Sunnatulla Anorboyev. Stalinchi bobo (hikoya)

— … Qo‘ying-ey, intizom bo‘sh. Hamma og‘ziminan yuradigan bo‘p qoldi!.. — Tangriqul aka chimirilib, qirq-ellik yil burungi gapga tushib ketdi. — Stalindi davridachi, men sizga aytsam…
Ma’rakaga kelganlar tarqab, mehmonxonada uy egasi, men, Tangriqul aka uchovimiz qolganimizda u kishi choynakni oldimga surib qo‘ydi.
— Ma’zur tutasiz, meymon. Choydi o‘zingiz suzib, bemalol ichib o‘tiring. Qariganingda botmas ekan — yugurtiraberadi, — u yumaloq bolishga yonboshladi. — Toshkenda menam ko‘p bo‘ganman. Shayxantavurdagi choyxona bormi haliyam?
— U yerlar, eski tomlar buzilib, o‘zgarib ketgan, — dedim.
— Buzildimi-ya, shunday choyxona?! — Tangriqul aka ajablanganday, tanglayini taqillatdi. — Yetib qolaydik. O‘qiydigan joyimiz «Paxta» raz’ezidagi «Zagotskot»ti bazasida. Haftaning oxirida shaharga o‘ynagani tushganimizda yotib qolaydik. Samovarchiminan ota-boladay bo‘p qogandik. U kishiyam o‘tib ketgandir-a? Ha, o‘tib ketgan. Shayxantovur bovani hovuzidan suv tashib, o‘tinini yorib beraydim. Og‘irini yengil qilganimga u xursand. Qornim to‘q, dimog‘im chog‘ — dam olish yaxshi o‘tganidan men xursand. Shaharga tushsang-u, Jangohda tomosha ko‘rmay qaytsang — gunoh. O‘qishga uyquni chala qilib, erta tongda qaytaydik.
— O‘qishni partada uyqusirab o‘tirib bitirganman deng, — Jo‘raqul tegishdi.
— Yo‘-o‘! — Tangriqul aka qat’iy bosh silkidi. — Kursni bitirganimizda olingan potosuvrat haliyam bor. Yuqorigi qatorda diriktir, o‘qituvchilar. Ikkinchi qatordagilari o‘rtasida mani suvratim. Agar yomon o‘qiganimda pastki qatorida eng chetiga qo‘yib qo‘yishmasmidi?
— Ishontirdingiz, bova! Hay, o‘qishni tamomlab, biror kattaroq amalga…
— Qo‘y! — Tangriqul aka qo‘l siltadi. — Hovlingga samsoq piyoz ekkaningdanam ma’lum so‘zingdi mazasi! Nima kasbga o‘qitishgan bo‘lsa, o‘sha bo‘yicha ishladim. «Zagotskot»da. O‘ttiz yettinchi yildan to ellik to‘rtinchi yilgacha. Salkam yigirma yil! Yomon ishlagan odam bir joyda bunchalik uzoq tura oladimi? Yo‘q. To‘g‘ri, orada biroz uzilish bo‘ldi. Lekin bunga men aybdor emasman.
— Nima, qamashdiyammi?
Men yerga qarab qoldim: Jo‘raqulning hazili!.. Hazilning tagi zil. Qattiq botadi, demaydiyam.
