Shoyim Bo‘tayev. Qora Klit (hikoya)

Iskandar Makedoniya taxtiga o‘tirgan kuni qadrdon do‘sti, muzofotda Qora laqabi bilan tanilgan Klit uni qutlashga keldi. Iskandarni bag‘riga bosib:
— Buyuk ishlarni amalga oshirish uchun fursat kelganidan juda mamnunman! — deya baralla xitob qildi. Iskandar uning yelkasiga qoqib qo‘ydi. Qora Klit uning ko‘nglidagini topib aytgandi.
Soqol-mo‘ylabi endigina sabza ura boshlagan Iskandarni aslo yosh podshoh deb bo‘lmasdi. Uning shaxsida aql-zakovat, shijoat, fahm-farosatu bahodirlik mujassamlashib, ajoyib uyg‘unlik kasb etgan edi. Biroq dunyoning ayyor va dog‘uliligi, ne-ne zotlarni o‘pqonday komiga tortganicha yana hech narsa ko‘rmaganday evrilishda davom etaverishi Iskandarga hali noma’lum edi. Shundanmikan, faylasuf ustozi: “Er yuzini zabt etish hali dunyoni egallash emas”, deganida Iskandar achchiqlanib, “Men dunyoni tasavvurimda jonlantirmoqdan ko‘ra ilkimda tutmoqlikni afzal ko‘raman”, degan edi.
Uning bu qat’iyati har bir voqea-hodisaga munosabatida ham yaqqol aks etardiki, ba’zan hech kimning xayoliga kelmagan favqulodda gaplarni ham oddiy so‘zlar kabi aytib yuboraverardi. Hatto bir kuni, otasi Filipp yoshi o‘tib qolganiga qaramay navnihol Kleopatraga uylanayotganida, uning may ichib yiqilib qolganini ko‘rgan Iskandar istehzo bilan:
— Qaranglar-a, qit’adan qit’aga o‘tishni niyat qilgan odam to‘shakdan to‘shakka o‘tayotib cho‘zilib qoldi, — deganini odamlar uzoq vaqt eslab yurishgandi.
Hamisha tuslanib turadigan dunyodan oyoq bosib o‘tmoq navbati endi Makedoniya podshohi Iskandarga kelgan edi. Qismatga bitilgan chokda yagona va kuchli bir istak ko‘ngilga shu qadar qutqu solarkanki, uni qondirmoqdan o‘zga iloj qolmaydi — yo hayot, yo o‘lim — boshqa yo‘l ko‘rinmaydi. Iskandarning xayolini band etgan ulug‘vor rejalar, ulkan maqsadlar tunu kun unga halovat bermas edi.
Jangovar safarga chiqishdan oldin barcha boyliklarini xalqqa bo‘lib berdi.
O‘shanda Iskandar o‘z boyliklarini saxiylik bilan odamlarga ulashar ekan, yurt ulamolarining boylikka, ayshu ishratga, ayollarga ruju qo‘yishlarini o‘taketgan pastkashlik, qabihlik deb hisoblaganidan, bu ochiqqo‘lligi bilan shunday yo‘l tutayotganlarga sha’ma qilayotgandek ham bo‘lardi. “Yalqovlik qullarga xos, ulug‘, shijoatga to‘liq mehnat esa shohlarga yarashadi”, derdi u.
Mamlakatning shon-shavkati, xalqning baxtu saodati uchun nainki boyliklarini, balki jonini ham bir lahzada berib yuborishga tayyor podshohgina shunday deya olar edi. U bunday choqda ikkilanishni o‘zi uchun or deb bilardi.
Do‘stining barcha narsalarini ayamay boshqalarga tarqatayotganini ko‘rgan Klit:
— O‘zingga ham biror narsa qoldirdingmi? — deb so‘radi.
— Ha, — dedi Iskandar.
— Nimani? — qiziqdi Qora Klit.
— Umidlarimni, — dedi do‘sti.
