Shoyim Bo‘tayev. Qora tuman (hikoya)

Subhi kozibda qo‘nalg‘a-multajolarini tark etib bemavrid maskan-tumanli tog‘ sari yo‘l olishgan besh nafar otliq — guruhning boshida qovogidan qor yog‘ib Xolbo‘ta borardi. Yalang tovoni bilan axlat bosib olgandek benihoya tirriqlangan, ichiga chiroq yoqsa yorimasdi. Buning boisi, yaqinginada lak-lak sherdil yigitlari bilan suronu vahima solib, yurt so‘rab yurganligi-yu, bugun xo‘jasinikidan quvilgan sanqi itdek yarim tunda ot ixtiyorini o‘ziga qo‘ygancha betayin-bemavrid yo‘lga tushganligi ham emas. Yo‘q, u mundayin darbadarlikdan ham achchiqroq xoru zorlikning ta’mini tatigan, shundayam oldinda mayoqday miltillab turguvchi shu’laga — umidga ishongan edi.
Hozir ko‘zlari qizarib-shishgan, betinim o‘ylayotganidan peshonasi g‘ijimlanib-tirishib ketgan, ko‘rayotgan narsasi — Qora, qop-qora tuman omad undan yuz o‘girganidan nishon berardi.
Qora tuman…
Saidmurod, qo‘rboshining bevaqt yo‘lga chiqqaniga ichi kuyib, alamdan tutab kelayotgan ponsod, royishsiz so‘z boshlaganda Xolbo‘ta ana shunday kayfiyatda edi:
— Bek, bo‘riga o‘xshab tentib yurganimizdan ko‘ra o‘sha lakotning  jonini jahannamga yo‘llamoq darkor edi…
Xolbo‘taning ko‘z o‘ngidagi tuman yanada quyuqlashdi. Qayrilib qaramadi. U ko‘nglida yaratganga munojot-muroqaba qilib taniga kuchu quvvat, ko‘ziga ravshan nur berib, diliga to‘gri yo‘lga solguvchi va eltuvchi tuyg‘u solmaganiga o‘ksinib borardi. Olis-olis manzillarda ilgangan umid shu’lasi aslida sarob u o‘zicha intilgan, jangu jadal qilgan ozodlik qanchadan-qancha begunoh qonlarni qurbonlikka oldi, maqsadu muddaosini adashtirib-ayqashtirib barini zulmoniy, zulmat tumanlik izdihomi ichra nest-nobut qildi.
Xolbo‘taning qayrilyb qaramaganligiyu o‘z o‘y-xayollariga g‘arq bo‘lib ketayotganligi ponsodga nopisandlikdek tuyuldi, ichidan qirindi o‘tib o‘ylardi: «Tugab boryapti-yu, dimog‘u firog‘iga o‘laymi? Kuni bitgan — o‘zi ham sezib turibdi chog‘i, faqatgina uning qoni evaziga qizillarning ehtiromiga sazovor bo‘lish mumkin. Busiz, u meni ham, boshqalarni ham o‘zi ketayotgan jahannamga eltadi. Anavu valakisalang to‘rt yigit buni tushunmaydi-yu, qo‘rboshining soyasiga hamon ilgarigidek namoz o‘qishadi».
… Ular bir-ikki soat oldin bu kech tunashni mo‘ljallab borishgan Xayit badalning uyida Zakir lakot ham to‘rt-besh kishi bilan o‘tirgan edi. Xolbo‘ta yigitlari bilan kirib borganda u nimalarnidir valdirar, boshqalar et yeyishayotgan edi. Gapi og‘zida qoldi, rangi pag‘a bo‘lib ketdi. Xolbo‘tayam ostonadan o‘tgani yo‘q, Zokir lakotiing jovdirayotgan qo‘y ko‘zlariga qattiq tikildi, bir so‘z ham aytmadi, lakot bu qarashga chidolmay bosh egdi.
