Nazar Eshonqul. Qaytish (hikoya)

…Sen uyg‘onganingda quyosh allaqachon hovli adog‘idagi tutning shoxlari orasidan mo‘ralab turar, faraxbaxsh, osuda yoz tongining musaffo havosi daraxtlar soyasini hali ham tark etmagan; sen kecha qanday yetgan bo‘lsang so‘rida o‘sha holatda yuz tuban tushib uxlab qolgan eding; sening butun vujuding kechagi ichkilikning asoratidan qaqshab og‘rirdi, ko‘ngling aynib, tomog‘ing quruqshib qolgandi – sen kecha uyga qay holatda kelganingni ham yaxshi eslolmading, ulfatlaring seni mashinaga o‘tirg‘izib yuborishgandi. Esingda, faqat mashinaning tez yurganidan guvillagan tovushi hamda senga noma’lum bo‘lgan qandaydir loysuvoq uylar va jinko‘chalargina saqlanib qolgandi. Boshqasini eslolmasding. To‘shak boitb ketib, yelkalaring uyushib qolgandi. O‘rningdan turib, xotining uch kuncha burun hali otasinikiga ketmasdan olib kelgan bir shisha qatiqni muzxona burchagidan topib olib ichganingdan keyin ko‘ngling aynigani bir oz bosildi, o‘zingni bardam seza boshlading.
Karaxtligingni yozish uchun yuvinib olmoqchi bo‘lding, yarim yechinib jo‘mrakni buraganingda yer ostidan uzoq guvillagan tovush eshitildi va bugun ham suv yo‘qligini bilib asabiylashib tupurding. Aksiga olib paqirlar ham bo‘m-bo‘sh edi.
So‘rining bir chetiga o‘tirib, quyosh nurlariga cho‘milib yotgan osmonga qarading, osmon go‘zal va sening xayollaring kabi bepoyon, xayol kabi jozibali edi; tut shoxlari orasidan osmon parcha-parchalarga bo‘linib ko‘rinardi; tut shoxida ikkita chumchuq o‘ynab yurar, bir-biriga qarab hadeb chirqillashardi. Shunda birdan senga qo‘shni hovlilarni ham, mashinalar tinimsiz o‘tib turadigan ko‘chani ham qandaydir g‘alati osoyishtalik qoplaganday tuyuldi. Sen birdan xushyor tortib, atrofga yaxshilab quloq solding, yo‘q, rostdan ham atrofga g‘ayritabiiy osoyishtalik cho‘kkan edi. Bunday bo‘lishi sira kutilmagan hol edi, chunki bugun dam olish kuni, qolaversa, shundoq eshikning tagidan o‘tgan ko‘cha shaharning eng gavjum ko‘chalaridan biri edi. Sen so‘rining chetiga suyanib, oraliq devordan boshchiqarib qo‘shningning keng hovlsiga qarading, qo‘shningning keng hovlisida hech kim yo‘q, lekin oynavand ayvonning eshigi lang ochiq turardi – hovli o‘rtasidagi torda choyshablar va kir-chir osilgan, so‘riga xuddi mehmon kutishayotgandek atlas ko‘rpachalarda joy solib, dasturxon tuzab qo‘yilgan edi, biroq na qo‘shnining o‘zi, na hovlini har doim boshiga ko‘tarib o‘ynashadigan bolalarning birontasi ko‘rinmasdi.
– Xey, Rashid og‘a, – sen iloji boricha qo‘shningga yoqadigan ohangda ismiga «og‘a» so‘zini qo‘shib chaqirding. Tamog‘ing quruqshib qolganidan tovushing bo‘g‘ilib chiqdi – hovli etagidagi o‘zini oftobga toblab yotgan it boshini ko‘tarib, senga bir nazar tashladida, hech qanday havf sezmagach, yana o‘sha holatda cho‘zilib oldi. Hovlida hech kim yo‘q edi – balki ichkarida kino-pino ko‘rayotgandir, deb o‘ylading hovlingga qaytib tusharkansan.
Sen boshqa iloji yo‘qligidan paqirni olib, ko‘cha boshidagi vodaprovodga qarab jo‘nading, u yerda hamisha suva bo‘lardi, – suvni vaqti-vaqti bilan iqtisod qilishni o‘ylovchilar negadir bu nuqtani unitib qo‘yishgandi. Sen ko‘chaga chiqib biroz yengil tortding – har qalay, ko‘chada mashinalar o‘tib turardi, faqat ulardan chiqayotgan tovush odatdagidan pastroqdek edi, – balkim qulog‘ing shang‘illayotgani uchun tovushlar zo‘rg‘a eshitilayotgandir. Vodoprovodgacha ikki yuz qadamcha kelardi – hovliga qaraganda ko‘cha issiq va havo birdan dim bo‘la boshlagandi; yo‘ldan hovur ko‘tarilib, gup etib dumoqqa urar, yo‘lka chetidagi ariqchadan balchiq xidi anqirdi – yoz quyoshi esa tobora jazava bilan shundoq shahar ustida issiqlik nog‘orasini qoqib turardi; balkim shuning uchundir, ko‘chada yo‘lovchilar kam edi.
Dam olish kunlari aksariyat yo‘l va yo‘lak gavjum, sershovqin bo‘lardi. Biroq bu narsalar sening diqqatingni unchalik tortmadi, boshing og‘rib turganidan sen tezroq yuvinib olishni o‘ylarding.