Uning bu javobi Qora Klitni shu qadar to‘lqinlantirib yubordiki, u ham shu lahzadayoq bor-budini boshqalarga tarqatib berdi.
Shundan so‘ng Iskandarning oldiga qaytib:
— Sening umidlaringga men ham sherikman, — dedi.
Iskandarga Qora Klitning bu so‘zi yoqdi.
Bu voqea yashin tezligida butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi. Og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan qisqagina suhbat ulus qalbini faxr-iftixorga to‘ldirib yubordi. Ular, endigina toju taxtni egallagan navqiron hukmdorlari omon bo‘lsa, hech qachon xorlik-zorlik ko‘rmasliklarini dil-dildan his etardilar.
Istmdagi qurultoyda yunonlar Iskandarni o‘zlariga dohiy saylab, uning boshchiligida navbatdagi qarshi yurishga ahdlashganlarida, barcha davlat arboblari, buyuk faylasuflar uni qutlagani kelishdi. Faqat, sinoplik faylasuf Diogengina bu yerda qorasini ko‘rsatmadi. Iskandar uni ko‘p kutdi, axiyri, uning huzuriga o‘zi yo‘l oldi. Kraniyadagi chorbog‘da badanini oftobda toblab yotgan Diogendan Iskandar: “Mendan nima iltimosing bor?” deb so‘raganida, u: “Sal chekkaroq o‘t, quyoshni to‘sayapsan”, dedi. Qaytayotganda faylasufni mazax qilib kelayotgan hamrohlariga, “Afsuski Iskandarman, agar Iskandar bo‘lmaganimda Diogen bo‘lishni xohlardim”, dedi.
Iskandarning yurishi boshlandi.
— Makedoniyaning ozod fuqarolari! — xitob qildi Iskandar yurish oldidan qo‘shin yonidan o‘tar ekan. — Dushman lashkarlarining bizga nisbatan bir necha marotaba ko‘pligi sizlarni cho‘chitmayaptimi? Yodingizda tuting: ular yo‘lbars qarshisidagi qo‘y-echkilar kabidirlar. Axir, o‘z podshohining chizgan chizig‘idan chiqolmaydigan son-sanoqsiz yollangan qullarni Makedoniyaning ozod fuqarolariga kim tenglashtira oladi? Ular hozir ham o‘z boshlarining omon qolishini o‘ylaganicha qaltirab, jon hovuchlab turishibdi.
Makedoniya qo‘shini Iskandarning har bir so‘zini hayqiriqlar bilan qarshi oldi.
— Ozodlik uchun! — qichqirdi Iskandar.
— Ozodlik uchun! — ummonday guvladi qo‘shin.
Doro va uning lashkarboshilari Granik daryosining kechuv joyiga katta qo‘shin tashlab, jangga shay holda turishar ekan, g‘alaba qozonishlariga qattiq ishonishar edi. Negaki, qirg‘oqdagi qoyalarni ular egallashgan, daryo ham, har ikkala qirg‘oq ham kaftdagidek aniq ko‘zga tashlanib turar, qoyatoshlarga parchinlanganday navkarlar kamoni jangga shaylangan edi. Kamon yoyini tortib yuborishsa, undan uchgan o‘q narigi tomondan o‘tishga jahd qilgan har qanday jonzodni jahannamga jo‘natishi muqarrarligi ko‘rinib turgani uchun, fors navkarlari tevarak-atrofga nopisand nazar tashlagancha jang boshlanishini betoqat kutishardi.
Ammo ular Iskandarning birinchi bo‘lib jang boshlashiga ko‘p ham ishonishmasdi. Makedon sarkardalari desiy oyida hech qachon urush boshlamasliklarini, bu odatga qattiq amal qilishlarini ular yaxshi bilishardi.
Iskandarning shiddatini bu qadim odat ham to‘sa olmadi.
