Muyassar Tilovova. Olmazor (hikoya)

− Kelgindi.
− Sen ketmonsan, dastasi tsingan ketmon.
− Molboqar.
− Dala ko‘rsichqoni.
− Ko‘chmanchi.
− Kalamush.
Bizning dahanaki, ammo oxiri ko‘rinmaydigan urushlarimiz mana shunday boshlanadi. Cho‘pon bolalar bilan ayni tushda boshlangan janjal to shomgacha, kun hovuridan tushgunicha davom etadi. Chunki faqat shu paytda soyda cho‘milishni to‘xtatib uyga ketamiz. Aslida bir-birimizni nima deb so‘ksak ham eshitmaymiz, ular soyning narigi, biz esa bu qirg‘og‘ida bo‘lamiz. Suvning shovillashida quloqlarga o‘z chiyillashlarimizdan boshqa narsa eshitilmaydi. Lekin har holda yengilmaganimizga asos bor. Biz bisotimizdagi bor yomon so‘zlardan foydalanamiz. Yangilari tugab qolsa, raqiblarimiz aytgan gaplarni qaytarishga tushamiz. Qo‘limizdan kelgani shu. Bu urushlar men esimni taniganimdan buyon bo‘ladi. Avval akalarim urishishardi, keyin ular tinchib ketishdi. Navbat bizga yetdi. Boshida ularga nimalar deb so‘kkanimni aytib rosa maqtanar edim. Biroq bu hech kimni qiziqtirmadi. Keyin jang tafsilotlarimizni aytishga hafsalam ham so‘nib ketdi.
Bugun dalada akamga yordamlashib qoq tushgacha qolib ketdim. So‘ngra Davron bilan eshakni sekin yo‘rg‘alatgancha soyga yo‘l oldik. Juda horiganimizdan ko‘ylakni yechib boshga soyabon qilganmiz, eshakni esa boshqarmay o‘z holiga tashladik. Jonivor har kuni boradigan yo‘lini topib ketaveradi. Soyga yetgach juda jahlim chiqib ketdi. Cho‘ponlar biz cho‘miladigan joyni egallab olishgandi. Bu holdan hayron bo‘lishimiz tabiiy. Chunki soy biz bilan ular o‘rtasida teng bo‘lingan. Har kimning yeri daxlsiz edi.
− Nega biz tomonga o‘tding, kelgindi?
− Qo‘lingdan kelsa hayda, ketmon.
Ularning boshlig‘i, mening asosiy dushmanim Shahboz kurka yurish bilan menga yaqinlashdi.
“Qo‘rqqan nomard”− deb o‘zimga pichirladim-da, doimgi vazmin qadamlarimda u tomonga ildamladim.
− Joy bo‘lingan, lafzingda tur.
− O‘rtaga lafzni qo‘shma. Uni sendan yaxshi bilaman.
− Unda nimaga biz tomonga o‘tding?
− Bu tog‘liklarning odati.
− Bosqinchilikmi?
− Yo‘q, birga-bir qilish.
− Men sen tomonga o‘tganim yo‘q.
− Ikkita shirbozni o‘g‘irladilaring.
− Biz sening mollaringni deb o‘lib turganimiz yo‘q.
Men o‘g‘irlikni o‘zimdan soqit qildim-u, ammo shirbozlarning go‘shtidan yeganim esimga tushdi. Uni akam va jo‘ralari o‘g‘irlashgan edi. Buni tan olib bo‘lmaydi, chunki yutqazgan bo‘laman. Sir boy bermadim.
− Sen o‘g‘irlaganlar bilan hisob-kitob qil, molboqar.
− Jig‘imga tegma, dala ko‘rsichqoni.
− Ko‘chmanchi, bevatan.