Sen o‘zingga qarab kelayotgan ikki yo‘lovchi bilan vodaprovod oldida uchrashding; ular nimadir to‘g‘risida bahslashib kelishar, senga deyarli e’tibor berishmasdi va sen ham ularni odatdagi yo‘lovchilar deb o‘ylaganing uchun aqilli ko‘z qiringni ham tashlamading, vodaprovodning to‘g‘risiga kelib, ular seni ko‘rib qolishdi-yu, taqqa to‘xtab, bir zum bezrayib qarab turidi. Sen oldiniga ularga qaramading ikkalasi o‘zingga tikilib turganini sezgach, shunchaki nigoh tashlading, nigoh tashladinggu yuraging shuv etib ketdi – senga qarab turgan ikki yo‘lovchining ham hozir to‘kilib tushadigandek ko‘zlari bejo va o‘ta qiltiriq edilar – agar yurib kelayotganini ko‘rmaganingda edi, bolalar ustixonga hazillashib shim-ko‘ylak kiygizib, ko‘chaga chiqarib qo‘ygan deb o‘ylashing mumkin edi, – ikkalasining yuzida ham xech qanday ifoda yo‘q, bu yuzlar yozuvi o‘chib ketgan qog‘ozga yoki sovuq urgan anorga o‘xshar, ko‘zlari biroz cho‘chib lekin hadiksirab boqib turardi; ular bir zum kalovlanib turgach, sening oldingdan tisarilibroq o‘tib ketishdi; – ularning ikkalasi ham bir xil jigarrang ko‘kragiga qandaydir raqam bosilgan yo‘l-yo‘l pijamalar kiyib olishgandi oldingdan o‘tib ketisharkan, hovlida ulardan aynigan go‘shtning hididay zax aralash qo‘lansa murda xidi keldi-sen yo‘lovchilarning izidan qaramoqchi eding, biroq negadir yuraging dov bermadi, seni qandaydir qurquv hissi qoplab olgan va bu qo‘rquv tong shafag‘iday yuragingning bir chetida sekin to‘gilib kelardi jo‘mrakni ochib, yuzingni suvga bosarkansan, oyoqlaring orasidjan birrov orqaga ko‘z tashlashga ulgurding ikki yo‘lovchi ham orqalariga qarab-qarab tez-tez ketib borishar va bir-biriga nimadir deb imo-ishora qilishardi.
Sen yo‘lovchilarga boshqa qaramaslikka ahd qilding, paqir to‘lgach izingga burilarkansan yo‘lovchilarning muyulishdan burilib, chap ko‘chaga kirib ketganini ko‘rding… «Bular kim bo‘ldi? – o‘ylading sen ichingda, – nega bunday shubha bilan qarashdi».
Sen negadir, ikkalasining ham yuzini eslab qololmaganding. Asli ularning eslab qoladigan qiyofalari yo‘q edi. Sen xayoling band etgan savollarni miyangdan bir silkib to‘kib tashlaganday og‘riyotgan karaxt boshingni sarak-sarak qilib qayta-qayta silkitding. Yuzingni yuvgach karaxtliging biroz tarqagan, o‘zingni yengil va sog‘lom his eta boshlagan eding; ko‘cha qiziyotgan bo‘lsa ham, daraxtzor hovlilardan tong salqini ufurardi.
Sen xuddi boyagi yo‘lovchilarga o‘xshagan uchinchi yo‘lovchi bilan qoq ostonada – boya «Rashid og‘a» deb chaqirgan hovlidan chiqib kelayotganda duch kelding; bunisining ham ko‘zlari sovuq, yuzi ko‘ngilni sust qiladigan darajada ko‘kazak, kiyimi ham xuddi oldingi yo‘lovchilarnikiday edi. U ham dastavval shoshib qoldi, senga bosh oyoq razm solib chiqqach, darrov iziga qaytib eshikni sharaqlatib yopib oldi. Bunisi yoshroq, lekin bu yo‘lovchining ham eslab qoladigan qiyofasi yo‘q edi, toki sen o‘z hovlingga kirib ketmaguningcha, eshik qayta ochilmadi. Vodoprovod oldidagi yo‘lovchilarning sen boshim shishib ketganidan menga shunday tuyulgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaganding, biroq ikkinchi bor duch kelgach, sen tashvishlana boshlading. Hovlingga kira solib, eshikni tambalab qo‘yding, sen o‘zing uyda bo‘lganingda eshikni hech qachon tambalamasding.
Paqirni bir chetga qo‘yib, so‘ridan osilib, yana qo‘shni hovliga sekin uzalib qarading, hovlida it hali ham o‘sha yerda cho‘zilib yotar, sahnda daraxt barglari orasidan sirg‘alib o‘tgan quyosh shu’lalari o‘noqlar, so‘rida esa uch kishi gaplashib o‘tirar va bir-biriga nelardir deb mulozamat qilishardi: sen qo‘rquvdan endi batamom serrayib qolding; so‘ridagi uchalasi ham bir xil kiyinishgan edi, uchalasining ham yuzi sovuq, ifodasiz, go‘yo yuzlari o‘rnida bir parcha ko‘kish yalov xilpirab turganday edi. qoshsiz ko‘zlari bir-biriga chaqchayib tikilardi.