— U vaqtlardi bilmaysiz. Malchishka bo‘gansiz, koptov tepib… Biz ishlaganmiz, har xil odamlarminan. «Zagotskot» katta dargoh. Urush vaqti. Armiyani, xalqni boqish kerak. Bir yoqdan shalon-shalon ko‘chib kep turibdi. Ibriyiyam, o‘risiyam, chulchutiyam keldi. Urushdi oxirrog‘ida qrim-totor, qorachoy, qabardin ko‘chirma bo‘ldi. Nasibalari qo‘shilgan ekan-da. Biri yer tatalab, boshqasi mol boqib… Musofirlik osonmas. Qiynalishga hamma qiynaldi. Lekin hozirgidaqa, telebizirda ko‘rgansizlar, shiorlar ko‘tarib mitinka qilishlar… hecham! Sabab? Intizom qattiq edi. Stalin mana mundooy, — Tangriqul aka o‘ng qo‘lini shartta cho‘zib, to‘mtoq, qoramag‘iz barmoqlarini musht qildi, — ha, puqaroni mana shunday tutay edi. Doyim hushyor. Kremlda tunni kunga oyoqda tik turib ulay ekan-da. Noyiblariniyam beparvo bo‘lishga yo‘l qo‘ymas ekan. Xo‘jayin tilpon qip qolsa-ya, deb ular ham hushyor. Xabarim bo-or, raykom majlisdi kunduzimas, kechasi-tongotar o‘tkazaydi.
Qamchisini o‘qtalib, mudray boshlagan raisga: «Turing o‘rningizdan! — deb buyuraydi. — Dohiy Stalin kechalariyam kabinetining derazasi oldida turib poshistlardi vatanimiz tuprog‘idan qanday qilib quvib solsam ekan deb o‘ylaydi. Sizminan bizding taqdirimiz haqida o‘ylaydi! Bu bo‘lsa yurgan yo‘lidayam, hatto raykomdayam uxlaydi-ya. Ko‘zingdi och», deb tuzlay edi. To‘g‘ri-da, brondi ularga uxlasin deb berilganmi?
Raykom bova yosh edi. Lekin jahli chiqqanida otasi tengi keksa raislarniyam piypalab tashlay edi. Plan, plan! O‘lsang ham plandi bajar!
— O‘ldirsayam…
— Ha, iya! Bajarmasin-chi, onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatay edi.
— Sizni piypalamaganmi?
— Biz… shunchaki zagatupkachi.
— Hay, o‘zingizdi ko‘pam yerga urmang-ey! —Poygakda cho‘kkalagancha gurungga quloq solib o‘tirgan mezbon luqma tashladi. — U vaqtlardi yosh bacha bo‘lsam ham oz-moz bilaman. Harqanday dimog‘dor rais ham sizdi ko‘rganda otliq bo‘lsa otdan, moshinda bo‘lsa moshindan…
— U vaqtda moshin bo‘lmagan, aldama. Bitta raykomda bo‘laydi, xolos.
— Hay, moshinmas, eshaklik bo‘lsa eshakdan…
— Esing joyidami, Jo‘raqul! Eshak mingan raissi ko‘rganmisan?
— Hay, arobada bo‘lsa, arobadan tushib so‘rashmasdan o‘tmas edi oldingizdan!.. — mezbon bo‘sh kelmadi. — Obro‘lari haminqadar!
Shirin xotiralar elitdimi, Tangriqul aka ko‘zlari yumuq, qizilmag‘iz yanoqlarida andak tabassum, to‘mtoq barmoqlari bilan silliq dahanini tutamlaganicha sukutga cho‘mdi.
«Obro‘lari haminqadar» bo‘lgan boboga zimdan boqib, tiqmachoq gavdasiga ancha tor kelib qolgan qayrilmayoqa, qo‘sh ko‘krak cho‘ntakli kiteliga nazarim tushdi. Urinibroq qolibdi. U vaqtlarda bu kitel g‘ijim tushmagan, yangi, stolga qo‘ysang tik turadigan bo‘lgandir balki? Kitel bilan galifa shim ayni rasm. Bobo ham yigitligida ikki cho‘ntagini shishirib galife shim kiygan bo‘lsayam ajabmas. Dohiy, axir, yarim harbiycha kiyim kiyardi-da. Hozir ham obro‘lari chakkimas. Mana, to‘rda o‘tiribdilar. Udumimiz o‘zi shunday: keksalar qayerga borishsa, uyning to‘ri ularniki.