— Eha kuna  hamtovoqlarimiz-ku! — Saidmurod shunday deyishi bilanoq Xolbo‘ta keskin o‘girildi. Ponsodning allaqachon Zokir lakotga mo‘ljallangan to‘pponchasining uchini yuqori ko‘tarib yubordi, o‘q shipga tegdi, taxmon ustidan shuvillab tuproq to‘kildi, ko‘rpachalar ustida izzatu ikromda o‘tirgan soqol-muylovli mehmonning ichi tuproqqa to‘lsayam qimir etmadi.
Xolbo‘ta to‘pponchani Saidmurodning belidagi g‘ilofga qayta joyladi.
— Esiz… — g‘o‘ldiradi Saidmurod.
Xolbo‘ta uning o‘qqa achinayotganligini angladi, tishining orasidan «chirt» etkazib tupuraatgandek:
— Sadqai sar, — dedi.
U ponsodning to‘pponchani g‘ilofdan sas-sabarsiz su-g‘urib olganligini sezdi-yu, uning ko‘zlarida shu choq shax-tidan qaytgani bois qo‘rboshiga nisbatan norozilik ko‘l-kalari paydo bo‘lganini anglolmay qoldi.
Xolbo‘ta Zokir lakotga bir muddat so‘zsiz tikilib turdi. Lakot shoxkosasidan chiqayozgan ko‘zlarini betinim uyon-buyoniga olib qochar, so‘zlolmasdi. Og‘zida nos bor edi.
Gilamning bir chetini ko‘tarib tupurishga hayiqayotgandi, tashqariga chiqay desa…
Og‘zida to‘lib borayotgan tupugini asta-sekin yutib, rangi oqargandan-oqarib, peshonasi terchilab o‘tiraverdi…
— Iching o‘tib ketdimi?— kesatdi uning nos chekib olganligidan bexabar Saidmurod.
O‘tirganlar kulishni ham, kulmaslikni ham bilmay Xolbo‘taga qarashdi-yu, darrov boshlarini egishdi — qo‘rboshi xomush edi.
— Endi kim tomonidasan? — Saidmurodning alami bosilmasdi. — Biz keldik, bizga o‘tib qo‘ya qolmaysanmi? Kizillar kelsa, ularga o‘tasan, darvozangning tepasiga bayroqlarini tikib qo‘yasan…
… Hayit badal o‘z qo‘noqlarining bunday bemavrid kelib kolishlarini sira kutmagandi, nafsilarini aytganda ular allaqachonlardan buyon suvga tushganday gumsiyo bo‘lib ketishgandi-da! U ichiga o‘t tushganday hovlida tipirchilab-potirlab yurar, o‘zini panaroqqa olishga urinar, aksiga olgandek hadeb ko‘zga tashlanib qolaverardi. Oxiri qaznoqqa kirib yashirinib o‘tirishga majbur bo‘ldi. Sichqonlar o‘ynab yurgan taqir yerga o‘tirarkan, qizillarga moyil ko‘ringan odamlarni ayni bugun chaqirganiga, o‘zini ham shularga xayrihoh ko‘rsatib qo‘yishga uringaniga afsuslanar, o‘zini-o‘zi changitib so‘kardi.
Xolbo‘ta yigitlari bilan qishloqqa tushdimi, Hayit badalnikiga kelardi. Uy egasi bilan ko‘p ham osh-qatiq bo‘lib o‘tirmasa-da, negadir shu yerni xushlardi, o‘z uyidek emin-erkin, yayrab dam olardi… Hayit badal bundan faxrlanardi — kimsan Xolbo‘taning naq o‘zi… Qudratli to‘daning sharti ketib parti qolishini, o‘shanda o‘ziga qiyin bo‘lishini o‘ylab o‘tirarmidi shunday damlarda.
Hayit badal boshini changallab o‘tirarkan, birdan ko‘zlari charaqlab, fikri yorishdi. Eha, munday o‘ylab qarasa, u chaqirgan odamlarning bari lakot, soqolli-soqolsiz, oriq-semiz, katta-kichik lakotlar — birortasining ham tayini yo‘q, kimning qo‘li uzun kelsa, o‘shaning tarafida…
Ancha fursat o‘tib eshikka chiqishga chog‘langan Hayit badal yana qaytib taqir yerga o‘tirdi: peshonasi sho‘r ekan, bunday bahonalar bilan bosmachilarni aldab bo‘larmidi? Ramak onlarida turishsada, ular kimning qandayligini anglab yetishgan. Ko‘r xassasini bir marta yo‘qotadi. Hayit badaligi boshi guvilladi, kattarib ketayotgandek tuyuldi. Bosmachilar hovlisini tark etishganda ham shu angiz tong otguncha o‘tirdi…
… Turkiston tizma tog‘larining qorli cho‘qqilari ko‘zga chalinib qoldi. Tuman tarqab, odam bir-birini besh-o‘n qadam narida taniydigan hadga yetdi.
