‘ini qo‘ydi. Keyin shoshqich ravishda ko‘kragiga kaftini qo‘yib, kuch bilan bosdi.
Dahlizga otilib chiqqan hamshira yo‘lda bir qariyani bexos turtib yubordi. Uning “hay-hay qizim, ko‘zingga qarasang-chi” degan tanbehiga quloq solmay, uzr so‘rashni ham unutib, yugurib ketdi.
* * *
Shifoxonadagi bu voqea yuz bergan paytda do‘stining taqdiridan bexabar Mamasoli choshgoh nafl namozini o‘qib bo‘lib, mutolaaga tutingan edi. Dadasining xayrli niyat bilan “Muhammad Solih” deb qo‘ygan ismini hali hech kim to‘liq aytmagan, “Muhammad Muso”ni “Matmusa”, “Muhammad Amin”ni “Madamin”, “Muhammad Rahim”ni “Marayim” deyishni odat qilgan qishloq ahli “Mamasoli” deb chaqirganda u ajablanmas ham, ko‘ngli og‘rimas ham edi. Bolalikdan birga katta bo‘lgan ulfatlarining yanada qisqartirib, “Soli” deyishlariga ham ko‘nikib ketgan.
Mamasoli qo‘lidagi kitob satrlariga ko‘z yugurtirdi-yu, ikkinchi sahifaga o‘tmay, chuqur xo‘rsindi. So‘ng “astag‘firulloh” deb pichirlab qo‘yib, nigohini yana o‘sha satrlarga qadadi. Bu safar ko‘zlariga yosh quyilib, harflar ko‘rinmay qoldi. Tili istig‘for bilan band bo‘ldi. Chuqur-chuqur nafas oldi. Bo‘yniga tashlab olgan oq ro‘molining uchi bilan ko‘zlarini artib, o‘yga toldi. Lekin xayol bulutida uzoq ucha olmadi, yuragini serxatar titroq bosib, yana kitob sahifasiga qaradi. Endi pichirlab o‘qidi: “Boqiy Zot foniylarga baxt ato etdi. O‘limni muttaqiylar uchun najot va uchrashuv va’dalashilgan manzil qildi. Qabr esa badbaxtlar uchun zindon, to yaxshilik yomonlikdan ajraladigan jazo kunigacha tor hibsxona bo‘ldi… O‘lim – qismati, qabr – qarorgohi, tuproq – to‘shagi, Munkar va Nakir – suhbatdoshi, qurt-qumursqalar – ulfati, yer osti – xosxonasi, mahshargoh – va’dalashgan joyi, jannat yo do‘zax – so‘nggi manzili bo‘lgan har bir kishining fikru zikri – o‘lim, tadbiru tadorigi ham o‘lim uchun bo‘lishi, tabiiy. Uning butun diqqat-e’tibori o‘limga qaratilgan, qo‘rqinch va quvonchi ham o‘limdan, u o‘limga muntazir. U nafsini o‘liklar qatorida sanab, o‘zini qabrda ko‘radi. Chunki keluvchi narsa doimo yaqin, kelmaydigani esa uzoqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Nafsini tergaydigan va o‘limdan keyingi ishlarni o‘ylab amal qiladigan kishi asl ziyrakdir…” (Abu Homid G‘azzoliy hazratlarining “Ihyou ulumid-din” (“Din ilmlarini jonlantirish”) asarlaridan Abdurashid Zohid tarjimasi.)
U kitobni xontaxta ustiga qo‘yib, boshini egganicha harakatsiz turib qoldi.
Kitobdagi satrlarni o‘qib, o‘lim esiga tushib ketdi-yu, yuragi qo‘rquv to‘riga o‘raldi, deyish yolg‘on bo‘lur edi. Avvali shuki, esga tushishi uchun oldin unutish kerak. U muqobilida o‘lim borligini hech mahal unutmagan. Urushda quyonyuraklik qilib xandaqqa pisib olgan yigitlarni ko‘rganida: “Peshonangga o‘lim yozilmagan bo‘lsa, ustingdan tank bosib o‘tsa-da o‘lmaysan, umring kalta bo‘lsa, Azroil pusib yotgan joyingdan ham topib oladi. O‘limdan qo‘rqqaning bilan undan qutulolmaysan. Shuning uchun qo‘rqmay o‘lgan afzal”, derdi. Qaysi bir kitobda: “Odam sovuq lahadda yotishini tasavvur qilsa, qo‘rquvdan tiliga qadar terlab ketadi”, degan gapni o‘qib, “yaxshi odam qo‘rqmaydi, ko‘p gunoh qilgan osiyning ahvoli shunaqa bo‘lishi mumkin”, deb qo‘ygan edi.
To‘g‘ri, unda ham qo‘rquv bor, lekin lahadda yolg‘iz yotish qo‘rquvi emas.
Volga daryosidan to Elbaga qadar bo‘lgan qonli janggohni piyoda bosib o‘tgan odamning hozirmi yo erta-indinmi o‘lib qolishidan qo‘rqishi mantiqsiz hamda ishonarsiz bir holatdir. O‘likni ko‘rganda, dahshat do‘liga uchrab labiga uchuq toshadiganlar ham bor. Mamasoli undaylardan ham emas. Urushdagi o‘liklarni hisobga olmaganda ham, qaytganidan keyin qancha yaqinlarining jag‘ini o‘zi bog‘ladi. Qishloqda o‘lik yuvuchi qolmagani uchun g‘assollik qilgan vaqtlari ham bo‘ldi. Bu xizmatni vaqtincha deb o‘ylagan edi, o‘g‘li voyaga yetguniga qadar savob ishdan bo‘yin tovlamadi. Xotini bir-ikki xonadonga sovchilikka borganida “o‘lik yuvg‘uchi bilan quda bo‘lamizmi?” deganday gap qilishibdi. “Har biringni bugun bo‘lmasa ertaga kimdir poklab, oxirgi safaringga kuzatib qo‘yishi kerak. Bugun men bilan quda bo‘lishdan or qilyapsan. Ertaga ishing tushib qolsa, uyalmaysanmi?” – deb tanbeh bermoqchi bo‘ldi-yu, qilgan ishlari minnat bo‘lib, savoblari uchib ketishidan qo‘rqdi. U g‘assolligi uchun haq olmasdi. Bu xizmatdan tirikchiligini yaxshilab olishni orzu qilgan bir kishi topilib qoldi-yu, “baxtimdan o‘rgilay”, deb o‘zini chetga oldi. Shunda ham yaqinlarini o‘zi yuvib, o‘zi kafanlashdan bo‘yin tovlamadi. Bilagida hali quvvat bor edi, lekin tengqurlarini yuvish chog‘ida kafti qaltirayotganini sezdi.
Ulfatdagi do‘stlarining birin-sirin ketishi unga yaqin kelajak xabari edi…
Lekin bu xabarlar uni talvasaga sololmas, tashvishi bo‘lak edi.
Mamasoli bilib-bilmay qilgan gunohlari uchun mahshargohda uyalib qolishdan qo‘rqadi. Ko‘p tavba qiladi. Lekin Rahmli zot bu gunohlarni ne qadar kechirganini bilolmaydi. Ota-onasiga yaxshi xizmat qila olmadi. Yigit yoshiga yetganda urushga ketdi. Ota-ona duosi bilan ketib edi, uyiga yetim o‘g‘il bo‘lib qaytdi: ota-onasining quruqshagan lablariga bir tomchidan suv tomizish, qabrlariga bir kaft tuproq tashlash unga nasib etmadi. Buni ayb deb bilmasa ham, ko‘ngil g‘ashligi haligacha ko‘tarilmaydi. Ustozining kulfatga uchrashida gunohi borligi esa aniq. Otasi harf tanimasa-da, olimlarga ixlosi baland edi. O‘g‘li sho‘ro maktabida o‘qishi barobarida, din ilmini olishini ham istardi. Afsuski, din ilmi hech qayerda o‘qitilmasdi. Qishloqda ilmli bir kishi bor edi. Biroq bolalarni o‘qitmasdi, sovetning qonuniga ko‘ra qamalib ketishi mumkin edi. Otaning qayta-qayta iltimoslari ta’sir qildimi yo ilmni qizg‘anish gunohligidan qo‘rqdimi, har holda, u kishi Mamasoliga Qur’on ilmini o‘rgata boshladi. Bir kuni maktab mudiri Mamasolini chaqirib g‘oyat xushmuomalalik bilan gapga soldi: “Sen maktabimiz faxrisan, katta o‘qishlarda o‘qiysan, katta olim bo‘lasan. Qur’onni ham yodlayotgan emishsan, bu ham juda yaxshi. Menga bitta kichkina sura o‘qib ber-chi?” dedi. Mamasoli bu shirin so‘zga uchib, kichik emas, “Taborak”ning yarmini o‘qib berib, yana “olqish” oldi. Bola bechora mudirning sotqin ekanini qayoqdan ham bilsin? Ustozi uni tong pallasi, hali qishloq uyg‘onmay turib o‘qitardi. Ertasi subhi sodiqda uning uyiga borganida hibsga olib ketishayotganini ko‘rdi. Ko‘rdi-yu, bu kulfatda o‘zining ham hissasi borligini anglab, chinqirib yubordi. Ustozi unga bir qaradi o‘shanda. Ko‘zlarida nafrat yo‘q edi, xuddi “senda ayb yo‘q, o‘zingni qiynama, bu Ollohning sinovi”, deganday muloyim boqdi. Bu qarash xotirasiga muhrlanib qolgan. Lekin o‘zini hanuz kechira olmaydi. Diydor Qiyomatga qolgan ekan, o‘sha uchrashuv pallasini qo‘rquv bilan kutadi…
Dunyoga mukkasidan ketgan kishi o‘limni eslamas ekan. Eslagan taqdirda ham boyligi qolib ketayotganiga afsus qilib, bunga o‘lim sababchi bo‘lyapti, degan bema’ni xayol bilan jon berar ekan. Mamasoli shundaylar safida bo‘lmagani uchun shukurlar qiladi. O‘zini tavba yo‘liga kirganlar safida ko‘rib, o‘limni unutmaydi. Shundanmikin, qalbi qo‘rqinchu istig‘forga, ayni damda, vujudi xushu’ va huzu’ga limmo-lim to‘ladi. To‘g‘ri, ba’zan o‘lim qo‘qqis kelib, tavbalari oxiriga yetmay, oxirat ozug‘ining g‘amlanmay qolishidan cho‘chiydi. Lekin tavba yo‘lidagi odamlar qatorida bo‘lgani sababli o‘limdan qochmaydi. Balki o‘zining qusur va nuqsonlari sabab Ollohning diydoriga yetish kabi buyuk ne’matni boy berib qo‘yishdan xavfsiraydi. Go‘yo u suyuklisi rozi bo‘ladigan uchrashuvga tayyorlanish bilan mashg‘ul bo‘lib, visolga kechikishdan cho‘chiyotgan kishiga o‘xshaydi. Visolga kechikishdan qo‘rqish esa visolni xohlamaslik emas…
Mamasoli bir on harakatsiz o‘tirgach, yana pichirlaganicha istig‘for ayta-ayta o‘rnidan turib, uy etagidagi bir uchi qayrilib qo‘yilgan joynamoz ustiga bordi-da, nafl namoziga niyat qilib qo‘l bog‘ladi. Birinchi rakatning zam surasini o‘qib, ruku’ga borgan paytda temir darvozaning eshigi taraqlab ochilib, bir bola bor ovozi bilan: “Mamasoli tog‘a! Mamasoli tog‘a!” deb chaqirdi. Unga javoban kampirning “Buncha baqirmasang, tog‘angda gaping bormi?” degani eshitildi. “Po‘latjon tog‘a qattiq og‘rib qolibdilar, bannisaga olib ketishibdi, shuni aytib qo‘yishga keldim”.
Sajdaga bosh qo‘ygan Mamasoli buni eshitib qaddini ko‘tardi-da, namozi chala bo‘lsa-da, salom berib o‘rnidan turgach, kulrang chakmonini shosha-pisha kiyib tashqariga shoshildi. Aytishi kerak xabarini aytgan shoshqaloq bola uning chiqishini kutmay, ketib bo‘lgan edi. Ko‘chaga chiqqan Mamasoli u yoq, bu yoqqa qarab turdi-da, keyin oshnasining uyi tomon yurdi. Po‘latning eshigi tashqaridan qulflanmagan, ichkaridan tanbalanmagan edi. Uy sohibi uning yetmish yillik do‘sti bo‘lsa-da, hovliga indamay kirib borishdan o‘zini tiyardi. Xavotirga tushgan yuragi bezovta bo‘layotganiga qaramay, bu safar ham odatiga xilof qilmadi – eshikni qiya ochib “Po‘latjon, hov Po‘latjon!” deb chaqirdi. Bir necha nafas kutdi, javob bo‘lmagach, eshikni taqillatdi. Yana sabr qildi. Biron daqiqa o‘tgach, javob bu hovlidan emas, qo‘shni tomondan bo‘ldi. Qo‘shni ayol shoshqaloq xabarchi bolaning gapini tasdiqladi, xolos, qanday voqea yuz berganini batafsil tushuntira olmadi.
Bu qishloq tumanning chekka hududida joylashgani sababli, yana to‘rt katta qishloqqa xizmat qiluvchi shifoxona qurilgan edi. Avvaliga “kasali og‘irroq bo‘lsa tuman markaziga olib ketishdimikin”, deb xayol qildi. Keyin “yaqin joy turganda kasalni toliqtirib uzoqqa olib borisharmidi”, degan to‘xtamga kelib, qadamini tezlatdi. “Biron yo‘lovchi mashina kelib qolarmikin”, degan umidda damo-dam ortiga qarab ketaverdi.
Mamasoli umidi ushalmay, shifoxona tomon shoshib borayotgan paytda uning uch do‘sti manzilga yetib bo‘lishgan edi. Voqeadan ilgariroq xabardor bo‘lgan Mirhosil qo‘shni ko‘chada yashovchi Turg‘un bilan Obidni chaqirgach, traktorchi jiyanini ishga solgan, traktorning tirkasharavasida uch oshna shifoxonaga tezda yetib kelishgan edi. Turg‘unning “Uchchalamiz bostirib kirib vahima qilmaylik, Boz kirib seki-in razvedka qilib chiqsin”, degan taklifi ma’qul kelib, shifoxona biqinidagi choyxonada ajrashdilar. Ulfatlar orasida ismi aytilmay, xotin olib, xotin qo‘yavergani uchun “Boz” laqabi bilan sharaflangan Obid gapni ko‘paytirmay, shifoxona tomon shoshildi. Ichkariga kirib surishtiraman, degan chog‘ida reanimatsiya xonasidan otilib chiqqan hamshira shu odamga urilib ketgan edi.
Choyxona sari borayotgan ikki oshnaning tik qaddiga, dadil yurishiga qaraganda “qariya” deb atamoq insofsizlik bo‘lar. Ayniqsa, Mirhosilning keng yelkalari, jarangdor ovozi, burgutnikidek nigohi qarilikni hali-beri yaqiniga keltirmaydiganday edi. Qirra burnining ikki yonida bolalikdan xotira – ikkitadan chechak izini astoydil tikilib qaragandagina ko‘rish mumkin bo‘lsa-da, oshnalari orasida “Cho‘tir” degan laqabni ortmoqlab yuradi. Aslida, bu laqab bobosidan meros qolgan. Chechak izi bo‘lmaganida ham shu laqabga ko‘nishdan o‘zga chorasi yo‘q edi. Chunki bu atrofda yashaydiganlarning barchasida laqab bor. Biron odam haqida so‘z ketib, “shuning aqli yo‘q”, desa hech kim ajablanmaydi, lekin “laqabi yo‘q”, desa hayron bo‘lishadi. Darrov ota-bobolarining tarixi titkilana boshlanadi va qaysi bir bo‘g‘inda to‘xtab qolgan laqab topilib, merosxo‘rga beriladi. Mirhosilga nisbatan bo‘yi pastroq, gavdasi to‘laroq Turg‘unga “Buqoq” degan laqab shu tarzda in’om etilgan. Aytishlaricha, qaysi bir bobosining buqog‘i uzun soqolining ortidan ham ko‘rinib turar ekan. Turg‘unga bu laqab malol kelmadi. Har holda, qishloqda “Xo‘kiz”, “Tuya”, “Makiyon” degan laqablar bor, shularga ro‘para qilmaganlari uchun ham lom-mim demagan, hozir ham indamaydi. Aslida, laqab qo‘yishdan maqsad, kimnidir xorlash emas, balki ulfatlar uchrashganda askiya payroviga bir bahona. Agar laqab kishining jismoniy kamchiligini masxaralash maqsadida to‘qilganida Turg‘unga “Buqoq” deyilmas edi. Urushdan keyin avval panjasida, so‘ng bo‘ynida paydo bo‘lgan oq dog‘larga ishora qilinardi. Bu holda laqab hazil doirasidan chiqib, haqorat darajasiga ko‘tarilib qolardiki, atrof qishloqlarda bunga sira yo‘l qo‘yilmaydi. Agar oq dog‘larga ishora qilinsa, Turg‘unning o‘zigina emas, oshnalari ham musht bilan javob berishdan qaytmagan bo‘lishardi.
Mirhosil Turg‘unni choyxona hovlisiga boshlab kirgach, barglari oltinday sarg‘aygan majnuntol ostidagi so‘riga omonat o‘tirib, “Kela qol, Boz chiqquncha sal nafasni rostlab turaylik”, dedi. So‘riga to‘shalgan eski sholchaning titilib ketganiga parvo qilmay, omonat o‘tirdilar. Qishloqlardagi choyxonalarda hech kim so‘riga gilam to‘shashni talab qilmaydi. Eski palos, yog‘i chiqib ketgan ko‘rpachalarda o‘tirish hech kimga malol kelmaydi.
– Bular hali ham kurashib yotishgan ekan, – dedi Mirhosil choyxona ayvoni peshtoqidagi shiorga imo qilib. Turg‘un shiordagi “1995 yil mo‘l hosili uchun kurashaylik!” degan so‘zlarni o‘qib, miyig‘ida kulganicha:
– Bular otasining belida ham kurashgan, onasining qornida ham kurashgan. Kurashga sira to‘yishmaydi, – deb ming‘irlab qo‘ydi.
– Choy-poy chaqiraymi?
– Choying nimasi? Boz chiqsin, shunga qarab bir nima qilarmiz.
Ichkarida yuvilgan piyolalarni hafsala bilan artayotgan choyxonachi kutilmagan mehmonlarni ko‘rib, g‘ashlandi. Avvaliga “u yoq-bu yoqqa qarab chiqib ketishar” degan umidda qarab turdi. Eshonguzarlik Jasur qimorboz bu kunni band qilib qo‘ygan, “hatto pashsha ham uchib kirmasin”, deb tayinlagan edi. Ikki qariyaning kirib, bemalol o‘tirib olishi uni picha gangitdi. Keyin “choy ichgilari kelsa, xizmatlarini tezroq qilay, tezroq keta qolishsin”, degan o‘yda tashqariga chiqib, ular tomon ildam yurdi.
– Kelsinlar, taqsirlarim, kelsinlar, – deb yarim ta’zim bilan yaqinlashib, qiroat bilan salom berdi.
– Nega “taqsir”lab qolding, machitning imomiga o‘xshaymizmi? – dedi Mirhosil alik olib.
– Ustoz shunaqa o‘rgatganlar. “Choyxonangga kirib kelgan otaxonlarning martabasi ulug‘ bo‘ladi, ularga faqat “taqsir” deb murojaat qil”, deganlar. Taqsir, ichkariga marhamat qiladilarmi yo boshqa so‘riga joy to‘shayinmi? – dedi u qariyalar bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishgach.
– Ichkaring nimasi, bizlarni dimlab baraka topmoqchimisan? – dedi Mirhosil norozi ohangda.
– Ha, endi, kuz havosi-da, – dedi choyxonachi.
– Nima balo bo‘ldi, samovorxonangning rangi o‘chib ketibdi?
– Gaplariga tushunmadim, taqsirim?
Turg‘un do‘stining gapini izohladi:
– Samovorxonangda odam yo‘q, baraka qochdimi, deyapti tog‘ang.
– Bu yoqdan qishning nafasi kelib turibdi, sezon o‘ldi-da, taqsir…
Choyxonachining bu gapi qariyalarga malol keldi. Turg‘un qoshlarini chimirdi, Mirhosil esa bobillab berdi:
– Enang muzxonada tuqqanmi seni, gapingning sovuqligini qara!
– Iya, qanday sovuq gap qildim, taqsir? – deb ajablandi choyxonachi.
– “Sezon o‘ldi” deganing issiq gapmi? Bu tomon kasalxona bo‘lsa, qancha odam “Haq!” deb o‘lolmay yotgan joyda o‘limni eslab nima qilasan? “Oshxo‘rlikning mavsumi o‘tdi” deb qo‘yovurmaysanmi?
– Endi bizlar bir omi odam-da, gap bilmaymiz.
Choyxonachi shunday deb iziga qaytdi-da, birozdan so‘ng toza sholcha bilan ko‘rpacha olib chiqib yon tomondagi so‘riga to‘shadi.
– Bu yoqqa o‘tsinlar, taqsirlarim, hozir choy damlayman, – deb yana ichkariga kirib ketdi.
Ikki qariya erinibgina o‘rnidan turib bu so‘riga yaqinlashdi. Mirhosil kalishini yechgach, tepaga chiqib, chordana qurib oldi. Turg‘unning so‘ri chetida oyoqlarini osiltirib o‘tirishiga qarab turib, Mirhosil shumlik bilan tegishdi:
– Ha, beldan oldimi, tuqqan xotinga o‘xshab qolibsan?
– Sen, Cho‘tir, gapingga ozgina tuz sepvor. Samovarchiga aql o‘rgatasan-u, o‘zing nima deb valaqlayotganingni bilmaysan. Belog‘riqning tuqqan xotinga nima daxli bor?
– Sirkang suv ko‘tarmaydigan bo‘lib qolibdi, sen Buqoqning. Adoyi tamom bo‘libsan. O‘tirishingni qara.
– Sen hadeb birovlarga qarayvermasdan o‘zingga ham bir-ikki ko‘z tashlab qo‘ygin. Endi senu men olma bilan o‘rik bo‘larmidik. Samovarchiga o‘xshatib aytadigan bo‘lsam, bizdi sezon ham o‘lyapti, oshnam.
– Gaplaringni olovga qo‘yib, sal isitib olsang bo‘larmidi, a? Bunaqa sovuq gaplarni qaysi xaladiynadan olasan?
– Sovuqmi, issiqmi… umrdan baraka ketib bo‘ldi, – Turg‘un shunday deb egildi-da, yerdan sarg‘aygan bargni olib, do‘stiga uzatdi: – Ma, ushla.
Mirhosil beixtiyor qo‘l uzatib, bargni oldi, keyin ajablanganicha so‘radi:
– Nima qilaman?
– Olgin-da, uzilib tushgan joyiga qaytarib qo‘y, – dedi Turg‘un ma’nodor ohangda.
– Vey, eslaring joyidami?!
Mirhosil shunday deb bargni siltab tashladi. Turg‘un esa boshini egganicha, xuddi o‘ziga o‘zi gapirayotganday dedi:
– Ha… qo‘yolmaysan… Hech kim qo‘yolmaydi. Bu barg emas, UMR! Uzildimi… Tamom…
Turg‘un shunday deb xo‘rsindi. Uning bu hazin kayfiyati do‘stiga yoqmadi. O‘tirgan joyida bir qimirlab olib, jerkib berdi:
– Menga qara, Xudo xayringni bersin, donolik qilmagin shu topda. Yuraklarni siqmagin.
Turg‘un uning tanbehiga parvo ham qilmadi. Qo‘lidagi bargdan ko‘z uzmagan holda avvalgi hazinlikda davom etdi:
– Sen buni xazon deb o‘ylayapsanmi? Bir sen emas, hamma shunday o‘ylaydi. Lekin bu shunchaki xazon emas… balki… o‘lim darakchisidir? O‘lim kimni olib ketadi? Ichkarida jon talvasasida yotgan odamnimi yo… balki senidir?
– Hoy, buqoqlarning sovug‘i deyman, bas qil deyman, donolik qilavurma. O‘ladigan bo‘lsang o‘zing o‘lavur. Har holda, mendan besh oylik kattaroqsan. Men hali beri ketadigan ahmoq emasman. Uqdingmi?
– Xo‘p… Gaping rost, men adashibman. Xudo biladi, balki xabar menga kelgandir?.. – Turg‘un shunday deb oshnasining tutay boshlagan g‘azab o‘tini o‘chirganday bo‘ldi.
Choyxonachi gullari o‘chib ketgan qora patnisda choynak, novvot olib chiqib, xontaxtaga qo‘ygach, choyni qaytardi. Do‘stiga gapirib baraka topolmasligiga fahmi yetgan Mirhosil zahrini choyxonachiga sochish barobarida bir o‘q bilan ikki quyonni urmoqni ma’qul ko‘rdi:
– Hoy, o‘g‘il bola, novvotingga qahat kelganmi? Buncha kam olib chiqding? Buning tishimning kavagida yo‘q bo‘lib ketadi-ku? Manavi tog‘ang nimani shimadi? Yurganda oyoqlarining qaltirashini ko‘rsang-chi?
“Qizim senga aytaman, kelinim sen eshit” yo‘rig‘ida aytilgan bu piching so‘zlar dovulini Turg‘un xuddi o‘ziday ko‘rinishda do‘stiga qarata sochdi:
– Samovarchi uka, tog‘ang yaqinginada senga nima dedi? “Muzxonada tug‘ilganmisan?” dedimi? O‘zidan so‘ra-chi, enasi qayerda tuqqan ekan. O‘zi aytmasa, mengina aytaymi? Bu tog‘ang shimoliy muz okeanining naq kindigida tug‘ilgan. Ishonmasang, basharasiga qaragin-a, onasi cho‘tir qilib tug‘magan, tug‘ilganida bip-binoyi bo‘lgan. Ammo tug‘ilgani zahoti aftini morjlar timdalab-timdalab tashlashgan.
Choyxonachiga bu gap ta’sir qilib, xaxolab kulib yubordi. Mirhosil xuddi o‘rnidan turib oshnasiga chang solmoqchi bo‘lganday, joyida bir qimirlab oldi. Chang solishga qasd qilgani rost, lekin tirnoqlari bilan emas, tili bilan chang solmasa xumori bosilmas darajaga yetgan edi. Ikki oshna eslarini taniganlaridan beri birga, hatto urushda ham bitta bo‘linmada xizmat qilib et bilan tirnoqday ajralmas bo‘lib ketishgan. Shunga qaramay, “gap kelganda otangni ayama”, degan nasihatni ikkovi ham bayroq qilib olgani sababli Turg‘un gap otganida Mirhosilning jimgina ketganini hali bu atrofda birov ko‘rgan emas. Hozir ham shunday vaziyat yuzaga keldi. Bu yerga nima uchun kelganlarini unutishdi. Mirhosil oshnasining gapiga javoban avvaliga asabiy tarzda tomoq qirgach, choyxonachi kulgidan shart to‘xtadi.
– Gapning issig‘ini shu tog‘angdan olovrasan, – Mirhosil ma’nodor ohangda gap boshlab, qoshlarini uchirib, buqoq ko‘rinmasa ham, Turg‘unning tomog‘iga ishora qildi. – Ko‘ryapsanmi, xumdoni o‘zi bilan-da buning.
– Esimga tushdi, taqsir, qoyilman, – dedi choyxonachi kulib.
– Nima tushdi?
– Bizlar bola ekanimizda to‘ylarda yurardinglar lapar aytishib, askiyalar aytishib. Ko‘pini yodlab olgan edim. Siz boshlardingiz: “Oxirat bozoriga yuk bog‘lagan karvon buqoq, olti ming g‘ishtni pishirgan betutun xumdon buqoq…” deganingizda olamni qiyqiriq bosib ketardi.
– Ha, ha, shunday bo‘lgan, – dedi Mirhosil kibr bilan yayrab. – Esingdan aylanay sening.
G‘ashlanish navbati endi Turg‘unga o‘tdi. Tizzasiga o‘ng kafti bilan shart urib, choyxonachiga burgut qarash qildi:
– Men-chi? Men mum tishlab o‘tirarmidim?
Choyxonachi ikki o‘t orasiga tushib qolganini anglab, salgina dovdiradi-yu, keyin o‘zini qo‘lga olib, quvnoq ohangda davom etdi:
– Oh-oh, taqsirim, siz ham juda-a olardingiz-da! Sira qo‘ymasdingiz, ushlagan joyingizni uzibla olardingiz: “Arilarning uyasini “bet bu”, deb aldar cho‘tir, xuddi chekichlab chekilgan patir, deb javrar cho‘tir”, deganingiz hali ham esimda.
– He, esing qursin sening! Qani, mening javobimni ayt-chi? – dedi Mirhosil uning gapini shart uzib.
– Taqsirim, men esi past odamga o‘xshayapmanmi? Javobingizni aytaymi? “Elkasiga xurjun osgan, xurjunida oshqovoq, har biri chorak yetilgan mirishkor dehqon buqoq…” Shunaqa ajoyib to‘ylar bo‘lardi-da. Tongotar jilmay o‘tirardik.
Ikki oshnaning o‘rtasida uzoqroq qolsa biron bir baloga yo‘liqishi mumkinligini anglagan choyxonachi xotirasini yakunlab, ketmoqchi bo‘lib o‘girilgan edi, Turg‘unning: “To‘xta, gapni chala so‘yib tashlab ketma. Oxiriga yetkazib qo‘y endi”, degan amri yangrab, to‘xtadi.
– Ag‘i esimda yo‘q, taqsir.
Shu ayyorligi bilan qutulib ketmoqchi edi, Turg‘un “Aytasan!” deb bo‘sh kelmadi.
– Qo‘y, bolani qiynama, esi pastligi ko‘rinib turibdi-ku? – dedi Mirhosil mug‘ombirlik bilan. – Otam zamonidagi gaplarni qayoqdanam yodida tutadi. Durdona gaplar miyada qoladi, shalay-balay gaplar o‘chibla ketadi.
– Sen tek tur-chi, – dedi Turg‘un do‘stini jerkib, keyin choyxonachiga tikildi: – Esingda yo‘qmi? Qani, o‘ylab ko‘r-chi? Men boshlab beraymi: “Bu kecha qaylarda qolding, betlaring itning izi…” Xo‘sh?
Choyxonachi Mirhosilga xavotir bilan bir qarab olib, Turg‘unga ochiq chehra bilan yuzlandi-da, davom etdi: “Panjaragulchin yuzingdan ayladingmi, or cho‘tir?”