Shahboz bu gapimdan jim bo‘lib qoldi. Men nishonga urgandim. O‘sha gapni tog‘liklarni qarg‘ayotganda onamdan o‘rganganman. Bugun asqotdi. Boshimni g‘oliblarga xos baland ko‘tardim. Biroq kutmagan narsam sodir bo‘ldi. Yuzimning ostida qattiq mushtni his qildim. Ko‘z oldim qorong‘ilashib ketdi. Gandirakladim, chog‘i. Lekin buni bildirmasligim kerak. O‘zimni tutdim. Zo‘rg‘a tutdim. Tan olish kerak, zarbasi juda kuchli ekan. Xuddi temir qo‘llarga o‘xshaydi. Buni shunday qoldirib bo‘lmaydi. Bor kuchimni qo‘limga yig‘dim-da, uning o‘ng yuzini mo‘ljalladim. Zo‘r zarba bo‘ldi. Boyagina hayrat egallab turgan Davronning yuzida xushkayfiyat paydo bo‘ldi. Shahboz taraf bolalar esa yiqilib tushgan do‘stlariga parvona edi. Men butunlay g‘olibman. Kiyimlarimni yechib, ozg‘in, chayir gavdamni quyoshda berilib kerishtirdim. O‘zim bilan o‘zim band bo‘lib Shahbozning o‘rnidan turganini sezmabman. Biqinimda nimadir uzilib ketganday bo‘ldi. Faqat, so‘kishib o‘tgan bolalarcha janglarimiz tugagan, endi nihoyasiz mushtlashuvlar bosh
langandi. Unga yeb qo‘yguday tikilib turgan ko‘zlarimdan zarba kuchidan beixtiyor yosh qalqib ketdi.
− Borib onangga yig‘lab ber. Seni ovutadi.
Balki taslim bo‘lardim, lekin bu gapidan keyin emas. Qornimni ushlab turgan qo‘llarimda musht tugildi. Shahboz tomonga yugurdim. Bo‘yniga mahkam osilib, yerga yiqitib oldim. Bir-birimizga ketma-ket zarbalar yog‘dirdik. Shunchalik kuchli ekanimni bugun his qildim. Ammo Shahboz ham qolishmasdi. Baquvvat bola ekan. Ko‘z qirimda qarab, Davron bilan Sherqo‘zi olishayotganini ko‘rdim. Negadir Jo‘ra bu olishuvda ishtirok etmasdi. Chekkada turib goh bizga, goh Sherqo‘zi bilan Davronga qarardi. Demak qo‘rqayapti. Albatta, bu fikrdan kuch oldim. Lekin keyinchalik bilsam men adashgan ekanman. Tog‘lik cho‘ponlar odatida bir kishiga ikki kishining tashlanishi uyat hisoblanar ekan.
Nazarimda men yengayotganday edim. Chunki Shahboz bukilgan oyoqlarim ostida edi. U taslim bo‘lishga hozirlanayotganday ko‘rindi.
Endi oxirgi zarbani berish kerak. Basharasini nishonga olib qo‘llarimni baland ko‘tardim. Ular zalvorli mushtga aylangandi.
Endi urmoqchi bo‘lganimda qo‘limni kimdir ushladi. O‘girilib tepamga qaradim. Tog‘ yonbag‘irligidagi katta olmazorning egasi Qodir ota ekan. Xayolim u bilan bo‘lib tepishga hozirlangan Shahbozning oyoqlarini ilg‘amabman. Qodir ota ikkinchi qo‘li bilan uning oyog‘ini ushladi.
− Nega urushasanlar?
− Manovi bizni cho‘miladigan joyga o‘tib olibdi.
− Uyat, bolalarim, uyat. Bir joyda yashaydigan og‘a-inilar ham mushtlashadimi?
Chol doimgi xushchaqchaq chehrasi bilan tabassum qildi. Meni majburlab chekkaga oldi. Yuzlari tuproqqa belangan, qoshining usti yorilib qon sizayotgan Shahboz yig‘lashdan nari-beri bo‘lib o‘rnidan turdi. Uning qo‘rqayotgani bilinib turardi. Chunki, chol bizning qishloqdan. U biz taraf bo‘lishi aniq edi.
