Emin Usmon. Munojot (esse, 1991)

Bismillahir rohmanir rohiym

Har kishiki dardi bo‘lsa, yig‘lasun yor oldida
Mashrab

Havo mavjlarida bir nido yangrar: HAYoT!

Havo bo‘shliqlaridan bir vido kelar: O‘LIM!

«Biz hayot ne’matidan avval o‘lim ne’matini yaratdik», degan hujjatul avval va oxir shuurlarda xuddi jimjit xonadagi soat zangidek aks sado beradi. Dunyoni moddiy borliqdangina iborat deb biluvchi kimsalarning a’zoyi badani muzlab, yuragi uvishadi: o‘lim muqarrar! Inson dunyoga kelib ulgurmasidan, yashab ulgurmasidan, hayot lazzatlariga, umuman o‘zi bilgan va bilmagan, yetgan va yetmagan, his etgan va tuymagan narsalarga to‘yib ulgurmasidan o‘limga mustahiq! Nega?! Nega bu totli hayot, bu shirin huzur-halovatlar, bu sohir dunyo boqiy emas? Nega MUHABBATning taqobili NAFRAT? Nega YaXShILIK bilan YoMONLIK to abad qilich yalang‘ochlab jang qiladi? Nega inson vujudida RAHMON bilan ShAYTON maqom tutmish? Nega qilingan yaxshilikning ajri Allohdan kutiladi-yu, shu yaxshilikdan bahra olgan banda qo‘yniga tosh solib, karam egasining boshini yormoq qasdida yuradi?

Koshki insonning aqli noqisi bu azaliy savollarga javob topa bilsa. Bu chigal jumboqlarning yechimiga inson iqtidori ojiz. Va lekin u tilsimlar kalitini topmoq, sim-simlar qopqasini ochmoq uchun buyurilgan.

Dunyo inson aql-zakovati takomil etmog‘i, ruhi poklanmog‘i, axloqi mukammallashmog‘i uchun atay tilsim qilib yaratilgan. Hayotning imtihonligi ham shunda. Hayotda har neki zavolga mustahiq — ibtidosi bor. Ibtido esa yangi tongdan bir darak, har qandyy tongning huzurbaxsh nasimlari o‘lik tanlarga rohat baxsh etajak.

Uchoqning kungirador oynasidan ko‘m-ko‘k havo bo‘shliqlariga tikilganimcha adoqsiz o‘ylarga g‘arq bo‘laman. Pastda dala o‘rtasidagi xirmonga yoyilgan paxta uyumlaridek pag‘a-pag‘a bulutlar muallaq. Boshim uzra zangori bo‘shliq: tikilgan sari ko‘zlaring tiniqlashib, ich-ichdan huzur tuyasan. Biroq halovating uzoq cho‘zilmay mahv bo‘ladi. Beixtiyor: «Osmon ohlar uradi, uning faryod chekmog‘i joiz, (sababi) osmonning har to‘rt enlik joyida bir farishta Allohga sajda qilib turadi. Xudo haqqi, men bilganlarimdan xabardor bo‘lsanglar, oz kulib, ko‘p yig‘lar edinglar», degan hadisi muborak yodimga tushib, yon-verimga ko‘z tashlayman. Yo‘lovchilarning ko‘pchiligi yumshoq kursiga yastangancha mizg‘iydi, ba’zi birovlar qulog‘iga radio uzatgich (naushnik) tutgancha kuy tinglashadi; bittasi ko‘zlarini yumgancha barmoqlari bilan kursi tutqichini chertib o‘tirishidan maza qilayotgani shundoqqina bilinib turibdi. Osmonning ohlar urayotgani hech kimning xayoliga kelmaydi. Uchoq esa yeru osmon o‘rtasida harakatsiz qotib turgandek guvlaydi, oldinda charaqlab turgan quyosh, bosh uzra yetib bo‘lmas osmon, pastda esa tubsiz bo‘shliq. Bunday holatda insonning tuyg‘ulari dudmal, fikrlari qo‘nimsiz, ruhi parokanda bo‘ladi; na qanotli qushga aylanib o‘zingni ko‘kka otolmaysan, na insonga o‘xshab kindik qoning tomgan zaminga qadam bosolmaysan. Muallaq holatning his-tuyg‘usi ham karaxt, nimtatir… Shu bois bunday holatdagi kimsa ko‘kning har to‘rt enlik joyida bir muakkil Xudoga iltijo qilib turganini, qavat-qavat osmon ohlar urayotganini his etmaydi. Samoning ohlarini eshitmoq uchun hushyor, uyg‘oq bo‘lmoq kerak. Biz esa nafaqat osmonning ohlar urayotganidan, hatto o‘zimiz yashayotgan zaminu zamondan bexabar o‘tyapmiz, bamisoli yumshoq kursiga yaslanib mizg‘iyotgan yo‘lovchilardek qay holat, qay vaziyatdaligimizdan xabarimiz yo‘q. Haq gapni aytmoq hamon dushvor, bordiyu uddalab aytganingda birov uni yo uqadi, yoki yo‘q.

Uchoq hamon osmonu zamin o‘rtasida havo qatlamlarini yorib ilgarilaydi. Kungirador oynadan zangori ko‘kdan bo‘lak hech narsa ko‘rinmaydi. Mana shu ko‘k gumbazining har to‘rt enlik joyida bir muakkil yaratganga sajda qilib turganini o‘ylab yuragim uvishadi. Nurdan yaralgan farishtalar qay gunohlari uchun bunchalar zoru tavallo qilisharkin, degan shakkok bir o‘y tinchlik bermaydi. Biz bandalar har qadamda bir gumrohlik qilib, og‘zimizni so‘zga juftlagan zahoti bir qalbni injitib, odamlarni haq yo‘ldan chalg‘itib, bemalol ayshimizni surib yuribmiz.

Zangori bo‘shliqlar aro o‘ksik ko‘nglimga taskin bergudek hech narsa ko‘rinmaydi, lekin Rasululloh aytganlaridek, har to‘rt enlik joyda bir farishta Allohga sajda qilib turibdi. Men ham o‘shalarning safida bo‘lishni, yaratgandan odamlarning gunohlarini kechirishini, muz qotgan qalblarga mehr-muhabbat ulashishini, hayot yo‘limizni imon-e’tiqod nuri bilan munavvar etishini tilagim keladi. Barcha yaxshiyu yomon uchun duogo‘ylik qilish nasib etsa koshki edi.

* * *

Mani avvora bo‘lgonga firoq o‘ti davo ermish.
Mashrab

Labimdan uchgan so‘zlarim havoda mumdek eriydi.

Olgan nafasim o‘t bo‘lib tomirlarimda jimirlaydi.

Hislarim — ariqda oqayotgan suv, inon-ixtiyori menda emas.

Nigohim hovur ufurib turgan laxcha cho‘g‘ — quyoshdan o‘zga hech narsani ko‘rmaydi.

Shuurim karaxt — bamisoli yeru osmon ulkan tandir, men uning ichida buralib-buralib yonayotgan olov selobiga tushib qolgandekman.

Uchoq Jidda shahriga qo‘nib zinaga oyoq bosganimda yuzimga gup etib tandirning hovuri urilgandek bo‘ldi. Birdan havo yetmay qolgandek entikib ketdim. Uchoqlar qo‘nalg‘asi xuddi kunduzgidek charog‘on, qiz bolaning nozik barmog‘idek beton simyog‘ochlar naq ko‘kka sanchilgudek osmonu falakka bo‘y cho‘zgan, shoda-shoda chiroqlar sarg‘ishga moyil nur sochadi; bamisoli firoq o‘ti… Bu yerda chiroq haddan ziyoda ko‘p, aylanma yo‘llar bo‘ylab saf chekkan simyog‘ochlar, binolar peshtoqidagi yonib-o‘chib turgan nur shodalari lojuvard yog‘du sochadi, xuddi Alouddinning sehrli shamchirog‘i yordamida tilsimlar mamlakatiga borib qolgandek his etadi odam o‘zini.

Bojxona xodimlari hujjatlarimizni haddan tashqari sinchkovlik bilan uzoq tekshirishdi. To Robitai olamin muslimin (Jahon musulmonlar uyushmasi)ning vakili kelmaguncha da’vatnomanglar yo‘q ekan, degan bahona bilan bekorga ushlab turishdi. Nihoyat rasmiyatchilik tugab, yuklarimizni tekshirish boshlandi. Diplomat pasporti bor uch kishining jomadonlari ochilib, narsalar naridan-beri ko‘zdan kechirildi, oddiy fuqarolik pasporti bor ikki kishining narsalariga hatto qarab ham qo‘yishmadi. «Voy, nodonlar-ey, diplomat odamning ham narsasini titadimi hech zamonda? Boshlig‘i yo‘q ekanmi bularning, bir gaplashib qo‘ysak», dedi Shukrullo ranjib. «E, shunga ham xafa bo‘lasizmi, — dedi Odil Yoqub kulib. — Sovet diplomatining chantasida nimalar borligini ko‘rgisi kelib titsa titibdi-da». «Biz gadolarda nimayam bo‘lardi, ikkita ko‘ylak bilan bitta ishton-da, — Shukrullo hamon jahldan tushmagan edi. — Bizning narsalarimizni titdi, lekin manavilarnikiga qarab ham qo‘ymadi-ku» «Jamol, bir inglizchalab yuboring, shu gunohlari uchun atagan narsalari bo‘lsa ochilgan chantalarga solib qo‘yishsin», Odil Yoqubovning kayfiyati chog‘midi yoki charchoqni yozib bizni chalg‘itish uchun shunday qildimi, harqalay kulishib bu gaplarni darrov unutdik.

Rasmiyatchilik tugab tashqariga chiqsak, ikki vatandoshimiz kutib turgan ekan, sayyoralarga o‘tirib, chiroqlarning lojuvard nuriga cho‘mgan aylanma yo‘llar bilan yurib ketdik. Yo‘llar kaftdek tekis, g‘ildiraklar biron narsaga to‘q etib urilmas, o‘ydim-chuqur, pastu baland ko‘chalarda ichak-chavog‘i ag‘darilgudek bo‘lib yurishga o‘rgangan bizdek yo‘lovchilar uchun bu yo‘llarda sayr etish xuddi belanchakda rohatlanishdek gap edi. Shaharga haddan tashqari keng va kunduzgidek charog‘on yo‘ldan kirib borilar ekan. Ko‘chalarda shapaloq bargli lo‘z bilan xurmo daraxtlari ko‘zga tashlanadi. Zamonaviy uslubda qurilgan oynavand imoratlarning biri ikkinchisiga o‘xshamas, yer tanqisligidanmi yoki boshqa biron sababdanmi, ishqilib, ko‘kka bo‘y cho‘zgan ko‘p qavatli binolar deyarli bir-biriga taqab, zich qilib qurilgan. Jiddada ikki-uch qavatli imoratlar kam, borlari ham muhtasham binolar panasida qolib ketgan. Qatnovni osonlashtirish uchun beton ustunlarga qo‘ndirilgan osma ko‘priklar, sayyora (mashina)lar qiynalmay bemalol yuradigan aylanma yo‘llar serob. Vaqt yarim kechadan oshgan bo‘lishiga qaramay, qatnov ko‘p, do‘konlar ochiq, odamlar o‘z tirikchiligi bilan mashg‘ul. Nazarimda, boshdan-oyoq oynadan qurilgan ko‘p qavatli mehmonxona oldiga kelib to‘xtashimiz bilan eshik ochilib, ikki xizmatchi chiqib keldi-da, yuklarimizni ichkariga kiritib qo‘yishdi. «Men alohida xonada yotaman. Yonimda birov xurrak otsa, hatto u yonboshidan bu yonboshiga ag‘darilsa ham uxlayolmayman», dedi Shukrullo hujjatlar rasmiylashtirilayotganda. Bizni kutib olgan vatandoshlarimizdan biri mehmonxona xizmatchisi bilan gaplashgach, buning iloji yo‘qligini, joylar bir hafta ilgari olib qo‘yilganini, mehmonxonada faqat shu bugun yotishimizni, ertaga azonlab Makkaga jo‘nab ketishimizni aytib uzrxonlik qildi.

Mehmonxona saronjom-sarishta, o‘rin-ko‘rpalar yotishga iymanadigan darajada ohorli, uy ichi salqin, ikki qavat sarg‘imtir pardalardan yorug‘ tushmas, halovatni buzadigan tiq etgan sas eshitilmas edi. O‘ringa kirdim-u, lekin uxlolmadim: ota-bobolarim orzu qila-qila yetolmagan, har bir musulmoni komilning eng muqaddas orzusiga aylangan Allohning ulug‘ ibodatgohi Makkai mukarrama ostonasiga yetib keldim. Bu oliy saodat biz qalam ahlining piri murshidi hazrat Navoiydek ulug‘ zoti muborakka ham nasib etmagan. Biz har jihatdan noqis va gumroh bandalar shunday tabarruk zaminga qadam bosishga, Makka tuprog‘ini tavof aylab, Ka’bani ziyorat qilishga, uning  ostonasida: «Kuyub ishqing bilan o‘lmak bu oshiqqa ravo ermish», deya Xudoga izhori dil etishga haqqimiz bormi? Umuman bu tabarruk diyorga kelayotgan har bir inson o‘zini chinakam imon-e’tiqodli, Allohning buyruqlarini, Rasulullohning sunnatlarini bekamu ko‘st ado etgan pokdomon odam hisoblay oladimi? Yoinki Makkaga poklanish uchun, ruhan tozarib, onadan qayta tug‘ilgandek bo‘lib ketish uchun, bu ilohiy dargohda qalbiga singgan imon nurini, insoniylik taftini odamlarga ulashish uchun keladilarmi? Umuman inson ruhan va jisman poklanmog‘i uchun albatta Makkaga kelishi, Ka’bani ziyorat etishi, Arofat vodiysiga borib Allohga zoru tavallo qilishi, Muzdalifada yarim tungacha namoz o‘qib, Minoda musofir bo‘lib turishi shartmi? Yaratganning hukmini muhokama qilish mumkin emas albatta, lekin inson farz amallarini qayerda, qay tarz bajo keltirishining, bilgan va o‘rgangan ilmlarini birovlarga qanday o‘rgatishining, kanday usul va vositalar orqali odamlarga yaxshilik qilishining Alloh uchun mutlaqo ahamiyati yo‘q-ku. Ka’ba ziyorati, Mino va Arofat vodiysidagi ibodatlar qalban va jisman pokiza insonlarning yana bir bahya yuksalishi, parvardigorning husnu tavajjuhiga yanada yaqinlashib, uning rahmatiga ko‘proq muvaffaq bo‘lishidir. Mana shunday ulug‘ martabani ko‘zlab hayotini ma’rifatga, yaxshilikka, hurriyatga fido etgan odamlar jisman Makkai mukarramaga yetolmasalar-da, ruhan ertayu kech Ka’baning eshigiga bosh urib, yaratgandan mag‘firat so‘rash bilan mashg‘uldirlar. Yusuf Xos Hojibni, hazrat Navoiyni, «Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq na kerak? Ibrohimdan qolgan ul eski do‘konni na qilay?» deya haqning ishqidan o‘zga narsani tan olmagan jahongashta Mashrabni haj ibodatiga bormaganlari uchun aybsita olamizmi? Shoh Mashrab Allohning ishqisiz hamda vahdat mayidan totmay Makkaga bormoq na kerak, deb turganda biz o‘zimizni musulmoni komil hisoblay olamizmi? Ilgarilari Makka safari g‘oyat mashaqqatli bo‘lgan, biz esa tariqcha zahmat chekmay, yonimizdan bir tayin sarflamay Jidda shahriga yetib keldik, bu yog‘i yuz chaqirim. Makkaga kelish shunchalar oson ekan-ku, nega sho‘ro hukumati sun’iy to‘siqlar o‘ylab topib, ishni shunchalar murakkablashtirib yuborgan. Axir o‘zini musulmon hisoblagan har bir kimsa xoh umra, xoh haj bo‘lsin, istagan paytda Ka’bani ziyorat qilib, ruhan poklanib ketsa, nimasi yomon? Ayni vaqtda yurt ko‘radi, odam taniydi, yarim-yalang‘och yashayotgan bola-chaqasiga tuzukroq kiyim-kechak, anvoyi yeyimlik-ichimliklar olib boradi, kindik qoni to‘kilgan vatanidan ayro tushib yashayotgan vatandoshlarimiz bilan muloqotda bo‘ladi, yurtga ularning ehtirosli salomlarini, yurak qo‘ri bilan bitilgan sog‘inch to‘la maktublarini eltadi, odamlarni g‘oyibona uchrashtiradi, Arabistondagi ilmu urfon, fan-texnika yangiliklarini bizga yetkazadi, insoniy qadr-qimmat haqidagi ibratli voqealarni so‘zlab berishadi va bizning dunyodan butunlay uzilgan odamlarimizda hayrat va havas uyg‘otishadi-ku. Bu narsani olqishlash o‘rniga bizda odamlarni chetga chiqarmaslikning yangidan-yangi usullarini o‘ylab topishmoqda; ilgari (o‘ttiz besh so‘m turadigan xorijiy pasport ming so‘m bo‘lganini aytib o‘tirmayman) xorijga boruvchilarning hujjatlarini ichki ishlar bo‘limi, tashqi ishlar vazirligi, davlat xavfsizlik qo‘mitasi tekshirgani yetmagandek, endi bu ish bilan prezident mahkamasi ham shug‘ullana boshladi. Oqibatda xorijdan da’vatnoma olgan ziyolilarning o‘ndan biriga ham ruxsat tegmayapti. Bu nima, o‘z odamlariga ishonmaslikmi yoki dunyo ko‘rib ziyolilarning ko‘zi ochilib qolishidan qo‘rqishmi?! Axir dunyodan uzilgan kimsa nodon va gumroh bo‘lishi, undan na jamiyatga, na o‘ziga naf tegmasligi muqarrar-ku.

Bir tutam tun zavol topib, tong otdi. Yuvinib-taranib, nonushta tayyorligini ko‘rayotganimizda kechagi vatandoshlarimiz Ahmadali Turkistoniy bilan Abdullajon Andijoniy kirib kelishdi. Abdullajon Andijoniy har birimizga bittadan ehrom (ikkita katta sochiq) bilan shippak ola kelibdi. Aslida biz uchoqda niyat qilib ehrom bog‘lashimiz kerak edi. «Ulamolardan so‘rab ko‘ramiz, agar lozim bo‘lsa, miqodga borib, umra niyati bilan yo‘lga tushamiz», dedi Abdullajon Andijoniy va ehromni qanday bog‘lash kerakligini tushuntirdi. (Miqod — umra va haj niyatida Makkaga kirish uchun niyat qilib ehrom bog‘lanadigan joy.) Biz ehrom bog‘lab, umra ibodatini ado etish uchun niyat qilib ikki rakaat namoz o‘qidik. Miqodga borishning hojati yo‘q, sizlar umraning shartlaridan bexabar bo‘lganingiz uchun istisnosi bor, deyishdi. Istiqbolimizga chiqqanlarning orasida Mo‘minjon Turkistoniy degan g‘oyat madaniyatli, sharq adabiyotining usta bilimdoni bor ekan.

— Menga nimalar olib keldingiz? Adabiyot gazetasi yoki «Sharq yulduzi» bordir? — bolalarcha bir shoshqaloqlik va umidvorlik bilan so‘radi u.

— Bor. «Sharq yulduzi» bilan «Yoshlik»ning bu yilgi besh sonini olib kelganman. Faqat bu narsalarni Rahmatulloh Turkistoniy so‘raganlar. Va’daga binoan topshiray, siz u kishidan olib o‘qirsiz.

Mo‘minjon akaning peshonasi tirishdi, ko‘zoynagini olib menga g‘alati qarash qildi.

— Rahmatulloh bilimdon odam, lekin u kishining haddan tashqari ishi ko‘p, kitob, jurnal o‘qib o‘tirishga vaqti yo‘q. Mayli, va’da qilgan bo‘lsangiz o‘z qo‘liga bering. Men albatta u kishidan olib o‘qiyman, — Mo‘minjon aka birdan oldinga engashib past ovozda so‘radi. — Yoshlardan kimlar bor? Chinakam iste’dodlar chiqyaptimi? Dunyoga ko‘z-ko‘z qilsak arziydigan shoir, yozuvchilarimiz bormi?

— Bor, juda ko‘p iste’dodli yoshlar yetishib chiqyapti. Bultur o‘nga yaqin shoir va yozuvchining kitobini Urumchiga olib bordim. Hammasining asarlari uyg‘ur tilida bosilyapti. Arabistonda sizdek odam borligini bilganimda albatta bir quchoq kitob ola kelardim.

— Yurtidan olisda yashagan odam o‘z xalqining yutug‘ini ko‘rsa, ko‘ksi tog‘dek ko‘tariladi. Men Erkin Vohidning g‘azallarini yod bilaman, Muhammad Solihning nomini ko‘p eshitdim-u, lekin haligacha bironta she’rini o‘qimadim. Shular qatori kimlar bor?

— Juda ko‘p ular. Birining nomini aytsam, ikkinchisining ko‘ngliga keladi.

— Unday bo‘lsa, o‘sha shoir, yozuvchilarning kitoblariga qarzsiz. Musulmonchilikda qarzdorlik mas’uliyatini bilasiz-a?

U kishining gapini tasdiqlab bosh irg‘adim. Islom tarixidan ma’lumki, Rasulullohning huzurlariga bir odam kelib narsa so‘ragan. «Hozir qo‘limda hech vaqo yo‘q, — deganlar sarvari olam nadomat chekib. — Lekin men sendan qarzdorman, qo‘limga biron narsa tushishi bilan qarzimni uzaman».

— Siz bilan yana ko‘p ko‘rishamiz-u, shunday bo‘lsa-da, bir gapni tayinlab qo‘ymoqchiman, — dedi Mo‘minjon aka yoshiga nomunosib ehtiros, jo‘shqinlik bilan. — Yurtdagi qalamkashlarimizga aytib qo‘ying, Navoiyni ko‘p o‘qishsin. Navoiyni o‘qimay qo‘yganinglar sababli tilni buzyapsizlar, o‘zinglarcha hech qanday ma’no anglatmaydigan so‘zlar yasayapsizlar.

— Yo‘g‘-e…

— Yo‘q emas, xo‘p deyavering, — Mo‘minjon aka ko‘rsatgich barmog‘i bilan havoni cho‘rt kesdi. — Tilimizda marham degan so‘z bor, bilar-bilmas o‘zinglarcha uni malhamga aylantirib oldinglar.

— Dori ma’nosida malhamni aytyapsizmi?

— Xuddi shuni! — Mo‘minjon aka ko‘rsatgich barmog‘ini bo‘shliqqa nuqidi.— Mana, Navoiydan bexabarligingizni o‘zingiz isbotlab turibsiz.

Ayon aylasun reshi dardu g‘amin,
Yoqay dod bermak bilan marhamin, —

deydi Navoiy. Sizlar nuqul malham deb yozasizlar. Tilimizni buzib xudoning oldida gunohkor bo‘lishdan qo‘rqmaysizlarmi?

— Bitta so‘zga shuncha vahimami? — deya gapni hazilga burmoqchi bo‘ldim. Biroq mening maynavozchilik qilishimdan Mo‘minjon aka battar bo‘g‘ildi.

— Bitta so‘zmi? Bittagina so‘z bo‘lsa koshki edi! Tavba?!.. Bitta so‘z emish-a! — Mo‘minjon aka xuddi men bilan yoqalashadigan vajohatda ko‘zlari chaqchayib, yuzi bo‘rtib, qizarib ketdi. — Bittagina so‘z bo‘lsa koshki edi, tilimizning yarmini o‘rischalashtirib rasvo qildinglar-ku. Tushlik ovqat yoki g‘izo demaysizlar, osongina obed, sizlar uchun yakshanba yo‘q, otdix bor. Navoiy suyub qo‘llagan marg‘ub degan so‘zni maqbulga aylantirib yubordinglar.

Yordin kelmish menga bir turfa maktub, ey ko‘ngil —
Ki, erur har satri bol, lafzi marg‘ub, ey ko‘ngil.

Marg‘ul degan chiroyli so‘zni umuman ishlatmay qo‘ydinglar. Uyg‘urlar faqat kuyga nisbat berib qo‘llashadi. Qarang, Navoiy qanday chiroyli lutf qiladi:

Ul oqshomkim, yuziga lu’bati chin
Eshib marg‘ula yoydi zulfi mushkin.

Go‘zalmi? G‘oyat go‘zal! Siz qalamkashlarning Navoiyni o‘qimay qo‘yganingiz kasriga xalq kofir bilan kofur so‘zining farqiga bormaydigan bo‘lib qolgan. Kofur haddan tashqari oq, xushbo‘y narsaligini siz ham bilmaysiz. To‘g‘rimi? Agar o‘rischilab kamfora desam darrov tushunasiz. Navoiyda bodai kofurgun, ya’ni oq rangli may degan ibora bor. Sizlar bavosil deb ishlatadigan so‘z aslida bavosir. O‘zimizcha burut degan so‘z turganda forsiycha mo‘yilabni, yog‘liq o‘rniga forsiycha ro‘mol (ro‘yi mol)ni ishlatasizlar. Qo‘lyog‘liq desa hech kim tushunmaydi, dastro‘mol hammaga tushunarli. Bunaqa misolni istagancha keltirish mumkin. Siz tag‘in bittagina so‘z deysiz. Ana endi o‘zingiz insofan o‘ylab ko‘ring, bittagina so‘z ekanmi?

Olis Arabistonda tilimizning bunchalik jonkuyari bordir deb sira o‘ylamagan edim. Musofirchilikda yurib adabiyotimizni sinchkovlik bilan kuzatayotgan ma’rifatli odamlarimiz borligidan terimga sig‘may quvondim. Ayni vaqtda o‘tmish adabiyotimizni chindan ham yaxshi bilmasligimdan xijolat chekdim. Oradan bir necha soat o‘tgach, bu xijolatimga vujudimni zir qaqshatadigan o‘kinch ham qo‘shilishini hali bilmasdim. Inson hamisha taqdirning qanday o‘yinlari borligidan bexabar o‘zicha rejalar tuzib yashayveradi, peshonasi devorga taq etib urilganda nadomatlar chekadi-yu, befoyda.

Makka safarimiz bir necha soatga kechiktirilganini, hozir Jiddada yashovchi yaqindagina dam olishga (pensiyaga) chiqqan sobiq vazir mehmonga taklif qilganini aytishdi. Mezbon Arabistonda katta obro‘-e’tiborga molik ulamoi kiromlardan biri bo‘lib, bizning qalamkashligimizni eshitgach, dasturxon ustida suhbatlashmoqchi, yurtimizning ahvoli, bizdagi ilm-ma’rifat taraqqiyoti haqida ma’lumotlar olmoqchi bo‘libdi. Jiddaning sokin ko‘chalaridan biridagi bir qavatli oppoq binoning temir panjarali darvozasidan kirib borganimizda o‘rta bo‘yli, soch-soqolining qorasi qolmagan, istarasi issiq mezbon quchoq ochib kutib oldi, xuddi eski qadrdonlardek kiftlarimizni silab, yuzini yuzimizga bosgancha: «Ahlan va sahlan» deb ko‘rishdi, so‘ng xuddi podsholarning taxtini eslatuvchi oromkursilar qo‘yilgan mehmonxonaga boshlab kirdi. Mehmonxonada yigirma chog‘li odam bor ekan, hammalari bizni qarshilab oyoqqa qalqdi, til bilmaganimiz uchun gap-so‘zsiz ko‘rishdik. Xona to‘ridagi oromkurgilarga cho‘kdigu xuddi tildan qolgan soqovlardek nima deyishimizni, nima qilishimizni bilmay noqulay bir ahvolda o‘tiraverdik. Mezbonlar esa bir-birlari bilan arab, ingliz, hatto urdu tillarida erkin suhbatlashishar, biz — «dunyoning eng hur va eng gullab-yashnagan mamlakatidan kelgan baxtiyor» odamlar o‘ris tilini xalqaro muomala tili degan kommunistik targ‘ibotga ishonib yanglishganimizdan afsuslanib o‘tirardik. Albatta, ingliz tilidan yaxshigina xabardor Jamol Kamol bundan mustasno edi. U darrov mezbonlardan biri bilan suhbatga kirishib ketdi.

Birozdan keyin qo‘shni xonaga taklif etildik. Xona o‘rtasiga anvoyi mevalar, xushta’m sharbatlar, og‘izda erib ketadigan shirinliklar bilan yasatilgan uzun stol qo‘yilgan, to‘rda esa yoqimli isi ishtahani qitiqlovchi o‘nlarcha g‘izo bizga muntazir edi. Bu yerning taomilida har bir kishi o‘zi borib istagan ovqatidan taxsimchaga solib kelar, xohlagan mevasidan yer, ko‘ngli tortgan sharbatidan ichar ekan. Bunday rusumga odatlanmaganim uchun qisinib-qimtinib undan-bundan totingan bo‘ldimu qo‘limni artdim. To‘g‘risi, kumush qoshiqlarni, billur idishlarni, tilla halli finjonlarni ishlatishga uncha qovusholmadim. Bu yerda oling, oling degan takalluf, mana buning ta’mini totib ko‘ring, degan iltifot bo‘lmas, mehmonni xush ko‘rdik, ikki qo‘lini bo‘sh qo‘ydik, degan taomilga qattiq amal qilinar ekan.

Yonimdagi bo‘sh joyga past bo‘yli, cho‘qqi soqolli, harakatlari chaqqon odam kelib o‘tirdi. Xizmatchilarga topshiriq berib yurgan mezbon u kishiga uzoqdan lutf qildi: «Marhabo, ustoz Rahmatulloh, marhabo!» Men ko‘pdan beri xat yozishib yurgan g‘oyibona tanishim, Robitai olamin musliminning mas’ul xodimi Rahmatulloh Turkistoniy shu kishi ekanini anglab, o‘zimni tanitdim. U kishi: «Xush kelibsiz», dedi-yu, indamay ovqatini yeyaverdi. Ochig‘i, Rahmatulloh Turkistoniy uchrashuvimizdan terisiga sig‘may quvonadi, xuddi eski qadrdonlardek darrov opoq-chapoq bo‘lib ketamiz, deb o‘ylaganim uchun bunday muomaladan esankirab qoldim. Qo‘limni artib, yemakxonadan chiqdim. Joyimga kelib o‘tirishim bilan billur finjonda xushta’m choy keltirishdi, ammo Shiri Lankaning xushbo‘y choyini ichgim kelmadi. Birdan kayfiyatim buzilib, yuragim g‘ashlandi. Til bilmaganim yetmagandek qora tortib kelgan odamimning muomalasi bunday bo‘lsa, juda ham yetimsirab qolar ekanman-da, degan o‘y miyamni chuqilab o‘tdi. Yo‘lga chiqishdan oldin hamrohlarimdan biri: «Biz-ku bultur Turkiyaga borganda gaplashib, ishni pishirib kelgan edik, sizni Makkaga kim chaqirtirishi mumkin?» deb so‘raganda: «Xudo! Mening yaratgan egamdan boshqa ishonganim ham, suyanchig‘im ham yo‘q», degan edim. O‘shanda katta ketvorganim uchun endi afsuslana boshladim. Aslida-ku, gapim to‘g‘ri, lekin hozir dunyoning ishlari Allohga quruq tavakkul qilishdan ko‘ra tanish-bilishga, murosai madoraga qurilgan. Bunday sharoitda mening gapim bolalarcha soddalikdan bo‘lak narsa emas.