— Raykom bovaning tagi mustahkam edi-da. Akasi obkom. Suyanchiqlari bordir Toshkanda?! — Tangriqul aka o‘z fikrining to‘g‘riligiga komil ishonch bilan menga, Jo‘raqulga qaradi.
— Ha-a, i-ya! Bo-or! — deya tasdiqladi mezbon. — Hatto Maskovdayam deyabering! Nimagaki, ular namenklaturada turishaykan.
— Bale! Tagi baquvvatligiga ishonib, ko‘ziga yomon ko‘ringan ancha-muncha insonlarni yostig‘ini quritdi. Bir o‘chakishmasin, o‘chakishsa-qo‘ymas edi: qo‘lidan brondi tortib olib, prontga jo‘nataydi. Yoki bo‘yniga ellik sakkizinchi moddani shartta urdirib, Sibir qildiraydi. Bizdiyam qamoqda chiritib yuborishiga bir bahya qolgan.
— Hay, qani-qani? — Jo‘raqul Tangriqul akadan bu hangomani ilgariyam ko‘p eshitgan bo‘lsa kerakki, menga qarab ko‘z qisib qo‘ydi.
— Esimda bor: Stalingradda nemislarning uch minglik qo‘shini qurshovda qoldi, deb radio gumburlab, miskarnaylar dam-badam suron tortib, nog‘oralar gijbang chalinib turgan kun edi. Bir qora «emka» g‘izillab kelib bazamiz oldida to‘xtadi. Bilaman, yengil moshin rayonimizda bitta — raykom bovada. Boshqa hech kimda yo‘q. Derazadan ko‘riboq shoshildim: o‘zlari kep qoldimikan, nechuk, degan xayolga. Yo‘q, yolg‘iz shopir ekan. Xo‘jayin bir to‘qli opke, deganmish. Abizatelna shirboz yoki bir yashar qora qo‘chqor bo‘lsin, deb tayinlaganmish.
— Enagi yerga tegaytikon! — deb kuldi Jo‘raqul.
— Ha, enagi yerga tegaytikon! — Tangriqul aka labini burdi. — Shopirniyam sahti-sumbati xo‘jayinidan qolishmaydi. Tez-tez qimirlang, vaqt ziq, deb qistab turibdi. Lekin qo‘chqordi moshinga ortishdan oldin chiqim daftardan o‘tkazib, qo‘lini qo‘ydirib oldim. — Tangriqul aka biz tomonga tepalab qarab, qosh qoqib qo‘ydi.
U kishining bu harakatidan, bizam anoyi emasmiz, degan ma’noni anglasa bo‘lardi.
— Kelasi hafta yana keldi. Keyin yana. Stalingrad ostonasidagi g‘alaba raykom bovaning ishtahasini ochib yubordimi, qaydam, qo‘yingki, bir qish ichida zagotskot qo‘rasidan yigirma ikkita to‘qli ketdi. To‘qli bo‘lgandayam bari bir yashar. Boz ustiga, qora qo‘chqor!
— Boshqasi tomog‘idan o‘tmas ekanmi?
— Rayondi so‘rab turgan odam. Boshqacha qo‘y go‘shti yoqmas-da, — deya to‘ng‘illadi Tangriqul aka Jo‘raqulning zaharxandasiga javoban. — Nima qilish kerak? Urush vaqti bo‘lsa. Kalxo‘z, kalxo‘zchidan zagotupka qilingan har bir tuyoq temir daftarga tushgan. Javobgarligi bor. Oqshom ko‘p o‘yladim. So‘g‘in, ertasi kuni Buxoro borib, «obzakotskot»ga uchradim. Mudir to‘satdan kirib borganimga ajablandimi, tinchlikmi, dedi ko‘zimga tikilib. U kishiminan ko‘pdan baqamti ishlaydik. Zukko odam. Qoraqo‘ldan Buxoroga chakana yo‘l emas. Olmish besh kilometr. Endi yaqin bo‘p to‘xtagan: kuniga to‘rt-besh reys avtobus qatnaydi. Chastniy, taska moshinlar ham ko‘p. Urush vaqtiga moshin yo‘q, paqat ot-arava, eshakda qatnaydik. Kun botganda yo‘lga tushsang, tong otganda yetayding. Shunga, chaqirmasalar ham borganimga hadiksiragandirki, salom-alik yo‘q, tinchlikmi, dedi. So‘g‘in oldilariga kirim-chiqim daftarini ochib, raykom bovaning shopiri qo‘l qo‘ygan hujjatlardi ko‘rsatdim.