− Xo‘sh, bir-biringizdan kechirim so‘rab yarashib olasizlarmi?
Biz jimmiz. Kimning ham past ketgisi kelardi. Chol bizga qaradi-da, nimadandir afsuslanib boshini sarak-sarak qildi.
− Hech odamlarga tushunmayman-da, o‘zlari dushman bo‘lsa bolalarda nima ayb? Bu odamni odam ajratishi hech tugamas ekan-da. Hatto, bolalarga ham singdirib ulgurishibdi. Ha mayli. − Qodir ota e’tiborsiz qo‘lini silkitdi. − Bog‘da hozir olma g‘irq pishgan. Kim do‘st bo‘lmoqchi bo‘lsa, men bilan yursin. Olmaxo‘rlik qilishga.
Chol hassasini do‘qillatib yo‘lga tushdi. Biz esa kim ortidan ergashsa, taslim bo‘lishini tushungandik. Qilt etmadik. Ammo tomonlar ikkilanardi. Bog‘dagi olmalarning ta’rifini hamma bilardi. Shahboz, Sherqo‘zi, Jo‘ra cholning ortidan yurdi. Men shuni kutib turgandim, endi yo‘l ochiq. Davron ikkimiz ham ergashdik. Bog‘ga yetguncha hech kim churq etmadi.
Chol orqasiga o‘girilib qaradi-da, mamnun jilmaydi.
− Bu boshqa gap. Yaxshilab uqib olinglar, bir yerda yashagan odam g‘anim bo‘lmaydi. Xudo barchani bir xil yaratgan, u oqmi, qorami, lo‘limi, ko‘chmanchimi − buning ahamiyati yo‘q. Nega indamaysanlar? Sizlarga bolalarcha urishish, bolalarcha o‘yinqaroqlik yarashadi. Nasl-nasab va boshqa narsalarni o‘rtaga qo‘shmanglar. Qani seni oting nima edi? Daraxtga chiqib olma qoq-chi?
Qodir ota o‘tmaslashib qolgan ko‘zlarini Shahbozga qisib qaradi.
− Ismim Shahboz.
− Bu burgut deganimi?
− Ha.
− Juda soz, o‘zing ham burgutga o‘xshagin. Ular kuchli, baquvvat, mag‘rur bo‘lishadi. Bir paytlar hov anavi, tog‘larda ko‘rganman.
Chol ko‘rsatkich barmog‘ini uchlari oqarib ko‘rinib turgan tog‘ cho‘qqilariga qadadi.
Shahbozning o‘rtog‘i Jo‘ra suhbatga aralashdi:
− Bizda ularning tirigi bor. Poloponligidan boqamiz.
Hayratini yashirolmagan Davron endi gapiraman deb og‘iz juftlagandi, men turtib qo‘ygach gapi og‘zida qoldi.
Hash-pash deguncha sara olmalardan bir savatini terdik. Bog‘ qishloqning chetida, oxiri baland tog‘larga ulanib ketgan qirlikda barpo etilgan. Juda xushmanzara, so‘lim joy. Qodir ota yolg‘iz o‘g‘li Nodir bilan parvarishlaydi uni.
− Nega qarindoshlaring biz tomonga kelishmaydi? Sizlarda meva-cheva yo‘q, kelsanglar qoplab berib yuborardim.
− Bizga qishloqqa tushmanglar deyishadi. Shuning uchun to ketgunimizcha yaylovda bo‘lamiz.
Cho‘pon bolalar olmalardan yutoqib yer, bu esa bizning zavqimizni keltirardi. Birinchi uchrashuvimiz unchalik ko‘ngildagidek o‘tmadi. Ammo biz shu paytgacha olaqarash qiladigan bolalar bilan oramizda qandaydir yaqinlik uyg‘ongan edi.