Ziyofatdan keyin Makkai mukarramaga ravona bo‘ldik. Oynadek tekis yo‘lda o‘n kishilik sayyora uchib ketayotganga o‘xshaydi. Yo‘lning ikki chetida xuddi qo‘lda yasab qo‘yilgandek yaydoq tog‘lar, osmondan uchib tushgan samoviy jismlarni eslatuvchi xarsanglar ko‘zlarga tashlanadi, tog‘larning toshi ham, xarsanglar ham oftob tig‘ida kuyib, o‘rtanib ketgandek qop-qora. To ufqqacha tutashib ketgan sahroning qumi ham sarg‘ish emas, qoraga moyil, to‘q jigarrang, tuproq ham na sag‘iz, na bo‘z — qoramtir. Parvardigori olam bu qaqroq zaminga o‘z payg‘ambarlarini yo‘llab, kunning tig‘ida kuydirib, qaqroq dashtda, tog‘larda urintirib chinakam sinovdan o‘tkazgani bejiz emas shekilli. Odamlarga yo‘lboshchi bo‘ladigan zoti muboraklarning o‘zlari avvalo mana shu qiyinchiliklarga bardosh bermog‘i lozim edi. Ularning hammasi Allohning imtihonidan o‘tdilar. Ulardan insoniyatga to‘g‘ri yo‘l, yaxshi ibrat, bitmas-tuganmas hikmatlar meros qoldi. Muhammad alayhissalomning adashib-uloqqan odamlarga Xudoning o‘gitlarini yetkazaman deb chekkan zahmatlari adosiz. Bu qoraygan toshlar menga Rasulullohning hasratlari bo‘lib tuyuladi, shamolda to‘zg‘ib yurgan qumlar sarvari olamning tizginsiz o‘ylari, siz bilan bizning, butun insoniyatning istiqbolini o‘ylab chekkan iztiroblari… Biz u zoti muborakning mana shu sarosar o‘ylari quyunidan o‘tib Makkai mukarramaga shoshamiz. Bu zaminda Rasulullohning izlari bor, har qadamda u kishining taftini his etish mumkin.

Sayyora Makkaga yaqinlashgan sari meni bir o‘y iskanjaga ola boshladi: bu ulug‘ ibodatgohga, muttaqiy zotlar ruhan poklanadigan maskanga kirishga haqqim bormikan? Bir paytlari odamlar tuyalar karvoni bilan jazirama issiqda simobdek erib, ochlikdan sillasi qurib, tashnalikdan adoyi tamom bo‘lib, ming xil zahmatu kulfat chekib kelishgan bu yerlarga. Umrida bir marta haj qilish uchun umr bo‘yi yemay-ichmay yiqqan boyligini sarflashgan. Men yo‘l azobini tortmay, yonimdan bir tiyin sarflamay Robitaning taklifi bilan xuddi yangi fath etilgan shaharga kirgan g‘olib askardek bemalol kelyapman. Mening umra niyatida, imkoni bo‘lsa hajga qolib qiladigan ibodatlarim qabul bo‘larmikin? Umuman, Makkadek muqaddas shaharga kirish mendek gunohkor, omi bandaga ravomikin? Allohning farz namozini o‘qishu ro‘zasini tutishdan boshqa amallardan ojizman: birovga yolchitib yaxshilik qilganimni eslolmayman, boshiga musibat tushgan yaqinimning kuniga yaramaganman, na o‘z hisobimdan ariq qazib, bo‘z ochgan, na ko‘prik solib odamlarning mushkulini oson qilgan, na ilm o‘rgatib biron omi odamning dilini munavvar etmagan bo‘lsam. Salkam ellik yillik umrimda senga falon yaxshilikni qilganman, falon paytda qarz berganman, yoki unday kitobni o‘qiganman, buncha bilimim bor, senga ham ancha-muncha narsalarni o‘rgatganman, deya minnat qilgan zotlarni, men o‘z sohamda falon yangiliklarni yaratganman, degan takabbur kimsalarni ko‘p ko‘rdim. Afsuski, men harchand istasam-da, takabburlik qilishga arzigulik shonu shavkatim yo‘q: na adabiyotda qadrim, na hayotda o‘rnim bor. Shayx Bahoviddin Naqshbandiy ta’biri bilan aytganda, birovlarga sadoqat bilan xizmat qiluvchi itning oyoq izi bo‘lishni o‘ziga shior etgan mendek bir haqiru faqirga shunday ulug‘ tuproqni ko‘zga to‘tiyo etmoqlik ravomikin?

Posbonlar turgan yerga yaqinlashib qolganimizda arab va ingliz tillarida «Makkaga nomusulmonlar va g‘ayridinlar kiritilmaydi», degan ulkan lavhaga ko‘zim tushdiyu yuragim shuv etib ketdi. «Ey parvardigor, sharmanda qilma!» deya xayolan Haqqa yolbordim. Hujjatlarimiz bilan tanishayotgan soqchi: «Sovetdanmi?» deb so‘radi. «Ha, Sovetdan. G‘arbiy turkistonlik mehmonlar», deya javob berdi Rahmatulloh Turkistoniy. Soqchi oynadan mo‘ralarkan: «Buxoriylar ekan-da», dedi kulimsirab. «Ha, buxoriylar, turkistonliklar», deya izoh berdi yo‘lboshlovchimiz.

Xuddi ninaning uchida o‘tirgandek jonsaraklik bilan kutgan tekshiruvdan hafsalam pir bo‘ldi. Musulmonlar sajdagohiga odamlar bor-yo‘g‘i bir parcha qog‘ozga qarab kiritilar ekan. Men esam Toshkentdan yo‘lga chiqqanimdan buyon Makkaning ostonasiga yetganimda bu yoqqa kirishga munosib emassan, deb qaytarib yuborishsa holim nima kechadi, deya ich-etimni yeb kelayotgan edim. Xavotirim behuda bo‘lib chiqdi. Mening dilimda nimalar borligi, e’tiqodim nechog‘li mustahkamligi, ibodat qilish-qilmasligim hech kimni qiziqtirmas, bor-yo‘g‘i hujjatdagi ism-sharifim musulmonchaga o‘xshasa bas ekan. O‘qlog‘idek harflar bilan yozilgan tahdidli e’lon, shunchaki rasmiyat uchun amalga oshiriladigan bu tekshir-tekshirlar menga xo‘jako‘rsin uchun qilinadigan behuda hatti-harakat bo‘lib tuyuldi. Aslida bu sarhadda odamlarning chin musulmon yoki qalbini shaytonga topshirganini, imon keltirish, Allohga hamdu sano, rasulullohga durud aytishni bilish-bilmasligini, farz, vojib, sunnat amallari nimalardan iboratligi so‘ralishi kerak emasmi? Sayyora o‘rnidan jildi. Xayolimda bir-biridan zid savollar g‘ujg‘on o‘ynasa-da, tilimda Rasulullohdan meros qolgan duoni asta shivirlay boshladim: — Labbaykallohumma labbayk, la sharika laka labbayk, innalhamda vanne’mata laka val mulk, la sharika lak» (Ey Alloh, men sening itoatingdaman, sening itoatingdaman, sening sheriging yo‘q, sening itoatingdaman. Barcha hamdu sano, jam’i mavjudotlarni boshqarish va ne’mat (berish) senga xos. Sening sheriging yo‘q). Aslida hojilar yoki umra qiluvchilar bu duoni baland ovozda o‘qishlari kerak, biron biz Makkaga umra niyati bilan kelayotgan odam uni ovoz chiqarib o‘qish kerakmi, yo‘qmi, bilmaganimiz uchun o‘zimcha takrorlayverdim. Duoni har safar o‘qiganimda negadir ich-ichimdan xo‘rsiniq otilib chiqar va beixtiyor ko‘zlarimga yosh quyular, nazarimda Makkaga kirgan zahotim kutilmagan mo‘jiza yuz beradigandek, favqulodda bu hodisa fikrlarimni, dunyo va oxirat haqidagi o‘ylarimni, alloaqibat hayotimni ostin-ustin qilib yuboradigandek tuyular, men uchun sim-simdan ham tilsim bu diyordan butunlay boshqa odamga aylanib qaytadiganga o‘xshardim.

Labbaykallohumma labbayk!.. Oftob tig‘ida chaqnab yotgan qop-qora xarsanglar Allohning mo‘jizalarini ko‘rib hushi uchgan dunyoning hayratlari! Hayrat — vaqtning ma’lum soniyada harakatdan to‘xtagan hissiyot. Agar tuzukroq e’tibor berilsa, inson qalbida toshga aylangan tuyg‘ular uyumi qalashib yotibdi. Biroq biz shunday tezob va asabiy jamiyatda yashaymizki, o‘zligimiz haqida o‘ylab ko‘rishga, botiniy olamga ko‘z qirini tashlashga imkonimiz yo‘q.

La sharika laka labbayk!.. Ilgari Makkaning hurmati uchun odamlar Miqoddan ya’ni ehrom bog‘lash chegarasi qilib belgilangan manzildan poyu piyoda kelishgan ekan. Ota-bobolarimiz shunday hikoya qilishgan. Biz esa sovutgich muzdek havo ufurib turgan yapon sayyorasida bemalol dunyoviy gaplarni gaplashib ketyapmiz: Makka qachon qurilgan, aholisining soni qancha, qanday zavod, fabrikalar bor, nimalar ishlab chiqariladi, odamlarning turmush saviyasi… Go‘yo bu yerga Alloh taolo bilan yuzma-yuz kelib unga izhori dil qilish uchun emas, bu olamning bitmagan ishlarini bitirib, ko‘nglimiz tusagan tartib-qoidalarni o‘rnatib ketadiganga o‘xshaymiz. Dunyo bizning izmimizda emasligi, aksincha biz bu olamning ko‘zga ko‘rinmas ushoq bir zarrasi ekanimiz va shu holda inon-ixtiyorimiz yaratganning qo‘lida ekanini xayolimizga keltirmay Arabistonning aholisi nimalar ishlab chiqarishi, qanday tirikchilik kechirishining tashvishini qilamiz. Bandam deb yaratgan parvardigor hayot kechirishi uchun ularga ham biror mashg‘ulot topib bergandir. Biz qay yo‘sin gunohlarimizni yuvish, Allohning mag‘firatiga erishish uchun qanday ibodatlar qilish g‘amini yeyishimiz kerak emasmi? Axir Makkaga kelish bizlarga qayta nasib etadimi, yo‘qmi, Xudo biladi. Bu muqaddas maskanning hurmatini bajo keltirib poyu piyoda yo‘l bosish, umrimizda bir marta nasib etgan umra qilish imkonining nechog‘li ulug‘ saodat ekanini xayolimizga keltirmay birimiz olib, birimiz qo‘yib gap beramiz: «O‘zbekistonda, umuman Sovet Ittifoqida yozuvchilarning qadr-qimmati juda baland, hamma ijtimoiy masalalarni qalamkashlar ko‘tarib umumxalq muhokamasiga tashlaydi, hukumat jamoatchilikning fikriga binoan talay-talay qarorlarni o‘zgartiryapti, paxtachilikda zaharli dorilarni ishlatmaslikni ham biz qalamkashlar ko‘tarib chiqdik, Orol dengizini qutqarish masalasini ham birinchi bo‘lib biz aytdik, bolalar o‘limi jihatidan dunyoda birinchi o‘rindaligimizni ham biz fosh etdik, biz yozuvchilar xalqning dardini aytadigan chinakam jasur kishilarga aylanganmiz, biz unday… biz bunday…

To‘g‘ri, hozir jamiyatdagi vijdoni po‘panak bosib ulgurmagan kuchlardan biri qalam ahli. Biroq, kuyunchak odamlarning fikri bilan mutlaqo hisoblashmaydigan jamiyatning ishlariga aralashuvimiz nimani o‘zgartirdi? Biz dod solaverganimizdan keyin paxtachilikda bitta zaharli dori o‘rniga boshqasini qo‘llay boshlashdi. Sabzavotga umuman mineral o‘g‘it solinmasin, degan farmoyish berildi, nadomatlar bo‘lsinki, dehqonlar har xil yo‘llar bilan o‘g‘irlab-to‘g‘irlab mineral o‘g‘it topishyapti. Agar bunday o‘g‘it solinmasa, hosil bitmaydi, yer bangi bo‘lib qolgan, hosil bitmasa, davlat belgilab qo‘ygan topshiriq bajarilmaydi, ko‘rsatmadagi hosilni topshirmasa jamoa xo‘jaligidan qarzga botib, bola-chaqasi kesak g‘ajiydi.

Qalam ahli ko‘ksini chok etib dunyoga jar solayotganidan buyon necha yil o‘tdi, lekin haligacha Orol dengiziga bir tomchi suv tomgani yo‘q. Qoraqalpog‘iston aholisi hali ham toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan emas. Odamlarning ruhi tushkun, ertangi kuniga ishonch yo‘q, hamma xuddi uchinchi jahon urushini kutayotgandek tahlikada yashaydi. Shoh Mashrab aytmoqchi:

Dili tig‘i sitamdin pora bo‘lgan xalqni ko‘rdum,
Tani dardu alamdin yora bo‘lgan xalqni ko‘rdum.
Ko‘zi vaqti sahar sayyora bo‘lgan xalqni kurdum,
Muhabbat dashtida ovora bo‘lgan xalqni ko‘rdum
Junun tug‘yon etibdur har birisi bexabar tanho.

Bunday vaziyatda biz o‘z nufuzimizning yuksakligi haqida lof urgandan ko‘ra, Alloh taologa astoydil sig‘inib xalqimizga ro‘shnolik tilash haqida o‘ylamog‘imiz lozim emasmi? «Innal hamda vanne’mata val mulk»ni bir lahza ham tilimizdan qo‘ymay mulk egasining o‘zidan el-yurtimizga ne’matlar ato etishini so‘ramog‘imiz kerak. Zero, bu yerga kelishdan maqsadimiz ham shu-ku, axir. Bizlar: «Bihisht ichra qadam qo‘ymam, yo‘q ersa va’dai vasling, Ki sensiz menga bu jannat misoli nori so‘zondur», deya oladigan devonai Mashrab emasmiz. Xuddi lang‘illagan tandirdek jizg‘anagi chiqqan cho‘lu biyobonda sochilgan qumlar: «Ki sensiz naylayin ushbu jahonni», deya dunyoning «Ketiga bir shattalab o‘tgan» haqgo‘y shoirning tutqich bermas xayollariga o‘xshab tuyuladi. Bizning fikri-yodimiz esa dunyoviy maishat, kundalik tashvishlar bilan band.

To Makkaga yetguncha bir tup tikkaygan daraxt uchramadi. Ufqqa tutashib ketgan hududsiz sahro, har joy, har joyda shakli buzuq ulkan mahluqlarni eslatuvchi qoyalar, yaydoq tog‘lar uchraydi. Tepadan quyosh olov purkaydi, qizib ketgan havo hozir lov etib alanga olib ketadigandek tuyuladi, yer issiqqa chidolmay hansirab nafas olayotgandek bo‘ladi, na yo‘l chetlarida cho‘nqaygan yumronqoziq, na pastlab yo‘lni kesib o‘tishga ulgurolmay sayyora oynasiga tarsillab uriladigan chumchuqlar ko‘zga tashlanadi. Biz tomonlardagidek qip-qizil gullagan yulg‘un chakalakzorlari, quyuq butazorga aylangan saksovullar ko‘zga chalinmaydi. Onda-sonda och yashil tusli sahro giyohlari, yantoqlar, xuddi tog‘u toshlarga mos qoramtir tusli ilang-bilang buralib o‘sgan butalar uchrashini hisobga olmaganda odamning nigohi quvongudek biron bir ko‘m-ko‘k rang yo‘q. Ajabki, parvardigori olam eng go‘zal, eng xushmanzara maskan — jannatul mavodan quvilgan Odam Ato bilan Momo Havoni olgan nafasi olov bo‘lib a’zoyi badanni kuydiradigan, yursa bilqillagan tuproq emas, chaqir toshlar tovonlarini tiladigan, suvsizlikdan tuzukroq dov-daraxt ko‘karmaydigan joyga tushirgan. Bu dunyoning imtihonligi ana o‘shandan — birinchi Odam hayotning shafqatsiz sinovlariga duch kelishidan boshlangan ekan. Shundan buyon imtihonu sinov davom etadi, shundan buyon Odam bolasi Yer yuzidagi birinchi ibodatgoh — Odam Ato barpo etgan, Nuh to‘fonida yemirilib, Ibrohim xalilulloh bilan o‘g‘illari Ismoil alayhissalom tiklagan, Muhammad alayhissalom qayta qurgan Ka’baga intiladi. Na yo‘lning olisligi, na kunning issig‘i, na suvning tanqisligi, na musofirchilikning azoblari pisand emas. Dunyoning bu mashaqqatlarini hamma ixtiyoriy qabul qiladi, Ka’baga yetgan hoji, yetmagan shahid!..

Bir-biriga mingashib ketgan yalang‘och tog‘lar silsilasi ortidan dastlabki ko‘p qavatli imoratlar ko‘rindi. Sayyora yaqinlashgani sayin shahar yuksalib, g‘aroyib bir salobat, ulug‘vorlik kasb etdi. Beixtiyor yuragim orziqib ketdi. Muhammad alayhissalomdek ulug‘ bir inson dunyoga kelib, insoniyatga islom deb ataluvchi hidoyat nurini tarqatgan, bu yo‘lda juda ko‘p jabr-sitamlar cheksalar-da niyatlaridan qaytmay da’vatlarini davom ettiravergan shahar. Uning ziyoratiga yetmoqlik ota-bobolarimizning ushalmas armoniga aylangan, bizning tasavvurimizda har qadamda bir mo‘jiza sodir bo‘ladigan afsonaviy bir diyor. Tilim «Labbaykallahumma»ni takrorlasa-da, xayolimda bolalarcha sodda bir fikr charx uradi: shaharga kirishim bilan kutilmagan mo‘jiza yuz beradi, sayyoradan tushishim bilan sirli bir olamga duch kelaman va hash-pash deguncha butunlay boshqa odamga aylanaman. Albatta, shunday bo‘ladi. Hamma narsa Allohning ilkida: istasa chikka qiladi, istasa pukka.

Alloh taolo Baqara surasining 126-oyatida Makkani mo‘tabar shaharga aylantirajagini shunday ta’kidlaydi: «O‘shanda Ibrohim: «Parvardigorim! Bu yerni (ya’ni Makkani) omonlik maskaniga aylantirgin. (Shahar) aholisining Allohga va oxirat kuniga imon keltirganlariga turli-tuman meva-chevalarni rizq qilib bergin», dedi. Alloh: «Men imonsiz odamga ham bir oz (ya’ni bu dunyoda) rizq beraman, keyin oxiratda uni do‘zaxga haydayman», dedi.

Makka asosan tog‘u tosh ustida barpo bo‘lgan ko‘pqavatli muhtasham binolar, orasta ko‘chalarning ikki chetida son-sanoqsiz do‘konlar, oshxonalar, ustaxonalar saf chekkan gavjum shahar ekan. Shahar qurilishida sharqona o‘ziga xoslik yarq etib ko‘zga tashlanmaydi, jahon me’morchiligida keng qo‘llanilayotgan beton, g‘isht va oynadan tiklangan osmon o‘par binolar. Faqat alohida diqqatga sazovor jihati shuki, bir bino ikkinchisiga o‘xshamaydi, shakli ham, bezaklari ham, nili ham o‘ziga xos, betakror. Kun zabtiga olganiga qaramay ko‘chalarni to‘ldirib yurgan odamlarning libosi bir xil — to to‘piqqacha tushadigan uzun oq ko‘ylak bilan, oq ishton. Hammaning boshida qora chambarak bilan bostirib qo‘yilgan oq yoki chittak gulli qizil ro‘mol, oyog‘ida shippak, qaysi biri amaldor, qaysinisi oddiy fuqaro, bilish mahol. Hamma taqdir qilgan lavozimda ishlab, rizqini topib yuribdi. Bizdagidek amaliga yoki boyligiga bino qo‘yib o‘ziga zeb berish, dimog‘-firog‘ yo‘q. Hamma o‘zining kundalik yumushi bilan mashg‘ul: birov ko‘cha-ko‘yni supiryapti, birov savdo-sotiq bilan band, birov o‘qishga oshiqqan, birov ehrom bog‘lab duo o‘qib yuribdi, hech kim bir-birini tergamaydi. Bu shaharda bizdagidek g‘ayritabiiy hol — ko‘cha-ko‘yda ag‘anab yotgan mast-alast, ko‘zi bejo kissovur, pichoq yoki to‘pponcha ko‘targan yo‘lto‘sar, payt poylab turadigan mashina o‘g‘rilari, do‘konlar oldida saf chekkan uzundan-uzun navbat yo‘qligi, yo‘l talashib, narsa talashib baqirib-chaqirishlar, so‘kishu qarg‘ishlar eshitilmasligi uchun hammayoq osuda, odamlarning gap-so‘zi, xatti-harakatida asabiylik sezilmaydi. Ko‘chalar tor bo‘lishiga qaramay serqatnov, «Toyota», «Nissan», «Mersedes», «Ford», «Linkoln» sayyoralari, Olmoniyada chiqadigan «Mersedes» avtobuslari turnaqator o‘tib turishadi, lekin har qancha tiqilinch bo‘lmasin, ko‘chalarda quloqni qomatga keltiradigan bibiplashlar, haydovchilarning bo‘g‘ilib so‘kinishlari, keskin to‘xtaganidan g‘ildiraklarning chiyillashlari eshitilmaydi. Vaholanki, Arabistonda cheklangan harakat tezligi soatiga bir yuz o‘n chaqirim. Bironta sayyoraning orqasidan burqsigan tutun chiqmaydi, shu bois havoda ko‘ngilni behuzur qilib, boshni og‘ritadigan qo‘lansa hid yo‘q. Bu yurtning insofli odamlari bizdagidek benzinga salarka qo‘shib sotish mumkinligini bilishmaydi. Birovning haqiga xiyonat qilib gunohkor bo‘lishdan qo‘rqqan insonlar u qadar nochor yashashmasa kerak. Bizdagilar gunohdan emas, och qolishdan qo‘rqishadi. Haromxo‘rlikning eng birlamchi manbai — imonsizlik. Imonsiz kimsa hech narsadan tap tortmaydi, o‘z manfaatini ko‘zlab bemalol birovning rizqiga chang solaveradi.

Makkaning qoq o‘rtasida, nafaqat bu shahar, balki yer kurrasining kindigiga joylashgan birinchi ibodatgoh Ka’ba bilan Masjidi harom o‘zining ko‘kka bo‘y cho‘zgan purviqor minoralari, salobati aql-hushni o‘g‘irlaydigan mahobatli yigirma besh darvozasi, nozik did bilan naqshlar o‘yilgan marmar koshinlar, bir-biri bilan rang talashguvchi sarg‘ish, qizg‘ish, oqish, och jigarrang marmar ustunlar, moviy gumbazlar quyosh seliga cho‘mib, oftob tig‘ida yal-yal yonadi. Yetmish besh ming murabba (kvadrat) metr sahnni egallab turgan ikki qavatli ibodatgoh ulug‘vorligi bilan har qanday odamni hayronu lol etadi. Bu tabarruk joyning Masjidi harom (haram emas) deb atalishi bejiz emas. Alloh taolo masjid ichida qon to‘kishni, birovning haqiga xiyonat qilishni, dilozorlikni, yolg‘on gapirishni, riyoni harom qilgan. Agar bir-biriga qasdlashgan ashaddiy dushmanlar ham ta’qibdan qochib Masjidga kirib olsa, har qanday xavfu xatardan amin bo‘ladi. To tashqariga qaytib chiqmaguncha uning joniga qasd qilish harom qilingan. Masjidi haromning hududida biron giyohni yulish, parrandalarni ovlash, hatto pashshani o‘ldirish ham taqiqlangan. Bu yerga kirgan odamlar ibodat uchun joy talashib bir-birini turtishi, qattiq-qurum gapirishi, Ka’bani tavof etayotganida birovga ozor yetkazib qo‘yishi mumkin emas. Aks holda qilgan ibodati qabul bo‘lmaydi, ustiga ustak gunohga botadi.

Alloh taolo hijratning beshinchi yili musulmonlarga hajni farz qildi. Jisman va moddiy jihatdan qodir odamlar yilda bir marta yig‘ilib, bir-birlari bilan diydorlashishi, islomiy ishlarni muhokama etishi hamda bu yo‘lda yaratgandan madad so‘rab ibodat qilishi uchun Ka’ba atrofiga ja’m bo‘lishlari shundan buyon qat’iy udumga aylandi. Garchand sirtdan qaraganda Ka’ba ziyoratiga kelish rasmiyatchilikka o‘xshab ko‘rinsa-da, aslida Mirzo Abdul Qodir Bedil aytmoqchi, har bir komil inson:

G‘ariblar kulbasidin boshlagum Ka’ba tavofini,
Va o‘z junun dilimni ham eiyoratlar qilurman men, —

deya olishi kerak. O‘z dilini taftish eta bilmaydigan, muhtoj qo‘shnisiga yordam qo‘lini cho‘za olmaydigan, umuman birovlar uchun qayg‘urmaydigan insonning toat-ibodati qanchalik ravo bo‘lishi yolg‘iz Xudoning o‘zigagina ayon.

Quyoshning zarrin nurlariga cho‘mib turgan bu maskanga o‘zini vijdon chig‘irig‘idan o‘tkazmay turib, bu dunyoning hoyu havaslaridan uzilmay borishning o‘zi gunohi azim. Axir Mashrabdek ulug‘ zot bejiz:

Bu tani hokiniyu ruhi ravonni na qilay!
Bo‘lmasa qoshimda jonon (Allohning ishqi) bu jahonni na qilay!
Yorsiz (Xudoning yodisiz) ham bodasiz (vahdat mayisiz) Makkaga bormoq na kerak!
Ibrohimdan qolgan ul eski do‘konni na qilay! —

demagan-ku.

Sayyora Masjidi haromning «As-salom» darvozasi oldiga kelib to‘xtadi. Nafasni qaytaruvchi hovur ufurib turgan asfaltga qadam qo‘ydimu mo‘jiza yuz berishini kutib tong qotdim. Ko‘m-ko‘k osmon o‘z joyida turibdi, ko‘kda muallaq qotib qolgan quyosh o‘sha-o‘sha olov selini purkaydi, ko‘p qavatli uylar tamkinlik bilan quyosh tig‘iga kiftini tutgan, oyog‘im ostidagi zamin chappa aylanib ketgani yo‘q, oq libosdagi odamlar kundalik yumushlari bilan mashg‘ul, ehrom bog‘laganlar masjid sari oqadi, men ham ularga qo‘shilib marmar zinalarga qadam qo‘ydim. Ana shunda vujudim larzaga tushdi: shu paytgacha har bir tashlagan qadamim meni aldam-qaldam, riyo ko‘chalariga eltdi, qirq besh yillik umrim soxta izmga qurilgan johillar yurtining yolg‘on va xatodan iborat biyobonlarida adashib-uloqib o‘tdi, Ma’rifat deb o‘rganganim dunyoni o‘z didiga moslashtirishga uringanlarning qolipiga solingan yolg‘on gaplar, hurlik deya kuylaganim qullik, ilm deya maqtaganim soxtalik bo‘lib chiqdi. Bundan keyin bosadigan qadamimni haqiqat yo‘liga burib yuborgaysan, yaratgan egam, loaqal qolgan umrimda dunyoga ochiq ko‘z bilan boqib, rost bilan yolg‘onni anglab, hurlik bilan qullikni farq etib yashay. Loaqal bundan buyon el-ulusga sen bizga ravo ko‘rgan saodat yo‘llaridan birontasini ko‘rsatishga erishay. Gumrohlar qatorida zalolat botqog‘iga botganimcha qolib ketavermay. Ey, qodir egam, avvalo men gunohkor bandangni, qolaversa hesh-aqrabolarimni, yor-do‘stlarimni o‘zing yorlaqagaysan!

Masjidi harom ikki qavatli bo‘lib, son-sanoqsiz koshinkor ustunlarga tiklangan. Har to‘rt ustunni bitta gumbaz tutashtirib turadi, ustunlarning egilgan yoylariga sarg‘ish, jigarrang, qizg‘ish marmar bilan ishlov berilgan. Har bir gumbaz o‘rtasida o‘nlarcha chiroq qo‘yilgan hashamatli qandil osilib tushgan, ustunlarning to‘rt tomoniga bittadan yel purkagich o‘rnatilgan. Kechayu kunduz chirillab aylanib turadigan xorijiy yelpurkagichlarga boqib beixtiyor ko‘nglimdan: «Bu narsalar bizda bo‘lsa, o‘g‘irlab ketishsa kerak», degan o‘y o‘tdi. Hozir biz o‘zi qurgan sotsializmdan yuz o‘girgan, shu paytgacha bayroq qilib sig‘ingan g‘oyalariga tupirgan, lekin hali to‘g‘ri yo‘lni topolmagan mamlakatda yashaymiz. Bu mamlakatda o‘g‘rilik-tirikchilik manbai, g‘arlik, behayolik, poraxo‘rlik — qobillik nishonasi, aroqkashlik — udum, faqat o‘z manfaatini ko‘zlash — uddaburrolik. Bugun razolat shu darajaga yetdiki, odamlar pora bermasa bolalarini oliy o‘quv yurtlari u yoqda tursin, hatto bog‘chaga ham joylashtirisholmaydi. Pul qistirmasa biron shifokor o‘layotgan bemorga qayrilib ham qaramaydi, odamlar ishga joylasholmaydi, tanish topib ikki barobar haq to‘lamagan kimsa ochdan o‘ladi, bola-chaqasi yalang‘och qoladi. Payg‘ambar alayhissalom hijratning to‘qqizinchi yilida bashorat qilib: «Allohning nomi bilan qasam ichamanki, Islom dini keng qanot yoyishi tufayli shunday aminlik bo‘ladiki, Hirodan yolg‘iz yo‘lga chiqqan ayol kishi bemalol Baytullohni ziyorat qilib, bexavotir qaytib ketadi», deganlar. U kishining bashoratlari nechog‘li to‘g‘riligiga Arabiston zaminiga qadam qo‘ygan zahoti amin bo‘ldik. Bu yurtda o‘g‘rilik degan tushunchaning o‘zi yo‘q ekan. Mabodo yilda bir-ikki o‘g‘rilik sodir bo‘lsa, shar’iy hukm asosida jazolanar, jinoyati og‘ir bo‘lsa albatta qo‘li kesilar va u kimsa odamlarning tavqi-la’natiga uchrar ekan. Ma’lumotlarga qaraganda onda-sonda uchrab qoladigan qo‘li egrilar asosan chet ellardan kelib ishlaydigan xizmatchilardan chiqar ekan. Rasulullohning bashoratlari yuz chandon to‘g‘ri chiqdi. Bugun imon-e’tiqod tantana qilgan mamlakat halollik tufayli gullab-yashnamoqda, salkam bir asrdan buyon Xudoga tosh otib, imondan yuz o‘girgan sovetlar ittifoqi esa hamma jihatdan tanazzulga yuz tutib, halokat jari yoqasiga kelib turibdi.

Islimiy o‘ymakor naqshlar bilan zeb berilgan peshtoqlarga hayronu lol tikilgancha mahobatli ustunlar oralab boraman. O‘ngu so‘limda ehrom bog‘lagan, uzun oq ko‘ylak kiygan, o‘zining odatdagi liboslarini yechmagan erkaklaru qora chodra yopinib, yuzini nafis to‘r parda bilan yashirgan, faqat ko‘zi va og‘ziga niqob tutgan yoki chehrasini ochib yurgan ayollarning ko‘pchiligi muk tushgancha ibodat bilan mashg‘ul. Odamlarning bir qismi Qur’on o‘qib o‘tirishibdi, ustunlarga suyanib uzala tushib uxlayotganlar undan ko‘p. Yo‘llarning ikki chetiga zam-zam suvi to‘ldirilgan qizil idishlar terib qo‘yilgan. Faqat bir marta ishlatiladigan oppoq plastmassa kosa (stakan)lar har kuni yangilab turilar ekan.

Son-sanoqsiz zinalar oppoq marmar yotqizilgan katta sahnga olib chiqadi. Maydonning qoq o‘rtasida ulug‘ sajdagoh — Ka’ba salobat bilan qad rostlab turibdi. «Biz Ka’bani odamlar (hojilar va umra qiluvchilar) ja’m bo‘ladigan joyga, omonli maskaniga aylantirdik. Maqomi Ibrohimni (kishilarga) sajdagoh qilinglar (dedik), Ibrohim bilan Ismoilga uyimni (ya’ni Ka’bani) tavof etguvchilar, e’tikofda o‘tirguvchilar, ruku va sajda qilguvchilar uchun pok saqlashni buyurdik», deydi Parvardigori olam Baqara surasining 125-oyatida.