Oyoqlaring bo‘shashib, turgan joyingga o‘tirib olding. «Bakim menga shunday tuyulayotgandir? – o‘ylading sen sarosima aralash. Yo ichimlikning ta’sirimikan?!» Sening karaxtliging birdan tarqadi-ortiq boshing ham og‘rimay qo‘ydi. Boshing-ko‘zingni yaxshilab yuvib olgach artindingda, qaznoqdan narvon keltirib, yana qo‘shni hovliga qo‘rqa-pisa ko‘z tashlading yo‘q rostdan ham uch kishi so‘rida hamon gaplashib o‘tirar, to‘g‘rirog‘i, ko‘m-ko‘k qonsiz lablarini ochib yumishardi, – lablari ochilganda qopqora g‘orday tishsiz og‘izlari ko‘rinib ketardi. Endi hech qanday shbhaga o‘rin yo‘q edi: yo senga, yoki ko‘zlaringga bir gap bo‘lgandi. Shunda xotining va bolalaringni otasinikiga yuborganingdan beri birinchi marta xayxotday kimsasiz hovlida yolg‘iz ekaningni anglading va bundan birinchi marta vahimaga tushding. Xotiningni balkim otasinikiga yuborish kerakmasmidi? Balkim tabiblar ogoh etganiday seni ichimlik shu holga solgan va ko‘z oldingga shuning uchun allambalolar ko‘rinayotgandir?! Karaxtlikdan asar ham qolmagan, kechadan buyon shuuringni qoplab turgan xiragina tuman ham tarqab ketgandi. Ozqozoningni bo‘m-bo‘sh bo‘lishiga qaramasdan hech narsa tortinging kelmadi. Sen uyga kirib, o‘zingni to‘shakka tashlading va o‘zingga yo‘ldosh bo‘lib turish uchun radioning tugmachasini bosding, undan yaqin o‘tmishda qatlaom etilgan odamlarning oqlangani va ularning o‘limi to‘g‘risida eshittirish borardi, biroq sen maxsus xabarni oxirigacha eshitging kelmadi. Radioni o‘chirarkansan, uning ustida turgan qirrali qalpoq kiygan otangning suratiga ko‘zing tushdi. Sen hech qachon otangni ko‘rmaganding. Lekin otangni olib ketgan kechasidlan buyon baribir qaytadi deb eshikni doim ochiq qo‘yadigan onang hatto so‘nggi pallada ham «U qaytadi… Men kutolmadim» degandi. Suratdan ko‘zingni olib derazaga qarading. Shu zahoti o‘rningdan o‘qdek irg‘ib turding – nazaringda derazadan kimdir seni kuzatib turganga o‘xshardi, va kuzatayotgan, shubhasiz, boyagi qoshsiz odamlardan biri edi. Sen derazaga tikilgansa bir muddat qotib qolding; yo‘q, derazada oftobning qiyo nurlaridan hosil bo‘lgan rang-barang jilvalar akslanardi, so‘ng ichkariga tirqirab to‘kilardi. Sen bir ichki sezgi bilan yugurib hovliga chiqding; nazaringda kimdir eshikdan sirg‘alib chiqib ketganga o‘xshadi. Bu holdan qaltirab ketding; eshik tambalangancha turar, lekin u xuddi sim-simday ochilib yopilganini sen aniq ko‘rgan eding. Sen madorsizlanib qolgan oyoqlaringni zo‘rg‘a ko‘tarib hovli eshigigacha bording – temir surguch har qanday zarbaga dosh beroladigan kelbatda sodiq qulday sal egilib turardi. Eshik ochilgan bo‘lishi sira mumkin emas edi. Tashqaridan esa vizillab o‘tayotgan mashinalarning tovushi elas-elas eshitilardi.
Temir surguchni ochib tashqariga qarash-qaramaslikni bilolmay taraddudlanib qolding va tavakkal qilib ko‘chaga qulfning tirqishidan mo‘ralading va ranging oqarib kketib, devorga suyanib qolding, eshikdan o‘n besh qadamcha narida boya sen ko‘chada ko‘rgan ikki yo‘lovchi turar, ularning kiyimidan va sumbatidan tanib qolgan eding va ular egniga jigarrang kostyum kiygan, kiygan qirrador qalpog‘iga qizil bog‘ich tikilgan xuddi o‘zlaridek qoshsiz, yuzi surp kamarli kishiga sening uyingni ko‘rsatib nimadir deyishar va qo‘llarini silkib-silkib qo‘yishardi; kamarli kishining quroli borligi aniq edi – ikki yo‘lovchi nimanidir havoda chizib, sening hovlingga ishora qilgach, u quroli osilgan g‘ilofni ushlab-ushlab qo‘yardi – endi hech qanday shubhaga o‘rin qolmagandi; Sen kechasi uxlaganda shaharda nimadir sodir bo‘lgan, sen esa g‘aflatda qolgan eding. Ko‘z oldingda sodir bo‘layotgan bu voqealar yurakni siqadigan darajada g‘ayritabiiy edi – na o‘ng, na so‘l tarafdagi qo‘shnilarning hatto hamisha baqirib-chaqirishadigan bolalarning ham tovushi eshitilmasdi – Nega sen ilgariroq buni sezmaganingga hayron qolding – aloha, daraxtma-daraxt uchib yurgan chumchuqlar ham ehtiyotkorlik bilan chug‘urlashardi.
