O‘lmas Umarbekov. Kuz havosi (hikoya)

Savri xola xiyobondan bitta-bitta yurib borardi, shoshmasdi. Shoshib nima qiladi? Uyda bolalari yig‘layaptimi yo bironta ishi chala qolyaptimi? Hamma ishi joyida, bolalar yo‘q. Bolalarni Xudo unga ko‘p ko‘rgan. Nima qiladi shoshib? Innaykeyin, hali kun erta. Oftob endi ikki terak bo‘yi ko‘tarildi. Ertalabki muzdek shabada hali iligani yo‘q, lekin tafti bosilgan, etni junjitmaydi. Shudring tushgan yaproqlarning uchlarida munchoqdek-munchoqdek kumush isirg‘alar paydo bo‘libdi. Oftob ko‘p qiziq narsa-da. U bo‘lmaganda shu isirg‘alar bo‘larmidi?! Qushlar ham gala-gala bo‘lib oftobda daraxtlarga yopishib olibdi. Ilgari yo‘lning ustida kam ko‘rinardi, chug‘ur-chug‘urlar xiyobonning pastki tomonlaridan eshitilardi. Mana endi bu yoqda, ochikda. Odamlar ham shunday. Daraxt soyasidan qochib yurishibdi. Xiyobonda odam kam. Hamma ishda. Borlari bozor-o‘char qilib yurganlar, yo bo‘lmasa unga o‘xshab ishdan qaytayotganlar. Lekin u o‘zining ishlaganligini sezmasdi. Ishlagan odam charchaydi, madori quriydi. Uning sira madori qurimaydi. Tag‘in kampir narsa. Uch kam yetmishga kirdi. Ha, bu yil tovuq yili bo‘lsa shu yoshga kirgan bo‘ladi. Nahotki, ish shunaqa bo‘lsa?! Yo Sotiboldi tushmagur uni shunaqa ishga qo‘yib qo‘ydimi? Ertalab keladi, supuradi-sidiradi. Ba’zan xonalarning polini yuvadi. Derazalarni artadi. Xizmatchilar kelganda hamma yoq chinnidek toza, sarishta. Bo‘ldi, shu bilan ish tamom. Mana, ikki oy bo‘pti ishlayotganiga, ahvol doim shunaqa. Lekin surishtirgani uyaladi. Surishtirishi unga norozi bo‘layotganday tuyuladi. Shuning uchun ishxonasining aniq nomini ham bilmaydi. Hamma xonalar baland-baland qiyshiq stollar bilan to‘lib ketgan. Xizmatchilar tippa-tik turib shu stollardagi katta-katta qog‘ozlarga nimalarnidir chizishadi, nimaligini u bilmaydi. Sotiboldining xonasi alohida, eshigining tagida doim bitta juvon o‘tiradi. Lekin juvonni u kam ko‘radi. Ertalab kelganida ishni avval shu xonadan boshlaydi-da. U paytda hech kim bo‘lmaydi. Sotiboldi ham bo‘lmaydi. Bu yerni supurib-sidirib, boshqa yoqqa o‘tganidagina keladi. Birin-chi kuni Sotiboldi anchagacha tepasida qarab turdi. Keyin:
— Hormang. Charchamadingizmi? — deb so‘radi. Savri xola kuldi.
— Nega charcharkanman, bolam! Shu ham ish bo‘ptimi?
— Bilganga ish bo‘lmasayam, bilmaganga ish, — dedi shunda Sotiboldi. — Sizdan oldin nechtasi kelib ketdi.
Savri xola indamadi. Lekin bu gapdan keyin biron narsa qilgisi keldi, hozirgina artgan joylariga yangitdan latta urib chiqdi. Ish tamom bo‘lgach, Sotiboldining o‘zi eshikkacha kuzatib qo‘ydi.
— Adashmaysizmi? — deb so‘radi xayrlasha turib, — Nega adasharkanman, bolam? Xiyobondan o‘tsam bo‘ldi. Katta ko‘cha bilan to‘g‘ri uyimga boraman, — dedi kampir va ko‘chani kesib o‘tib, xiyobonga kirdi.