Bu javobdan quvongan Turg‘un “Oh-oh!” deganicha ikkala kafti bilan tizzasiga shapatiladi:
– Gapning xo‘rozi shunaqa bo‘ladi. Esing barakali ekan, sen bolaning.
Choyxonachiga bu maqtov ma’qul kelib iyib ketdi:
– Yana bir ashulangiz bo‘lardi: “Tog‘da quyon otibman iyagi yo‘q, jonon ko‘ylak kiyibdi, jiyagi yo‘q…”
– Hoy, “esli bola”, bo‘ldi qil. Ja-a miyalarni achitibla tashlading. Bor, novvotingdan olib chiq. Belanggi tog‘angga quvvat bo‘lsin.
– Shoshiraverma, aytadiganini aytib olsin.
– Eshitging kelayotgan bo‘lsa, uyingda bi-ir palovxonto‘rani damlab chaqirasan. Ertamatanga dovur likobcha chertib ashula qilib beradi, sen buqog‘ingni selkillatib o‘yinga tushib berasan. Xo‘p bazmi jamshid qilishasanlar.
Turg‘un javobga hozirlandi-yu, ko‘zi Obidga tushib, gapi og‘zida qoldi. So‘riga yaqinlashayotgan oshnasining shashti pastligini sezgan Mirhosil o‘rnidan turib ketdi. Turg‘un joyidan jilgunicha, u pastga tushib, Obidga peshvoz chiqdi:
– Ha, shu yerda ekanmi?
Obid choyxonachining salomiga ruhsiz ravishda bosh irg‘ab alik olgach, do‘stiga tikilib qoldi. Uning bu ahvolidan xavotirlangan Turg‘un Mirhosil bilan ko‘z urishtirib olgach, uni savolga tutdi:
– Shu yerda ekanmi, kirib chiqovramizmi?
Obid javob bermay, so‘riga kelib, omonat o‘tirdi. Bu ahvoldan g‘ashlangan Mirhosil uni yelkasidan ushladi:
– Boz… Obid, Obid deyman, nega mashqing past?
– Kasali… og‘irroq ekanmi?
– Kasalimi?.. – Obid xo‘rsindi-yu, boshini eggan holda past ovozda javob berdi: – Bu og‘aynimizni ham Xudo bizga ko‘p ko‘rdi. Po‘latdan… ajrab qolibmiz.
Kutilmagan shumxabarni eshitib Turg‘un biroz karaxt holiga tushdi, so‘ng yuziga fotiha tortdi. Mirhosil esa ishonqiramay, Obidning ikkala yelkasini changallab olib uni bir-ikki siltadi:
– Kim aytdi senga? O‘zing ko‘rdingmi? O‘z ko‘zing bilan ko‘rdingmi? – Obid bosh chayqab “yo‘q” ishorasini qilgach, uni yana siltadi: – Sen, noshud bola, familiyasini to‘g‘ri aytdingmi? “Tohirov” dedingmi yo “Toirov” dedingmi? Sen, paytavafahm hamisha adashtirib yurasan.
– Taqsirim adashganga o‘xshaydilar, – dedi choyxonachi vaziyatni yumshatish maqsadida. – Bugun bu kasalxonada hech kim o‘lmadi. O‘lsa biz ham eshitardik.
Alamini kimdan olishni bilmayotgan Obid bu gapni eshitib unga baqirib berdi:
– Sen kimsan o‘zing? Glavvrachmisan yo samovarchimisan? Bor, ishingni qilovur sen!
Gapga nojo‘ya aralashganini fahmlagan choyxonachi boshini egganicha o‘girildi.
– Bu bolaga sapchima. To‘g‘ri gapiryapti, – dedi Mirhosil Obidni qo‘yib yuborib. – Glavvrachingdan oldin xabar shu samovorxonaga chiqadi. Sen xomsan, bola. Hamma ishlaring xom. O‘ylab ko‘r-chi, Berlinga dovur o‘t kechib borgan odam indamaygina o‘lib ketovradimi? E, yo‘q. Senga ishongan men – ahmoq! O‘zim kirib chiqaman. Qaysi joyda ekan?
– O‘liklarni tiriltiradigan bo‘limda ekan, – dedi Obid to‘ng‘illab.
– A? Nima deding?
– Nega angrayasan? Eshigiga shunday deb yozib qo‘yibdi. Ishonmasang, bor o‘zing qara.
– Gapingning tuzi yo‘q: o‘liklarni tiriltiradigan bo‘limda odam o‘larkanmi? – dedi Turg‘un oshnasining yelkasiga yengil turtib. Hozirgina gapga aralashgani uchun pushaymon bo‘lgan choyxonachi izoh berishdan o‘zini tiya olmadi:
– Taqsirim “reanimatsiya” bo‘limini aytyaptilar, shekilli. Hozir shunaqa yozadigan bo‘lishgan. – Shunday deb Obidga qaradi-da kinoya bilan qo‘shimcha qildi: – Glavvrach bo‘lmasam ham, shunaqa gaplarni sal-pal bilaman.
Choyxonachi yana ortiqcha gapirib yuborib, iskanjaga tushib qolmaslik uchun tez-tez yurib ketdi. Mirhosil shifoxona tomon burilgan edi, Turg‘un uning yo‘lini to‘sdi:
– To‘xta, sen borma. To topguningcha o‘likning tili qotadi. Boz, bor, o‘zing kirib chiq. O‘lik bo‘lsa ham, tirik bo‘lsa ham o‘z ko‘zing bilan ko‘rib chiq.
– Hammamiz birga kirovramiz unda, – dedi Mirhosil o‘jarlik bilan.
– Hovliqma. Ichkarida poda bo‘lib yurmaylik.
Obid biroz harakatsiz ravishda o‘tirdi-da, keyin og‘rinib o‘rnidan turdi. Oshnalariga norozi nigohini bir-bir qadagach, iziga qaytdi.
– Gapingning sovuqligini qara: tili qotib qolarmish! – dedi Mirhosil alam nishini Turg‘unga sanchib.
– Gapimga osilaverma, men “o‘lgan bo‘lsa”, dedim.
– Nega o‘ladi? Sendan so‘rayapman: nega o‘ladi? Kecha tuppa-tuzuk o‘tirgan odam-a?
– Ha, endi issiq jon-da. Pov etadi – chiqadi, ketadi. Sen bilan maslahatlashib o‘tirarmidi?
– Agar Po‘lat ham o‘ladigan bo‘lsa, dunyoyingga qoyil qolmayman, oshna. O‘tishga-ku, hammamiz ham birin-sirin o‘tamiz-a, oma ikki oyning ichida ulfatdan ikki kishini ketma-ket olib ketishi insofdanmas. Agar jon oladiganlarda ham plan bo‘lsa, ana, dunyo deganingda xunasai dargohlar tiqilib yotibdi, olsin bitta-bitta teri-ib.
– Gaplaringga tuz sepib gapirgin. Biz kimmiz? Biz bir sollotmiz, bizdan so‘rab o‘tirarmidi? Ketdik, desa bo‘ldi, bir parcha surpga o‘ralamizu yog‘och otga minib “chu!” deymiz, vassalom. Bir zumda Munkar bilan Nakirning savollariga ro‘para bo‘lamiz-da, oshnam.
– O‘zing ro‘para bo‘lavur. Men borib qolsam, oma ularingdan oldin o‘zimla savol berib tashlayman: dunyoga nima uchun yomonlarni qalashtirib tashladilaring, deyman. Avval dunyoni yomonlardan tozalamaysanlarmi, yaxshilar to‘rt-besh kun yayrab yashab olmaydilarmi, deyman. Odam o‘lib bo‘lganidan keyin siquvga olishlaring nimasi, tirikligida sud qil, yomon bo‘lsa jonini olavur, yaxshi bo‘lsa umriga qo‘shib ber. Sotvoldining nima yomonligi bor edi? O‘zini-ku, ena-otasi tilab-tilab olgan edi. O‘zi o‘n besh yil tilanib bittagina o‘g‘il ko‘rdimi?
– Qo‘y, endi oshna, gap deb har narsani gapiravurma. Xudoning irodasi-da. Taqdiri shu ekan.
– Sen taqdir deysan, iroda deysan. Men ham taqdir deyman. Xudoga qarshi chiqmayman. Oma shu taqdir deganiga tushunmayman-da. Xo‘p, Xudo berishga berdi. O‘ziga shukur. Bunaqa qaytarib olishiga sira-sira tushunmayman.
– “Otamlatsang otamlatgin – bo‘tamlatmagin”, deganlari shu-da. Bu ham Xudoning bir imtihoni ekan.
Turg‘unning bu gapi ovuntira olmadi. Uning yuragi xotira tumaniga tanho holida sho‘ng‘ib, g‘avg‘oni boshlagan edi. Agar yurak kitob kabi bo‘lsaydi, unig sahifalaridan ko‘p-ko‘p titroq satrlarni o‘qish mumkin edi… Hayot oqimi mangu: uning o‘yinlari g‘oyat ajabtovur, ba’zan esa beshafqat: visollar va ayriliqlar, quvonch-kulgu va qayg‘u bir-biridan nafratlanmay, qo‘shilib, sel kabi bostirib kelaveradi, surib kelaveradi… kelaveradi…
– Ichim yonib ketyapti, Turg‘un. O‘lganimda ichimni yorib ko‘rsang, tamoman ko‘mirga aylanib ketgandirman. Hamma yaqinlarimning o‘lganlari bir bo‘ldi-yu, Sotvoldining ketvorgani bir bo‘ldi. Xo‘p, shuning joni kerak ekan, urushda ola qolmaysanmi? Shuncha kuydirasanmi bechorani. O‘g‘lining joni kerak ekan, nima qilarding shu bolani unga berib? Tirnoqqa zor bo‘lib o‘tavermaydimi? Yana ikkita nabira bergani nima edi? Afg‘onga olib borib jonini olish uchun beribmidi? O‘liklarini temir tobutlarga solish uchun beribmidi? Hammalarini o‘z qo‘li bilan qo‘ydi-ya! Hech bo‘lmasa, xotini turib tursa bo‘lmasmidi? Sotvoldimizni, hech bo‘lmasa, ikki-uch kun yotqizib, biz bilan xayr-xo‘shlashgandan keyin joni olinsa bo‘lmasmidi? Uyqusida ham oladimi jonni?
– Sen bilan men bilib o‘tiribmizmi, balki bu Xudoning sinovidir?
– Ol-a! Sinaydigan bo‘lsa, faqat Sotvoldini sinaydimi? Baribir, qoyil emasman.
Havo ochiq, beg‘ubor, osmon tabassum qilar, ammo bularning ko‘ngillarini qora bulut qoplab olgan edi. Choyxonachi shumshayib o‘tirgan ikki qariyaga dalda berish maqsadida hovliga chiqib, so‘riga yaqinlashdi-da, choynakni ushlab ko‘rib, ularga savol nazari bilan qaradi:
– Ie, sovubdi-ku? Yangilayinmi?
– Kerakmas, hozir ko‘ngilga choy ham sig‘may qoldi, – dedi Mirhosil qo‘l siltab.
– Ko‘ngilni keng qilovring, taqsir. Bir ashulalaring bo‘lardi…
– Vey, ashula-pashulangni yig‘ishtir, bor, samovaringga qara.
Choyxonachi ularga yaqinlashganiga pushaymon yeb, o‘girildi:
– Samovarimga gap yo‘q. Xuddi o‘zlariga o‘xshab qaynab turibdi…
Mirhosil ming‘irlab aytilgan gapni yaxshi anglamay, oshnasiga qaradi:
– Bir nima dedimi? Dimog‘iga qurt tushadigan sortidan ekanmi, a?
– Ke, qo‘y, o‘zicha bir nima deb ming‘irladi.
– Turg‘un, beriroq kel, senga bir gapni aytib qo‘yay: qo‘qqis men ham uyqumda jo‘navorsam, sen bilib ol, meni Sotvoldining yoniga qo‘ydirasan. Men unga ko‘p og‘ir hazillar qilganman. Bechora kulib turaverardi. Endi o‘zim armondaman.
– Gaping to‘g‘ri. Ba’zan quyushqondan chiqib ketarding. Bir marta askiyaning orasida erkakligiga pisanda qiluvding. Yomon bo‘lgandi o‘shanda. Bolaga tilanib-tilanib yurgan vaqtlari edi. Boshini egibla qolganidi. Boshqa odam bo‘lganida kallangni shartta uzibla tashlagan bo‘lardi. U bechora indamagan.
– Esimda… Shuning uchun ham o‘g‘il ko‘rganida suyunchiga gilam berganman-ku?
– Gap bilan jonini sug‘urib olgan eding, dilning yarasiga gilaming malham bo‘larmidi?
– Armonim ham shu-da. Uch-to‘rt kun kasal bo‘lib yotganida ham rozilik so‘rab qolardim. Turg‘un, Sotvoldi bilan oshnachiligimiz qattiq edi, rozi bo‘lib ketgandir, a?
– Buni Xudo biladi.
– Endi armon yeydi meni. Manov yerim kuyadigan bo‘lib qoldi, – Mirhosil shunday deb ko‘kragiga yengil mushtladi. – Agar yoniga qo‘ydirmasang, u yoqda ham tinchimayman, oshna.
Uch-to‘rt daqiqa oldin bir-birini kinoya nayzalariga ilib otayotgan ikki oshna endi armon kemasida dardkash bo‘lib o‘tirganida hamshiraning bilagidan ushlab kelayotgan Obid ko‘rindi. Yig‘lamsirayotgan hamshira xuddi bog‘cha qizalog‘iday unga tobelik bilan bo‘ysunib kelardi. Obid so‘riga yaqinlashib to‘xtagach, qizni oldinga o‘tkazib, qariyalarga ro‘para qildi:
– Qani, o‘zing ayt bularga. Mir Mirovich, ko‘ngling to‘g‘ri sezibdi. Qara-ya, Po‘lat o‘lmagan ekan, tirik ekan!
– Ha, shunaqa! Bittang o‘ldi, deding. Yana bittang tili qotmasin, deding, he paytavafahmlar! Nima, qizcha adashibdimi?
– Adashsa ham go‘rga edi. Ayt o‘zing endi!
Qariyalar orasiga tushib dovdirab qolgan hamshira baralla yig‘lab yubormaslik uchun pastki labini tishlab, mo‘ltillaganicha turaverdi. Keyin kimdandir najot istab atrofga alanglab oldi. Shoshilib kelayotgan doktorni ko‘rib, ko‘zlarida umid uchqunlari charaqladi. So‘riga yaqinlashgan doktor qariyalarga salom berib ko‘rishgach, Obidga yuzlandi:
– Tog‘a, qo‘ying, qiynamang qizimizni. U adashmagan. Bemorning yuragi chindan ham to‘xtagan edi.
– Nega to‘xtaydi, sen o‘zing kimsan? – dedi Turg‘un unga qovoq uyub qarab.
– Men davolovchi vrachman. Tohirovning yuraklari…
– Sen bola gapni chaynama, ayt: oshnam tirikmi? – dedi Mirhosil uning gapini uzib.
– Xudoga shukur, tiriklar.
Bu gap jonlariga halovat berdi. Ko‘ngillari eshigidan mo‘jiza mo‘ralab, tabassum qildi, dillarini shod-mas’ud etdi.
– Ha, bu gaping erkakchasiga bo‘ldi. Po‘lat o‘ladigan bolamas-da, o‘zi, – dedi Mirhosil. – Kecha oqshom billalashib choy ichganmiz. O‘ladigan bo‘lsa ham menga aytib ketardi. Biz u bilan bilasanmi, Berlinga dovur billa borganmiz.
Do‘stining hayotligidan ko‘ngli xotirjam bo‘lgan Obid hazilning o‘rni kelganidan foydalandi:
– Nemiska xotinlar bilan toza ulfatchilik qilishgan bu tog‘alaring, – dedi Obid.
– Hoy! – Turg‘un “tilingni tiy” degan ma’noda hamshirani imlab ko‘rsatdi: – Uyat-a…
– Bir hazil kelib qoldi-da, hazil bu.
– Haziling qursin sening. Qo‘yvor qizimni, yuragini chiqarib yuboray debsan-ku? –Mirhosil oshnasiga quruq po‘pisa qilib, keyin hamshiraga qaradi: – Qizim, sen bunaqa sovuq gaplardan ehtiyot bo‘lgin, xo‘pmi? Yaxshi gap bo‘lsa, darrov suyunchi ol. Yomonini ichingga yutovur. Siqilib ketsang ham yutovur.
Obidning qo‘lidan bo‘shagan qiz “xo‘p bo‘ladi” deganday bosh irg‘ab qo‘yib, tez-tez yurganicha bulardan uzoqlashdi. Ichkaridan chiqib kelgan choyxonachi uning izidan qarab turdi-da, so‘ng doktorga yaqinlashib, so‘rashdi:
– Do‘xtirjon, ish tugadimi deyman?
– Ha, endi boraylik.
Bu gapni eshitib oshnalar bir-birlariga savol nazari bilan qarab olishdi.
– Qayoqqa borasan? – deb so‘radi Mirhosil ajablanib.
– Uyga-da. Ish vaqtimiz tugadi.
– Do‘xtirmisan o‘zing? Mening oshnam sening kasalingmi? – dedi Mirhosil unga norozi nigohini qadab.
– Ha.
– Butunlay tuzaldimi?
– Yo‘q hali.
Doktor bu savollardan maqsad nima ekanini anglamay, jim turgan ikki qariyaga qarab oldi. Mirhosil esa savollar hujumini davom ettirdi:
– Tuzalmagan bo‘lsa, uni tashlab qayoqqa borasan?
– Qaraydigan navbatchi vrach bor.
– E, yo‘q, do‘xtirvoy, sen tudavoy-sudavoy gaplaringni yig‘ishtir, navbatchi-pavbatchi deganingni men bilmayman. Qani, darrov izingga qayt-chi! Oshnam tuzalmagunicha bir qadam nari-beri siljimaysan. Menam siljimayman, bularam siljishmaydi. Oshnamni tuzatib berasan, keyin billalashib ketamiz.
Bu talab doktorga g‘alati tuyulib, “oshnalaringizni insofga chaqirib qo‘ysangiz-chi”, degan ma’noda najot ko‘zi bilan qaradi. Turg‘unga ham, Obidga ham do‘stlarining talabi ma’qul kelayotgan edi. Bulardan yordam kutishdan umidini uzgan doktor o‘zini himoya qilishga o‘tdi:
– Tog‘a, nima deyapsiz, bir kunda bo‘ladigan ish emas bu.
– Bir kun bo‘lmasa, ikki kundir. Urushda qurshovga tushib qolganimda to‘qqiz kun bag‘rimni qorga berib kutganman. Bilib qo‘y bola, kerak bo‘lsa bir yil o‘tiramiz. Bizning boshqa qiladigan ishimiz yo‘q. Po‘latning kimligini bilasanmi? Bilmaysan. U bizning jo‘raboshimiz! Yaxshilikcha qaytovur joyingga, ha!
– Uka, qaytovring, – dedi Turg‘un muloyimlik bilan. – Bunga yo‘q desangiz, balolarga qolasiz. Gitlerni ham shuning yolg‘iz o‘zi borib iniga tiqib kelgan. Buning kimligini bilmaysiz.
– Boshqalar bilmasa ham men bilaman, – dedi doktor kulimsirab.
– Kimning o‘g‘lisan? Meni qaydan bilasan?
– O‘tgan yili shahardagi shifoxonada yotuvdingiz-ku?
– Yotgan bo‘lsam nima?
– Bir hafta davolanib keyin yotgan karavotingizni olib ketganingizdan xabarim bor.
– Olib ketganman. To‘g‘ri qilganman. O‘g‘lim kelib “otamni kasalxonalaringga yotqizaman”, desa sheriklaring “joy yo‘q” deyishdimi? Keyin o‘g‘lim pul berib joylashtirdimi meni? Pul bergani shu joyni sotib olgani bo‘ladimi? Bilmasang, bilib ol! Men sotib olgan narsani tashlab ketadigan ahmaq emasman. Turg‘un, esingdami, o‘sha yerda bir hafta yotibman-a! Hali unaqa kasal topishadi, hali bunaqasini topishadi. E, o‘likda ham bunaqa ko‘p kasal bo‘lmaydi. O‘g‘limga: “juvob tegdi, moshin olib kel”, dedim. Karavotni orttirdimu jo‘navordim. Oma bular orqamdan yig‘lab borishdi. Karavotlari ispiskada turarkan.
– Ha, bu hazilingiz ancha gap-so‘z bo‘lgan edi.
– Hazil dedingmi? – Mirhosil qoshlarini chimirib bosh chayqadi. – Senlarga hazil bo‘lib tuyuldimi? Balki sen chalaroq eshitgandirsan. Bir boshdan aytib berayinmi?
– Qo‘ysang-chi, eski paxtalarni titib nima qilasan? Boshingdan o‘tgani bu do‘xtir bolamizga tegishli emas.
– Sen tek tur. O‘sha ishimni hamma do‘xtir bilib, shunga qarab to‘n bichishi kerak. Do‘xtir bolam, menga yaxshilab qara-chi, kasalim borga o‘xshaydimi?
Doktor “Maqsadingizga tushunmadim”, deganday yelka qisib qo‘ydi. Mirhosil bunga qanoat qilmadi, unga “siz soppa-sog‘siz” degan aniq gap kerak edi, shu bois savolini takrorladi-da, bu safar xohlagan javobini olgach, mamnun ravishda davom etdi:
– Ha, men o‘shanda ham soppa-sog‘ edim, hozir ham otdekman! Shu yoshga kirgunimga qadar do‘xtir deganiga ishim tushmagan. Shu qish ikki marta aksirgan edim, katta o‘g‘lim tushmagurning mehri jo‘shib: “Ota, siz ham boshqalarga o‘xshab yoti-ib bir davolaning”, dedi. “Kasalxonaga yotmasam odam qatoridan chiqaman shekilli, bolalarim yana “otasini kasalxonaga yotqiza olmayapti ekan”, degan malomatga qolishmasin”, deb, ko‘na qoluvdim. “Yo‘llanma degan matohni olishdagi sarsongarchilikni bilibmanmi? Boz, sen bilasanmi, sarsongarchilik nimaligini?
– Sendan boshqa hamma biladi. Sarsongarchilik – chiqim qilish degani. Chiqimsiz mushuk ham oftobga chiqmaydigan bo‘lib qolganini bilmaydigan odam uyida turshak shimib, na’matakning qaynatmasini ichib o‘tiravergani durust-da.
– Naq topib aytding. Lekin kattam o‘jar-da, o‘sha chiqimdan qochmay olib keldi yo‘llanmasini. Men ham odam qatoriga qo‘shilib, kasalxonasiga yotdim. Do‘xturlar birin-sirin kirib, hurmatimni joyiga qo‘yib: “Nima kasalingiz bor?” – deb so‘rashdi. Men nodon “nima kasalim borligini o‘zing topmaysanmi?” – deb o‘tirmay, “kampirimni sog‘inishdan boshqa kasalim yo‘q”, – debman. Shu-shu do‘xtir zoti menga yo‘lamay qo‘ydi. Menam “Bu do‘xtirlarda kampirni sog‘inish kasaliga dori yo‘q ekan-da?” – deb yotaverdim. Keyin ziyraklik bilan kuzatib qarasam-ki, do‘xtirlar kirib, quyuq salom berishganda, men laqmalik qilib, quruq alik olgan ekanman. Bilsam-ki, tuzalishni istagan kasal do‘xtirning salomiga boshqacha alik olishi zarur ekan. Astoydil duo qilish, yurakdan chiqarib rahmat aytish hisobga o‘tmas ekan. Rahmat deganlari cho‘ntakdan chiqishi shart ekan.
– Mir, qo‘y endi juda-a oshirvording, ukamizni hijolat qilma, – dedi Turg‘un uni asta turtib.
– Sen aralashmay tur. Men ko‘rganimni aytaman. Bu do‘xtir ukam u yerda yo‘q edi. Demak, gunohi ham yo‘q. Aslida, do‘xtirlarga da’voim ham yo‘q. Ularning bilgani bilgan. Agar bozorga borib: “Mirhosil tog‘amiz menga bir tonna rahmat aytdilar, deyishsa, birov bir misqol go‘sht berarmidi?” Men anqov ham, ziqna ham emasman. Aqlim kirganidan keyin rahmatni cho‘ntakdan chiqarib, aytuvdim, dorining xilma-xilini yozib berishdi-yu, oma “bunaqa dori kasalxonamizda yo‘q, o‘g‘lingizga ayting, topib kelsin”, deyishdi. Baraka topgurlar, kasalxonaning shunday biqinida dorixona ochib qo‘yishgan ekan, o‘g‘lim qidirib, sarson bo‘lmadi.
– Aytganing esimda, – dedi Obid. – Dorining narxi go‘rkovning narxi bilan bir xil ekan. Oma dorining em bo‘lishiga ishonch yo‘q, go‘rkovniki ishonchliroq, suvabla tashlaydi.
– Xuddi shunaqa! – dedi Mirhosil ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘tarib. – Yana baraka topishsin, ilgarilari kasalxonaga yotgan odamni yigirma to‘rt kun davolashardi. Hozir ikki haftada mixday qilib yuborishyapti. Shunisi ham durust. Yigirma to‘rt kun yotgan odam rahmat aytaverib, oxiri o‘limligiga asrab yurganini ham shu yerga tashlab ketarmidi… Xullas, ortimdan kattalari hay-haylab qolishdimi… Kasalxonangga yotqizishda o‘g‘limga: “Bitta koyka falon so‘m”, degan ekansanlar. O‘sha pulni to‘laganman. Endi shu koykang meniki bo‘ladi”, dedim. Keyin hisob-kitobni boshladim: “Barmoqdan qon olishga hamshirangga shuncha rahmat puli, tomirdan qon olishga muncha, dumbaga igna sanchishiga yana buncha, klizma degan palakating bor ekan, unga ham shuncha, hojatxonangga ko‘p to‘lamay deb ikki kunda bir kiradigan bo‘lib qoldim… yaxshiyam kasalxonangda o‘lib bermadim, jag‘imni bog‘lashga pulim yetmasa, og‘zimni lang ochib, chiqib ketaverardim. Yanayam baraka toplaring, kampirlarga bir qarab olish tekin ekan, ko‘zlarim rosa mazza qildi”, devdim, og‘zini ochganicha baqa bo‘lib qoldi hammasi.
– Boplagansan. Bu do‘xtirlarning qo‘liga tushgan sog‘ odam ham tirik chiqmaydi, –dedi Obid oshnasini quvvatlab. – O‘rdak balchiqni titganday titaverishadi ichingni. Tashqaridan kasal topisholmasa, ichingning avra-astarini ag‘darib tashlashadi. Burnog‘i yili qovug‘imdan kasal topishibdi. Nima emish – qovug‘imni teshib ichak ulab qo‘yisharmish. E, menga qaralaring, dedim, men yana to‘rtta xotinni gullatadigan yigitman, dedim.
Turg‘un qarasaki, oshnalari “o‘tlab” ketadigan. Shu bois jerkib berdi:
– Bo‘ldi, suyulmalaring. Achchiq ichakdek cho‘zdilaring, oma. Do‘xtir bolam, siz bularning gaplariga qaramang, borovring.
Himoyachi topilib, oson qutilganidan quvongan doktor ketmoqchi edi, Mirhosil to‘xtatdi:
– Ha, qayoqqa? Izingga qayt, bola! Men bitta gapiradigan sortidanman. Joyingga qaytginu, oshnamni tuzatgin. Ha, orqa tomondan urib ketma, har soatda borib tekshiraman-a?
– Boraqol do‘xtirjon, – dedi Obid “ilojsizsan” degan ma’noda ko‘z qisib qo‘yib. – Gitler ham bu odamning gapini ikki qilganmas.
– Do‘xtir bolam, yo Toshkandan do‘xtir chaqirtiraylikmi? – dedi Turg‘un.
– Keragi yo‘q, o‘zi qarab, tuzatadi, – dedi Mirhosil bosh chayqab. – Toshkandagi do‘xtiring ham shu bola o‘qigan maktabda o‘qigan. Borovur, do‘xtir bola.
Doktor iziga qaytmoqchi bo‘lganida Mirhosil uni to‘xtatdi:
– To‘xta-chi, bola, menam sen bilan borib oshnamni bir ko‘rib chiqay.
Bu iltimosdan keyin doktor qat’iy ohangga o‘tdi:
– Mumkin emas.
– Nimaga mumkin emas?
– Reanimatsiya bo‘limiga hech kim kiritilmaydi.
– Xo‘p, kirmasam kirmadim. Sen eshikni qiyalab ochib turasan. Men sekingina mo‘ralayman. Oshnam bilan ko‘z-ko‘zga tushsa, tezroq tuzaladi. “Mehr – ko‘zda” degan gapni eshitganmisan?
– Mumkin bo‘lmagan ishni mendan so‘ramang. Shu yerda ekaningizni jo‘raboshingizga aytib qo‘yaman. Ko‘ngillari ko‘tariladi. Hozir u kishini bezovta qilsangiz, o‘zlariga qiyin qilib qo‘yasiz.
– Meni ko‘rsa, bezovta bo‘lmaydi.
– Ke, qo‘y, do‘xtirga osilavermagin, – dedi Turg‘un o‘rtaga tushib. – Siz borovring, o‘g‘lim.
Doktor sal nari ketgach, Mirhosil Turg‘unga ola qaradi:
– Sen bir narsa deyishdan oldin gapingni cho‘qqa qo‘yib dam-pam yedirib olgin. Hech zamonda dehqon odamga Toshkandan do‘xtir kelarkanmi? Idorada o‘tiradiganlardan bo‘lganida hazilakamiga aksirib yuborsa ham Toshkandan o‘ntasi uchib kelardi. U yoqning do‘xtirlari ariga o‘xshaydi, faqat shiraga yopishadi. Nima deding, Boz?
– Gapning to‘nini bichib qo‘ya qolding. Sen gapirayotganingda men kampirimni quchoqlaganday yayrab ketaman, – Obid shunday deb o‘zining gapidan o‘zi yayrab kuldi.
– Do‘xtirlar bilan shunaqa avjda gaplashmasang bo‘lmaydi. Sotvoldini ham shunaqa qattiq turib ko‘rsatganimizda bekorga o‘lib ketmagan bo‘lardi. Og‘zimizga pashsha qo‘nib ketsa ham lallayib o‘tiradigan lapashang bo‘pqopmiz.