Daf’atan nima qilish kerakligini bilolmay kalovlanib turding; tashqaridagilar nimagadir tayoyrlanishar, kamarli kishining yonida miltiq tutgan uchta askar ham paydo bo‘lgan kamarli kishi ularga hovlini ko‘rsatib nimadir buyurardi.
Nahotki ular sening hovlingni ko‘rsatishayotgan bo‘lsa?! Hozir, shu daqiqadayoq nimadir qaror qilishing kerak; balkim alaxsirayotgandirsan – biroq bu mumkin emas, sen xushyor va uyg‘oq ekanligingni juda yaxshi anglarding; balkim maxsus xizmatdagilar shunday kiyimga o‘tgandir? Har narsa bo‘lishi mumkin, shu daqiqada nimadir qilishi kerak, qandaydir favqulodda chora o‘ylab topishing kerak. Keyin kechikishing mumkin. Sen uyga yugurib kirding, bu fikringdan hatto quvonib ham ketding – nega oldinroq shu narsa xayolingga kelmadiykin?! Sen dahlizga kirib, boshini qorniga qo‘yib yotgan mushukday mung‘ayib turgan telefonga yopishding va uyi o‘zingdan bir ko‘cha narida bo‘lgan hamda yordamga yetib kelishiga ko‘zing yetgan barvasta sinfdoshingning raqamini terding. Shoshib qolganingdan ikki-uch marta chalkashib ketding, yo oxirgi, yoki o‘rtadagi raqamni tashlab ketib terarding; nihoyat tushdi, shekilli, narigi tomondan, albatta sinfdoshingning dahlizida telefon jiringlayotganini bildiruvchi muddat-muddati bilan bo‘g‘iq g‘o‘ng‘illash eshitilib, yengil nafas olding. Telefon uzoq jiringladi – sen suyagi og‘ir sinfdoshing, ataylab uzoq maxtal qilib so‘ng olishini va keyin «birinchi qo‘ng‘iroqdayoq oldim» deb turib olishini, o‘zi esa kulib yubormaslik uchun tishini-tishiga bosib tirjayib turishini xayolingga keltirib, ko‘ngling xufton bo‘lib turganiga qaramay tirjayib qo‘yding. Bu dunyoni suv bossa to‘pig‘iga kelmaydigan sinfdoshing senga boshqalardan ko‘ra ko‘proq yoqar va senga o‘zini yaqin tutardi; garchi u biroz tanbal bo‘lsayam zarur paytda do‘sti uchun o‘zini tomdan tashlashga tayyor edi. Balkim shuning uchun aynan unga telefon qilgandirsan? Telefon uzoq g‘o‘ng‘illashdan so‘ng sharaqlab ko‘tarildi va do‘stingnikiga mutlaqo o‘xshamagan ancha qo‘pol va bo‘g‘iq ovoz eshitildi. «Tergovchi eshitadi…» Sen quloqlaringga ishonmayotgandek avval telefon dastasiga tikilib qo‘yding, so‘ng xuddi ovoz egasini quloqlaring bilan ko‘rmoqchidek butun vujudingni diqqatga aylantirib, bu quruq va dag‘al ovozga quloq solding.
– Kim?! Bu kim?! – so‘rading sen g‘alati bir hisdan qaltirab ketib.
– «Tergovchi, nima gapingiz bor, gapiring». Buyrug‘omuz ohangda sim tizimchalari orqali oqib kelgan tovush sening butun tanangni nimtalab tashladi, go‘yo o‘sha narigi uchdan bir tomchi zahar oqib kelib, qon tomirlaringga tushgan-u, hamma narsani alg‘ov-darg‘ov qilib yuborganday edi – yuraging shuv etib ketdi – bu hozirgina ko‘zlaring bilan ko‘rgan manzaradan ko‘ra dahshatliroq edi va sen endi tush ko‘rmayotganingga, uyg‘oq ekanligingga mutlaqo ishongan, ko‘rganlaring eshitganlaring boshingdan kechirayotgan voqealar ekanligiga endi zarracha shubha qilmasding. Biroq nahotki kechagina quyosh botishidan sal burun ulfatlaring bilan mayxo‘rlik uchun xiyobonning xilvat burchagiga kirmaslaringdan oldin boshqacha bo‘lgan dunyo bir kechada shunchalar o‘zgargan bo‘lsa?!
Sen endi xayolingga kelgan yaqinlaring va tanishlaringning raqamlarini terar va o‘sha bir xil bo‘g‘iq sur tovushda «Tergovchi eshitadi», «Tergovchi eshitadi», «Tergovchi eshitadi» degan bir xil javobni olarding. Sen endi dahshatga tushding – yuz bergan hodisa shunday edi: yo biron ruhiy kasalga yo‘liqqan, yo dunyo rostdan ham bir kechada boshqa, vahimali, serta’qib, g‘ayrioddiy qiyofaga kirgan va sen bilgan, sen ko‘rgan dunyoning ismi o‘zgargan, yoki qandaydir qiyomavt bo‘lganu sen qaysidir hikoyada o‘qiganingdek o‘zga dunyoga tushib qolgansan… O, qandayin o‘yin bu? O qandayin mash’um o‘yin bu? Sen boshingni changallab o‘tirib qolding. Nima bo‘ldi unga, u kim? Kim edi? qani u bilan bo‘lgan, sevgan odamlar? U sevgan ovozlar qani? U qaysi gunohi uchun bu jazoga mustahih etildi?