U, desiyni artemisiy deb atay qoldi va jangchilarni o‘zi bilan birga olg‘a boshladi. U, hech ikkilanmay, ming chog‘li suvoriyni daryodan kechib o‘tishga undab, o‘zi birinchi bo‘lib suvga ot soldi. Qoyadagi navkarlarga jon bitdi, ular yov suvoriylari ustiga o‘q yomg‘irini yog‘dira boshlashdi. Iskandar va uning suvoriylari shunday tahlikali vaziyatda ham eson-omon sohilga chiqib olishdi.
Sohilda ularni kechuvdagidan ham battarroq xavf-xatar kutib turardi. Makedon qo‘shini ustiga fors suvoriylari shiddat bilan yopirildi.
Dubulg‘asidagi ikki dona katta-katta va oppoq patlar Iskandarni boshqalardan ajratib turardi. Qalqoni ham boshqalarnikiga o‘xshamasdi. Mana shu belgilar sabab, forslar Iskandarni tanib qolishdi va u tomon suqilib kela boshlashdi.
Qilichlarning qasur-qusuri, kamon o‘qlarining vizillab uchishi, nayzalarning sinishi, joni uzilayotib egardan uchib tushgan askarlar, suvoriysiz qochib borayotgan otlar — jami-jami to‘planib, dahshatli manzara kasb etgan edi.
Iskandarning qo‘lidan otining jilovi chiqib ketayozdi. Unga otilgan nayza egnidagi zirhni teshib o‘tib, qalqitib yuborgandi. Baxtiga, nayza bo‘rtma burchakka tegib, badaniga jarohat yetkazmadi.
Iskandarga shu lahzaning o‘zida ikki fors lashkarboshisi Resak va Spitridat tashlanishdi — ular zirhga qadalgan nayzani ko‘rib, bundan buyog‘i oson ko‘chishiga, Iskandarni qiyinchiliksiz tinchitib, jangga nuqta qo‘yib qo‘ya qolishga ishonishgan edi.
Iskandar Spitridatga chap berib, nayzasi bilan Resakka hamla qildi. Nayza Resakning zirhiga tegib sindi. Iskandar darhol qilichini yalang‘ochladi. Shu payt Spitridat olishayotganlarning biqin tarafiga kelib otini to‘xtatdi. U egardan ko‘tarilib Iskandarga shamshir urdi. Shamshir dubulg‘a uchini va patlardan birini kesib o‘tdi.
Spitridat Iskandar boshi uzra yana shamshir ko‘tardi.
Shu lahzada yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, Spitridatning qarshisida Qora Klit paydo bo‘ldi. Qora Klit nayzasini shiddat va kuch bilan Spitridatning ko‘kragiga botirdi. Pahlavonning shamshir ko‘targan qo‘li havoda muallaq qoldi.
Iskandarning muqarrar ravishda yopilayotgan tarix kitobini Qora Klit qaytadan boshlab berdi. Yolg‘iz qolgan Resakni Iskandarning qilichi yiqitdi.
Iskandarning suvoriylari olatasir jangni davom ettirishayotgan bir paytda uning piyodalari ham kechuvdan o‘tib kelishga muvaffaq bo‘lishdi.
Shiddatli janglar forslarni esankiratib qo‘ydi. Ular qochishga tushdi.
Ana shu daqiqalardan Iskandarning yulduzli onlari boshlandi. Zabt etilgan o‘lkalarda Iskandar haqida turli-tuman afsonalar, rivoyatlar to‘qishdi. Qirib tashlangan xalqlarning qolgan-qutganlari ham bundan chetda qolmadi — uni salkam xudo darajasiga chiqarib qo‘yishlariga oz qoldi.
Doroni tamomila mag‘lub etgach, Iskandar o‘ttiz ming nafar navqiron forslardan saralangan qo‘shin tuzdi. O‘nboshilar, yuzboshilar, tumanboshilar, lashkarboshilar ham ularning o‘zlaridan tayinlandi.