– Endi o‘zingdan ketding, Cho‘tir. Endi bu gaping shaltoq xotinning yirtiq lozimiga o‘xshab ketdi, – dedi Obid norozi qiyofada bosh chayqab. – Sotvoldiga do‘xtir emas, Sotvolodiga xotin kerak edi. Necha marta aytdim, uylantirib qo‘yayin, deb. Erkakning xotini o‘ldimi, janozasini o‘qib, ko‘mib qaytayotganida yo‘l-yo‘lakay uylanib kelishi kerak. Erkak bir nafas ham xotinsiz yashamasin.
– Sotvoldini sarqitingga uylantirmoqchimiding? – dedi Turg‘un uni jerkib.
– Risolni aytyapsanmi? Nega sarqit bo‘larkan?
– Yettinchimi sakkizinchimi xotin sarqit bo‘lmay nima bo‘lardi?
– Sanoqdan adashma, Buqoq, Risol beshinchisi edi. Oma “sarqit” deya ko‘rma! Xotinlarimning ichida jononi shu edi. Xudoning qudratini qara-ya, tishim og‘riganida bitta o‘psa, og‘riq taqqa to‘xtardi. O‘pishi shunaqa shifobaxsh edi. Kayfda uch taloq qilib qo‘yganman. Bo‘lmasa ,shunaqa xotinni qo‘yib bo‘larkanmi?
– Vey, sal pastroq tush. Bunaqa ertaklarni mishiqi bolalarga aytsang, ishonishadi, – dedi Mirhosil ensasi qotib. – Sen erkak bo‘lib bironta xotiningni o‘zingcha taloq qilmagansan. Hammasi seni tashlab ketgan. Og‘zingdan chiqadig‘on nosning sassig‘iga it ham chidamaydi.
Bu gapdan malollangan Obid unga javob berish o‘rniga yovqarash qilib, belbog‘idan nosqovoq chiqardi-da, namoyishkorona chekdi. Keyin kaftini shimiga artib, ko‘kragini kerib qo‘ydi:
– Nosdi erkakning xo‘r-rozi chekadi, gapning ham shaltag‘ini chiqarib yubording. Erkakning xo‘r-rozi xotinga to‘ymaydi. Senlaram yuribsanlar-da, erkakman deb!
– Ko‘p xotin olganingni bilmagan odam seni erkak ham demaydi, – deb piching qildi Mirhosil.
– Sening ko‘zlaring yomon, Boz, – dedi Turg‘un oshnasini quvvatlab. – Ko‘chada seni ko‘rgan kampirlar hurkadigan bo‘p qolishibdi. Tunovinda xaptobusda qaynsinglimga tikilib, yeb tashlay debsan.
– Senam gapning shiltalarini chiqarvorasan-da! Qaynsinglingning yoshi nechada? To‘qsondan oshdimi?
– Vintlaring ancha bo‘shab qoptimi, Boz? Qaynsingil hech zamonda pochchadan katta bo‘ladimi? Xotinim yetmish ikkiga kirdi. Singlisi yetmishga bormagandir.
– Ha, ana! Oltmish to‘qqiz yarim bo‘la qolsin. Akang qarag‘ay oltmish birga kirganiga ham ko‘nmaydi, bilib qo‘y. Yetmish ikkiga kirgan bitta kampiriga tikilib o‘tiradigan lapashanglar boshqa.
– Ha, qoyilman, erkak degani shunaqa bo‘lsa-da! Agar haqiqiy “Boz” bo‘lsang, endi o‘n sakkizga kirganiga uylan. O‘ladigan dunyoda bir yayrab ol. Yosh xotinning qo‘lida o‘ladigan bo‘lsang ham mazza qilib o‘lasan.
– Olsa ham onasi o‘lib ketgan qizni olsin. Sotvoldiga o‘rgatgan gapi esingdami?
– O‘rgatgan bo‘lsam, gapning naq o‘g‘il bolasini o‘rgatganman. Avval boshi o‘zi yig‘lab qolgan menga. Qaynonasida gramm aql bo‘lmasa nima qilsin? Aqlli qaynona qizinikiga kelib besh kun ham yotib oladimi? Sotvoldi hali yetmishdan oshmagandi o‘shanda. Yubiley qiluvdik-ku, eslaringdami? Xotini ham ahmaq-da, onam kelib qolibdi, deb onasi bilan yotovribdi-da. Aqli bo‘lsa, er turganida onasi bilan birga yotami? Menga-ku, baribir, bittasi onasi bilan yotsa, bittasi o‘zimga qoladi. Sotvoldiga qiyin-da, shuning uchun yig‘lab berdi. Gapning xo‘r-rozini o‘rgatdim: “Yolg‘iz yotib o‘libla qolsam, jag‘im ochilib qolsa – isnod sizga tegadi”, degan ekan, kampirsho darrovla xayr-ma’zurni nasiya qilib jo‘navoribdi.
– Peshonasida, baribir, yolg‘iz o‘lish bor ekan. Jag‘ini arang joyiga keltirdim.
– Ha, oshnamga javr bo‘ldi… – Mirhosil shunday deb alam bilan xo‘rsindi.
Unga javoban Obid o‘zining ham armonda ekanini bildirish uchun uf tortdi:
– Bittagina xotinga qanoat qilib nima ko‘rdi bu dunyoda?
Turg‘un Obidni bir jerkib tinchitib qo‘ymoqchi edi, choyxona hovlisiga kirib kelayotgan Rixsiga ko‘zi tushib, gapi og‘zida qoldi.
– Ie, Rixsi, shu yerdamiding? – dedi uni qarshilab.
Rixsi ularga tik qaramay so‘rashdi-da, siniq ovozda javob berdi:
– Ha, ichkariga qo‘yishuvdi, yonlarida edim, – Rixsi tikilgan ko‘zlarga qarashdan o‘ng‘aysizlanib, boshini egdi.
– Ancha tuzukmi endi? – deb so‘radi Mirhosil.
– Ha, o‘zlariga keldilar.
Bu javobdan so‘ng qayg‘uning iztirobli sharpasi ariganday bo‘lib, yuraklar xotirjam ura boshlashi kerak edi. Lekin o‘ng‘aysizlangan Rixsining ko‘zini yerga qadaganicha javob berishini ular boshqacha tushunib, xavotirlari oshdi: umid sarobini xanda emas, yasama iljayishga band labdan axtarsinlarmi?
– Gapiryaptimi? – dedi Obid hovliqib.
– Sal qiynalyaptilar-u, gaplariga tushunsa bo‘ladi, – Rixsi shunday deb o‘zini zo‘rlab jilmaydi.
Rixsining lip etgan tabassumi ishonchli halovatni bayon qila olmadi. Aksincha, ko‘zidan oqqan bir tomchi yosh umidning darz keta boshlanganidan darak edi. Turg‘un ham, Mirhosil ham buni sezsa-da, umid kemasida mahkam turishga intilib, yuraklaridagi xavotirni oshkor etmadilar. Qani edi, umid hayot ummonini labiga qadar limmo-lim to‘ldira olsa?
– Xudoga shukur, gapirgan bo‘lsa – tuzalibdi-da, – dedi Turg‘un xotirjamroq ohangda.
– Tuzalmaganiga qo‘yamizmi! – Mirhosil bemorni bittagina gapi bilan oyoqqa turg‘izib qo‘ygan mard odam ohangida gapirib, ko‘kragini ko‘tardi. Boshqa payt bo‘lganda bu oliftagarchiligi uchun Turg‘undan bir chimdim qalampirli gap eshitardi. Mavridi bo‘lmagani uchun Turg‘un oshnasiga qiya qarab oldi-yu, yana Rixsiga yuzlandi:
– O‘zi nima bo‘ldi? Kecha tuppa-tuzuk edi-ku?
– Bilmasam, sajdaga bosh qo‘ydilaru yonlariga shundaygina yiqildilar. Vahimaga o‘ralashib qoldim. Ketib qoldilarmi, deb qo‘rqdim.
– Qayoqqa ketadi? Indamay jo‘navoradigan bolamas u, – dedi Obid ayolga dalda berish maqsadida. – Rixsi, sen xafa bo‘lmagin-u, oshnam shu yerdan chiqqanidan keyin suyunchisiga bitta xotin olib beraman. Uzoq yashashning sirini bilish kerak-da! Mening bobom bir yuz yigirma uchga kirganlar. O‘n sakkizta xotin olganlar. Mening otam o‘n birinchi xotindan. Otam tug‘ilganlarida bobom sakson uchda bo‘lganlar. Bitta xotin bilan o‘tayotgan manovlarning to‘qsonga borishlariga ko‘zim yetmaydi. Sen, xo‘p, deyavur, eringni bir yuz ellikka kiritib bermasam – betimga tupurasan.
– To‘xta, shu yerda otdan tush, – Turg‘un jerkishi kamlik qilib, Obidning yengidan ushlab tortdi-da, yana Rixsiga qarab davom etdi: – Oshnamning bunaqa kasali yo‘q edi-ku, qo‘ni-qo‘shnilar u-bu deb achchig‘ini chiqarishdimi? Yonlaringda suv talashadigan xumpar bor edi, o‘sha yana g‘alva qildimi?
– Yo‘q, u tinch edi. O‘rtog‘ingizga gazitdagi gap yoqmadi, shekilli?
– Qanaqa gazit?
– O‘qimadilaringmi?
– Gazit o‘qimay qo‘yganimga ancha bo‘lgan.
– Kecha oqshom pochtachi gazit tashlab ketuvdi. O‘qidilaru g‘ijimlab qo‘ydilar. Bir so‘kindilar. Keyin samovorxonaga chiqib ketdilar. Gazitni qarasam, “Bobomning qotili kim?” degan gap yozilgan ekan. Siz bilasiz, kaltaariqlik Sobit alkash degani bo‘lardi, – Rixsi shunday deb Mirhosilga qarab oldi. – Sizlarga ozgina jamoatligi boridi, shekilli? Ashining shaharda turadigan o‘g‘li yozibdi.
Mirhosilga bu gap ta’na kabi tuyulib, xuddi o‘zi aybdorday tomoq qirib qo‘ydi. Bundan foydalangan Obid gapga qo‘shildi:
– E, bo‘ldi, taniyman uni. Burnining tagiga soch qo‘ygan pakanagina qo‘ng‘iz bashara bolami? Turqi xaladiynadan ham sovuqroq bir bola edi.
– Nima deb yozibdi? – Mirhosil endi to‘ng ovozda so‘radi.
– Qirqinchi yilda bobosi qamalib, keyin Sibirda o‘lib ketgan ekan. Millatparvar kishi bo‘lgan ekan. O‘rtog‘ingiz… “quloq” qildirgan ekanlar?
– Voy, xunasa! Shunaqa deb yozibdimi? – Mirhosil g‘azab bilan so‘kingisi keldi-yu, ayolning oldida o‘zini tutishga majbur bo‘ldi. Turg‘un esa ajablanib dedi: – Qirqinchi yilda ”quloq” degan narsa yo‘g‘idi-ku?
– Nimaga hayron bo‘lasan? – dedi Obid. – Yozgan bola Sobit alkashning o‘g‘limi? Sobit alkashdan esli bola tug‘ilami hech zamonda?
– Sobit alkashning otasi… oti nima edi?
– Urayim o‘g‘ri.
– Ha, o‘sha. Savdoda ishlab, do‘konni kalamushday kemirib tashlagani uchun qamaluvdi. Oma, to‘g‘ri, Po‘lat uni bir do‘pposlovdi. Men ajratib olmaganimda o‘ldiribla qo‘yardi o‘shanda, – Turg‘un Mirhosilga qarab izoh berdi: – Sen armiyada eding. Enam qaytish qilganda kafanlikka bergan surpdan salkam bir metrini urib qopti-da. Po‘lat bilib qolib tozza changini chiqazvordi.
– U xunasaning bobosi millatparvar emas, pulparvar edi. Pul beraman desa, xotinini birovga qo‘shib qo‘yishdan ham toymaydigan sortidan edi. Ha esizgina-ya! Sobit alkash tirik bo‘lganida, shu yozadigan o‘g‘lini o‘zining ko‘zi oldida kim oshdi savdosiga qo‘yib yuborardim. Keyin yurardi, mayda qadam bo‘li-ib.
– Ha, mayli, bo‘lar ish bo‘pti. Oshnam tuzalaversin-chi. O‘sha bolani Toshkandan olib kelib qo‘llarini chopmasam yurgan ekanman, – Mirhosil “aytganim shunchaki bir gap emas, qasam!” degan ma’noda jag‘ini kafti bilan silab qo‘ydi.
Bu onda tashqarida ot pishqirib, hammalari o‘sha tomon qarashdi. Ot aravadan tushgan Mamasoli choyxona tomon qaramay, shifoxonaga o‘tib ketmoqchi edi, Obid hay-haylab chaqirdi-da:
– Ha, so‘fi, murid ovlab yuruvdingmi? Buncha hovliqib qolding? – deb peshvoz chiqdi.
– Oshna, xabarni eshitib, shoshib kelovurdik, yugurdakni jo‘natuvdim, yaxshi uyda ekansan, – dedi Turg‘un uzr ohangida. Mamasoli oshnalari bilan tezgina so‘rashib, Rixsiga xavotir bilan yuzlandi:
– Tinchlikmi?
Ayol asta bosh irg‘ab qo‘yish bilan cheklandi, Mamasoli bundan qoniqmay, ayolga qarash nojoiz ekanini unutib, besamar tikildi. Koinotning muqaddas sirini bilib olish ilojsiz bo‘lganidek, qayg‘u pardasi ortidagi qorachiqlarda qalbning lovullagan yashirin olovi alangasini ko‘rish mumkin emasdi. Rixsi uning tikilishidan o‘ng‘aysizlanib, “o‘zingiz ayta qoling”, deganday Mirhosilga najot nigohi bilan qarab oldi. Mirhosil javobni hayallatmadi:
– Tinchlik. Po‘latning sal tobi qochibdi.
– Xudo shifosini bersin.
Bu yerda uzoq turib qolishdan xijolat bo‘lgan Rixsi Turg‘unga qarab oldi-da: “Men bora qolay”, deb izn so‘radi.
– Ha, sen yonidan jilma. Do‘xtir bolaga ham tayinlab qo‘ydik. Yaxshi qaramaydigan bo‘lsa, darrov bizga chiqib ayt. Biz bu yerdan jilmaymiz.
– Voy, sizlar borovringlar, ancha tuzuklar.
– Biz bilan ishing bo‘lmasin, – dedi Mirhosil buyruq ohangida. – Biz bir yayilishib o‘tiramiz. Oshnam bir kasal bo‘lganda o‘tirsak o‘tirishibmiz-da. Sen boravur.
Choynak ko‘tarib chiqqan choyxonachi Rixsini savol nazari bilan kuzatganicha so‘riga yaqinlashdi.
– Taqsir, choyni yangilayinmi?
– Ha, endi ichsak bo‘ladi, – Mirhosil shunday deb joyiga chiqib o‘tirdi. Uning muloyimlashib qolganidan ko‘ngli xotirjamlashgan choyxonachi choyni qaytara turib, unga jilmayib qaradi:
– Taqsir, hali gap sal chala qovdi, to‘yda aytadigan bitta ashulangiz bo‘lardi. To‘yxona qiyqiriq bo‘lib ketardi:
Tog‘da quyon otibman – iyagi yo‘q,
Jonon ko‘ylak kiyibdi – jiyagi yo‘q.
Jiyagi yo‘q joylaridan qo‘lim solsam –
Bilqillaydi qo‘sh anori – suyagi yo‘q. Do-ode, suyagi yo‘q…
– Suyulma, men bunaqangi ashula aytmaganman, – dedi Mirhosil mug‘ambirlik bilan qovoq uyub. – Aytgan bo‘lsa, manov tog‘ang aytgandir. Bunaqa suyuq narsa shundan chiqadi.
– Eshityapsanmi? – dedi Turg‘un Obidni yengil turtib. – Sen aytgin, suyuq gaplar kimdan chiqardi?
– E, shuning gapiga parvo qilib o‘tiribsanmi? Buning gapi nima-yu, lo‘li xotinning yamoq lozimi nima! – Obid shunday deb qo‘l siltab qo‘ydi-da, choyxonachiga yuzlandi. – Menga qara, erkakning xo‘r-rozi, bir yig‘ilishib qolibmiz, sen o‘choqqa darrov o‘t qala. Men o‘zim erkaklar yeydigan palovxonto‘rani damlay. Tog‘alaring kampirlarini bi-ir xursand qilishsin.
– O‘tni-ku, yoqvoraman. Oma go‘sht-yog‘ yo‘q-da?
– Nega yo‘q bo‘ladi? Samovorxonami bu yo xotinlarning hammomimi?
– Endi… kuzda odam siyrak… qo‘y so‘ysak…
– Bo‘pti, sen qozon osovur. Anavi shaytonarava senikimi? – Obid ayvon ustiniga suyab qo‘yilgan velosipedga ishora qildi-da, so‘ng Mamasoliga qaradi: – O‘zim guzarga chiqib kelaman. So‘fi, Cho‘tirni duo qilib bir osh yeylik a?
– Sen nega meni duoga ro‘para qilyapsan? Erkak bo‘ladigan bo‘lsang, chiqimini o‘zing ko‘tar. Bo‘lmasa, to‘kma qilovur.
– Agar mening o‘g‘lim soliqda ishlaydigan bo‘lsa, kuniga besh mahal osh damlab berarman.
– O‘g‘limni o‘rtaga solma, uning qozoni bo‘lak. Ana, so‘fining bo‘yniga il. Xudoyilarda oladigan tugunlarining uchiga tugilgan pullari sasib qolmasin.
– So‘figa osilma, hozir senga o‘xshagan nokaslar pul tugmay qo‘yishgan, – dedi Turg‘un.
– Shunaqami, Boz? – Mirhosil shunday deb qoshlarini uchirib, Turg‘unga imlab qo‘ydi: – Birovlarning o‘g‘li korruptsiyada ishlaydi shekilli, a?
– Oma bu gaping kampirning lunjidagi novvotday shirin bo‘ldi. Hozirgi osh sendan, nonushtalik bundan.
Bu gapni eshitib Mamasoli ajablandi:
– Ie, yotib qolmoqchimisanlar hali?
– Oshnamizning kasali sal jiddiyroqqa o‘xshaydi. O‘tirmasak bo‘lmaydi, – dedi Turg‘un. – Harna dalda.
– “Ulfati chor – anda maza bor”. Men ketdim. Uylaringga odam jo‘natib ayttirib qo‘yaman. Bugun kampirlaringga dam. “Ertamatan beldi baquvvat qilib kelishadi”, deyman. So‘fi, Cho‘tirning sazasi o‘lmasin, sen ham savobdan quruq qolma, cho‘ntakdi bir qoq.
– Nega?
– Ol, olaver, sening puling qo‘shilmasa, tomoqdan ovqat o‘tmaydi.
Mamasoli cho‘ntagidan pul chiqarib, sanay boshlashi bilan. Obid shumlik qilib hammasini tortib oldi.
– Sanayvurma, pulning barakasi uchadi. Sening pullaring tabarruk, bunga “obizamzam” olamiz. Buqoq, oqidan bo‘lsinmi yo qizilidanmi?
Bu gapni eshitgan Mamasoli g‘ashlanib, pulini qaytarib olish uchun qo‘lini cho‘zdi.
– Pulni ol, harom qilma.
– Joyingga o‘tir. Sening pulingga ichilsa, harom bo‘lmaydi, – dedi Mirhosil uni etagidan tortib. – “Harom, harom”, deysan, biz shu araqdi kuchi bilan poshistti iniga joylab kelganmiz.
– Foshistni qanaqasiga iniga kirg‘izganingni bilmayman, men boshqa frontda edim. Lekin ichvolib do‘ppilaringga qusib yurganlaringni bilaman. Buqoq, senikidamidi? Ko‘zlari g‘ilay bo‘lvolib, xotinini tanimay, a? O‘zining xotiniga gap otib, “shu xotin menga yoqib qoldi, olib berasanlar”, deb yig‘laganlari esingdami?
– O‘zining uyida mast bo‘lvolib “etimman” deb yig‘laganlari ham bor. Biz ketamiz, desak, “uyimga olib borib qo‘ylaring”, deb yalinganlari ham bor. Oma ichvolib o‘povrarding-a. Odamdi betini yalovrib shilibla tashlarding. It ham bunchalik yalamas.
– Gapning rosa xo‘r-rozini aytding. Bu ko‘proq So‘fini yalardi. Bu ta’viyani Sotvoldi bechora opichib oborib qo‘yardi uyiga.
– Mayli, bo‘ldi, otam zamonidan qolgan gaplarni kavlamalaring.
– Ie, kavlashni boshlab qo‘yib, bizga aql o‘rgatyaptimi? – dedi Obid Turg‘unga qarab.
– Yoshlikda ichgani uchun tavba qilsa, Xudo kechirvoradi, lekin endigisi… uyat. Senlarni hozir ichishdan qaytarmasam, menam gunohga qolaman. Ichvolib, meni g‘iybat qilsalaring, gunohlarim senlarga o‘tadi.
– So‘fi, sening gunohlaring ham bizlarga tabarruk. Qil ko‘prikdan o‘tayotganimizda senikini ro‘para qilib o‘tovramiz. O‘zimizniki zapasda turovradi. Oma bu pullaringga rozi bo‘lgin.
– U dunyo bu dunyo rozimasman.
– Ma, ol, nokas! – Obid changalidagi pulni o‘rtaga tashladi. – Xotining uch marta ketib qolganida uch marta o‘rtaga tushgan men ahmoq. Qirq sakkizinchi yilda qaynotangni iydirib, ko‘ndiraman deb, ikki marta o‘zimning pulimga aroq sotib olganman. Menam o‘shanga rozimasman.
– Vey, tentak, pulini nega qaytarding, ol! – Turg‘un shunday deb pullarga qo‘l cho‘zdi.
– Tegma, rozi bo‘lmasa, olmayman. Buning bir narsasi bor. Stalin o‘lgan yili qalin qor yoqqandi. Senlar yo‘g‘idilaring. Sotvoldi ikkovimiz buni aldab Soji satangnikiga olib boruvdik. Ichmay tozza kuydirgani kamlik qilib, yarim kechada bizni tashlab ketvoribdi, nomard. Bir gap yoqmay, satang haydab chiqargani esimda. Uylarimizni topolmay, mahallani aylanaverib, oxiri tobutxonaga kirib yotibmiz-a! O‘shanda sovuq nafas qilganda bu. Sotvoldi shuning uchun ketvordi. Bo‘lmasa, o‘ladigan bola emasdi. Xotin olishga ko‘ndiruvdim.
– Bo‘ldi qil, ming yillik gapni lag‘mondek cho‘zaverasanmi. Pulni, olsang olaver, nima qilsang qil. Qiyomatda javobini o‘zing berasan.
Choyxonachi xuddi otni egarlab shaylaganday, velosipedni olib kelib, jing‘irog‘ini chalib qo‘ydi. Obid tashlagan pulini tezgina yig‘ib olib, cho‘ntakka urdi.
– Samovorxonani tuzuk yurg‘izsang, shaytonarava minmay, moshinda kerilib yurarding, – dedi velosipedni yetaklab. – Amerikadagi choyxonachilar qanaqa moshinlarda yurishadi, bilasanmi?
– Bilmayman, taqsir.
– Shuning uchun ham kuning shu shaloq shaytonaravaga qolgan. Umring shu bilan o‘tadi, sen noshudning.
Choyxonachi: “Unday demang, taqsir, bizning kunimiz ham tug‘ib qolar”, deganicha uni kuzatib qo‘ydi.
Mirhosil piyolaga choy quyib Mamasoliga uzatdi:
– Pulingga achinma, so‘fi, pul qo‘lning kiri. O‘zing ikki gapning birida: “boylikka mukkalaringdan ketmalaring”, deb nasihat qilasan-ku?
– Xudo meni kechirsin. Senlarga qo‘shilgan odamning oxirati kuyadi. Kuymaganiga qo‘ymaysanlar, – Mirhosil piyolani oldi-yu, bir ho‘pladi.
– Kemaga tushganning joni bir, oshna, – dedi Mirhosil mug‘ombirlik bilan ko‘z qisib. Turg‘un esa gapni ilib ketdi:
– Sen bolani onang, aslida, insofsiz qilib tuqqan. Bolaligingda ham bizlarga xiyonat qilib turarding. Shoyusuf guvalaning bog‘i esingdami? Cho‘tir, biz boqqa tushganimizda bu nima qilardi,a? Ishtonini ho‘l qilib, shumshayib o‘tirarmidi?
– Qo‘rqoq edi, bola paqir. Quyon ham bunga qaraganda yurakliroqdir.
– Bekor aytibsan. Qo‘rqmasdim, haromdan hazar qilardim.
– Ol-a, o‘shanda harom-halolning farqiga borarmiding?
– Ha, haromdan hazar qilardi. Shuning uchun biz olib chiqqan nashvatilarni berkitib yerdi.
– Turib-turib hayron qolaman: hammamizning bog‘larimizda mevalar serob edi. Oma Guvalaning bog‘iga tushishga ishqiboz edik, a? – Mirhosil shunday deb joyida qimirlab oldi. – Boshqalarning bog‘iga qarab ham qo‘ymasdik.
– Guvala rahmatli boshqalardan baxilroq edi. Bog‘ini qattiq qo‘riqlar edi-da. O‘ylab ko‘rgin, faqat shuning bog‘i paxsa devor bilan o‘ralgandi. Kirganni tosh otib quvardi. Bizlarga mana shunisi qiziq edi-da. Boshqalar indashmasdi. Indamagan joyga kirib-chiqishning nima qizig‘i bor? Oma Guvala ham astoydil urishmasdi. Esingdami, Sotvoldi rahmatlini ushlab olgani. Tozza kaltak yeydi, desak, Guvala tushmagur Sotvoldining ishtonini yechib olib, o‘zini qo‘yvorib o‘tiribdi. Endi o‘ylab qarasam, o‘sha paytda odamlarning nazarlari to‘q ekan. Nazari to‘q bo‘lgani uchun ham qahatchilik yillarida qishloq qirilib ketmadi.
– Ha… shunday odamlar o‘tib ketishdi-ya… So‘fi, shularni o‘ylagin sen. U dunyoga borganingda bolaligingdagi qiliqlarni qilib yurmagin.
– Qanaqa qiliq?
– “Men namoz o‘qiganman”, deb panaga o‘tib olib, bizlarning do‘zaxga tushishimizni tomosha qilib o‘tirmagin, demoqchiman.
–Tomosha qilib bo‘pti. Biz qayga kirsak, bu ham o‘sha yerga kiradi.
–Bu gaping to‘g‘ri. Sen – qarib quyilmaganlarni insofga keltirolmaganim uchun ham qiyomatda javob beraman.
– Hay So‘fijon, insof dedingizmi? Insofga kelmaydiganlar bizlarmi? – Mirhosil piching ohangida shunday deb qoshlarini chimirdi. – Xudoyi oshlarida uyning to‘rini bermaydigan Karim kazzobingning insofi borda, a? Agar sutga suv qo‘shadiganni insofli desang, mayli, bizlarni insofsiz deyaver. Oma bilib qo‘y: biz shu yoshga kirib, birovning bir tishlam noniga xiyonat qilmadik. To‘g‘ri, aroq ichdik, oma yetimning haqini yemadik. Birovlarni urgandirmiz, so‘kkandirmiz, oma yomonligi uchun qildik bu ishlarni. Namoz o‘qib turib haromdan hazar qilmaydigan Karim kazzobing agar jannatga kirsa, men kirmadim o‘sha jannatingga. Sen aytayotgan shu insofsiz oshnalarim bilan do‘zaxingda isinib o‘tirganim ma’qul. Senam, boravur, kazzobingni ketidan.
Yarim hazil, yarim chin ohangida aytilayotgan gaplarni eshitib, Mamasoli boshini egdi. Oshnalarining fe’li ham, tili ham unga ma’lum. Ko‘p nojoiz qiliqlariga ko‘nikib ham ketgan. Lekin o‘lim xabari darvozani qoqib turganida ham bunday gaplarni gapiraverishlariga chidashi qiyin bo‘lib qolgan. Qayirib-qayirib tashlagan vaqtlari ham ularning fe’lida o‘zgarish bo‘lmadi. “Bir tog‘ning o‘rnidan ko‘chib ketganini eshitsangiz ishoningiz, ammo bir odamning xulqi boshqa bo‘ldi, deb eshitsangiz, inonmangiz”, deyilganda mening oshnalarimga o‘xshaganlar nazarda tutilibdimi ekan?” Shu fikr xayoliga urilgandayoq vujudi zirillab ketgan edi. Aytsa, ishonmasliklari mumkin, bomdoddan keyin “Yosin”ni o‘qigan paytda bo‘yinlaridan to iyaklarigacha halqa-kishan solinganlar haqidagi oyatni tilga olganida yuragi bezovta bo‘la boshlaydi… “ularning boshlari yuqori bo‘lib g‘o‘dayib qolgan, yerga egilmaydilar… ularning oldilarida ham, orqalarida ham parda-to‘siq yaratdik. Bas, ular hech narsani ko‘rmaydilar…” Bu toifa qo‘rqitilsa ham, qo‘rqitilmasa ham, baribir – iymonga kelmaydi… Bu kalimaning oshnalariga ham taalluqli ekanini o‘ylashning o‘ziyoq uning jonini olganday bo‘ladi. Ko‘p martalab ogohlantirayotgan bo‘lsa-da, baribir, o‘zini aybdor hisoblaydi. U o‘zining emas, oshnalarining do‘zaxga tushishidan qo‘rqadi. Bir valiulloh Xudoga yolborib, “Agar gunohlarim ko‘p bo‘lsa-yu, do‘zaxga tushsam, Sendan birgina o‘tinchim bor, ey Tangrim, meni shunday bahaybat gavda bilan do‘zaxga tushirgin-ki, do‘zaxing mening vujudim bilan to‘lib, boshqalarga joy qolmasin”, degan ekan. Mirhosil ham shunday, agar shu ulfat uchun ma’lum bir joy ajratilgan bo‘lsa, o‘sha joyni bir o‘zi egallashni, do‘stlarini do‘zax azobidan qutqarishni istardi…
Mirhosilning jimib qolganini “sukut rizolik alomati”, deb bilgan Turg‘un zaharli so‘zlarini davom ettirdi:
– Birov o‘lib, uyidan yig‘i chiqsa, kazzobing “bulbul sayrayaptimi?” deydigan sortidan. Otning o‘limi – itning bayrami-da! O‘lgan odamning xonadoni bularni bir yil boqadi. Men bolalarimga aytib qo‘ydim: o‘lsam, bularga bir piyola choy ham qo‘ymaysanlar, dedim. Menikida bulbul sayramasa sayramasin.