Hovlida ba’zi-ba’zida shitir-shitir qadam tovushlari eshitilayotganday bo‘lardi – uyda ham qandaydir sharpalar seni ta’qib qilayotganga o‘xshardi. Endi telefonda ham, qo‘shnilardan ham, umid yo‘q edi; Nima yuz berdi?! Nega dunyo shunchalik o‘zgaribdi-yu sen bexabar qolibsan? Nega yangi dunyo bu qadar alog‘-chalog‘, xatarli, qandaydir mashxar dunyosida yurganga o‘xshaydi odam? Yoki narigi dunyoga borib qoldimi? Kim uning bu savollariga javob bera oladi? Hech kim! Yolg‘iz umid o‘zidan! O‘zinggina bu mudhish manzaralarning tagiga yetishing mumkin; boshqa xech kim! Hech kim! Sen «nima qilish kerakligini o‘ylay boshlading, yuraging xuddi sehrlangan daraxtday lahza sayin xavotir va gumon mevalari tugar, bu mevalar butun vujudingga yopishib olgandi, birdan hayolingga kelgan fikrdan shuuring yarq etib yorishib ketdi. Kechagi xiyobonga boradi, balkim, dam olish kuni bo‘lgani uchun bugun do‘stlaringni ko‘pi o‘sha yerdadir? Ular bilan kengashib o‘ziga nima bo‘lganini maslahatlashib oladi. Bu fikr senga biroz taskin berdi, sen go‘yo bu uyga qaytib kirmaydigandek eshiklarni qulflading; Soqolingni olib o‘tirmading – bu ko‘ngilga sig‘mas, bundan tashqari sening yuraging xapriqar, vujudingga qandaydir qo‘rqinchli hayvonlar ichida yolg‘iz qolganday bir zaqqum vahima o‘rmalab kirgandi. Hovli eshigingni oldiga borgach, har ehtimolga qarshi tirqishdan tashqariga yana ko‘z yugurtirding: uch askar bilan qamarli kishi – ularda ham deyarli qiyofa yo‘q edi – to‘g‘ri sening eshigingga qarab kelishar, ikki yo‘lovchi qaygadir g‘oyib bo‘lgan edi. Sen bir muddat taysallanding, agar eshikdan chiqsang shartta ushlab olishadi, ular vajohatlaridan aynan shuning uchun kelishayotgan, agar yana bir necha daqiqa hovlida qolsang qo‘lga tushirishlari aniq!
Balkim qo‘shnilaringni shu tariqa imi-jimida olib ketishgandir? O‘ylab o‘tirmay orqa devorga qarab yugurding, eshik uch marta qattiq urilganda sen devordan oshib tushayotgan eding. Hovlining bu tomoni serdaraxt jin ko‘cha edi. Ko‘chada hech kim yo‘q, daraxtlar qilt etmas, boshqa joylarga qaraganda bu yer salqinroq va xilvatroq edi. Sen daraxtlar oralab narigi boshidagi ochiq maydonga qarab yo‘l olding – u yer hamisha gavjum bo‘lar, ayniqsa, dam olish kunlari yosh yalangga to‘lib ketar, u yerda odamlar orasida bo‘lish xavfsizroq va xatarsizroq edi. Sen maydon tomon yugurib borarding. Yoningdan zuvillab izma-iz ikkita mashina o‘tib ketdi, lekin mashinalarning haydovchilarini ko‘rishga ulgurmading lip etib o‘tib ketdi – agar yaxshilab razm solganingda, unda mashinalarni ham qoshsiz odamlar boshqarib borayotganini ko‘rarding, va bundan yuz chandon vahimaga tusharding, ehtimol.
Sen ochiq maydonga chiqqaningda, rostdan ham bu yer gavjum, odamlar bu salqin maskanda shunchaki kezib yurishar, favvora atrofidagi o‘rindiqda yastanib o‘tirishar, daraxtlar tagida guruh-guruh bo‘lib suhbat qurishar, muzqaymoq va ichimliklar do‘koni oldida uzun bo‘lib navbatda turishar, maydonning qoq o‘rtasida jangovor orkestr jaranglardi; u qandaydir tantanali kuy chalardi; bu kuy odamning ham g‘ashiga tegar, ham negadir kishini jiddiy qilib qo‘yardi, to‘g‘rirog‘i trubalar va nog‘oralar sasi odam eshitib yurmagan bu kuydagi tajovuzkorona ohangdan esankirab qolishi mumkin edi.