Xolbo‘ta esa hamon o‘sha holatda, atrof-tumonotda ne xodisa, ne o‘zgarish — unga zarracha aloqasizdek, boshini quyi egib borardi…
Olis-olislarda chorlayotgandek tuyulgan umid shu’lasi aslida ortda qolgan ekan. U ham chillak o‘ynab, qo‘y boqardi. Kichkina tepalikka yuzlab qora-qura bolalar chikishardi. Subhi kozibdan beri ketyapti, ketyapti subhi sodiq hadga yetdi — ketyapti, ketyapti tong otadi — ketaveradi, ketaveradi — zaminning chek-chegarasi yo‘qdek. . Aslida bu yerlar Turkiston tizma toglarining etaklari, xolos… U Iskandar Zulqarnayn to‘g‘risida yoshligida eshitgan rivoyatni esladi.
Iskandar o‘layotib, onasiga, sog‘insangiz qabrim tepasiga borib, uch marta Iskandar deb chaqirsangiz, chiqaman, degan ekan.
Uni dafn etishibdi. Uch kun o‘tgach, sog‘inib o‘g‘lining qabri tepasiga boribdi, chaqiribdi:
— Iskandar!
Sas yo‘q.
Yana chaqiribdi:
— Iskanda-ar?
Sado yo‘q! Kuyib-kuyib chorlabdi ona:
— Iskandar!!!
Hech kim chiqmabdi.
Sog‘inchdan yuragi so‘zon ona, yo‘llari qora bo‘lgan ona sochlari qirovga aylangan ona to‘rtinchi marta, umid bilan, o‘g‘lining laqabini ham qo‘shib chaqiribdi:
— Iskandar Zulqarnayn!
Iskandar Zulqarnayn qabrdan chiqib kelibdi. Ona uni suyubdi, bolam debdi, otingni aytib bir marta chaqirdim chiqmading, debdi ikki marta otingni aytib zorlandim, chiqmading, debdi uch marta otingni aytib oh chekdim, chiqmading, debdi. Umid uzib, oxirgi marta, laqabingni ham qo‘shib chaqirganimdagina huzurimda paydo bo‘lding, uch marta chaqirganimda eshitmay qoldingmi, debdi.
Eshitdim ona, debdi Iskandar Zulqarnayn, yer ostida men kabi Iskandarlarning minglabi yotgan ekan, avvalgi: uch marta chaqirganingda qay birimiz ekan, deb hayron bo‘luvdik, laqabimni qo‘shib chaqirganingda sening kelganingni bilib, chiqdim, debdi…
… Qora, qop-qora tuman… Qop-qora, qora tuman…
— Bek, — dedi Saidmurod ponsod yigitlardan ancha ilgarilab ketib, ikkalasi yolg‘iz qolishganda, — hali tarqamagan alamangizlikni chuqurlashtirishga ko‘nglida behad istak tuyub. — Sizga aytish noo‘rin bir gap ko‘ksimni o‘rtayotir…
Xolbo‘ta jilovni sal tortib qo‘ydi. Hirqvroq tovush-da:
— Aytish noo‘rin bo‘lsa aytma, Saidmurod! — deb qo‘ya-qyuldi.
— Yo‘q, bek, — Saidmurod shosha-pisha gapni ulagan bo‘lsa-da, ovozidagi qat’iyatni yo‘qotmadi. — Aytmasam, mandan domantir bo‘larsiz, deb qo‘rqaman.