Mudir sinchiklab tekshirdi-da, qog‘ozlardi bir chetga surib qo‘yib, menga baqira ketdi. O‘n kilo, hay, o‘n besh kilomas, ming kilo go‘sht kamomad bo‘lgandan so‘g‘in baqirat-ta. Hey, Tangriqul, yosh bolamisiz, ber desa beraverdingizmi?! Axir, urush ketayopti. Hammayoqda harbiy holat. Bir kilo kam kelsa oborib tiqib qo‘yishyopti-ya, o‘ylamadingizmi, deydi. Nimaga o‘ylamas ekanman?! Shuning uchun ham huzuringizga keldim, dedim.
Mudirimiz xato ishdi ko‘rsa bir baqirib, bamisoli ichiga qamalib qolgan jahl dudini chiqaraydi-da, so‘g‘in pasayib, «yo‘li»ni qidirishga tushaydi.
— Asra. Bundan ayrilsang boshingdan ayrilasan, — dedi u hujjatlardi oldimga surib qo‘yib.
Uyam o‘z boshidan qo‘rqadi. Reviziya qildirib, natijasini tergovga o‘tkazdi. Qora qo‘chqor go‘shtlarini yeb rohat qilgan raykom bova-ku, azobi menga. Patagiga qurt tushgan odamday tipirchilab, raykomga chopdim. Bir kun qatnadim, ikki kun. Qani, qabuliga kirib bo‘lsa! Axiyri shopiriga aytdim. Xo‘jayiningga yetkaz gapimdi, dedim. O‘rtada turgan u-ku, hujjatda qo‘li bor. Yemagan somsaga pul to‘laymanmi, ibi?! Ish sudga yetib to‘xtagan. Lekin shopirga aytgan gapimdi ta’siri bo‘ldi shekilli, ish paysalga solindi: sudlab sudlashmaydi, ishlay desam ishlagani qo‘yishmaydi. Qish o‘tib bahor keliptiyamki, bizdi ishimiz bir yoqlik bo‘lmadi. Raykom bova o‘sha-o‘sha, pinagini buzmaydi. Aytdim-ku, tagi baquvvat. Bir kun zakotskotdan, boshqa kuni kalxo‘zdan to‘qlini oldiraykan. Ostida «emka» moshin, qo‘lida qamchin. I-bi! Ot minmaydila, lekin qo‘lda qamchin! Qamchinminan stolga urib, raislardan pilon talab qiladi. Ho‘y, ko‘zingdi och! Bajarsang bajarding, bo‘masa brondan ajrab prontga, qari bo‘lsang rabochi batalyonga jo‘naysan, deb jonini oladi. Raisu birgad, zvenovoyga qadar qo‘llarida qamchi bo‘laydi u davrda. Bilasizmi? .
