Jasur Kengboyev. Mung (hikoya)

I

Qizg‘aldoq issig‘i etni kuydirdi. Kun tikkaga keldi.
Bu mahal uch otliq adir adog‘idagi qishloqqa horib kirib kelmoqda edi. Havo dim, xuddi jaziramada oynalari ochilmaydigan avtobusda ketayotganday his qiladi odam o‘zini. Burun kataklari kengayib-torayib nafas olayotgan otlar uzun-qisqa kishnab qo‘yadi. Qishloqning allaqayeridan javob keladi: cho‘ziq kishnash ovozi eshitiladi.
Qora otliq – qirq besh-ellik yosh atrofidagi qoramag‘iz, peshonasi aralash chakkalarigacha ajin tusha boshlagan odam bir hovli darvozasi oldida jilovni tortadi. Ortdagi ikkisi ham to‘xtaydi. Qizil baytal mingan kishi shoshilmay, polvonlarga o‘xshab viqor bilan uzangidan oyog‘ini uzadi. Uchinchi odam – ozg‘in, eti-ustixoni aniq ko‘rinib turgan jikkakkina kishi ildam yurib, qora otliqqa bir nimalar deydi. Qora otliq unga quloq solmaydi. Bir nimalar deb to‘ng‘illaydi. Tortishadi. Qora otliq norozi kayfiyatda tulporining yuganini tortadi, ot depsinadi. Jikkak kishi esa yelkasini qisib, qaytadi va hovli darvozasini taqillatadi.
Bir zumda darvoza ohista ochilib, shoyi ro‘mol o‘ragan ayolning qorasi ko‘rinadi. Otliqlar u bilan salomlashadi. Ayol ochiq chehra va xushhollik bilan ichkariga manzirat qiladi:
– Keling, mehmon, sizni domla juda intiq kutib yotibdilar…
– Yanga, men sherigim bilan keldim, – deydi polvonkelbat odam.
– Voy, bemalol kiraveringlar, mehmon, qani u kishi? – ayol shunday deb boshini darvozadan chiqarib, yon-atrofga alanglaydi.
– Huv, ana! – deydi mehmon ikki ko‘zi ortida, nari ketayotgan qora otliqni ko‘rsatib.
Ayolning avzoyi o‘zgarib ketadi. Yuz-ko‘zi nafratga to‘ladi.
– Yo‘q, u qadamini bosmasin bu yerga! – deydi. – U dunyo-bu dunyo uyimga kirmaydi…
Polvonkelbat odam seskanib ketadi. Tang qoladi. Qovog‘i osiladi.
– Unda xayr! Men ham ketaman… – deydi va ortga qayta boshlaydi. Jikkak odam ikkilanib, u ham ergashadi…