Xiyobon yozda yaxshi edi, gavjum bo‘lardi. Qayoqqa qarama odam, bo‘sh joy yo‘q o‘tirishga. Ertalab ham shunaqa, kunduzi ham, kechqurun ham. Endi bunaqa emas. Hamma yoq huvillab yotibdi. Skameykalar bo‘m-bo‘sh. Tag‘in qanaqangi skameykalar!.. O‘tirsang, o‘tirganing bilinmaydi, yotgandaysan. Bo‘yoqlari ham turli-turli: oq, sariq, qizil, ko‘k… Bamisoli Hazrat Alining yoylari deysan. Kampir shu skameykalarda birpas-birpas o‘tgan-ketganga qarab o‘tirardi. Keyin xiyobonni aylanardi. Nima yo‘q unda. Dunyoda bor daraxtlar, gullar tag-tugi bilan ko‘chirilganu shu yoqqa olib kelingan.
Ayniqsa, qo‘g‘irchoq uydek kichkina, jimjimador uyning atrofi chiroylik. Go‘yo shu uyga kelin tushadiganu yerga palakdan poyandoz yasab qo‘yishgan. Kampir shu tomonda ko‘proq yuradi, keyin katta ko‘chaga chiqib, piyoda uyiga ketadi. U piyoda yurishni yaxshi ko‘radi, innaykeyin ko‘nikib ham qolgan. Shu yoshga kirib, hali biron marta mashina yoki tramvayga tushgan emas. Rahmatli eri Usmon aka agar biron joyga birga borishadigan bo‘lsa rosa xunob bo‘lardi. Joningga jabr qilib nima qilasan, deb so‘kardi. Bu ham kor qilmagach, hukumatda qasding bormi, nega u chiqarib qo‘ygan tramvayga chiqmaysan, deb qo‘rqitardi. Lekin foyda bermasdi. Savri xola uning gaplariga parvo qilmay, sababini bilmasa ham, piyoda ketaverardi. Mana, joniga jabr qilmay ellik yoshida Usmon aka olamdan o‘tib ketdi. Kasal bo‘lgani yo‘q. Mayib bo‘lgani yo‘q. Kechqurun shavla yeb o‘tirib — rahmatli shavlani yaxshi ko‘rardi, — mudroq bosyapti, birpas mizg‘ib olay, deb shunday tanchaning yoniga yonboshladi. Shu yotganicha turmay qo‘ya qoldi. Rahmatli past bo‘yli — Savri xolaning yelkasidan kelardi — jikkakkina, mo‘min-qobil odam edi. Shunchalik mo‘min ediki, ko‘pincha uyda bor-yo‘qligi ham bilinmasdi. Bechoraning o‘limi ham o‘ziga o‘xshab bilinmay o‘tib ketdi. Savri xola ko‘p qayg‘urmadi. Yurakda izi qolmaganidan keyin qiyin ekan. U hatto erining yuz-ko‘zi qanday bo‘lganini ham eslolmaydi. Lekin har hayitda mozorboshiga borib, qabrini ziyorat qilib keladi. Uyidan Minor anchagina olis, aylanma bo‘lsa ham, piyoda boradi. Piyoda yurishga nima yetsin?! Ko‘rmaganingni ko‘rasan, bilmaganingni bilasan. Sotiboldi ishga kiritib qo‘yib, ko‘chaga chiqadigan bo‘ldi-yu, dardi yengillashdi. Urushda bedarak ketganlar ko‘p ekan, bitta uning o‘g‘li emas ekan. Aza ochib bekor qilibdi. Buni Sotiboldi ham aytdi. Qo‘ying, boshi omon bo‘lib kirib kelib qolsa, nima degan odam bo‘lasiz, dedi. Quloq solmadi. Tilab olgan o‘g‘lining dardi boshqacha bo‘lar ekan. Omon bo‘lsa keladi, umri tugagan bo‘lsa janozasiz yotmasin, dedi. Lekin o‘shanda to‘g‘ri qilibdimi, yo noto‘g‘ri qildimi, hali ham