— Gapir…
— Hovlingizga Zokir lakot tushib yurganmish… Ko‘ksini o‘q teshib o‘tgandek Xolbo‘ta ot ustida qalqib ketdi… Osmon chir aylandi ko‘z o‘ngida, tog‘lar ko‘ksiii tilib yuborgan xanjarga aylandi… Ko‘zlari, hoziroq, hoziroq… ortga qaytish, ortga qaytish… nainki qaytish, dovulday uyiga kirib borib ayolining sochidan otning dumiga bog‘lab chiqish ishtiyoqida yondi. Hayriyat, ko‘zlarini batamom g‘azab alangasi egallab olmay, ponsodga qaradiyu, bariga tushundi… Saidmurodning nigohida tantanavor, o‘z so‘zining nishonga borib tekkanidan masrurlik ifodasi oshkor jilvalanib o‘ynardi… Ana shu ifoda Xolbo‘tani o‘zini bosib olishga undadi. O‘sha-o‘sha xirqiroq tovushida:
— Sanu manda endi xotin, bola-chaqa nima qilsin, ponsod, — dedi, — hatto bo‘rilar ham qaylardadir sanqib, yemishlik topgach, iniga qaytadi. Biz o‘z yerimizga sig‘indiligimizni aytmay, qaylardagi yurimsak mish-mishlarni ko‘tarib yuribsan…
Xolbo‘taning bu mantigi Saidmurodning alamini chandon orttirsa orttirdiki, aslo kamaytirmadi. «Ado bo‘lgan odam! — Tishlarini g‘ijirlatib ko‘nglidan o‘tkazdi. — Endi bu hech narsaga yaramaydi. Uning o‘ligigina meni kechirishlari uchun kerak, xolos!»
Yo‘lda davom etishdi.
Xolbo‘taning yuragi hamon toriqqandan-toriqib borardi. Yo‘qsillar nazdida u adashgan, o‘zi kambag‘aldan chiqqanu yelkasiga tegadigan munavvar quyosh shu’lalarini ko‘rolmagan – basir, so‘qir kim uchun, nima uchun kurashayotganligini o‘zi ham bilmaydi, nimayam bo‘lardi, bir kunmas bir kun itdek, itdan ham battar o‘lib ketadi. Boylar nazdida, qazisan, qartasan — asli naslingga tortasan ularning ishonchlarini oqlolmadi. Uni kim qanday, qilib yo‘ldan urdi? Ozgina ximo bilan yuragida otilishga chog‘langan po‘rtananing ko‘milib yotgan ko‘zini topdi? Sen musulmon bandasidan, o‘z yeringni, o‘z elingni kofirlar qo‘liga o‘tkazib tinch o‘tirasan degan kim? Bilmaydi, eslolmaydi — guyo vahima o‘z-o‘zidan yuragini ilkis zabt etdi qo‘ydi. Kufr irqu millatda, rangu tusda deb qachon miyasiga quyishdi? Axir, bu illat o‘z millatidan bo‘lgan lakotlarning ko‘nglida ham irkit boylab yotibdi-ku? Balki, kufrga qarshi kurashmoqqa bel bog‘lagan qo‘rboshining o‘zida ham bu mash’um illat mavjuddir?!
Qora, qop-qora tuman… Qop-qora, qora tuman…
Oq nayzasi lojuvard osmonga sanchilib turgan qoyaning ostiga yetib kelishdi. Otlarni ko‘m-ko‘k barra o‘tlar o‘sib yotgan raqbada yaydoq qoldirishdi.
Ancha olisda, qoya etaklarida yoyilib, o‘tlab yurgan qo‘ylar jimitdekkina kurinar, cho‘pon qiyqiriqlarining aks-sadosi damo-dam zo‘r-bazo‘r quloqqa chalinardi.