II

Ayozning qattol qamchisi sitilib, dastasidan hovur ko‘tarila boshlagan, osmonu falak tiniqlashib, parqut bulut suzayotgan mahalda Abdul Nosirning ilhomi keldi. Bahor – uning uchun elkezar pallasi. Har yili vohaning qishloqlarini aylanib, polvonu chavandoz, cho‘ponlar bilan gurungni ko‘ngli tusab qoladi. Ta’tilda, sog‘liqni bir tiklab kelaylik, deya bahona to‘qiydi-da, qo‘shni tumanlarga qarab ketadi. Odamlar ortmoqlab olgan to‘rvaxaltasini ko‘rib, sanatoriy-panatoriyga ketyapti, deb o‘ylaydi. Qayda, Abdul Nosir xastamidiki, sanatoriy borsa… Shunchaki, dashtni, kengliklarni, polvonlar gurungini xumor qiladi.
Gurung ham oddiygina bo‘lmaydi. Abdul Nosir polvonlar tursa turadi, yotsa yotadi. To‘yga desa, ergashadi. Qadrdon bo‘lib qolgan cho‘ponlar ham uning gurungini yaxshi ko‘radi. Bor-budini oldiga to‘kib, mehmon qiladi. Cho‘ponlar bilan haftalab adirdan beri kelmaydi. Cho‘ponovqat yeydi. Kunduzlari og‘ziga tolqonni solib, so‘rib yuraveradi.
Chavandozlar bilan ko‘pkariga borib qolsa, hech qursa, qoqmada ot chopadi.
Abdul Nosir uyga qaytgach, hafta, o‘n kun muk tushib, ko‘rgan-kechirganlarini qog‘ozga to‘kadi. Shu ko‘yi navbatdagi go‘zal asarlar dunyoga keladi: biri hikoya, biri qissa bo‘ladi. El uni yutoqib o‘qiydi. Ko‘ziga surtib mutolaa qiladi. Abdul Nosirning gurungida bo‘lishni orzulab yuradi.
Mana, kuni kecha tog‘li tumanlardan biriga endigina yetib borib, ko‘p yillik qadrdonining uyiga qo‘noq tushgandi. Hali polvonlar bilan ko‘rishib ulgurmasidan uzoq yillar avval birga ishlagan, o‘zidan yoshi kichikroq bir olim – Jovli Lapasov daraklab keldi.
– Abdul Nosir aka! – dedi u muddaoga ko‘chib. – Tog‘amiz ijodingiz ishqibozi. Ancha yildan beri betob, ana ketaman, mana ketaman deb yotibdi. Uch-to‘rt marta menga iltimos qilgandi. Kecha tumanimizga kelganingizni qishloqdoshlardan eshitib, yana ta­yinlab so‘rattiribdi. Shu kishini bir ziyorat qilib o‘tsangiz, ko‘ngli ko‘tarilardi…
Abdul Nosir yo‘q deyolmadi. Hamma rejasini o‘zgartirdi-da, rozilik berib yubordi. Tashqariga chiqishsa, Jovli Lapasov yolg‘iz emas, yonida bir sherigi, jikkakkina odam ham kutib turibdi. Uydan chiqishayotganda Jovli Lapasov o‘zining qora oti yuganini mehmonga tutqazmoqchi bo‘lgandi, mezbon hayhaylab qoldi:
– Qo‘ying, aka, har kelganda mening qizil baytalimni minadi bu kishi. O‘zinikiday bo‘lib qolgan, – dedi.
Lapasov tortishib o‘tirmadi. Uchovi uch otda yo‘lga tushdi. Masofa olis, otlar bir maromda tuyoq tashlaydi. Xuddi go‘dakni allalayotganday odamni mudroq bosadi.
– Jovliboy, tog‘angiz nega betob? Qayeri og‘riydi? – dedi Abdul Nosir egarning qoshiga qamchining qulog‘i bilan silgib, ermaklar ekan.
Lapasov olis-olislarga tikilgancha, xomush tortdi. Chuqur xo‘rsinib oldi.
– Ikki marta infarktni o‘tkazdi, – dedi so‘ng. – Yuragi charchagan, aka, yuragi.
U bu gapni juda chuqur qayg‘u ohangida aytdi.
– Og‘ir ishda ishlaganmi? – so‘radi Abdul Nosir.
– Ishi-ku, unchalik og‘ir emas edi… – dedi Lapasov. – Hayoti og‘ir, aka, hayoti.
– Xo‘sh?
– Ie, aka, ming yillik gap, – istar-istamas hikoyasini boshladi Jovli Lapasov, qamchisini otning jabdug‘iga beparvo sermab qo‘yar ekan. – Tog‘amiz adabiyot o‘qituvchisi edi. Ko‘p yillar avval edi, u payt men endigina ilmiy ish boshlagan, bo‘ydoq edim. Nimadir bo‘ldi-yu, shahar ketaman, universitetda dars beraman, deb qoldi. Xursand bo‘ldim, endi kosasi oqarib, biz jiyanlarga ham epkini tegib, yelkamiz shamol ko‘rar, deb quvondim.
Shaharda ijarada yashay boshladi. Oilasi qishloqda qoldi. Tez-tez qishloqqa qatnab turdi. Oradan yil o‘tib, har ikki hafta, so‘ng uch, keyin oyda bir keladigan bo‘ldi. Yangamiz xavotir bildirsa, ish ko‘p, xotin, yumush ortib, bosh qashlagani vaqt qolmayapti, derdi. Ayoli sodda edi, chippa-chin ishonar, davlat ishi tugaydimi, otajonisi, ko‘p ishlab, o‘zingizni oldirib qo‘ymang, deb avaylardi.
Yangamiz ko‘p mehribon edi. Tog‘amiz bundan o‘zini o‘ng‘aysiz sezardi. Lekin nachora, erkak degani hamma gapni ham ayoliga aytavermaydi-da… Lekin tog‘amizning qochgani qishgacha bo‘ldi.
Hamsoya ayollardan bittasi shaharda tog‘amizning xushbichim bir ayol bilan yurganini ko‘rib qolib, yangamizga chaqqan. Yangamiz shaharga qarab o‘qday uchgan. To‘g‘ri universitetga borib, qiyomat qoyim ko‘targan, tog‘amizni dars o‘tib turgan joyidan yetaklagancha, qishloqqa olib kelgan. Tog‘amiz fosh bo‘lgach, ham sevimli ishidan, ham obro‘yidan ayrilgan. Qarigan chog‘ida muhabbat qo‘yib, yashirincha yashab yurgan shaharlik ayol ham undan yuz o‘girgan. Lekin tog‘amiz… Juda orkash odam-da. Elning gap-so‘zini og‘ir oldi. Ko‘cha-ko‘yga kam chiqadigan, oshna-og‘ayniga ham qo‘shilmaydigan bo‘ldi. Kun uzog‘i to‘rt devor orasida timirskilanib, shundog‘am obod hovlini yana obod qilib yurdi. Kechasi bilan mijja qoqmay kitob varaqlaydi… Ko‘p ko‘rganman: tog‘amiz sizning hikoyalaringizni alohida ehtirom bilan o‘qiydi. Bir papka qilib yig‘ib qo‘yganini bilaman. Lekin…
Jovli Lapasov boshini quyi eggancha, bir nafas tin oldi. Abdul Nosir va jikkak jo‘rasi jim tinglab kelayotganini fahmlagach, davom etdi:
– Baribir dunyoning ishlari qiziq ekan-da, aka, – dedi. – Hech kim indamasa ham, aybini yuziga solmasa ham, odam o‘zini o‘zi yeb bitirar ekan. Odamning ixtiyoridan tashqarida bir narsa bor, u sizning istak-mayllaringizga bo‘ysunmaydi ham, buyrug‘ingizni bajarmaydi ham. Bu – Vijdon ekan, aka. Ana shu narsa tog‘amizni ado qildi. Bora-bora yuragiga jabr qildi…
– Unda savobini tezroq olaylik, Jovliboy! – dedi Abdul Nosir mehribonlik bilan.
Jovli Lapasov bosh irg‘ab ma’qulladi va otning biqiniga niqtadi.