Bu gapdan keyin Mirhosil chidab turolmadi:
– Sal evi bilan-da! Kimning kuni xudoyiga qolibdi? Birovga “Xudoyi qil”, deyilmagan. O‘zi qiladi, chaqiradi. Kirmasak, xafa bo‘ladi. Yesak bir cho‘qim osh yeymiz. Duoyi fotiha qilamiz.
– O‘sha fotihangni osh yemay qilsang o‘lasanmi? Nafslaring chatoq senlarning. Jannatga tushsalaring ham, hamma yoqni shipirib yeb tugatasanlar. Senlar bilan jannatga kirganlar ochidan o‘ladi.
– Bo‘ldi-e, hamma yoqni bulg‘atvording-a!
– Sen jirillama, so‘fi. Kazzobingning sutga suv qo‘shgani yolg‘onmi? – Turg‘un savol berdi-yu, javobni kutmay, davom etdi: – Faqat “xabarim yo‘q”, dema. Buni butun qishloq biladi. Mirhosil, eshitgin-a, tunovinda Haydarnikiga xudoyiga kiruvdim.
– Qaysi Haydar?
– Haydar xo‘tikni aytyapman.
– “Haydar eshshak”, degin. Xo‘tikligi qolibdimi, yoshligida xo‘tik edi. Endi naq qari eshakning o‘zi. Bolasi to‘rt tanga topadigan bo‘lganidan beri ag‘anab, hamma yoqni bulg‘atadi. Odamlarning haqini tuya qilib haromdan topgan puliga Xudoni sherik qilishibdi-da.
– Ha, endi unisini qo‘yavur. Xullas, xudoyiga kirsam, to‘rni Kazzob egallagan. “Nafs unday. Nafs bunday” deb gunohlardan safsata so‘qib o‘tiribdi. Mening tilginam qursin, bir ilvoldim.
– So‘kdingmi?
– Battar qildim. Dedimki, bir boyning cho‘poni qo‘ylarni sog‘ib berarkan-u, xo‘jasi esa sutga suv qo‘shib pullarkan. Cho‘pon uni insofga chaqirsa, qari ko‘ppakdek qopib berarkan. Bir kuni sel kelib qo‘ylarni olib ketibdi. Ashinda cho‘pon xo‘jayiniga “Siz sutga qo‘shgan suvlar to‘planib kelib, selga aylandi-yu, qo‘ylaringizni olib ketdi”, degan ekan. Shuni aytib, Kazzobga qarasam, basharasi qilcha o‘zgarmabdi da’yusning.
– Shuni “oldim!” deb kerilyapsanmi? Sen devorga gapirganday bo‘libsan. Enasini bozorga solib so‘kmasang, gap ta’sir qilmaydi unga. Menga qara, so‘fi, o‘shani imom, deb etagidan tutib yurishga or qilmaysanmi?
– Sen o‘shanga qarab hammaga to‘n bichma. Qishloqning kichkinagina masjidiga yarasha chala ilmi bor. Xato-kamchiliklari shu ilmiga yarasha-da. Quloqqa azon aytish bilan janoza o‘qishga yarab turibdi-ku, shukur qilaver.
– Senam uncha-muncha o‘qigansan. Ilming bitta masjidga yetmaydimi, o‘zing imomlik qilavermaysanmi?
– Ey-y… gap deb gapiraverasan-a? Imomlikning mas’uliyati bor. Vaqti kelsa, namozda orqasida iqtido qilganlarning gunohi zimmasiga yuklanib qoladi. Urayimning nevarasi Buxorodagi madrasani xatmi kutub qilib, endi Toshkentdagi o‘qishini tugatay, deb turibdi. Ilmli imomga yolchib qolarmiz. Puldorlarga insof bersa, masjidni ham yangilab olarmiz.
– Uch yil oldin ham shunaqa gapni aytuvding. Xursandalining nevarasi o‘qishni bitirib keladi, devding. Toshkentda qolib ketdi-ku?
– O‘zicha qolmadi, ilmga zehni o‘tkir ekan, ustozlari olib qolishdi.
– Sening bahonang ko‘p. Og‘zingni to‘ldirib valdirayver. Faqat bizga gunoh-gunoh deb osilavurma. Bilib qo‘y: do‘zaxga tushadigan bo‘lsang, kazzob imomingni deb tushasan. Hali qarab turgin, bizlardi eshshakka mingashib jannatga ham o‘tib olasan sen, ha!
Hamma gaplaridan ham mana shunisi oshib tushdi. G‘azab o‘ti betlarigacha qizartirib yubordi. Agar iymoni sust, fe’li esa Mirhosilniki singari bo‘lganida, o‘ziga yarasha javobni berardi. Shayton “gap kelganda ayama”, deb vasvasa ham qildi. Iymon esa, “bitta gaping bilan shular qatoriga tushib qolmoqchimisan”, deb himoyaladi. Lekin g‘azabli nigohini oshnasiga qadab turishdan tiyila olmadi:
– Ha, ol-a, ol! Jonlarimga tegdilaring! Choydan quy.
Mamasoli piyolani do‘q etib qo‘yib, yuzini burib oldi. Mirhosil savol nazari bilan Turg‘unga qaragan edi, u “etar, yana bir nima desang portlab ketadi”, deganday imo qilib qo‘ydi. Mirhosil “shunga gapirmasam-gapirmadim”, degan qaror bilan choy quyib g‘ashlangan oshnasiga uzatdi. Shu asnoda choyxona hovlisiga kirib kelayotgan ikki yigitga ko‘zi tushdi-yu, avvaliga e’tibor bermadi. Oq shim, oyog‘iga oq tufli, ustiga jigarrang charm kurtga kiygan, sochlari orqasiga silliq taralgan qotma yigit “Salyut, boboylar!” demaganida ular bilan ishi ham bo‘lmas edi. Surbetlarcha kirib kelib, yana bu tarzda salomlashganidan g‘ashi kelib, alik olmadi. Aksincha, qovoq uyib qaradi.
Mirhosilning g‘ashini keltirgan silliqsoch, qirg‘iyko‘z yigitni bolalik choqlari hamma otasi qo‘ygan ismda “G‘ani” deb chaqirardi. Qimorbozlarga qo‘shilganidan keyin bu ismdan or qilib o‘zi “Gena” deb o‘zgartirib oldi. Qimorbozlar orasida yigit yoshiga yetib, uncha-muncha yutuqlari bilan cho‘ntagi qappaygach, dam olgali Yaltaga bordi. Qora dengiz bo‘yida bir arman go‘zali bilan tanishib, uch kun maishat qildi. Uchinchi kecha go‘zal uni ship-shiydam qilib ketgach, qup-quruq cho‘ntak, alamli yurak va yangi ism bilan uyiga qaytdi. Arman go‘zali o‘zini “Ofeliya” deb tanishtirganida u “Men esam “Gamlet”man”, deb hazillashdi-yu, keyin bu ism o‘ziga yoqib, “Gena” unutila boshlandi. “Gamlet” o‘sha huzurli va alamli kunlardan xotira bo‘lib qoldi.
Gamletning yonidagi qora qoshlari tutash yigitning ismi Jasur edi. Aslida, bo‘ynidan iyagiga qadar qizarib turgan qizil dog‘ga ishora qilib “Toji” bo‘lishi kerak edi. Otasining ismi “Tojiboy” bo‘lgani uchun irim qilib, qaytarmadilar, “Jasur” bo‘la qoldi. U ham sherigi kabi o‘smir yoshiga qadar “Jasur” bo‘lib yurdi. Keyin oz muddat “Jo‘ra”, so‘ng esa qartadagi olti chillikka ishora qilib “Joker”ga o‘zgartirildi. Qimordagi iqtidori pastdan ko‘ra sal yuqoriroq, lekin hali u to‘daga, hali bu to‘daga suykalib yurishi tufayli shu nomni olgan edi.
Bularning to‘dasi avval Bo‘kada, keyin Ohangaronda asli ismi Alijon, lekin o‘z olamida Aleks deb dong taratgan qimorboz bilan hayot-mamot jangidek tashlashishdi. Bir yutib, bir kattaga tushishdi. Bugun hal qiluvchi o‘yin uchun begona ko‘zlardan yiroqroq deb shu chet qishloq choyxonasini tanlashgan edi. So‘rida o‘tirgan chollarni ko‘rib avvaliga ajablanishdi, keyin o‘rtada bitta choynak turganiga e’tibor qilib, “tomoqni ho‘llab jo‘nashadi” degan fikrda xotirjam bo‘lishdi. Gamlet ularga xushchaqchaqlik bilan salom berib, javob olmagach, sherigiga qaradi:
– Joker, gapim yoqmadimi, to‘msayib olishdi.
– Saloming yoqmadi. Bunaqa salomingni shaharlik chollar ko‘tarishadi. Endi sen shu yerda tura tur, – shunday deb so‘riga yaqinlashdi-da, o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi: – Assalomu alaykum, tog‘ajonlar. Damlikkina yuribsizlarmi, yaxshi hordiq chiqaryapsizlarmi? Xudo bizning baxtimizga umrlaringizni uzoq qilsin.
Uning uzatgan qo‘llari javobsiz qolmadi, alik olinib, qo‘shqo‘llab so‘rashishdi.
– Ko‘zimga issiq ko‘rinyapsan, kimning o‘g‘lisan, jiyan? – dedi Turg‘un unga tikilib qarab.
– Men eshonguzarlik Tojiboy oxunning o‘g‘li Jasurjonman, tog‘a.
– E, ha, Bo‘g‘irsoqning o‘g‘limisan? Otang rahmatli ikki lagan palovdi ko‘rdim demay, yeb yuborardi. Juda badnafs edi. Oma yegan ovqatiga yarasha kuchi ham, gavdasi ham bor edi. Sen muncha maydalashib ketding?
– Kim biladi, bo‘lganim shu-da.
– Sheriging kim? Otasi yo‘g‘ida onasi chulchut bilan don olishganlardanmi? – deb so‘radi Mirhosil.
– Ha, endi tog‘a, shaharlik kulturniy bollardan-da.
– E, kulturasiga uray uni. Sen bu g‘arko‘zdan nari yuravur. Otang yaxshi bola edi. Ke, o‘tir, choy ich.
– Rahmat, tog‘a. Samovorchiga uchray-chi, og‘aynilar bilan yig‘ilishadiganmiz, picha o‘tirishimiz bor edi.
Shoshilib chiqqan choyxonachi yigitlar bilan ko‘rishdi-da, chollarga xavotir bilan qarab olgach, mehmonlarini ichkariga boshladi.
Mamasoli choydan bir ho‘pladi-da, so‘ng cho‘kmay aylanayotgan shamaning harakatidan qandaydir ma’no uqayotganday tikilib qoldi. Mirhosil suyanib o‘tirgan lo‘labolishni orqasidan olib, yoniga tashladi-da, yonboshlab oldi. Turg‘un esa oyog‘im uvushdi, chigilini yozib kelay, deb bog‘ tomon yurdi.
Gamlet boshlab ichkari kirgan Jasur ostona hatlashi bilan choyxonachiga “ishlar boshqacha bo‘lib ketibdimi, tog‘ajon”, deb noroziligini bayon qildi. Gamlet esa xuddi urib yuboradiganday choyxonachiga tik bordi-da:
– Bo‘ss, bu tirraqi chollar nima qilib o‘tirishibdi? Bilib qo‘y, oshga pashsha tushirsang, otvechat qilasan, – deb o‘dag‘ayladi.
– Men nima qilay? Kelishdi, o‘tirishibdi. Og‘aynilari kasal ekan, kutisharmish.
– Nima deyapsan sen, bratan! Bu yer vokzalmi, kutadigan. Yo‘qot ularni!
– Yo‘qotolmayman. Bittasi xarajatga ketdi. Oshga unnashyapti.
– Gamlet, vaqt borida joyni o‘zgartira qolaylik?
– Yo‘q, to‘rtta choldan qo‘rqdilaringmi, deb boshni og‘ritishadi. Chollarni yo‘qotish kerak.
– Bular frontovoy chollar, bas kelib bo‘lmaydi. Osh tezlashsa, yeb ketishadi.
– Gamlet, bir tomondan ularning o‘tiraverganlari yaxshimi, deyman. Xitlar adashib kelib qolishsa, shularni ko‘rib qaytaverishadi.
– Joker, buning uchun sening boshing og‘risin. Bu yog‘iga o‘zing otvechat qilasan, – shunday degach, yana choyxonachiga qaradi: – Xo‘p, aytilgan xarajatlar yestmi? Unda perviysiga sho‘rvani boshlayver. Poka bular ketgunicha joyni ichkariga qilaver. Joker, “oqsoqol”dan bittasini och. Tomoqni ho‘llamasak bo‘lmaydi. Nardani ol, ayvonda bir tashlashaylik. Chollaring tiqir-tiqirdan bezishsa, tezroq ketishadi.
Turg‘unning oyoqdan shikoyati bir bahona edi. Bog‘ tomon sal yurgach, yo‘lni ko‘cha tomon olib, shifoxonaga bordi. Dahlizda unga hech kim e’tibor bermadi. Lekin “reanimatsiya” deb yozib qo‘yilgan eshik ichkaridan qulfloqlik edi. Asta taqillatgan edi, o‘ziga tanish hamshira ko‘rindi. Tashqariga chiqdi-yu, eshikni yopib, qo‘rg‘onini himoya qiluvchi posbonday turib oldi.
– Qizim, oshnamni bir ko‘rib chiqay, – dedi Turg‘un yalinish ohangida.
– Otaxon, iloji yo‘q, Anvar akam boya aytdilar-ku, o‘zingiz eshitdingiz-ku?
– Jon qizim, bittagina mo‘ralayman-u, “Oshnam, hormagin”, deb qo‘yaman. Agar yana ikki og‘zim gapirsam, betlarimni yumdalab tashlay qol.
– Otajon, sizni ichkariga qo‘ysam, meni ishdan haydashadi.
Turg‘un qizlarning bunaqa joyga ishga joylashishlari mushkulligini, haydalishlari esa oppa-osonligini eshitgan. Shuning uchun hamshiraga boshqa yalinmadi. Orqasiga ham qayta qolmadi. Og‘ir kurashda yengilib bo‘shashgan singari ilojsiz ohangda so‘radi:
– Unda to‘g‘risini ayt, qizim, rostdanam bir o‘lib, tirildimi?
– Ha, yuraklari bir pas to‘xtab qoldi.
– Endi-chi, endi yaxshi uryaptimi?
– Hozir ancha yaxshilar.
– Gapiryaptimi?
– Ha.
– Nima deyapti?
– Bilmadim… aya bilan gaplashyaptilar.
– Bizning kelganimizni biladimi? Meni so‘ragandir-a? Ismim Turg‘un. “Turg‘unboy kelmadimi?” deb so‘radimi?
Hamshira biroz ikkilandi-da, so‘ng savollar oqimidan osonroq qutilish uchun javob berdi:
– So‘radilar… shekilli.
– Ana so‘rabdi! Birinchi bo‘lib meni so‘raydi. Endi oldiga kirib chiqmasam bo‘lmaydi.
– Mumkin emas.
– Sen tushunmayapsan-da, qizim. Agar bu oshnamiz… ketib qolsa chatoq, to‘g‘on yanayam buziladi. Ketishga-ku, hammamiz ketamiz-a, oma bu bizdan keyin qolishi kerak. “Nega?” deb so‘ramaysanmi?
– Voy, otajon, hammangiz ham ko‘p yashang!
– Sen “bu cholning esi og‘ib qolibdi”, deb o‘ylama. Hammamiz handalakdek pishib turibmiz. Uzib olish qoldi, xolos. Oyoqlarim bir tortishganida “Ana endi jon ham ketdi”, deb o‘ylayman. Oyoq nimaga tortishadi, bilasanmi? Bir odam jonni olgani kelgan Azroildan nolib: “Ey Xudo, jon kerak ekan, avvalroq ogohlantirsang bo‘lmasmidi?” degan ekan, ovoz kelibdiki: “Ey g‘ofil banda, avval ko‘zlaringdan nurni oldim, keyin beldan, oyoq-qo‘ldan quvvatni olganim ogohlantirishim ekanini fahmlamadingmi?” Ana ko‘rdingmi, qizim, bizlarga xabar allaqachon kelgan.
– Otaxon, xafa bo‘lmasangiz bir gap aytay.
– Aytavur, qizim.
– “Xabar-xabar”, deysizu, kimning qachon o‘lishini Xudo biladi. Yoshlar ham to‘satdan ketib qolishyapti.
– Shunaqa-ku, oma yoshlar yashashi kerak. Yaxshimi-yomonmi, yashasin! Tegirmon navbati bilan. Biz ko‘radiganimizni ko‘rdik. Yeydiganimizni yedik. Ketsak ham armonsiz ketovramiz. Oma qizim, sen bilmaysan, biz halol mehnat bilan yashadik. U dunyoga qo‘rqmay ketovramiz. Orqamizdan birov yomon gapirmaydi. Sen yashirmay aytovur, qizim, oshnamga balki qon kerakdir. Birovlardan qidirma, o‘zimiz beramiz. Qonimiz bir hammamizning – top-toza qon.
– Qon kerakmas, otaxon.
– Qizim, sen bilib qo‘yishing kerak: bu oshnam oddiy odam emas, martabasi baland, ha!
– Hokimmilar?
– Hokiming nimasi! Shu ham martabami? Bu odam bizning jo‘raboshimiz, ha! Avval ulfatimizning jo‘raboshisi Sotvoldi edi. Sotvoldi xayr-xo‘shni nasiya qilib jo‘navordi. Endi bunisi ham ketvorsa, insofdan bo‘lmaydi. Endi tushunding-a?
– Tushundim.
– Tushungan bo‘lsang, kel, xo‘p de, bir mo‘ralab olay.
– Otajon, iltimos, meni qiynamang.
– Sen Abulqosimning nevarasisan, a? Kattang juda mo‘min, gapga kiradigan bola edi. Haptobusga ham kalishini yechib chiqardi, rahmatli. Sen unga o‘xshamabsan. Juda-a qaysar ekansan. Kattang tirik bo‘lganida aytib, adabingni berdirib qo‘yardim-a.
Hamshira bu qariyadan oson qutilolmasligini bilib, o‘zini sal chetga oldi-da, eshikni qiya ochdi. Turg‘un ichkariga mo‘ralab, do‘stini ko‘rdi. Rixsi erining o‘ng qo‘lini kaftlari orasiga olib silab o‘tirgan edi. Unga xalal bermaslik uchun ovoz berib chaqirmadi. Biroz tikilib turgach, o‘zini orqaga oldi-da, kiprigiga qalqigan yosh tomchisini artib, hamshirani duo qilgach, bemorga yaxshi qarashni tayinlab, bir soatdan keyin xabar olishini ham aytdi.
Iziga qaytgan Turg‘un choyxona hovlisiga kirib kelayotgan, qo‘liga aso tutgan, qora ko‘zoynakli To‘lqinni ko‘rib, to‘xtadi. “Ie, bu yerda To‘qim nima qilib ivirsib yuribdi?” degan xayol bilan uni kuzatdi.
To‘lqin asosini to‘qillatib kelib, narda o‘ynayotganlar yonida to‘xtadi.
– Birodarlar, yo‘ldan adashganga o‘xshayman. Kasalxonaga ketayotuvdim, qayerga kelib qoldim?
– Choyxonaga kelib qoldingiz, boboy, – dedi Gamlet narda toshchalarini tashlab.
– Bir o‘zingiz nimaga turtinib yuribsiz, tog‘a? – dedi Joker o‘rnidan turib.
– Oshnam og‘rib qolibdi, omonatim bor, kelmasam bo‘lmas edi.
– Pul olganmidi? Katta pulmidi? – dedi Gamlet unga qarab olib.
– Yo‘q, undan men qarzman.
– Nevaralardan berib yubora qolmabsiz-da, – dedi Joker.
– Bu omonatni birovdan berib yuborib bo‘lmaydi. Birodar, bu yer samovarxona bo‘lsa, bir qultum choy bering, “saxir”im oshganga o‘xshaydi, tomog‘im qurib ketdi.
– Choydan yo‘q, boboy. Oqidan ham otovrasizmi? – Gamlet shunday deb aroqning shishasiga chertib qo‘ydi.
– Unda malol kelmasa, meni yo‘lga solib qo‘ying.
– Pryamoy soobsheniya qilib borovrasiz, boboy, – dedi Gamlet piyolaga aroq quya turib.
– Men olib borib qo‘yaman.
To‘lqin tomon yurmoqchi bo‘lgan Jokerni Turg‘un to‘xtatdi:
– Sen o‘tiravur, jiyan.
To‘lqin ovoz kelgan tomon o‘girildi:
– Kim bu? Ovozing tanish… Turg‘un… senmisan, Buqoq?
– Menman, To‘qim, menman. Nega kelding?
– Po‘lat og‘rib qolibdi, deb eshitdim.
– Og‘risa senga nima? Ulfatga yaqin kelma, deganmiz-ku, esingdan chiqdimi?
Yonboshlab yotgan Mirhosil To‘lqinni ko‘rib qaddini ko‘tardi. Mamasoli ham shu tomon qaradi.
– Omonatim bor unda, – dedi To‘lqin siniq ovozda.
– Qanaqa omonat? – dedi Turg‘un dag‘al ohangda. Keyin notanish yigitlar oldida gaplashib turishni ep ko‘rmay, hazar qilganday yengining uchidan ushlab, so‘ri tomon boshladi.
– Qanaqa deysan-a… Rozi-rizolik so‘rashim kerak, – dedi unga itoat bilan ergashgan To‘lqin.
Bu gapni eshitgan Mirhosil so‘ridan tushib, unga ro‘para bo‘ldi:
– Nima deding? Rozilik, dedingmi? Nima, u o‘lyaptiykanmi? Sen To‘qim, sovuq nafasingni enangdikiga borib qilovur!
– Cho‘tir… Mirhosil, senmisan?
– Ha, menman. Naq o‘zimga duch kelding. Sen izingga qaytovur. Seni ko‘rgan sog‘ odam ham achchiqlanib o‘lib qoladi. Bor, turqing qursin.
Mamasoli ham ularga yaqinlashib, o‘rtaga tushdi:
– Mirhosil, qo‘y, qattiq gapirma. Oshnachilikning hurmatini qilib kelibdi. Dod desang, demasang bu ham oshnamiz edi. To‘lqin, yur, bir piyola choy ich, hovuringni bos.
– Bu bizga hech qachon oshna bo‘lmagan. Bunaqa oshnani otay desang o‘q hayf. Tiriklay ko‘mib tashlash kerak bunaqalarni.
– Cho‘tir, sen karillayverma! Sen bilan oldi-sotdim yo‘q. Po‘lat oldida qarzdorman. Tavba qilganman. Yana tavba qilgani keldim. Mana meni Xudo urib qo‘ydi, endi senam turtovurma. Menga shu jazoning o‘zi yetmaydimi?
– Yetmaydi! Sen ko‘zlaringni lo‘q qilib turib yolg‘on guvohlik bergansan. Po‘latni sen qamatgansan. Xalq dushmani Po‘lat emas, asli sen eding. Jo‘na, ko‘zimga ko‘rinma, bo‘lmasa mijib-la qo‘yaman. Xudoying tag‘in ham seni ayab uribdi. Bo‘hton gaplarni aytgan tillaring irib, uzilib tushishi kerak edi.
Shu paytda Obid Shokirni boshlab kelib, avjiga chiqayotgan Mirhosilning hovuri sal bosildi. Obid To‘lqinga bir qarab qo‘ydi-yu, omonlashmay, o‘choqboshiga o‘tib ketdi. Qariyalarning dahanaki jangidan zavqlangan Gamlet narda toshchalarini tashlab qo‘yib, sigaret tutatganicha ularni kuzata boshladi. Jokerning “ichkariga kirib keta qolaylik” degan ishorasiga “to‘xta, tekin kino”, deb qo‘ydi.
Shokir uch oshnasi bilan so‘rashib bo‘lgach, To‘lqinga yaqinlashib, uning qo‘lini oldi:
– Ha, To‘lqin, omonmisan?
– Omon bo‘lmay o‘lsin bu. Sotvoldining o‘rniga shuni olmaydimi Azroil, – Mirhosil o‘zi bergan savolga o‘zi javob qaytardi: – Ha, olmay to‘g‘ri qiladi, bundan u yoqdagilar ham bezor.
– Birovga o‘lim tilama.
– Birovga tilamayman, oma bunga tilayman. Ellik yildan beri tilayman. Bundan oldinroq o‘lib qolsam, u yoqda yotib ham tilayman. Bor, so‘fi, menga aql o‘rgatma.
– Yana o‘sha gapmi? Mirhosil, qo‘y endi, Po‘lat buni kechirgan. Oralarida nizo qolmagan. Xudo ham kechiradi.
– Kim kechirsa kechirovursin. Oma do‘stga xiyonat qilgan odamni men kechirmayman. Agar ikkalamizni yonma-yon ko‘msalaring, buni go‘rida ham bo‘g‘ib yotaman.
– Bo‘ldi, o‘pkangni bos, – do‘stini shu gapi bilan tinchitganiga ishongan Shokir o‘choqboshi tomon qarab, ovozini balandlatdi: – Obid, jizzani tezlat, oshna, yo‘lda tuz totmadim. Qornim piyozning po‘sti bo‘lib ketdi.
– Manavi ketsin. Xuddi mijib, yayib-la tashlayman, – dedi Mirhosil xezlanib.
– Hech qayoqqa ketmaydi, – dedi Shokir hukm ohangida. – Bunaqa paytda ginani unutish kerak. Sen “yayib-la” qo‘ymasang ham, baravariga yetilib turibmiz. Qani, o‘tirdikmi, so‘fi, boshla.
Mirhosil bo‘sh kelmay, yo‘lni to‘sdi:
– Unda hov chetda o‘tirsin yakka moxov bo‘lib. Menga ko‘rinmasin.
– Bekor aytibsan.
– Domla, qo‘yovur, chetroqda o‘tirganim ma’qul. Shuning isi kelmasin. Bunga it bas kelmasa, odam bas kelolmaydi.
Vaziyatni yumshatish uchun chekinishi lozimligini anglagan To‘lqin shunday deb o‘girildi. Ammo qay tomon yurishni bilmay kalovlandi. Shokir uni bilagidan tutib, yon tomondagi so‘riga boshlab borib, o‘tqazdi. Keyin o‘zi Mirhosilning yonidan joy olib, tajang oshnasini sovutish maqsadida tizzasiga shapatilab urib qo‘ydi. O‘choqboshidan qaytgan Obid shishani Mirhosilga pinhona berib, xarajatlarni chetdagi stol ustiga yoyib, go‘sht-yog‘ni hafsala bilan to‘g‘ray boshladi. Mamasoli duodan so‘ng choy quyib uzatgach, hol so‘rashga o‘tdi:
– Ha, domlajon, hali bir hafta yurishing kerak edi-ku?
– Ha, shunaqa edi. Oma kechadan beri yurak siqovurdi. Uydan bir xabar olmasam bo‘lmas, deb keldim. Yo‘lda Obidni uchratib, to‘g‘ri shu yoqqa kelaverdim.
– Zap ish qilibsan. Bizni ozgina qo‘rqitdi-da. Hozir yaxshi, – dedi Turg‘un. Yaqinginada eshikdan mo‘ralab kelganini aytib maqtanmoqchi edi, Mirhosildan baloga qolishi mumkinligini anglab, boshqa gapirmadi.
– Do‘xtirning kattasini yoniga qoziqdek qoqib qo‘ydim, – Mirhosil eng katta ishni o‘zi bajarganini bildirib qo‘ygach, o‘choqboshida sho‘rvaning harakatini boshlab yuborgan choyxonachiga qarab baqirdi: – Hoy, samovarchi bola, qaysi go‘rda ivirsib yuribsan, mehmonga qaramaysanmi?
Choyxonachi qo‘lidagi o‘tinni tashlab, qadamini tezlatdi. Uning yaqinlashishini kutmay, Mirhosil g‘azab o‘qlarini socha boshladi:
– Sen bola, shaytonga dars beradigan bo‘lib qolibsanmi, a?
– Xudo saqlasin, taqsir, – choyxonachi xuddi jallodga ro‘para kelganday ta’zim qilib, hukmni kutdi.
– Xudo saqlasin, deb yuravergin-chi, urib qolganida dod demasang, bas. Haligina bizga “Samovarxonam bo‘m-bo‘sh, hech vaqom yo‘q” degan senmiding? Anavi so‘ltamatlarga topildimi?
– Ular ertamatan xarajatlarini tashlab ketishuvdi.
– Bu cho‘pchagingni katta enangga aytasan. O‘zim cho‘tir bo‘lsam ham, aqlim putun, ko‘zlarim ziyrak. Mayli, hozir mavridi emas, keyin atayla kelib gaplashib ketaman sen bilan. Bor, choy olib kel. Tuzukroq damla, – To‘lqinni imlab, qo‘shimcha qildi:
– Anavinga ham alohida olib kel. Oma haqqini o‘zidan olasan, bizlarnikiga qo‘shmaysan. Ma, manov zormandani ham choynakka quyib chiq.
Choyxonachi shishani olib nari ketgach, Mamasoli afsus bilan bosh chayqadi-yu, bu mavzuda tanbeh berish shamolga qarshi qichqirish bilan baravar ekanini bilgani uchun Shokir bilan suhbatini davom ettirdi:
– Domla, ketganingdan beri o‘ylab hech aqlimga sig‘dirolmayapman. Xo‘p, ishingga qaytganingga tushundim: uyda zerikkansan, maktabing ham chaqirovrib tinchitmagan. Maktabda sendan bo‘lak erkak zoti qolmagandir, a? Malaka oshiray deb o‘qishga jo‘naganingga hayronman-da. Shu yoshga kirganingda malakangni oshirib bo‘larkanmi?
– Bo‘ladi. O‘zing bir hadisni aytuvding: payg‘ambarimiz “Beshikdan to qabrga qadar ilm izla”, degan ekanlarmi? Hali qabrga ancha bordir, deb umid qilaman. Beshikda esa… e, so‘fi oshnam, yaramni yangilama. Keyingi paytda yuragim siqiladigan bo‘lib qolgan. Biz birov o‘lsa darrov motam tutamiz. Behuda o‘tgan kunlarimizga kim motam tutadi? Axir, behuda o‘tgan kun – o‘lik kun-ku?
