O‘tkir Hoshimov. Hushyor bo‘ling, odamlar! (1985)

«Uchinchi jahon urushida qanday qurol ishlatilishini bilmadimu, ammo to‘rtinchi jahon urushida nayza bilan o‘q-yoy ishlatilishi tayin».
A. Eynshteyn

«Tig‘ ko‘targan tig‘iparronga uchraydi».
O‘zbek xalq maqoli

Bu daho fikrlarni aytgan donishmandlar turli zamonlarda yashagan. Biroq ularning hammasi bir niyatda yakdil bo‘lganlar: odamzod tinch-totuv yashasa, halol mehnat qilsagina chinakam baxtiyor bo‘ladi. Shunga qaramay yer yuzida butunlay boshqa narsani orzu qilgan kimsalar ham bo‘lgan. «Men kular ekanman, dunyo yig‘lasin». Bu gapni Chingizxon aytgan. «Yaqinda butun jahon meniki bo‘ladi, meniki!» Bu gapni Gitler aytgan. Bular ham turli zamonlarda yashagan, yashayapti. Ammo ularni bitta maqsad — olamga hokim bo‘lish niyati birlashtirib turadi. Aslida-ku, hech kim hech qachon jahonga hokim bo‘lolmaydi. Faqat…

…Bolaligingizni eslaysizmi? Yo‘q, maktabga qatnay boshlaganingizni emas, yanayam kichkinaligingizni… Masalan, beshikda yotganingizni? Xotirlay olmaysiz. U paytda esingizni tanimagan edingiz. Lekin juda kichkina paytingizda uy burchagidagi sandiq oldiga borganingiz, ayvonga chiqqaningiz g‘ira-shira yodingizda bo‘lsa kerak. Keyin hovliga tushgansiz… Eslab ko‘ring: o‘shanda hovli sizga butun bir olam bo‘lib ko‘rinmaganmidi? Undan keyin bostirma tomiga chiqib varrak uchirgansiz. Bostirmaning kaftdek tomi ham sizga cheksiz-chegarasiz tuyulgan. Keyin maktabga borgansiz… So‘ng poyezdga mingansiz. Samolyotda uchgansiz. Har safar olamning bepoyonligiga hayron qolgansiz. To‘g‘rimi? Hammamizda ham shunaqa bo‘lgan. Har birimiz xuddi shunaqa hol,atni boshimizdan kechirganmiz.

Endi boshqa narsani eslab ko‘ring. Yer kurrasini birinchi bo‘lib «tashqaridan» tomosha qilgan Yuriy Gagarin kosmosga chiqqan zahoti nima degani yodingizdami? U: «Qaranglar, Yer judayam chiroyli, judayam kichkina ekan!» deb xitob qilgan. Yoshi bir joyga borib qolgan odam vaqti kelib o‘zi qachondir yotgan beshikka ko‘zi tushib qolsa, xuddi shu tuyg‘u ko‘nglidan kechsa kerak. Chindan ham biz yashab turgan kurrai zamin — milliardlab yulduzlar charx urib yotgan koinotda o‘z o‘qi atrofida, Quyosh tegrasida, Somon yo‘li orasida, Lira yulduzi tomon muttasil uchib ketayotgan — Yer shunday bir mitti yulduzki, olisroqdan qarasangiz ko‘zga chalinmaydi ham. Lekin mana shu jajji yulduzda to‘rt yarim milliarddan ziyod ongli mavjudot yashaydi. Millionlab nur yili masofasida joylashgan yulduzlarning birontasida hayot asari yo‘q. Shunday qilib, biz — to‘rt yarim milliard jon bitta beshikda voyaga yetyapmiz. Bitta kemada suzib boryapmiz. Mabodo kemamiz g‘arq bo‘lib ketsa, jon saqlaydigan boshqa qayiq yo‘q. Ehtimol shunga aqli yetgani uchun ham insonni tabiatning eng oliy farzandi deb atarmiz.