Nazarimda yer kurrasi o‘z o‘qi atrofida aylanishdan to‘xtadi, vaqt tosh qotdi, erib simobga aylangan vujudim yo‘qlik qa’riga singib ketdi, men masjidning niliy gumbazlariga, salobatli ustunlariga, mag‘rur minoralariga aylandim. Havo bo‘shliqlarida chirqillab qanot qoqayotgan qushlar ham — men, ko‘k peshtoqida aks sado berib jaranglayotgan talbiya ham Allohga hamdu sano sadolari ham — men, Xudoning zikrini diliga jo etgan odam ham — men. Shu lahzadan e’tiboran men butun olamga aylandim olam esa mening vujudimga jo bo‘ldi. Ko‘zlarim qarog‘i nurga to‘ldi. Men hech kim ko‘rmaydigan rizvon chamanzorlarini ko‘rib quvonaman. Osmonning qavatlarini, yerning qatlamlarini butun vujudim bilan his etaman. Havo nasimlarida yurakni orziqtiruvchi yoqimli ohanglar, nafasni qaytaruvchi issiqda tomirdagi qonni gupirtiruvchi qudrat bor, yulduzlarning jimirlashida insonni yuksaklikka chorlovchi xitoblar yashirin, Rasulullohni olqishlagan dov-daraxt, tog‘u toshlarning sas-sadolari menga ham baralla eshitilib turibdi. Olamdagi jamiki mavjudot bilan bir tanu bir jon bo‘lib ketdim. Oldimda yastanib yotgan sutdek oppoq marmar maydondan o‘tib Ka’baning ostonasiga yetaman, Hajarul Asvadni o‘pgach, uning oltin darvozasiga bosh qo‘yib, necha yillardan buyon yuragim qatida yig‘ilib yotgan gaplarimni to‘kib solaman

Har kishiki dardi bo‘lsa, yig‘lasun yor oldida,
Qolmasun armon yurakda, etsun izhor oldida.

Yo‘q, men «oshiqi zor oldida aytib-aytib yig‘lamayman». O‘zim jonli so‘zga aylanib, Ka’baning qora toshlariga singib ketaman va ruhim abadiy maskanim — Arsh sari uchadi.

Masjidi Harom ostonasidan to Ka’bagacha bo‘lgan masofa insonning hayot yo‘li. Uni qanday bosib o‘tish ixtiyori har kimning o‘zida.

Beg‘am, beparvo odim tashlagan kishi umrini g‘aflatda o‘tkazgan g‘ofil banda.

Shoshib, hovliqib ketayotgan odam — na o‘zini, na yaratganni tanimay, dunyoning go‘zalliklaridan bahra olmay yonib o‘chadigan chaqmoq.

Har narsaga anqayib, o‘ngu terisiga alanglab yurgan kimsa dunyoga nimaga kelganini anglab yetmagan gumroh banda.

Bo‘lar-bo‘lmasga hiringlab, so‘zamollik qilib borayotgan odam qalbini zang bosgan nodon.

Chuqur o‘yga botgancha dunyoning avvali va oxiri haqida fikr yuritayotgan, har lahzada Allohning zikrini qilib, odamlarning g‘ami bilan yashayotgan odamgina Ka’bani tavof etishga munosib zot.

Tovonim yerni his etmaydi, ko‘zlarim duo o‘qib, Ka’ba atrofida chappar urib aylanayotgan odamlar daryosini ko‘rmaydi, quloqlarim samoviy sas-sadolardan bo‘lak hech narsani eshitmaydi. Osmonning har to‘rt enlik joyida sajdada turgan muakkillar esa tinmay nido qiladilar: «Alloh sen ulug‘ va qodir zotsan, bizni yo‘qdan bor qilgan o‘zingsan, oxirat kunida yuzimiz qora bo‘lmasligi uchun hidoyatingni darig‘ tutmagin, mag‘firatingdan benasib etmagin!» Xayolimda ne mashaqqatlarda o‘rgangan duolarim, Xudoga iltijolarim quyundek charx uradi-yu, lekin tilim kalimaga kelmaydi. Ismim nima, millatim qaysi, makonim qayda, kasb-korim ne — yodimdan chiqadi. Zero, bu maskanda ularning mutlaqo ahamiyati yo‘q. Alohning huzurida tanho o‘zingsan. Na urug‘-aymog‘ing, na qo‘llovching, na xizmatching bor. Yaratganu sen! Shoh Mashrab aytmoqchi, darding bo‘lsa aytib-aytib yig‘lagaysan, yo‘qsa, Ka’baning ziyorati shunchaki sayr-tomosha, bir mulla tanishim aytmoqchi, hajdan murod — tijorat bo‘lib qoladi.

Ko‘zlarim qarog‘ini xira parda bosadi. Kipriklarga ingan suzik tomchiga aylanib Ka’baning ostonasiga tomishga rozi bo‘ladi kishi. Chak etib yerga tushsangu abadiy farog‘atga erishsang. Afsuski, buning iloji yo‘q, qismatda nelar borligini faqat yaratganning o‘zigina, biladi, xolos. Men esam simobdek qalqigan vujudimni sudrab oldinga intilaman. Manzilim abadiyatdek olis, maqsadim ushalmas armon — ko‘zlar so‘qiru oyoqlar shol. Insonning imkonlarini shuncha cheklab yaratganmisan, egam?!

Odamlar oqimi meni o‘z domiga oladi. Dunyoning turli mintaqalaridan kelgan oq, sariq, qora tanli, lekin bir xil libosdagi — ehrom bog‘lagan odamlar bilan birga tavofi qudum — Ka’baga bo‘lgan hurmat va ehtiromni izhor etish uchun uning atrofida yetti marta aylanishni boshladim. Taomilga binoan Ka’bani ohista yugurib uch marta aylanishim, tavofning qolgan to‘rt shartini bemalol yurib ado etishim lozim. Men yugurib ketyapmanmi, uchib ketyapmanmi, bilmayman. Odamlarni turtib yubormaslik, bexosdan biron kimsaga ozor yetkazib qo‘ymaslik uchun yelkalarimni qisib, imkoni boricha kichrayib olganman. Bu dargohda tasodifan birovga ozor yetkazib qo‘yish ham gunohi azim. Yo‘q, bu hukm jaholat qonuniyati emas, aksincha odamlarni xushmuomalalikka, bir-birini ayab, mehr ko‘rsatishga undash.

Tavofni Hajarul Asvad — qora toshdan boshlayman. Tilimda Allohning zikri: «Subhanalloh val hamdu lillah vala ilaha illalohu vallohu akbar». Turli til, turlicha harflarda chiqarilgan kitoblarni tutgan odamlar duolarni tinmay takrorlashadi, yoshu qari, erkagu ayolning fikri yodi faqat Allohning zikri bilan band. Ka’bani bir marta aylanib chiqqach, Hajarul Asvadni o‘pib ko‘zlarimga surtish uchun intildim. Jannatdan chiqqan bu muqaddas tosh joylashtirilgan burchakka yetish Toshkentdan Makkaga kelishdan mashaqqatliroq edi. O‘zligini butunlay unutgan odamlar jon-jahdlari bilan shu tomonga intilishar, soqchining hay-haylashiga, insofga chiqirishiga quloq solmay bir-birini bosib yanchgudek bo‘lib bostirib kelishardi. Hajarul Asvadga yetganlari esa bir marta bo‘sa olish bilan kifoyalanmay tandirning og‘zidek kovakka mahkam yopishib olishar, orqada navbat kutib turgan minglarcha odam borligini unutib, xudoga iltijolar qilishar, ko‘zyoshlarini tiyolmay piq-piq yig‘lashardi. Qancha ur-surdan keyin Hajarul Asvaddan bo‘sa olish menga ham nasib etdi.

Jannatdan chiqqan bu tosh aslida oppoq bo‘lib, Hajarul As’ad deb atalar va o‘zidan shaffof nur taratib turar ekan. Biroq odamlarning imon-e’tiqodi susayib, har xil butlarga, hatto o‘zlariga o‘xshash odamlarga cho‘qina boshlagach, uning nuri so‘nib, rangi qorayib ketgan va shundan Hajarul Asvad — qora tosh deb ataladigan bo‘lgan. Ishqilib, bizga o‘xshash dilidan imoni ko‘tarilgan, halol bilan haromni farq etmaydigan mamlakatdan kelgan kimsalarning kasri urib, bu tosh butunlay yitib ketmasa bo‘lgani.

Ka’ba atrofida ohista yugurar ekanman, mana shunday saodatga erishtirgani uchun Allohga qayta-qayta shukrona aytardim: «Yo, parvardigor, qilgan ibodatlarimni bola-chaqalarim, ota-onam, qarindosh-urug‘ va yor-birodarlarim uchun qabul etgaysan. Ko‘nglimizdagi yaxshi niyatlarimizni ro‘yobga chiqargaysan. Bolalarimizga insofu tavfiq bergaysan. Ularni el-yurtning bir kuniga yaraydigan komil insonlar qilib voyaga yetkazgaysan. Haq yo‘ldan adashtirmagaysan!»

Tavofi qudumni nihoyasiga yetkazayotganimda shundoqqina Ka’baning tillakori eshigi oldida turgan ikki yosh e’tiborimni jalb etdi. Yoshgina kelinchak erining bo‘ynidan mahkam quchoqlagancha yum-yum yig‘lar, hali tuzukroq soqol-mo‘ylovi chiqmagan yigit nima qilarini bilmay hadeb xotinining boshini silardi. Ular daryodek toshib kelayotgan odamlarning yo‘lida turishar, lekin son-sanoqsiz odamlarning yurishiga xalal berishayotgani, g‘ashi kelgan ayrim besabrlar turtib o‘tishayotgani, xudoning ibodatgohida, qolaversa, shuncha odamning ko‘z o‘ngida quchoqlashib turishgani islomiy axloq nuqtai nazaridan ayb sanalishi ularning xayoliga ham kelmas, imonli kimsa uchun eng baxtiyor onga yetishganidan shodligini ichiga sig‘dirolmay ko‘z yoshi to‘kishar, bamisoli shoh Mashrabning:

Har kishiki dardi bo‘lsa, yig‘lasun yor oldida,
Qolmasun armon yurakda, etsun izhor oldida, —

degan o‘gitiga amal qilishardi. Men ham ibodatni unutib ularga tikilib qoldim. Nazarimda hozir dunyoda bu ikki yoshdan baxtiyor odam yo‘q, ular moddiy olamdan uzilib, yuksak samoviy kengliklarda parvoz etishar, o‘zlarini butunlay ilohiy tuyg‘ular ilkiga topshirgan edilar.

Qodir egam, hammani mana shunday xushbaxtlikka yetkazgaysan!

Tavofi qudum nihoyasiga yetgach, maqomi Ibrohimda ikki rakaat shukrona namozi o‘qidim. Sajdaga bosh qo‘yarkanman, ruhimda bir yorqinlik tuydim, yana ko‘nglim totli hislarga limmo-lim to‘lib, ko‘zlarim qarog‘ida rizvon chechaklari jilva ko‘rsatdi, yana quloqlarim ostida yoqimli ohanglar yangradi, o‘zimni yuksak-yuksakda parvoz etib yurgandek his etdim. Shu paytgacha o‘qigan namozlarim, qilgan ibodatlarim yo‘qqa chiqib, haq yo‘lim endigina boshlangandek, har gal sajdaga bosh qo‘yganimda peshonamga musulmonlik muhri bosilayotgandek tuyulardi. Ka’baga yuzlanib namoz o‘qirkanman insoniyat ibtidosidan boshlanib, abadiyatga tutashib ketadigan tarix ko‘z oldimdan bir-bir o‘tdi. Ibrohim xalilulloh Tangri taoloning buyrug‘iga binoan umr yo‘ldoshi bilan yolg‘iz o‘g‘li Ismoilni qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan cho‘l-biyobonga tashlab keladi. Bu narsada biz insonlarning tasavvuriga sig‘maydigan shafqatsizlik bor, biroq Parvardigor odamzotning kelajagini o‘ylab, nimalarni rejalashtirib qo‘yganini qaydan bilamiz. Taqdirga tan bergan Bibi Hojar hovur ufurib turgan cho‘lda o‘g‘lini oftobdan pana qilib o‘tirdi, qorni ochsa, olib kelgan yeguligidan totindi, chanqaganda bir-ikki ho‘plam suv ichdi, ammo uch-to‘rt kundan keyin oziq-ovqati ham, suvi ham tugadi, ochlikdan tinkasi qurib, tashnalikdan lablari tors-tors yorilib, cho‘zilib qoldi, ayniqsa tinmay chirqirayotgan bolasining zoriga chidayolmay azoblanardi. Go‘dakni to‘ydirish uchun ko‘kragiga sut kelmas, og‘ziga tomizishga bir qatra suv yo‘q edi. Onaizor bolasining jonini saqlab qolish uchun go‘dakni qumga yotqizib o‘zi u yoqdan bu yoqqa zir yugurgancha najot izlay boshladi. Safo tog‘idagi har bir toshning kavagiga qo‘l tiqib ko‘rdi, biroq na yegulik, na qatra suv topildi. Horib-charchab bolasi yotgan yerga qaytganda olisdagi Marva tog‘i tomonda oynadek tiniq ko‘l ko‘rindi. Bibi Hojar jonholatda o‘sha tomonga yugurdi, qora terga tushib yetib kelganda aldanganini, bu yerda ham joniga oro kirgudek hech vaqo yo‘qligini angladi. Oyoqlari chalishib, zo‘r-bazo‘r iziga qaytdi. Chaqir toshlar orasidagi qumloq yerda yotgan bola ochlik va tashnalikdan bo‘g‘ilib yig‘lardi. Horib charchagan ona uni qo‘liga olib ulgurmay uzoqdan yana ko‘m ko‘k suv ko‘rindi. Bibi Hojar har qancha charchagan bo‘lishiga qaramay o‘sha tomonga chopdi, lekin yana umidi puchga chiqdi. U yig‘lamoqdan beri bo‘lib iziga qaytdi. Bola hamon bo‘g‘ilib yig‘lar, ona uning joniga oro kirishdan ojiz edi. Bibi Hojar hali nafasini rostlab ulgurmay Marva tog‘ining butunlay boshqa tomonida zilol suv ko‘rindi. Ona zo‘r-bazo‘r o‘rnidan turib yana sarosar yo‘lga tushdi, ochlikdan, suvsizlikdan adoyi tamom bo‘lgan ayol bolasining joniga oro kirish uchun yeldek uchar, uning ojiz, ramaqijon vujudida shuncha kuch-quvvat borligiga ishonish mahol edi. Uchinchi marta ham aldanganini bilgan ayol bolasining holidan tezroq xabar olish uchun yana orqasiga chopdi. U yetib kelganda go‘dakning yig‘lashga ham holi qolmagan, ovozi xirillab, g‘ippa bo‘g‘ilgan, chillakdek oyoqlarini majolsiz tipirchilatib yer tepinardi. So‘nggi nafasin olayotgan bolasini bag‘riga bosishga ham holi qolmagan ona yurak-bag‘ri ezilib uning tepasiga engashdi. Shu payt kutilmagan mo‘jiza yuz berdi. Chaqaloqning tipirchilayotgan oyoqlari ostidan biqirlab suv chiqa boshladi. Nimalar bo‘layotganini hamon idro etolmayotgan Bibi Hojar bo‘shashib o‘tirib qoldi, peshonasini muzdek ter bosdi. Ammo bu holat uzoqqa cho‘zilmadi, ona hovuchini suvga to‘ldirib, go‘dakka tutdi. Bola qonsiz lablarini majolsiz qimirlatib tamshandi. Ona titroq qo‘llaridagi suvni to‘kib yubormaslikka urinardi. Tashnaligi qongan go‘dak yarq etib ko‘zini ochdi. Yengil tortgan ona uni bag‘riga bosgancha alla ayta boshladi. Allaning dastlabki so‘zlari bilan barobar ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. Bu kimsasiz dashtda ochdan o‘ldirmagani, yirtqich hayvonlarga yem qilmagani uchun Allohga shukrona yoshlari edi.

Buloqning suvi borgan sari ko‘payib, sharqirab oqa boshladi. Suvni ko‘rib bu yerga qushlar uchib kelishdi. Shomga qatnaydigan karvonlar qushlar uchib yurgan joyda suv bo‘lishini bilgani uchun shu tomonga yo‘l olishdi va buloq boshida kapa tikib o‘tirgan ona-bolani ko‘rishdi. Jurhum qavmining odamlari birin-sirin kelib shu yerda o‘troqlasha boshlashdi. Keyinchalik butun olamning ziyoratgohiga aylanadigan joy mana shu zayl barpo bo‘ldi. Alloh taolo Ibrohim xalilullohga umr yo‘ldosh bilan bolasini cho‘l-biyobonga eltib tashlashni buyurganda kelajakda bu yerni qutlug‘ maskanga aylantirishni iroda qilgan edi. Hijratning beshinchi yilidan boshlab to hozirgacha haj va umra ibodatiga kelgan millionlab musulmonlar shu buloqdan suv ichishadi, yurtlariga olib ketishadi. Rasululloh zam-zam suvi haqida: «Zam-zam ochlarga ovqat, kasallarga  shifo» deganlar. Zam-zam umriga zavol yo‘q. U abadiyat sarchashmasi.

Men ham ziyoratchilarga qo‘shilib Safo va Marva orasida sa’y qildim, zora abadiyat ruhi em bo‘lsa degan ilinjda obizamzamdan to‘yib-to‘yib ichdim.

Mehmonxonaga kelib dam oldim. Ertalab xuddi yer ostidan chiqib kelayotgan qudratli azon ovozidan uyg‘onib ketdim. Vaqt tonggi uch yarim ekan. Darrov Masjidi Haromga yo‘l oldim. Masjid ichida odam kam, bomdod namoziga hali bir soat bor, asosiy namozxonlar to‘rt yarimda aytiladigan ikkinchi azongacha yetib kelishar ekan. Ikki rakaat nafl namozini o‘qigach, xuddi kechagi tartibda Ka’bani yetti marta tavof qildim: o‘tib ketgan ajdodlarim, bu dargohga yetolmagan ota-onalarim, qarindosh-urug‘larim, yor-birodarlarim uchun yaratganga iltijolar qildim, ayniqsa bolalarimga insofu tavfiq tiladim, ularning imonini butun, iqbolini baland qilishini so‘radim. Ka’ba atrofida aylanayotgan paytimda hayotimda yuz bergan yaxshi-yomon voqealarni menga mehr-oqibat ko‘rsatgan do‘stlarim bilan birga har qadamda nomimga qora chapib, ishlarimga halal bergan badniyat kimsalarni, ezilib-ezilib mehnat qilsa-da ro‘shnolik ko‘rmayotgan xalqimni, Sovetlar hukumati bergan «hurlik va tenglik sharofati» bilan erkaklarning yumushini qilib erkakshoda bo‘lib ketgan opa-singillarimizni, na Xudodan, na qonundan hayiqmay qo‘ygan bezori yoshlar borgan sari ko‘payayotganini, ilm-ma’rifatimiz bir yoqlama bo‘lib sayozlashib ketganini o‘ylab ezildim. Hajarul Asvadni takror-takror o‘payotganimda, Ka’baning tillakori eshigiga bosh urayotganimda, maqomi Ibrohimda namoz o‘qiyotganimda el-yurtimga ro‘shnolik, saodat tiladim. Hojilar xudoning mehmoni, hojilarning duosi qirq kungacha ijobat bo‘ladi, degan gaplar bor. Chin yurakdan tilangan bu tilaklar ham ijobat bo‘lsa ajab emas.

* * *

Tavofi olami dil qil jahonda har bashardin sen,
Agar bir dilni buzar o‘lsang yuzar Ka’ba buzilmasmu.
Mashrab

Tonggi beshda kelib yotganim uchun nonushtaga uxlab qolibman. Apil-tapil yuvinib, oshxonaga tushdim. Xushmuomala yigitlar bizni Masjidi Haromning «As-salom» darvozasi ko‘rinib turadigan stolga o‘tqazishdi. Dasturxonda turli noz-ne’matlar: achchiq choy, qahva, sut, po‘rtuxol sharbati, sovuq suv muhayyo edi.

— Mana yarim hoji bo‘ldik. Endi bu yerda qiladigan ishimiz qolmadi, — dedi Shukrullo. — Bu yog‘i tomosha — shahar kezamiz, mehmonga boramiz. Jamol, sen bugunoq konsul bilan bog‘lanib, Moskvaga qo‘ng‘iroq qil. Toshkentga bilet olib qo‘yishsin. Faqat menga kechasi uchadigan samolyotga bilet olmasin, men kunduzi uchaman. Mehmonxonadagi joyni ham menga bir kishiligini olib qo‘yishsin.

U kishining kechasi uchmayman, deb injiqlik qilishi g‘alati tuyulib, gurra kulib yubordik. Shukrulloning ranggi-quti o‘chdi-yu, birdan menga zahrini socha ketdi:

— Nega kulasan? A?! Nega kulasan? Men seni ancha tuzuk bola deb yursam, g‘irt ahmoq ekansan-ku. Men otang tenggi odamman. Yetmishga kirganimda senlarga kulgi bo‘lib qoldimmi? Bilasanmi men… Agar istasam…— u qo‘lidagi qoshiqni jahl bilan stolga tashladi. — Biz mana… Ramz akalaring bilan G‘afur G‘ulomlar o‘tirgan dasturxonga yaqin kelishga botinmay o‘choq boshida qo‘l qovushtirib turardik. Hov Emchiyev, yugur desa, g‘irr etib do‘konga borib aroq olib kelardik. Sen bo‘lsang… kulasan!.. Kim bo‘psan shunchalik?

Hamma jim bo‘lib qoldi. Hech kimdan churq etgan sado chiqmas, xuddi astoydil nonushta qilayotgandek hamma nimadir totinar, choy ho‘plar, bu o‘ng‘aysiz holatdan qanday chiqishni bilmay garang edi. Miyamga qon tepdi. Shayton bu yuzsiz odamning yoqasidan olib, do‘pposla der, ammo Rahmon bunga yo‘l qo‘ymasdi. Lop etib Ibrohim Adhamning qismati yodimga tushdi-yu, o‘zimni bosdim. Podsholik taxtidan voz kechib, qalandarlikni ixtiyor etgan Ibrohim Adhamni yo‘lda uchratgan odamlar kechagina uning iltifotidan bahramand bo‘lib yaltoqlanib yurishganini unutib, ustidan kulishgan, hayiqmay haqoratlashgan. Ularning dilozorligidan qattiq ranjigan Ibrohim Adham: «Ey, parvardigor, bu odamlarning qilmishlari uchun jazo berishingni bilaman. Lekin ular sening rahmatingni unutgan gumroh bandalar. Bu kimsalar qilgan gunohlarni men qilgan deb hisoblaginu ularga beriladigan jazoni menga ber», deya Haqqa yolborgan. Ibrohim Adhamning oldida men kimman, ranjiganimni oshkor etishga ham arzimaydigan haqiru faqirman.

Hamma — Odil Yoqub ham, Ramz Bobojon ham, Jamol Kamol ham qozonlik professor Yahyo Abdullo ham mening nima deyishimni, bu dilixiralik qanday mojaroga sabab bo‘lishini kutib turishardi.

— Biz Ka’ba ziyoratidan chiqib hali nafasimizni rostlab ulgurganimiz yo‘q. Bu dargohda odam tugul pashshaga ham ozor berib bo‘lmaydi. Men sizning ustingizdan kulganim yo‘q, agar kulgimizni shunga yo‘ygan bo‘lsangiz ayb menda. Orqa-oldini surishtirmay qilgan haqoratlaringizni ham mendan o‘tgan gunoh hisoblab afu eting.

Men shunday dedimu shartta turib tashqariga chiqib ketdim. Olov seliga cho‘mgan ko‘cha gavjum, dunyoviy yumushlari bilan mashg‘ul odamlar u yoqdan bu yoqqa zir qatnar, ibodatni ko‘zlab kelganlar esa Masjidi Harom sari oshiqishardi. Men esam Ibrohim Adhamning maqomiga yetishni orzu qilib, Masjidning muhtasham minoralariga mahzun tikilib turardim. Unday darajaga yetish mahol, bizdek noqis bandalarga yo‘l bo‘lsin.

Hamnafaslardin judo aylab musibat shahrida,
Oshnolarni menga nooshno qildi bu dard.
Qayg‘uluk boshimga yuz ming g‘amni ortturub,
Misli Adhamdek jahondin mosivo qildi bu dard.

— Ziyoratlar qabul bo‘lsin, — dedi sayyoradan tushib kelgan Rahmatulloh Turkistoniy.

— Murodingiz hosil bo‘lsin, — dedim hozirjavoblik bilan. U kishi bilan bafurja gaplashishni, suhbat asnosida bir-birimizni yaxshiroq tushunib, yaqinlashib ketishni istardim. Biroq mezbon bunga imkon bermay yana rasmiyatchilik bilan gap qotdi.

— Hamrohlaringizni chaqiring. Bizni kutishyapti, — dedi u soatiga ko‘z tashlab.

Butun dunyo Islom uyushmasi — Robitai olamin Makkadan chiqaverishdagi tog‘ yonbag‘riga joylashgan, xuddi parvozga shaylanib turgan oqqushni eslatuvchi muhtasham qasr ekan. Bino atrofida, bu yoqqa kelaverishdagi ko‘chalarda dov-daraxt ko‘p, mayda ochilgan naparmon gullar ko‘zni quvnatadi, temir quvurlarga o‘rnatilgan kichkinagina favvoralar yam-yashil maysalarni tinimsiz yuvadi. Har qadamda osudalik va oroyish, biz odatlanmagan mavzunlik seziladi. Yerga yog‘ tushsa yalagudek. Odamning aksi ko‘rinadigan oppoq marmar zinalarga qadam bosishga iymanadi kishi. Yaqin kelganimizda eshik ochilib, jilmayib turgan xizmatchi tavoze bilan ichkariga taklif etdi.

Beixtiyor Moskvadagi O‘zbekiston vakolatxonasining mehmonxonasidagi muomala yodimga tushdi. Mehmonxona eshigidan hali kirib ulgurmasimizdan haddan tashqari qo‘pol, serzarda xitob eshitildi:

— Qayoqqa? Qayoqqa? Kimsizlar? Indamay yuklaringizni ko‘tarib kiraverasizlarmi? Qani, chiqinglar tashqariga! Chiqinglar deyapman!

Ro‘paramizda hirsdek semiz, vajohati xunuk o‘ris xotin bobillab turardi. Odil Yoqub gunohkor odamdek Sovet Ittifoqi xalq deputati ekanini, bizlarga bir hafta burun joy buyurib qo‘yilganini aytdi.

— Qani, hujjatingizni ko‘rsating! — bo‘sh kelmadi xizmatchi ayol. — Hozir sizga o‘xshagan deputatdan ko‘pi bormi.

Odil Yoqub noiloj deputatlik nishonini ko‘rsatishga majbur bo‘ldi. Xizmatchi ayol shundagina sal hovridan tushib hujatlarimizni talab qildi, burni ustiga ko‘zoynagina qo‘ndirib har bir harfni sinchiklab o‘qigancha uzoq muk tushib o‘tirdi va nihoyat stolga bir nechta kalitni taraqlatib tashladi. Yuvinishga issiq suvi, yeyishga ko‘ngil tortar ovqati yo‘q mehmonxonada nashavand, aroqxo‘r odamlarning orasida ikki kunni bir amallab o‘tkazdik.

Bu yerda esa sayyoradan tushib ulgurmasingizdan yuklaringizni xizmatchilar ichkariga olib kirishadi, qo‘lingizga kalit tutqazisharkan, qaysi qavatga chiqishingizni tushuntirib, liftga kuzatib qo‘yishadi. Biron idoraga kirsangiz aziyat chekib qolmasligingiz uchun xizmatchilar eshikni ochib turishadi. «Biz yer kurrasidan tashqaridagi insoniy madaniyat va taraqqiyotdan mahrum biron mintaqada yashamasmikinmiz?» degan o‘y ichimni sidirib o‘tdi.

Robitai olamin bosh kotibining muovini doktor Muhammad Nosir Abudiy huzurida qizg‘in suhbat qurdik. Bizni e’zozlab chaqirtirishgani uchun har kim o‘z minnatdorchiligini, ko‘ngliga tugib kelgan gaplarini izhor etdi. Men O‘zbekistonda Islom dini targ‘iboti yo‘lida olib borilayotgan ayrim ishlarni sanab, Qur’oni karim tarjimasi «Sharq yulduzi» jurnalida asosan adiblarning tashabbusi bilan chiqayotganini, hadislarni nashr etishda ham qalam ahli yaqindan ko‘maklashayotganini, o‘zim esa Muhammad alayhissalomning tarjimai hollari hamda Islom tarixini aks ettiruvchi «Nurul yaqin» nomli asarni tarjima qilganimni aytib o‘tdim. Pirovardida ko‘nglimga tugib qo‘ygan asosiy muddaoimni o‘rtaga tashladim.

— Menga Makkadek ulug‘ joyga yana kelish nasib etadimi, yo‘qmi, bilmayman. Hozirgi imkoniyatdan foydalanib ikki narsani iltimos qilmoqchiman. Birinchisi, Robitai olamin farzandlarimizni xorijdagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qitib, xalq xo‘jaligi va fan-texnika sohasida malakali mutaxassislar yetishtirishga yordam bersa. Ikkinchisi, shaxsiy iltimos, agar imkoni bo‘lsa, hajga qolishimga ruxsat bersanglar. Shundan shu yoqqa kelib haj qilmay ketsam bir umr armonda o‘taman.

— Marhabo, marhabo! — dedi doktor Muhammad Nosir quvonch bilan. — Istasanglar, hammanglar qolishinglar mumkin. Barcha shart-sharoitni muhayyo qilamiz, kundalik sarf-xarajatlaringga loyiq pul ham beramiz. Bahonada hoji bo‘lib ketasiz.

Kutilmagan iltifot bizni dovdiratib qo‘ydi. Hamma bir-biriga qaragancha nima deyishini bilmay o‘ylanib qoldi. Nihoyat hamma uchun Shukrullo hukm chiqardi:

— Yo‘q, biz qololmaymiz. Yurtda zarur ishlarimiz ko‘p. Emin qolsa o‘zi biladi, lekin bu masalani ham o‘ylashib, maslahatlashib ko‘ramiz. Kelayotganimizda bunday gap bo‘lmagan. Delegatsiyadan bir odam ajrab qolsa bo‘ladimi, yo‘qmi, bilmaymiz.

Yuragim shig‘ etib ketdi: obbo, masalaning rasmiy tomonlarini o‘ylamagan ekanman-ku.

— E, bu parlamentning muhokamasiga qo‘yiladigan masalamidi, qolsa qolaversin, —dedi Odil Yoqub sahroyi odamlarga xos kenglik bilan. — Masalan, men qololmayman, bir yoqda xizmat, bir yoqda bola-chaqa tashvishi — ixtiyor o‘zimda emas, Emin «Bir jilvasiga ikki jahondin o‘taqoldim», deb yurgan Mashrabdek erkin qush. Musofir yurtda yana bir oy turishga toqati yetsa, baraka topsin. Biz uchun ham ibodat qilib, Allohdan gunohlarimizni so‘rab, hoji bo‘lib borsin.

Robitai olaminning idorasidan xuddi qanot chiqarib uchgudek bo‘lib chiqdim. Nazarimda butun koinot bo‘lakcha tus olgandek, quyoshning kuydirguvchi nuri ham yoqimli bo‘lib qolgandek tuyular, giyoh ko‘karmaydigan qoramtir tog‘lar ko‘zimga jozibali ko‘rinar, uchragan odamlarning yuzidan nur yog‘ilayotganga o‘xshardi. Oyog‘im ostidagi yer parga aylangan, havo bamisoli qaymoq — simirgan saring maza qilasan. Qo‘llarim qanotga aylangan — qulochimni yozsam bas, yuksak samolarga parvoz etaman. Osmonning har to‘rt enlik joyida Xudoga iltijo qilib turgan muakkillarni ko‘raman. Men ham ularning biriga aylanaman-u, biroq iltijo qilmayman. Men murodiga yetgan, eng katta orzusi ushalgan baxtiyor insonman. Men faqat Allohga shukrona aytaman. Meni shunchalik ulug‘ martabaga erishtirgani uchun shoh Mashrabning tilidan nidolar qilaman:

Charog‘on bo‘ldi dunyo yo magar keldi mening yorim, —
(Allohdan bir xushxabar keldi ma’nosida)
Biyobon bo‘ldi bog‘u bo‘stoni xurram obode.