Bosh irg‘adim. Urushgacha, urushdan keyin ham bunday majburiyat qishloqlarda mavjud edi. Esimda: urushdan qaytgan yilim, eri frontda halok bo‘lib, beva qolgan opamu jiyanlarimning holidan xabar olgani qishloqqa borgan edim. Birinchi kuniyoq saharlab eshik taqillashidan cho‘chib uyg‘onganman. Brigadir uyma-uy yurib, a’zolarini ishga haydayotgan ekan: jizg‘anagi chiqqan, qotma bir kishi. Ammo qo‘lida qamchin emas, tayoq edi shekilli. To‘g‘ri, qamchinni raisning qo‘lida ko‘rdim. Ko‘chaga chiqqanimda uchratdim. To‘riq otda alpday bo‘lib o‘tib ketayotgan ekan. Amakim qatori men ham unga salom berdim. Alik olmadi. Qari amakim uning uchun mening oldimda xijolat chekib, alik olmasa olmas, zormidik, deb to‘ng‘illadi. Payqamagandir, deb xaspo‘shlashga harakat qildim. Chunki afti-angori shishib ketgan — karaxt edi. Tuni bilan ichganu choshgohda turib, idorasiga o‘tib ketayotgan edi shekilli. Ichgandayam piyola yoki stakandamas, kosani to‘latib sipqarar emish. Shungami, Govbosh deyishar ekan.
— Qo‘yingki, bo‘ynimda sirtmoq. Yo oyog‘im tagiga qo‘yilgan kursini tepib yuborib osishmaydi, yoki sirtmoqdan xalos qilishmaydi. Qo‘ylardi yegan raykom bova bo‘lsa moshinda: bir kunchiqishga qarata haydasa, boshqa safar kunbotishga qarab suradi. Butun rayondi yot deb yotqizib, tur deb turg‘izib arillab yuribdi. Bizdi bo‘yin qisiq, hujjatlardi mahkam asrab, xudoning ulargayam ko‘rsatadigan ko‘rguligi bordir, deb yuraberdik.
— Ha-a, ko‘rgazdi! Stalin! — deb xitob qildi Tangriqul aka. — O‘rtoq Stalindi qo‘li minan uning safdoshi o‘rtoq Kaganovich ko‘rsatdi!
U kishi nima demoqchi, tushunmadim. Jo‘raqulga boqdim. U quloq solin-ga, deganday, imo qildi. Yana butun diqqat-e’tiborim Tangriqul akada.
— … Xabaringiz bor, urush vaqtida temir yo‘l sohasi o‘rtoq Kaganovichga qaray edi. Qani, bir gaykasiga tegib ko‘ring-chi! Harbiy intizom. Bizdi raykom bova, qarang, kalondimog‘lik qilib, anavi temir yo‘ldan o‘tishga o‘rnatilgan shlagbaumdi ochib-yopadigan qorovuldi qamchilapti. Nega och deganimda ochmading, deb. Qorovuldi boshi yorilgan, bir ko‘zi ko‘r bo‘lganmi-ey, temir yo‘l boshqarmasi da’vogar bo‘lib, raykom bovani sudga beribdi. Bizdi idorayam da’vogar bo‘ldi. U jinoyatga bu jinoyat qo‘shildi-yu, shilq etkazib… — Tangriqul aka gardaniga shap etkazib urdi. — Shunaqa, akun. Stalindi davrida zig‘irday jinoyat ham kechirilmas, tomiriga shartta bolta urilar edi. Endi-chi? Davlatti bir biqini o‘pirilib ketsayam, qo‘lga tushmagan o‘g‘ri emas. Melisasi yeydi, purkurori yeydi. Ulardan qolgan sarqitti sudi yeb, to‘xtaydi. He-ey! — U hafsalasi pir bo‘lgan odamday qo‘l siltadi.
— Kechagi shanba kuyovingizminan kelayotib edik, melisa to‘xtatdi. Bekinib turgan ekan, xumpar, — deb gapga aralashdi Jo‘raqul. — Mashinasiniyam chetga olib qo‘ygan ekan. Benzining bormi, deydi. Kuyovingiz berdi bir paqir.