III

…Bizga tanish hovli. Uch otliq. Abdul Nosir qizil baytaldan tushgach, Jovli Lapasov entikdi. So‘ng ohista shunday dedi:
– Abdul aka, mana shu uy tog‘amizniki. Safar oshnam bilan gurung qilib chiqaverasizlar, men sizlarni uyimda kutib turaman. Safar, – dedi u so‘ng jikkak odamga yuzlanib, – mehmonni o‘zing boshlaysan…
Domla bu holga lol qoldi:
– Ie, Jovliboy uka, bu yog‘i necha puldan tushdi? O‘zingiz boshlab kirmaysizmi? Mezbon o‘zingiz-ku? – dedi taajjublanib.
– Yo‘q, aka, xafa bo‘lmang, men kirolmayman… – dedi Lapasov uzrxohlik bilan.
– Nega?
Lapasov sukut saqladi. Bu paytda uning ichini it tirnayotgan edi. Jikkak odam – Safar otdan tushib, oldiga bordi, unday qilma, oshna, shart kirib borsang, mehmon atoyi Xudo, seni hech kim ko‘kragingdan itarmas, dedi. Lapasov ko‘nmadi. Safar qaytib kelib, Abdul Nosirning o‘ngiridan ushlab, sekin chekkaga tortdi.
– Aka, uni ko‘p qichamang. Baribir kirmaydi. Yigirma besh yildan beri tog‘asining ostonasini hatlab o‘tmagan.
– Nima uchun axir, uka?
– Yanga qo‘ymaydi…
– Nimaga qo‘ymaydi?
– Ie, so‘ramang, aka! Ayol zotining qahri kelsa, shuytib-shuytib dunyoni chappa qilvorarkan-da. Asal zaharga, kun zulmatga aylanar ekan. Jovli tog‘aning eng yaxshi ko‘rgan, oqibatli jiyani edi. U o‘sha qiyomatdan keyin tog‘aning shaharda qolgan ikkinchi oilasi bilan yolg‘iz o‘g‘ilchasidan xabar olib turar edi. Yanga buni ham bilib qolib, xonadonidan uning oyog‘ini butunlay uzgan.
– Shuncha yildan beri qarindosh-urug‘ning ko‘zi qayerda? Bularni yarashtirib qo‘ysa bo‘lmaydimi?
– Qaniydi, aka. Qarindosh-urug‘, xeshlar qancha urindi. Yangaga yalinishgan. Hech fikridan qaytmagan. Eh-he, qishloq kayvonilari, butun elimiz gapiga so‘zsiz quloq osadigan eshonlar, hatto pirlarimiz ham o‘rtaga tushgan. Foyda bermagan. Yanga qasamiga juda qattiq turgan.
Abdul Nosir bu gapni eshitgach, qalbi qattiq larzaga keladi. Vaziyat u o‘ylaganidan ham murakkab edi.
– Xudo urgan xotin ekan-ku, unda, – dedi o‘ziga-o‘zi pichirlab. – Bu yerda izzatimiz yo‘qqa o‘xshaydi…
Ikkilanib turdi-turdi. Bu mahal Safar darvozani taqillatdi. Darvoza shoshilinch ochilib, tanish ayol ko‘rindi…