Hayotda shunday lahzalar bo‘ladiki, umr bo‘yi inson mana shu soniya uchun yashaydi, uning chekkan zahmatlari ham, erishgan yutuqlari ham, tortgan jabru jafolari-yu, totgan quvonchlari ham uning oldida hechdir. Bunday asno yana takrorlanadimi, yo‘qmi, bilmayman, lekin bir narsa ayonki, men Tangri ato etgan baxtiyorlik lazzatini totib ko‘rdim, musulmon uchun Ka’baning ostonasiga bosh urishdan, Arofat vodiysida yaratganga iltijolar qilishdan, Minoda shayton timsoliga tosh otib qalb bilan vujudni shaytoniy vasvaslardan forig‘ etishdan ortiq baxt bormi?

— Rahmat, ustoz (arablarda professorni ustoz deb atasharkan, ayni vaqtda bu ibora mavlono ma’nosida ham ishlatilar ekan), — dedim hayajonimni bosolmay.

Rahmatulloh Turkistoniy xokisorlik bilan kulimsirab qo‘ya qoldi. Men bu kamtar odam timsolida rasulullohning sunnati bo‘lmish ancha-muncha fazilatlarni ko‘rdim. Payg‘ambar alayhissalom hech qachon baland ovozda qah-qah otib kulgan emaslar. Lozim bo‘lganda tabassum qilib, boshqa paytda chuqur o‘yga botib yurar edilar. Kelganimizdan buyon kuzataman: Rahmatulloh Turkistoniyning yayrab kulganini ko‘rmadim, mudom dunyoviy muammolar ustida bosh qotirayotgan odamdek o‘y surgani surgan. Men esam shodligimni ichimga sig‘dirolmay o‘zimni yettinchi qavat osmonda yurgandek his etyapman. Umar Hayyom ta’biri bilan aytganda, loyimni qorgan o‘zi, bergan fe’lini ham o‘zi biladi.

Sayyoraga chiqayotganimda bir shafqatsiz haqiqat yodimga tushib, xuddi dami chiqqan koptokdek bo‘shashib qoldim. Begona bir yurtda roppa-rosa bir oyga qolyapman, tirikchilik nima bo‘ladi? Yonimda atigi ellik dollar bor, bu yerning puliga aylantirilsa bir yuz sakson riyol bo‘ladi. Kuniga o‘n riyoldan xarjlansa, o‘n sakkiz kunga yetadi. Orada Madinaga borishim, haj kunlari qurbonlik uchun pul to‘lashim kerak. Qurbonlikning-ku yo‘li oson: menga o‘xshagan ibn sabillar haj vaqtida uch kun, uyiga qaytgach yetti kun ro‘za tutib bersa bo‘ladi. Lekin ming tejab-tergaganim bilan baribir, mayda-chuyda chiqimlar chiqib turadi. Hajga qolishni orzu qilganda masalaning bu tomonini o‘ylamagan ekanman.

Makka yozuvchilar uyushmasidagi uchrashuvlar, ziyofat ham uncha tatimadi. Fikri yodim bu o‘ng‘aysiz ahvoldan qanday chiqib ketish bilan band bo‘lib qoldi. Fikrimni hamrohlarimdan biriga aytib, imkoni bo‘lsa ozroq pul tashlab ketishini o‘tindim. «Pulim yo‘q emas, bor, lekin bilasizmi, olis yo‘l, har xil vaziyat bo‘lishi mumkin, menku sizga berarman, biroq o‘zimga kerak bo‘lib qolsa, qaydan topaman? Masalaning ana shunday nozik tomonlari bor-da», deya mutafakkirona donolik bilan iltimosimni rad etdi. «Axir sizlar ko‘pchiliksizlar, buning ustiga uch kundan keyin qaytib ketyapsizlar…» «Yo‘q, siz masalaning boshqa jihatlarini hisobga olmayapsiz, masalan deylik, men pulimni yo‘qotib qo‘ydim yoki biron kissovur shilib ketdi. U holda men kimga sarg‘ayaman? Manavi odamlardan bir tiyin chiqadi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, xomtama bo‘lmang. Bularingiz birovga bir tiyin bermaydi. Qolishga qoldingiz, bu yog‘iga bir amallaysiz. Biz u yoqda duoyi joningizni qilib…» Ikkinchi hamrohim sahroyi odamlarga xos jaydarilik bilan to‘g‘risini aytib qo‘ya qoldi: «Yonimda o‘zingiz bilgan ellik dollardan boshqa pul yo‘q. Unga bola-chaqaga mayda-chuyda olaman. Qo‘limga qarab turadigan bir qo‘ra nevara bor. Sovet puli desangiz ozroq berishim mumkin. Bu yerda ishlatmasangiz ham Moskvaga borganda kerak bo‘lib qolar». U bor pulining yarmini qo‘limga tutqazdi. Garchand bunga zarracha ehtiyoj bo‘lmasa-da, rayini qaytarmaslik uchun oldim.

Odam bolasi besabr bo‘ladi, o‘zicha karomatgo‘ylik qilib ertangi kunining g‘amini yeyaveradi, taqdirda yozilganiga qanoat qilmaydi. Men ham bir oy ichida nimalar bo‘lishini bilmagan holda o‘z yog‘imga qovurilar, qadrimni yerga urib, har kimga sarg‘ayardim. Vaholanki, parvardigorning menga atalgan qanchadan-qancha ne’matlari, ko‘rsatadigan iltifotlari bor ekan…

O‘sha kuni kechqurun Safoxon Jalolxon to‘ra o‘g‘li Marg‘iloniyning uyiga mehmonga bordik. «U kishi huzuringizga kelib ziyorat qilolmagani, o‘zlari uyiga taklif etolmagani uchun uzr aytdi. Yaqinda operatsiyadan chiqqani uchun hali quvvatga kirib ketolmagan», deya izoh berdi Rahmatulloh Turkistoniy. Tayinlangan vaqtda to‘q ko‘k oynadan qurilgan ikkita o‘n qavatli bino oldiga kelib to‘xtadik. Eshik oldida jahonning oliy sifatli sayyoralari saf chekib turar, uzun oq ko‘ylak kiygan yigitlar — xonadon sohibining o‘g‘illari qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ygancha tavoze bilan kutib olishdi. Liftda binoning to‘qqizinchi qavatiga ko‘tarildik. Uy egalari binoniig faqat to‘qqizinchi qavatida yashashar, qolgan qavatidagi yaxshi jihozlangan xonalar ijaraga berilar ekan. Mezbon baland bo‘yli, cho‘qqi soqol nuroniy odam ekan. U har birimiz bilan quchoqlashib ko‘rishdi. Meni bag‘riga bosa turib sof qashqar shevasida: «Xush kelibdilar. Ahvollari yaxshimu? Bola-chaqa, al-jut teshliqmu? Hajga qolganlari muborak bo‘lsun!» dedi. Olis Arabistonda uyg‘urcha kalom eshitaman deb o‘ylamaganim uchun g‘oyat ta’sirlanib ketdim. Uyg‘ur diyorining nafasi ufurib turgan otaxonni qayta-qayta bag‘rimga bosdim. Makka, Madina, Jidda, Toif, Riyozda yashovchi juda ko‘p o‘zbeklar yigirmanchi, o‘ttizinchi yillarda Qashqar, G‘uljaga o‘tib ketishgan, Sharqiy Turkistonda ham mustabid Xitoy bosqinchilarining zulmi avj olgach, Afg‘oniston, Pokistonga bosh olib ketishgan, keyinchalik Arabistonga kelib o‘troqlashib qolishgan eran. Shu bois ular o‘zbek va uyg‘ur tillarida so‘zlashar, har ikki tildagi kitoblarni bemalol o‘qiy olishar ekan.

O‘tirishimiz ziyofatdan boshlandi. So‘ng choy ichib suhbatlashib o‘tiriladigan xonaga o‘tdik. Kambag‘alning hovlisidek keladigan katta xona liq to‘la, davramizda uzoq yillik sarson-sargardonlikdan keyin Arabistonda qo‘nim topib, xotirjam turmushga, obro‘-e’tiborga erishgan mo‘ysafidlar, shu zaminda tug‘ilib voyaga yetgan davlat arboblari, olimlar, shoirlar, harbiy sarkardalar, do‘xtirlar, zavod egalari, katta mulkdorlar bor edi. Ularning deyarli hammasi mana shunday sharoitga ega, uch-to‘rt qavatli marmar qasrlarda yashashar, o‘rtacha maoshi to‘rt-besh ming dollarni tashkil etar, ko‘plarining Turkiyada, Amerikada, Olmoniyada uy-joylari bor, faqat yurtga bemalol borib-kelish imkoni yo‘qligidan aziyat chekishar ekan. «Bolalarimiz tilini unutib qo‘yishyapti. Millatni saqlab turadigan narsa — til bilan urf-odat. Tilini unutgan odamning millati ham, vatani ham bo‘lmaydi. Shuning uchun tezroq yo‘l ochinglar. Bolalarimizni yurtga bog‘laylik», dedi bo‘sag‘ada tizzalab o‘tirgan Safoxon to‘ra. «Bu masala parlamentda muhokama qilinyapti. 1993 yildan chegaralar ochilmoqchi, — dedi Odil Yoqub Sovet hukumatining niyatidan yurtdoshlarimizni ogoh etib. — Biz yetmish yildan beri temir qo‘rg‘onning ichiga kirib olib, dunyodan butunlay uzilib qolgan, hatto birovlar bilan qanday muomala qilishni ham bilmaydigan ahvolda ekanmiz. Odamlarni chet elga chiqishga tayyorlash uchun shunaqa muddat belgilandi», «Bilishimizcha, sizlarda zamonaviy zavodlarga, yangi texnikalarga ehtiyoj katta ekan. Agar yo‘llar ochilsa, bunday narsalar bilan yurtni o‘zimiz ta’minlar edik». Bu — yurtdoshlarning mushtarak orzusi ekan. Davramizga universitet domlalaridan biri, uzun soqol qo‘ygan yigit kelib qo‘shildiyu suhbat butunlay boshqacha tus oldi. U bizni jur’atsizlikda, qullikka ko‘nikib qolganlikda, kurashchanlik hislarimiz yo‘qolganlikda aybladi. «Nega istiqlol uchun qon to‘kmaysizlar, nega qurbonlar bermaysizlar? Hurriyat o‘z-o‘zidan kelib qoladi, deb o‘ylaysizlarmi?» deya ta’na qildi u. Men unga paxta dalalarida zahar-zaqqum yutib, Orol dengizi bo‘ylarida ichishga toza suv topolmay qirilayotgan odamlar kammi? Bugun xalqimizning yeydigan oziq-ovqatidan tortib, ichadigan suvigacha, oladigan havosigacha g‘ij-g‘ij zahar. Qovun-tarvuz yeb sog‘lig‘idan ayrilayotganlar, sabzavotdan allergiya dardiga uchrayotganlar had-hisobsiz. Sizga yana qanaqa qurbon kerak, degim keldi. Biroq davrada mendan ko‘ra gapga chechanroq so‘z ustalari bor edi: O‘zbekistondagi ijtimoiy tafakkurning nechog‘li o‘sgani, xalq o‘zini, o‘z qadriyatini tanib yetayotgani, yangi qurilgan partiyalar bunga misol bo‘la olishini, hukumat tepasidagi ayrim guruhlar Farg‘ona fojiasini keltirib chiqarishganini, O‘shda qirg‘in uyushtirishganini, odamlar nohaq to‘kilgan bu qonlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, saflarini jipslashtirayotgani, turkiy xalqlar o‘rtasidagi yakdillik kun sayin mustahkamlanayotgani, yaqin kelajakda buyuk Turkistonning qadimiy shuhrati tiklanajagi bashorat qilindi.

Hammani og‘ziga qaratib so‘zamollik qilayotgan odamning suvdan holva yasayotganiga ajablandim. Uning aytganlari qisman to‘g‘ri bo‘lsa-da, ko‘p gaplari haqiqatdan yiroq xom xayol edi.

«Nega O‘zbekiston Turkiya bilan yaqin bo‘lishga intilmayapti? Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkmaniston Turkiya bilan allaqachon hamkorlikni boshlab yuborishdi. O‘zbekiston haliyam Moskvaning og‘zini poylab o‘tiribdimi?» deya luqma tashladi boyagi qurbon talab qilgan olim. Bu savolning allaqachon cho‘ntakdan tushib qolgan javobi tayyor: «Biz uzoqni ko‘zlab, puxta ish qilamiz». «Nega bu yil Turkiyadan kelgan bir uchoq mutaxassislarni Toshkentga kiritmadinglar? — asabiy olim kutilmagan savollari bilan hammani esankiratib qo‘ydi. — Yordam berishni istagan odamni ko‘kragidan itarish qaysi taomilda bor?» «Hukumat mehmonlarning ko‘kragidan itargan bo‘lsa, mana biz erkchilar, birlikchilar Samarqandga borib kutdik», dedi davrani qizitib o‘tirgan hamrohimiz. «Xo‘sh, nimaga kelishdinglar? Sizlarning gaplashganinglardan xalqqa biron naf bo‘ldimi?» olim borgan sari qizishib, so‘zlarni chertib-chertib gapira boshladi. «Bizning gaplashganimizdan qanday naf bo‘lishi mumkin. Hukumat a’zosi bo‘lmasak. Faqat odamgarchilik yuzasidan…» «Hukumat xalqni ochlikdan sirib, sizlar gap sotib odamlarni laqillatib yurgan ekansizlar-da?»

Olimning ta’nasi faqatgina bizga emas, mezbonlarga ham og‘ir botdi. Davra sovib, suhbatdan fayz ketdi. O‘ng‘aysizlikdan qutulishning birdan bir chorasi tarqalish edi, lekin kutilmaganda Mo‘minjon Turkistoniy suhbat mavzuini o‘zgartirib yubordi.

— Bugungi ijtimoiy o‘zgarishlar adabiyotda qanday aks etyapti? Ahli qalamning bu voqealarga munosabati qanday? Shoirlarimiz haliyam o‘ldim, kuydimni yozib yurishibdimi yoki adabiyotimiz fikriy teranlik kasb etdimi? Shu paytgacha o‘qib, bilib yurgan narsalardan unchalik ko‘nglimiz to‘layotgani yo‘q. Yozuvchilarning raisi sifatida sizning fikringizni bilishni istardik.

Odil Yoqub hali ham boyagi asabiy munozara ta’sirida ekanmi, anchagacha taraddudlanib turdi. So‘ng past ovozda salmoq bilan gap boshladi.

— Sizlar yurtdan chiqib ketgandan keyin ko‘p to‘polonlar bo‘ldi, eng yaxshi adiblarimiz, olimlarimiz, davlat arboblarimiz juvonmarg qilindi. Abdulla Qodiriydek, Cho‘lpondek, Fitratdek buyuk siymolarimiz millatchi degan siyosiy ayblov bilan otildi. Bir parcha toshni tiklab qo‘yib, shu yer Abdulla Qodiriyning ramziy mozori deb xotirasini yodlaymiz. O‘sha ulug‘ odamlarimiz qatag‘on yillarida ham adabiyotning asosiy aqidasiga — hayotni to‘g‘ri aks ettirishga, xalqning dardini rostgo‘ylik bilan baralla aytishga amal qilishgani uchun hayotlaridan judo bo‘lishgan. Bugun adiblarimiz mamlakatimizda yuz berayotgan chinakam demokratik o‘zgarishlardan ruhlanib qalam tebratishmoqda. Shuning uchun ham bizda qalamkashning obro‘si katta. Xalq yozuvchining gapiga qattiq ishonadi. Bizda yozuvchi o‘z xalqining vijdoni degan ibora bor. Xalq bergan bu baho adabiyotimizga bo‘lgan munosabatni ko‘rsatib turibdi. Bizda xalq o‘zi sevgan eng yaxshi adiblarini taqdirlab «Xalq yozuvchisi» degan unvonlar beriladi. Bugun huzuringizda mana shunday yuksak unvonga sazovor bo‘lgan qalamkashlardan uch kishi o‘tiribdi, manavi iste’dodli ukalarimiz esa…

— Bu unvonni sizlarga xalq beradimi yoki sadoqatli xizmatlaringiz evaziga kommunistlar hukumatidan olganmisizlar?

Asabiy olimning ilmoqli savoli endigina jonlana boshlagan suhbatning yana beliga tepdi. Hamma jim bo‘lib qoldi. Muz solingan po‘rtuxol sharbati olib kirildi-yu, savol javobsiz qoldi. Xonadon sohibi xayrlasha turib: «Ichimizda dardimiz ko‘p, to‘kib solaylik desak sizlarning ahvolingiz besh qo‘ldek ayon — hur bo‘lib hur emassizlar, qul bo‘lib qul emassizlar. Yurtga borib, yurakning chigilini yozib kelaylik desak chegarani ochib yubormayapsizlar. Bu yerdagi gaplarni ko‘ngilga olmanglar, kuyganimizdan gapiramiz-da», dedi.

Bu odamlar bizning aslida kimligimizni, nimalar yozib, kimlarga xizmat qilganimizni, imon-e’tiqodimiz ham qanchalik ekanini bilishar, faqat mehmon sifatida izzat-ikrom qilishardi xolos.

Manzilimizga yetib kelgach, hamrohlarim mehmonxonaga, men esam Masjidi Haromga ravona bo‘ldim. Ka’bani tavof etgach, bir chetga chiqib o‘tirdim. Ka’ba atrofida aylanayotgan odamlar oqimiga tikilgancha o‘yga cho‘mdim. Ziddiyatlarga, fojialarga, kutilmagan qiyinchiliklarga to‘la hayotim, adabiyot maydonidagi urinishlarim, yon-verimdagi odamlardan juda kam oqibat ko‘rib, xiyonatga, munofiqlikka juda ko‘p duch kelganim, islomiy tarbiya olib o‘sayotgan bolalarimning hayotdagi dastlabki qadamidanoq to‘g‘anoqlarga duch kelayotgani, umuman, bu dunyoning aqlim bovar qilmaydigan sir-sinoatlari haqida adoqsiz o‘y surdim. Bomdod namoziga aytilgan azon hushimni o‘zimga keltirdi. Ezilgan bir ahvolda sajdaga bosh qo‘ydim: haq yo‘ldan adashtirmagaysan, parvardigor!

* * *

Ishqi yo‘q bedardlarni kuyduroyin dermusan!
Mashrab

Ertasiga Toif shahridagi bir to‘yga taklif etildik.

— Bir hamshahrimiz o‘g‘il uylantiryapti. Kelin tomon ham o‘zimizning turkistonliklardan. To‘yga yurtdoshlarning ko‘pi keladi, bahonada ular bilan diydorlashib olasizlar, — dedi Rahmatulloh Turkistoniy.

Arabistonning shimol tomoniga joylashgan bu shaharga ikki tomondan — cho‘lni kesib o‘tgan tekis yo‘ldan hamda tog‘ oralab o‘tgan past-baland yo‘ldan borish mumkin ekan. Biz cho‘ldan ketdik. Qushdek uchgan sayyora bir soatga qolmasdan taram-taram barglaridan xushbo‘y hid ufurib turgan murch va shapaloq bargli limon daraxtlariga burkangan orasta va fayzli shaharga yetkazib qo‘ydi. Andijonda tug‘ilib, Qashqarda voyaga yetgan, qirq yildan beri Toifda yashovchi shoir Komil Abdullohning uyiga kirib bordik. Toshqin taxallusi bilan dilbar g‘azallar yozuvchi bu odam bizni poyupatak bo‘lib kutib oldi, otasi tirilib kelgandek har birimizga alohida iltifotlar ko‘rsatdi, meni qayta-qayta bag‘riga bosarkan, goh uyg‘urchalab, goh o‘zbekchalab: «O‘zlari menga ikki vatanimning nafasini olib keldilar. Qadamlariga hasanot! Xush ko‘rdik, xush ko‘rdik», derdi. Bu odamning bolalarcha beg‘uborligi meny rom etdi. «Ha, Rahmatulloh, afandim, ko‘zingiz oydin, — deya Rahmatulloh Turkistoniyga murojaat qildi Toshqin. — Yurtdoshlar kelib xursand bo‘lib yuribsizmi? Ishqilib, oqibati xayrli bo‘lsin».

Arabistondagi bir odat darrov e’tiborimni tortdi: uyda o‘tirganlar eshikdan kirib kelgan har bir odamning hurmati uchun oyoqqa qalqiyvermas, har bir keluvchi uchun yuzga fotiha tortilmas, umuman, duo qilish rusumi yo‘q ekan. Eshikdan kirgan odam yoshi, amalidan qat’iy nazar bo‘sh joyga o‘tirar, hech kimning e’tiborini jalb etmay suhbatga qo‘shilib ketaverar, bizdagidek yoshi ulug‘ yoki amali katta bo‘lsa, hammani bezovta qilib, to‘rga chiqarilmas ekan.

Bir kuni Rasululloh sahobalarning huzuriga chiqqanlarida hurmatlari uchun ular gurra o‘rnidan qo‘zg‘alishgan. Payg‘ambar alayhissalom ranjib: «Ajam (arabdan boshqa xalqlar)lar bir-birini ulug‘lab o‘rinlaridan qo‘zg‘olgandek sakrab turmanglar. Men ham bir bandaman, yeb-ichishda, yotib turishda sizlardan farqim yo‘q», deganlar. Bizdagi amaldorlar o‘zlarini xudoning payg‘ambaridan yuqoriroq tutishadi, odamlar ham shunga ko‘nikib ketishgan. Xuddi amali katta yoki yoshi ulug‘ odam albatta to‘rda o‘tirishi kerak, degan qoida bordek hamma istasa istamasa shu tartibga rioya qiladi. Hatto Rasulullohning nechog‘li kamtar, kichik fe’l insonligini yaxshi biladigan domla-imomlarimiz ham doim to‘rni mo‘ljallab turishadi. Go‘yo odamning yaxshisi to‘rda, mundayrog‘i poygakda o‘tiradigandek… Vaholanki, Rasululloh: «O‘z qadrini bilgan odam halok bo‘lmaydi», deganlar. O‘z qadrini bilish esa hech vaqt uyning to‘rini egallashdan boshlanmaydi.

Katta mehmonxonaga odam sig‘may qoldi. Hali dasturxon yozib ulgurilmay bir odam hovliqib kirib keldi-da, xorijga ketayotganini, bizni uyiga taklif etolmasligini aytib uzr so‘radi.

— Mana ko‘rib turibsizlar. Bizga yurtdan boshqa hamma joyga yo‘l ochiq. Istagan paytda xohlagan mamlakatga ketaveramiz. Mening Amerikada ham, Turkiyada ham uy-joyim bor, Yilning istagan faslini o‘sha tomonlarda o‘tkazaman, — dedi Ahmadali Turkistoniy.

— Sizlar ko‘rib turgan farovon turmushga yetishganimizga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ungacha ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdik, — deya suhbatni davom ettirdi Mo‘minjon aka. — Navoiy: «Sham’ki o‘z yog‘i bilan qovrulur, Charx anga fonus kibi evrulur», deganlaridek biz ham zamon ichra tashvish tortdik, goh biz zamonga moslashdik, goh zamon bizga yuzlandi, lekin hech qachon yurtimizning sha’niga dog‘ tushirmadik, millatimizning yuzini yerga qaratmadik. Faqat shoir Toshqin aytgandek:

Jahonda hech kim mazlum bizdek bo‘lmasin, yo rab,
Tug‘ilgan yurtidin mahrum bizdek bo‘lmasin, yo rab, —

deb yashadik.

— Yurtda biz ham holva yeb, sharbat ichib, maza qilganimiz yo‘q, — deya gapni ilib ketdi Shukrullo. — Mana mening o‘zim xalqimning baxtini kuylab she’rlar yozganim uchun yigirma besh yilga kesilganman. Qamoqda tortmagan azoblarim qolmadi, bu yoqda bola-chaqam xor-zor. Xotinimga tuhmatlar qilishgan. Lekin men ularning nayranglariga uchmadim, azoblariga mardona chidadim. Mana adolat bor ekan, oqlanib yana safga qaytdim. Qanchadan qancha she’rlar, «Javohirlar sandig‘i» degan kitob yozdim. Qamoqda ko‘rgan-kechirganlarimni «Kafansiz ko‘milganlar» degan kitobimda bayon etdim. Stalin hukmronlik qilgan yillari ne-ne talantli odamlarimiz yo‘q bo‘lib ketdi. Mana endi zamon boshqa, hammayoq dorilamon. Do‘stim Ramz Bobojon xalq shoiri, SSSR Davlat mukofoti sovrindori, Odil Yoqubov ham xalq yozuvchisi, Sovet Ittifoqining parlament a’zosi, men ham xalq shoiriman, prezidentning maslahatchisiman, O‘zbekistondagi har qanday demokratik harakat borki hammasiga aralashaman.

— Unday bo‘lsa nega yagona Turkiston davlatini yaratish uchun kurashmayapsizlar? — deya luqma tashladi pahlavon kelbatli, xushmo‘ylov doktor Hodi.

Suhbat boshqa tomonga burilib, siyosiy tus oldi, Jamol Kamol O‘zbekistondagi demokratik harakatlar, turkiy xalqlarning yakdillikka intilishi, Turkiya bilan aloqalar haqida to‘lqinlanib gapirdi. Faqat bu gaplar meni andak o‘ylantirib qo‘ydi. Sababi, turkiy xalqlarning bir jonu bir tan bo‘lib ketishiga hali biroz vaqt bor. Agar bizlar kimligimizni anglab, mushtarak fikrga kelganimizda Farg‘onada o‘zbek bilan turk bir-birini bo‘g‘izlamas, uylariga o‘t qo‘ymas, O‘shda qirg‘iz bilan o‘zbek bir-birini o‘qqa tutmas, ko‘cha-ko‘yda chavoqlab ketmas edi. Jilla qursa, o‘sha kunlarda bu xunrezlikka butun Turkiston xalqi norozilik bildirib oyoqqa qalqqan bo‘lardi. Milliy munosabatlar keskinligi hali ham bartaraf etilgan emas. Biz fikran, qalban hali u darajaga o‘sib yetganimiz yo‘q. Tarixning qisqa bir bo‘lagida o‘zining davlat tuzumiga erishgan Turkiston xalqlari qaytadan bir nom ostiga birlashishni istaydimi, yo‘qmi, noma’lum. Masalaning ijtimoiy jihatlarini puxta o‘rganmay turib xulosa chiqarishga shoshilmaslik kerak. Qolaversa, bu yurtdan olisdagi to‘kin dasturxon tepasida o‘tirib hal etadigan gap emas. Mening turkiy xalqlarning birligiga mone’ligim yo‘q, lekin bir xalqni ikkinchi xalqqa yaqinlashtirishdek xayrli ish xuddi poda haydash usulida ado etilishiga qarshiman. Turkiy xalqlar azal-azaldan urug‘-urug‘, qabila-qabila bo‘lib yashagan, o‘z xoni, o‘z yeri, o‘z urf-odati bo‘lgan. «Devonu lug‘atit turk» bilan tanishib chiqqan odam bunga ishonch hosil qiladi. Turkiy urug‘larning tarixiga bir nazar tashlansa o‘zaro yer talashib, qiz talashib, mol talashib kesilgan boshlar, oqqan daryo-daryo qonlar haqidagi ma’lumotlardan esxonasi chiqib ketadi kishining. Necha ming yildan buyon yon-veridagi davlatlarning qutqulariga uchaverib bugungi chorasiz ahvolga tushib qolgan Turkiston xalqlari avvalo tarixiy saboqlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib olmog‘i, o‘zligini tanib yetmog‘i lozim. Shundan keyingina orzularimizga erk bersak yarashadi. Hali o‘zligini anglab yetmagan odamlar to‘dasi — olomon. Olomon xalq emas. Inson o‘zligini anglashi uchun avvalo yaratgan tangrisini tanishi, qalbini imon nuri bilan, miyasini ilm ziyosi bilan munavvar etmog‘i lozim. Fikran va qalban poklangan kimsagina tafakkur etishga qodir. Tafakkur mutlaq haqiqat — inson o‘zidek bandaga qul bo‘lish uchun emas, faqat Allohga sig‘inib, hur yashash uchun yaratilganini anglashga imkon beradi. Fikran va ruhan Allohga qul bo‘lish insonni har qanday izmning kishanparini parchalab tashlashga undaydi. Bugungi Turkiston xalqlari mana shunday ma’naviy kamolotga erishganmi?

Xonadon sohibi qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘lgan bu gaplarga aralashmay kirib-chiqib yurar, madaniyatli odamlarga xos kamsuqumlik bilan poygakda tizzalab o‘tirar, ora-chora mehmonlarni tansiq ovqatu anvoyi mevalardan totinishga undar, nim tabassum zuhr etgan o‘ychan yuz-ko‘zida xavotirga moyil dardchil bir ifoda ham yo‘q emasdi. U kishiga boqib xalqimizning dono hikmatini yana bir karra esladim: Pulsirotgacha tabassum, undan u yog‘i — qahqaha!

Imkon topib sekingina mezbonning yoniga surildim. Ikkalamiz tezgina til topishib, darrov adabiyot, bugungi o‘zbek va uyg‘ur she’riyati, o‘zbek shoiri Erkin Vohidning latif g‘azallari, uyg‘ur shoiri Abdurahim O‘tkirning isyonkor she’rlari, adabiyotga yangi ruh baxsh etgan o‘zbek Muhammad Solih bilan uyg‘ur Ahmadjon Usmon, Qurbon Barot haqida gaplashdik. Men bu qulay imkoniyatdan foydalanib Toshqindan bironta she’r o‘qib berishni o‘tindim. U kishining yuzi yanada o‘ychan tus oldi. Ko‘zoynagini uzun oq qo‘ylagining etagiga obdon ishqalab artgach, tamaki tutatdi, hali ajin tushmagan peshonasini tirishtirib nimalarnidir xotirladi, tamaki tutunini qo‘li bilan yelpib mendan nari haydarkan:

— Yurtni sog‘inib yozgan bir narsam bor, shuni o‘qib beray. Musofirchilikda nimaiki yozgan bo‘lsam hammasi yurt haqida. Andijonda tug‘ilib Qashqarda voyaga yetganman. Ikki akam Andijonda, boshqa jigarlarim Qashqarda yashashadi, volidam o‘sha yerga dafn etilgan. Ikkala Turkiston men uchun birdek azizu mukarram, —dedi. So‘ng past, shikast ovozda she’r o‘qiy boshladi:

Senga ey sevgili tuprog‘imiz jonlar fido bo‘lsin,
Kimikim jon fido etmas senga yuzi qaro bo‘lsin.

Nadomat chekmasun qo‘yningda avloding, hayotinda,
Seni tark aylaganlarning ishi ohu navo bo‘lsin.

Onalig‘ hurmatingni tutmagan bepok nodonlar,
Kuyib hajr o‘tida ruhi azobg‘a mubtalo bo‘lsin.

Judolik ixtiyor hech etmasun vaslingda yurganlar,
Judo bo‘lguncha sendin yaxshidur jondin judo bo‘lsun.

Sotib vijdonni senga xiyonat aylasa har kim,
Kuni tundin qorong‘u, har dami motamsaro bo‘lsun.

Halol et sarf etib emgak vatanning haqini, Toshqin,
Yozib ash’orlar sen elga, el sendin rizo bo‘lsun.