Xolbo‘ta mog‘orlaganday qora xarsang tosh ustida qovoq uyub o‘tirardi. «Yigitlarga qanday javob berib yuborsam ekan, — o‘ylardi u. — Mayli, boshlari oqqan tomonga ketishsin. To‘rttalasi — Samad ham, Komil ham, Mannop ham, Hamid ham tog‘ni ursa talqon kiladigan baquvvat yigitlar. Uqqa uchgan, kochib ketgan, xoinlik qilgan, hatto bir biriniyam otib qo‘ygan to‘daning qolgan-qutgani. Sadoqatlarini so‘nggi lahzalargacha namoyish etmoqchi bo‘layotganliklari yuz-ko‘zlaridan ayon. Ayniqsa, Hamid… Xatti-harakatlarida jazmu jazava mujassam. Labi ustini endigina irilar qoplagan bu yigit yuragida qanday darslar oqib yotibdikin?.. »
Xolbo‘ta bu yigitlarni har birining hayoti uchun qayg‘urar, ayni damda, o‘zim ana shu cho‘ponchalik bo‘lib, aytganlarini yugurib-elib bajo qilardim, odamlarning yuzini ko‘rmay ana shu tog‘u toshlarda yuraverardim, yuraverardim, deb o‘ylardi… Sal o‘tmay bu xuddi bolalikdagi kabi xomxayol ekanligini fikr qilib ingrab yuborayozdi…
— Bek, xayolga toldingiz? — Saidmutrod ariqning narigi tomonida, otlar o‘tlab yurgan raqbada tik turgacha Xolbo‘taga o‘qdek nigoh qadab so‘z qotdi.
— To‘g‘ri aytding Saidmurod, xayolga toldim, — boshini ko‘tarmay, xomush javob qaytardi Xolbo‘ta. — Hammamiz o‘z yo‘limizga ketib, tarqasak, yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylayapman… Yo‘qsa, izimizdan baribir ta’qib qilishaveradi…
Saidmurod bildirmay qo‘lini to‘pponchaga uzatdi. — Buni barvaqtroq o‘ylash kerak edi, bek, — dedi g‘azabdan ko‘karib. — Bizni tarqatib yuborib, o‘zing qizillarga borib sotilmoqchimisan, — birdan sensirashga o‘tdi. — Yo‘q, anoyini topibsan. Hali Zokir lakotni otib tashlashga qo‘ymaganingning boisiniyam endi tushundim. Ular seni saqlab qolishadi, keyin bizni bitta-bitta tutib berasan. Niyatinga yetolmaysan, bek!
Xolbo‘ta boshini ko‘targanda Saidmurod o‘q uzdi. Qo‘rboshining rangi paga bo‘lib ketdi. Narigi tomondagi raqbada cho‘zilib yotishgan Komil bilan Hamid sapchib turib ketishdi va darrov nima gap-so‘zni fahmlab, Saidmurodga tashlanishdi. Saidmurod ikkinchi o‘qni otishga ulgurolmadi, qo‘lini orqaga qayirib, to‘pponchani tortib olishdi. Shundayam ponsod past tushmas, yigitlarni boloxonador qilib so‘kardi.
Xolbo‘ta qonga bo‘yalgan chap kiftini ushlagancha o‘sha-o‘sha holatda o‘tirgan ko‘yi:
— Qo‘yvoringlar, — deb farmon berdi. — To‘pponchasini qaytib beringlar.
— Begim… — qichqirdi Hamid.
— Xolbo‘ta bitta gapiradi, — dedi qo‘rboshi oqsoch cho‘qqilarga termulib, so‘ngra to‘rtovlonga qarata so‘zlay boshladi.
— Sizlar azamatsizlar, — dedi. — Hamma topshirig‘imni bekamu ko‘st bajargansizlar. Endi faqat bir o‘tinchim. bor. Bu hammasidan muhim. O‘lganimdan so‘ng tanimni xor etmasinlar, har kimlarning qo‘liga tushmasin. Anavular, — u Saidmurodni bosh irgab ko‘rsatdi, — foydalanib qolishmasin. O‘lgan odam topshiriq berolmapdi, shu bois tiriklar kuchli, shu bois o‘tinib turibman sizlarga…
Xolbo‘ta qiblaga yuzlandi.