Sen daraxtlar ichidan oralab, ichimliklar do‘koni tarafga o‘tmoqchi eding, tez yurganingdan va kechagi mayxo‘rlikning ta’sirida juda chanqab ketganding, baxtga qarshi kun ham tobora qizib borardi; qo‘rquvdan va shoshib yurganingdan ko‘ylaging badaningga chippa yopishib qolgandi, – lekin shu daf’a maydonda o‘zingga qarab kelayotgan yigit bilan qizni ko‘rib, shamday qotib qolding, so‘ng shamday eriy boshlading; ular senga yaqin kelib qolgan, bir-birini yalab yulqishayotganidan atroflariga deyarli qarashmasdi ham. qiz yo‘l-yo‘l erkakcha ko‘ylak kiyib olgandi u haddan tashari go‘zalga o‘xshar, lekin qoshsiz yuzi kishini vahimaga soladigan darajada oppoq, deyarli yuz emas, bosh o‘rnida rangsiz tug‘ xilpirab turgandek edi. Yigit ham juda yosh, ko‘kragiga yaltiroq nishona qadalgan, lekin arvohday sharpasiz va yuzi o‘ta taftsiz edi. Sen shundan so‘nggiga maydondagilarning yuziga va kiyimlariga tez-tez razm solib chiqding – go‘yo bir bichimdan chiqishganday, suvning tagida yotishgandek ko‘kazak yuzlar bir-biriga o‘xshar, hammasi qoshsiz va baliqday chaqchaygan odamlar edi. Boya hovli yonida ko‘rgan ikki yo‘lovchi ham maydonda kezib yurishar, sen ularni jussalari va kiyimidan tanib olganding, yuzlariga qarab, maydondagilarni bir-biridan ajratish qiyin edi.
Ular senga orqa o‘girib turgan qandaydir ayolga xushomad qilishardi, aftidan, ha deb kulishardi.
O‘zingni daraxtlar panasiga olarkansan seni haddan tashqari vahima qoplab oldi. Bu nima o‘zi? Ro‘yomi? Tushmi? Ertakmi? Yo qandaydir qo‘rqinchli suratmi? Nima bo‘ldi unga? Nega bu holatga tushdi? Anovilar kim? Bu savollarning har biri seni och bo‘riday kemirardi. Nahotki go‘yo vaqt ham, shamol ham, va yuraging ham to‘xtab qolganday edi.
Nahotki butun shaharni badanidan zax va o‘lik hidi kelayotgan odamlar zabt etib olgan bo‘lsa? Nahotki shahar shu arvoh sifat odamlar tasarrufiga o‘tgan bo‘lsa?
Maydon chetidagi bayroq osilgan muxtasham binoda tenglik va insonparvarlik hamda fan taraqqiyot to‘g‘risida qandaydir dav’atkor shoirlar osilgandi, go‘yo bu shiordagi suvlarga yomg‘irning ham g‘ashi kelganday qizil alvonni oqqa bo‘yab tashlagandi.
Maydondagi odamlarning kiyimi ham allanechuk g‘alati edi – ko‘pining egnida eskirib ketgan nimdosh mundir osilgan, ayollar esa bundan qirq-ellik yil burungi andozada odmigina kiyinishgan, lekin hammasining ko‘zlarida sarosima, tahlika va gumon aralash bir qo‘rquv qotib qolgan, go‘yo bu qo‘rquv ularning butun badanidan ufurayotganday edi.
Balkim unga shunday tuyulgandir? Balkim o‘zi vahimaga tushgani uchun maydondagilar ham qo‘rqayotgandek bo‘lib ko‘ringandir. Bu g‘aroyib va yolg‘onchi dunyoda har narsa bo‘lishi mumkin. Sen daraxtzorning quyuqroq joyiga kirib, o‘zingni biroz bosib olmoqchi, maydondagilarni yaxshilab zimdan kuzatmoqchi eding, biroq shundoq orqangdan, daraxtlar ichidan mozoriston qarg‘asining qag‘illashiga o‘xshash g‘o‘ng‘illash eshitildi, sen o‘zingni daraxt shoxlari orasiga olib, darrov tovush kelgan tarafga o‘girilding. Sen kuo‘may qolganding, sen kirib o‘tirmoqchi bo‘lgan daraxtzor chetiga keng suyanchiqli o‘tirg‘ich qo‘yilgan va u yerda maydondagilarga qaraganda biroz zamonaviyroq kiyingan, biri oliftalarcha hassa tutgan ikki kishi gaplashib o‘tirishar. Senga tomon orqa o‘girib o‘tirganlari uchun seni ko‘rishmagan edi, vaholanki, oralaring ikki qadam ham chiqmasdi. Ular qandaydir she’riy unsurlar haqida gaplashayotgan edi. Goh-gohida kimlarnidir g‘azab bilan so‘kishar, qoralashardi; Sen ikkala suhbatdoshning achchiqlanganini quloqlari dildirab ketganidan bilib qolarding.
Bu ikkala g‘alati odamning gap so‘zidan so‘ng sen nimanidir g‘ira-shira anglayotganga o‘xsharding. Anglagan narsalaringdan shunchalar qo‘rqib ketdingki, bo‘g‘zingdan nimadir o‘tib ketdi-da, butun ichingni uydirib o‘tib, oyog‘ingdan chiqib ketdi.
Nahotki, butun shaharni o‘liklar bosib olgan bo‘lsa?! Bu yuzsizlar guruhi nega buncha shovqin-suron qilishayotgani, telefon, qo‘shni hovlidagi sharpalarning sababi buyoqda ekanda? Sen nimanidir anglaganla o‘xsharding va endi maydondagilarning kiyimidan, yuzidan, badanlaridan ufurayotgan hiddan hech bir ajablanmasding ham.
Bu yerdan tezroq ketish kerak, hozir seni shu qiziqtirardi, xolos. Bu yerda – o‘lik mahbuslar saltanatida qolib bo‘lmasligini yaxshi anglarding; shaharda qolish lahza sayin xatarlashib borardi. Ketish, xotiningni va bolalaringni bu havfdan ogoh qilishing kerak edi. Toki ular bu dahshatni ko‘rmasin.