— Bermay ko‘ring-chi! Yo tez yurding deydi, yo boshqa bahona topadi, ancha-munchaga tushiradi. G‘irt!.. — Tangriqul aka so‘kindi. — Hozirgi yoshlar bo‘lsa, sochiga zeb berib, soqol qo‘yib, qayta qurish-qayta qurish deb og‘ziga zo‘r berishadi. Xo‘sh, valdirab-valdirab nimaga erishdik? Yana eski tos, eski hammom. Otini boshqacharoq o‘zgartirib kartochka, kupon deb ataganlariminan, urush davridagi zaborniydan hech farqi yo‘q. Xon ko‘rmaganda, endigi yoshlar! Stali-in! — Tangriqul akaning og‘zidan bu nom o‘zgacha bir jarang bilan chiqdi. — Stali-in deganda hamma tik turaydi. Bizdi raykom temir yo‘l purkurori tomonidan qo‘lga olingandan keyin necha yil obkom bo‘p Buxoroni titratib turgan akasiyam bir kechada taxtdan ag‘darildi. Raykom, obkom ham gapmi, butun-butun xalqlardi jazolagan Stalin. Urush davrida ichlaringdagi sotqinlar dushmanga xizmat qildimi — marhamat, tegishli jazongni tort! Bandasi qazosi yetib, u dunyoga borganda bu dunyoda qilgan gunohlari uchun do‘zaxda yonadi. Shundaymi?
Bu savolga nima deb javob berish kerak? Men Jo‘raqulga qaradim. Jo‘raqul menga qaradi.
— Undan chiqdi, Stalin gunohkor deb bilgan bandalar uchun do‘zaxni bu dunyoda yaratgan ekan-da? — Tangriqul akaning savoliga savol bilan javob qildim.
U meni birinchi bor ko‘rayotganday angrayib qarab qoldi. Anchadan keyin:
— Podsho xudoning yerdagi soyasi sanalar ekan, kopirmi, musulmon — baribir soya, — deya gapini salmoqlab davom ettirdi. — Shunday ekan, mamlakatda temir intizom o‘rnatish uchun Stalindi tutgan yo‘li to‘g‘ri bo‘lat-ta!
— Biz «Stalinchi bobo» deymiz u kishini, — deya shivirladi Jo‘raqul men tomonga enkayib.
Qoyil, deb kuldim ichimda: Stalinchi bobo o‘z nuqtai nazarini shariat yo‘li bilan ham asoslab oldi.
— Bizdi bazada ko‘chirma bo‘p kelgan bir qrim-totor ishlay edi. O‘zi baqaloqqina, ammo lekin ja-a mehnatkash edi. Urush yillari go‘shtga topshiriladigan mollardi Qorako‘ldan Shahrisabzga hayday edik. Shunda o‘sha qrim-totor ish beraydi. Qishda loy, qor kechib, yozda chang-to‘zon yutib, podani shundan shunga haydab borishga har kim ham chiday bermasdi. Buning ustiga dala-dashtda har xil daydi, dizirtirlar izg‘ib yurishadi. Hushyor bo‘lmasang moldan ayrilishing hech gapmas. Qrim-totor ja-a hushyor, o‘z yurtidayam cho‘ponlik qilgan ekan-da. «Og‘o», dey edi hammamizni. Bizam «og‘o» deb chaqiraydik. Keyinchalik u Shaxrisabzga ketib qoldi. O‘z hamyurti, bir beva xotinminan topishibdi, shekilli. Kollektivimiz minan yaxshi ko‘raydik. Nimagaki, uyingga kelsayam yotsiramas, biror ishing bo‘lsa bajarib, kirishib keta beray edi, og‘o-og‘o deb. Qariyam og‘o, yosh ham og‘o. Urushdan keyingi yil Shahrisabzga ishminan borganimda Og‘oni ko‘rib ketay, deb qidirdim. Yashaytikon uyini bilmaganim uchun paxta zavutga, ish joyiga bordim. Darvozabondan so‘rasam, bosh chayqadi. Bo‘yi mundoy, oyog‘i mundoy maymoq, pitir-pitir qilib yuraytikon, sochiyam sani sochingdaqa oppoq qrim-totor deb tushuntirdim. Ko‘zimga qarab turib: «Mojet bыt rasstrelen. Puk!» — dedi qo‘lini to‘pponcha qilib. I-bi?! Nimaga otiladi?! Qorovuldi ishi qistalang. Yuk ortgan arobayu moshin, biri kirib, biri chiqib turibdi. Gaplashishga fursat topmay «Von Sokolov», undan so‘ra, deganday ishora qildi. Haqiqatan ham Sokolov chiqib kelopkan ekan. Mexanik, yaxshi tanirdim. Urush vaqtida bizdan zavutga go‘sht olay edi. Mestkom sifatida. Tanib: «Rab bojiy! Skolko let, skolko zima!» — deb-la… Tushuntirgandim-da, Tangriqul o‘rischasiga «Rab bojiy» bo‘ladi, deb. Pivoxonaga sudradi. Bilasilar, o‘risda ichmaydigani kam.