Andijonning gavjum choyxonalarida ko‘k choy ichib, askiya aytishayotgan bag‘ri butun odamlar, Qashqarning nafasni qaytaradigan tor, diqqinafas hovlilarida charxi kajraftorning na boshi, na oxiri yo‘q adoqsiz o‘ylariga botib o‘tirgan kishilar olis Arabistondagi bir farzandi yurak-bag‘ri ezilib ularga intilayotganini bilisharmikin? Baxt faqat to‘kin-sochin, farovon hayotdan iborat deb o‘ylovchi kimsalar, omad faqat dasti uzunlikda deb hisoblovchi kaltabinlar hech narsadan kami yo‘q vatandoshlarimizning Turkiston desa yuragi to‘kilib tushishini xayollariga keltira olisharmikin? Buning uchun kishi yurtiga jonini fido etmasa, yuzi qora bo‘lajagini anglab yetmog‘i lozim. Shundagina tarki vatan etganlarning ishi ohu navoligini tushunib yetadi. Ehtimol, vatan tushunchasi ham nisbiydir. Zamonning zayli bilan yurtdan bosh olib ketgan vatandoshlarimiz yer kurrasi bo‘ylab tariqdek sochilib ketishgan. Ularning hammasi borgan yerida qadr-qimmat topib, ildiz otishgan, o‘sha olis yurtlarda o‘zlariga yarasha nufuzlari bor. Shu paytgacha biz ularni faqat qoralab keldik, tarki vatan etganlarning hammasi qayerlardadir xor-zor bo‘lib, tentirab yurishibdi, deya targ‘ib etdik. Vaholanki, birgina Arabistonda salkam yarim million turkistonlik istiqomat qiladi. Hammasining muhtasham uy-joyi, zavodlari, katta-katta mulklari, xususiy do‘konlari, shifoxonalari bor, ular orasidan o‘nlab fan doktorlari, davlat arboblari, harbiy sarkardalar, diniy ulamolar yetishib chiqqan. Bu odamlar bilan haqli ravishda faxrlansa arziydi. Biz esa yetmish yildan beri bir-birimizning yuziga qora chaplash bilan, fisqu fujur bilan ovoramiz. Kommunistik zulmga asoslangan davlat har qanday iste’dodni juvonmarg qiladigan usullarni o‘ylab topdi. Eng iste’dodli shoirlarimiz mujib tashlangan suyakdek bitta mukofot uchun mustabidlarni najotkorlar deb madh etishdi, yuqorining ko‘rsatmasiga binoan ming yillik urf-odatlarimizga tufurishdi, olimlarimiz esa ko‘zlarini lo‘q qilgancha tariximizni qayta yozishdi, yetmish yil mobaynida voyaga yetgan shifokor qorin og‘rig‘i bilan bodning farqiga bormaydi, adabiyot muallimi Navoiyning bitta g‘azalini o‘quvchilarga to‘g‘ri sharhlab berolmaydi, «Devonu lug‘atit turk»ni varaqlab ko‘rmagan ziyolilar qanchadan-qancha, tujjor faqat yulg‘ichlikni ko‘zlaydi, adliya xodimi adolat tantanasini emas, faqat o‘z hamyonini qappaytirish haqida bosh qotiradi, amaldor zoti borki poraxo‘r. Shumi bizning o‘z yurtimizda yashab vatanparvar bo‘lganimizu tarki vatan etganlarning yurtdan yuz o‘girgani? Bu odamlarni tug‘ilib o‘sgan go‘shasidan ketishga kim majbur qilgan? Vatanparvarlik haqida lof urgan charm kurtkali kaltadumlar emasmi? Bu kimsalarning maqsadi har qanday ziyoli, idrokli, ishbilarmon odamni yo‘qotib, chin ma’nodagi yalangoyoqlar — yo‘qsullar jamiyatini barpo etish edi; orzulari ushaldi — bugun yurtimiz har jihatdan xarob, odamlar ham moddiy, ham ruhiy abgor ahvolga tushdilar. Endi biz o‘sha tug‘ilib o‘sgan makonlaridan quvib chiqarilgan kishilarga qo‘l cho‘zib yordam so‘rayapmiz, muruvvat ko‘rsatishlarini o‘tinyapmiz. Tezroq dunyoga yuzlanadigan, jahon madaniyati, dunyo taraqqiyotidan ulgu oladigan paytimiz keldi. Hazrat Navoiy aytganlaridek:

O‘z vujudingga tafakkur aylagil,
Har ne istarsen o‘zungdin istagil, —

deydigan paytimiz keldi. Kim edigu kimga aylanganimizni o‘ylab ko‘radigan vaqt yetdi. Kimligini anglab yetgan inson yaratgan parvardigorini taniydi. Haqni tanigan odam hurligini, hech kim uni qul qilishga haqqi yo‘qligini uqadi, qadr-qimmatini gumrohlarcha oyoq osti qilgan, mutelik bilan har qanday zulmga bosh egaveradigan kimsa Xudoga ham noravo.

— Agar imkon berilsa, Toshkentdami, Andijondami kichkinagina shifoxona ochish niyatim bor, — dedi Komiljon aka xayolimni bo‘lib. — Odamlarning tishini davolab bo‘lsa-da yurtimning bir koriga yarasam.

Tarixda yurtning mushkulini oson qilish, odamlar xizmatida kamarbasta bo‘lish niyatida riyozat chekkanlar ko‘p. Ulug‘ Mahmud Qoshg‘ariy el-yurtini ma’rifatli qilish uchun necha yillab Bag‘dod madrasalarining tuprog‘ini yalagan. Mulla bolamning diydoriga qachon to‘yarkinman, deya uning yo‘llariga zoru nolon tikilgan onaizorning ko‘zlari sitilib, sadqa joni yo‘lchivindek sarg‘ayib uzilgan. Juda ko‘p azobu uqubat, judoligu musibat evaziga hazrati mullam nomiga erishgan Mahmud Qoshg‘ariy elining nomini to abad ulug‘lab ketdi. Shoir Toshqin esa qo‘lidan keladigan kichkinagina bir yumush orqali bo‘lsa-da xalqining xizmatiga kamarbasta bo‘lmoqchi. Tug‘ilib o‘sgan makonidan haydab chiqarilgan bu odam vatanparvarlik tuyg‘ularini qanday saqlab qoldi ekan?

Kechmadim ham kesmadim umidi vaslingdin sening,
Garchi bizlarga bu kun og‘ushing etding tor sen, —    

deya haqli ravishda ta’na qiladi shoir. Yetmish yillik tarix mobaynida ozmuncha xatolar, jinoyatlar, fojialar yuz bermadimi? Juvonmarg qilingan taqdirlar, bevaqt so‘lgan umrlar, yulduz ko‘rmay zavol topgan orzular uchun kim hisob beradi? Tarixning xatolarini tuzatadigan saodatli kun ham kelarmikin?

— Madinai munavvaraga boradigan paytingizda telefon ulang. O‘zim birga borib, aylantirib kelaman, — dedi Komiljon aka bizlarni kuzata turib. — Suhbatingizga to‘ymay qoldim.

Aslida bu gapni men aytishim kerak edi. O‘zini bolalarcha bir oqko‘ngillik bilan xokisor tutuvchi bu odam menga birdaniga xuddi shikast ko‘nglimga marhamdek em bo‘ldi. Shu bois xayrlashuvimiz ham og‘ir kechdi. Men u kishining yelkasidan quchib, Komiljon aka esa qo‘limdan tutgancha bir-birimizga boqib ma’yus jilmayishar, aytmoqqa so‘z, to‘kib solmoqqa izhori dil topilmas, zero bunga hojat ham yo‘q edi. Ikkovlon shu asnoda xayolan Andijonning istirohatgohlarida, Qashqarning ko‘kteraklar quyuq soya tashlagan toshloq yo‘llarida kezar, goh yurtiga sig‘magan Boburning izlarini, goh O‘poldagi buyuk alloma Mahmud Qoshg‘ariyning, Qashqardagi Yusuf Xos Hojibning maqbarasini tavof etardik, jismimiz Toifdayu ruhimiz olis-olislarda kezib yurar, yuraklarni o‘rtaguvchi anduhli armonlarga taskin-tasalli izlardi.

Jahonda hech kim mazlum bizdek bo‘lmasun, yo rab,
Tug‘ilgan yurtidin mahrum bizdek bo‘lmasun, yo rab.
Jaholat otashila yondurub amvol — amlokin,
Raqiblar qoniga mat’un bizdek bo‘lmasun, yo rab.

Toif shahrining osuda ko‘chalaridagi sayr-tomoshalar ham, yana bir necha xonadondagi quyuq ziyofatlar ham menga tatimadi. Ko‘z oldimdan Toshqinning o‘ychan chehrasi nari ketmas, quloqlarim ostida uning isyonkor, dardli satrlari aks sado berib jaranglardi:

Jahonda hech kim mazlum bizdek bo‘lmasun, yo rab.

Shoirning bu satrlarini aslo noshukrchilikka yo‘ymaslik kerak. Ochunning sir-sinoatga to‘la so‘qmoqlarida sarson-sargardon keza-keza arab zaminida ildiz otib, qadr-qimmat topgan inson taqdirdan nolishi durust emas, qolaversa, butun odamzod kechayu kunduz iltijolar aylab Makkadek qutlug‘ shahar va Ka’badek ibodatgoh ziyoratiga istagan paytida musharraf bo‘lishi ulug‘ saodat. Biroq bu Islomiy burch hech qachon oddiy insoniy tuyg‘u — kindik qoni tomgan tuproqni suyush hissini rad etmaydi. Tug‘ilib o‘sgan zaminni sevmoq ham imonning shartlaridan biri. Hubbul vatani minal imon, ya’ni vatanni sevmoq imondandur, deya marhamat, qilganlar sarvari olam. Demak, yaratganning eng muqaddas ibodatgohi — Ka’bada turib ham tug‘ilib o‘sgan maskanini sevib, unga intilish ayb emas, aksincha bu imonning nishonasi.

Shom namozini Sharqiya mahallasidagi cho‘g‘dek gilamlar to‘shalgan masjidda o‘qidik. Bizni kuzatib yurishgan hamrohlarimiz to‘yga borish uchun uy-uylariga tarqab ketishdi. Biron vatandoshimiz to‘y qilsa, turkistonliklar bola-chaqasi bilan yopirilib kelishar, tantana bahona bir-birlari bilan diydorlashib olishar ekan. Afsuski, bu to‘yda qatnashish bizga nasib etmadi. To‘satdan oqsoqollarimizning fe’li aynab, ketamizga tushib qolishdi. Rahmatulloh Turkistoniyning xijolatomuz gap tushuntirishlari ham kor qilmadi.

— Vatandoshlarimiz sizlarni ziyorat qilish uchun atay to‘yga kelishadi. Ularning sizlarga aytadigan gaplari, beradigan omonatlari bor. Indamay ketib qolsak hurmatsizlik bo‘lmaydimi? — Rahmatulloh Turkistoniy azbaroyi ranjiganidan yig‘lamoqdan beri bo‘lib gapirar, lekin hamrohlarim o‘z qarorlarida ustivor edilar: Nima, to‘y ko‘rmabmizmi, ketamiz, tamom-vassalom. Ertaga Madinaga borishimiz kerak, dam olmasak bo‘lmaydi.

Necha kundan beri ziyoratimizga borib, izimizni ko‘ziga surtgudek bo‘lib yurgan odamlarga xayr-ma’zurni nasiya qilib jo‘nab qoldik. Sayyora shahardan chiqib tog‘ yo‘liga burildi. Xuddi bizning yo‘lga chiqishimizni poylab turgandek birdan qorong‘u tushdi. O‘ngu so‘limizda son-sanoqsiz chiroqlar shodasi yondi. Ilang-bilang buralib ketgan yo‘lning ikki tomonidagi quyuq daraxtlar orasiga joylashgan shinam mehmonxonalar, orasta oshxonayu istirohatgohlar dam oluvchilar kam bo‘lishiga qaramay neon chiroqlarning sutdek nuriga cho‘milib turar, xuddi ertaklardagi tilsim qasrlarga o‘xshab ko‘rinardi. Osmonda yulduzlar charaqlaydi. Toif tog‘larida son-sanoqsiz chiroqlar, sayyora chirog‘i yoritgan yo‘lda esa qator oralarini ajratib turgan nurqaytargichlar yalt-yult qilib ko‘zini qamashtiradi. Beixtiyor O‘zbekistondagi tunda qabristondek qop-qorong‘u zulmat qo‘yniga cho‘mib turadigan qishlog‘u kentlarimiz ko‘z oldimga keldi. Bizda hatto elektr quvvati ham tansiq. Bu afsonaviy bog‘larda esa istagan odam dam olib, qushlarning huzurbaxsh xonishlaridan lazzatlanishi mumkin. Kim ertaroq buyurtma berib, haqini to‘lasa bas. Istirohatgohlarning ko‘pi xususiy. Bizda-chi? Eng xushmanzara joylar avvalo amaldorlarga xizmat qiladi. So‘lim maskanlarga mehnatdan qo‘li qavarmagan rahbarlar va ularning bola-chaqasi dam oladigan joylar, shifoxonalar quriladi. Mehnatkash esa ovqatning sarqitini yeb, umrida biron marta na tog‘ yonbag‘ridagi o‘rmonda, na dengiz bo‘yida dam olmay o‘tib ketadi. Chirib borayotgan kapitalizm olamida, buyuk xayolparast Marks yozg‘irib afyun deb atagan din odamlarning ongini zaharlagan Arabistonda insonning mehnat qilishi uchun ham, bu mehnatning huzurini ko‘rishi uchun ham barcha sharoit muhayyo. Gullay-gullay xazon bo‘lgan sotsializmda esa mehnatkashga faqat zahmat chekish, amaldorga esa faqat rohat qilish imtiyozi berilgan.

Sayyora chirog‘ining yorug‘ida yalt-yult tovlanayotgan nur qaytargichlar xayolni chalg‘itadi. Bizning qaysi ko‘chamizdagi qator oralariga to‘rttagina nur qaytargich o‘rnatilgan? Bizda temir, shisha anqoning urug‘imi? Nega bizning yo‘llarimizda yurgan odamning ichi to‘kilib, xuddi po‘la bo‘lgan qovunga o‘xshab qoladi? Nega chirib borayotgan kapitalizmning tog‘ oralab o‘tgan yo‘llari ham kaftdek tep-tekisu bizning kommunizmga eltuvchi yo‘llarimizda kunduzi ham chiroq yoqib yurmasang yo chuqurga tushib, yo biron do‘ppaygan narsaga qoqilib mayib bo‘lasan? Biz bunchalik didsizlikni, o‘z mehnatimizdan ham lazzatlanmaydigan darajadagi to‘qim tabiatlilikni qaydan o‘rganganmiz? Ota-bobolarimiz kazzob o‘tmagan-ku? Hamma narsaga faqatgina bugun betiga qora chaplanayotgan kommunistik mafkura aybdormi?

Bir paytlari «Ming bir kecha»ni varaqlab odamlarning mehr-oqibati, boy-badavlatligi, el-yurt uchun fiysabililloh xolis xizmatlari, mamlakatning obodligi, san’atning mislsiz taraqqiyoti haqidagi rivoyatlardan esim og‘ib qolgan edi. Bugun arab tuprog‘ida o‘sha kitobda tasvirlangan mo‘jizalarga har qadamda duch kelyapman, odamlarning imon-e’tiqodda sobitligi, halolligi, mehnatsevarligi, mehr-oqibati va alal-oqibat yurtning gullab-yashnaganini ko‘rib o‘zimni xuddi ertaklar olamiga kirib qolgandek sezyapman. Har qanday yuksalish va taraqqiyotning asosi e’tiqod bilan ishonch ekaniga yana bir karra amin bo‘ldim. Yomonlik, birovning haqiga xiyonat, talonchilik, zinogarlik, xunrezlik kabi illatlardan insonni faqat imon qaytaradi. Imonli odamni o‘g‘rilik qilganing uchun qonunning falon bandiga binoan jazolanasan, deb qo‘rqitishning hojati yo‘q. Xudoning yodi, besh mahal ibodat chog‘idagi yaratgan bilan muloqotning o‘ziyoq uni har qanday badbin o‘ylardan qaytaradi. Rasululloh bejiz: «Namoz insonni katta-kichik gunohlardan qaytaradi», demaganlar.

Sayyora chiroqlar yog‘dusiga cho‘mgan oppoq binolar, mevali bog‘lar, bolalarning o‘yin maydonchalari yonidan suzib o‘tyapti. Men nafaqat biri ikkinchisiga o‘xshamaydigan binolarga, hatto har bir buta har bir giyohga bo‘lakcha mehr, qo‘polroq qilib aytganda suq bilan tikilaman. Bu maskanlarning farahbaxsh osudaligini, faqat cho‘l-biyobondangina iborat deb ta’riflangan mamlakatning garddan xoli ozodaligini, siyosiy kurashlar, tinimsiz baqiriq-chaqiriqlardan toliqqan asablarga huzur bag‘ishlaydigan sokinligini yuragim qatiga jo etib olib ketgim bir umr tasavvurimdagi mana shu xayoliy osuda maskanlarda yashagim keladi. Biroq hademay Toif tog‘laridagi qorong‘u kecha, biron yaprog‘iga gard qo‘nmagan bog‘lar, bu bog‘larga sehrli shukuh baxsh etib yal-yal yongan son-sanoqsiz chiroqlar, kaftdek tekis yo‘llar ortda qolar, uchqur sayyora meni shirin xayollar og‘ushidan yulqib olib chiqar va totli o‘ylarim pardek to‘zib ketar edi.

Mehmonxonaga yetib kelganimizda soat tungi ikki bo‘lgan edi. Mezbon biz bilan xayrlashib ulgurmay hamrohlarim yangi injiqlik o‘ylab topishdi.

— Bizga ertalab yettiga sayyora yuborsangiz. Madinaga peshingacha yetib olaylik. Issiqda yo‘l yurolmaymiz, —dedi Shukrullo.

Rahmatulloh Turkistoniyning horg‘in chehrasidan qon qochib, ko‘zlari qisildi, cho‘qqi soqolli iyagi titrab ketdi, jahl ustida qattiq-quruq gap aytib yubormasa edi, degan xavotirda nafasimni ichimga yutib turdim. Yo‘q, chinakam madaniyatli odam hech qachon bunday beodoblikka yo‘l qo‘ymas ekan.

— Hozir vaqt yarim kechadan oshdi. Shu paytda telefon qilib birovlarni bezovta qilib bo‘lmaydi, — dedi u gunohkorona ohangda. — Sizlarni Madinaga olib boradigan sayyora soat ikkida keladi. Kun issiq bo‘lgani bilan sayyoraning ichida kondinsheyn bor, Robitaning xuttubusini yo‘lda hech kim to‘xtatmaydi.

— Bizning Madinada qiladigan ishlarimiz ko‘p, qo‘limizda vatandoshlarimizning xatlari bor, ularni egalariga tarqatishimiz kerak. Peshinda yo‘lga chiqib, kechqurun yetib borsak, ishlarimiz bitmay qoladi, shaharni ham tuzukroq ko‘rolmaymiz, — deya gapga aralashdi Ramz Bobojon.

Rahmatulloh Turkistoniy bir nafas o‘yga cho‘mib turdi-da, eshitilar-eshitilmas: «Subhanolloh!» deb qo‘ydi va imkoni boricha bosiqlik bilan javob qaytardi:

— Xo‘p, men hoziroq uyga borib sizlarga biron sayyora topishga urinaman. Yettida emasu harholda soat to‘qqizga yetib keladi. Yaxshi yotib turinglar. Xayr.

U keskin burilib jo‘nab ketdi. Bu odam Makkadan anchagina olisda turishini, to uyiga yetib borguncha bamdodga azon aytilishini, kuni bilan yuzlab chaqirim yo‘l bosib, yarim tunda birovlarga qo‘ng‘iroq qilib yalinib-yolborish xalqaro tashkilotning mas’ul xodimi uchun o‘ng‘aysiz ish ekanini o‘ylab ezildim.

Hamrohlarim mehmonxonaga, men bamdod namoziga turolmasligim mumkinligidan xavotirlanib Masjidi Haromga kirib ketdim. Bamdod namozini o‘qigach, masjidda yotib odam oldim. Mehmonxonaga qaytganimda allaqachon yuvinib-taranib ulgurgan hamrohlarim Madinaga azonlab ketish fikridan voz kechishgan ekan.

— Voy, voy, voy, yomon o‘sal bo‘ldik, — deya kutib oldi Jamol Kamol. — Kechasi uchlardan oshganda Rahmatulloh Turkistoniy qo‘ng‘iroq qilib, umraga kelgan odam Masjidi Haromda loaqal bir marta jum’a namozini o‘qimasa ibodati qabul qilinmaydi, dedilar. Tamom, biz jum’aga qolamiz, dedim. Ertalab oqsoqollarga hamma gapni aytib vaziyatni tushuntirdim. Jum’ani o‘qib, yo‘lga chiqishga rozi bo‘lishdi.

— Yaxshi bo‘libdi, kecha men gapga aralashishga istihola qilgan edim.

— Umraning shunaqa shartlari borligini bizga oldinroq aytib qo‘ymagan ekansizda, oqsoqol, — deya o‘pkaladi Jamol Kamol.

— Mendan qaysi ibodat qanday ato etilishini hech kim so‘ragani ham yo‘q-ku, baraka topgur.

— Ha, bu gapingiz ham to‘g‘ri.

Nonushta qilib chiqishimiz bilan Rahmatulloh Turkistoniy yetib keldi. Uyqusizlikdan ko‘zlari qizarib, qovoqlari sapqigan bo‘lishiga qaramay, odatdagidek harakatlari chaqqon.

— Biz peshonasi sajda ko‘rmagan gumroh bandalar umraning shartlaridan bexabar bo‘lganimiz uchun ertalabki salqinda Madinaga yetib ola qolaylik, deb o‘ylagan edik. Eminjon ham kamtarlikni haddidan oshirib bizga oldinroq shipshitib qo‘ymabdi. Bilmasdan qilingan gunohni Xudo kechirar ekan, siz ham bizni ma’zur tuting. Sizlarning rejalaringizni buzmay jum’ani o‘qigandan keyin yo‘lga chiqa qolaylik, — dedi hammaning nomidan Odil Yequb.

Rahmatulloh Turkistoniyning chehrasi yorishdi. Jum’aga yetib kelajagini aytib, tezgina iziga qaytdi. Jum’a qanday o‘qilgani, namozning birlamchi shartlari ham buzilgani haqida to‘xtalib o‘tirmayman. Muhimi bu emas: muhimi — istasak, istamasak, bilsak, bilmasak, islomiy hukmlarga itoat etish, qo‘ldan kelgancha Allohning zikrini qilib, ibodatlarni bajo keltirish. Kimning e’tiqodi qanchaligu taqvosi qay darajadaligi har kimning vijdoniga havola.

Hamrohlarim bilan ertasiga Jidda shahrida uchrashdik. Bu yerdagi suv tozalash inshoatini tomosha qildik. Qizil dengiz bo‘yiga joylashgan ulkan korxona ko‘ndalangi ikki yarim metr keladigan sakkizta quvur orqali tinimsiz suv tortar, maxsus qozonlarga kelib tushadigan sho‘r suv qaynatilib bug‘ga aylantirilar va maxsus sovutgichlar orqali o‘tkazilib chuchitilar ekan. Bu ishlarning hammasi kompyuter orqali boshqarilar, yosh-yosh arab yigitlari xuddi doktorlardek orasta kiyinib yurishardi. Bitta shu inshoatning o‘zi kuniga yuz million gallon suvni tozalab Jidda, Makka hamda Toif shaharlarini, ular atroflaridagi qishloqlarni ta’minlar ekan. Bu inshoat ayni vaqtda kahrabo — elektr stantsiyasi ham ekan.

Cheksiz qumliklar orasida poyonsiz dengiz sokin chayqalib turar, bahri muhitdan a’zoyi badanni yayratadigan, odamning kayfiyatini ko‘tarib, ruhini tetiklashtiradigan, tirikchilik tashvishida nuqul qorin haqida o‘ylaydigan bo‘lib qolgan miyani ravshanlashtirib, fikrni tiniqlashtiradigan nasim esardi. Tabiatdagi kenglik inson fe’l-atvoriga ham o‘tishi tabiiy. Fe’li keng odam esa mayda-chuyda turmush tashvishlariga o‘ralashib qolmaydi, qiladigan ishi ham fe’liga yarasha katta bo‘ladi. Bizda esa aksincha, kundan kunga hosildor yerlarimiz kamayib, kengliklarimiz yo‘qolib boryapti, daryolarimizning suvi tortilib, dengizimiz quriyapti, ularni asrash o‘rniga nuqul o‘z maylimizcha har bir viloyat, har bir tumanda ko‘llar, suv omborlari barpo etyapmiz, hamma suvni ja’mlab, quriyotgan Orolni asrash o‘rniga mayda ko‘lchalarni ko‘paytirib, dunyoning ishlarini o‘z fe’limizga moslashtirishga urinyapmiz. Buning oqibati voy bo‘lishi muqarrar. Arabistonda esa yer serob, suv mo‘l, oziq-ovqat, meva-cheva oshib-toshib yotibdi, odamlarning dasturxonidan yil o‘n ikki oy dunyoning tansiq mevalari, sharbatlari, qovun-tarvuz, ananas uzilmas ekan. Bu ham odamlarning fe’liga yarasha mukofot bo‘lsa kerak. Bizning qismatimiz ham fe’limizga yarasha — hamma narsaga zormiz, hamma narsaga muhtojmiz. Muttasil qashshoqlik diydani toshga aylantiradi, diydasi qattiq kimsa esa razil bo‘ladi, bunday odam uchun muqaddas narsa yo‘q.

Suv tozalash inshoatidan chiqayotganimizda Shukrullo quvonchini ichiga sig‘dirolmay xitob qildi:

— Mana bu zo‘r ish bo‘ldi! Haqiqiy mo‘jizani bugun ko‘rdik. Ofarin, ofarin! Shu kungacha hadeb masjidu otel, otelu masjidga qatnab zerikkan edik. Dunyoda mana bunaqa zo‘r ishlar ham bor ekan-ku.

Jamol Kamol unga qo‘shimcha qildi:

— Haqiqatan mo‘jiza ekan, ishqilib xalqiga buyursin. Bizga o‘xshab hamma narsasini birovlarga qo‘shqo‘llab tutqazib, o‘zi kafangado bo‘lib o‘tirmasin.

Sayyoraga chiqishdan oldin dengizga yana bir karra suqlanib tikildim. Bir-birini quvlab kelayotgan to‘lqinlar, epkinda jimirlayotgan mavjlar goh to‘q jigarrang, goh qizg‘ish bo‘lib ko‘rinar, xuddi suv sathiga ahyon-ahyonda birov qizg‘ish rang berib turganga o‘xshardi. Bu biz o‘rgangan ota-bobolarimizning qoni bilan bo‘yalgan ol bayroqqa daxldor qizillik emas, qalblarni shukuhga to‘ldiruvchi nurafshonlikka doxil yorqin rang edi.

* * *

Har kishi yuz g‘am bila dahr ichra sarsondir bukun.
Mashrab

Masjidi Haromning niliy peshtoqlarida, ko‘ko‘par minoralarning qubbalarida imomning salobatli ovozi aks sado berib jaranglaydi:

Ihdinas sirotal mustaqiym. Sirotal laziyna an’amta alayhim g‘oyril mag‘zubi alayhim valazzoliyn. (Bizlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlagin. G‘azabga duchor bo‘lganlarning, adashganlarning yo‘liga emas, o‘zing ne’mat berganlarning yo‘liga (boshlagin.)

Oppoq marmar yotqizilgan ochiq sahnda namoz o‘qirkanman, xayolan Xudoga iltijolar qilaman: «Yaratgan egam, to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmagin!

Insonni dunyoviy hoyu havaslar, nafs vasvasasi to‘g‘ri yo‘ldan adashtiradi. Alloh taolo hech qachon bandasini tarkidunyochilikka undamaydi. Islomda tarkidunyochilik kufrona ne’mat sanaladi. Biroq, xuddi osmonga ustun bo‘ladigandek hayotga keragidan ortiqcha mehr qo‘yish ham durust emas. Odam bolasi bu dunyoning o‘tkinchiligini, hayot ne’matidan avval o‘lim ne’mati yaratilganini unutmasligi lozim. Xususan ibodat paytida bu narsa yodda turishi kerak. Rasululloh bejiz: «Ibodat qilayotganiningizda hozir jonim chiqib ketadi deb, biror hunar bilan shug‘ullanayotganingizda abadiy yashayman deb qiling», demaganlar.

Namozdan keyin Rahmatulloh Turkistoniy qo‘limdan tutib, meni Ka’baning tilla qoplangan eshigi ro‘parasiga olib keldi. Qur’on oyatlari bitilgan zalvarli eshik. Uning ichkarisida nimalar borligi bizga sir.

— Mana shu oyatlarni bizning vatandoshimiz, qashqarlik olim yozgan, — dedi Rahmatulloh Turkistoniy iftixor bilan. — Arabistonda tenglik va chinakam ilm egasining qadr-qimmati qay darajada ekanini shundan ham bilsa bo‘ladi. Ka’ba eshigiga oyat yozadigan biron arab olimi yoki hattoti topilmasmidi? Topilardi. Gap kimning qayerlik ekanida emas, ilmida. Islomda ikkita millat — musulmon va kofir millati bor deganda shu narsa nazarda tutiladi.

Rango-rang tovlanuvchi marmar ustunlar oralab o‘tar ekanmiz, Turkiston elidan borgan olimlarga arab zaminida bunchalar katta iltifot ko‘rsatilishining sabablari haqida o‘yladim.

— Bizga bo‘lgan ehtirom Imom Buxoriy tufayli, — dedi Rahmatulloh Turkistoniy xuddi fikrimni uqqandek. — E’tibor bergan bo‘lsangiz Turkiston diyoridan kelganlarni arablar Turkistoniy yoki Ismoil Buxoriyga nisbat berib, buxoriylar deb atashadi. Buxoriylar Islom dinini ommalashtirishda, hadis ilmini rivojlantirishda beqiyos xizmatlar qilishgan. To‘rt buyuk muhaddisning uchtasi turkistonlik.

Bir kuni ikki kishi bahslashib qolishibdi. Biri arab, ikkinchisi turkistonlik ekan. «Sizlar Arabistonga kelib odam bo‘ldinglar, na zotining na nasabining tayini yo‘q xalq edinglar. Biz tufayli ro‘shnolik ko‘rdinglar», deya malomat qilibdi arab. «Bizning kimligimizni bilmoqchi bo‘lsang men bilan yur, — debdi turkistonlik. Ikkovlon oldin mirshabxonaga kirishibdi. Arabistondagi mirshabxonalarda maxsus qora taxta bo‘lib, o‘g‘rilik, sudxo‘rlik, qotillik qilib qo‘lga tushganlarning ism-sharifi, qaysi mamlakatdanligi yozib qo‘yiladi. Bahslashganlar Makka shahridagi hamma mirshabxonalarga kirib chiqishibdi. Qora taxtalarda bironta turkistonlikning ism-sharifi uchramabdi. Shundan keyin ikkovlon Masjidi Haromga kirib Ka’baning tilla qoplangan eshigiga ro‘baro‘ bo‘lishibdi. «Mana bu eshikdagi oyatlarni kim yozgan? Turkistonlikmi?» deb so‘rabdi turkistonlik, arab bosh irg‘ab tasdiqlagach, shahardagi eng katta kutubxonaga olib boribdi. Islom tarixida katta obro‘-e’tibor qozongan turkistonlik muhaddis — Imom Buxoriy, Imom Termiziylarning kitoblarini ko‘rsatib: «Bular kimlar?» deb so‘rabdi. Arab gap-so‘zsiz bosh egib qulluq qilibdi. Aytmoqchimanki, hali turkistonlikdan o‘g‘ri, kazzob chiqqan emas. Shuning uchun obro‘yimiz baland.

Qalbimda ajib iftixor hissini tuyaman. Masjidi Haromda ibodat qilishga, Ka’bani ziyorat etishga, Makka ko‘chalarida bemalol kezib yurishga o‘zimni to‘la haqli hisoblayman. Islomda millat ayirmasi bo‘lmasa-da, lekin mening turkistonliligim boshqalardan qadrimni baland qilib turadi. Birgina imom Buxoriydek buyuk zotning nomi butun turk ulusning sharafini shunchalar yuksaltirishga kifoya qilibdi. Bugun-chi, bugun Turkiston diyori jahon madaniyatiga, Islom taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shadigan qanday allomai kiromlarni yetishtirdi? Biz Imom Buxoriy, Imom Termiziy singari zotlarga munosib voris bo‘la oldikmi? Beruniyu Forobiy, Mahmud Qoshg‘ariyu Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy Mashrabdek buyuk daholarning o‘gitlariga amal qildikmi? Kim edigu kimga aylandik? Islom dini odamlarni birlikka, hamkorlikka chaqiradi. Afsuski, bugun Turkiston dayoridagi parokandaliklar, guruhbozliklar, mazhabfurushliklar avvalo musulmonchilik da’vosini qilayotganlardan chiqyapti. Bugungi ma’naviy tanazzulning manbalaridan biri mana shu.