Maydonda orkestrning jangovor kuyi jaranglar, qandaydir harbiy qism tantana bilan o‘tib borar, ular saf tortib yurishlariga qarab, odamning eti jimirlashib ketardi. Go‘yo ular biron harbiy maqsadda emas, aynan, odamlarni vahimaga solish uchun saf tortib o‘tishayotgandek edi, atrofda, gulzorlarda, soya salqin joylarda yuzida qoni yo‘q, ko‘zlari o‘t bo‘lib chaqnagan, bo‘yinlari darroz odamlar butun maydon bo‘ylab kezib yurishardi. Ularning ko‘zlarida umrlari kabi shubha va nafrat yonib turar, hech narsadan ajablanmay qo‘ygan qorachiqlarida boshqa bir ifodani qish qiyin edi. Ularning o‘zlarini tutishlari ava xatti-harakatlari osmonda biron o‘laksa izlab aylanib yurgan och quzg‘unga o‘xshar, faqat bularning qanotlari yo‘q edi. Ba’zan bu ko‘zlarda hayotning chigal kalavalari sochilib yotganini, go‘yo odam na tuproqdan, na suvdan emas, faqat g‘azab va nafratdan yaralganday, ularning butun vujudida alamzadalik aralash xudbinlik va johillik furib turganini, sinchiklab qaragan odam qorachiqlarining to‘rida shamlari uchib yotgan abadiyat mehrobini ko‘rish mumkin edi va bular hammasi ularga nisbatan kishida hayrixohlikni emas, qandaydir qo‘rquv va vahimani uyg‘otar, ularning ko‘zlaridagi ana shu osoyishtalik va maxtallikka o‘xshash ko‘nikma ularni qanday qilib bu aql va tafakkurning xarobasi kabi na biron reja, na biron maqsad bilan emas, balki pala-partish qurib tashlangan, binolari qadim davrlardagi – darvoqe unchalik ham qadim ham emas – avaxtalardan andoza olib qurilgan shaharga nega to‘satdan bildirmasdan bostirib kelishganini va hech bir qarshiliksiz butun shaharni egallashganini fosh qilib turar, ana shu fosh qilishning o‘ziyoq vahimali va dahshat edi – axir ularning zahil, chandiqli yuzlari odamni bir zum esankiratib qo‘yar, va e’tiqod, sadoqat, ezgulik degan, odam bir umr sig‘inib kelgan o‘tishga arziydigan tuyg‘ular aslida puch narsadan iborat ekanliklarini ular o‘zlarining qismatlarida va maydonda, shahar ko‘chalarida besaru-poy izg‘ib yurishlari bilan isbotlab turganday bo‘lishardi; bularning barini sen daraxt tagiga cho‘kkan ko‘yi maydondagilarni kuzatib turib o‘ylagan eding va yaqinginada sen o‘zing ishlaydigan ro‘znomada bu o‘lik mahbuslar haqida shunday fikrlarni yozgan va maqolang shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. O‘sha kuni ularga qarab turib yana nelarni o‘ylaganding? Sening qalbingda qanday gumon ayiqlari o‘kirdi, bu menga qarong‘u. Menga ayoni faqat huki, qiyofasiz, va o‘liknusxa odamlar shaharni o‘zlariniki qilib olganlariga hech qanday shubha yo‘q edi. qachon?! qay mahalda?! Faqat mana shu narsa jumboq. Nahotki, bir kechada shunchalik o‘zgarsa?? Yoki sen gemeolitlarday oylab uxlab qoldingmikan?! Bo‘lishi mumkin. Unda xotini bir haftadan so‘ng qaytib kelaman degandi, nega ular yo‘q? Yoxut bu o‘lik shotirlar qo‘shnilari kabi bolalari va xotinini olib ketishdimikan? qayga? Nega?
Sen yana savollar tig‘i parroni ostida qolganding, nima qilib bo‘lsa ham bu yerdan ketish kerakligi damo-dam butun hayolingni band etib olardi. Biroq qayerga?! Balkim bular butun dunyoni egallashgandir?
Sening ko‘zing tinib, boshing aylana boshlagandi, sen hatto o‘rningdan irg‘ib turganingni, daraxt shohi chap yuzingni tilib o‘tganini ham bilmay qolding, extiyotkorlikni ham unutib qo‘yganding. Xayoling parishonligidan yuraging g‘azab o‘chog‘iga aylangandi. Ko‘nglingni qoplagan mash’um fikrlar, vasvasalar og‘ushida yo‘lakni telba kabi kesib o‘tayotganingni ancha kech – yoningdan o‘ngingdan so‘ngingdan qonsiz, sovuq yuzlar qahr bilan yeb qo‘yguday tikilayotganini aloxa sezgach anglading, yuzlari rangsiz, tug‘ kabi xilpiragan odamlar o‘zlarini chetga olishar, izingdan baloni ko‘rganday tikilib qolishar, qiy-chuv ko‘tarib, kimlarnidir yordamga chaqirishardi; Xushing o‘ziga kelganida maydonning o‘rtasiga borib qolganding – endi orqaga qaytib bo‘lmasdi; orqada senga chaqchaygan ko‘zlarini tikib turgan bir to‘p olomon turardi, oldinda ham bir guruh qiyofasiz odamlar senga serrayib qarab turishardi, faqat o‘ng tarafdagi anhorga qurilgan yolg‘izoyoq ko‘prikkina bo‘sh edi; Sen bularning hammasini juda tezlikda hisob-kitob qilib chiqding, o‘zingga qarab turganlarni hurkitgancha, oldinga qarab intilmoqda eding, buraqam – odamlar qurozsiz bo‘lsalar o‘zingdan cho‘chishini bilib qolgan eding: Biroq shu payt butun maydonni larzaga solgan buyruq yangradi.