– Domla, nimalar deyapsan? Umrimiz nega behuda o‘tar ekan? – dedi Turg‘un ajablanib. – Xudoga shukur, nonimizni halollab yedik. Suyagimiz qotmay dalada ketmon chopdik. Urushga bordik…
– Ha… urush… Meni “Bu odam o‘qituvchi, bolalarga bilim bersin” deb urushdan olib qolishdi. Senlar ketdilaring, men esam bu yerda xotinlardan uyalib yurdim. Qishloqqa qoraxat kelgan kuni dars o‘tolmasdim. Aslida, menam ketvorishim kerak edi. O‘lib ketsam, hozir bunaqa qiynalib yurmasdim…
– Nafasingning sovuqligini qara. Sen bollardi o‘qitding. Bizdan ko‘ra savobni ko‘proq topding. Jannatiga belating tayin. Nima deding, so‘fi?
– Iching tor sening, – dedi Mirhosil gapga aralashib. – Domla, nega sovuq fikr qilib qolding? Aytovur, sen bekorga ming‘ir-ming‘ir qilmaysan.
– Sovuq fikr emas. Biz “aqlimiz butun” deb karillab yuramiz. Birovlarga aql so‘qaverar ekanmizu oma, aqlning ham ko‘zlari bo‘lishini, bu aql ko‘zlarining ham ko‘r bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ko‘rmas ekanmiz. Birovlarda aql ko‘zi juda kech ochilar ekan.
– Birovlarniki umuman ochilmaydi. Lahadga ham timirskilanib kirib boradi, –Mirhosil shunday deb To‘lqin tomon imo qilib qo‘ydi.
Shokir uning bu kinoyasiga e’tibor bermay, fikrini davom ettirdi:
– O‘ylab qarasam, hayotda yashashdan maqsad – shu aql ko‘zlarini ochish ekan. O‘zing vaqtida harakat qilmasang, hayotning o‘zi beshafqatlik bilan ochib qo‘yar ekan. Hayot menga shunaqa dars berdi. Qariganimda ochdi bu ko‘zlarni. Qariganimda ko‘chaga chiqishga, o‘qitgan bolalarimning ko‘zlariga qarashga uyalib qoldim.
– Buqoq, domlangning at-batini chimchilab ko‘r-chi, nega alahsiyapti? Sening aqling putun, o‘ylab ko‘r-chi, bu bola uyaladigan ish qilganmi o‘zi? Darsim bor, deb oshxo‘rliklardan ham kechvoradigan odam nega o‘quvchilaridan uyalarkan?
– Hayronman, buning ota-onasi ham, xotin, bola-chaqasi ham, oshnalari ham maktab edi. Domla, ichimizda o‘qib, odam bo‘lgan faqt sensan, bunaqa gaplaring bilan yuraklarni siqmagin.
Choyxonachi ikkita choynakning bittasini Mamasolining yoniga qo‘yib, ikkinchisini Turg‘unga uzatdi. Turg‘un avval choynakni ushlab ko‘rdi, so‘ng qopqog‘ini ochib hidladi-da, Mirhosilning yoniga qo‘ydi:
– Cho‘tir, o‘zing quya qol.
– To‘xta, jizza kelsin.
Ularning bu qilig‘idan achchiqlangan Mamasoli jerkib berdi:
– Nafslaring chukillamay qursin. Gapini bo‘lmay tek turlaring, yuragidan tutun chiqyapti. Domla, aqlning ko‘zini topib aytding. Bu qalbning muhrlanishiga o‘xshagan bir gap. Xudo bir toifa odamlarning qo‘llarini bo‘yinlariga kishanlab qo‘yarkan. Ular boshlarini egib yurarkanlaru oma to‘g‘ri yo‘lni ko‘rolmas ekanlar.
– Ha, xuddi shunaqa. Boshqalarni bilmayman, oma men shunday bo‘ldim. Kechikdim. Kamida ellik yilga kechikdim.
– Qiyomatda bizning ellik ming yilimiz Xudoning bir kuniga to‘g‘ri kelar ekan.
– So‘fi, endi o‘zing gapni chalg‘itmay tur, bolalardan nega uyalayotganini aytsin, – dedi Turg‘un.
Shokir bu savolga darrov javob qaytarmadi. Nimanidir mulohaza qilayotganday sukut saqlab, uf tortdi:
– Men bollarni xato gaplarga o‘qitgan ekanman.
– Nega xato bo‘ladi? – deb ajablandi Turg‘un.
– “Xudo yo‘q”, deb o‘qitgan-da. Mana endi Xudo dilidagi qulfni yechibdi, – dedi Mamasoli ma’nodor ohangda.
– So‘fi, senga tek o‘tir, deyildi. Gapir, domla.
– So‘fining gapida ham jon bor. Lekin mening uyatim boshqa yoqda. Men “Saksoninchi yillarda kommunizm bo‘ladi”, deb bollarni ishontirganman. “Pul bo‘lmaydi, milisa bo‘lmaydi”, deb ishontirganman.
– Ha, sen kommunizmni yaxshi ko‘rarding, – dedi Mirhosil. – Ko‘changni ham “Kommunizm” deb nomlatuvding. Qaysi bir yili lektor kelib: “O‘rtoqlar, biz bir oyog‘imiz bilan sotsializmda, ikkinchisi bilan kommunizmda turibmiz”, deganida men hazillashib “Lektor uka, ehtiyot bo‘ling, bu turishda chotingiz yirilib ketmasin” deb sendan baloga qoluvdim.
– Ha, endi gapirovur. Men ahmoq o‘shanda bu g‘oyaning belidan qarsillab sinib, o‘lay deb yotganini fahmlamabman.
– “Odam maymundan paydo bo‘lgan”, deb ham o‘rgatgansan, – dedi Mamasoli. – Esingdami, bir kuni men senga “Ota tomondan maymunmisan yo ona tomondanmi”, deb tegishganman.
– “Odam maymundan paydo bo‘lgan”, deganda… – Mirhosil shunday deb To‘lqinga ishora qildi, – anovdaqalarni nazarda tutib, to‘g‘ri aytgan. Aslida, anovini hayvonot bog‘iga olib borib qo‘ysa ham bo‘lardi-ku, oma bollar qo‘rqishadi-da. Nima deding, domla?
– Ha, gap senga, gapirovur.
– Yana nimani gapiray? – Biroz sukut qildi, oshnalari shoshirishmadi, davom etishni kutishdi. – Yekaterinasiyu Yelizavetalarining tarixini suv qilib ichib yuborgan edim. Lekin Zamaxshariy degan ulug‘ olim o‘tganini o‘zim ham bilmagan ekanman. Shuning uchun malaka oshiruvchi o‘qishga bordim. Bollarga hech bo‘lmasa bir kungina to‘g‘ri, halol dars beray, keyin o‘lsam armonim qolmaydi.
Turg‘un uning holiga achinib, bosh chayqab qo‘ydi-da, dalda berdi:
– Oma oshirvording, oshna. Sen o‘zingni ayblama, zamon shunaqa edi.
– Ba’zan o‘zimga o‘zim shunday tasalli beraman. Oma, o‘qituvchining ko‘zlari ko‘r bo‘lsa, bollarning ko‘zlarini qanday ochadi? Bu savolga ham javob berishim kerak.
– Hah, ezvording-da! – Mirhosil shunday deb o‘zining tizzasiga bir shapati urdi. – Men senga ming yildan beri aytaman-ki, ko‘p o‘qiyverma, bola, deb. O‘qovrib, o‘qovrib, miyalaring po‘la bo‘p qolgan. Davlat sening qo‘lingga kitob berib, shuni o‘qit, dedimi, sen o‘qitdingmi, tamom, shu yetarli. Nuqul noto‘g‘ri gaplarni o‘qitmagandirsan. To‘g‘rilari ham bordir, a?
– Endi… – Shokir o‘zini oqlamoqchi edi, Mirhosil gapirtirmadi:
– Bo‘ldi, endi-pendini yig‘ishtir, bo‘ladigan gapdan gapir: Shojalilni borib ko‘rdingmi?
– Ochig‘i… vaqt bo‘lmadi.
– Shu-da! – Mirhosil yana tizzasiga shapatiladi. – Oshnasini qariyalar uyiga olib borib qo‘yishibdi-ku, bu chala domlaning fursatlari bo‘lmabdi. Yana “vijdon-pijdon” deydi! E, o‘rgildim, sendan!
– Bormay to‘g‘ri qilibdi, – dedi Turg‘un Shokirning yonini olib. – Senam hovliqib oshirvorasan. Cholni ko‘rib, buvam degansan. Adashgansan. O‘g‘li olim bo‘la turib otasini “Qariyalar uyi”ga topshirib qo‘yadimi?
– Vey, Buqoq, bilmaysanmi, hamma qiliq shu olimchalardan chiqadi. Burunning tagiga to‘rttagina soch qo‘yib olishib, enam ko‘rmagan ishlarni qilishadi. Televizorda shu ko‘zlarim bilan aniq ko‘rdim: Toshkanda “Qariyalar uyi” degan joy bormi? Bor. Bitta oshnamizning oti Shojalil – Shalpangquloqmi? Ha. O‘zini tanimasam ham qulog‘i bilan qoshidan taniyman uni. Bunaqa shalpangquloq bilan bunaqangi baroq qosh dunyoda boshqa odamda yo‘q.
– O‘zi televizorda gapirdimi yo familiyasini aytishdimi?
– Toshkanga ketaturib ham shuni so‘rovding, darrov unutdingmi? Yana eshit: Yonidagi o‘ris chol gapirdi. “Yaxshi yashayapmiz”, dedi. Men “Shunaqa joyda yaxshi yashamay o‘l”, dedim. Bola-chaqang bo‘lsa, g‘aribxonada yashaysanmi, e so‘tak! “Qariyalar uyi”mish! O‘limni kuti-ib yotadigan g‘aribxona u yer. Ko‘cha-ko‘yda xorlanib o‘lib qolmaslik uchun uch mahal ovqat yeb, o‘limini kutib yotishdan boshqa ish yo‘q. Xudo bir tishlam non bersa ham, bola-chaqa bilan billalashib yeydigan qilib bersin. Bola-chaqaning yonida jon bermaydigan bo‘lsang, o‘lib ham maza qilolmaysan.
Obid ikkita likopchada jizza ko‘tarib kelib, kichikrog‘ini To‘lqinning yoniga qo‘yib, kattarog‘ini Mirhosilga uzatdi:
– Daklatni olyapsanmi, cho‘tir?
– Sen, yosh bola narsa, erkaklarning ishiga aralashma. Egningga shim bitganidan buyog‘iga bunaqangi dono gaplarni eshitmagansan.
– Ol-a, bitta kampirshoning qosh-qovog‘iga oltmish yildan beri tikilib o‘tirib, hali sen erkak bo‘ldingmi? Aytmoqchi, Cho‘tir, kecha uyingga borib seni chaqirsam, qaynsingling chiqdi. Ko‘rinishi haliyam qizdekkina-ya! Oltmishdan oshmadi-yov, a?
– Ha, yurakdan urdimi, olib berayinmi?
– Rahmat, oshna. Jon-jon derdim-u, oma bu yil uylanish plonda yo‘q-da. Kelgusi yozgacha chidashim kerak, shunaqa va’da berganman. Menga qara, shu xotin uvol bo‘lmasin, Obid quvlik bilan ko‘z qisib qo‘yib To‘lqin tomon qaradi: – To‘qim, hali ham bevamisan?
– Nima edi?
– Senga xaridor chiqib turibdi. Cho‘tirga boja bo‘lmaysanmi?
Bu gapni eshitgan Mirhosilning ko‘zlari olaydi, xuddi urib yuboradiganday qo‘lini paxsa qildi:
– O‘chir-e, ovozingni! Yana shunaqangi shilta gaplarni aytadigan bo‘lsang, naq putingni yirib tashlayman. Shunga boja bo‘lgandan ko‘ra itga boja bo‘lganim ming marta yaxshi!
– Jirillama! Senga boja bo‘laman, deb o‘lib turganim yo‘q, – dedi To‘lqin ovoz kelgan tomon o‘girilib. – It bilan boja bo‘lovur. Har holda begona emas, o‘zingga qarindoshligi bor.
Bu gapdan huzurlanib kulgan Turg‘un payrovni ilib, davom etdi:
– To‘qim, ozgina xato ketding. Itga boja bo‘lolmaydi bu. Otasi “Qarindoshdan qiz olma” deb vasiyat qilib ketgan.
Turg‘unning gapidan malollangan bo‘lsa ham, Mirhosil sir boy bermay, kulgan bo‘ldi-da, javobni hayallatmadi. Lekin Turg‘unga emas, To‘lqinga murojaat qildi:
– Vey, To‘qim, ko‘r bo‘lsang ham balosan-a, bunaqangi qopag‘on itni, – shunday deganicha Turg‘unga ishora qildi: – qayerdan topa qolding? Men Bekali burganing jiyanini yetaklab yuribman, desam, sening itingni boqib yurgan ekanman-da, a?
– Adashding, Cho‘tir, ishonmasang dumini ko‘tarib ko‘rgin, burgalarini ko‘rasan, – Obid o‘zining gapidan o‘zi huzurlanib, xoxolab kuldi. Kulgi bosilgach, Mamasoli oshnalariga dakki berdi:
– Bo‘ldi-e, tozzayam aynidilaring endi.
– Bo‘pti, aynimasak aynimabmiz. Cho‘tir, qani, tupukdek-tupukdek quy, – dedi Obid yoshlangan ko‘zlarini kafti bilan artib.
– Kerak bo‘lsa, o‘zing quyib ichovur. Men quymayman ham, ichmayman ham, – dedi Mirhosil choynakni nari surib.
Bundan ajablangan Obid ham, Turg‘un ham baravariga so‘rashdi:
– Ha, nima bo‘ldi?
Mirhosil gardanini silab turib, keyin birdan qo‘l siltadi:
– Nastrayeniya buzildi.
– Arazlagan gadoning xurjuniga ziyon. Buqoq, birga olasanmi?
– Hamma nima desa – menam shu.
– Uyalmaysanlarmi? U yoqda oshnalaring yotgan bo‘lsa, yuraklaringga maishat sig‘yaptimi?
– Domla, menga gapirma, Cho‘tirdan chiqqan g‘oya bu.
– Meni ro‘para qilma, Boz. Domla, buni maishat demagin, durustmi? Oshnam tuzaldi, shuning suyunchisiga ozroq olarmiz, devdim. O‘zi lik etib ko‘tarib kelibdi. Ma, yo‘qot, – choynakni uzatib, To‘lqin tomon ishora qildi: – Anavinga bera qol. Zahriga ichsin. Do‘zaxga tushishiga ozgina gunohi yetmay turgan bo‘lsa, belatsiz kira qoladi.
– O‘zing ichovur. Aroqqa cho‘milib yurganlaringni unutdingmi? “O‘lsam o‘ligimni aroqqa yuvasanlar”, deb yurgan odam endi farishta bo‘pqoldingmi?
– Vey, To‘qim, ovozingni o‘chirasanmi yo og‘zingni tikib qo‘yayinmi?
– Bo‘ldi-e, o‘rtalaringda shu zormanda sarson bo‘ldimi? Shishaga solib, uyga olib ketaman. So‘fi, yarmini berayinmi, nevaralaringning tomog‘iga kampres qilasan.
– O‘zingga buyura qolsin. Menikiga harom narsa kirmaydi.
Obid aroqni shishaga qayta quyishdan oldin “tupukdek” otvolish maqsadida choynakni ko‘tarib o‘choqboshi tomon yurdi-yu, ko‘chadan o‘tib borayotgan Shojalilni ko‘rib, to‘xtab qoldi.
– Ie, iye, eshakni yo‘qlasang qulog‘i ko‘rinadi, deyisharmidi, a? Hoy, Quloq, anqayma, bu yoqqa qarab yuraver!
Shojalil ovoz kelgan tomon qarab, Obidga ko‘zi tushishi bilan chehrasi ochildi. So‘rida o‘tirganlar Shojalilni ko‘rib, o‘rinlaridan turdilar. Narda tashlayotgan yigitlar esa ularga bir qarab olib, o‘yinlarini beparvo ravishda davom ettiraverdilar. Gamletning piyolaga aroq quyib ichishini ko‘rgan Mamasoli afsuslanib bosh chayqadi. Mirhosilning esa qoshlari chimirildi. Oshnalar ko‘rishayotgan paytda bir yigit paydo bo‘lib, ayvonda o‘tirganlar tomon shoshildi. Gamlet o‘tirgan yerida unga qo‘l uzatdi. Yigit o‘tirmay, sal engashganicha, uning qulog‘iga nimadir dedi. Gamlet mamnun holda bosh irg‘agach, unga aroq quyib uzatdi. Yigit bir zarbda piyolani bo‘shatgach, butun bodringdan bir tishlashda uzib olib chapillatib chaynaganicha bo‘sh o‘rindiqqa o‘tirib oyoqlarini chalishtirib oldi.
Shojalil oshnalari bilan ko‘rishayotib, yoshlangan ko‘zlarini bilintirmay artdi. Ammo Mirhosilning ziyrak nigohi buni ilg‘adi:
– Ha, oshna, nima bo‘ldi?
– Ko‘zimni sal shamollatibman, shekilli.
– Azaldan noziksan, sen bola. Yoningdan pashsha uchsa ham shamollab qoladigan sortidansan, – dedi Turg‘un.
– “Qariyalar uyi” sovuqdir-da, a? Shabadaroq yerda ekanmi? – dedi Mirhosil joyiga chiqib o‘tirar ekan.
– Nima deyapsan, tushunmadim? Qanaqa qariyalar uyi? – Mirhosilning ro‘parasidan joy olgan Shojalil uning o‘tkir nigohiga dosh berolmadi: – Ko‘zlaring xuddi o‘qlangan to‘pponchaga o‘xshaydi-ya, tepkini bossang tamom, – deb gapni hazilga burmoqchi bo‘ldi.
– Quloq, sen gapni aylantirma. Xohlasang, xohlamasang hozir tepkini bosadi. Zap kelib qolding, qoningga tashna bo‘lib o‘tiruvdik, – dedi Turg‘un hozir boshlanajak dovuldan xabar berib.
– Ha… ko‘ribsanlar-da. Xo‘sh, nima bo‘pti? Qariyalar uyida yashash gunohmi? Davlatga xo‘p xizmat qildim, endi davlat ham meni boqsin-da!
– Boqadigan davlatingdan aylanay sening. Faqat boqarkanmi yo uylantirib ham qo‘yarkanmi? It qaramaydigan barishnalar bordir o‘sha uyingda? – dedi Obid.
– Shojalil, bizlaram davlatga xizmat qilganmiz, bizlarni ham olib bor o‘sha uyingga. Davlat bizlardi ham boqsin, – dedi Mamasoli.
– So‘fi, sen o‘zingni tiqishtirma, – deb Mirhosil uni qayirib tashladi. – Seni machit boqadi. Davlat manavindaqa so‘ltamatlarni boqadi.
– Menga buncha osilib qoldilaring? Po‘latga nima bo‘ldi, tuzukmi?
– Hali senga osilganimiz yo‘q, osilmaymiz ham. Aksincha, seni osamiz. Avval o‘sha olimcha o‘g‘lingni shaxsan o‘zim tumrug‘idan osaman. Butun qishloq tomosha qilib turadi. Kerak bo‘lsa, dilbizorda ko‘rsattiraman. Bemehr o‘g‘ilga qanday jazo berilishini odamlar ko‘rib qo‘yishsin. Shundan keyin ena-otalarini xo‘rlaydiganlarni topib bitta-bitta osaveraman.
– Katta ketma, Cho‘tir, hammasini osishga umring yetmaydi, – dedi Mamasoli.
– Yetadi. Xudodan so‘rayman. Bemehr farzandlarni osib quritmagunimcha o‘ldirmay tur, deyman…
Turg‘un oshnasining nafas rostlashidan foydalanib, Shojalilga boshlangan hujumni davom ettirdi:
– Quloq, sen Mirhosildan ranjima. Achchig‘i chiqqanicha bor. O‘g‘ling olib borib qo‘ygan bo‘lsa yotovurdingmi ammamning bo‘zagiga o‘xsha-ab. Xom oshqovoqni ishlatmadingmi? “Bu yerda yotishim – oshnalarimga isnod, oshnalarim endi bosh ko‘tarib yurolmay qolishadi”, deb o‘ylamadingmi? Qishlog‘imizdan shu paytgacha birorta buzuqi chiqmagan, bitta o‘g‘ri chiqmagan. Chiqsa ham uncha uyalmas edik. Chunki bundaqalar hamma yerdan potrab chiqib yotibdi. Oma yon-atrofdagi bironta qishloqdan bir paytavafahm chiqib “Qariyalar uyi”ga borib yotgani yo‘q. Bizning ulfatga o‘xshagan ulfat bu yaqin atrofda yo‘q. Seni bir balo qilib bo‘lsa ham boqib olardik.
– To‘g‘ri aytding, juda boqolmasak, poyezdning tagiga tashlab qutulib qo‘ya qolardik. Yo bo‘lmasa, bitta boyroq kampirga uylab qo‘yardik, o‘zi evlab olardi sen turshakni.
– Ana, qo‘shmachimiz ham tayyor. Oma Cho‘tir chindan osadigan bo‘lsa, arqonni o‘zim-la eshib beraman.
– Og‘aynilar, sizlar tushunmayapsizlar…
– Hali biz tushunmaydigan ham bo‘pqoldikmi? “Qariyalar uyi”ning karam sho‘rvalari aqlingni peshlab yubordimi? Menga qara, Quloq, manov To‘qimni kechirishimiz mumkin. Oma, seni kechirib bo‘lmaydi. To‘qim bitta Po‘latning o‘ziga xiyonat qiluvdi, sen hammamizga xiyonat qilding. Bilib qo‘y, o‘sha yoqda o‘ladigan bo‘lsang, o‘g‘ling bu yoqqa savlat qilib ko‘tarib kelmasin. Bu yerda joy yo‘q senga, poytaxtiga ko‘maversin. Domla, to‘g‘ri gapiryapmanmi? Sen ham bir nima de.
– Cho‘tir ikkoving sayray boshlasalaring, bu yoqdagilarga navbat tegarmikin? Senlarning jag‘laringni Xudo rezinkadan yaratgan, bezrazmerniy, – dedi Mamasoli tanbeh ohangida. Uning jiddiy gapini Obid hazilga burmoqchi bo‘ldi:
– O‘rischa qo‘shmay gapir, so‘fi, ato namozingni Xudo prinimat etmiy.
Vaziyat jiddiyligi uchun payrov davom ettirilmadi. Suhbatga chorlangan Shokir tomoq qirib qo‘yib, gap boshladi:
– Har holda, yaxshi ish bo‘lmabdi. “Qariyalar uyi” hech kimi yo‘q chorasiz odamlar uchun o‘ylab topilgan. Mana, masalan Sotvoldi borsa aybi yo‘q edi.
– Domla, o‘ylab gapir, nima uchun Sotvoldi borarkan? – dedi Turg‘un.
– Men misol uchun aytyapman.
– Misol uchun ham aytma. Sotvoldi vijdonli odam edi. Odam o‘lsa vijdoni ham qo‘shilib o‘ladi, deb o‘ylaysanmi? – dedi Mamasoli Turg‘unni qo‘llab.
– Bu Quloqning Sotvoldi bo‘lishiga ming qovun pishig‘i bor, – dedi Mirhosil to‘ng‘illab.
– Hali men vijdonsizmanmi? – shunday deb o‘rnidan turishga harakat qilgan edi, yonida o‘tirgan Obid yengidan tortib, qimirlatmadi.
– Jirillamay tek o‘tirovur, – dedi Turg‘un hujumni davom ettirib: – Sen ikki martalab vijdonsizsan. Isbot qilib berayinmi? Birinchi vijdonsizliging – “Qariyalar uyi”ga borishliging. Domla “chorasizlikdan” dedimi? Yo‘q, domla, sen to‘g‘ri ayt: vijdonsizlikdan boriladi. Dunyoda odam yolg‘iz qolishi mumkinmi? Bola-chaqasi o‘lib ketgan bo‘lsa, yoki qaramay qo‘ygan bo‘lsa, oshna-og‘aynilari ham qolmaydimi? Men bu xunasaga kunda bir kosa ovqat topib bera olmaymanmi?
– Gap ovqatda emas.
– Endi to‘xta, domla, – dedi Mirhosil. – Sayrasam sayrab olayin: qaysi bir yili raykom Sotvoldiga tekinga moshin bermoqchi bo‘ldi, eslaringda, a? Hammamizdan ko‘ra Sotvoldi haqliroq edi. Ordeni ham ko‘p edi. Oma olmadi o‘sha tekin moshinani. Gaplari eslaringdami: “Men yetim o‘sganman, yetimlik nimaligini bilaman. Davlatning sag‘irlari bor, shu moshinning puliga sag‘irlarini yaxshiroq boqsin. Urushdan tirik qaytishimning o‘ziyoq menga bir baxt. Men tekin moshin olaman, deb urishmaganman. Urushda jonimni saqlab qolgan Xudo peshona terimga ham biron nima berar”, degan edimi? Ha… oma… o‘sha moshinni sen olding, Shalpangquloq. Olding-u, “O‘g‘lim bilan yashayman”, deb shaharga jo‘navording. “Qishlog‘imizdan bitta olim chiqibdi”, deb indamadik. O‘g‘lingga ota emas, o‘sha moshin kerak edi.
– O‘sha moshin turibdimi yo sotib yubordilaringmi? – deb so‘radi Turg‘un piching ohangida.
Shojalilga bu savol kutilmagan bo‘lgani uchun sal dovdiradi:
– Tur…gandir… Ha, turibdi, nevaram minadi.
– Turgan bo‘lsa yaxshi. Cho‘tir, o‘g‘lini o‘sha moshinga qamab yoqib yuborish kerak.
– Suf-e, gap deb gapirovrasanlarmi! – dedi Mamasoli achchiqlanib. – “Sotvoldi”, deysanlar, “vijdon”, deysanlar… Sotvoldi tirik bo‘lganida, bunaqa karillay olmasdilaring. Og‘izlaringni o‘zi yopib-la qo‘yardi. Sotvoldi o‘lib ketdi, Po‘lat bu yoqda. Taxt senlarga qoldimi endi? Po‘lat ham o‘tguday bo‘lsa, Cho‘tir, jo‘raboshilik senga qoladi, ana o‘shanda istaganingcha karillayverasan.
– Sovuq nafas qilma, nega men jo‘raboshi bo‘larkanman?
Ularning tortishuvini diqqat bilan eshitib o‘tirgan To‘lqin “bu tilni yeydigan it ham o‘ladigan bo‘ldi”, deb qo‘ydi. Past ovozda gapirgan bo‘lsa ham, Mirhosil eshitdi, lekin chalg‘imaslik uchun unga javob qaytarmadi. O‘qrayib qarash bilan kifoyalanib, gapini davom ettirdi:
– Bir kuni Sotvoldi bozorga tushib sabzi olib chiqibdi. Xotini qarasa, bu sabzini mol ham yemaydiganmish. Xotini “Nega irigan sabzi oldingiz?” desa, “Axir, men olmasam boshqa hech kim olmaydi-da”, debdi.
– Bog‘cha qurilishini aytgin, – deb uni quvvatladi Turg‘un. – Xotini ovqat qilib qo‘ysa, quruvchilarga olib chiqib berardi.
– O‘zing ayt, Quloq, sen shunday qila olarmiding?
– O‘zlaring-chi?
– Biz ham qilolmasdik. Shuning uchun Sotvoldining vijdonini gapirsak, sen tek o‘tirovur.
– Shojalil, sen bu oshnalaringdan ranjima. Bu partizanlarning qo‘llariga miltiq berib “Ot!” deyilsa bas, “Kimni otay, nimaga otay?” deb surishtirmasdan tepkini dangal bosib yuborishovradi. O‘g‘lingni “osamiz, yoqamiz”, deyishlari bekor. O‘g‘lingda ayb yo‘q.
Shokirning bu gapi Shojalilga moydek yoqib, chehrasi sal yorishdi:
– Ha, gapir, domla, gapir. Bu pandavaqilar nima deyishayotganlarini o‘zlari ham bilishmaydi. Gitlerga ham besh ketmayman ba’zan. Shuncha urush qilib, shuncha pul sarflab, shu ikkoviga qolganda ikkitagina o‘qqa xasislik qilsa-ya! Ikkovi tuzukroq bo‘lsa ham mayli edi: bittasi cho‘tir, bittasi buqoq. Bir ko‘rsam ko‘nglim aynib, o‘n kun ovqat yeyalmay yuraman. Domla, qo‘y bulardi, nima deyatuvding?
– O‘g‘lingda ayb yo‘q, dedim.
– Eshitib qo‘ylaring, hov…
– Ha, o‘g‘lingga da’vo yo‘q, hamma ayb o‘zingda! – Shokirning bu gapidan keyin Shojalil bir bo‘zardi. Unga osilayotgan ikki oshna yuzlarini mamnunlik yeli silab o‘tdi. Shokir bu o‘zgarishlarga parvo qilmay davom etdi. – Sen, eng avvalo, bola tarbiyasida yanglishgansan. Biz yoshlarni yomon deyishga haqli emasmiz. Ular qanday yomonlikni odat qilishgan bo‘lishsa, osmondan emas, o‘zimizdan olishgan-ku? Ular bizlardan yaraldilarmi, axir, odobni, qanday yashashni bizlardan o‘rgandilarmi. Osadigan bo‘lsak, avval o‘zimizni osaylik, yoqadigan bo‘lsak, avval o‘zimizni yoqaylik. Agar o‘g‘li yomon bo‘lsa, faqat Shojalil emas, men ham, senlar ham aybli. Oshnamiz, deymiz, aka-ukamiz, deymiz, og‘iz-burun o‘pishamiz, maza-bemaza hazillar qilamizu jiyanimiz qanday o‘syapti – bilmaymiz.
– Domlajon, sen osmondan turib gapirma, esingdami…
– Turg‘unboy, qo‘y oshnajon, vaqt ko‘mib yuborgan narsalarni kavlab chiqarma. Bo‘lar ish bo‘lgan. Qariyalar uyida besh-o‘n kun yotgandir. Mana, burniga suv kirib, qaytib kelibdi. O‘zining uyida yashovradi, senlaram o‘sha bir kosa ovqatlaringni chiqarovrasanlar.
– Cho‘tir, kallaga zo‘r fikr keldi, – dedi Obid maktab bolasi kabi qo‘l ko‘tarib.
– Qaynsinglimni bunga tiqishtirma. Men endi bunga boja bo‘lishdan orlanaman.
– Yana boshlayapsanlarmi! Qani, turlaring, maza-bemaza gaplar aytovrib, isqirtlaring chiqib ketdi. Shom kirmasidan soyga tushib, bet-qo‘llarni yuvaylik. Yengil tortamiz. Birga namoz o‘qisak, Po‘latni duo qilsak savob bo‘ladi.