bilolmaydi. Ko‘chaga chiqib, bittasi yigirma bir yil deganda kelganini eshitdi. Berdialining ketganiga qancha bo‘pti? Endi o‘n yetti yil! Ajab emas kelib qolsa. Ko‘pincha kechqurunlari bir kapgir osh qilib, chimchilab yeb o‘tirganda xayol qurg‘ur ming yoqqa olib ketadi-yu, Berdiali ikkita qovunni qo‘ltiqlab kirib kelayotganday bo‘ladi. Nega albatta qovun qo‘ltiqlab keladi — Savri xola bilmaydi. Lekin bir narsa doim esida. Berdiali qayoqdan kelmasin, o‘qishidanmi, boshqa yoqdanmi, baribir, ishqilib bir narsa ko‘tarib kelardi. Jo‘nashidan bir kun oldin ham shunday qilgan edi. Xayoli urushda-yu, bir sumka shaftoli olib kelibdi. Shuning uchunmi, xayolidan Berdiali o‘tsa, qo‘lida qovun bilan o‘tadi. Qovun miyasiga o‘rnashib qolgan. O‘tadi-yu, kulib turgan qiyofasi bir necha kun ko‘z oldidan ketmay qoladi. U chiroyli kulardi. Bolaligidan shunday. Kulganda chap yuzida kulgich paydo bo‘lardi. Hamma shu kulgichga ishqiboz edi. Birpas ko‘chaga chiqdimi, chap yuzi qizarib qaytib kelardi. Qo‘ni-qo‘shnilar o‘paverishardi. Savri xolaning o‘zi ham uni holjoniga qo‘ymasdi. Bo‘lar-bo‘lmasga kuldirib, o‘paverardi. Jo‘nayotgan kuni ham vok-zalda Savri xola uni shu kulgichidan o‘pgan edi.
Bu so‘nggi o‘pich uning xotirasidan sira chiqmaydi. Uni eslaganda, beixtiyor ko‘zlari yoshlanadi. Buning ustiga yolg‘izligi qo‘shilib, bir dardi o‘n bo‘ladi.
Yaxshiyam Sotiboldi bor ekan. Aza tutgandan beri tinch qo‘ymay, oxiri, ishxonasiga kiritib qo‘ydi. Birinchi kuni o‘zi mashinada olib ketdi. Xiyobonni o‘shanda ko‘rdi. Ko‘rdi-yu, piyoda yurgisi, shu xiyobondan o‘tgisi, umrida ko‘rmagan tanasi bir quloch-bir quloch keladigan daraxtlarni, husnini ko‘z-ko‘z qilib turgan xilma-xil gullarni tomosha qilgisi kelib qoldi. Qaytishda shunday qildi, xiyobonga yo‘l soldi. Mana, ikki oydan beri shu yo‘ldan yuradi. Borishdayam, kelishdayam. Bunga piyoda yurishni yaxshi ko‘rishidan tashqari, boshqa sabab ham bor. U shu yo‘ldan yurib Sobirjon bilan tanishib qoldi. Sobirjon katta ko‘chada yamoqchilik qiladi. Do‘koni bor. Nop-nozanday yigitsan, nega yamoqchilik qilasan, bo‘y-bastingga yarasha ish qilsang bo‘lmaydimi, deb ko‘pincha so‘ramoqchi bo‘ladi Savri xola, lekin so‘ray olmaydi, uyaladi. Innaykeyin, uning nima ishi bor? Har kimning o‘z ixtiyori, ko‘ngli tusagan ishni qilaveradi. Sirasini aytganda, Sobirjon qo‘li gul yigit. Kosiblik go‘yo uning uchun yaratilgan deysiz. Qorayib taram-taram bo‘lib ketgan baquvvat qo‘llarida bigiz, igna o‘ynab turadi. Uning xushmuomalaligini aytmaysizmi?! Har ko‘rganida qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom beradi, hol-ahvol so‘raydi.
— Assalomu alaykum, xolajon, — deydi. — Yo‘l bo‘lsin?