− Barakalla, bolalarim. Og‘a-ini tutininglar, agar qishloqqa tushishni istamasanglar mana, mening bog‘im. Xohlagan paytda kelib-ketaveringlar. Olmazor barcha bolalarning o‘ynaydigan joyi bo‘lsin.
Shu kuni cho‘milishga bormadik. Olmazorda qoldik. O‘sha yoz biz uchun boshqacha o‘tgandi. Cho‘ponlar va qishloq bolalari do‘st tutinishdi. Hammasi emas. Men va Shahboz.
Kuzga yaqin ular ketishdi. Qishlash uchun o‘z qishloqlariga.
Qish oxirlashdi, ammo kunlar sovuq. Tog‘dagi qorni endi onda-sonda o‘t-o‘lanlar yorib chiqyapti. Tog‘ning baland joylariga, qalin yaylovlarga ko‘chmanchi cho‘ponlar qaytishdi. Ular o‘tgan yilgi xaroba kulbalarini qaytadan qurishyapti. Aslida, ularning o‘rni ham bilinmay ketgan. Chunki, har yili ketishgach qishloq odamlari ularning uylarini yo buzib tashlashadi, yoki yoqib yuborishadi. Lekin biror marta cho‘ponlardan hech biri “nimaga bunday qilding” deb kelmagan. Izg‘irinli bahorning uzun kechalarida tog‘ning har yer-har yerida qurilgan, xuddi bostirmaga o‘xshaydigan uylarining yoniq chiroqlari ko‘rinib turadi. Ular har yili to yana qish boshlangunga qadar tog‘larda bo‘lishadi. Qishloq bilan hech qachon aloqada bo‘lishmaydi. Biz ularni, cho‘ponlar bizni yomon ko‘rishadi.
Hash-pash deguncha oradan ikki oycha vaqt o‘tdi Qodir otaning olmazori ham qiyg‘os hosilga kirgan. Biz vaqtimiz bo‘ldi deguncha o‘sha yerga shoshilamiz. Qishloqda cho‘ponlar bilan do‘st tutingan yagona odam biz bolalarmiz. Olmani bo‘kkanimizcha yeymiz, qorin to‘ygach bir-birimizga olma otish boshlanadi. Qanday sho‘xlik qilsak ham Qodir ota indamaydi. Go‘yoki olmazor hamma bolalarning do‘stlik maskaniga aylanib qolgan. Men, Shahboz, cho‘pon bolalar va yana tatar yigit Bashir ham shu yerga keladi. Ular oilasi bilan ko‘chib kelishgan. Boshida bolalar uni turtkilashardi, so‘ng Qodir otaning gapi bilan biz do‘stlashib ketdik. Olmazordagi o‘tgan har daqiqamiz go‘zal. Bu yerda bizni kattalarning muammolari, shunga o‘xshash mayda-chuydalar ajratmaydi. Men qishloq haqida, Shahboz cho‘ponlar haqida, Bashir esa o‘zlari haqida aytib beradi. Olmazor bolalar do‘stligining ramziga aylandi.
Yoz oxirlashdi. Biz olmazorga borishni kanda qilmadik. Lekin bir haftadan buyon Shahboz va cho‘pon bolalar ko‘rinmaydi. Men hayron bo‘lib Qodir otadan so‘radim.
− Ey, nimasini aytasan, bolam? Men bir umr cho‘ponlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lish tarafdori edim. Lekin odamlar buni xohlashmadi. Tunov kuni to‘rt-beshta hamqishlog‘imiz ularning qo‘rasiga o‘g‘irlikka tushibdi. Bunday o‘g‘irliklar ko‘p sodir bo‘lgani uchun cho‘ponlar sergak yotishgan ekan, tutib olishibdi. Talanavergach ularning ham joniga tekkan-da, rosa do‘pposlashibdi.
Chol gapirayotib chuqur xo‘rsindi.