Biroq, goho-goho falakning ishiga boqib, eng ongli, eng zukko deb atalmish Inson qilib kelgan, qilayotgan ishlarni o‘ylab ba’zan uyalib ketasan kishi. Yer kurrasida ongli hayot paydo bo‘lganidan beri hali ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q. Ammo inson paydo bo‘libdiki, tarix oldida bir kiprik qoqgulik qisqagina umrining katta qismini urushlaru qirg‘inlar bilan o‘tkazib keladi. Shveytsariyalik olim Babel keyingi olti ming yil ichida yer yuzida qancha urush bo‘lganini erinmasdan hisoblab chiqibdi. Mana o‘sha hisob-kitoblar: so‘nggi olti ming yil ichida kurramizda 14 ming 513 ta urush bo‘libdi. (Keyingi o‘n yilda turli mamlakatlarda bo‘layotgan katta-kichik urushlar bu hisobga kirmaydi). Bular orasida tarixga uch kunlik urush deb kirgan «arzimas» janglar ham, Angliya bilan Frantsiya o‘rtasida bo‘lgan yuz yillik urush ham bor. Lekin urush uch kun davom etadimi, yuz yilmi, mohiyati bitta: qirg‘in bo‘ladi, odamlarning yostig‘i quriydi. O‘n to‘rt yarim ming urushda halok bo‘lgan odamlar soni qanchaligini so‘rarsiz? Marhamat: hozir planetamizda qancha odam istiqomat qilsa, olti ming yil ichida ro‘y bergan jangu jadallarda taxminan xuddi o‘shancha odam hayot bilan vidolashgan. Nahotki, Yer kurrasining hamma joyida osudalik hukm surgan, qilich zarbidan yoki miltiq o‘qidan odamzod oh chekmagan zamonlar bo‘lmagan? Bo‘lgan! Olti ming yilning uch yuz yili olam uchun nisbatan tinch kelgan. Lekin o‘ylab ko‘raylik. Olti ming yil oldida uch yuz yil nima degan gap? Bundan chiqdi insoniyat har yigirma yilda bir marta urushlaru qirg‘inbarotlardan dam olib, nafasini rostlagan. Agar inson bolasining umrini o‘rtacha oltmish yil deb olsak, u butun hayoti badalida uch yil osoyishta yashaganu qolgan ellik yetti yilini nuqul urush bilan o‘tkazgan. Bu qanday teskari haqiqat? Bu qanday adolatsizlik? Nahotki, olamdagi eng oliy mavjudot shunchalik kaltabin bo‘lsa?!

Hayotda turli adolatsizliklar bo‘lishi mumkin. (Inson bolasi judayam mukammal emas.) O‘g‘rilik, xiyonat, ichiqoralik, tekinxo‘rlik… Qo‘ying-chi, bu sanoqni ancha davom ettirsa bo‘ladi. Lekin xuddi o‘ziga o‘xshagan odam bolasini xayotdan judo qilishdan ortiqroq adolatsizlik bormi?