Munojot-muroqaba…
So‘ng mogorlanganday qora xarsang tosh ustiga qanday o‘tirgan bo‘lsa shu angiz o‘tirdi — Ponsod, — dedi o‘z joyidan qimirlamay turgan Saidmurodga. — Bugun ko‘z oldimni negadir qora tuman bosib kelaverdi. Ko‘ngil sezar ekan-da. Mana endi, ancha tiniqlashgandekman… Hamma biladi — hatto ana shu tog‘u toshlar, bulutlar ham biladi, san manim eng yakin kishim eding. Eng yaqin kishi… Kora tuman boisini endi angladim…
Ayt, o‘z ishonganing xiyonat qilsa tiriklikning, kurashmoqning zarra qimmati bormi? Agar shunday xol ro‘y bergudek bo‘lsa, shuning o‘zi o‘lim emasmi? Sen menga o‘q uzmayoq o‘ldirding, bugun. Erkak odam bir marta dunyoga keladi. Bir marta o‘ladi. Men o‘ldim. Meni xiyonat o‘ldirdi. Saidmurod ponsodga teginmanglar, — dedi yigitlarga. Kayga ketsa ketsin. Sizlar bilan birga bo‘lmasin. Sizlar mening o‘tinchimni ado etinglar. Endi boshlagan ishingni oxiriga yetkaz, Saidmurod. Ot, yaxshiroq nishonga ol. Ketma-ket o‘q uz. To‘pponcha otishni o‘zim o‘rgatganman-ku senga. Qo‘ling titramasin. Aytdim-ku, senga qo‘l tegizishmaydi, deb… Boshing oqqan tomonga ketaverasan, dedimku…
Saidmurodning a’zoi badani, oyoqlari qalt-qalt titrar, peshonasidan sharros ter quyilar, haligi gazabu jazmu jazavasidan asar ham qolmagandi. U qo‘rboshining oldida o‘zini ojiz-notavon his etmoqdaydi — bu tuyg‘u ilkis qayerdan yopirilib keldi, o‘ziyam hayronu lol. Soniyalar burun Xolbo‘taning zanjalishday tuyulgan qiyofasi butun qudrati-yu, eakovati bilan ko‘z o‘ngida yana ustivorlashgan edi. To‘pponchasini maysalar ichra uloqtirgisi, qoya kabi xarsangda qimirlamay o‘tirgan Xolbo‘ta qarshisiga tiz cho‘kkisi keldi — xayhot, vaqt o‘tgan, shunday qilgudek bo‘lsa, Xolbo‘ta uning o‘zidan voz kechishi, otib tashlashi, loshini quzg‘unlarga yem qilishi turgan gap edi. Qalbini qora xayol chulg‘agan lahzalarni qanchalik so‘kmasin-qarg‘amasin, befoyda edi.
Ponsod yana bir necha daqiqa shu holda tursa irodasi tugab sharmandai sharmisor bo‘lishiga ko‘zi yetdi, sukutdagi qo‘rboshining gavdasini g‘ira-shira ko‘rib, nishonga oldi…
Xolbo‘ta hamon qimir etmasdi. Ketma-ket uzilgan ikki-uch o‘q ko‘ksini teshib o‘tdi. Qo‘rboshi gandiraklab ketdi… Ko‘zi osmonga tushdi. Uvada bulutchalar, quyoshning ko‘k toqidagi bir tutam nuri aralash-quralash gir-gir aylandi, aylandi, aylandi… Cho‘qqilar yer bilan bitta bo‘ldi, kunfayakun bo‘ldi, yer kanoralari-yu, sarhadlari ayqash-uyqash qorishib, ostin-ustunlashib chashmi nogironiga jamlanib keldi tugadi. Xarsang yoniga guppa quladi.
Saidmurod burila solib qocha boshladi. Ortiga sarosar qaray-qaray rangi bo‘zdek oqarib, oyoqlari bir-biriga chalishib, yiqilib, yana turib, yana yiqilib-turib qochardi u nafasini bir oz rostlagach, oti raqbada qolib ketganligini esladi, ortga qaytmoqchi bo‘ldi-yu, qo‘l siltab yana ketaverdi… U uzoqqa ketmadi. Ko‘zdan pana joyga yashirinib yigitlarning bundan keyin nima qilishlarini kuzatib turdi qani, qayerga ko‘misharkin?