– E, bormisan, So‘fijon, indamasang bularing dunyoni do‘zaxga aylantirib yuborishadi, – taklifdan mamnun bo‘lgan Shojalil birinchi bo‘lib joyidan jildi.
Barmoq izlari har xil bo‘lganidek, tuyg‘ular ham bir xil emas. Shunga qaramay, bu ulfatlarning qalblari mehr zanjiri bilan bog‘langan, zanjir halqasini faqat o‘limgina uzishi mumkin edi.
Mirhosil ham turib, so‘ridan tushdi-yu, ammo ularga ergashmadi.
– Yurmaysanmi? – dedi Mamasoli.
– Men senlarga o‘xshab yuvuqsiz emasman. Mening bet-qo‘llarim top-toza.
– Buning betlarini haligi… bojalari yalab qo‘yishgan, – Obid kulganicha o‘choqboshi tomon yurdi.
– Shunaqangi hafsala bilan yalashgan-ki, yalovrib-yalovrib arining uyasiday o‘ydim-chuqur qilib tashlashgan.
– Vey, Quloq, senga askiya aytishdi kim qo‘yibdi, sen soyingga tushovur. Orol dengiziday keladigan quloqlaringni yuvishga bu soyning suvi yetarmikin?
Mirhosil shunday deganicha so‘ri yaqinida yolg‘iz o‘zi qoldi.
Oqshom ufq ortiga asta sudrala boshladi. Kechki shabada umri tugayotgan barglarni tortqilab shivirlaydi. Go‘yo bu barglar vido qo‘shig‘ini aytishadi… “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q”, deganlariday Mirhosil tabiatning bu ajib manzarasiga parvo ham qilmaydi.
– Mirhosil, senam tushsang bo‘lardi, sal hovuring bosilardi. Bugun chap tomoning bilan turganmisan, odam zoti ko‘zingga xunuk ko‘rinyapti, – dedi To‘lqin.
Mirhosil nishini kimga sanchishni bilmayotgan garang ari holida turganida To‘lqin tilga kirib, bu nishga o‘zi ro‘para bo‘ldi:
– Odam zoti dedingmi? Yo‘q, adashding, – dedi Mirhosil unga yaqin kelib. – Odam zoti ko‘zimga hecham xunuk ko‘rinmaydi. Oma odam kepatasidan chiqqanlarga toqatim yo‘q. Birinchi galda senga, To‘qim. Fe’limning aynishi uchun chap tomonim bilan turishim shart emas, seni ko‘rganimning o‘zi yetarli.
– Hadeb karillayverma, senga yomonlik qilmaganman.
– Agar Po‘latning o‘rniga men qamalganimda, qutilib chiqqan kunimoq seni bo‘g‘ardim. Po‘latni olib ketishganda, rosti, seni o‘ldirmoqchiydim, shu bollar yo‘limni to‘sishdi.
– O‘ldirovursang bo‘larkan, meni bu azoblardan qutqararding. Bir lahzalik qo‘rqoqligim uchun Xudo meni bir umrga jazoladi.
– Sen o‘shanda o‘limdan qo‘rqdingmi?
– Yo‘q… – To‘lqin chuqur uf tortib sukut saqladi. Keyin alamli ovozda dedi: – bolalarimning yetim qolishidan qo‘rqdim.
– Ikkovi bir emasmi?
– Mirhosil… so‘kasanmi, urasanmi, o‘ldirasanmi, mayli, haqing bor, sendan ranjimayman. Sen-ku, sen… men o‘zimni o‘zim kechirolmayman. Qancha tunlarni uyqusiz o‘tkazaman. Hech kimga bilintirmay… yig‘layman. Po‘lat chiqib kelganda senlar quvondilaring. Uni eson-omon ko‘rib shodlandimu oma senlarga o‘xshab sirtimga chiqara olmadim. Ko‘kragimni muzdek yerga berib yotdim. Yer shundaygina yorilsa-yu, bag‘riga ola qolsa, dedim.
– Xoinlardan yer ham bezor, bag‘riga olmaydi.
– Bezormi… baribir, oladi bag‘riga.
– Sharmandalik yuki bilan kirasan. Urushda poshistlar “Bu – partizan”, deb taxtaga yozib, bo‘yniga osib qo‘yib keyin otishgan. Agar mendan oldin o‘lsang, uyingga borib, kafaningga “Bu – xoin” deb yozib qo‘yaman.
– Cho‘tir, bunchalik beshafqat bo‘lmagin. Har holda, biz begona emasmiz. Butun umrim xoinlik bilan o‘tmadi-ku? Bir martagina adashdim. Bolaligimiz hurmati, buncha qiynama, oshna.
– Bolaligimizni tek qo‘y. Bolaligimiz oppoq dasturxonday bo‘lib qolgan. Endi iflos oyog‘ing bilan bosma uni.
Mirhosilning keskir qilichday so‘zlariga ko‘nikib ketgan To‘lqin javob qaytarmay, sog‘inch ohangida, xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganday dedi:
– Men ko‘p eslayman. Ko‘chalarda soqqa quvishlarimiz…
– O‘sha o‘yinda ham g‘irromlik qilarding.
– Unda hammamiz g‘irromchi edik. Oma dilimiz beg‘ubor edi. Sen chechak bilan og‘riganingda enang “yuqib qolmasin”, deb bizlarni haydardilar. Biz baribir yoningga kelovrardik. Buqoq sariq bilan og‘riganida…
– Ha, raysentrgacha opichib olib borgansan. Hali ham minnat qilib yuribsanmi?
– Minnat uchun aytayotganim yo‘q. Sariqni tuzatish uchun qonni almashtirish kerak, deb eshitib hammamizning qon topshirgani borganimizni eslatmoqchiydim. Qon emas, jon deyilsa, jonimizni ham topshirardik o‘shanda. Shunaqa ahil edik, beg‘ubor edik… oppoq dasturxon deganing o‘rinli.
– Biz hozir ham shundaymiz. Faqat sen bo‘lakchasan.
O‘zaro gap talashayotgan qariyalar ayni chog‘da go‘yo daryoning ikki sohilida turardi, ammo umrlari bir daryo suvida oqib borayotganini, mavjlar yelkanlari titilib ketgan kemalarini bir manzilga yetkazib borajagani o‘ylab ko‘rishmasdi. Til zahridan yuragi yaralangan To‘lqin chuqur uf tortdi-da, hazin ohangda davom etdi:
– Bo‘lakcha emasman. Hozir Po‘latning o‘rniga joningni ber, degin…
– Qo‘y, To‘qim, joning o‘zingga buyursin. Bunaqa mardlikni yoshlikda qilish kerak. Erta-indin o‘ladigan joning kimga kerak?!
– Qahring muncha qattiq, Cho‘tir? Musulmon musulmonning aybini uch kundan keyin kechvorishi kerak ekan.
– Shunaqa gaplarni ham bilasanmi? So‘fi o‘rgatdimi, deyman? So‘fidan so‘ra-chi, xiyonatchi ham musulmonga kirarmikin? Xiyonatchini uch kun kechirishmas, uch kun ichida o‘ldirvorish kerak.
– Xiyonat deyovrib ham jonimni olding-da!
– Uch kundan keyin kechirish kerak, deb mana bunaqa, – Mirhosil To‘lqinning ko‘zi ojizligini unutib, narda o‘ynayotganlarni ishora qildi, – yoshlardi rasvoi jahon qildilaring. Do‘stni sotvorish bularning osh-ovqati bo‘lib qoldi. Kim nima desa deyovursin, mening gapim bitta: xiyonat sira kechirilmasligi kerak. Xiyonatchilarning mozorini ham bo‘lak qilib qo‘yish kerak. O‘tgan-ketgan shu mozorga qarab tupurib o‘tsin. Sen do‘stga xiyonatni kichkina gap deb o‘ylayapsanmi? Yo‘-o‘q, To‘qimboy, bugun do‘stga xiyonat qilgan ertaga Vatanini ham sotvoradi. Indinga Xudoni bozorga solishdan ham qaytmaydi.
– Sen kechirmasang kechirmaginu oma meni unaqalarga tenglashtirma. Oradan ellik yil o‘tdi-ya!
– Ana ko‘rdingmi, sensiz ellik yil ulfatchilik qilibmiz. Sensiz yana ellik yil bemalol yashashimiz mumkin ekan.
– Ha… til seniki, gapiraver, oshnam. Yillar bo‘yi dilimni og‘ritaverishingga ko‘nikib qolganman, ammo ulug‘ yoshga yetib fe’ling o‘zgarmaganiga ajablanaman, xolos.
Qatlama yillar oralig‘iga o‘tmish xotiralari cho‘kib ketganday bo‘lgani bilan qat-qat kunlarning orasida naqshlangan izlar o‘chmaydi. O‘tib ketgan vaqt g‘ildiragining poyonsiz chuqur izidagi afsuslar ham o‘chmaydi… Dovulli kunlar o‘tadi, zulmat tunlar ham o‘tadi, biroq izlar mangu qoladi. To‘lqin buni biladi. Bilgani uchun ham bu oshnasi bilan astoydil olisha olmaydi…
Mirhosilning soyga tushmay qolishidan maqsadi, To‘lqin bilan gap talashish emas, unga ayvondagi yigitlarning o‘tirishi yoqmayotgan, iloji bo‘lsa, ularni yo‘qotishni fikr qilgan edi. To‘lqin bilan gaplasha turib u tomon damo-dam qarab, fikri qat’iylashdi. Keyingi gapini gapira turib, ularga baralla tikilib qoldi.
– To‘qim, sen ming‘irlab, men baqirib, baribir murosaga kelolmaymiz. Tek o‘tirovur. Siqilib ketayotgan bo‘lsang, uyingga jo‘na. Kelganingni Po‘latga aytib qo‘yarmiz.
To‘lqin uning talabiga javob bermadi. Dahanini asoga tirab o‘tiraverdi. Mirhosil esa qanday chora ko‘rishni bilmay tikilganicha turib qoldi. Gamlet uning bu turishidan xavotirlanib, soatiga qarab oldi:
– Vaqt bo‘lib qolibdi. Nu, nima qildik, Joker, staryo ketadiganga o‘xshamaydi.
– Qo‘yaver. Bularning o‘tirishi menga yoqyapti, – dedi uchinchi yigit, – ment adashib kelib qolsa, bularni ko‘radi-yu, bu yoqqa o‘tmaydi. Kechasi bilan o‘tirishsa ham, mayli.
Joker uning gapini quvvatladi:
– Menam shunaqa deyapman.
– Esingdan chiqarma, – dedi uchinchi odam Gamletga tik boqib. – Boshqa narsalarga alahsimay, oq qo‘lqopning barmoqlaridan ko‘zingni uzmaysan. U qishin-yozin bekorga qo‘lqop kiymaydi. Barmoqlarini ayaydi, xunasa. Bir baloni sezadi bu barmoqlari. Agar yutadigan bo‘lsa, indama, yutaversin. Lekin katta tushma, hovliqma, – Gamlet “ma’qul” ishorasini qilgach, u Jokerga qaradi. – Odamlaring tayyormi?
– Tayyor. O‘sha burilishda kutishadi. Pishiqlab qo‘yganman.
– O‘ldirib qo‘yishmasin tag‘in. Pulni olib, panjasini ezib qo‘yishsa bo‘ldi, a?
– Xuddi shunaqa bo‘ladi. Avval sizni sal-pal papalashadi, keyin unga o‘tishadi.
G‘oz yurish bilan yaqinlashayotgan Mirhosilga ko‘zi tushgan Gamlet sheriklarini past ovozda ogohlantirdi.
– Polundra! Staryo kelyapti, – shunday degach, qo‘lidagi toshni taxta ustiga tashladi-da, ovozini ko‘tardi: – Vah! Oltiga-olti! Bo‘ldi, tamomsan, yig‘ishtir, – xuddi Mirhosilning yaqinlashganini tasodifan ko‘rib qolganday u tomon qaradi: – Keling, boboy.
– Vey, “boboy” deganing nimasi, a? Tanglayingni qaysi tatar domla ko‘targan. Boya bir aytding, indamovdim.
– Endi bu modniy-da, bizlar gorodskoy bo‘lsak…
– E, gorodskoyingga urayin seni.
– Qani, boboy, o‘tiring, pliz, – deb uchinchi yigitning yonidagi bo‘sh o‘rinni ko‘rsatdi.
– Yana “boboy” deydi-ya!
– Tog‘a, bu bolaning tilini qarg‘a cho‘qigan, parvo qilmang, o‘tiring, picha dam oling.
– Ha, tog‘a, pliz, choy chaqiraymi, yo oqsoqoldan yuztagina olasizmi? Bel baquvvatmi, chog‘ingiz keladimi biz bilan olishga.
– Chog‘immi? – Mirhosil qoshlarini chimirib, unga g‘azab bilan tikildi: – Uyda mishig‘ingni otang artarmidi yo o‘zing artadigan bo‘p qolganmiding? Qani, quy-chi. To‘ldirib quy, ha. Endi o‘zingga quy. Qani, otdik! – Bir ko‘tarishda ichib, “kuf” deb qo‘ydi-da, Gamletga qaradi: – Ha, omaysanmi?
– Biz bunaqa dikiychasiga olmaymiz. Bo‘lib-bo‘lib olamiz. Ichishning ham kulturasi bor.
– E, kulturangga urayin seni, olasanmi yo yo‘qmi?
– Gamlet, arining uyasini kavlab qo‘yding, ol endi, gapingga otvechat qil, – dedi uchinchi yigit sherigiga tanbeh berib.
Gamlet norozi qiyofada aftini burishtirib qo‘yib, piyolani ko‘tardi. Ichayotib qalqib ketgan edi. Mirhosil zaharxanda qildi:
– Iliklaring bo‘sh senlarning. Biz Leningrad qamalidan chiqayotganimizda…
– Boboy, boboy, pojalusta, politikani qo‘ying. Biz otdixga kelganmiz, – dedi Gamlet labini kafti bilan arta turib.
– Shunaqami?! – Mirhosil g‘azabini yashirmay, unga qattiq o‘qraydi: – Bo‘lmasa, yana bittadan quy.
Gamlet Mirhosilning piyolasiga quyib, o‘zinikini sal chetga surdi, uning bu qilig‘i qariyaga yoqmadi:
– O‘zingga-chi?
– Men pas, ichmayman.
– Ichasan.
– Zo‘rlashni zako‘n ko‘tarmaydi, boboy, e, uzr, tog‘a.
– Baqqa ol! E, yigit bo‘lmay ket sen!
Shishani tortib olib, Gamletning piyolasiga to‘ldirib quyib uzatdi. Gamlet bo‘yin tovlamoqchi edi, uchinchi yigitning bosh chayqab qo‘yganini ko‘rib, noiloj oldi. Mirhosil uning ichishini kutmay, gapini davom ettirdi:
– Biz Leningrad qamalida necha kun bo‘lganmiz, bilasanmi? Bilmaysan. Och qolganlarimizni ham bilmaysan.
– Iltimos, tog‘a, politikani to‘xtating. Terpeniyam do predel bo‘ldi.
– Men senga Leningrad qamalini gapiryapman!
– Menga bu politika absolyutno kerakmas.
Gamlet ilkis aytib yubormadi, bilib gapirdi. O‘yinlardan tinkalari qurimay, ishratlardan bezmaydigan, ovozlaridan hech mahal horg‘inlik sezilmaydigan bu yigitlarni urush fojialari, odamlarning alamli taqdirlari mutlaqo qiziqtirmas edi. Bu loqaydlik, bu bemehrlik bilan murosa qila olmaydigan Mirhosilning vujudini g‘azab alangasi qamrab oldi:
– Shunaqami?
G‘azab o‘tida qovrila boshlagan Mirhosil qo‘lidagi aroqni uning basharasiga sepdi-da, piyolani stol ustiga tashlab, shu zahoti yigitning yoqasiga chang soldi. Yigit o‘zini himoya qilishga ulgurolmay ham qoldi:
– Poshistni qanday bo‘g‘ganimni ko‘rsatib qo‘yayin, keyin bilasan, nimaning absalutna kerakmasligini!
Gamlet qariyaning cho‘yanday qattiq changalidan qutilishga urinib, tipirchilay boshladi. Joker esa “O‘ldirib qo‘ymasin!” degan xavotirda Mirhosilni quchoqlab olib, chetga tortmoqchi bo‘ldi. Uchinchi yigit qariyaning bilagiga osildi. “Bu olamning zo‘rlari bizmiz”, deb kerilib yuruvchi uch yigitning harakati bu qariyaga chivinday ham ta’sir qilmadi. Choyxonachining yordamga kelishi ham foyda bermadi. Agar soydagilar chiqib kelib, aralashishmaganida tipirchilayotgan yigit masalasi hal bo‘lishi aniq bo‘lib qolgan edi. G‘azab otashida o‘zini yo‘qotgan Mirhosil uni xuddi fashistni bo‘g‘ganday bo‘g‘a boshlagan edi.
Mirhosilni ajratib olishgach, uch yigit shoshganicha ichkariga kirib ketdi. Mirhosil ham ular ketiga tushmoqchi edi, oshnalari bo‘shatishmadi. Qafasdagi sher holiga tushgan qariya alamini kimdan olishni bilmay, qo‘rquvda turgan choyxonachiga qarab zahrini sochdi:
– Sen xunasa, samovarxonani shunaqalarga makon qilib qo‘ydingmi? Men hali bulardi urug‘larini quritaman.
– Unday demang, taqsir, kim kelsa samovarxonaning eshigi ochiq. Dam unday, dam bunday odamlar kelishadi-da.
– He, o‘sha ochiq eshigingga…
Mirhosil bo‘ralab so‘kishni boshladi-yu, avjiga chiqqanida birdan to‘xtab, ko‘cha tomon qarab qoldi. Boshqalar ham o‘sha tomon o‘girilishdi. Adolat bilan Telmanning kirib kelishi barchalarini hayratga soldi. Shifoxonaga qarab borayotgan Adolat qariyalarga ko‘zi tushib, choyxonaga burildi. Ularga yaqinlashib, go‘yo nimanidir tekshirayotganday bir-bir qarab chiqib, keyin salomlashdi:
– Salom, yigitlar.
– Ie, Adol, o‘zingmisan? – dedi Turg‘un ajablanganini yashirmay.
– Ha, o‘zimman.
Qisqa salomlashishdan keyin oraga tushgan sukutni Shojalil buzdi, Adolat tomon bir qadam tashlab, qo‘l uzatdi:
– Salom, yaxshi qiz. Keling, nechuk?
– Po‘latning tobi qochib qolganmish, deb eshitdim.
– Shuni eshitib atay shahardan yetib keldingmi, a? Qaydan eshita qolding? Biz shu qishloqda turib endi bildik. Sen shaharda turib eshitibsan-da, a? Manov kim, o‘g‘lingmi?
– Ha, o‘g‘lim, tanidingmi?
Davraga yaqinlashgan o‘g‘ilning olazarak nigohi yigitlar qoldirib ketgan shishaga tushib, qotib qolgan edi.
– Tanishga tanidim, oma o‘g‘ling soqov bo‘pqolganmi, deyman?
– Nega? Ha… Telmanchik, amakilaring bilan darrov salomlash.
Telman ko‘zini shishadan uzmay “Salom”, deb qo‘ydi. Turg‘un norozi nigohini yigitdan uzmay yana so‘radi:
– Adol, bu kimning o‘g‘li?
– Meniki, dedim-ku?
Telman bu savol-javobga ahamiyat bermay, davrani chetlab o‘tib, stolga yaqinlashdi-da, piyolaga aroq quyib ichib, o‘rindiqqa yastanib o‘tirib oldi. Bu qiliqdan g‘ashlangan qariyalarning har biri uning betiga shapaloq tushirishga tayyor bo‘lsa-da, o‘qrayib qo‘yish bilan cheklanishdi. Turg‘un g‘azabini ichiga yutib, boshlab qo‘ygan savol oqimini davom ettirdi:
– Ha, endi yarmi seniki ekani aniq, qolgan yarmi-chi? Otasi kim, deyman?
– Ha, endi bilmay qoldingmi? – dedi Adolat chimirilib. – Otasi – Po‘lat!
– Buning tug‘ilganida Po‘lat qamoqdamasmidi? – dedi Shojalil.
– Yana eski paxtani chuvyapsanlarmi? O‘zing kim bo‘psan-ki, senga hisob bersam? Po‘lat qamoqdaligida uni ikki marta borib ko‘rganman. Bolaning otasi kimligini o‘zi yaxshi biladi.
– To‘yda tug‘ilgan bolaga – “To‘ychivoy”, yo‘lda tug‘ilganga – “Yo‘lchivoy” deb ism qo‘yiladi. Unda seniki “Turmavoy” bo‘lishi kerak edi. Hali ham “Telman” deb yuribsanmi?
– Qariganingda sassiq chol bo‘lasan, derdim, yanglishmagan ekanman.
O‘choqboshidagi ishini tamomlagan Obid Adolatni ko‘rib, shu tomon yurdi. Ayolga yaqinlashmayoq gapini boshlab yubordi:
– Adol? O‘zingmisan, Adol? Voy-bo‘… ado bo‘bsan-ku, Adol? Yuzingni torttirib turarding, nima, pul qolmadimi? Sen bunaqa yurma, o‘zingga qara. Qanaqangi jonon eding-a!
– To‘g‘ri aytasan, Obid, – deb gapga qo‘shildi Shokir. – Go‘zal qarisa, bir fojia, amaldor go‘zal qarisa, ming fojia. Bechoraga qiyin: ham chiroydan, ham amaldan ajragan.
– O‘, domla. Shuning o‘zi bo‘lsa go‘rga edi. Jonon eridan ham ajrasa-chi?
Shokirning o‘rniga Shojalil javob berdi:
– Battar bo‘lsin…
Adolat ko‘zlaridan nafrat uchqunlarini chaqnatib, xuddi urib yuborishga qasd qilganday Turg‘unga ro‘para bo‘ldi:
– Buqoq, senga kim qo‘yibdi falsafa so‘qishni, bas qil!
– Adol, bu yoqqa qara-chi, – dedi Mirhosil. – To‘qimni taniyapsanmi, qara, yakka moxov bo‘lib o‘tiribdi. Sening jazmaningni deb oshnasini sotgan edi.
– Bunaqa gapni sen ahmoqlar o‘ylab topgansanlar. Hech qachon jazmanim bo‘lmagan mening. Tozaligimni Po‘lat biladi. Senlar sasishdan boshqani bilmaysanlar.
– Po‘lat shu kunga dovur seni bizga toza deb keldi, – dedi Turg‘un. – Biz ham uning ko‘ngliga qarab “Xo‘p”, dedik. Oma u valdirayveradi. Har birimizning ko‘zimiz bor, qulog‘imiz bor, farosatimiz bor. Mayli, o‘tgan ish o‘tdi, toza bo‘lsang tozadirsan.
– Menga qara, Adol, o‘g‘ling ado bo‘pti-ku? – Obid shunday deb Telmanga qarab kuldi.
Adolat o‘g‘liga yaqinlashib, yelkasidan ushlaganicha silkidi:
– Ha, ichmay o‘la-a, shu yerda ham iskab topdingmi?
– Yigitning nasibasi ko‘chada bo‘ladi, mamul, – dedi Telman shodonlik bilan.
Adolat harakati samarasiz ekanidan afsuslanib, Obidga qaradi:
– Meni shu kuydirib qaritdi.
– Uylanganmi, bola-chaqa bormi?
– Shunga kim tegadi, kim chidaydi?
– Men uylanishni vaabshe xohlamayman, – dedi Telman qo‘lini paxsa qilib.
– Senga qiyin bo‘libdi, Adol. Menga qara, sen bunaqa yurma, erga teg, – dedi Obid uning gapiga ham, harakatiga ham parvo qilmay. Mirhosilga bu taklif ma’qul kelib, oshnasini qo‘lladi:
– Boz to‘g‘ri aytyapti, ana, To‘qim ham beva, ikkoving qorong‘ida topishadigan sortidansanlar.
– Bunga ko‘nmasang, ana, Shojalil quloq ham g‘irt beva, nima deysan?
– Fu, senlar er bo‘ldilaringmi hali?
– O‘h-ho‘, dimoq hali ham baland-ku! – dedi Turg‘un oshnasiga qarab.
– Ba’zilar shunaqa kibrli bo‘ladilar. Otdan tushsalar ham egardan tushmaydilar. Oma lahadga egarsiz qo‘yiladilar, – dedi Mamasoli.
– Fu, gaping qursin sening.
Aytadiganini aytib bo‘lgan Obid o‘choqboshi tomon shoshildi. Turg‘un esa davom etdi:
– Adol, qo‘yovur bulardi. Shaharda cho‘rt-po‘rt chollar ko‘p, o‘shalarga tegovur. Oma sen bizga bir narsani ayt: hoynahoy, sen Po‘latni ko‘rgani kelmagansan. Bu so‘ltamatingni ham bekorga boshlab kelmagandirsan? Raysentrda yurganingni kecha eshitganman.
– Eshitsang nima bo‘pti? Men qishlog‘imni sog‘inib keldim. Uyga borsam, qo‘shnilar Po‘latni kasal, deyishdi. Domlanikiga borsam, shaharda, deyishdi. Domla, o‘qiyotganmishsanmi?
– Ha. Endi… sal chalasi borakan.
– Gapni burma, – dedi Turg‘un jerkib. – Yana uyning dardida kelgandirsan?
– Senga nima kuykiligi tushdi? Uy meniki, xohlasam talab qilaman, xohlasam tortib olaman.
– Bekor aytibsan, bu uyning bitta g‘ishtida ham haqing yo‘q. Uy happai halol Po‘latniki. Biz o‘lib ketganimizdan keyin ham arvohlarimiz seni bu uyga yaqinlashtirmaydi, bilib qo‘y.
– Adol, uzoqroq bo‘lsa ham qarindoshimsan, shuning uchun dangal bir gapni aytay, ranjima, – dedi Shojalil. – O‘g‘lingning arog‘iga pul yetmayotgan bo‘lsa, biz beraylik. Sen ket bu yerdan. Sen oshnamizni bir marta xorlagan xotinsan, endi xafa qildirib qo‘ymaymiz, ha! Kasal odamga ko‘rinib, yarasini yangilama, ket, Adol!
– Bekorginalarni aytibsanlar! Uyga mening haqim bo‘lmasa, o‘g‘limning haqi bor. Bekor kelib, bekor ketvoradigan ahmoq emasman men.
– Adol, bular bilan o‘chakishma, tinchgina keta qol, – dedi To‘lqin. – Men ellik yildan beri bulardan kechirim so‘rayman. Bular ham kechirishmayapti, Xudo ham kechirmayapti. Seni ham Xudo urib qo‘yganga o‘xshaydi. Qariganingda qishloqdagi uyni nima qilasan? Go‘ringga orqalab ketasanmi? Ket, endi bu yerlarga boshqa kelmagin.
– Jinni bo‘psan! Qishlog‘imni ko‘rishga ham haqim yo‘qmi?
– Endi sen bu yerlarga begonasan.
– Shunaqami? Buni hali ko‘ramiz!
Shasht bilan yurmoqchi edi, Mirhosil chaqqonlik qilib, yo‘liga g‘ov bo‘ldi:
– Qayoqqa?
Yo‘lidagi to‘siqni bir zarb bilan mahv etib o‘tishga ko‘zi yetmagan Adolat xuddi ko‘mak istaganday o‘g‘li tomon qarab oldi. Shishaning yuqini tomchilatib quyayotgan Telmanning onasi bilan mutlaqo ishi yo‘q edi. Adolat chorasizligini oshkor qilmaslik uchun zaharxanda qildi:
– Men Po‘latni ko‘rishim kerak.
– Shu yerdan qaytasan. Ana, sheriging ham o‘tiribdi, o‘tolmay.
Telman onasidan ko‘z uzmagan holda aroqning yuqini ichib olgach, “Mamul nokaut”, deb kuldi. Adolat bu hukmni eshitsa ham e’tibor bermay, Mirhosilni chetlab o‘tmoqchi bo‘lganida Rixsini ko‘rib to‘xtadi. Rixsi ham uni ko‘rib ajablanganicha to‘xtadi, keyin o‘zini qo‘lga olib, og‘ir-og‘ir qadamlar bilan yurib kelib, sal narida to‘xtab salom berdi. Bu holatdan ajablangan qariyalar chekinib, ikki ayolni bir-biriga ro‘para holida qoldirdilar. Butunlay chetga chiqishga hech birining istagi bo‘lmadi.
Adolat salomga alik olmay, Rixsiga o‘qrayganicha turdi. Bundan g‘ashlangan Rixsi unga tik qaramay, yana so‘rashdi:
– Adolat opa, keling…
– Sen ham shu yerdamiding? Ha… qayerda ham bo‘larding… Bu qopag‘onlarni sen bog‘lab qo‘ygan ekansan-da?
– Unaqa demang, yaqinginada eshitib kelishdi.
– Po‘latga nima bo‘ldi?
– Yuraklari sal…
– Unda yurak borligini ikkinchi marta eshitishim. Bir marta sen yuragidan uruvding. Mana endi yuragining mazasini qochiribsan. Nima qilib qo‘yding o‘zi? Axir, sen… – ko‘zlarini suzib qarab, piching ohangiga o‘tdi: – yaxshi xotin eding-ku? Tuzukroq qarasang o‘larmiding?
– Xudo bergan dard-da, men nima qila olardim?
– Meni qo‘yib senga uylansa, xuddi ming yil baxtiyor yashaydiganday edi. To‘kib qo‘yibsan-ku? Men shunaqa bo‘lishini bilardim. Shunaqa yotganini ko‘rishga orzumand edim. Hali bundan battar xor bo‘lishi kerak.
– Yomon niyat qilmang, opa, Xudo saqlasin!
– Yomon niyat yoqmaydimi senga, o‘sha paytda meni yomonotliq qilganlaring-chi?
– Sizni yomonotliq qilmaganmiz. O‘zingiz… meni o‘g‘riga chiqargan edingiz.
– To‘g‘ri, o‘g‘ri eding. Sen mening eng noyob narsamni o‘g‘irlading: sen er o‘g‘risisan.
– Yo‘q, opa, men o‘g‘ri emasman. Siz “noyob narsa” deyapsiz. Po‘lat aka narsa emaslar. Lekin siz u kishini narsa sifatida chiqitga chiqaruvdingiz. Sizning eringiz Po‘lat aka emas, amal stoli edi. Oilangiz ham, bolangiz, eringiz ham mansab edi.