— Tekin araq bo‘lsa boshqalar ham qolishmaydi, — dedim.
— Bilamiz! O‘zingiz ham yoshligingizda… — Jo‘raqul tegishdi.
— Yo‘-o‘q, biz o‘shanda paqat pivo ichdik, — dedi Tangriqul aka. — Sokolovga darvozabondi so‘zini aytgandim, «Da, pravda», dedi. O‘ziyam ikki yil yotib chiqqan ekan. Yaqinda qaytganmish.
— Nechuk?!
— Nechukki… — Tangriqul aka mezbonga ko‘z qirini tashlab andak o‘ylanib turib, Sokolovning og‘zidan eshitganlarini bayon qildi. Qrim-totorlar brigadasi ishlagan kechasi u ham zavodda navbatchi mexanik ekan. Sahar kezi tashqarida birdan qiy-chuv bo‘lib qolibdi. Ichkaridan chopib chiqsa, paxta g‘arami yonayotgan ekan.
Tangriqul aka gapiryapti-yu, ko‘z o‘ngimda lovillagan alanga namoyon bo‘ldi. Yomg‘ir quyyapti, tevarakdan odamlar suv sepyapti. Olov tili ko‘kka o‘rlaydi. Xudo ko‘rsatmasin, paxta poroxday gap-da. Bu manzarani qirq ikkinchi yilning oxiri va qirq uchinchi yilning boshida Farg‘onada ko‘rganman. Biz — o‘quv polki kursantlarini trevoga bilan turg‘azib, paxta zavodiga yugurtirib olib borishgan. Toylarni changak bilan tortib, chetga yumalatamiz. Paqirlab suv quyamiz. O‘chirib, ichini ochsak, yana lov etib yonadi.
— … Organdi odamlari zovutti o‘rab olib, jinoyatchilarni zudlikminan fosh qipti. Dinamit qo‘yib portlashtishgan ekan-da, — Tangriqul aka o‘sha operatsiyada xuddi o‘ziyam ishtirok etganday, g‘urur bilan qoshini qoqdi. — Qrim-totorlarni qo‘lini orqasiga bog‘lab, devor tagiga qator tizib…
— Yo tavba! — yoqamni ushladim. — Dinamitni qayoqdan ola qolishibdi?
— O‘g‘riga mol qahatmi! Topishgandir, — dedi Tangriqul aka, komil ishonch bilan.
— Mexanik oshnangiz omon qolibdi.
— Sokolovmi? Uning tergovga yordami tegibdi, — Tangriqul aka oshnasidan mamnun bir qiyofada zavq bilan gurung berishda davom etdi. — Hozir ham ishi besh. Katta pensa oladi, faxriy… Yaqinda televizirda ko‘rib qoldim. Muxbirning nima qilinsa turmush yaxshilanadi, degan savoliga, tarixga tosh otabermay intizomdi mustahkamlash kerak, dedi. Ana! — Tangriqul aka qaddini rostladi. — Tarixga tosh otma! O‘rtoq Stalin o‘lganidan keyin botir ko‘payib, rosa uni yomonlashdi. Brejnev o‘lganidan keyin yomonga chiqdi. Sharof aka Rashidov olamdan ko‘z yumishiminan u kishigayam tosh ottila! Brejnev vaqtida xalq yomon yashadimi? Do‘konlar to‘la edi! Yo‘-o‘q, xon ko‘rmagan bachalar valdirayveradila, qayta qurish, oshkoralik deb. Ulardi og‘ziga urib, tiyib qo‘yaytikon bir inson kerak Stalinday. Men sizga aytsam, otamiz jilovdan qattiq tutay edi. Shuning uchun ham boy-mushtumzo‘rlardi dumini tugib, kalxo‘z tuzishdayam, poshizmga qarshi kurashdayam g‘alaba qozondi. Uning davrida xalqlar ahil edi. Sen o‘ris, sen arman deb millat ajratish bo‘lmas edi.