− Bobo, nega biznikilar cho‘ponlarni yomon ko‘radi?
− Yerni deb, mana shu hammadan qoladigan yerni deb.
− Qishlog‘imiz katta-ku, hammaga yer yetadi.
− Qaniydi kattalar ham senday o‘ylashsa!
Chol negadir o‘ychan bo‘lib qoldi. Ko‘zlarini qayoqqadir mungli qadadi. Ammo nimaga tikilayotganini men bilolmadim.
− Ishqilib bu narsaning oxiri yaxshilik bilan tugasin-da.
Qodir ota xo‘rsinib boshimni silab qo‘ydi.
Men u nimalar deganini unchalik tushunmadim. Biroq kuyunib gapirishidan, jiddiy muammo ekanini fahmladim.
Kechqurun uyimizda akam o‘rtoqlari bilan to‘planishdi. Men ularning suhbatini eshikning orqasidan turib eshitdim.
− To‘raning jag‘ini ezib qo‘yishibdi.
Akam og‘ir zarbasi bilan xontaxtani bir urganda men uchib tushdim.
− Haddidan oshib ketishdi. Indamagan sari o‘zidan ketishyapti.
Qaysi jo‘rasi gapirganini aniq anglolmadim.
– Ular ketisharmish, boshqa bu yerga qaytishmas ekan, qilg‘ilikni qilib shunday ketaverishadimi?
Akam bunga chiday olmayotgani bilinib turardi.
− Ketayotgan bo‘lishsa, yaxshi. Lekin qilmishiga yarasha jazo olib ketishadi. Indamay qo‘yib qo‘ymaymiz.
− Nima qilamiz?
− Mol to‘la qo‘rasiga o‘t qo‘yamiz.
Kattalarning bu gapidan yuragim muzlab ketdi. Nahotki, shunday qilishsa!
− Qachon qilamiz?
Barcha akamga yuzlandi.
− Shu bugunoq. Men bilan yigitman deganing borasan.
Akamning qo‘ygan shartidan keyin hammasi qo‘zg‘aldi.
Ketayotgan ular-u, qo‘rqayotgan men edim. Aslida qorong‘ida bir o‘zim yurishga qo‘rqsam ham qandaydir kuch meni toqqa, cho‘ponlar yoniga yetakladi. Kuchim boricha yugurdim. Ularni ogohlantirishim kerak. Ko‘p narsada biznikilar aybdor. Chunki cho‘ponlar qishloqning xasini ham o‘g‘irlamagan. Biznikilar esa ko‘p marta o‘g‘irlik qilganlarini o‘zim ko‘rganman. Qancha yugurdim, bilmayman. Biroq bir marta yo‘ldan adashganimni bilaman. Yetib borganimda nafas olishim qiyinlashib, o‘pkam og‘zimga tiqilib qolganday edi. Ammo, ne ko‘z bilan ko‘rayki, men kechikkandim. Qo‘ra alangasi ko‘kka o‘rlab yonardi, cho‘ponlar bilan yigitlarimiz o‘rtasida esa, allaqachon, mushtlashuv boshlanib ketgandi. Ular ko‘pchilik, bizning yigitlar esa oz edi. Men dovdirab qolgandim. Kimdir boshimdan bir chelak suv quydi. Cho‘chib o‘girilsam, Shahboz.
− Bu yerda bo‘lganingni hech kimga aytmayman. Faqat, ket. Boshqa ko‘rishmaymiz.
Men aslida ularni ogohlantirishga kelganimni aytishga ulgurmadim. U chelagiga suv to‘ldirib, molxonalari tomonga yugurdi.
Bu janjalni to‘xtatish kerak, nima qilib bo‘lsa ham. Qishloq olis. Bu yerga eng yaqin joy Qodir otaning bog‘i. Men bog‘ tomonga chopdim. Quyuq olmazorni oralab cholning uyiga yetdim. Bobo nimanidir sezgan, shekilli, uxlamagan ekan.