IV

– Unda xayr! Men ham ketaman… – dedi Abdul Nosir va shahd bilan ortga qayta boshladi…
Shunda… shunda yanga sarosimaga tushib, ikki o‘t orasida qoldi: kirsin desa, yigirma besh yillik adovat hali tarqamagan, kirmasin desa, eri o‘lim to‘shagida. Axir, u necha vaqtdan beri polvonlar haqida yozib yurgan adib Abdul Nosir bilan ko‘rishish istagida ilhaq bo‘lib yotibdi. Hozir shuncha joydan qadami yetgan, kimsan el tanigan adibni, tag‘in mehmonni ostonadan qaytarsa, aybi chorak asrlik isnod – odamlarning g‘iybati-yu ulug‘larning qahriga qo‘shilib, yelkasidan zil-zambil bo‘lib bosishini o‘yladi. Bu yukni bir muddat his qilib ko‘rdi. Shu jiyanni deb elga yana gap bo‘lish, yomonotliq bo‘lish naqadar og‘ir. Eng yomoni eri boyagina: “Mehmon yolg‘iz kelmaydi… Yaxshi kutib olinglar”, degandi. Gap yakunida ihranib, past ovozda: “So‘nggi iltimosim”, deganday ham bo‘luvdi-yu, negadir e’tibor bermagan ekan: xasta odamning odatdagi injiqligi deb tushungan ekan… Ha, erining ko‘ngli sezgan, seza turib shunday degan. Ehtimol, u erining eng so‘nggi istagini bajarayotgandir? Yigirma besh yildan beri so‘zida qat’iy turib, ichdan g‘oliblik tuygan bo‘lsa-da, erining bundan qanchalik ezilib, azob tortib yashayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib kelyapti-ku?! Ertaga elda mehmonga shart qo‘yibdi, degan gap tarqalsa, nima degan odam bo‘ladi? Shunchasi yetmaydimi?
Ayolning sarosimasi ortdi. Ko‘zini chirt yumdi, bir tomchi yosh qalqib chiqdi. So‘ng:
– Qayting, mehmon!.. – dedi. – Mayli, uyam kira qolsin…
Bu gap xuddi adirlar bag‘ridan, huv olisdagi tog‘lar to‘shidan otilib chiqqanday bo‘ldi!
Bu paytda ko‘cha boshiga – muyulishga yetay deb qolgan qora ot taqa-taq to‘xtadi. Jovli suvliqni qo‘yib yuborib, ilhaq ortga qaytdi.
V