Ular Iskandarga Doroga qanday munosabatda bo‘lgan bo‘lishsa, undan-da ortiqroq mulozamatda bo‘lishdi. Doro serhashamlikni jonu dildan yaxshi ko‘rar, qolaversa, ajdodlaridan ham shu odatlar meros bo‘lib, qondan qonga o‘tib kelgani bois boshqacha bo‘lishi mumkinligini tasavvur ham etolmasdi. Uning huzuriga kirmoqchi bo‘lgan eng mag‘rur fuqarosi ham saroy ostonasiga qadam qo‘yishi bilanoq yetti bukilib yoinki emaklab taxt poyigacha yetib kelar, shohning avval oyog‘ini, keyin qo‘lini ixlos bilan o‘par, shundan so‘nggina bosh ko‘tarmagan holda uch qadam ortga chekinib arzu dodini yetkazar edi. Bu arzu hol ham ochiq-oydin aytilmas, ming turli pardalar bilan o‘ralgan, ming xil bo‘yoqlarda bo‘yalgan, imkoni va iloji boricha, fahm-farosati va aqli yetganicha taxt ustidagining ko‘nglini xushnud qilishga, uning kayfiyatini buzmaslikka qaratilgan bo‘lar edi. Shu sababli, rost bilan yolg‘onning, soflik bilan razolatning, adolat bilan adolatsizlikning farqiga borib bo‘lmasdi.
Iskandarning qiziquvchanligimi yoinki har bir inson zotiga xos maylmi, ishqilib, nimadir ustun kelib, asta-sekin mag‘lub xalq urf-odatlariga ko‘nika boshladi. Bora-bora, Iskandar bo‘lmaganimda Diogen bo‘lishni xohlardim, degan buyuk shoh ham yangicha munosabatlardagi nimalardir o‘ziga xush yoqayotganini bilib-bilmay qoldi va bunday narsalarga e’tibor bermay qo‘ydi. Nima bo‘pti? Har bir xalqning o‘ziga xos urf-odatlari, an’analari bo‘ladi, ularni qadrlash kerak, yo‘qsa, xalqlar o‘zligini, o‘z qiyofasini yo‘qotib qo‘yishi mumkin.
Nimaiki bo‘lmasin, o‘shanda xalqlarning tabiatidan kelib chiqib, bir shaxs qiyofasida ikki qarama-qarshi fe’lu atvordagi hukmdorlarning belgilari mujassamlashdi va ular bir-birlari bilan kurasha boshladi.
Yangi yollanganlarning shoh qarorgohiga yetti bukilgancha tez-tez kirib-chiqishayotgani yunonlarning tobora g‘azabini keltirar, ular buni sezib-bilib turishsa-da, o‘zlarini payqamaslikka olishardi.
Iskandar endi makedoniyaliklarga ham saroyga g‘o‘dayib kirib ketavermay, shoh izzatini joyiga qo‘yishni o‘rganish kerakligiga sha’ma qila boshladi.
Qora Klit bir gal xuddi shu xususda Iskandar bilan bahslashib qoldi va ilgarigidagi kabi o‘z fikrlarini bo‘yab-bejab o‘tirmay, shartta-shartta aytib tashladi.
— Parfiyada egningga forscha liboslarni ilganingda jasoratlaring hurmatiga hech kim hech narsa demagandi, — dedi Qora Klit o‘ziga xos qizg‘inlik va qat’iylik bilan. — Lekin, yunonlar g‘ururini yerga urib, ulardan olchoq qullarning munosabatini o‘zingga talab etma. Erkin fuqaro hech qachon bo‘yin egmaydi. G‘ururini toptamaydi. Shuni esla va bilib qo‘y, bunday qilish olijanoblik emas, g‘irt yaramaslikdir.
— Balki, sen qo‘rqoqlikni olijanoblik demoqchidirsan? — dedi Iskandar Qora Klitni pastga urmoqchi bo‘lib.