Hamid xurjundan dastasi kalta bel chiqardi. To‘rttala yigit buloq bo‘yida qabr qazishdi, oradan bir soatlar o‘tar-o‘tmas ular bu ishni qoyilmaqom qilib bajarib bo‘lishdi. Xolbo‘taning usti-boshini yechib olib murdani yuvishdi, sallasini kafan qilishdi. Barcha rasm-rusumlarini joyiga qo‘yib dafn etishgach, nari ketishdi…
Saidmurodning ko‘ngli tinchib, qishloqqa yo‘l oldi…
Ertasi kuni tong saharda u qo‘li bog‘loqlik holda oldinda kelar, uning ortidan otishga shay to‘pponchasini mahkam ushlab olgan kepkali kishi, orqaroqda ikki otliq, eng orqada yelqada ketmon bilan do‘ppi kiygan ikki yosh yigit kelishardi. Ular bir-birlariga so‘z qotishmas, kepkali kishi damodam atrof-javoniga olazarak nazar tashlab qo‘yar. Saidmurodning so‘ziga — Xolbo‘taning tuproq ostida yotganligiga ishonmayotganligi yuz-ko‘zlaridan ayon edi.
Yura-yura buloq bo‘yidagi qabrga yetib kelishdi, qabrning tuprogi ancha qotib qolgan, marhumning haqiqatdan ham kecha dafn etilganligidan nishon berardi.
— Shumi? — so‘radi kepkali kishi Saidmuroddan.
— Shu, — ponsod bosh tebratdi.
— Kabrni ochinglar, — buyurdi kepkali kishi. Yigitlar bunga qo‘llari bormay, istamayroq turishardi.
— Sizlarga nima bo‘ldi, charchadilaringizmi? — so‘radi kepkali kishi.
— Shuni ochib o‘tirmaylik, — so‘zlashga jur’at etdi yigitlardan biri. — Hosiyati yo‘q. Birimizmas-birimizga kasri uradi, biror falokatni boshlaydi…
— Mana bu aldayotgan bo‘lsa-chi?— Ikkilandi kepkali kishi Saidmurodga ishora qilib.
Yigitlar yelka qisishdi.
— Ochamiz! — Qat’iy xulosaga keldi kepkali kishi. — Bugun biz uning ponsodining gapiga ishonib o‘ldiga chiqarsak, kuch yig‘ib yana bosh ko‘tarib qolsa-chi? Mayli, bir ko‘raylik, keyin yana ko‘mib qo‘yaveramiz.
Qabr tuprog‘iga birinchi bo‘lib o‘zi ketmon urdi. Otliqlar va yigitlarning, hatto Saidmurodning ham rangi bo‘zday oqarib ketdi. Ish ancha qizigach, ular ko‘nikishdi, bir-birlarining qo‘lidan ketmonni olib, chekkaga botmon-botmon tuproq uloqtiraverishdi.
Saidmurodgina miq etmay ularning ishini kuzatib, kecha Xolbo‘ta o‘tirgan mog‘orlanganday qora xarsang tosh yonida tik turardi.
Ular ancha vaqt qabrdan tuproq chiqarib tashlash bilan mashg‘ul bo‘lishdi. Saidmurodning nazarida esa bu ishning hech chek-chegarasi ko‘rinmayotgandek, yigitlar imillagandan imillayotgandek bo‘lib tuyulardi.
Oxiri murdani tortib chiqarib chuqur labiga chalqancha yotqizishdi.
Saidmurodning ko‘zlari shoxkosasidan chiqib ketayozdi marhumning usti-boshi egnida edi, ha-a, Xolbo‘taning o‘q ilma-teshik qilib tashlagan choponi… uchi qayrilma etigi… Unga tuzukroq nazar solib, tizzalaridan butunlay mador ketdi, yuragi ortga tortdi, negadir qusgusi keldi— Xolbo‘taga mutlaqo o‘xshamaydigan soqolli otbosh kishining peshonasini naq o‘rtasidagi o‘q o‘rni — o‘rachadan sizib chiqqan qon ko‘zlarini, yuzidagi chuqur ajinlarni to‘ldirib, qotgandi.
Saidmurodning ichagi ogziga keltanday o‘xchiy boshladi, quv-quv yo‘taldi.