– Ushlanglar! Tiriklay ushlanglar.
Sen tovush kelgan tomonga qaradinggu old tarafdan o‘zingga qarab yugurib kelayotgan uchta askarni va boya uying oldida ko‘rgan kamarli kishini ko‘rding. Orqada ham seni qurolli kishilar qurshab olgandi – faqat bitta yo‘l, ko‘prik ochiq edi; Sen ko‘prikdan o‘tsang bo‘ldi, naryog‘i qarovsiz, serdaraxt xiyobonga chiqib olishingni bilarding, balki qutulib ham ketarsan? Sen ko‘prikka qarab yugurding. Oyoqlaring shu darajada chaqqon bo‘lib qoldiki, o‘zingda qo‘rquv aralash ellik gazcha keladigan anhordan ham sakrab o‘ta oladigan kuch sezding. Ko‘prik zinalaridan ikki sakrab chiqib olding va ichki sezgi bilan ovchilar orasiga tushib qolgan ohu kabi birdan o‘zingni maydondagi olomon quvlab jo‘naganini bilding, orqangdan minglab otlar quvlab kelayotgandek quloqni qomatga keltiradigan dupur-dupur va ayolu-erkaklarning chinqiriqlari eshitila boshladi – agar izingdagilar ta’qibni shu tariqa davom ettirsa tezda ko‘prikka kelib tiqilib qolishlari va bir-birini bosib yanchib tashlashlarini bilarding, bu senga juda qo‘l kelardi – toki ta’qibchilar o‘zlarini o‘nglab olgunlaricha tashlandiq xiyobonga borib qolishing, undan soylik bo‘ylab yashirinib shahardan chiqib ketishing mumkin edi – biroq birdan orqangdagi shovqin bir zum tingandek bo‘ldi va naq oyog‘ing ostida nimadir portlaganday gumburladi, vizillab kelib chap soningga nimadir jozillab yopishdi va suyaging bo‘lak-bo‘lak bo‘lib sharaqlab to‘kilib tushganday ko‘z olding tinib ketdi, sen so‘nggi pillapoyaga qoqilib ag‘nab tushding, ag‘narkansan izingdan quvlab kelayotgan johil, g‘azabnok olomonni va qo‘lida qurol ushlagan, hozirgina senga o‘q uzgan odamni ko‘rishga ulgurding, u odam qirrador qalpoq kiygan va sening uyingda turgan otangning suratidagi qiyofaga juda o‘xshardi, ehtimol o‘shadir, ehtimol qaytgandir?» deb o‘ylading, ammo boshqasini anglay olmading va chakkang zarb bilan ko‘prik panjarasiga urildi; So‘ng hammasi tinib qayergadir g‘oyib bo‘lgandek tuyuldi, toshib ko‘pirib chiqqan suv sehrli kuch ta’sirida yana o‘z o‘rasiga qaytib singib ketgani kabi, sen bilgan osmon, yer, daraxtlar, ranglar va butun dunyo bir-biriga aralashib ketib, kichik bir qizg‘ish, ushlab bo‘lmaydigan xira nuqtaga aylandi – sen hushingdan ketarkansan ustingga yetib kelgan qoshsiz va yuzsiz chaqchaygan odamlarni, ularning jahldan o‘zlarini yo‘qotib qo‘ygandek shovqin suron qilishayotganini, seni ko‘rsatib nelardir deb kulishayotganini, kamarli kishining baqirganini, olomonni bir chetga haydayotganini, zambilga solib qaygadir ko‘tarib borishayotganini, atrofingda arvoh sifat olomon tantanavor va zafarli qiyqirishayotganini, kimnidir tinmay olqishlayotganini, va maydonda orkestr hamon tajovuzkor va jangovor kuy chalayotganini olomonning shovqin-suroni va qiyqirig‘i tobora kuchayib borayotganini, go‘yo qachonlardir qo‘rganu, endi esingdan chiqib ketgan va xotirlash mushkul bo‘lgan manzaraday elas-elas ilg‘ab qolding.
So‘ng hayolingning bir chetida serfayz yoz oqshomidagi to‘lin oy paydo bo‘ldi va bir necha daqiqa shuuringni yoritib yubordi, sen bu oy qurmagur bunchalar chiroyli, orombaxsh nur taratmasa deb o‘ylading, so‘nggi daqiqalarda esa ko‘ksingga javonda turgan kostyumimni aqalli bir marta ham kiyishga ulgurmadima, degan bir josusona afsus oralab o‘tdi va sen boshqa bu narsalar haqida o‘ylamaslik uchun osmon aks etib turgan ko‘zlaringni yumib olding.
Olomon shodon qiyqirgancha seni qaygadir ko‘tarib borishardi, qayerdadir radio karnaydan fanning so‘nggi yutuqlari va bayram oldi chaqiriqlari o‘qilardi, maydonda esa orkestr safga chorlab hamon tantanavor kuy chalardi…