– Valdirama. Tillaring uzayib qolibdimi? Seni ishga olib, odam qilmaganimda yurarding o‘sha yirtiq kalishingni sudrab. Sen kotiba emas, ayg‘oqchi eding. Men haqimdagi hamma mish-mishlarni sen tarqatgansan. Seni o‘shanda qamatmay chakki qilgan ekanman. Qamoqda chirishing kerak edi.
– Tepamda Xudo bor. Shu yoshga kirgunimcha ham tilimni tishlab yashadim. Sizga otilgan tayoqning bir uchi Po‘lat akamga tegardi. Shuning uchun ko‘rganlarimni ko‘zlarim ortiga yashirib qo‘yaverganman.
– Bo‘pti, yaxshi, men Po‘latni ko‘rib, gaplashishim kerak.
– Do‘xturlar qo‘yishmaydi. Ular ruxsat bersalar ham men qo‘ymayman.
– Anavi, – Telman tomon bosh irg‘adi, – Po‘latning o‘g‘li, otasini ko‘rishga haqi bormi?
– Haqi yo‘q. Shu paytgacha otasini bir marta yo‘qlamagan o‘g‘il o‘g‘ilmi?
– Otasining ostonasida bir jodugar bor edi, shuning uchun kelolmasdi.
– Shunaqami?.. – Rixsi og‘ir-og‘ir nafas olib, endi unga tik qaradi. – Jodugar hali ham poylab o‘tiribdi, bekor kelibsizlar.
Adolatning nazarida boshidagi baxt tojini Rixsi ayovsiz qo‘llari bilan yulib olib, o‘z boshiga qo‘ndirib olganday edi. Shu bois nafratini sochishdan tiyilmadi. Qalbi tosh, mehr cho‘g‘i o‘chgan, aql shami ham jimgina o‘chib borayotgan bu xotindan yana nima kutish mumkin?
– Yana bir qaytar: jodu-gar! Chiroyli aytding. Sen chindan ham jodugarsan. Erimni jodu qilib olgansan. Po‘lat faqat meni yaxshi ko‘rardi. Yoshlikda bergan ko‘ngildan hozir ham kecha olmaydi. Sen buni tushuna olmaysan. Senga nafsni qondirishga bir er bo‘lsa bo‘lgani. Men Po‘latning urushdan qaytishini kutdim, qamoqdan qaytishini kutdim… Balki, kutadigani bor bo‘lgani uchun ham tirik qaytgandir, a? O‘shanda qancha er chiqdi, tegmadim. Sen yulib olganingdan keyin ham er qilmadim. Chunki menda yurak bor, muhabbat bor. Sen bunaqa tuyg‘ularni tushunmaysan. Sen eski kalishini sudrab yuruvchi qoloq xotinsan.
“Ginalarim ko‘zyoshlarim singari behudadir”, deb hisoblagan Rixsi “Taqdirda bor ekan-da, ta’naning foydasi yo‘q”, deb yashashga ko‘nikkan edi. Xavotirli yuragi qalqib turgan onda Adolatga qarshi gap aytgisi keldi:
– To‘g‘ri, opa, men ko‘p narsalarni tushunmayman. Hozir ham hayron bo‘lib turibman. Siz o‘zingiz ham ishonmaydigan gapga meni ishontirmoqchisiz. Siz uchun er oshiqcha bir bo‘yinturuq edi-ku? Siz erkinlikni yaxshi ko‘rardingiz. Esingizdami, ajrashganlaringizdan keyin “Xudoga shukur, endi men erkin qushman!” deb xoxolab kulgan edingiz. Siz o‘shanda uchishga ko‘ngil qo‘ydingiz-u, bir kuni qo‘nishingizni o‘ylamadingiz. Sizning ichingiz alamu nadomatga to‘lib ketgan, ammo yorila olmaysiz. Siz bu dunyoda hamma narsadan ayrilgansiz. Alamingiz shundan. Cho‘kayotgan odam xasga tirmashadi, deyishadi.
Rixsi nozik joydan tutdi: ishq faslining o‘lchog‘li ekanini bilmagan Adolat chindan ham o‘sha paytlar o‘zini g‘oyat mas’ud hisoblardi, holbuki, umrini puch xayollar zindonida o‘tkazayotgan edi. Bu zindon eshigi qulfloqlik. Yopiq eshik ostonasida iblis poyloqchi edi. Hayoti bo‘m-bo‘sh ekanini fahm etmas, qulf ochqichini topishga urinmasdi. Puch xayollar zindonidan ozodlikka chiqqan xotinni nima kutadi? Baxtiyorlik yo‘lini to‘sib qo‘yganlikda ayblab, shum taqdirni la’natlay-la’natlay kun ko‘rishmi? Azobli oxiratga duch kelganida ham, aybni boshqalardan qidirib yuribdi. Umrini bekorchi havaslar shamolida sovurib qarigan xotinning qalbi uyg‘onishiga, mehr chashmasi toshib chiqqaniga kim guvoh bo‘lgan?
Rixsi shu paytgacha Adolat bilan teppa-teng olishmagan edi. Uni mute ayol, deb yurgan Adolatga keyingi gaplar betga sochib yuborilgan cho‘g‘lardek ta’sir qilib, sachrab ketayozdi, unga qattiq tikildi: och nigohi qorachiqlarning ortiga yashiringan sirlarni kovlab olishga qasd qilganday edi.
– Nima demoqchisan, Po‘lat xasu, men tirmashuvchimanmi? Bekor aytibsan. Qo‘rqma, eringni sendan tortib olmayman.
– Uyni-chi?
– Ha… sening tashvishing shumi? Ko‘chada qolishdan qo‘rqyapsanmi? Aqling baloga yetar ekan-ku, a? Erimni tortib olayotganingda nimani o‘ylovding? Uyli-joyli er topib tegsang o‘larmiding? Menga uy kerakmas. Lekin shu keraksiz uyni sendan tortib olaman. Ko‘chada xor bo‘lib yurishingni bir ko‘rish uchun ham qaytarib olaman.
– Adashyapsiz. Uysiz xotin xor bo‘lmaydi. Vaqtida boshqalarga mehr-oqibat ko‘rsatmagan odam xor bo‘ladi. Uyni sotib olish yoki sotib yuborish mumkin, mehr-oqibat sotilmaydi, tillaga ham topilmaydi. Yana oilasining qadriga yetmagan odam ham xor bo‘ladi. Xudoga shukur, mening oilam bor. Mehr ko‘rgizadigan yaqinlarim bor. Qarang, o‘zingiz bilgan shu ulfatlar bizni ko‘chada qoldirisharmikin? Siz bu uyni bizdan tortib oling-chi, o‘sha daqiqada hammalari uylarini bizga bo‘shatib berishadi. Siz bizning xorlanganimizni ko‘rolmay dog‘da qolasiz. Bizga xorlik tilaguncha Xudodan so‘rang, opa, o‘zingizni xorlikdan asrasin. Oila degan ne’matni sizga ham nasib etsin.
– Meni erga bermagan faqat sen qoluvding.
– Oila faqat erdan iborat emas-ku?
– Bo‘ldi, bas qil, aqlingni saqlab qo‘y. Boshqa joyda asqotadi. Qani, nari tur, men Po‘latni ko‘rib chiqayin.
Rixsi yo‘lni to‘sdi:
– Kirmaysiz, uyingizni olsangiz oling, ammo dadasini hozir bezovta qilmaysiz.
– Mening boshqa gaplarim ham bor.
Adolat sho‘rlik qalbi shu ayol tufayli oyoq osti qilingan, deb hisoblardi. Ha, qalbini “sho‘rlik” deyish haqiqatga ancha yaqin. Lekin buning Po‘latdan ajralganiga hech bir daxli yo‘q. Bu qalbda muhabbat yo‘q edi. Uning sho‘ri shundan… Buni bilmaydimi? Biladi! Faqat tan olgisi kelmaydi…
Ikki ayol orasidagi gap olishuvini davom ettirishda ma’no yo‘qligini anglagan ulfatlar izlariga qaytib, Adolatni o‘rab oldilar.
– Hoy, Adol, bo‘ldi, xiralik qilma. Ket degandan keyin ketovur-da. Darding uy bo‘lsa, bor ana sudga! Sudni sotib olish qo‘lingdan kelsa, uyni ham olasan. Oma uyni buzib, g‘ishtlarini bitta-bitta tashib ketasan, – dedi Mirhosil. Bu gap Turg‘unga ma’qul kelmay, uni qayirib tashladi:
– Xom gaplarni aytma! Uyni buzarmish… Qani, qadam bosib ko‘rsin-chi! Hoy, sen Adolmisan yo shoqolmisan, nimasan?
– Hali ham itliklaring qolmabdi. Bitta xotinni itday talashdan uyalmaysanlarmi?
Onasining bu gapidan sergaklangan Telman sapchib turib, unga yaqinlashdi:
– Mamul, kim itday talayapti? Skaji, lichno o‘zim gaplashaman.
– Hey, mayda qadam, bor, joyingga o‘tir, yana yayib qo‘ymayin, – dedi Mirhosil.
– Kak yayib qo‘yasiz? Mamul, skaji…
– Fu, protivniy. Bor joyingga, sami razberemsya.
– Mamul, ti tolko skaji, men bularni kak lepeshka qilib tashlaymi?
O‘choqboshidagi ishini tamomlagan Obid yigitning bu qilig‘i kamida bir shapaloq yoki musht bilan siylanishini anglab “Telmanjon, bu yoqqa kel-chi, jigarim”, – deb chaqirdi-da, o‘ng qo‘lida choynakni ko‘tarib, chap panjasining ko‘rsatgich barmog‘i bilan tomog‘ini chertib qo‘yib, ma’noli ravishda imladi. Telman bu sirli imoni darrov anglab, onasini himoya qilish uchun turganini ham unutdi-yu, o‘choqboshi tomon yurdi. Obidning qo‘lidan choynakni olib, qopqog‘ini ochib hidladi. Keyin burniga ishonmay, jo‘mrakdan simirdi. To‘rt ho‘plam yutgach, chuqur nafas olib, valine’matiga qarab mamnun jilmaydi:
– Gap yo‘q, bratan.
– Shu tag-tugi bilan senga, joyingga borib, tek o‘tir, uqdingmi?
Bu in’om topshirilgandan keyin Telmanga “tek o‘tir” deyish shart ham emasdi. Shokir uning harakatini kuzatib, Obidga norozi qiyofada bosh chayqab qo‘ygach, Adolatga yuzlandi:
– Adolat, sen amaldor xotin bo‘lganingni unut. Oddiy xotin kepatasiga tush endi. Umring g‘irromchilik bilan o‘tdi. Endi halollik ta’mini ham tatib yashagin.
– Domla, bularning ichida tuzukrog‘i sen eding. O‘ylab gapiryapsanmi? Meni g‘irrom dedingmi?
– Ha, shunaqa dedim. Buni o‘zing ham bilasan, lekin tan olging kelmaydi. O‘ninchi sinfda o‘qiyotganingda nima uchun orden olgan eding?
– Mehnatimga yarasha olganman. Paxtani yaxshi terardim.
– Yaxshi terarding, lekin kuniga uch yuz kilo termagansan. Sen uchun terib berishardi.
– Siyosat shunaqa edi. Ayb menda emas. Domla, sen eskilikni titma.
– Sen ham o‘pkangni bos. Sening dardingga bu yerda davo yo‘q. Po‘lat bilan uchrashganingda ham hech nimaga erisha olmaysan. Uyni da’vo qilsang, “Ana, ol!” deydi. Shu yoshga yetganida kim uy talashadi, esing bormi?
– Mening boshqa gapim bor bu o‘g‘rilarga.
– O‘g‘ri? Nimangni o‘g‘irlashdi?
– Manovi, – barmog‘ini Rixsi tomonga bigiz qildi. – Erimni o‘g‘irladi. Po‘lat yoshligimni o‘g‘irlagan.
– Qo‘ysang-chi, Adolat, bular o‘g‘irlagani yo‘q, o‘zing arzon-garovga sotding.
Shokirning bu gapi cho‘g‘ ustiga suv sepganday bo‘ldi. Adolatning tutashdan bo‘lak chorasi qolmadi. Po‘lat qamalganida hijron dardida sochlarini yulmagan edi. Chunki yuragi o‘sha yillari go‘yo sharob to‘ldirilgan kosa edi, endi esa egasiz bo‘sh yotoq kabi… Goho ravshan, goho xira olamda dabdabalar misli momaqaldiroq kabi o‘tdi-yu ketdi.
Ro‘yobga chiqmas umidlar po‘rtanasiga sho‘ng‘igan nodon baxtini topa olarmidi?
O‘shanda Po‘lat qalbi eshigini ochgan edi, Rixsi kirdi va to‘laligicha egalladi. Adolatga o‘rin qoldirmadi. Xiyonati tufayli bu qalbni tashlab chiqqan Adolat endi do‘zax eshigini qoqarmi? Ma’shuqning hajrida intizorni anglasa edi, tili tavbaga kelar, so‘ng umrida picha halovat topa olardi.
Alhol, haqiqat bular tomonida bo‘lganidan keyin gap talashib nimaga erishar edi?
Adolatga mana shu chorasizlik iskanjasi azob bera boshladi. Sukutning davom etishi yaxshilik alomati emasligini fahmlagan Shokir hukmini bayon qilib qo‘ya qoldi:
– Bo‘ldi endi, hamma o‘tirsin, bu yerda g‘alva qilmaylik, – so‘ri tomon yura turib Turg‘unga o‘girildi: – Obidga qarashib yubora qol, oshni suzaversin. Adolat, sen ham o‘tir, hammamiz oshni yeb, keyin tarqaymiz.
Bu gap Mirhosilga yoqmadi:
– Sen oshni yeginu, manov ikki moxovni olib, o‘zing tarqayver. Biz qolamiz.
Shokir “Bo‘pti, oshdan keyin gaplashamiz”, deb gapni qisqa qildi-da, Rixsiga yaqinlashdi:
– Biz bilan o‘tirasanmi?
– Yo‘q, yo‘q, bora qolay.
– Bir kosa suzib bersin.
– Voy, osh mumkinmas hozir u kishiga.
– Nasibadan qaytma, Po‘lat yemasa, o‘zing tatib ko‘rarsan, do‘xtirlarga berarsan.
Shokir kosaga osh suzdirgach, uni bir necha qadam kuzatib borib, sekin so‘radi:
– Nimaga chiqqan eding, biron nima bo‘ldimi, yashirmay aytovur.
– Dadasi shu yerga yig‘ilganlaringizni bilib, “chiqib salomimni aytgin, “jo‘raboshilik amalini boshqaga beradigan ahmoq yo‘q, deyaptilar deb alohida aytgin”, dedilar.
Shokirga shu javob kifoya qilib, boshqa savolga tutmadi. Ancha cho‘kib qolgan, og‘ir-og‘ir, bir-bir bosib uzoqlashayotgan ayolning izidan qarab o‘yga toldi: “u xok emas, g‘ubor emas, kul ham emas, joni bor, g‘amlarini birovlarga ulashmaydigan tirik jon u. Rixsi… o‘tli hasratlarining fig‘onlari quyosh botgani kabi, kechaning sukutiga g‘arq bo‘lib keta olarmikin?.. Bu mushtiparning vayrona ko‘ngli umidi nima bo‘lishi mumkin?”
Katta lagan ulfatlarga, kichikrog‘i To‘lqin o‘tirgan so‘riga qo‘yildi. Adolat ularga nafrat bilan qarab turgach, ilojsizlik bilan To‘lqinga sherik bo‘ldi. U tomonda o‘tirganlarda ham, bularda ham ishtaha yo‘q edi. Hatto baquvvat-baquvvat oshalaydigan Mirhosil ham cho‘qilab-cho‘qilab o‘tirdi. Osh ustida ortiqcha gap-so‘z bo‘lmadi. Mirhosil choyxona tomon qarab-qarab qo‘yish bilan cheklandi. Oshnasining avzoyi chatoqligini sezgan Turg‘un uni kuzatib, sergak ravishda o‘tirdi. Bir o‘zi o‘tirib zerikkan Telman esa o‘rnidan turib deraza osha ichkariga qaradi-da, Obid in’om etgan choynakni ko‘tarib eshikka yaqinlashganda ostonada choyxonachi yo‘lini to‘sdi.
– Ha, birodar, yo‘l bo‘lsin?
– Biz ham erkakmiz, bratan, bir qo‘l tortamiz.
– Birodar, joyingizda tinch o‘tirovring, – dedi choyxonachi ulfatlar tomon xavotir bilan qarab qo‘yib. Ostonada boshlanayotgan mojaroni ko‘rib, Joker dik etib o‘rnidan turdi-da, choyxonachini chetga surib, Telmanga o‘zi ro‘para bo‘ldi:
– Ha, akaxon, tinchlikmi?
– Erkak, bir qo‘l tashlayman.
– Sizni kim chaqiruvdi?
– Kim chaqiradi? Ti chto, bratan? Sen inson huquqini poymol qilma. Yo mentmisan? Kim xohlasa o‘ynaydi. Men kimman, bilasanmi? Telman porkerni eshitmaganmisan? Butun Toshkent meni ko‘rganda titraydi.
Joker uning “poker”ni “porker” deyishidan kulib, piching qildi:
– Pul bormi, “porker”?
Telman cho‘ntagini kovlay-kovlay onasi tomon qaradi:
– Mamul, babki davay, hozir men bularga seans beraman.
– Akaxon, ozgina damingizni olib turing. O‘yin hali boshlanmadi.
– Kak boshlanmadi? O‘zim ko‘rdim-ku?
– Ko‘rganingiz boshqa… bekorchilikda pirra tashlab o‘tiribmiz.
– Porker ham bo‘ladimi?
– Bo‘ladi, boshlanganida o‘zim chaqiraman. Qani, yuzta-yuzta otaylik.
– Okey! Menda pul bor. Anavi vedma mening mamulyam, unda kucha deneg.
– Bo‘ldi, dedim-ku, o‘yin boshlansin…
Joker Telmanni qo‘lidagi choynakni olib, qo‘ltiqlaganicha hozirgacha o‘tirgan joyiga qaytargach, piyolani to‘ldirib aroq quyib beradi. Telman ichdi-yu, labini artishga ham holi qolmay, boshini qiyshaytirganicha qotib qoldi. Joker “qarab turing” degan ma’noda choyxonachiga imlab, o‘zi ichkariga kirib ketdi. Sal turib, choyxona tomon uch kishi o‘tdi. O‘tirganlar ularga e’tibor qilishmadi. Xavotiri kuchaygan choyxonachi ulfatlarga ikki choynakda qaynoq choy keltirib, ularning nigohlarida norozilik ifodasini ko‘rmagach, sal tinchib, o‘choqboshiga bordi-da, kosalarga sho‘rva suza boshladi.
Osh yeyilib fotiha o‘qilgach, Mirhosil “endi ketasanmi?” deganday Shokirga qaradi. Shokir bu qarashning ma’nosini anglagan bo‘lsa-da, javob bermadi. Mamasoli narigi so‘riga o‘tib, belbog‘ini joynamoz qilib, xufton namozini o‘qib oldi.
Eski gaplar boshqa qo‘zg‘almadi. Bir-birlaridan arazlaganday kamgap bo‘lib qolishdi. Mirhosil bunday davrada o‘tirsa, yuragi tars yorilib ketardi. Hozir ham shunday bo‘ldi, joyida bir-ikki qimirlab olgach, so‘rining yuqori tomoniga surilib, yonboshladi. Agar kimdir birov “bag‘ritoshsan”, desa, ranjiydigan, biroq inson yuragi bilan o‘ynab, ozor berib qo‘yayotganini o‘zi sira fahm etmaydigan bu odamni o‘jarlik otidan tushira olish haligacha hech birlariga nasib etmagan. Turg‘un oyoqlarini uzatib, tizzalarini uqalay boshladi. Shu zaylda barchalari oldinma-keyin o‘zlariga mos tarzda joylashib, pinakka ketgan paytlarida Po‘lat ko‘rindi. Oshnalarining ahvolini ko‘rib, sal berida to‘xtadi. Izidan kelayotgan Rixsi atrofga alanglab olib, xavotirli ovozda dedi:
– Voy, dadasi, do‘xtirlar bilib qolishsa, hamshira qizni xafa qilishadi-ya?
– Do‘xtirlar uyg‘ongunicha joyimga qaytib yotib olaman. Ayasi, sen tushungin, oshnalarimni ko‘rmasam bo‘lmaydi. Juda-juda sog‘indim.
– Bir kunda-ya?
– Sen bir kun deysan, menga bir umr bo‘lib tuyulyapti. Sen bularga qara-ya, meni deb shu yerda yotishibdi. Demak, men chakana odam emas ekanman, a? Sen “qo‘rqib ketdim”, deysan. Nimadan qo‘rqding? O‘lib qolishimdanmi? Be, shunday oshnalarni tashlab, xayr-ma’zurni nasiya qilib ketsam, insofdan bo‘ladimi? Qiyomatda ko‘rishganimda, “Ha, nomard, shunchalik shoshib turganmiding?” deyishmaydimi? Ayasi, sen balki ishonmassan, oma, yotganimda oshnalarimni bir-bir ko‘rdim. Do‘xtirlar meni “o‘ldi”, deb o‘ylashdi. Oma, men ularning hamma gaplarini eshitib yotdim. Yotishim ham g‘alati bo‘ldi: karavotdan shiftga qarab ko‘tarildim. Do‘xtirlarning ishlarini ko‘rib turdim. Keyin xuddi barg qo‘nganday asta qo‘ndim.
– Do‘xtirlar ham qo‘rqib ketishdi.
– Jon chiqish oson emas ekan, ayasi. Borliq bilan yo‘qlik masofasi uzoqmas, hatto bir qadam emas, faqat yupqa parda bilan to‘silgan, oma o‘sha parda ortiga o‘tish ham zahmat ekan. Biz butun umr shu parda tomon yuramiz. Bu bir chimildiqqa o‘xshaydi, ayasi. Uy chiroyli yasatilgan bo‘lsa ham, yurak shu chimildiqqa qarab intilaveradi.
– Sizga atalgan balolarga men boshimni tutib berayin.
– Unday dema, ayasi. Avval men ketay. Sendan keyin qolsam, jinni bo‘laman, xor bo‘laman.
– Obid oshnangiz xorlatib qo‘ymas.
– Tegishyapsanmi yo jiddiy aytyapsanmi? Tegishib ham aytma bunaqa gapni. Ko‘kteraklik Sarimsoqni hech kuzatganmisan? Ostonasida aftodahol bo‘lib o‘tiradi. Tirik o‘likning o‘zi. Xotinidan keyin shunaqa bo‘lib qolgan. Meniyam shunaqa bo‘lishimni xohlaysanmi?
So‘ri tomon sharpasiz yurib, Adolat bilan To‘lqinga ko‘zi tushgach, xotiniga ajablanib qarab oldi:
– Bu kim, To‘lqinmi? Adolat… Bularning kelganini aytmovding?
– Ko‘nglingizni xira qilgim kelmadi.
– Chakki o‘ylabsan. To‘lqin bilan oramizda gina-kudurat yo‘q. Sen uning yoshligini bilmaysan. Kimga yordam kerak bo‘lsa, birinchi shu yugurardi. Bir marta soyga cho‘kay deganimda, tap tortmasdan o‘zini suvga tashlagan. Suzishni menchalik ham bilmasdi. “O‘zim suzishni bilmayman-ku, buni qanday qutqardim?” deb o‘ylamagan ham. Balki, Xudo shu mehri evaziga ikkovimizni qutqarib qolgandir, a? Lekin bir marta qo‘rqoqlik qildi. Balki, ko‘ziga bolalari ko‘ringandir? Qo‘rqoqlik nima, bilasanmi? Kasallikmi? Shunaqasi ham bor. Oma buniki kasallik emas. Uning qo‘rqoqligi – ongning bir nafasdagi xiralashuvi edi.
– Oshnalaringiz “Xizmatiga yarasha Xudo jazoladi”, deyishadi.
– Unday dema, ayasi. Menga bir marta yomonlik qilgan bo‘lsa ham, uning bunday holga tushishini xohlamaganman. Qarg‘amaganman. Men umrining oxirigacha yaxshi yashab, oqibatda baxtli o‘lim topishini istaganman.
– Baxtli o‘lim? Qiziq. O‘limning ham baxtlisi, baxtsizi bo‘ladimi?
– Bo‘ladi, ayasi, bo‘ladi. Oilasining huzurida jon berish, so‘nggi so‘zini aytib o‘tish – baxtli o‘lim. Izidan la’nat toshlari otilmasligi ham, odamlarning yaxshilik bilan eslashlari ham baxtli o‘lim. Shu qutlug‘, keng dunyoda kimning o‘lgisi keladi? Odamlardan mangu judo bo‘lishni kim istaydi? Mangu yashash hech kimga nasib etmagan, ayasi… Ammo tirik qalblarga ko‘chib yashamoq mumkin. Mana shunday oqibat muhim…
Shivir-shivir qulog‘iga urildimi yo yomon tush ko‘rdimi, Turg‘un cho‘chib bosh ko‘tarib, atrofiga alangladi. Po‘latni ko‘rib, ko‘zlariga ishonmasdan so‘radi:
– Po‘lat, senmisan?
– Menman, oshnam, menman. Yotovrib, yuragim tors yorilay dedi. Oshnalarimni bi-ir yo‘qlay, deb o‘g‘rincha chiqib kelovurdim.
Turg‘un shoshilib o‘rnidan turib, pastga tushdi-da, oshnasini quchoqlab oldi. Ular ko‘rishayotgan onda boshqalar ham birin-sirin uyg‘ondilar.
Ro‘parada so‘lagi oqib yalpayib o‘tirgan Telman harakatsiz…
Ichkarida qimor o‘yini boshlab yuborilgan…
Po‘lat yuqoriga chiqishga unamay, so‘ri chetiga omonat o‘tirdi.
– Ha, oshnajon, nima bo‘ldi? – deb so‘radi Shokir.
– Nima bo‘lganini o‘zim ham bilmayman. Nazarimda, u dunyoga borib kelganday bo‘ldim.
– U dunyoga borgan bo‘lsang, enangdi ko‘rgandirsan, a? – dedi Mirhosil xushchaqchaq ohangda. Bunga javoban oshnalari, “hazilning o‘rnimi?” degan norozi qiyofada qarashdi. Payrovni davom ettirishga hamisha ishqiboz bo‘lgan Turg‘un esa imkoniyatini boy bermadi.
– O‘zinikini ko‘rishga fursati bo‘lmabdi, – dedi tomog‘ini qirib olib. – Oma sening enangdi aniq ko‘ribdi. Enang naq do‘zax bilan jannatning orasida u yoqqa-bu yoqqa o‘tayotganlarning yuzlariga don sochib o‘tirganmish. Ikkala tomon ham cho‘tirga to‘lib bo‘pti. Boradigan bo‘lsang, yakkalanib qolmaysan.
Bu javob Po‘latga xush yoqib xoxolab kulib yubordi. Uning bu huzurlanishi oshnalariga ta’sir qilib, ular ham rohatlanib kuldilar.
– Endi kulgidan tashqari aytsam, uchib yurganday bo‘ldim. Shu yerdan ham uchib o‘tdim. Rixsi aytmasa ham, shu yerdaliklaringni bildim. Oma, bu yerdan uchib o‘tayotganimda hali yetib kelmagan edilaring.
– Ha, uchib bo‘lguningcha hammamiz yetib keldik. Chaqirilganlar ham, chaqirilmaganlar ham, – Mirhosil shunday deb To‘lqin bilan Adolatga ishora qildi.
– Hosil, o‘sha uchib yurganimda senga bir gap aytdim, sen eshitmading. Yo eshitdingmi?
– Qanaqa gap?
– To‘lqin bilan ikkovingga tegishli.
– Yarashishmi? Ming marta aytgansan.
– Bunisi ming birinchisi va oxirgisi, – o‘rnidan turib qo‘shni so‘riga yaqinlashdi-da, To‘lqinning qo‘lini olib, Mirhosilni chaqirdi. – Beri kel. Bolaligimizda pokizaroq, aqlliroq ekanmiz. Bir kunda o‘n marta urishib, o‘n marta yarashardik. Gina-kudurat saqlamasdik. Jimjiloqlarimizni qovushtirib birimiz “qilichmi, to‘qmoq?” derdik. “Qilich” deyilsa, “qirq yilgacha”, “to‘qmoq” deyilsa, “to‘qson yilgacha o‘rtoq”, deb o‘zimiz hukm chiqarardik. To‘qson yillik hukm ba’zan bir soatga bormasdi. “Po‘m” chiqaraverardik, yarashaverardik. Arazimiz jiddiyroq bo‘lsa, boshqamiz oraga tushardik. Shular eslaringdami? Endi bu dunyoda ko‘rgan-kechirganlarimizni chetga uloqtirib, bolaligimizga qaytaylik: Hosil, qilichmi yo to‘qmoqmi?
– Po‘lat, endi orqaga qaytib bo‘lmaydi. Singan chinniga chega urganing bilan izi qoladi.
– Sen o‘sha izini ham unut. To‘lqin, qilichmi to‘qmoqmi?
– To‘qmoq – to‘qson yilgacha o‘rtoq. Buning zahar tiliga o‘rganib ketganman, gaplarini malol olmayman. Buning gaplariga yana to‘qson yil bemalol chidashim mumkin.
Turg‘un turib kelib, Mirhosilning biqiniga asta turtdi. Mirhosil o‘jarlik payti emasligini angladi.
– Bolaligingda ham ayyor eding, cho‘tir. “Xo‘p” deging kelib tursa ham , “yo‘q”, derding.
– Xo‘p. Yigit kishining sazasi o‘lgunicha, zambarakning xartumi sinsin. Qilich. To‘qim bilan yana qirq yil oshnachilik qilishning o‘zi bo‘lmaydi.
– Ha, ana, qoyilman! Ulfatimizdagi xato qator to‘ldi. Jam bo‘ldik. Endi ko‘rishinglar. Suyunchisiga bitta palovxonto‘ra mendan.
Po‘latning har bir so‘zini diqqat bilan tinglayotgan, harakatini ziyraklik bilan kuzatayotgan Shokirning qalbi to‘lqinlandi: “Hayot chig‘iriqlaridan ming bor o‘tgan jafokash, yuragi qiyma-qiyma, chilparchin, alamdiydaning dardi o‘ziga yetmasmidi? O‘zganing qayg‘usiga sherik bo‘lishi nimasi?”
Po‘latning ishidan mamnun bo‘lgan To‘lqin pastga tushib, qulochlarini yoydi:
– Kel, oshnam, cho‘tir betlaringni sog‘inib qolganman.