Ikki tabaqali derazaning bir ko‘zi qiya ochilgan, darpardasi ikki yonga ilinib, bahoriy havo kirib turgan xonaning to‘rida pastak yog‘och karavotda tog‘a yotibdi. Endigina oltmishdan oshganu yetmishga yetmagan tog‘aning holiga havasi qilib bo‘lmaydi: ko‘zining suvi qochgan, nursiz. Majolsiz tanasini arang qimirlatadi.
Xonaga birinchi bo‘lib Abdul Nosir kirdi. Tog‘a o‘mganini sal ko‘tarib, chiroyi ochilib qo‘l uzatib ko‘rishdi.
So‘ng… jiyani kirdi-yu, tog‘aning diydasi yumshab ketdi, labi titrab, kemsha­yib ketdi. Jiyan kela solib, tog‘ani bag‘riga bosdi. Tog‘a-jiyan karavotda o‘tirgan ko‘yi quchoqlashib, yig‘lashib, bir-birini uzoq vaqt bag‘ridan bo‘shatmay omonlashdi…
Ko‘zidan ikki tomchi yosh sizib chiqqan Abdul Nosir ne-ne davralarni ko‘rmagan, ne-ne voqealarga guvoh bo‘lmagan edi. Lekin bunday quvonchni, diydorni ilk bor ko‘rib, ichida bir nima chirt uzilganday bo‘ldi.
Safar ham ko‘zini dastro‘moli bilan artdi. Narigi xonada ayol kishining hiqillab yig‘layotgani eshitildi.
…Namozshom mahali yanga jikkak odamni chaqirdi:
– Safarboy, uka, bir sovliq bor, shuni so‘yib bering, qozonga bosaylik. Akangiz aytgandi, esimdan chiqay debdi shu…
Safar tog‘aning ishorasi bilan tokchada – qinini chang bosgan qassob pichoqni olgancha chiqib ketdi.
U ketgach, tog‘a ichikib gapirdi:
– Abduljon uka, kelib yaxshi qipsiz. Anchadan beri bir ko‘rishishni orzu qilardim. Qarang, dardim yengillashganday bo‘ldi, uka. Shuncha kayvoni, hatto pirlarimiz qilolmagan ishni sizday polvon yozuvchi uddasidan chiqishingizni bilgandim… Yangangiz bir umr meni kechirmasa kerak deb o‘ylagandim. Bu xotin temirdan o‘tgan ekan. Temirniyam eritsa bo‘ladi… Otangizga rahmat, uka, kelganingizga boshim ko‘kka yetdi. Jiyanim… Qadamini yetkazganiga shukr. Umrim uzayganday bo‘ldi.
…Dasturxon quyuq tuzalib, tovoqlarda qovurdoq olib kirildi. Suhbat yarim tungacha davom etdi.
Abdul Nosir ketar chog‘ida tog‘a bir eskiroq kitobni uzatdi:
– Shunga bir dastxat yozib bering, uka. Esdalikka…
Abdul Nosir kitobni qo‘lga olib qaradi: o‘ziniki. Polvonlar haqida iztirob bilan bitgan qissasi. Kitobning u yer-bu yeriga qalam bilan chizilgan, ehtimol, eng muhim deb bilgan joylari belgilangan edi. Abdul Nosir dastxat qo‘yib bo‘lib, tagiga chizilgan bir gapni o‘qidi. Unda: “El manaman degan mansabdor yoki kayvonini tan olmasligi, mensimasligi, yo‘rig‘iga yurmasligi mumkin. Lekin polvonining gapini oladi. Hech qachon polvonning gapini yerda qoldirmaydi”, degan bitik bitilgan edi.
Jilmaydi: “Eh, domla, domla… Ichingiz to‘la dard ekan-ku!..”
Abdul Nosir tog‘a bilan xayrlashayotib, ko‘ziga qaradi: bu nigohda tushuntirib bo‘lmas ma’no, iltijomi, yo‘q, iltijo ham emas, mung bor edi. Bu nigoh xuddi yorug‘ dunyoga endigina kelib, hali tiriklik nimaligini his qilmasdan bo‘g‘ziga bo‘rining so‘ylog‘i botgan ohu bolasining ko‘zidagi mungga o‘xshardi. Abdul Nosir buni keyinchalik, o‘sha tog‘a haqida dardga to‘la qissasini endigina boshlagan chog‘da Jovli Lapasov qo‘ng‘iroq qilib aytgan shumxabardan so‘ng bildi: bir oylik umri qolgan odamning ko‘zida o‘zi ana shunday ma’no bo‘lar ekan, shekilli…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 8-son