— Sharqiy Turkistonga borgansiz-a? — deya to‘satdan so‘rab qoldi Rahmatulloh Turkistoniy.

— Ha, bultur borib, to Qashqargacha aylanib keldim. Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Omonnisoxon, Furqat qabrlarini ziyorat qildim.

— Yozuvchi odamsiz, odamlarning ahvol ruhiyasiga zehn solgandirsiz, albatta, — Rahmatulloh Turkistoniy to‘xtab bir nafas Ka’ba atrofida aylanayotgan odamlarga o‘ychan tikildi, so‘ng ajabtovur xasta ovozda gapida davom etdi. — E’tibor bergan bo‘lsangiz odamlarimizning ruhi so‘nik, hech narsaga ishonmay qo‘yishgan, ertangi kundan umidlari yo‘q, ruhan mayib. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?

— Zulm-istibdodda albatta. Xitoy salkam ikki yuz yildan beri otaverib, chopaverib odamlarimizni soyasidan ham qo‘rqadigan qilib qo‘ygan.

— Yo‘q, tarbiyamizning buzuqligida, — Rahmatulloh Turkistoniy muloyim tabiatiga zid holda keskin e’tiroz bildirdi. — Biz bolalarni bir qarichligidan mute’likka, fikrlamaslikka, o‘z gapini aytmaslikka majbur qilamiz. Alisher Navoiy to‘rt yasharligidayoq otasining do‘stlari bo‘lmish shoirlar, olimu fozillarning suhbatida ishtirok etar, ularning ilmu urfon, adabiyot va san’at haqidagi fikrlarini quyma quloq bo‘lib tinglardi, deymizu o‘z bolalarimizni kattalar o‘tirgan yerga yaqin yo‘latmaymiz. Kattalarning gapiga aralashma, odobsizlik bo‘ladi, deb koyiymiz. Hamma narsani taqiqlayverib, cheklayverib bolani mushtdayligidanoq ruhan mayib, jur’atsiz qilamiz. Bunday tarbiya ko‘rgan bola hech qachon o‘z fikriga ega bo‘lmaydi, quvonchi yoki noroziligini botinib birovga aytolmaydi, ya’ni raddiya bildirishdan cho‘chiydi, alhosil doim birovning amrini kutib turadigan, birovning aqli bilan ish qiladigan qulga aylanadi. Bir necha yuz yildan beri mana shunday yaramas tarbiya usulimiz bilan ruhan abgor, fikran zaif, aqlan noqis qullarni voyaga yetkazayapmiz. Vaholanki, Alloh taolo har bir insonni hur qilib yaratgan. Allohning hur bandalarini qulga, ruhan mayib kimsalarga aylantirish gunohi azim. Qaysi xalq mazlum, birovning qo‘l ostida xor-zor bo‘lsa, avvalo o‘zidan o‘pkalasin. Alloh ularni qul qilib emas, hur qilib yaratgan, har bir xalq o‘z fe’l-atvori, niyati va tarbiyasi tufayli erkidan ayriladi. Biz bolalarimizni kattalarning gapiga aralashishdan qaytarish o‘rniga fikrini qay tarz bayon etishni, odob bilan muomala qilishni o‘rgataylik.

Kutilmagan bu fikrga qanday munosabat bildirishni bilmay qoldim. Men shu paytgacha qullik faqat o‘zgalarning zulmi tufayli bo‘yniga ilinadigan sirtmoq, undan qutulish uchun faqat shu sirtmoqni uzish, o‘zni kurashlar o‘tiga urish kerak deb hisoblardim. Ajabki, qullikning men bilmagan boshqacha ko‘rinishlari ham bor ekan. Chindan ham fikran, ruhan o‘zini dahlsiz, ozod his etmagan odam hech qachon jisman hur bo‘lolmaydi. Ruhan hur inson esa har qanday taqiq va ta’qiblarga so‘z bermay istiqlolga intiladi, bunday odamni qul qilib bo‘lmaydi. Afsuski, biz o‘z tarbiyamiz bilan qulvachchalarni voyaga yetkazayotganimizni xayolimizga ham keltirmagan ekanmiz.

— Saudiya Arabistoniga ko‘pincha Indoneziyadan xizmatchilar olib kelinadi. Ma’lum yilga shartnoma tuzilgach, Indoneziya hukumatining vakillari: o‘g‘il-qizlarimizga har qanday yumushni buyursanglar bo‘yin tovlamay bajarishadi, agar ularning xizmatidan ko‘nglinglar to‘lmasa koyishinglar, maoshini kamaytirishinglar mumkin, faqat zinhor-bazinhor boshini silay ko‘rmanglar, deb tayinlashar ekan. Agar birov boshini silasa, indoneziyalik o‘zini haqoratlangan hisoblab, qattiq norozilik bildirar ekan. Mantiqan o‘ylab ko‘rilsa, faqat g‘arib, bechora odamga muruvvat ko‘rsatib boshi silanadi, to‘g‘rimi, Amin afandi.

— Bizda bu narsa butunlay boshqacha tushuniladi-ku.

— Gap qanday tushunishda emas, mohiyatda, — dedi Rahmatulloh Turkistoniy munozaraga o‘rin qodirmaydigan ohangda. — Kim bo‘lishidan qat’iy nazar birovning boshini silagan odam uzini kudratli, muruvvatli hisoblaydi, to‘g‘rimi? Muruvvat Allohga xos. Bir banda ikkinchisiga faqat yordam berishi, qo‘lidan kelsa, ozgina ko‘maklashishi mumkin, xolos.

Bu fikr bolalar tarbiyasi haqidagi muloqazadan ko‘ra g‘aroyibroq, qiziqroq edi, ayni vaqtda biri ikkinchisini mantiqan to‘ldirardi. O‘z fikrini aytishga jur’at etolmay o‘sgan bola voyaga yetgach, birovning qo‘llab-quvvatlashiga, to‘g‘rirog‘i boshini silashga ehtiyoj sezadi. Oqibatda shunday mute avlod, hatto xalq voyaga yetadi. Masalan, yetmish yildan beri o‘rislarni barcha mazlum ellarning xaloskori, pushtipanohi deb hisoblab kelgan juda ko‘p oz sonli xalqlar bu fikr mantiqqa zidligini endigina anglab yetdilar. Bir millat agar o‘z tili urf-odatlari, or-nomusini yo‘qotmagan bo‘lsa, hech qachon boshqa bir millatning etagidan tutib, uning sadaqasiga ko‘z tikib yashamasligi kerak. Afsuski, hali o‘zligini to‘la anglab yetmagan, or-nomusi toptalaverganidan izzat nafsi o‘lib ketgan xalqlar yo‘q emas. Ular hamisha birov boshini silashini kutib, buni o‘zlariga og‘alarcha mehribonlik bilib yashashmoqda. Necha ming yillik uzoq tarix mobaynida jangovor xunlarning faxri, eng botir, eng jasoratli sarbozlari hisoblanib kelgan uyg‘urlar ikki asrdan buyon bosqinchilarning barcha xo‘rligu zo‘rliklariga qo‘ydek yuvoshlik bilan ko‘nib, qullik qismatiga rozi bo‘lib yashashyapti. Ularning itoatkorligi tufayli hatto dunyo xaritasidan bu qadim diyorning nomi ham o‘chirib tashlandi. Endi hech kim bu yurtni Uyg‘uriston yoki Sharqiy Turkiston deb emas, balki bosqinchilar qo‘ygan nom bilan Shinjong — yangi zabt etilgan yer deb ataydi. Bu yurtda hamon marksizm, leninizm, singari faqat hukmron millatning manfaatlarini himoya qiladigan g‘ayriinsoniy ta’limotlar ustivor. Bu ta’limotlarga qarshi chiqish — jinoyat, har qanday jinoyat esa qonun bilan jazolanadi. Qo‘ydek yuvoshlik bilan qismatiga rozi bo‘lib yurgan kimsalarga muruvvat ko‘rsatilib, boshi silanadi. Bu holdan norozi bo‘lib dod deb yuborgisi, qadimiy jasoratini, dunyoni hayratga solgan dovrug‘ini yo‘qotib qo‘ygan xalqni boshi silansa, izzat-nafsi haqoratlanadigan indoneziyalik qilib yaratsang bo‘lmasmidi, parvardigor, deb yuborgisi keladi kishining.

Ikki yil muqaddam Urumchiga borganimda bir ziyoli odam: «Taqsir, o‘zlari ham dindor, ham yozuvchi ekanlar, xolisanilloh aytsinlarchi, xudo biz uyg‘urlarni unutib qo‘ydimi? Esimizni tanigandan beri ko‘rganimiz xo‘rlik, zulm. Xudoni tanimaydigan, hatto o‘zi yasagan haykalga ham cho‘qinmaydigan qizil kommunistlarga qul qilib qo‘ydi. Bizning ham taqdirimiz o‘zgaradimi yoki to qiyomatgacha xitoylarning zulmidan qutulolmaymizmi?» deb qoldi. Men uning ezilib aytgan gapiga e’tiroz bildirdim: «Xudo sizlarni emas, sizlar xudoni unutib qo‘ygansizlar. Musulmonchilik da’vosini qilasizlaru masjidlar huvullab yotibdi, erkak zotining hammasi qovoqxonalarda aroqdan bosh ko‘tarmasa, xotin-xalaj yarim yalang‘och holda ko‘chadan beri kelmasa, mullalar islom deb nuqul bid’atu jaholatni targ‘ib etishsa, masjidlarda odamlarni imondan qaytaradigan ruhsiz, mantiqsiz va’zlar aytilsa, namoz o‘qigan, ro‘za tutgan odam davlat jinoyatchisi deb atalsa, hech kim o‘z qismati haqida tuzukroq o‘ylab, birlashish, bosh ko‘tarish haqida o‘ylamasa, yana xudoni aybdor qilasizmi? Alloh taoloning siz o‘z fe’lingizni o‘zgartirmaguncha men sizning qismatingizni o‘zgartirmayman, degan va’dasi bor. Biz avvalo Qur’onni mahkam tutaylik, xudo ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘ldan yuraylik, agar shunda ham qismatimiz o‘zgarmasa, keyin xudodan o‘pkalaylik. Islom dini millati va irqidan qat’iy nazar odamlarni birlikka chaqiradi. Sizlar birlashib asosiy yovga qarshi kurashish o‘rniga hali ham mahalliychilik bilan ovorasizlar. Qani endi insofan ayting-chi, xudo sizlarni unutib qo‘ygan bo‘ladimi yoki sizlar xudodan yuz o‘girgan hisoblanasizlarmi?»

Menga kinoyali savol bergan odam boshini quyi solintirgancha churq etmadi. Dunyoda nochorlik va alamdiydalikdan shunday boshi egilgan kimsalar ko‘p. Afsuski, ular kimdir boshini silashini, biron qo‘l muruvvat ko‘rsatishini kutadi. Bunday insonlarga qaddingni rostla, biron kazzob boshingni silab, seni o‘z maslagiga moyil qilib olmasin, degisi keladi kishining.

Rahmatulloh Turkistoniy bilan Makka ko‘chalarida uzoq sayr etib yurdik. Shahar ko‘chalari tor, buning ustiga barcha binolarning birinchi qavati do‘kon, oshxona, ustaxona bo‘lgani uchun yo‘lovchilar bemalol yurishi mahol, ustiga-ustak haj mavsumi boshlangani uchun dunyoning turli chekkalaridan had-hisobsiz odam oqib kela boshlagan, hamma qayoqqadir oshiqadi, nimadir xarid qiladi, havosi salqin yurtlardan kelganlar issiqqa chidolmay duch kelgan suv do‘koni oldida uymalashadi. Ko‘pdan beri g‘oyibona tanishib, bir-birimizga intilib yashayotgan ikki hamroh na odamlarning g‘ala-g‘ovuriga, na sayyoralarning shovqin-suroniga parvo qilmay ohista suhbatlashib borardik. Yo‘limizga yog‘du to‘shaladi, quloqlarimiz ostida Allohning zikri tinimsiz jaranglaydi, ruhimizda ajib bir xushnudlik, biri-ikkinchisiga xalal berib oqib kelayotgan fikrlarimizni aytib ulgurolmaymiz, ko‘pincha sukutga cho‘mib odimlaymiz, nazarimda bunday asnoda bir-birimizni yaxshiroq anglayotganga o‘xshaymiz.

— Bugungi Turkiston dunyo taraqqiyotidan ancha orqada qoldi. Xususan ilm-ma’rifat sohasida oqsayapsizlar. Endigi vazifa yosh avlodni dunyo madaniyatiyu ma’rifatidan ogoh qilib voyaga yetkazish.

— Meningcha biz birinchi navbatda o‘zligimizni tanib yetmog‘imiz darkor. Keyin boshqalarga ergashsak bo‘ladi.

— Bu biri ikkinchisini to‘ldiradigan narsa. Masalan, Sovetlar Ittifoqi bilan Chinda ko‘pdan beri odamlarni manqurtlashtirish siyosati yurgizilmoqda. O‘tmishini unutgan, tarixini bilmaydigan, ayni vaqtda bugungi dunyo madaniyatidan bebahra odamlar tarbiyalanmoqda. Bunday kimsalar qorindan boshqa narsa haqida o‘ylamaydi. Men Sharqiy Turkistonda ham, O‘zbekistonda ham bo‘lganman, afsuski, hur fikrli odamni oz uchratdim. Odamlar bir-biridan hadiksirab turishadi.

— Hur fikr yuritish uchun insonning o‘zi hur bo‘lmog‘i kerak-ku. Lekin bizning yurtlarda marksizm-leninizm niqobi ostida hurriyat butunlay poymol etilgan. G‘arbiy Turkistonda ozodlik chechaklari endigina nish ura boshladi, lekin Sharqiy Turkiston hali ham qullik botqog‘iga botib yotibdi.

— Hurriyat osmondan tushmaydi, uni qo‘lga kiritish kerak. Hurriyatga yetish uchun bu yo‘lda kurashadigan odamlarni voyaga yetkazish lozim. Meningcha ishni maktablardan boshlash, kimligini anglab yetgan chinakam ma’rifatli yoshlarni tarbiyalash kerak. Aks holda yana hamma urinish behuda ketadi. Islomdan, dunyoviy ilmlardan, tarixdan xabardor, bir necha tilni puxta biladigan avlod voyaga yetishi zarur. Shundagina bizning asriy orzuimiz ushaladi.

Ko‘hna Xo‘tanda tug‘ilib Makkada voyaga yetgan zamonamizning zakiy olimlaridan biri Rahmatulloh Turkistoniy o‘z diyorida chinakam hurriyat tantana qilishi uchun kuyinar edi. Rasululloh birovga yaxshilik qilishni o‘ylagan odamga shu niyati uchun bitta savob, agar uni ro‘yobga chiqarsa, yetmishta savob beriladi, deganlar.

* * *

Bir odam donodan so‘rabdi: «Nima uchun hamma payg‘ambarlar yahudiy bilan arabdan chiqqanu turklardan biron nabiy dunyoga kelmagan!» «Nega chiqmas ekan, Odam Ato bizdan-ku», deya javob beribdi dono.

Jiddadagi plastik zavod egasining ism-sharifi rasmiy hujjatlarda Muhammad Amin Tojiboy, norasmiy Qodir hoji. U kishi Komil Abdullohning Qashqarda birga katta bo‘lgan eski qadrdoni bo‘lgani uchun uyda bor-yo‘qligini surishtirmasdanoq bostirib boraverdik. Xizmatkor ayol muddaoimizni eshitgach, bizni ro‘paradagi mehmonxonaga boshladi va hayal o‘tmay daroz gavdali, ozg‘inligi va xiyol bukchayib yurishi bilan Don Kixotni eslatuvchi (faqat soqol — buruti yo‘q) oltmish yoshlar chamasidagi odam kirib keldi. Bir piyoladan choy ichilgach, u kishi bizni zavodiga olib bordi. Bu zavodda asosan polietilen dasturxon, qop hamda xaltalar chiqarilar ekan. Har xil shirkatlarning nomi, manzili yozilgan turli rangdagi bu narsalarning sifati haqida gapirish ortiqcha. Hamma ish avtomatlashtirilgan, ishchilar faqat dastgohlarning ishlashini nazorat qilishar, tayyor mahsulotlarni taxlab, jo‘natishga hozirlashar ekan xolos.

— Ishchilaringiz qancha maosh olishadi? — deya qizisindim.

— Eng past maosh ming riyol, ikki-uch ming oladiganlari ham bor, — dedi Qodir hoji. — Injenerlarning maoshi o‘n mingdan oshiq. Sizlarda ahvol qanday?

— Bizda kamdan-kam odam ming so‘m maosh oladi. Daromad ozu buromad ko‘p. Narx-navoda ham farq katta ekan, ko‘p narsalar bizda qimmatroq, buning ustiga tanqisroq, odamlarning topish-tutishi sizlarnikidan bir necha hissa kamroq.

— Ajib?! — deya luqma tashladi Komil Abdulloh. — Bitta oila bir kishining topgani bilan farovon yasholmaydimi?

— Yo‘q, bitta odamning qo‘liga qaragan oila ochdan o‘ladi, — dedim haqiqatni xaspo‘shlab o‘tirmay. — Bizda ishchining maoshi to‘rt yuz-besh yuz so‘mdan oshmaydi, o‘qituvchi, doktorlar undan ham kamroq olishadi, dehqonning topish-tutishini aytsam, umuman ishonmaysizlar. Lekin bozorda bir kilo go‘sht o‘ttiz so‘m, pamildori bilan piyozning narxi besh so‘m, qurtlagan olma o‘n so‘mga chiqib ketdi.

— Dehqonlarga biron imtiyoz beriladimi?

— Ha, erta tongdan shom qorong‘usigacha tinimsiz mehnat qilish imkoniyati beriladi. Topgani kuniga bir mahal qozon qaynatishga zo‘rg‘a yetadi.

— Ajib?! — dedi Komil Abdulloh battar hayrati oshib.

— Qodir hojim, siz savob talab odam ekansiz, agar Toshkentda shunga o‘xshash biron zavod qursangiz savobning tagida qolib ketardingiz, — dedim.

— Men tujjor emas, sanoatchiman. Agar kuymasligimga kafillik bersangiz qurganim bo‘lsin.

— Men hukumatning nomidan kafolat bera olmayman, albatta. Lekin Turkiston uchun sarflagan har bir tiyiningiz bekor ketmaydi. Yaxshilik qil, daryoga sol, baliq bilur, baliq bilmasa holiq bilur, degan naql bor-ku. Xudoga tavakkul qilib ish boshlayveraylik, biron najot yo‘li topilib qolar.

Qodir hoji yosh boladek qiqirlab kuldi, Komil Abdullohni asta nuqib:

— Mehmoningiz anchagina quv chiqib qoldi-ku, — dedi.

— Xo‘p, deyavering, Qodir hoji, tavakkulchining ishini Xudoning o‘zi o‘nglaydi, — dedi Komil Abdulloh mening fikrimni quvvatlab. — Agar sarmoyangiz yetmasa, uch-to‘rt kishi birlashib shirkat tuzinglar. Emin hoji Toshkentga qaytgach, xayriya vaqfi qurmoqchi. Ikkalanglar shartnoma tuzib ish boshlayverasizlar. O‘zbekiston hukumati bilan bo‘ladigan hamma muomalani bu kishi o‘z zimmasiga oladi.

Qodir hoji peshonasini tirishtirgancha o‘ylanib qoldi. Birdan soatiga ko‘z tashladi-da: «Peshin vaqti bo‘lib qolibdi», deya bizni zavodning yonboshydagi palos to‘shalgan ochiq maydonga boshladi. Shapaloq bargli lo‘z daraxtlarining soyasida namoz o‘qigach, Qizil dengiz sohiliga yo‘l oldik. Shundoqqina dengiz sohilidagi shinam oshxonada tamaddi qilib, haddan tashqari xushbo‘y choy ichdik. Men mezbonimizning og‘zini poylab, iltifotli biron gap aytishini betoqatlik bilan kutardim. U kishi esa nuqul suhbatimizga aloqasi yo‘q narsalar haqida gapirardi.

— Bekor o‘tirguncha omad haqida bir rivoyat aytib beraymi? — deb qoldi to‘satdan mezbonimiz. Men u kishidan butunlay boshqacha gap kutayotganim uchun ensam qotib indamadim. Komil Abdulloh esa: «Qani, qani», deya qiziqish bildirdi. Qodir hoji xizmatchi keltirib qo‘ygan chilimni quldiratib tortgach, gap boshladi. — Kunlarning birida Omad bilan Davlat uchrashib qolishibdi. Omad baland bir tepalikka chiqib, yaslanib yotgan ekan. Uning takabburlik bilan yuqoriga chiqib olganiga g‘ashi kelgan Davlat: «Hoy beodob, pastga tushib menga salom ber», debdi. Omad pinagini buzmay: «Nega men senga salom berishim kerak ekan?» deb so‘rabdi. «Chunki men insonni baxtli qilaman. Kimki meni qo‘lga kiritsa, hamma orzusiga yetib, bearmon yashaydi», debdi Davlat, «Bekorlarni aytibsan, agar insonga men yor bo‘lmasam seni qo‘lga kiritgani bekor. Odam bolasiga avvalo omad kerak. Davlatga ham, shon-shuhratga ham faqat men tufayli erishadi», debdi Omad.

Bahs uzoq davom etibdi-yu, lekin baribir bir to‘xtamga kelisholmabdi, alhosil, har ikkalovi ham o‘zining haqligini isbotlash uchun birga yo‘lga tushishibdi. Bir yaylovga kelishsa, boshini qotirmoch bosgan bir toz poda boqib yurganmish. «Menga o‘z kuchimni sinab ko‘rishga izn ber. Mana shu toz orqali nimalarga qodirligimni ko‘rsataman», debdi Omad. Davlat rozilik berar-bermas qattiq shamol chiqib, o‘tlab yurgan mollar turli tomonga tirqirab ketibdi. Toz ularning qay birini qaytarishni bilmay boshi oqqan tomonga qarab yo‘lga tushibdi. Ko‘z ochirmas shamolda yura-yura muhtasham bir binoning oldidan chiqib qolibdi. Dovdiraganicha borib jonholatda darvozani taqillata boshlabdi. Darvozabon uning kimligini, bu yerga nima maqsadda kelganini surishtiribdi. Toz boshiga tushgan tashvishni aytib, biron yordam berishini o‘tinibdi. Bu joy podshohning yozgi oromgohi ekan. Shamol chiqishidan bir kun burun podshoh bu yerga istirohatga kelgan ekan. Darvozabon podshohga tozning arzini yetkazibdi. Unga rahmi kelgan podshoh: «Bir sho‘rpeshona bechora ekan, mening soyai-davlatimda besh-o‘n kun yuratursin. Qayg‘usi unutilib, sal dardi arigandan keyin ketar», debdi. Shu kundan e’tiboran toz podshohning so‘lim bog‘ida yayrab yuraveribdi. Birov unga ish buyurmas, hukmdorning iltifoti tufayli yegani oldida, yemagani ketida ekan.

Podshohning qarorgohida usta naychi bo‘lib, u har kuni subhda yoqimli kuylar chalib, hukmdorni bomdod namoziga uyg‘otar ekan. Unga havasi kelgan toz astoydil qunt qilib nay chalishni o‘rganibdi va qisqa muddatda ustozini yo‘lda qo‘yadigan mohir san’atkorga aylanibdi. Uning ta’rifini eshitgan podshoh huzuriga chorlabdi. Toz bor mahoratini ishga solib shu qadar ehtirosli kuylar chalibdiki, hukmdor o‘zini Arshi A’loda yurgandek his etibdi va shu kundan e’tiboran uni o‘ziga xos naychi qilib olibdi. Podshohning naychisi boshini qatirmoch bosgan kal bo‘lishi mumkin emas, shu bois tabiblarni chaqirtirib, tozni davolashni buyuribdi. Bu imkonsiz ishga qanday chora topishni bilmay boshi qotgan tabiblar tavakkaliga ish tutishibdi. Ajabki, qanday dori berishsa, em bo‘lur, hatto balchiq surib qo‘yishsa ham kundan kunga eti o‘zgarib, tozning boshidan tuk chiqa boshlabdi va roppa rosa qirq kunda jingalak soch yigitga aylanibdi.

«Ko‘rdingmi? — debdi Omad. — Yaqinda u podshohga kuyov bo‘lib, taxtga chiqadi». «Bo‘lmagan gapni gapirma. Shu tozni kuyov qilib podshoh esini yebdimi?» debdi Davlat. «Ozgina sabr qilsang aytganim kelishini ko‘rasan», debdi Omad kulib. Tabiblar tozni hammomga tushirib, shohona liboslar kiydirib podshohning huzuriga olib kirishibdi. Taxtga yaqin kelganda toz to‘satdan podshohning yuziga tarsaki tortib yuboribdi. Podshohning boshidagi toj uchib ketibdi. Darg‘azab bo‘lgan hukmdor darrov jallod chaqirtiribdi. «Bir qoshiq qonimdan keching, taqsiri olam, — debdi toz yerda yotgan tojga ishora qilib. — Tojingizda zaharli chayon dumini gajak qilib turgan ekan. Agar uni o‘ldirish uchun qo‘l uzatsam, noto‘g‘ri tushunib albatta qo‘limni kestirar edingiz, ikki o‘rtada sizni chayon chaqib o‘ldirardi. Men gunohkor qulingiz sizning hayotingizni saqlab qolish uchun shunday odobsizlik qilishga majbur bo‘ldim», debdi toz.

Olib qarashsa, tojda zaharga to‘lgan chayon dumini gajak qilib turganmish. Quvonchi ichiga sig‘magan podshoh tozni o‘ziga kuyov qilib, toj-taxtini topshiribdi. «Ana, ko‘rdingmi, —debdi Omad. — Insonga hamma narsadan ko‘ra men zarurroqman. Omad yor bo‘lsa inson barcha orzusiga yetadi». Davlat unga tan berib, qulluq qilibdi.

— Bundan chiqadigan xulosa…

— Qanday xulosa chiqishi yosh bolaga ham ayon-ku, Komil hojim, — dedi Qodir hoji. — Er kishiga ham, har bir xalqqa ham omad kulib boqmasa, dunyoga kelgani bekor ekan. Biz uyg‘urlarning toleimiz pastligi, peshonamiz sho‘rligini o‘ylab xo‘rligim keladi. Ba’zan, Xudoyim murtad bo‘lib ketgan odamlarga ham, Allohning birligiga shak keltirib, musulmonlarga juda ko‘p ozoru kulfatlar yetkazayotganlarga qam nusrat beradi-yu, biz uyg‘urlarni, umuman turkistonliklarni muncha xor-zor etmasa, degan shakkok xayollarga boraman. Bizdan omad butunlay yuz o‘girib, yurtimizdan etak silkib chiqib ketdimi, deyman. Afrikadagi hali otini yozishni bilmaydigan yarim yovvoyi qabilalar ham hur bo‘lib, o‘z davlatini qurdi. Dunyo madaniyatining oltin beshigi bo‘lgan turkiston xalqlari hamon mazlum, ayniqsa uyg‘urlarning dunyoda bor-yo‘qligini birov bilmaydi. Qo‘lingdan omad ketsa, shunday bo‘larkan. Shu tobda bizga taalluqli yana bir rivoyat yodimga tushib ketdi. Aytib beray, a?

Bir o‘rmonda vahshati jam’iki tirik jonni zir titratadigan sher yasharkan. U hayvonlarning podshosi bo‘lsa ham, sichqondan qo‘rqar ekan. Bu baloi-qazodan qanday qutulish mumkinligi haqida yon-veridagilarga maslahat solibdi. Vazirlardan biri qo‘shni o‘rmonda sichqonning kushandasi bo‘lmish mushuk degan maxluq borligini, agar u olib kelinsa, shahonshoh xotirjam yashashi mumkinligini aytibdi. Podshohning amri vojib, sichqon degan baloi-qazoning kushandasi mushuk o‘sha kuniyoq o‘rdaga keltirilibdi. Shohona imtiyozlar berilgan mushuk taxtning yonidagi par bolishda taltayib yotar, qiladigan ishi sichqon kavakdan boshini chiqarib mo‘ralaganda tahdid solib, qo‘rqitib qo‘yish ekan. Sher xotirjam, saroy ayonlarining og‘zi qulog‘ida, mushuk esa kutilmaganda erishgan imtiyozlardan o‘zida yo‘q shod. Ko‘p o‘tmay mushuk bolalabdi, ona mushuk ularni boqish tashvishini qilmas, hamma narsa muhayyo ekan. Biroq tez orada fojea yuz beribdi. Boyagi mushuk bolalaridan biri bilmasdan sherning yuragiga g‘ulg‘ula solib turadigan sichqonni tutib, yeb qo‘yibdi. Shu kundan e’tiboran mushuk podshoh saroyidan quvilibdi.

Bu rivoyat menga qattiq ta’sir qildi: tahdid solib turuvchi mushuk haydalgani bilan taxtda haybatli sher o‘tiribdi. Mustabid kommunistlar Sharqiy Turkiston xalqini sichqondan ham yomon ahvolga solib qo‘ygan. Goh ularni olg‘ir mushuk — sovet davlatining qurol-yarog‘i bilan qo‘rqitadi, goh o‘zi tahdid soladi.

— Esinglarda bo‘lsa, bir paytlari Falastin, Urdun hukumatining vakillari uyg‘urlarga bosqinchilarning zulmidan jabru jafo chekayotganinglarni, o‘z mustaqilliklaringga erishishinglar uchun kurashda yordam berishini so‘rab Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ariza yozinglar, biz o‘rtada vositachilik qilib, arizanglarni kun tartibiga qo‘ydiramiz, zora shu bahonada mushkulinglar oson bo‘lsa, deyishdi. Lekin o‘shanda xalqning dardini aytib maydonga chiqadigan bironta mard topilmadi. Ma’lumki, yetmish yildan beri dunyoning yarmiga Moskva kommunistlari hukmini o‘tkazib kelar edi. Endi Chindan boshqa hamma davlatlarda kommunistik istibdod tugatildi. Sichqon o‘lib, mushukka ehtiyoj qolmadi. Endi ko‘krakka uradigan qahramonlar ko‘payib ketdi. Afsuski, ulardan birontasi o‘z xalqi va davlatiga vakolatlik qilolmaydi. O‘rtada turib, sening yig‘ingni yig‘lashib beraman, deydigan mardu maydonning o‘zi yo‘q. Yolg‘iz umid Allohdan.

— Xalqda Alloh taolo bandasiga yaratish mendan, yaralish o‘zingdan, degan naql bor. Har bir xalq o‘z erki uchun kurashmasa, qurbon bermasa, Xudo uning uchun miltiq otishib beradigan yollanma askarmi?

— Uyg‘urlarni kurashmagan deb ayblab bo‘ladimi, Komiljon aka? — deya e’tiroz bildirdim. — Yuz ellik yillik tariximizga bir nazar tashlansa, uyg‘urlar istibdodga qarshi juda ko‘p bosh ko‘tarishgan, lekin hamisha birlik yo‘qligi pand bergan. Rossiyada Sovet hukumati qurilgach, Stalin boshchiligidagi kommunistlar xalqaro jandarmlik vazifasini o‘tab, xalqimizni qullik asoratida saqlashga xizmat qilishgan. Uyg‘urlar har gal bosh ko‘targanida yo Xitoy kommunistlari, goh Sovet ayg‘oqchilari tomonidan yollangan munofiq mullalar Qur’onni o‘rtaga qo‘yib xalqni kurashdan qaytargan. Xudo odamlarni itoatga, birlikka da’vat etgan, deya o‘z xalqining boshini sirtmoqqa tutib bergan.

— Kimyoni tolibi bilgan kishi jondin kechar, Hech ganji ko‘rmadim olamda bo‘lg‘ay morsiz, — deya shoh Mashrabdan o‘qidi Qodir hoji.

— Bizning chinakam ganjdan iborat yurtimizni bosib yotgan ilon emas, ajdarho, taqsir, — dedim. — Faqat qurbon berish bilangina murod hosil bo‘lsa koshki edi.