— Uyga bolam, uyga, — deydi Savri xola qadamini sekinlatib, keyin mag‘rurlik bilan qo‘shib qo‘yadi. — Ishdan kelyapman.
— Charchagandirsiz bo‘lmasa, — deydi Sobirjon ishini qo‘yib. — Birpas o‘tirib choy ichib keting. Selon choy. Yangi damlaganman.
Savri xola uydan ko‘ngli to‘q bo‘lsa, rozi bo‘ladi. Uydan esa ko‘pincha ko‘ngli to‘q. Ovqatga ancha bor. Hovli shipshiy-dam. O‘tiradi. Sobirjon kichkina kursicha qo‘yib beradi. Ana shunda, ishda ozgina charchagani bilinadi. Lekin bir-ikki piyola achchiq tseylon choyidan ichib, tanasi yayraydi. Buni butun badaniga issiq tarqab, peshonasidagi uch-to‘rtta kalin chiziqlarning ostida, qirra burni uchida ter tomchilari paydo bo‘lganidan biladi-da, turgisi kelmay qoladi. Shunaqa paytlari ba’zan oqshomgacha shu yerda qolib ketadi. Sobirjonning ishiga mahliyo bo‘lib, gaplariga quloq solib o‘tiraveradi. Sobirjonda gap ko‘p, tag‘in biram ma’nili. Dunyoda nima gap, podsholar nima qilishyapti, nima deyish-yapti. Amerika yana qanaqa nayrang qilmoqchi — hammasidan xabardor. Hammasini erinmasdan gapirib beradi. Juda gap topolmay qolsa, qo‘lidagi yamayotgan narsasidan ma’no chiqarib gapiradi.
— Manavi botinkaga qarang, — deydi. — ko‘ryapsizmi, tagi tuyaning ko‘ziday teshilib ketibdi. Poshnasi ham qolmagan. Egasi qanaqa odam, bilasizmi?
Savri xola boshini sarak-sarak qilib, yo‘q, deydi. Sobirjon gapida davom etadi:
— Bu odam o‘lgudek mehnatkash. Ish bo‘lsa bo‘ldi unga. Yelib-yuguraveradi, o‘zini o‘ylamaydi. Oyog‘iga tosh-posh botganda qarab qo‘yadi. Usti butun. Yana parvo qilmay ketaveradi. Yechib, tagini qarashga vaqti yo‘q.
Sobirjon unga tagdo‘zi qoqib, yon-verini yaxshilab tekislaydi-da, boshqa bir tuflini qo‘liga oladi.
— Bunga nima deysiz? — so‘raydi kampirdan, ko‘zlarini ayyorona suzib.
Savri xola tuflining yamoq-yamoq bo‘lib ketganini ko‘rib:
— Bechora, juda kambag‘al bo‘lsa kerak, — deydi.
Sobirjon jilmayadi. Anchagacha javob bermay tufliga qarab turadi-da:
— Yo‘q, xola, topmadingiz, — deydi. — Bunga qarang. Butun joyi qolmabdi, hammasi yamoq bo‘lib ketibdi. Shundoq bo‘lsayam yana yamatgani olib kelibdi. Endi, tozaligiga qarang. Gard yuqmagan-a! Kim shunaqa kiyadi? O‘lgudek ziqna, xasis odam shunaqa kiyadi. O‘ziniyam o‘n yil kiygan bo‘lsa kerak. Kambag‘al shunaqa kiyadimi?! Uniki yozgayam, qishgayam, loygayam, suvgayam bitta. Xudo poshsho, deb kiyaveradi. Sob bo‘lguncha kiyadi. Yamatmaydi. Yamatgani orsa yoq yalang Qoladi. Shuning uchun kiyaveradi. Sob bo‘lganda, tashlab, yangisini oladi. To‘g‘ri emasmi?