— Deb ko‘ring-chi!
— Ha, ana! Qattiq tutaydi-da! — Tangriqul aka biqqa qo‘lini musht qilib siqdi.
O‘n sakkiz kishi… o‘n sakkiz odam bolasi… o‘n sakkizta oila boshlig‘i. Og‘o… Tasavvur qilaman: bo‘yi pastroq, kamtar, kamsuqum, sochlari hayot mushkullaridan erta oqargan shikastadil bir inson.
— Nahotki, Og‘o dinamit qo‘ygan bo‘lsa?! — o‘smoqchiladim.
Tangriqul aka yalt etib menga qaradi. Ko‘zlaridan ikkilanayotgani sezilib turardi. U yelka qisdi.
— Mol olasi sirtida, odam olasi ichida, a? Bekorga aytishmagandir? U qo‘ymasa boshqasi qo‘ygandir, qaydam. Bo‘lmasa kattayu kichikni og‘o-og‘o der, bizam uni og‘o der edik. O‘zi mana munday, bedanayurish qip yo‘rg‘alab yuraydi.
Uh tortib, vodarig‘ deb yuborganimni o‘zim bilmay qolibman.
Tangriqul aka shoshib yuziga fotiha tortdi, yumalanib o‘rnidan turayotib:
— Meymon, charchabsiz. Yo‘q demang. Uzoq yo‘l kishini chaqib tashlaydi, — dedi-da, cho‘loqlanib eshik tomon yo‘l oldi. Biz ham kuzatgani ortidan chiqdik.
Tangriqul aka devorga suyaklik turgan velosipedini yetaklaganida, Jo‘raqul:
— Hay-hay, quda bova, xudo ko‘rsatmasin, qorong‘ida yana… buni qoldira qoling. Kuyovingiz moshinda eltib qo‘yadi, — dedi mulozimat qilib.
— Moshin bizdayam bo-or, — dedi Tangriqul aka Jo‘raqulni velosipeddan chetlatib. — Melisda bor, Voroshilda bor. Lekin menga o‘zimdi beminnat shayton arobam tuzuk.
Bu so‘zlar Jo‘raquldan ko‘ra menga qarata aytilganini sezib, kulgim qistadi. Tangriqul aka «shayton aroba»sida qorong‘ilikka sho‘ng‘idi. Mening hamon iljayayotganimni Jo‘raqul o‘zicha yo‘yib:
— Boboy hali baquvvatlar, — deb qo‘ydi.
Ha, albatta, undaylar chiniqqan bo‘lishadi. Lekin mening kulgimni qistatgan narsa boshqa… Melis atamasi edi. Tangriqul akaning e’tiqodini qarangki, proletariat dohiylari Marks, Engels, Lenin, Stalin nomlarining bosh harflarini jamlab, to‘ng‘ichiga Mels deb nom qo‘yibdi. Boshqasiga Voroshil… Ha, xayr, Tangriqul akaning uchinchi farzandining nomi nima ekan? Ikkinchisi Voroshil bo‘lgach, uchinchisi Budyoniy yoki Frunzedir?
— Labbay? — dedi Jo‘raqul.
— Yana farzandlari bormi?
— Qizi bor.
— Oti nima?
— Stalina.
— Vo ajab! —yoqamni ushladim.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 6-son