− Bobo, tezroq yuring. Tog‘da janjal bo‘lyapti. Hozir yigitlarni o‘ldirib qo‘yishadi.
− Tovba, shunga yuragim bezovta ekan-da. Nodir, Nodir. Yugur, bolam. Ularni tinchlantir. Mendan chaqqonsan. Ortingdan yetib olaman.
Nodir aka tog‘ tomonga ildamlab ketdi.
Biz bir soatlar farqi bilan yetib bordik. Borganimizda janjal tugagan, biznikilar qochib ketgan ekan. Cho‘ponlar Qodir otaga indashmaydi. Uni hurmat qilishadi. Chunki hech kimni ajratmaydigan yaxshi odam ekanini bilishadi. Achimsiq tutun hididan ular ancha talofat ko‘rganini bilish qiyin emas.
− Yaxshimisiz, ota?
Ulardan yoshi kattaroq bir kishi cholga salom berdi.
− Valaykum, Murod, yaxshimisan?
− Ko‘ryapsiz-ku, ahvolni.
− Ha, xomsut emgan bandalar.
− Xafa bo‘lmang-u, ota, siz tomon nomardlik qildi. Ular qancha o‘g‘irliklar qilishmadi. Biz indamadik.
− To‘g‘ri, ammo bir kuni shunday voqea yuz berishini men bilardim. Ishqilib, hech kimga zarar yetmadimi, Murod?
Haligi kishi boshini quyi soldi. Og‘ir xo‘rsindi.
− Nimaga indamaysan?
− Hech kim xohlamagandi, ammo mushtlashuvda bir yigit o‘ldi.
− Kim?
Ota ikkimiz birdan so‘radik. O‘lay agar u akam ekaniga ishonchim komil edi. Hali sovimagan jasadni gilamga o‘rab qo‘yishgandi.
− Biz qishloqni tanimaymiz. O‘zingiz ko‘ring.
Men borolmadim. Dosh bera olmasdim. Qodir ota sekin gilamni ochdi. Lekin indamadi. O‘rnidan turayotib bir qalqib ketdi. Hech kimning gapiga javob bermay, kelgan yo‘limizga ravona bo‘ldi. Men hayron edim. Qo‘rqayotgan bo‘lsam ham gilamni ochib ko‘rdim. O‘lgan Qodir otaning o‘g‘li Nodir aka ekan. Cholning yo‘lda biror narsa bo‘lishidan xavotir olib unga ergashdim. U o‘g‘lini olib ketishga ham qaytmadi. Uyiga tong yorishayotganda yetib bordik. U jimgina joyiga kirib yotdi. Men yonida qoldim. Biroq ertalabga yaqin uyqu elitgan ekan. Qattiq qo‘rquv va charchashdan qancha yotganimni bilmayman. Uyg‘onganimda tushga yaqin payt edi. Negadir Qodir otani ko‘rmadim. Izlab bog‘ga chiqdim. Cholni topdim. Ota qo‘lida bolta, daraxtlarni chopardi. Qanday kuch bilan ishlaganini bilmayman. Ancha daraxt qulagan ekan. Qancha harakat qilmayin, cholni tinchlantirolmadim. U g‘azab bilan qilardi bu ishlarni. Keyin indamadim. Bizning do‘stlik qo‘rg‘onimiz qulayotganini azob bilan kuzatdim. Katta-katta olmalar yerga to‘p-to‘p etib tush
ardi.
− Men olmazorni bekorga qishloq bilan tog‘ o‘rtasida bunyod qilmagandim. U qishloq bilan qo‘ra o‘rtasida ko‘prik bo‘lsin degandim. Lekin bu bolamning umriga zomin bo‘lishini bilmabman.
Ota ho‘ngrab yig‘ladi va olma daraxtlarini chopishini tezlashtirdi.

“Yoshlik” jurnalining 2011-yil, 3-sonidan olindi.