Qora Klit o‘rnidan sapchib turdi-da:
— Ey, xudolar bandasi, — deb xitob qildi. — Spitridat shamshiri bo‘yningni uzishga tayyor turganida seni shu qo‘rqoqligim saqlab qoldi. Sen bo‘lsang, bugun ularning ta’zimigayu qo‘l-oyog‘ingni o‘pishiga mahliyo bo‘lib o‘tiribsan. Ular olchoqlarcha yaltoqlanish evaziga shon-shuhrat orttirmoqchi bo‘lib, kechagina Doroning tovonini yalab turishgandi, bugun sening qarshingda ta’zim qilishga ilhaq turishibdi. Ammo men o‘z podshohlarining oldiga kirish uchun forslardan ruxsat olishga va ular kabi yetti bukilishga majbur bo‘layotgan makedoniyaliklarni ko‘rmay o‘lib ketganlarni baxtiyor makedonlar hisoblayman. Sen yig‘in va bazmlaringda fikrini ochiq aytishga o‘rgangan ozod odamlarni emas, o‘zining belbog‘i va oq xitoniga sajda qiladigan qullarni taklif qilaver.
Qora Klitning bu so‘zlari Iskandarning g‘azabini qo‘zg‘adi. U xanjarini izlay boshladi. Tanqo‘riqchi Aristofan Iskandarning xanjarini yashirib qo‘ygan edi.
Iskandar o‘zini tinchlantirishga urinayotganlarning itarib surib, o‘rnidan sapchib turdi-da, xos qo‘riqchilarni chaqirib, karnaychiga qarorgohni oyoqqa turg‘izishni buyurdi.
Iskandarning bu qadar g‘azabga mingani Qora Klitni zarracha cho‘chitmadi. U hamon erkinlik va ozodlik qadri uchun u bilan birga yurganini, forsliklarning qullarcha yaltoqlanishlariga ko‘nikish ajdodlarining sha’n-shavkatiga haqorat ekanini, bordi-yu yer xabar yetkazsa, avlodlarining bu qadar past ketishlaridan ular go‘rda tik turishlarini gapirar edi.
Qora Klitni tashqariga itarib chiqarishdi.
Ammo u boshqa eshikdan kirib:
— Ellinlarning shunday bir yomon odati bor… — deya Evripiddan misol keltirib, so‘zlay boshlashi bilan Iskandar yonida turgan tanqo‘riqchining nayzasini shitob-la olib unga qarata uloqtirdi.
Nayza eshik pardasini bir chekkaga surib, endigina ichkariga kirgan Qora Klitning qoq ko‘kragini teshib o‘tdi.
Qora Klit gursillab quladi.
Qarorgohni sovuq sukunat qopladi.
Hamma qotib qolgan, fikrlashga-da, so‘zlashga-da birov botina olmas edi.
Iskandar sapchib o‘rnidan turdi.
U yovvoyi o‘kirik bilan Qora Klit tomon otildi.
Qora Klitning ko‘kragidagi nayzani zarb bilan sug‘urib olib o‘zining tomog‘iga tiqmoqchi bo‘ldi. Sergak turgan tanqo‘riqchilar kuch bilan uning qo‘lidan nayzani tortib olishdi. Sudragancha xobxonasiga olib kirib ketishdi.
O‘lim chog‘ida ham jangga tashlanayotganidagi kabi mag‘rur qiyofasi abadiyatga muhrlangan Qora Klitning ruhi qarorgoh uzra charx urib yurarkan, ichkari xobxonadan Iskandarning ojizona ingrayotgani eshitilib turar edi.
U Qora Klitning bashorat kabi aytgan so‘zlarini eslardi.
Bizni faqat shoh oldida o‘z g‘ururini yerga urib izzat-ikrom ko‘rsatish, qullarcha yaltoqlanishdek odatlargina sharmandalik sari yetaklaydi, der edi u.
Ayni damda bundan ortiq sharmandalik yo‘q edi: o‘zini muqarrar o‘limdan asrab qolgan do‘stining ko‘ksiga Iskandar nayza sanchgan edi.