Savri xola to‘g‘ri, deganday bosh qimirlatadi. «Shuncha aqling bilan bitta katta idorani tebratishing mumkin, bu yerdanima qilib o‘tiribsan», demoqchi ham bo‘ladi-yu, demaydi. O‘g‘lini eslab ketadi. «Shundoq o‘tirsa ham katta davlat edi», deydi ichida va tomog‘iga nimadir kelib tiqiladi. Yana birpas o‘tirsa ko‘zi yoshga to‘lishini bilib:
— Umring uzoq bo‘lsin, bolam, — deb fotiha o‘qiydi-da, o‘rnidan turadi. — Qo‘ling dard ko‘rmasin!
— Rahmat, xola, — deydi Sobirjon. — Yaxshi boring.
Savri xola yo‘l-yo‘lakay o‘zini tutib oladi. Juda xayolga berilib ketsa, uyga kelib, darrov ovqatga unnaydi. Ba’zan bu ham foyda bermaydi, yosh quyilib kelaveradi. Shunda quruq choyni qult-qult yutib, tong otishini kutadi. Xo‘roz qichqirganda ko‘ngli ancha joyiga tushadi. Ishxonada, keyin Sobirjonning oldida ovunishini biladi. Lekin uch kundan beri do‘kon berk. Sobirjon yo‘q. Birinchi kuni uncha parvo qilmadi. Shunday bo‘lsa ham do‘kon berkligini ko‘rib yuragi uvushib ketdi. Birpas, kelib qolar, degan xayol bilan kutdi. Yo‘q, kelmadi. Ikkinchi kuni ham shunday bo‘ldi. Sobirjonga juda o‘rganib qolgan ekan. Zarur narsasini yo‘qotib qo‘ygan odamdek karaxt bo‘lib uyiga qaytdi. Ovqat tatimadi. Kechasi bilan ham uxlolmay chiqdi. Nima bo‘ldiy-kin? U yoq-bu yoqqa ketib qoldimikin? Unday bo‘lsa aytardi. Innaykeyin, qayoqqa boradi? Hech kimi yo‘q. Nima bo‘ldiykin?
Savri xola bitta-bitta yurib borardi, shoshmasdi. Shoshib nima qiladi? Uyda bolalari kutyaptimi yo bironta ishi chala qolganmi? Hamma ishi joyida. Innaykeyin, hali kun erta. Oftob endi tikkaga kelibdi. Univermagga ham kirib chiqsa bo‘ladi. Bugun oylik oldi. Arzimagan ishgayam ancha pul berisharkan. Ilgari pensiyaning tiyini ham hisoblik edi. Endi bunaqa emas. Univermagga kirib chiqsa bo‘ladi. Bitta mahsi olish kerak. Qish ham kelib qoldi.
Savri xola shu xayollar bilan o‘zini chalg‘itishga urindi. Lekin, baribir, fikr-zikri Sobirjonda edi. Oxiri charchadi shekilli, o‘ziga ixtiyor berib yubordi. Qadamlari birdan tezlashdi. Univermag qolib ketdi. Katta ko‘chaga chiqib, teatrga yetganda esa qadamlari battar tezlashdi. U endi butun vujudi bilan oldinga intilardi. Ko‘zlari yo‘lda edi, lekin hech narsani ko‘rmasdi. Lablari nimalarnidir shivirlar, lekin nimaligini o‘zi bilmasdi.
Yo‘lovchilar ham hayron edi. Qora duxoba nimchasining tugmachalarini yechib, qo‘llarini qattiq-qattiq siltaganicha, yo‘lkaning o‘rtasidan hech kimga parvo qilmay ketayotgan bu kumush soch kampirni ko‘rib, ba’zilar to‘xtab orqasidan qarab qolishardi. Oldindagilar esa xuddi askar etigining temir nag‘alidek asfaltga tapillab tushayotgan ovozni eshitib orqalariga o‘girilishar va keksa ayolning zarb bilan kelayotganini ko‘rib, shoshganlaricha yo‘l berishardi.
Ko‘p o‘tmay olisdan Sobirjonning do‘koni ko‘rindi. Savri xola to‘xtadi. U hansirardi. Nimchasini yechib qo‘liga oldi. Shu bilan dam olgan bo‘ldi-da, yana jadal yurib ketdi. Shuncha harakat qilsa ham do‘konning ochiq-yopiqligini bilolmadi, qadamini yana tezlashtirdi. Bir chaqirimcha yurib, do‘konga yetdi. U ochiq edi. Kampir ovozining boricha:
— Sobirjon! — deb yubordi. Derazadan kimdir mo‘raladi.