— Bizda birlik yo‘q, tadbir bilan ish qilishni bilmaymiz, — dedi Qodir hoji afsus-nadomat bilan. — Xalqimiz haligacha jaholatda saqlanyapti, din deb tutgani bid’at, ma’rifat deb o‘rganayotgani allaqachon misi chiqqan marksizm-leninizm.

— Uyg‘urlarning yog‘i ham maymun yog‘idek kuyik yarasiga davo bo‘lsa kerak-da, — dedi Qodir hoji kulib. Bizning savol nazari bilan qarab turganimizni ko‘rgach, yangi rivoyatni boshladi. — Bir o‘rmonda ko‘p yillardan beri maymunlar yashasharkan. Bu yerning iqlimi mo‘tadil, suvi shirin, meva-chevasi lazzatli ekan. Kunlarning birida shu o‘rmonga yaqin joydagi podshohning sevimli baroq mushugi borligi, lekin saroy oshpazi mushukni yomon ko‘rishi haqidagi xabar yetib kelibdi. «Tezroq bu yerdan bosh olib ketaylik. Podshohning mushugi bilan oshpazi bir-birini yomon ko‘rsa, ikki o‘rtada bizning sho‘rimiz qurib qoladi», deyishibdi keksa maymunlar. «Saroy oshpazi bilan podshohning mushugi bir-birini yomon ko‘rsa, nega endi bizning sho‘rimiz qurir ekan. Aqlga to‘g‘ri kelmaydigan vahimani o‘ylab shundoq vatanimizni tashlab ketamizmi?» deyishibdi yosh, tajribasiz maymunlar. Ikki avlod til topisholmagach, bir guruh qari maymunlar bexavotir yer izlab yo‘lga tushibdilar.

Kunlarning birida saroy oshpazi qovurilgan go‘shtni laganga suzayotsa, surbet mushuk kattagina bir luqmani tishlab qochibdi. Oshpaz qo‘lidagi kaftgir bilan uning boshiga qars etkazib tushiribdi. Kaltak yeb o‘rganmagan mushuk qayoqqa qochishni bilmay o‘zini o‘choqqa uribdi. A’zoyi-badaniga o‘t tutashgan, jon achchig‘ida tomga otilibdi. Necha yillardan beri qurib, qovjirab yotgan yog‘ochlar alanga olib, saroy bir zumda o‘t ichida qolibdi. Qochgan qochib qutulybdi, qocholmagan kabobga aylanibdi. Bet-qo‘li kuyib, ilvirab qolgan podshoh darrov tabiblarni chaqirtirib dardiga davo istabdi. Kuyganning eng yaxshi marhami maymunning yog‘i, deyishibdi tabiblar. Podshoh shu zahoti usta merganlarni o‘rmonga jo‘natibdi. Bir necha yuz mergan maymunlarga qiron keltirishibdi.

— Demak mustabidlarning dardiga bizning yog‘imiz davo bo‘lar ekan-da.

— Mana shu fojeiy qismatimizni o‘ylaganda odamlar o‘rtasida nizo urug‘ini sochib, Xudoning haq dini bo‘lmish Islomga ham, musulmonlarga ham beadad zarar yetkazayotganlarga, loydan yasalgan haykallarga cho‘qinadigan mushriklarga nusrat berayotgan parvardigor nega musulmonchilikni mahkam tutib, halol yashayotgan uyg‘urlarning toleini bunchalik past qilib qo‘ygan, degan shakkok xayollarga borasan kishi, — dedi Komil Abdulloh kuyunib. — Lekin bu chigal jumboqlar haqida xulosa chiqarishga shoshmaslik kerak. Taqdirimizda nimalar borligini yaratganning o‘zi biladi.

Ertasiga Makkaga qaytayotganimda Muhammad Amin Tojiboy qo‘limga muhrlangan ikkita xat tutqazdi: biri mening nomimga berilgan vakolatnoma, ikkinchisi O‘zbekistonda plastmassa idish hamda polietilen qop chiqaruvchi zavod qurmoqchiligi hamda bu korxonaning barcha sarf-xarajatini o‘z ustiga olajagi haqida hujjat edi.

* * *

…Seni dunyoga kelturdi amal qil deb.
Mashrab

Madinaning yo‘li olis, xuddi abadiyatdek uzundan uzoq. Abadiyatga yetmoqlik dushvor, Madinaga yetguncha yurak ming bora hapriqib, inson ming kuyga tushadi. Cheksiz qumliklar, qoramtir toshlardan iborat pastqam tog‘lar oralab o‘tgan yo‘l son-sanoqsiz chiroqlar nuridan kunduzgidek charog‘on. Sayyora soatiga yuz qirq kilometr tezlikda yeladi.

Bu yo‘llarda tug‘ilgan xayollar moziyga yetaklaydi. Moziyda esa musulmonlarning, nafaqat musulmon, balki bani basharning saodatli onlari ko‘p. Qum barxanlari oralab o‘tgan bu qadim yo‘llardan ilgari tuyalar karvoni qatnagan, tuyalarning bo‘ynidagi mis qo‘ng‘iroqlar tiriklikdan, umidvorlikdan xabar berib hazin jaranglagan. Mana shu yo‘llardan Xudoning elchisi Muhammad alayhissalom tug‘ilgan shahriga sig‘may, qarindosh-urug‘i, hamshaharlarining zulmidan qochib, Madinani panoh tortib o‘tganlar. Sodiq do‘sti Abu Bakr Siddiq hamrohligida quyoshning yondiruvchi nuridan, yuz-ko‘zga ignadek sanchiluvchi qumlardan o‘zlarini pana qilgancha jonlarini saqlab qolish uchun Makkadan yashirincha yo‘lga chiqqanlar. Payg‘ambar alayhissalomning jonlari faqat o‘zlari uchun emas, insoniyat uchun omon qolishi kerak edi.

Rasululloh Madinaga kelib dastavval Quboda masjid qurdirdilar. Makkada emas, Madinada ilk daf’a jum’a namozi o‘qildi va Rasululloh xutbada odamlarni mehr-shafqatga undab: «Yaxshi amallarni qilinglar, in’om va ehson beringlar. Bir kuni mol-dunyolaringizdan ayrilib Xudoning dargohiga borasizlar. Yaratgan egam: «Tarjimon va vositachiga hojatsiz payg‘ambar yubormaganmidim, mol-dunyo bermaganmidim, qilgan yaxshi amallaring qani, keltirgan imoning, bergan ehsonlaring qani?» deb so‘raydi. O‘shanda qilgan yaxshi amallaringizdan boshqa joningizga oro kiradigan narsa bo‘lmaydi. Yon-veringizga boqib do‘zaxdan boshqa narsani ko‘rmaysiz. Buning uchun qo‘ldan kelgancha yaxshi amallarni qilib, do‘zax azobidan qutulishga urininglar, yarimta xurmochalik narsani bo‘lsa-da, sadaqa qilinglar. Hech narsasi yo‘q kishilar loaqal yaxshi gapirib g‘arib, miskinlarning ko‘nglini olsin, Parvardigori olam bitta yaxshilikni bir necha barobar qilib qaytaradi», dedilar. Beixtiyor biz Rasulullohning bu o‘gitlariga amal qila olyapmizmi degan savol vujudimizni zirqiratib o‘tadi. Birovlarga yaxshilik qilmasak ham loaqal yomonliklardan, g‘iybatlardan, fisqu fujurlardan o‘zimizni tiya olyapmizmi? Rasulullohga ummat bo‘lmoqlik uchun har jihatdan u kishiga ergashmoq lozim.

Rasululloh Madinada qurdirgan ikkinchi masjidlari keyinchalik Masjidi Nabaviya, ya’ni payg‘ambar masjidi deb yuritiladi. Masjidning o‘rni ikki yetim bolaga tegishli joy edi. Bolalar tekinga hadya qilamiz deyishganiga qaramay payg‘ambar alayhissalom yerning haqini berib ishga kirishdilar. Bugun bolalarning rizqiga ko‘z olaytirayotganlar, yetimlarning haqiga chang solayotganlar, hatto o‘z farzandlari tahsil oladigan maktablarni ta’mirlab berishni istamaydigan xo‘jalik rahbarlari Rasulullohdan ibrat olish haqida andak o‘ylab ko‘rsalar yomon bo‘lmasdi.

Islom dini dunyoga kelib o‘n besh yil o‘tgach, musulmonlarning qiblasi o‘zgardi. Ilgari ular Baytulmuqaddasga (Quddus shahridagi Masjidi Aqsoga) qarab ibodat qilardilar. Kunlarning birida ayni namoz o‘qilayotgan paytda musulmonlarning qiblasi Ka’baga o‘zgartirilgani haqida Allohdan vahiy keldi. Rukuda turgan payg‘ambar alayhissalom keskin burilib Makka tomonga o‘girildilar. Imoni mustahkam musulmonlar u kishiga ergashishdi, biroq ayrim imoni zaif kimsalar masjiddan chiqib ketishdi, Allohning arzimagan bitta sinovidan o‘tolmay murtadga aylanishdi.

Ro‘za tutish, zakot berish kabi islomning asosiy ahkomlari ham Madinada farz bo‘ldi. Musulmonlar uchun eng katta sinov — Badir va Uhud g‘azotlarida Rasululloh eng yaqin kishilardan, sodiq safdoshlaridan ayrildilar, lekin alaloqibat Alloh taolo musulmonlarga nusrat berdi. Bu xususda Oli Imron surasining 152-oyatida: «Alloh mo‘minlarga marhamat qilguvchidir», deyiladi. Uhud g‘azotidan keyin, ya’ni hijratning uchinchi yili aroq bilan qimor harom qilindi. Moida surasining 90—91-oyatlarida parvardigori olam: «Ey mo‘minlar, aroq ichish, qimor o‘ynash, butlarga (cho‘qinish), fol o‘qlari (bilan fol ochish) juda yaramas odat, shaytonning ishi. Najot topish uchun ulardan saqlaninglar. Shayton aroq, qimor orqali orangizda adovat, dushmanlik tug‘dirishga, Allohning zikridan qaytarishga urinadi. Bu ishlardan qaytmaysizlarmi?» deyiladi. Bizdagi musulmonlik da’vosini qilib yurgan odamlarning aksariyati hali Xudo harom qilgan narsalardan tiyilib, shaytonning yo‘lidan qaytgani yo‘q.

Shu yili ayollar yuzini yopib yurishi haqidagi oyat nozil bo‘ldi: «Payg‘ambarning ayollaridan biron narsa so‘ragan paytingizda parda orqasida turib gapiringlar, bu har ikkala tomonning ko‘nglini pok saqlaydi», deyiladi Ahzob surasining 53-oyatida. Bu amr faqatgina Rasulullohning ayollariga taalluqli bo‘lmay, boshqa ayollarning ham hayoli, iffatli bo‘lishiga da’vatdir. Bilakuzuk, bo‘yniga osiladigan marjon, tillaqosh, zebigardon, zirak namoyish etilmaydigan (bu narsalar taqilgan a’zolari ham albatta) ziynatlar sirasiga kiritildi. Ko‘krakni yopish, oyoqni yashirish joriy etildi. Nur surasining 31-oyatida: «Mo‘minlarga aytginki, (nomahramlarga) tikilib qarashmasin, avratlarini (uyat joylarini) yopishsin, tashqi ziynatlardan boshqa taqinchoqlarini namoyish etishmasin, yoqalariga yopinchiqlarini yopishsin», deyiladi. Islomning avvalida Madinai munavvarada nozil bo‘lgan bu oyatning hukmini bizning mintaqalardagi odamlar hali ham anglab yetishgani yo‘q. Bizda xuddi johiliyat davridagidek ayollar ko‘kraklarini ochib, boshyalang yurishadi, lozim kiyish — madaniyatsizlik nishonasi, birovning xotini bilan raqsga tushish — fazilat, zino — gunoh emas, muhabbat erkinligi, aroq-sharob ichish — ko‘ngilning chigilini yozish vositasi.

Madinaga vaqt yarim kechadan oshganda yetib keldik. Masjidi Nabaviyaning ko‘kka bo‘y cho‘zgan benihoya muhtasham va yuksak minoralariga chiroqlar shunday omilkorlik bilan o‘rnatilgan ekanki, xuddi minoralar ich-ichidan tovlanib, shaffof nur taratayotganga o‘xshardi. Shahar kunduzgidek charog‘on, ko‘chalar gavjum, mehmonxonalar, oshxonalar, do‘konlar oldida ehrom bog‘lagan, uzun oq libos kiygan odamlar tirband. Men to‘g‘ri masjidi Nabaviyaga borib, rasulullohni ziyorat qilmoqchi bo‘lgan edim, hamrohim Komil Abdulloh masjid xufton namozidan keyin yopib qo‘yilishini aytib yo‘ldan qaytardi. Bizni kutib olishi lozim bo‘lgan kishini daraklash niyatida Komil Abdullohning tanishlarinikiga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldik. Yo‘limizda uchragan tilla do‘koniga kirib muddaoimizni aytdik. Sotuvchi yigitlardan biri darrov kursi qo‘yib o‘tirishga taklif etdi-da, qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Ikkinchisi aytilgan raqamni tera boshladi. Bu orada kursi qo‘yib bergan yigit ikkita qog‘oz idishda choy keltirdi. Vaqt yarim kechadan oshganda Komil Abdullohning tanishlarini topishga urinishimizni biron natijasi chiqmadi. Sotuvchi yigitlar buguncha ularnikida tunashga astoydil qistashdi. Ularning samimiyatiga minnatdorchilik bildirib mehmonxona qidirib ketdik. Haj mavsumida mehmonxonalardan joy topish amri mahol ekan. Madinaning tor ko‘chalaridan ketayotganimizda ro‘paramizdan chiqqan zanjinamo yigit ikki qavatli binoning ostki qavatidagi shinamgina xonaga boshladi. Sovutgich o‘rnatilgan sokin hujrada rohatlanib dam oldik. Bamdod namozidan keyin payg‘ambar alayhissalomning ziyoratlariga oshiqdik. Rasululloh: «Kimki qabrimni ziyorat qilsa, unga mening shafoatim vojib bo‘ladi», hamda: «Kimki meni o‘lganimdan keyin ziyorat qilsa, u go‘yo meni tirikligimda ziyorat qilgandek bo‘ladi», deya uqtirganlar. Biz ziyoratning taomiliga binoan Rasulullohning minbarlari bilan qabrlari o‘rtasida ikki rakaat namoz o‘qidik. Bu joy xususida payg‘ambar alayhissalom: «Qabrim bilan minbarim o‘rtasida jannat bog‘laridan biri joylashgan, minbarim esa jannat hovuzining ustidadir», deya marhamat qilganlar. Odam ko‘pligidan Rasulullohning qabrlari tepasida uzoq turib, risoladagidek salom berishning imkoni bo‘lmadi. Harqalay ul zoti muborakka chin yurakdan salomlar yo‘lladik. Zotan har bir musulmon Rasulullohning: «Kimki menga salom yo‘llasa, Alloh uning salomini mening ruhimga yetkazadi va men unga javob qaytaraman», degan va’dalariga ishonmog‘i lozim. Rasulullohning yonlarida yotgan ulug‘ sahobalar hazrati Abu Bakr Siddiq, hazrati Umarga ham salom bergach, asta masjiddan chiqdik. Ko‘ngilda shodlikdan ko‘ra anduhga moyil bir his hukmron, eng yaqin kishisining diydoridan benasib bo‘lgandek yum-yum yig‘lagisi keladi kishining, Rasulullohni eng yaqin kishimiz hatto ota-onamizdan ko‘ra yaxshi ko‘rish ham imonning belgisidir. Men u zoti muborakni qanchalik sevishimni aytolmayman, u kishini tushlarimda ko‘rib baxtiyor bo‘lmaganman, uyimda mavlid o‘qitmaganman, faqat har gal payg‘ambar alayhissalom haqidagi kitoblarni varaqlaganimda, farzandlarimga hadislarni sharhlab berganimda: «Bu ham mavlud», deya o‘zimga tasalli berganman. Bir tanishim omonatga xiyonat qilganda, qalamkash birodarim kazzoblik yo‘lini tutganda, yuqori lavozimda ishlaydiganlar o‘z manfaatini ko‘zlab xalqni laqillatganda, to‘ridan go‘ri yaqin mo‘ysafidlar hali ham haq yo‘lni topolmay nevarasi tengi bolalar bilan ulfatchilik qilib yurganini ko‘rganimda shoh Mashrabdek dunyoga etak siltagim keladi va beixtiyor Rasulullohning musulmon kechirimli bo‘ladi, degan muborak o‘gitlari yodimga tushib, o‘zimni bosaman. Agar haq yo‘lni topgan har bir kishi dunyodan yuz o‘girib ketaversa, bu olamda adashib-uloqib yurganlarni kim to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi, Xudoning kalomini, payg‘ambarning sunnatini ularga kim yetkazadi? Din yo‘lini mahkam tutgan odam taqvodor emas, balki yaxshi-yomonga aralashib, ularga ibrat ko‘rsatgan, ham tily, ham qo‘li bilan birovlarga naf yetkazgan kishi komil musulmon. Rasulullohga vahiy kelganda yer yuzida u kishidan boshqa biron musulmon yo‘q edi. Rasululloh Islom ta’limotini yaxshiga ham, yomonga ham birdek targ‘ib etdilar. Birov u kishining gapiga quloq solsa, birov haqoratladi, hatto jonlariga qasd qilishdi, to umrlarining oxirigacha hayotlari mana shunday ziddiyatlar kurashi aro kechdi. Lekin payg‘ambar alayhissalom hech qachon hayotdan nolib, dunyodan etak siltab ketganlari, odamlardan ranjib tavqi la’nat o‘qiganlari yo‘q. Makka fath etilgan kuni Payg‘ambar alayhissalom shaharga kirganlarida jarchi orqali o‘z uyiga, masjidga, Abu Sufyonning hovlisiga kirib olgan kishi omon qoladi, deb e’lon qildilar. Insoniyat tarixida biron fotih bunday oliyjanoblik ko‘rsatgan emas. Muhammad alayhissalom Masjidi haromda namoz o‘qib bo‘lgach, yig‘ilganlardan: «Ey Quraysh xalqi, meni hozir nima qiladi, deb o‘ylayapsizlar», deb so‘radilar. Rasulullohga yigirma yil ozor bergan, tug‘ylib o‘sgan shahridan haydab chiqargan, eng yaqin safdoshlarini o‘ldirgan Quraysh mushriklari: «Sen mard qarindoshimizning o‘g‘lisan. Mard qarindoshimiz bizga yaxshilik qiladi, deb o‘ylayapmiz», deyishdi. Rasulloh: «Bo‘pti, sizlar o‘ylagancha bo‘la qolsin. Boringlar, hammangiz ozodsizlar!» deb muruvvat ko‘rsatganlar.

Madinaning xurmolari soya tashlagan ko‘chalarida yarim kechagacha sayr etdim. Deyarli har bir ko‘chaga kirib, har bir binoni uzoq tomosha qildim, turli irq, turlicha libosdagi odamlarni kuzatdim, «Insonlarning hammasi taroqning tishidek barobardur», degan hadisi sharifning haqligiga yana bir karra amin bo‘ldim. Bu yerdagi har bir binodan, har qarich tuproqdan, Masjidi Nabaviyadan Rasulullohning nafasi kelib turadi. Yerga qattiqroq oyoq bosishga botinmaysan. Bu shaharning tuprog‘i ham, dov-daraxti ham, odamlari ham tabarruk, sarvari olam mushriklarning zug‘umiga uchraganlarida yasribliklar jonlariga oro kirgan, Islom uchun ko‘ksini qalqon qilishgan. Shu bois Rasululloh: «Kishi suygan odami bilan birga (bo‘ladi)», deganlar.

— Bultur yurtga borib Samarqand, Namanganni kezganimda bir narsaga amin bo‘ldimki, odamlar to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan olimga muhtoj ekan. Qur’onu hadisdan gapirsangiz jon qulog‘i bilan tinglashadi. Sizlarda yaxshi odamlar bor-u, lekin ahillik yo‘q ekan. O‘zinglarcha Islomda yo‘q har xil yo‘llarni topib olibsizlar, —dedi madinalik mudarris Abduqodir hoji.

«Keyin paydo qilinib diniy deb aytilgan har qanday narsa bid’atdir, har qanday bid’at zalolatdir, har qanday zalolat esa do‘zaxdir», deganlar sarvari olam. Bizdagi siyosiy, diniy guruhbozliklarni ko‘rib boshqa bir hadis ham yodga tushadi: «Bir millatning ishlari noahil kishilar qo‘liga tushib qolsa yoki topshirilsa, shu millatning qiyomat soatini kutavering», deya iztirob chekkanlar sarvari olam. Tilida ilmi borlarning vazifasi guruhbozlik emas, odamlarni ma’rifatli qilishdir. Zero, bu ulug‘ vazifa bizlarga Madinai munavvaraning muzdek tuprog‘ida yotgan payg‘ambar alayhissalomdan meros qolgan. U zoti muborak: «Insonda to‘rt noyob xususiyat bor, biroq ularni to‘rt narsa barbod etadi, ya’ni aql, din, hayo, amali solih. Jahl aqlning, hasad dinning, riyo hayoning, manmanlik amali solihning zavoli», deganlar. Xudo bergan to‘rt ajoyib xususiyatni behuda barbod qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Aks holda jaholat g‘olib keladi. Jaholat esa, razolatning doyasi.

Madinaning ko‘chalarida uch kecha-kunduz kezdim, yaxshi odamlar bilan tongotar suhbatlar qurdim, Rasulullohning hadislarini takror-takror yod etdim. U kishi boshlab bergan din tufayli qalblarimiz nurafshon bo‘lganiga shukronalar aytdim. Madinada sayr etgan kishi ruhida ajib bir sokinlik, qalbida beadad farog‘at tuyadi. Men elimga mana shunday farog‘atlar nasib etishini tilayman.

* * *

Men nola qilay shomu sahar dod eshiginda.
Mashrab

Zaminu zamon muallaq, ruhim sudralib yuruvchi jismimni tark etgan, Makkaning yulduzsiz osmoni qaygadir, yuksak-yuksakka o‘rlab, butunlay o‘zga bir olamning darvozalari lang ochilgan, oyoq ostidagi toshloq yer ham qaygadir yitganu mayin par paydo bo‘lgan. Do‘konlar peshtoqidagi chiroqlar yoritgich emas, kulib turgan ko‘zlar, onda-sonda uchrovchi daraxtlar hayrat belgilari, jo‘mraklaridan sharillab tushayotgan suvlar zaminning toshib ketgan hislari… Men momiqqa aylangan yer uzra yurib emas, uchib ketyapman. Har bir tashlagan qadamim meni to‘ppa-to‘g‘ri abadiyat sari eltadi. Abadiyat — saodat maskani. Bu maskanda eng ezgu orzular ushaladi, unda Haqning vasliga yetish imkoni bor. Egnimdagi oq ko‘ylagim nurning zarrin tolalaridan to‘qilgan, men o‘zim aytgan so‘zlarni bemalol ushlab ko‘rishim, tizginsiz o‘ylarimning salmog‘ini bilishim, tushlarimning ta’birini yong‘oqdek chaqishim, kim yaxshiyu kim yomonligini bir qarashdayoq bemalol ajratishim mumkin. Nazarimda bu dunyoda yomon yo‘q, kazzob yo‘q. Hammaning yuzidan nur yog‘iladi, hamma biron ezgulikning ko‘yida yelib-yugurib yuribdi: hech kim bu dunyoning tashvishlari bilangina o‘ralashib qolmagan, aksincha hammaning fikri yodi oxirat bilan band, odamlar ikki dunyosini obod etish, bir-biriga yaxshilik qilish uchun shoshiladilar. Men esam Ka’ba sari ketyapman, to‘g‘rirog‘i qanot chiqarib uchyapman. Oyoqlarim yerga tegmaydi, boshim esa ko‘kda — yeru osmon o‘rtasida suzib yuribman. Nazarimda dunyoga kelib nimaiki niyat qilgan bo‘lsam, bariga yetdim: haj orzusida edim, orzuim ushaldi, Makkai mukarramadek tabarruk shaharda talbiya aytib yuribman. Bugun esa umuman tasavvurga sig‘maydigan, kishi orzu qilishga ham botinmaydigan baxtga erishib turibman. Bomdod namozidan keyin men uchun Ka’baning eshigi ochiladi, bir necha million hojidan vakil bo‘lib ostona hatlab, ichkariga kiraman va Xudoning uyida namoz o‘qib, yaratganga zoru tavallolar qilaman, keyin… u yog‘ini tasavvur etish mahol.

Hozirgina Rahmatulloh Turkistoniy Ka’baning ichiga kirib namoz o‘qish imtiyozi beriladigan nishonni olib keldi. Har yili yolg‘on arafa kuni Ka’baning devorlari yuvilib, ustidagi yopinchig‘i almashtirilar, shu munosabat bilan podshoh va uning xonadoni, Makkaning hokimi, musulmon davlatlarining elchilari Ka’baga kirib namoz o‘qir ekanlar. Hojilardan o‘n chog‘li kishiga ham shunday imtiyoz berilar ekan. Men Turkiston tarixida biron zotning bunday ulug‘ saodatga erishganini eshitmaganim uchun dabdurustdan nima qilarimni bilmay dovdirab qoldim. Shunday ham toza engilboshimni yuvib, dazmolladim, badanim oq yem bo‘lib ketguncha cho‘mildim. Xos odamlarga beriladigan nishonni ko‘kragimga taqib ko‘chaga chiqqanimda tungi soat ikkilar chamasi edi. Makkaning xuddi kunduzgidek serqatnov, gavjum ko‘chalarida yosh boladek o‘ngu so‘limga qaramay yuguraman, xuddi tezroq yetib bormasam Masjidi haromda joy yetmay qoladigandek tuyuladi, ko‘zlarim sevinchdan yonadi, og‘zimning tanobini yig‘ishtirib ololmayman, talbiyaning o‘rniga qo‘shiq aytib yuborgim keladi.

Meni avvora bo‘lg‘onga firoq o‘ti davo ermish,
Kuyib ishqing bilan o‘lmak bu oshiqqa ravo ermish.

Tungi salqin cho‘kkan ko‘chalarda yelib ketayapman-u, lekin hech kim mening ahvolimni his etmaydi, hamma o‘zining odatiy mashg‘uloti bilan andarmon. Men esam ichimga sig‘mayotgan hayajonimni aytgim keladi: bir necha soatdan keyin Ka’batullohning oltin hal bilan oyatlar chekilgan eshigi ochilib, ichkariga kiraman. Ehtimol u yerdan qaytib chiqmasman, shodlikdan yuragim yorilib ketar… Odamlar esa mening ahvolimdan bexabar o‘z yumushlari bilan mashg‘ul.

Inson dunyoni o‘z sezimi orqali his etadi, odamlarning fe’l-atvorini o‘z qarashlaridan kelib chiqib baholaydi, bamisoli u bilgani uchungina olam mavjud. Mening hozirgi holatim ham shunday edi. Bu yo‘llardan bir paytlari Rasululloh yurganlarini, u zoti muborak odamizodni saodatga boshlaganlari uchun unib o‘sgan maskanlaridan quvilganlarini, Imom Buxoriy, Imom Termiziydek zotlar Payg‘ambar alayhissalomning javohirlarini to‘plash qasdida yillab aziyat chekishganini xayolimga keltirmas, xuddi shu asnoda boshim uzra to‘nkarig‘lik osmonning har to‘rt enlik joyida bir farishta yaratganga sajda qilib turganini o‘ylamas edim. Hozir dunyoda faqat men — Turkistondan kelgan baxtiyor inson bor edim, olam ko‘krak qafasimni yorib yuborgudek bo‘layotgan toshqin hislarimga yo‘g‘rilgan edi.

Masjidi haromga birinchi azon aytilayotganda yetib keldim. Zich o‘sgan qamishdek odamlar safini yorib, Ka’baga yaqinroq borib oldim. Men hamon hayajonimni bosib ololmas, o‘zimni xuddi qanot chiqarib, ko‘kka uchib ketadigandek his etardim. Tahhiyatil masjid namozini o‘qiy turib peshonamni muzdek marmarga qo‘yganimda vujudim alangai otash bo‘lib yonayotganini his etdim. Baytullohning ostonasida ahvolim shu bo‘lsa, ichkariga kirganda ne ko‘yga tushar ekanman? Hayotimdagi eng katta imtihon, eng baxtli kun shu bo‘lsa kerak.

Bomdod namozidan keyin Masjidi haromga bir necha yuz askar kirib keldi. Ular Ka’baning atrofini ikkita halqa qilib o‘rab oldilar. Ka’baga chiqiladigan zina o‘rnatilib, poyondozlar to‘shaldi. Maqomi Ibrohim bilan Baytullohning o‘ng tomoniga katta-katta gilamlar solindi, Ka’baning oltin qoplanib, oyatlar chekilgan eshigi ochilib, ichkarida chiroq yoqildi. Askar bolalar Baytullohning ustiga yopilgan qora ipak mato — kisvani yuqoriga ko‘tarib, olishga shaylab qo‘yishdi. Birdan odamlar ikkiga bo‘linib, qo‘sha-qo‘sha to‘pponcha, uchi egri xanjar, yelkasi osha o‘qlar shodasini taqqan yasovullar qurshovidagi podshoh xonadonining vakillari, hokimlar va ularning orqasidan elchilar kirib kelishdi. Ular o‘zlariga qiziqish va hayrat bilan qarayotgan odamlarga e’tibor bermay Ka’baning atrofida aylana boshladilar. Men ham ularga qo‘shilib tavofi qudumni ado etdim. Ka’ba atrofini har aylanganimda Hajarul asvaddan to‘yib-to‘yib bo‘salar oldim. Nihoyat ichkariga kirish navbati yetdi. Poyondoz to‘shalgan zinadan ko‘tarilib, kahrabo nuridan charog‘on xonaga qadam qo‘ydim. Dastlab ko‘zim tushgani va eslab qolganim ro‘paradagi devorga zarb etilgan oyat bo‘ldi. Bir chekkada turgan harbiy o‘ng tomonga ishora qildi. Ka’baga kirgan kishi to‘rt devorga qarab ikki rakaatdan namoz o‘qishi, istig‘for aytishi va Allohdan ko‘nglidagi hamma yaxshi niyatlarini ro‘yobga chiqarishini tilashi kerak. Men ham birinchi devorga yuzlanib ikki rakaat namoz o‘qishga chog‘landimu birdan o‘pkam to‘lib, ko‘z qorachig‘larimni erigan tuyg‘ularimning issiq pardasi qoplab oldi. Shuurim karaxtlashib, bu yerga ibodatga kirganimni unutdim, kalimaga kelmay g‘uldirayotgan tilim faqatgina: «…yaratgan egam, haq yo‘ldan adashtirmagaysan, haq yo‘ldan adashtirmagaysan!» degan so‘zlarni takrorlar, ko‘zlarim hech narsani ko‘rmas, quloqlarim tom bitgan edi. Mana shunday ahvolda ikki rakaat namoz o‘qidimu taomilga binoan devorga yuzimni bosib Xudoga iltijolar qildim: «Men gunohkor bandangni o‘zing mag‘firat qilgaysan, ota-bobolarimni, hesh-aqrabolarimni, bola-chaqamni, yor-birodarlarimni o‘zing yorlaqagaysan, yurtimizga hurriyat, xalqimizga saodat ato etgaysan. Bizlarni o‘zing rozi bo‘ladigan yo‘lga boshlagaysan. To‘g‘ri yo‘lingdan adashtirmagaysan!»

Ikkinchi, uchinchi va nihoyat to‘rtinchi devorga yuzlanib ham ibodat qilarkanman, Turkiston zaminida islomiy saodat tantana qilishini, xalqimiz baxtiyor bo‘lishini tilaganimga ulug‘ Ka’baning toshlariga tomgan qaynoq yoshlarim guvoh. Ka’batullohda chin yurakdan so‘ralgan iltijolar ijobat bo‘lar ekan. Shoyad, mening el-yurt uchun qilgan duolarim mustajob bo‘lsa.

Mehmonxonaga kelsam, Rahmatulloh Turkistoniy kutib turgan ekan. Ikkalamiz gap-so‘zsiz bir-birimizning quchog‘iga otildik va shu zayil yuzimizni yuzimizga bosgancha uzoq turdik. U kishi meni Ka’baga kirib chiqqan tabarruk odam sifatida ziyorat qildi, men esam bir umr uzib bo‘lmas qarzim uchun shu tariqa minnatdorchilik bildirdim.

