Said Anvar. Alomat (hajviya)

Halimjon aka qirq yoshlarda, chuvakkina, ammo halimdek odam. U kishi bilan munosabatlarimiz salom-alikdan nariga o‘tmagan. Qayerda ishlaydi, bilmayman. «Halimjon qayerda ishlashsa ham ishlarni loy qiladi, ammo akalari bor, — moyli ish topib berishaveradi, teshik uzuk yerda yotarmidi!» deb kulib qo‘yishadi. Nega? Bunisi ham menga qorong‘u.
Chorrahada tursam «Jiguli» kelib to‘xtadi. Oynadan Halimjon akaning mushtdekkina boshlari ko‘rindi.
— Uygami? Chiqing! — dedi u.
Salomni quyuq qilib, orqa o‘rindiqdan joy oldim.
— Toshkentdanmi? — so‘radi Halimjon aka qo‘limni ohista qisib.
— Toshkentdan.
— Toshkentlar juda o‘zgarib ketibdi-a? — dedi ruldagi taqamo‘ylov aka iljayib. — Kecha kelishimda tushgandim, tanimadim, vey, tanimadim.
— Shodmonqul Jizzaxdan, armiyada birga xizmat qilganmiz, — Halimjon aka yo‘ldoshini tanishtirgan bo‘ldi. — Abdulla Akrarovga ishqi tushib qolgan ekan, o‘g‘lining to‘yiga aytib ketaman deb kelibdi-da. Oltiariqqa ketyapmiz.
— Abdulla akaga gap yo‘q-da, — Shodmonqul yana iljaydi. — Kechagi kuni stadionda kulgi kechasi bo‘ldi. Abdulla aka ikki soat shunaqangi kuldirdiki, tan bermagan odam qolmadi.
— Ha, Abullajon zo‘r! — Halimjon aka tamshanib qo‘ydi.
— Ie! — Shodmonqul yo‘lko‘rsatgichga alanglab qaradi. — «Cha-mangul» xo‘jaligi deb yozib qo‘yibdimi?
— Ha, «Chamangul» bizning xo‘jalik, — javob bo‘ldi Halimjon akadan.
— Alomatxon shu xo‘jalik raisining muovini-a? — yana so‘radi Shodmonqul.
— Ha, uni qayerdan taniysan?— savol berish navbati Halimjon akaga o‘tdi.
— E-e-e! — Shodmonqul o‘rtog‘ining tizzasiga shappatilab kuldi. — Sanatoriyda tanishganmiz. Tuman kattalaridan biri bilan borgan ekan. Katta sanatoriyda yoshrog‘ini topvolib, bu kishiga qaramadi. Alomatxon qasdma-qasdiga tunu kun men bilan birga bo‘ldi. Oh-oh-oh! Senam yuribsan-da, yashayapman deb. Rosa bir oy shunday huzur qildim, eslasam hali-hanuz etlarim jimirlab ketadi. Idorasiga kirib o‘tmaymizmi? Meni ko‘rsa «dod!» deb yuboradi.
— Unda hov, tolning tagidan chapga buril! — Halimjon akaning faqat ovozi emas, rangi ham o‘zgarganga o‘xshadi.
Mashina idora oldiga kelib to‘xtadi.
— Yur, birga kirib chiqamiz, — Shodmonqul idoraga ishora qildi.
— Biz chekishib turamiz, kirib chiqaver! — Halimjon aka zardaliroq javob berdi.
Chekishib turgandik, Shodmonqul tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytib chiqdi.
— Dalaga chiqib ketganmish! — dedi u mashinasini o‘t oldirar ekan. — Shu issiqda dalaga borarmidi, uyida yotgandir.
— Uyiga kirib qo‘yaqolasanmi? — so‘radi Halimjon aka. Javob kutmay yo‘lboshlovchilikni boshlab yubordi. — Chapga yur. Endi o‘ngga buril. Hov, anovi tor ko‘chaga burilamiz. Endi to‘xta. Mana shu uy!
— Yaxshisi uyiga sen kirib chiqqin, — Shodmonqul qo‘li bilan imo qildi. — Yana uyida eri bo‘lsa, begona joy…
Halimjon aka shaxdam yurib, ichkariga kirib ketdi. Dam o‘tmay o‘sha yurish bilan qaytib chiqdi.
— Uyda yo‘q ekan. Haqiqatan dalaga chiqib ketibdi! — dedi.
Yo‘lga tushdik. Shodmonqul irshayib dam ko‘rsatkich barmog‘ini siltaydi, dam bosh chayqab, «Ha, sen!» deb qo‘yadi o‘rtog‘iga.
— Nima men? — uchinchi, yo to‘rtinchi «ha, sen!»dan keyin Halimjon aka zarda bilan so‘radi.
— Alomatxonining otini aytishim bilan qovog‘ing osilib, ovozing o‘zgarib qoldi, bildim, senam-a? — Shodmonqul ma’noli tomoq qirdi. — Uyiga ham chaqirmasdan, netmasdan kirib ketding — xuddi o‘zingning uyingday!.. Kundosh ekanmiz-ku, Alomatxonning alomatligini senga gapirib o‘tiribman-a! Tashla! — u qah-qah urib kaftini Halimjon akaga tutdi.
Aka yuzini teskari burib, ohista so‘z qotdi:
— O‘z uyimday-da! Alomat xotinim bo‘ladi!