— Labbay, xola?!
Savri xola uni ko‘rdi-yu bo‘shashib ketdi. Bu — Sobirjon emas edi:
— Sobirjon qani? — so‘radi u bor kuchini yig‘ib. Lekin ovozi chiqmadi.
— Labbay? — do‘kon eshigi ochildi, ichkarida shop mo‘ylov bir kishi o‘tirardi.
— Keling, kampir, — dedi u va kursiga ishora qildi. — O‘tiring.
Savri xola xuddi shuni kutib turganday shilq etib kursiga o‘tirdi. Uning butun madori qurigan, rangida rang qolmagan edi.
— Sobirjon qani? — so‘radi u bir oz o‘zini bosib olgach.
— Sobirjonmi? — dedi shop mo‘ylov kishi. U kampirga parvo qilmasdan, qo‘lidagi etikka nag‘al qoqish bilan band edi. — Sobirjonning tobi yo‘q. Yotibdi.
— Nima qildi? — shoshib so‘radi Savri xola. — Qayerda?
— Uyda, — etiqtsan ko‘zini uzmay javob berdi shop mo‘ylov kishi. — Uyida yotibdi. Nima qilganini bilmayman. O‘rniga borib tur, deyishdi, keldim.
Savri xola sekin turdi. Butun badani qaqshardi. Oyoqlari zo‘rg‘a qimirlardi.
— Ha, kampir, o‘tiribsiz-da, — dedi yamoqchi. — Sobirjonda nima ishingiz bor edi? Men qilib beray?!
Savri xola indamadi. Bitta-bitta qadam bosib uyi tomon yurib ketdi. U shoshmasdi. Qo‘lida nimchasi sudralib borardi. Nima qiladi shoshib? Uyida nima, bolalari bormi yig‘laydigan? Yo‘q. Bolalarni Xudo unga ko‘p ko‘rgan. Shoshib nima qiladi? Kun ham hali kech emas. Endi qiyom bo‘libdi. Ana, muzdek shabada esa boshladi. Havo sovidi. Terlagani uchunmi, Savri xola buni darrov sezdi. Nimchasini kiyib oldi. Oftob ko‘p yaxshi narsada. Qurt-qumursqayam, jonivor ham, odam ham oftobga intiladi. Usiz nima bo‘lardi?
Savri xola uyiga kelib, ayvonga cho‘kkaladi. Ancha o‘tirdi. Keyin samovarga ozgina suv solib, o‘t yokdi. Seylon choy ichgisi keldi. Sobirjon bir pachkasini qo‘yarda-qo‘ymay berib yuborgan edi. Tahorat olib, yuz-qo‘lini yuvguncha samovar qaynab chiqdi. Achchiq qilib damladi. Shu tob bir narsa esiga tushib qoldi. Nimchasi ustidan apil-tapil kamzul kiydi-da, eshikka otildi. To‘g‘ri do‘konga keldi. Do‘kon berk edi. Kampir o‘ylanib qoldi. U nima qilishini bilmasdi. Keyin nimadir esiga tushib, do‘kon orqasidagi uch qavatli binoning hovlisiga kirdi. Hovlida yo‘l-yo‘l kamzul-shim kiygan, qo‘qon do‘ppili bir kishi g‘ildirak simini to‘g‘rilayotgan bolaning tepasida tomosha qilib turardi.
— Aylanay, — dedi Savri xola unga ro‘para kelib. — Sobirjonning uyini bilmaysizmi?
— Sobirjon? — so‘radi qo‘qon do‘ppili kishi. — Qaysi Sobirjon?
— Yamoqchi yigit.
— Tanimayman, — dedi u, gap tamom, deganday yana bolaga qarab. — Yamoqchiga ishim tushmagan.
— Men bilaman, — dedi bola shu payt o‘rnidan turib. — Bir marta xaltalarini ko‘tarishib olib borganman. Ko‘rsatib qo‘yaymi?