— Shumi? — so‘radi kepkali kishi ham qandaydir istehzo bilan, holbuki, u Xolbo‘tani yaxshi tanirdi.
— Shu-u… shu-u… — Saidmurod adoi tamom bo‘lib, beixtiyor muzxona o‘rtasida turganday qalt-qalt titray boshladi. U sho‘rlik, sadoqatli yigitlar tun chogi qabrni ochishib, Xolbo‘taning loshini olib ketishtanini, uning o‘rniga boshqa bir kishining jonini dorilbaqoga jo‘natib, ko‘mishganini tasavvur ham qilolmasdi. Ko‘zlariga ishonmasdan qarardi yo‘q, bu haqiqatdan ham Xolbo‘ta emas, ko‘pincha shu yaqin-atrofda qo‘y boqib yuruvchi cho‘poi Sunnat aka edi. Ha-a, o‘shaning o‘zginasi edi!
Shu payt kutilmagan holat yuz berdi. Ulikning yaqinrogida turgan, hali qabrga ketmon urishga botinmagan yigit ilkis losh yoniga cho‘kka tushdi. Shosha-pisha uning qo‘llarini ko‘tarib, ko‘zlariga yaqinroq keltirdi, o‘z choponining bari bilan marhumning yuzida qotib qolgan qonni arta boshladi. Xatti-harakatlari telbayona edi. Konni butkul artib bo‘lmay «tog‘ajon», dedi-yu, o‘zini o‘likning ustiga tashladi… o‘krab-o‘krab yig‘lay boshladi.
Boshini gurs-gurs yerga urdi, yonida turganlar zo‘r-bazo‘r ko‘tarib olishmaganda, kim bilsin, oqibati nima bo‘lardi… Yigit o‘zini ushlab turganlarning qo‘lidan yulqinib chiqdi, yovvoyi shiddat, vajohat bilan Saidmurod ponsodga otildi. Eng avval uning soqolidan bir tutam yulib oldi, so‘nt ko‘ziga chang soldi. Besh odam quturgandan-quturib borayotgan yigitni bu safar osonlikcha bo‘ysindirisholmadi.
— Tog‘amni topib ber, gazanda! — derdi u. — Topib ber! Senga nima yomonlik qilgandi? Topib ber deyma-an, onangni…
Yigitning kuyunishlari hammaning yuragini dalva-dalva qilib yubordi. Boshliq ko‘z yoshlarini kepkasiga artardi… Otliqlardan biri egasiz qolgan suruvni qidirib ketdi…
— Xolmurod, murdani egarga ko‘ndalang yotqizib, o‘zing orqaga o‘tirib ol, — buyurdi kepkali kishi shu yerda qolgap otliqqa. — Uni qishloqqa eltib odamday ko‘maylik… Kelganlar yana ortga qaytishdi.
Eng oldinda qo‘li orqasiga bog‘langan, boshi ko‘ksiga tushib ketgan Saidmurod ponsod borar, undan keyin qo‘lida to‘pponcha bilan kepkali kishi va egarga murdani ko‘ndalang yotqizib olgan otliq yuzma-yuz ketishardi. Jiyan esa eng orqada, yonidagi o‘rtog‘ini ko‘rib-ko‘rmay, yurayotgan yo‘lini ko‘rib-kurmay hamon xiqillab zo‘r-bazo‘r qadam tashlar, o‘zini toshlarga urib-urib, bu qo‘tir dunyoda yashagisi kelmasdi…
Tog‘lardan enib tushgan tuman atrof-tumonoti qoplagan, kepkali kishi bechora yigitni ko‘zdan qochirib qo‘ymay degan xavotirda ortiga qarab-qarab qo‘yar, bir so‘z… birgina yupanch so‘z topishga ojiz edi…
Lojuvard, musaffo osmonga tig‘dek sanchilib turgan cho‘qqining eng uchida subhi kozib chog‘i paydo bo‘lgan qabrdan hech kimsa xabar topmay, u bo‘z tepachaga aylandi, abadul-abad tog‘larga singishib ketdi va uning so‘ylanmagan minglab-milyonlab afsonalarining biriga aylandi…