Mirhosilning o‘jarligini qo‘ymay, sovuq ko‘rishishidan norozi bo‘lgan oshnalar bosh chayqab qo‘yishdi-yu, tanbeh bermadilar. Po‘lat esa bu holni sezmaganday bo‘ldi.
– Endi yarashtirish navbati mengami? – Mirhosil quvlik bilan ko‘z qisib, Adolatga ishora qildi.
– Biz urishmaganmiz, yarashtirishingning hojati yo‘q. Adol, sen bekorga urinibsan.
– Men senga butunlay begonamanmi? Bular-ku, aslida, yetti yot begona. Men har holda xotining edim. Bular bilan oralaringda quruq gapdan bo‘lak hech vaqo yo‘q. Bizning oramizda esa… o‘g‘il bor.
Adolat Telmanga qarab oldi. Po‘lat e’tiborsiz ravishda bir qarab qo‘ydi.
– Ha, o‘g‘lingga qaraging ham kelmayaptimi?
– Vey, Adol, buningga kimning qaragisi keladi? – deb gapga qo‘shildi Turg‘un.
– Sen qaramay qo‘yaver. Po‘lat bilan mening o‘rtamda xotira ham bor.
– Xotira dedingmi? Xotiraning o‘zi nima, Adolat, bilasanmi? Xotira – rohatmi yo azobmi? Insonga xotira nima uchun kerak? Men uchun xotira azobidan battarroq azob yo‘q. Ba’zan o‘tib ketgan marhumlarga havasing keladi, ba’zan ularning izidan jo‘navorging keladi. Ba’zan esa xotirlamaslik uchun ongsiz jonivorga aylanib qolging ham keladi. Domla, nima deysan, yo men yanglishyapmanmi?
– Xotira mavhum narsa emas. Tushkun holat ham emas. Xotira – bir to‘lov, insondan tortib olingan eng qimmatbaho narsa uchun to‘lovdir. Boshqacha aytsak, xotira – insonning ojizona boqiyligidir.
– Yaxshi aytding, domla. Xotira – o‘limning qilmishi uchun tiriklarga berilgan ayanchli in’om.
– Ja-a yuraklardi siqvordilaring-ku! – dedi Shojalil. – Ikkoving gaplashadigan bo‘lsalaring yuragim to‘xtab qolganday bo‘lovradi.
– Picha to‘xta, Jalil, dardimni to‘kvolay. Ilgari aytmas edim. Oltmish yildan beri yuragimning bir chekkasi yiringlab, azob beradi menga. Uni necha ming marta tushimda ko‘rgandirman. Men uning faqatgina qotib qolgan ko‘zlarini ko‘raman. Shu topgacha qaytib kelarmikin, ko‘rarmikinman, deb umid qildim.
– Kimni aytyapsan? Sa’dullani emasmi?
– Ha, Sa’dullani. Biz uni bosmachining o‘g‘li, deb hisobladik. Otasi Xolxo‘janing yigitlaridan edi. Dadamning qizillardan bo‘lganlarini bilasanlar. Dadam uning otasini o‘ldirmaganlar. U Qashqarga o‘tayotganida ko‘chki ostida qolib ketgan. Odamlar “otasini o‘ldirib, bolasini o‘g‘il qilib oldi”, deb bekor aytardilar. Sa’dulla bu gapning yolg‘onligini yaxshi bilardi. Adol, sen Sa’dullani sevar eding?
– Bo‘lmagan gap, men seni yaxshi ko‘rardim…
– Sen unga o‘chakishib, meni yaxshi ko‘rgansan. Senga qaramagani uchun o‘zingcha o‘ch olgansan.
Ha, sevmasligini bilar edi, o‘zini ko‘p aldadi. Adolat uning ko‘zlarini termiltirib, dilini qiyma-qiyma qildi. U jon rishtasi bo‘lolmadi, birga in qurisholmadi. Po‘lat Adolatga jonni sadqa qilsa ham, u muz edi, cho‘g‘ berolmadi, qalbi chanqog‘ini bosa olmadi, qurishqoq lablariga sevgining hayotbaxsh suvini tomizolmadi. Bu haqiqatni Po‘lat ilgari aytmagan edi. Shu sababli bu gap Adolatning yuragiga bigizday sanchildi:
– Menmi? O‘ch olganmanmi? Po‘lat, jinni bo‘libsan! – dedi ovozini ko‘tarib.
Po‘lat uning nafratga to‘la ko‘zlarini ko‘rishni istamay, boshini burdi. Uning o‘rniga Mirhosil javob berdi:
– Adol, mening aniq esimda, Sa’dulla komsomolga kiraman, deb ariza berganida sen majlisda gapirgan eding: “Bosmachining o‘g‘liga oramizda o‘rin yo‘q”, degan eding.
– Degan bo‘lsam, to‘g‘risini aytganman.
– Po‘latga taqagan ayblaring ham shunaqa edi.
– Hosil, bu gapni qo‘y, Adolga da’vo yo‘q, hozir men o‘zimni ayblamoqchiman.
– Sen unda gapirmagan eding.
– Hamma balo shunda. Birovga yomonlik qilmagan odam – yaxshi odammi? Birovga yaxshilik qilmagan odam-chi? Shunisi yomonroq emasmi? Men indamay turib, Adolning gaplarini ma’qullaganman. O‘shanda Sa’dulla menga najot istab qaragan edi. Men esam, ko‘zimni olib qochgan edim.
– Agar shuni gunoh desang, bizlar ham gunohkormiz. Bizlar ham uni himoya qilmaganmiz, – dedi Mamasoli o‘ychan tarzda.
– U zamonda haqiqat bilan ishonch qorishib ketgan edi, – dedi Shokir afsus bilan. – Loyqa suv bilan buloq suvi aralashsa kim aybdor? Loyqa suv bilan buloq suvini kim ajratib bera oladi?
Shokirning dalda berish maqsadida aytgan bu gapi Po‘latni ovuntira olmadi:
– O‘sha majlisdan keyin Sa’dullani olib ketishgan edi…
– Zamon qaltis edi. Biz uni sira himoya qila olmasdik. Gapirsak-gapirmasak, baribir olib ketishardi.
– Qismat-da. Qismatidan hech kim qochib qutila olmaydi, – dedi Mamasoli Shokirni quvvatlab.
– O‘sha paytda oddiy ko‘ringan voqea endi dahshatli fojia bo‘lib tuyulyapti. Men qamoqdaligimda ham, etapdan etapga tashlashganlarida ham, mahkumlar orasidan Sa’dullani qidirardim. O‘sha yerlarda uchratarman, deb ishonardim.
– Po‘lat, sen fojia deb, gunoh deb, ich-etingni yeyaverma, – dedi Mamasoli. – Men kafil bo‘lay, har holda, Sa’dullaga qarindoshligim bor. Uning nomidan men kechdim gunohlaringni. Sen ham undan rozi bo‘l. Xudo har ikkovingdanam rozi bo‘ladi, inshaolloh.
Turg‘un uni quvvatladi:
– Sen qamoqdan chiqiboq, To‘qimning gunohini kechgan eding. Sa’dulla tirik bo‘lsa, u ham hammamizning aybimizdan o‘tardi.
– Po‘lat, sen haqsanmi yo nohaqsanmi, anig‘i shuki, bu ishlarning bari Tangrining amri bilan bo‘lgan. Masalani yechuvchi ham Uning O‘zi.
Xotiraning qora pardasini bir hamlada yirtib, yakson qilish mumkin emasligini bilsalar ham, ko‘ngil yarasiga malham topishga urinishardi.
– Masala shunday yechilsa, qani edi… Men yotib, nimalarni o‘yladim, bilasanlarmi?
– Qaydan bilaylik, senga o‘xshab tepada uchib yuribmizmi? – dedi Mirhosil.
– Gapimga kulmalaring: biz o‘lmay turib, bi-ir o‘lib olishimiz kerak ekan, deb o‘yladim.
– A? Nima deding? Alahsirayapsanmi, oshnam? – dedi Obid ajablanib.
– To‘g‘ri aytyapti, shunday sahih hadis bor. Odam bolasi, baribir o‘ladigan bo‘lganidan keyin hisob-kitobga tayyor turishi kerak.
– So‘fi, sen tek tur, Po‘latning gapini eshitaylik-chi?
– Men u dunyoda hisob-kitob qanaqa bo‘lishini bilmayman. Oma, kishi o‘ziga o‘zi savol berishi kerak ekan: odam bo‘lib tug‘ilganimdan keyin odamga o‘xshab yashadimmi?
Bu gapdan keyin yuragi siqilib turgan Mirhosil yorilib ketay dedi:
– Po‘latvoy, ja-a tor olib yubordilar oshnam!
– Xo‘p, kengroq olaylik: afsuslarimiz, armonlarimiz bormi? Men aytdim, endi sen ayt-chi?
– Men halol yashadim, o‘g‘irlik qilmadim, buzuqlik qilmadim.
– Nahot, afsusing bo‘lmasa?
– Bilmadim… o‘ylab ko‘rishim kerak. Sen ana, Bozdan so‘ra, afsus degani o‘shanda qop-qop bo‘ladi, a, Boz?
Mamasoli gapni hazilga olayotganidan norozi bo‘lib jerkib berdi:
– Bozingni qo‘y, xotindan boshqa dardu hasrati yo‘q.
– Men senlarni imtihon qilmoqchi emasman, – dedi Po‘lat. – O‘zlaring bir o‘ylab ko‘rlaring: hozir bizning ulfatimiz eski bir aravaga o‘xshab qolgan. Birimiz o‘tsak, aravaning bir murvati sinadi. Aravamiz juda uzoq yurdi. Yurovrib shalog‘i chiqib, liqillab ham qoldi. Bu shaloq aravani endi hech kim tuzata olmaydi.
– Tuzatishga urinishning keragi ham yo‘q, Ollohga tavakkal qilib yashayverish kerak.
Mamasoli oshnalariga bir-ikki hikmatni eslatmoqchi edi, Po‘latning mahzun holati gapga aralashish o‘rni emasligini anglatdi.
– Vaqti kelib, birin-sirin o‘tamiz. O‘lim – haq! – Po‘lat chuqur xo‘rsindi. Keyin ahvolini niqoblash maqsadida jilmaydi: – O‘zimiz o‘tsak ham, muhabbatimiz o‘lmasin.
Uning ma’yusgina jilmayishini hovlidagi bitta lampochkadan taralayotgan xira-shira nur o‘ziga yutdi. Lekin so‘nggi so‘zlar titrog‘i barchalarining vujudiga titroq urug‘ini sochdi. Sukunat barchalari ustiga o‘lim chodirini yopganday bo‘ldi. Jimlik iskanjasidan qutilish uchun Shojalil do‘stining gapini tasdiq etdi:
– Ha… birin-ketin ketamiz. Oxirida qolganga qiyin, juda qiyin. Birodarlar, men oxirida qolishni istamayman…
Oshnalarni o‘z domiga tortayotgan noxush holatga hovliqqanicha yugurib kelgan hamshiraning xavotirli ovozi barham berdi:
– Voy, esxonam chiqib ketdi-ya! – deb Rixsining yonida to‘xtadi. – Ayajon, bu nima qilganlaring. Endi meni ishdan haydashadi. Do‘xtirimiz bilib qoldilar.
Po‘lat nojo‘ya ishi fosh bo‘lgan go‘dak holiga tushib, oshnalariga “endi meni qutqaringlar”, deganday najot ko‘zi bilan termildi. Hamisha gapga shay turuvchi Mirhosil bu safar ham o‘rtaga tushdi:
– Bir pasga chiqqaniga ota go‘ri – qozixonami? Qaytaga ko‘ngli yayradi.
Uning bu gapi hamshirani ovuta olmadi. Aksincha, yig‘i boshlashiga bahona bo‘ldi. Yana bir nima demoqchi edi, shoshilib kelayotgan doktorni ko‘rib to‘xtadi. Doktor oshnalarga parvo qilmay, Po‘latning qarshisida to‘xtadi:
– Kasalxonaning tartib-qoidasi bor-da, tog‘a, bemorlarning hayoti uchun biz javobgarmiz.
Po‘lat o‘zini oqlash o‘rniga boshni egdi. Bundan foydalangan Mirhosil “Qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar” deganlaridek, doktorning o‘zini aybladi:
– Javobgar bo‘lsang, qarab o‘tirmaysanmi! Senga “uxlab yotovur” deb topshiriq beruvmidim?
– Hosil, tek tur, – Po‘lat qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi: – Jiyan, ayb menda. Shu oshnalarimni qo‘msab qoldim. Hozir joyimga borib yotaman, – deb jilmaydi-da, hazil ohangiga ko‘chdi: – endi odobli bola bo‘laman.
– Tuppa-tuzuksan-ku, qaytib nima qilasan? Ketdik uyga, – dedi Obid.
– Bu gap ham to‘g‘ri, – dedi Shojalil.
Qattiq-qattiq gap aytishni qasd qilib kelayotgan doktor oshnalarning bu taklifidan keyin gangib qoldi:
– Ie, tog‘ajonlar, karvonsaroymas-ku, bu.
– Jiyan, tog‘alaring tegishyapti, – dedi Shokir. – Hech qayoqqa ketmaydi. Bir-ikki kun damini olsin. Po‘lat, seni ko‘rib, ko‘nglimiz tinchidi, sen joyingga boraver, endi biz qaytamiz.
Doktor Po‘latni qo‘ltiqlab shifoxona sari yurdi.
***
…Ichkaridagi o‘yin ham avjiga mindi. Ketma-ket yutuqlardan ruhlangan mehmon qimorboz tongotarda o‘zini nima kutayotganini his qilmay, o‘rtadagi puldan nigohini uzmaydi. Uning ko‘zlarida yonayotgan ochofat cho‘g‘ xuddi o‘ljasiga yaqin kelgan bo‘ri ko‘zlaridagi o‘tga o‘xshaydi…
***
Tarqalish haqidagi ahd e’lon qilingan bo‘lsa-da, hatto Shokirning o‘zi ham ketishga shoshilmadi. Barchalari gap-so‘zsiz turib qolishdi. Birinchi bo‘lib Adolat qo‘zg‘aldi. O‘g‘liga yaqinlashib, uni uyg‘otmoqchi bo‘ldi. Eplolmagach, Shojalilni chaqirdi. Shojalil eshitmaganday burilmoqchi edi, Shokir to‘xtatib, “Obid ikkovlaring amallab qo‘ya qollaring”, dedi. O‘zi To‘lqinni yetakladi. Ko‘chaga chiqishda Mirhosil Turg‘unni to‘xtatdi:
– Biz ketmaymiz.
– Nega?
– Sen uning ko‘zlariga qaramading. Gaplariga e’tibor bermading. U sog‘aygani uchun chiqdimi?
– Nega chiqdi?
– U biz bilan xayrlashgani atay chiqdi. Ketmaylik, g‘aflatda qolmaylik, oshnam.
Ikki oshnaning qaroriga boshqalar monelik qilishmadi.
***
Shifoxona dahlizigacha bardam yurib kelgan Po‘lat holsizlana boshladi. Reanimatsiya xonasiga yetganda gandirakladi. Doktor yonida bo‘lmaganida chalqancha yiqilishi mumkin edi. Orqada kelayotgan hamshira yordamga shoshildi. Hushidan ketayotgan Po‘latni joyiga yotqizib, shoshqich muolajani boshlashdi. Yig‘lab o‘tirgan Rixsi doktorning talabi bilan xonadan chiqarildi.
***
Bu qishloq hududidan chiqib, soy ko‘prigidan o‘tishgach, yo‘llari ayri-ayri bo‘ldi.
– To‘lqin, bu kech biznikida qolaver, ertamatan yana birga boramiz, – dedi Shokir.
Bu taklifni eshitib, To‘lqin to‘xtadi:
– Domla, uyingga yaqin keldik, shekilli, sen boraver.
– Sen-chi?
– Men gapingni ikki qilmay, deb senga ergashdim. O‘sha yerda qolishim kerak edi. Qaytaman.
– Shu qorong‘ida-ya?
– Domla, ko‘r odamga erta-kechning nima farqi bor? Timirskilanib bo‘lsa ham topib boraman, mendan xavotir olma.
To‘lqin burilgan edi, Shokir unga so‘zsiz ergashdi.
***
Mast odamni uyiga olib borib qo‘yish Obid uchun ham, Shojalil uchun yangilik emas. Shu uchun qiltiriq Telmanni suyab yurish ularga og‘irlik qilmadi. Yoshlikdagi odatlarini kanda qilmay, biri, mastning chap biqiniga, ikkinchisi, o‘ng biqiniga turta-turta uni qadam bosishga majbur qilishdi. Shojalil ularni o‘z uyiga boshlab keldi. Kunduzi qo‘shnisiga uchrashib ketgach, hovli supurib-sidirilgan, uydagi chang artilgan, ayvondagi chiroq yoqib qo‘yilgan, bu uyda uzoq vaqt odam yashamagani sezilmay qolgan edi. Telmanni mehmonxonaga olib kirib deraza tomonga cho‘ziltirib qo‘yishgach, Shojalil taxmondagi ko‘rpa-yakandozlarni olib joy soldi. Rahbar kepatasida uning harakatlarini kuzatib turgan Adolat yordam berishni xayoliga ham keltirmadi. Telmanni biri, oyoqlaridan, ikkinchisi, yelkasidan tutib, o‘ringa yotqizishdi. Shojalil choynakda sovuq suv keltirib, uning bosh tomoniga qo‘ydi. Obid esa rangi o‘chgan mis chilopchinni olib kirdi. Adolatga “uyni rasvo qilmasin”, degan ma’noda qarab qo‘yib, oyoq tomoniga qo‘ygach, chiqib ketmoqchi bo‘ldi.
– Obid, uyingga ketasanmi, ertalab birontasining mashinasini gaplashib ber. Ketsam, keta qolay, – dedi Adolat. Xotinning boyagi avji pasayganini sezgan Obid “ma’qul” ishorasini qildi. Hovliga chiqishgach, ikki oshna bir-biriga savol nazari bilan qarashdi. “Nima qildik?” degan savolga javoblari tayyor bo‘lgani uchun oldinma- keyin ko‘chaga chiqib, kelgan yo‘llaridan qaytishdi. Choyxonaga yaqinlashganlarida oy yorug‘ida ikki odam qorasini ko‘rib, oshnalarini tanishdi…
***
Uyiga yaqinlashgani sayin Mamasolining qadam olishi og‘irlashaverdi, choyxonada uyg‘ongan dard tomog‘ini bo‘g‘averdi. Qorong‘i ko‘chaning adog‘ida Po‘latning ma’yus chehrasi bir-ikki ko‘ringanday bo‘ldi. Bo‘g‘ish bilan kifoyalanmagan dard ko‘zlarni yoshlantirdi. Shu alpozda tanbalanmagan eshigini ochib hovliga kirdi. Salqin havoga chidolmay, “voy, belim”lab qoladigan kampiri ayvondagi xontaxtaga iyagini tiraganicha ko‘cha tomon tikilib o‘tirgan ekan, uni ko‘rishi bilan yoshroq ayollarga xos epchillik bilan o‘rnidan turib qarshi oldi. Chiroq nuri erining ko‘zlaridagi yoshda aks etib, xavotir bilan to‘xtadi. Ikkovi bir-biriga tikilganicha turib qoldi. Mamasoli bo‘g‘zidagi dard changalini yenga olmadi. Kampiri so‘raydigan savoliga shumxabar eshitishdan qo‘rqib, so‘z boshlashga jur’at eta olmadi.
– Termosga hozirginada choy damlab qo‘yuvdim, yuring, charchog‘ingizni bosing, – deb ayvonga boshladi. Bir piyola choy faqat charchog‘ini emas, dardini ham olganday bo‘ldi. Mamasoli kampirining ko‘zlaridagi xavotirli savol nazariga qisqa javob berdi:
– Oshnam, ancha tuzuk. Ulfatlar bilan biroz chaqchaqlashdik. Sen damingni olovur, men picha o‘tiray.
Kampir kirib ketdi. O‘zi harakatsiz o‘tirdi. “Nega qaytib keldim, o‘sha yerda qolsam bo‘lardi-ku?” degan o‘y qalbini tirnay boshladi. Chiroq o‘chib qolishiga ham parvo qilmadi. Dard bilan olishishga ruhiy quvvati yetmay, asta o‘rnidan turdi. Paypaslanganicha uyga kirib sham yoqdi. Qo‘liga Qur’on olib, burni ustiga ko‘zoynagini qo‘ndirib o‘qiy boshladi. Har kuni bir sahifadan o‘qirdi, bu kech ikki sahifa o‘qib, Po‘latning haqiga duo qildi. Dardi sal ariganday bo‘ldi-yu, lekin yotgisi kelmadi. Kunduzi o‘qiy boshlagan kitobini olib, belgilab qo‘yilgan joyidan davom ettirdi. Bu safar tez o‘qiy olmadi. To‘xtab-to‘xtab, fikrlab-fikrlab o‘qidi…
…Bilingki, o‘limning xatari va dahshati buyukdir. Odamlar kam fikrlab, oz esga olgani uchun ham o‘limdan g‘ofildirlar. Eslaganlar ham qalblarini barcha narsadan forig‘ qilib emas, dunyoga mashg‘ul bo‘lganlari hollarida eslaydilar. Bunday eslashdan foyda yo‘q. O‘limni haqiqiy eslash yo‘li – o‘limni doimo yonida bilish, o‘limdan boshqa narsani qalbdan chiqarishdir. Buni bamisoli sahro yoki dengiz orqali safarga otlangan kishi holatiga o‘xshatish mumkin. Uning butun fikri-zikri safarda bo‘ladi. Qalb ham o‘limni eslash bilan mashg‘ul bo‘lsa, bu ish qalbni butkul band etadi. O‘lim bilan band bo‘lgan qalbda aysh-ishrat talabi, dunyo quvonchi kamayadi, toshqinlik bosiladi. Kishi o‘limni ko‘p eslagani sayin har xil o‘lim onlari, bu dahshatli onlarni boshidan o‘tkazgan do‘stlari, tengqurlarining iltijo to‘la so‘nggi nigohlari xotirida jonlanadi. Ularning o‘limlarini, so‘nggi manzillarini eslab, og‘ir o‘ylar girdobida qoladi: ular kim va qanday edilar? Endi ularning mavqelari, holatlari qanday? Bu chiroyli siymolar tuproqqa qanday singib yo‘qoladi? Ularning jasadlari qabrlarda qanday parchalanadi? Ular ayollarini beva, farzandlarini yetim qoldirdilar, mol-dunyolarini tashlab ketdilar. Ularning masjid va majlislardagi o‘rni bo‘sh, qadamlari dunyodan uzilgan…
Ha, kishi o‘limni eslagani sayin qalbida shunday uzoq va yaqin o‘limlar, vahimali suratlar batafsil jonlanaveradi. Ba’zan ortga qaytib, ularning shijoat to‘la yoshligi, dovdirashlari, hayotga bo‘lgan mayllari va unda o‘zini go‘yo boqiy qoladigandek tutishlari, o‘limni unutishlari, yoshlikdagi quvvat va g‘ayratga suyanib qolishlari, o‘yin-kulgiga berilishlari, shundoq yonidagi o‘limdan, uning kutilmaganda kelishidan g‘ofil bo‘lganlarini eslaysiz. Tiriklikda vujudini ko‘tarib turgan oyoqlar, harakatga sabab bo‘lgan a’zolar yakson bo‘ldi, endi qanday yursin?! Tilini qurtlar kemirdi, qanday gapirsin?! Og‘ziga tuproq to‘lgan, qanday kulsin?! O‘lib bo‘ldi, endi nafsga o‘limning tadbirini qilishdan ne hojat?! Shuncha yillar beparvo, g‘ofil yurdi. O‘lim farishtasi esa u kutmagan vaqtda keldi va nido qildi: “Yo jannat, yo do‘zax!”
Ana shu paytda kishi o‘ziga nazar soladi. O‘zining ham o‘shalarga o‘xshashligini ko‘radi, g‘aflati ham, oqibati ham ular bilan bir xil bo‘lishi mumkinligini his etadi.
…O‘limni eslaysiz, o‘lim yonginangizda turganini his qilasiz. Allaqachon o‘limga hozirlik ko‘rish fursati yetganini, dunyoning esa naqadar aldamchiligini teran anglay boshlaysiz. Endi o‘limni nomigagina, til uchida eslab, ibrat va ogohlik hosil qilib bo‘lmasligini yaxshi bilasiz. Demak, qachonki, qalb dunyo bilan ovuna boshlasa, o‘sha zahoti o‘limni eslang, aslingizga qaytasiz…
Mamasoli panjasini kitob ustiga qo‘yib, yosh quyila boshlagan ko‘zlarini osmonga tikdi: kechki osmonning qora duxobasidagi behisob yulduzlarning jimirlashiga boqib o‘yladi: “Kerilib yurganlarning, aslida, hech nimasi yo‘q: javohiru tilla matohlari o‘ziga vafo qilarmi ekan? Hatto “o‘zimniki!” deb qattiq ishongani – ko‘zu quloqlari, yuragu jigarlari… o‘ziniki emas, lahad qurtlarining rizqi ekan, kerilgani nimasi?”
Kuz osmonidagi to‘lin oy nuri ko‘nglini yorita olmadi. Hazin xayollar uni eza boshladi.
O‘rnidan turib, hovliga, undan ko‘chaga chiqdi. Ko‘kda ko‘z yummagan, uyquga cho‘mmagan oy uni choyxonaga qadar kuzatib bordi.
***
Po‘lat “o‘lish oson emas ekan”, deb edi. Bu safar tez keldi-yu, oson oldi. Endi qaytarib bermaydigan qilib oldi.
Chirt uzilgan hayot ipini qayta bog‘lashga tabobat ojizlik qildi.
Halovat istagan yurak butunlay to‘xtadi.
O‘lim xavotiri o‘rmalab kirgach, yurak halovat bilan jimgina xayrlashgan edi…
Rixsi ichkariga kirganida doktor Po‘latning jag‘ini bog‘layogan edi. Rixsi bir ho‘ngradi-yu, so‘ng pastki labini tishlab, tinchidi. Doktor imlab qo‘ygan edi, hamshira uni qo‘ltiqlab dahlizga olib chiqdi.
– Uyga boray, ertalabgacha olib ketaylik.
– Ayajon, picha sabr qiling, tong otsin, – dedi hamshira yalinish ohangida.
– Oshnalariga xabar qilay, armonda qolishdi ular.
Shunday deb tashqariga qarab yurdi. Suyukli qiz mehri bilan qo‘ltiqlab olgan hamshira uni holi qo‘ymadi.
Oshnalari ketgach, Turg‘un bilan Mirhosil so‘rida yonboshladilar-u, ammo uxlamadilar. Xayollarida umid soyalari qo‘nimsiz sanqiydi. Kipriklarni yuma olguvchi tunning tushlari ularni tark etgan. Kasalxona tomondan gohi-gohida eshitilib turgan sharpalardan seskanib, beqaror edilar.
Hamshira hamrohligidagi Rixsini ko‘rgan zahoti Turg‘un o‘rnidan turib ketdi:
– Rixsi?!
Shu tomon yalt etib qaragan Mirhosil ham turdi:
– Rixsi! Faqat “o‘ldi”, dema, Rixsi!!!
Ko‘zlaridan javob izlab, jimgina mo‘ltillab qaradilar.
Rixsi hech nima demadi…
Umid darakchisi – ko‘klam jarangi endi eshitilmaydi…
Endi hayot bahor mo‘jizasi ila qarshi olmaydi…
Behuda ko‘zyoshlari…
Musaffo ko‘zyoshlari qayg‘u-alamlari olovini o‘chirish uchun quyiladi.
Armonlarga limmo-lim to‘la munojotlar…
Xazonlarni to‘kayotgan shabada Rixsini chetlab o‘tmadi, kipriklaridagi shabnamni qurita olmadi.
***
Yillar shamoli ayovsiz…
Yana kuz fasli…
Oftobsiz, rangpar bir kun…
Jonsiz yaproqlarga hazinlik ingan…
Yana o‘sha choyxona.
Jimjitlik… Uvada bulutlarning chokidan sizib o‘tgan kuchsiz shu’la yerga qo‘ngan…
Yolg‘iz o‘zi zerikkan choyxonachi narda toshchalarini bemaqsad tashlab, o‘zicha o‘ynab o‘tiribdi. Hassasini do‘qillatib kelgan To‘lqin uning xayolini buzdi:
– Kim bor, bu yer samovarxonami?
– Ha, samovarxona, keling tog‘a, – choyxonachi shunday deb unga peshvoz chiqib, yetakladi-da, stulga o‘tqazib choy quyib uzatdi: – Choyga qarang, tog‘a. Kasalxonaga ketyapsizmi? Kimni yo‘qlab keldingiz?
– Kasalxonaga kelmadim, – dedi To‘lqin xo‘rsinib. – Kasalxonada yotadigan ulfatlar qolmadi… Men shirin xotirani izlab keldim, bolam. Uch yil avval shu yerda tunagan edik. Uch yilda aravaning barcha murvatlari sinib ado bo‘ldi. Bittagina men qoldim. Endi shu arava izlarini izlab keldim. Sen ko‘rmayapsanmi bu izlarni?
– Iz? Qanaqa iz? Tushunmadim, tog‘a, qanaqa aravani gapiryapsiz?
– Men ko‘r bo‘lsam ham ko‘ryapman. Sen basir bo‘lsang ham, aql ko‘zlaring so‘qir ekan. Ko‘zingni kattaroq och, bolam, bu izlarni ehtiyot qilishlaring kerak.
Choyxonachiga bu odam telba bo‘lib ko‘rindi…
Quyoshning o‘zi bor-u, fayzi yo‘q. Kechasi yayraydigan oyning nuri ham so‘niq edi. To‘lqinga bu sirli manzara begona: uning ko‘z oldida hamma yoq zulmat.
Yolg‘iz… Hech kimdan nido yo‘q…
Tor ko‘kragidagi asir yurak behalovat.
Hayotning zahmati tuganmas-bitmas…
Choyxonachidan sado chiqmagach, og‘irlik bilan o‘rnidan turdi:
– Shirin xotiramning so‘nggisi shu yerda meva bergan edi. Bu yerni ziyorat qildim. Endi oshnalarim huzuriga borsam ham bo‘lar.
Keta boshladi…
Shamol turdi…
Jonsiz barglarni yerga to‘kdi…
Baxt kuyining ham, baxtsizlik qo‘shig‘ining ham nihoyasi bordir.
Vassalom…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 2-3-sonlar