— Bo‘yingga qoqay! — Savri xola sevinib ketdi.
— Mayli, — dedi bola burnini sho‘lq etib tortib. — Faqat mashinada boramiz.
— Mashinada? Qanaqa mashinada?
— Mana ko‘rmayapsizmi! — dedi bola g‘ildirak bilan simini ko‘rsatib. — Men oldinda ketaman. Orqamdan siz yurasiz. Qo‘rqmang, oldinga ketib qolsam, qaytib kelaman. Maylimi?
— Mayli, bolam, mayli, — dedi Savri xola.
Shunday qilib, u umrida ikkinchi marta mashinaga «tushdi». Lekin bu gal e’tiroz bildirmay tushdi. Bola g‘ildiragini g‘ildiratib hovlidan chiqdi.
— Bip, bip, ketdik! Yuring!
Sobirjonning uyi olis emas ekan. Birpasda yetishdi.
— Mana, — dedi bola kichkina qizil eshikni ko‘rsatib, — shu yerda turadilar. Kiravering. Men ketdim. Bip, bip!
— Bo‘yingga qoqay, oying rohatingni ko‘rsin!
Savri xola ichkariga kirdi. Torgina hovlida hech kim yo‘q edi. To‘rda eshik ko‘rindi. Shu yoqqa yurdi. Yuragi dukillab ura boshladi. Eshikka yaqinlashib, sekin taqillatdi.
— Kim? Kiravering!
Bu Sobirjon edi. Kampir ovozidan darrov tanidi. Tanidi-yu, entikib ketdi. Eshikni ochib, ichkariga kirdi.
Sobirjon eshikka qaraganicha, karavotda yonboshlab yotardi.
— Ie! Xola! Keling! — dedi qaddini rostlab, lekin turmadi.
— Keldim, — dedi Savri xola. U o‘zini endi ancha bosib olgan edi. — Nima qildi, bolam? Tuzukmisan?
— Eski yaram qo‘zidi, — dedi Sobirjon.
— Qanaqa yara?
— Oyog‘im…
— Oyog‘ingga nima qilgan, bolam? — xavotirlanib so‘radi Savri xola karavotga yaqinlashib.
— Oyog‘imgami? — dedi Sobirjon o‘ylanib. — Oyog‘im… oyog‘im yo‘q.
— A?! — Savri xola qotib qoldi.
Sobirjon ham jim edi. U nimadandir uyalib, ko‘zlarini yumib olgan edi. Bir mahal u jilmaydi, ko‘zlarini ochib, Savri xolaga qaradi. Kampirning yuz-ko‘zi yosh edi.
— Qo‘ying, yig‘lamang, foydasi yo‘q. Urushning oqibati bu. Yig‘lamang. Yaxshisi, ishingizdan gapiring, Qalay, xursandmisiz.
Savri xola javob bermadi. U Sobirjonning oyoq tomonidagi yupqa ko‘rpani changallaganicha qotib qolgan edi. Birdan u qattiq yutindi, serajin yuzi tortilib, yosh boladek ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
— Bolam, bolajonim! Oti qursin urushning, oti qursin! — derdi yig‘i aralash.
Shu kuni Savri xola allamahalgacha Sobirjonnikida qolib ketdi. Ko‘chaga chiqqanida qosh qorayib qolgan edi. Uyi tomon borar ekan, u shoshilardi. Nega shoshilmasin? Butun ishlari chala. Sobirjonga issiq ovqat qilmasa bo‘ladimi? O‘ziga o‘xshab u ham oshni yaxshi ko‘rar ekan. Yo‘l-yo‘lakay Sotiboldinikiga kirishi kerak hali. Ko‘rpa-yostig‘ini, kampir narsa, olib kela olarmidi? Innaykeyin, kuni biram yaxshi! Ertalabki yuzni achitadigan muzdek shabada yo‘q.
Jonning rohati, kuz havosi ko‘p qiziq-da. Aynab qolmasin tag‘in? Shoshish kerak.
1962