Kechqurun Komil Abdulloh yetib keldi. U qattiq hayajonda bo‘lgani uchunmi, yuzi bo‘rtib ketgan; ko‘zlari yonib turardi.

— Qani, hojim, bir bag‘rimga bosib olay, — dedi u ko‘risha turib. — Men salkam ellik yildan beri Makkada yashab ko‘p hojilarni ko‘rganman. Lekin Ka’baning ichiga kirib ibodat qilgan odamni birinchi uchratishim. Ketayotganingizda egningizdagi ko‘ylagingizni tashlab ketasiz. Joynamoz qilib, namoz o‘qib yuraman.

— Bu ko‘ylakni o‘zingiz hadya qilgansiz-ku, hadyani ham qaytarib oladimi? — dedim hazillashib.

— Bunaqa tabarruk narsani qaytarib olsa bo‘laveradi, — dedi Komil Abdulloh. — Astoydil Xudo degan odam ekansiz. Sizga havasim kelyapti. Xudo xohlasa bundan keyin ishlaringiz hamisha o‘ngidan kelaveradi.

— Inshoolloh, aytganingiz kelsin.

* * *

Tamomi xonu monimdin kechibon bir seni derman,
O‘zingdin o‘zga bilmaydur, o‘zing bilg‘il fidolig‘in.
Mashrab

Mino past-baland tog‘lar qurshovidagi kichkinagina shaharcha. Bu joyga haj kunlari uch millionga yaqin hoji yig‘ilishiga ishongisi kelmaydi kishining. Minodagi mehmonxonalar, masjidlar, ko‘priklar osti odamga to‘lib ketadi, yo‘llarning ikki cheti, yalangliklar, tog‘ yonbag‘irlariga minglab chodirlar tikiladi, bundan tashqari tor ko‘chalarining ikki chetiga odamlar o‘zlaricha choyshab tutib, boshpana qurib olishadi. Bular asosan yaqin atrofdagi mamlakatlardan kelgan, joy puli to‘lashga qurbi yetmaydiganlar. Ularning orasida qari-qartanglar, homilador kelinchaklar, yosh bolalar ko‘p. Bu odamlar kunduzi nafasni qaytaradigan ellik daraja issiqda jizg‘anagi chiqib, tunlari ochiq havoda qunishib yotishadi, ozig‘i quruq non bilan sovuq suv. O‘zingning alohida imtiyozlarga ega bo‘lib, maxsus mehmonxonaning salqin xonasida yotib, tayyor avtobusda sayr etib, kuniga uch mahal beriladigan lazzatli taomlarni yeyayotganingdan xijolat chekasan. Lekin bir o‘y ko‘ngilga tasalli beradi: bu odamlar ko‘chada yotib, quruq non yeb, sovuq suv ichishsa ham, hajga har yili kela olishadi. Bizda esa bunday imkon yo‘q.

Qur’oni karimdagi Haj surasining 26—27-oyatlarida: «Vaqtiki kelib, Ibrohimga Baytullohning o‘rnini ko‘rsatib berdik, (unga aytdikki) «Menga hech narsani sherik keltirmagin, tavof etguvchilarga, qiyomda turguvchilarga, ruku va sajda qilguvchilarga mening uyimni poklab bergin. Odamlar orasida ularni hajga chorlab xitob qilgin, ular piyoda va oriq tuyalarni minib kelishadi, oriq tuyalar olis yo‘llarni bosib o‘tishadi», deyilgan. Har yili butun dunyodagi musulmonlar Ibrohim alayhissalomning mana shu xitobiga javoban Makkaga jam bo‘lib Ka’bani tavof etadilar, Arofat vodiysida ertalabdan to kun botguncha Xudoga iltijo qilib o‘tiradilar, kun botgach, Muzdalifaga kelib shom bilan xufton namozini qasr qilib o‘qiydilar va yarim kechadan keyin Minoga qaytadilar. Ertasiga shaytonga tosh otib bo‘lingach, qurbonlik boshlanadi.

Haj ibodatdan tashqari musulmonlarni jamlab, birodarlashtiradigan ulug‘ marosimdir. Men Minoda Suriyadan kelgan professor Yusuf Salohiddin, pekinlik noshir Ahmad Bosar, urumchilik adib Ahad Turdi, qashqarlik shoir Mirzohid Karimiy, mo‘g‘ulistonlik olim Qodir Sayron, istambullik professor Muhammad Saroy, Jiddada chiqadigan «Muslimun» gazetasining bosh muharriri Abduqodir Tosh bilan yaqindan tanishib, do‘stlashdim. Xususan, sudanlik doktor Yusuf bilan qadrdon bo‘lib ketdik. U mening tilimni, men esa na arabcha, na inglizcha lisonni bilardim, ikkalamiz imo-ishora va ayrim umumiy so‘zlar yordamida gaplashar, bir-birimizning maqsadimizni goh tushunib, goh tushunmay miriqib kulishar, ayrim kitob va jurnallarni almashar edik. Doktor Yusuf mening arab va ingliz tillarni bilmasligimdan ajablanar, imo-ishoralar vositasida sizlarda xorijiy tillar o‘qitilmaydimi, deb so‘rardi. Men chet tillarni o‘qitish bizda yomon ahvoldaligini, xususan, qishloq joylarida bu masalaga mutlaqo e’tibor berilmasligini aytganimda u boshini changallaganicha afsus-nadomat chekar, bizning nodonligimizdan yoqa ushlardi va to‘satdan sof arab tilida Rasululloh til bilgan odamlarni qanchalik qadrlaganlarini, agar harbda birov tasodifan ikki tilni biladigan odamni o‘ldirib qo‘ysa, o‘ttiz ikki tuya jarima  solinganini so‘zlardi, Men ham o‘z navbatida agar Rasulullohning bu talabidan kelib chiqsak, Turkiston ahli qiyomatgacha faqat jarima to‘lashdan boshi chiqmasligini aytdim. U battar achinib, peshonasiga shapatiladi va bolalarcha kuyinchaklik bilan: «Jaholat! Jaholat!» deya xitob qildi. Lison odamlarni bog‘lovchi ko‘prik deya imo-ishora qildi u alifdek qomatiga mos uzun qo‘llarini men tomon cho‘zib hamda Qur’ondan: «Ey insonlar, biz sizlarni bir ota va bir onadan yaratib, turli millat va qabilalar qilib qo‘ydik, toki sizlar bir-biringiz bilan yaqindan tanishgaysizlar», degan oyatni o‘qidi.

Ko‘pincha bizning suhbatimizga istambullik professor Muhammad Saroy qo‘shilar, turk tarixining bilimdoni bo‘lmish bu kishini o‘zbeklarning Sharqiy Turkistondagi mazlum uyg‘urlarga munosabati ko‘proq qiziqtirardi. Men o‘z ko‘rgan-bilganlarimni aytib berdim, Muhammad Saroy aytganlarimga qanoat qilmay: «Biz turk ulusinda birlik yo‘q, toki birlikka kelmas ekanmiz, hech qachon hurriyatga erishmayajakmiz, — deya kuyunar edi. — Turkiya bilan Qozog‘iston prezidentlari uchrashganda, Nazarboyev: «Turkiyada qancha qozoq yashaydi?» deb so‘rabdi. «Turkiyada qirq yetti million qozoq turki yashaydi», debdi Turkiya prezidenti va o‘z navbatida Qozog‘istonda qancha turk yashashi bilan qiziqibdi. Nazarboyev uning zakiyligiga qoyil qolib kulib yuboribdi. Islom dini millatni inkor etmaydi. Bizni avvalo imon birlashtirishi, undan keyin milliy mustaqilliq, o‘zligimizni tanish, istiqlol yo‘lidagi kurash jipslashtirishi kerak. Xudoga shukur, O‘rta Osiyoda uyg‘onish boshlandi. Biz O‘zbekistonga ko‘z tikib turibmiz. Azaldan ma’rifat markazi bo‘lgan bu yurt yana turk ulusning boshini boshiga qovushtirib, qadimiy shuhratimizni tiklashga yetakchilik qiladi, deb o‘ylayman».

Men u kishining gaplarini quvvatlagan holda ta’nali bir savol berdim: «Muhammad afandim, uyg‘urlar bilan o‘zbeklar mustaqillikka erishishi uchun Turkiya nimalar qildi? Sharqiy Turkiston bilan O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochdimi? Bizning farzandlarimizni o‘qitib, ma’rifatli qilib berish uchun xitoy bilan o‘ris hukumatining oldiga talabnoma qo‘ydimi? Bemalol bordi-keldi qilishimiz uchun havo yo‘llari ochdimi yoki bizning tutqin yurtimizda shifoxonalar, ma’rifat maskanlari, sanoat korxonalari qurdimi? Hur yashayotgan Usmonli turklar o‘z turkiy birodarlarining haq-huquqini himoya qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining kun tartibiga biron marta masala kiritdimi? Biz Turkiyaning biron sohada qo‘llab-quvvatlaganini, amaliy yordam berganini eslolmaymiz». Muhammad Saroy gaplarimga raddiya bildirishga urindi-yu, biroq men uning izohlariga qanoat qilmadim.

Bizning suhbatlarimizga faqat Xitoy xalq respublikasidan kelgan adiblar aralashmas, bu yerda aytgan gaplari ertagayoq Xitoy hokimlarining qulog‘iga yetib qolishidan qo‘rqar edi. «Jihod lozim, jihod! — derdi ularning bechoraholligidan qoni qaynab ketgan doktor Yusuf. — Allohga tavakkul qilib, jihodga birlashish, kurashish kerak. Alloh kimki menga tavakkul qilsa, unga nusrat beraman, degan. Nimadan qo‘rqasizlar, istiqlol yo‘lida o‘lsanglar shahidsizlar, zafar quchsanglar g‘oziysizlar. Har ikki holda ham Allohnnng rahmatidan benasib qolmaysizlar. Qo‘rqmay jihod qilinglar!».

Chin arafa kuni hojilar bomdod namozidan keyin Arofat vodiysiga yo‘l olishdi. Talab vodiysiga otlangan avtobus, yengil va yuk sayyoralarning son-sanog‘i yo‘q, poyu piyodalar undan ko‘p, bamisoli chumolilar uyasi buzilganu hamma bir tomonga oqqan. Bir necha million kishilik yurish hech qanday baqiriq-chaqiriqsiz, ur-sursiz osuda kechar, hamma birgina maqsad — Arofat vodiysiga tezroq yetib, Alloh taologa tavba-tazarrular qilishni, Rahmat tog‘ida yaratganga iltijolar aytishni istar, hammaning fikri-zikri faqat ibodat, tili esa parvardigorni ulug‘lovchi talbiya bilan band edi. Guruh-guruh bo‘lib ketayotgan odamlarning baland ovozda aytayotgan talbiyalari ko‘k toqiga o‘rlab aks sado berar, qalblarni hayajonga soladigan ajib bir shukuh, ko‘tarinki ruh baxsh etar edi. «Labbaykallahumma labbayk, la sharika laka labbayk. Innal hamda vanne’mata laka val mulk, la sharika lak».

Arofat gir aylanasi tog‘lar bilan qurshalgan vodiy bo‘lib, haj niyatidagilar kiradigan hududi belgilab, qat’iy chegaralab qo‘yilgan ekan. Kimki, shu hududdan tashqarida qolsa, ibodati inobatga olinmas ekan. So‘nggi yillarda yaydoq dashtdan iborat vodiyga bizning vatandoshlarimizdan bir kishi quvur orqali suv keltirib, bir necha yuz ming tup daraxt ektiribdi. Men har qancha surishtirmay, bu oliyhimmat kishining kimligini bilolmadim. Hamma birdek turkistoniy… buxoriylardan der edi xolos. Bu hol payg‘ambar alayhissalomning: «O‘ng qo‘lingiz bilan bergan ehsonni chap qo‘lingiz bilmasin», degan hadislarini yodimga soldi.

Biz o‘zimiz uchun ajratilgan chodirga joylashgach, shunday tabarruk joylarga yetganimizning shukronasiga ikki rakaat namoz o‘qidik. Hali kun isib ketmasidan (bu yerlarda issiq ellik darajaga nisbatan olinadi) Rahmat tog‘iga ko‘tarildik. Pastdakkina tog‘ tepasi keng maydon ekan. Rivoyat qiladilarki, Odam Ato bilan Momo Havo jannatdan chiqarilganlarida dastlab kelib tushgan joylari mana shu yer ekan. Arofat tog‘ida hojilar qo‘llarini ko‘kka cho‘zgancha Allohga iltijolar qilmog‘i, gunohlarini avf etilishini so‘rab yolbormog‘i, ota-bobolari, qarindosh-urug‘i, bola-chaqasi uchun Allohdan rahmat so‘ramog‘i, hammaga insofu tavfiq tilamog‘i lozim. Alloh taoloning chin yurakdan so‘ragan bandamni noumid qilmayman degan va’dasi bor.

Payg‘ambar alayhissalom zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni Arofat tog‘iga chiqib, Islom dinining asosiy arkonlarini bayon etuvchi vidolashuv nutqlarini so‘zlaganlar: «…Ey odamlar, to rabbingizning dargohiga yetib borguncha bir-biringizning joniga, moliga xiyonat qilish xuddi mana shu oyning, mana shu kunning, mana shu joyning hurmatini bajo keltirmaslik kabi haromdir. Sizlarga shuni yetkazamanki, ey Alloh, o‘zing guvoh bo‘lgin, qo‘lida birovlarning omonati bor kishilar bu narsalarni o‘z egalariga qaytarishsin, johiliyat davrida hukm surgan sudxo‘rlik bekor etiladi, men ishni avvalo amakim Abbos ibn Muttalibning sudxo‘rligini bekor qilishdan boshlayman. Johiliyat davridagi qon-qarz (qasos) ham bekor qilinadi, avvalo Omir ibn Robia ibn Horisning qon-qarzini yo‘qqa chiqaraman. Johiliyat davridagi odatlardan Ka’ba bilan Obi Zamzamni boshqarishdan boshqa ishlarning hammasi bekor qilinadi. Qasddan odam o‘ldirgan qotil (albatta) o‘ldiriladi. U birovni kaltak yoki tosh bilan urib o‘ldirsa, qasd qilgan hisoblanib, tovoniga yuzta tuya to‘latiladi, bundan ortiq haq undirish johiliyat davridagi kishilarga xos. Ey odamlar! Shayton zaminingizda Xudo bo‘lishdan umidini uzdi, lekin u mayda-chuyda hisoblaydigan ishlaringizda sizlarni o‘ziga bo‘ysundirishga urinadi… Ey odamlar! Zimmangizda amal qilishingiz lozim bo‘lgan ayollaringizning haqi bor, ayollarning zimmasida ham ular rioya etadigan sizlarning haqingiz bor. Sizlarning haqingiz shuki, ayollaringiz iffat joyiga begona odamlarni yaqin yo‘latmasligi, sizlar yoqtirmaydigan kimsalarni beruxsat uyga kiritmasligi va fohishabozlik qilmasligi lozim. Mabodo shunday qilishsa, Alloh ularni qattiq tutishingizga, ostona hatlatib chiqarmasligingizga, bir to‘shakda yotmasligingizga, astaroq urishingizga ijozat beradi. Bordiyu ular tiyilib, hukmingizga itoat etishsa, yaxshilikcha osh-non, kiyim-kechak bilan ta’minlanglar, amringizdagi ayollarning ixtiyori o‘zlarida emas. Ularni Allohning omonati qilib olgansizlar, ularni nikoh orqali o‘zinglarga halol etdinglar. Ayollarga Allohdan qo‘rqib munosabatda bo‘linglar, ayollarga yaxshi muomala qilish haqidagi vasiyatlarni qabul etinglar. Sizlarga tablig‘ qildimmi? (Allohning hukmini yetkazdimmi) Ey Alloh, guvoh bo‘lgin! Ey odamlar! Mo‘minlar bir-biriga qarindosh, qarindoshning o‘z ixtiyori bilan bermagan moli hech kimga halol emas. Sizlarga tablig‘ qildimmi? Ey Alloh, guvoh bo‘lgin! Mendan keyin murtadga aylanib, bir-biringizni qiradigan kofir bo‘lmanglar. Sizlarga men Allohning kitobi bo‘lgan Qur’onni o‘qib eshittirdim. Qur’onni mahkam tutsanglar adashmaysizlar. Tablig‘ qildimmi? Ey Alloh, guvoh bo‘lgin! Ey odamlar, sizlarning robbingiz bir, otangiz bir, hammangiz bir otadan tarqagansiz. Odam Ato tuproqdan yaratilgan. Kimki eng muttaqiy (Allohning buyruqlariga amal qilib, qaytargan ishlaridan o‘zini tiygan odam) bo‘lsa, u Allohning nazarida eng hurmatli odamdir. Arab bilan arabdan boshqa odamning qaysi biri taqvodor bo‘lsa, o‘shanisi afzal. Tablig‘ qildimmi? Alloh guvoh bo‘lgin! Gaplarimni eshitib turganlar bu yerga kelolmaganlarga yetkazishsin. Ey odamlar, Alloh har bir vorisga meros nasibasini belgilagan. Merosni faqat birgina vorisga vasiyat qilish durust emas, merosning uchdan biridan ko‘p qismini vasiyat qilish ham yaxshi emas. Bola erkakka mansub, aslo zinogarniki emas. Kimki o‘z padaridan boshqa birovni ota deb, xo‘jasidan boshqa birovni xo‘ja deb da’vo qilsa, Allohning, farishtalarning va barcha kishilarning la’natiga uchraydi. Uning bergan narsasi va guvohligi qabul etilmaydi. Sizlarga omonlik va Allohning rahmati bo‘lsin!»

Rasululloh haj manosiklarini ado etib, Minoga yo‘l olganlarida uch qayta takbir aytganlar hamda: «Biz rabbimizning dargohiga qaytguvchilarmiz, tavba qilguvchilarmiz, sajdaga egilguvchilarmiz, hamd aytguvchilarmiz», deganlar.

Ba’zi shakkok kimsalarda hajga faqat so‘rash, tilanish uchungina boriladimi, degan savol tug‘ilishi mumkinmi. Ha, chindan ham hajga yolg‘iz Allohga yolborib haq yo‘ldan adashtirmasligini, dilini imon nuri bilan munavvar etishini, el-yurtiga saodat ato etishini so‘rash qamda istig‘for aytish uchun boriladi. Shu bahonada kishi ruhan poklanadi.

Xuddi shaxmat kataklaridek bo‘laklarga bo‘lingan Arofat vodiysini zamonaviy uchoqlar bemalol qo‘nsa bo‘ladigan keng yo‘llar kesib o‘tgan. Haj kunlari bu yo‘llar ham, tog‘-tosh ham, imoratu masjidlar ham odamlarga to‘lib ketadi. Men bu yerda keksa otasini opichlab yurgan bir yigitni ko‘rib g‘oyat mutaassir bo‘ldim. Beixtiyor xalq orasidagi mashhur rivoyat yodimga tushdi. Emishki, bir yigit onasini opichlab yetti marta hajga olib boribdi va yurtning eng dono hukamosidan men onamning roziligiga erishdimmi, deb so‘ragan ekan, olim, yo‘q, atigi onang kechasi uyqusini buzib bir marta emizganining haqini ado etding, xolos, deb javob bergan ekan. Men ko‘rgan baxtiyor yigitga-ku Arofat vodiysida otasini opichlab yurish nasib etibdi, lekin bizdek ota diydoriga to‘ymagan, onasining xizmatini qilib, ko‘nglini olib ulgurmaganlar tog‘dek armonimizning zalvaridan ezilishdan o‘zga choramiz yo‘q. Issiqqa zo‘rg‘a bardosh berayotgan qari-qartanglar, hajning ma’nosiga yetib-etmay o‘ynab yurgan bolakaylar, hayotning lazzatini endigina totgan kelin-kechaklar, o‘spirin yigitlar menga bo‘lakcha avliyosifat odamlar bo‘lib ko‘rinishdi. Shoh Mashrab aytmoqchi: «Munda o‘rtangan ko‘ngil oxir yetar maqsudiga». To‘g‘ri, bizning yurtlarimizdan ham zahmat chekib, juda katta pullar sarflab borganlar ko‘p, lekin nadomatlar bo‘lsinki, ularning orasida Arofatga kelmaganlar, Ka’bani atigi bir marta tavof etib, do‘konma-do‘kon izg‘ib yurganlar yo‘q emas. Haj kunlari butun Makkaga ovoza bo‘lgan sharmandali hodisa yuz berdi. Bu mo‘tabar shaharda yashovchi bir odam yurtdoshlarimiz kelib qolishibdi, deb ularga sovg‘a ulashmoqchi bo‘libdi. Oqko‘ngil odam yuk sayyorasiga gilam bosib, o‘zbekistonliklar tushgan mehmonxonaga keltiribdi. Tashqarida yurgan uch-to‘rt kishiga bittadan gilam ulashibdi. Tekinga gilam olgan ko‘zi och odamlar og‘zining tanobini yig‘ishtirolmay ichkariga kirishibdi. «Gilamni qayerda sotishayotgan ekan?» deb so‘rashibdi qolganlar. «Sotishmayapti, pastda bir yurtdoshimiz tekinga ulashyapti», degan javobni eshitgan hojilar oyog‘ini qo‘lga olib tashqariga otilishibdi. Yuk sayyorasi yonida turgan saxovatli hamyurtimizni bosib-yanchib o‘zlarini sayyoraga urishibdi, olg‘irroqlari ikki-uchtadan, bo‘sh-bayovlari bittadan gilamlik bo‘lib qolishibdi. Haydovchi yigit esa chalajon xo‘jayinini ularning oyoqlari ostidan zo‘rg‘a tortib olibdi.

Ko‘zi ham, qorni ham och bu kimsalar Arofat vodiysida Allohga nima deb zoru tavallo qilishadi, balki zoru vovaylo etishmas, balki yana biron oqko‘ngil hamyurtimizning sadaqa berishini tilashar. Hayotning bu qadar murakkabligidan, olamdagi sir-sinoatning bu qadar ko‘pligidan, muomalayu munosabatlarning bu qadar chigalligidan, yashashning bu qadar qiyinligidan hayronu lol qolasan. Poklanish yo‘li bunchalar mashaqqatli bo‘lmasa. Arofat vodiysida men chin ma’noda haj qilgan, Allohning farzlarini sidqidildan ado etgan odamlardan birini — otasini opichlab yurgan baxtiyor yigitni ko‘rdim. Uning reza-reza ter bosgan yuzi, uyqusizlik va charchoqdan holsizlangan vujudi, ter va changdan kirlashgan ehromi, lekin tiyrak boquvchi ko‘zlari hamon ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. O‘shandan buyon shu yigitni eslaganimda iloyo uning haji qabul bo‘lsin, deb duo qilaman.

Kun botgandan keyin Muzdalifa vodiysiga yo‘l oldik. Haj taomili bo‘yicha bu yerda hojilar shom bilan xufton namozini qasr qilib o‘qiydilar va vaqt yarim kechadan oshguncha dam oladilar. Bu yerda dam oladigan maxsus joylar, chodirlar yo‘q. Muzdalifani Odam Ato bilan Momo Havo ilk bor bir-birining vasliga yetishgan joy, deya tavsif qilishadi. Arofatda kuni bilan ibodat qilgan hojilar bu yerda biroz hordiq chiqaradilar, tamaddi qilib, bir-birlari bilan suhbatlashadilar. Vaqt yarim kechadan oshgach, ruhan poklangan hojilar Minoga yo‘l oladilar. Peshin namozidan keyin shaytonning timsoliga tosh otiladi. Rivoyat qilinishicha, Ibrohim xalilulloh Allohning amri bilan o‘g‘li Ismoil alayhissalomni qurbonlikka so‘yish uchun olib ketayotganlarida shayton yosh yigitchaning yo‘lini to‘sib, yuragiga g‘ulg‘ula solishga, otaning irodasiga qarshi chiqishga undagan, shunda Ismoil alayhissalom yerdan tosh olib shaytonga otgan ekanlar. Shayton timsoliga tosh otish o‘shandan buyon musulmonlarga udum bo‘lib qolgan.

Shayton timsoliga yettita toshni otib bo‘lingach, hojilar sochlarini oldiradilar yoki qisqartiradilar va qurbonlik tadorikiga tushadilar. Har bir hoji o‘zi qo‘y so‘yishi shart emas. Bu qo‘ylarning go‘shti avvalo hojilarning o‘zlariga pishirib berilar, ortgani dunyodagi yashash sharoiti og‘ir musulmon davlatlariga jo‘natilar ekan. O‘rta Osiyo respublikalari har jihatdan «to‘kis, turmushi badastir» bo‘lgani uchun bunday iltifotdan benasib. Sababi, biz yalang‘och podshoga o‘xshaymiz, sharmisorlikdan qutulish uchun yordam so‘rash o‘rniga o‘z ahvolimizdan faxrlanib yuraveramiz.

Uch kun mobaynida kechki payt Makkaga borib Ka’bani ziyorat qildik. Bu kunlarda Masjidi haromga kirish amrimahol. Odam ko‘pligidan loaqal bemalol namoz o‘qishga joy topilmaydi, Ka’ba atrofida yurish imkonsiz, kunning issig‘i, badanlardan chiqayotgan hovur va ter hididan ko‘ngil behuzur bo‘ladi, lekin baribir odamlar oqimi kechayu kunduz kamaymaydi. Hammaning fikri-yodi ham, tili ham faqat Allohning zikri, shu kunlarga yetkazgani uchun shukrona aytish bilan band.

Hayitning uchinchi kuni peshindan keyin Rahmatulloh Turkistoniy «Siz bugun ketadigan bo‘lib qoldingiz. Istambulga uchadigan tayyoraga bilet olindi. Kechasi o‘n ikkida Jiddaga sayyora ketadi. Kechgacha Makkaga borib, tavofi vido qilib keling», deb qoldi. Kun ayni zabtiga olgan paytda yo‘lovchi sayyora izlab ko‘chaga chiqdim. Yuk sayyoralari, o‘n kishilik taksilarning yaqiniga yo‘lab bo‘lmaydi, avtobuslarning tepasigacha odam chiqib olgan. Men ham eshigi ochiq bir avtobusga tarmashdim va ne mashaqqatlar bilan Makkaga yetib oldim.

Masjidi haromning ichi tandirdek qizib ketgan. Tinimsiz o‘qilayotgan duolardan xuddi arining uyasidek g‘uvlaydi: «Subhonalloh val hamdu lilloh vala iloha illallohu vallohu akbar…». Tavofi vidoga kelganlar shu qadar ko‘pki, Ka’ba atrofidagi ochiq sahnga nina tashlansa yerga tushmaydi. Men ham mana shu izdihomga o‘zimni urdim, ammo Ka’ba atrofini bir marta aylanishga zo‘rg‘a bardoshim yetdi; kunning issig‘i, badanlardan ko‘tarilayotgan hovur, ter hididan ko‘nglim behuzur bo‘lib, safdan chiqib ketdim. Ustunlar orasidan joy topib, uzoq o‘tirdim, obi zamzam ichib sal o‘zimga kelgach, yana chappar urib aylanayotganlar qatoridan joy oldim. Xuddi birinchi kelgan kunimdagidek tovonim yerni his etmay qo‘ydi, quloqlarim yuksak osmondan kelayotgan sas-sadolardan bo‘lak hech narsani eshitmaydi. Osmonning har to‘rt enlik joyida o‘tirgan muakkillar tinmay nido qiladilar: «Alloh sen ulug‘ va qodir zotsan, bizni yo‘qdan bor qilgan o‘zingsan, oxirat kunida bizni yuzimiz qora bo‘lmasligi uchun hidoyatingni darig‘ tutmagin, mag‘firatingdan benasib etmagin!» Bu ko‘kdagi farishtalarning emas, mening iltijolarim. Vujudim simobdek erib, kipriklarimga shaffof tomchilar sizib chiqadi. Butun borlig‘im mana shu tomchilarga jo bo‘lgandek, Ka’ba ostonasiga chak etib tomsa, abadiy farog‘atga erishadigandek tuyuladi. Abadiy farog‘atga yetmoq dushvor: kimga nasib etadi-yu, kimga yo‘q — Allohning o‘zigagina ayon.

Ka’baning yoniga borish, yaqindagina o‘zim kirib chiqqan eshikning ostonasiga bosh urib, Allohdan bu yerga yana kelish nasib etishini tilashning imkoni bo‘lmadi. Namoz ustida hamma tilaklarimni aytib, yaratganga iltijolar qyldim. Bu muqaddas dargohga yana kelishdan umidvor bo‘lib, Masjidi Haromdan chiqdim. Minoga yetib kelganimda hojilar kechki ovqatga kirib ketishgan ekan. Shosha-pisha shomni o‘qidimu safar tadorikini ko‘rish uchun xonamga yo‘l oldim. Hamxonam doktor Yusuf Salohiddin narsalarimni yig‘ishtirishga ko‘maklashdi. Bir-birimizning turarjoyimizni yozib oldik. «Amin, sen amin odamsan», deya lutf qildi u. Men ham o‘z navbatida: «Sening yuzing asvad bo‘lsa ham qalbing Yusuf alayhissalomnikidek as’ad (ya’ni oq)», dedim. Doktor Yusuf miriqib kuldi va meni bag‘riga bosar ekan, pichirlab duolar qildi: «Alloh seni hamisha o‘z panohida asrasin!..» Men ham ezgu tilaklar tiladim. «Sen birovga ravo ko‘rganni u senga ravo ko‘rmasa, bunday suhbatdoshlikda xosiyat yo‘q», deganlar Rasululloh. Mino duolar ijobat bo‘ladigan joy. Shoyad bizning duolarimiz qabul bo‘lsa.

«Sizlarning xushaxloq, kamtar, do‘stlashtiruvchi va do‘stlikka intilganinglar qiyomat kuni menga eng ardoqli va eng yaqin bo‘ladiganinglardir», deya marhamat qilganlar Rasululloh. Minoda mana shu fazilatlarga ega odamlarni ko‘p uchratdim va qiyomat kuni Payg‘ambar alayhissalomga ardoqli bo‘ladigan bu kishilarga havasim keldi. Makkada, Madinada, Jiddada, Toifda tanishib bilishgan odamlarning hammasi menga shunday azizu mukarram zotlar bo‘lib tuyulishdi. Minodan ketar ekanman, Rasulullohning duolarini tilimdan qo‘ymay takrorladim: «Ey Alloh, sendan tilagim shuki, rahmating bilan qalbimni hidoyat qilgaysan: ishlarimni parokanda etmagaysan, tarqoq ishlarimni jamlagaysan, umid bog‘lagan ishlarimni ro‘yobga chiqargaysan, amalimni pok qilgaysan, meni barcha yomonliklardan asragaysan. Ey Alloh, oson o‘limni, shahidlarcha qazoni, baxtiyor hayotni, dushmanlar ustidan g‘alaba qozonishni tilayman».

Jiddadan ko‘tarilgan uchoq shiddat bilan yuksakka o‘rladi. Yana safar avvalidagidek sarxush holatga tushdim. Bir oylik safarim, Ka’badagi, Mino va Arofatdagi ibodatlarim asnosida dunyoning avvali va oxirini anglab yetgandek bo‘ldim. Lekin mana endi oyog‘im tuproqdan uzilib, yeru osmon o‘rtasida muallaq qolganimda dunyoga kelib hech narsani uqmaganim ayon bo‘ldi.

Havo mavjlarida bir nido yangrar: HAYoT!

Havo bo‘shliqlaridan bir vido kelar: O‘LIM!

Boshim uzra zangori osmon, pastda esa tubsiz bo‘shliq, quloqlarim ostida: «Osmon ohlar uradi, uning faryod chekmog‘i joiz, sababi osmonning har to‘rt enlik joyida bir farishta Allohga sajda qilib turadi. Xudo haqqi, men bilganlarimdan xabardor bo‘lsanglar oz kulib, ko‘p yig‘lar edinglar», degan hadisi muborak yangraydi. Har to‘rt enlik joyda bir muakkil sajda qilib turgan osmonga tikilganimcha asta pichirlayman: «Yaratgan egam, haq yo‘ldan adashtirmagaysan!»

Makka — Toshkent
Iyun — oktyabr 1991 yil

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 5-son