Biz tinch turmushning qonuniyatlarini bilamiz. Erta bilan ishga shoshilamiz, kechqurun uyga — bola-chaqamizning oldiga yuguramiz. Mehnat qilamiz. Nimadir yaratamiz. Kimnidir sevamiz, kimdandir nafratlanamiz. Goh quvonamiz, goh iztirob chekamiz… Xullas, yashaymiz. Yer yuzidagi sofdil odamlarning hammasi shunaqa. Negaki, hayotning yozilmagan qonuniyati shu. Biroq, urushning ham o‘z qonuniyatlari bor. Sen o‘ldirmasang — seni o‘ldirishadi! Ana birinchi qonuniyat! Sen o‘zingga o‘xshagan odamni, xuddi o‘z onangga o‘xshagan ona tuqqan. Xuddi o‘z bolangga o‘xshagan bolalari yo‘liga ko‘z tikib turgan odamni o‘ldirishga majbursan. Mana shu qonuniyat tufayli olti ming yil davomida to‘rt milliarddan ortiq inson bolasi qirilgan. Mana shu qonuniyat tufayli shohlik unvoniga qanoat qilmay, shahanshoh bo‘lishni xomxayol qilganlardan biri hali o‘zi non yopish nimaligini bilmay turib, inson zakovati yaratgan shaharlarni yer bilan yakson qildi. Tag‘in biri Butsefal laqabli otining tuyog‘i ostida begunoh norastalarni toptab o‘ldirdi. Yana bittasi qirq ming kishini daryoga cho‘ktirdi. Nihoyat tag‘in biri salkam oltmish million odamning uvoliga qoldi. Inson yog‘idan sovun yasatib qo‘lini yuvdi, inson terisidan qo‘lqop yasab kiyib ko‘rdi.

Bu qandoq sharmandalik?! Odam bolasi ham shunchalik vahshiy bo‘ladimi? Inson umri-ku, o‘lchoqlik. Oddiy toshbaqa ham odam bolasidan ko‘ra ko‘proq umr ko‘rarkan. Shunday ekan, odam bolasi xuddi o‘ziga o‘xshagan odamni qirg‘in qilishidan murod nima? Axir, ongsiz hayvon ham bunchalik xunrezlik qilmaydi-ku! Masalan, sher kiyikni ovlaydi. Ammo u bu ishni azbaroyi ochidan o‘lmaslik uchun, bolasini to‘ydirish uchun qiladi. Hatto shu yirtqich ham o‘ziga keraklicha ov qiladi. Odamzod degan nomga dog‘ tushiruvchi «fotihlar» oddiy hayvonchalik ham yo‘qligiga hayron qolasan kishi! Tabiat-ku, insonga hamma narsani taqdim etib qo‘yibdi. Yer, suv, boyliklar… Halol mehnat qilgan odam och qoshmaydi. Xo‘sh, nima kerak tag‘in? Qirg‘inbarot urushlar nimaga kerak! Albatta, bu ,savol ayrim «dono» ablahlarga o‘taketgan go‘l odamning nolasidek tuyulishi tabiiy. Ular jahonga hokim bo‘lgisi keladi. Yer yuzidagi hamma xalqlar o‘z izmida bo‘lishini hohlaydi. Qizig‘i shundaki, bunaqa xomxayolni orzu qilgan kimsalar o‘zlarini hammadan oqil sanaydi. Biroq, dunyoda hech kimga bo‘ysunmaydigan g‘alati haqiqatlar bo‘ladi. Mana shu haqiqat Iskandarni «qo‘lim ochiq ketdi» deb tan olishga majbur qildi. Mana shu haqiqat Chingizxonning go‘rini odamlar nigohidan o‘chirib tashladi. Napoleonni gadoytopmas orolda xor-zorlikda o‘ldirdi. Mana shu haqiqat Gitlerning kulini ko‘kka sovurdi. Tuproq uning jasadini qabul etishga ham hazar qildi. Tarix sabog‘i shunday. Afsuski, jahonga ustun bo‘lish orzusidan qaytmagan shaxslar haliyam bor. Ajab, odam bolasining xotirasi nahotki shunchalik mo‘rt bo‘lsa? Nahotki, bugungi kunda, yigirmanchi asrning oxirida ham oddiy haqiqatni unutgan olchoqlar topilsa?! Bor. Shundaylar haliyam bor! Hozir dunyoni o‘z izmiga bo‘ysundirishni orzu qilayotganlar boshqa xalqlar o‘zi xohlaganicha emas, men istagancha hayot kechirishga majbur, aks holda misli ko‘rilmagan urush boshlayman deb turganlar endi Amerikadan chiqdi. Ularning maqsadi bitta: dunyoga o‘t ketsa ketsin, olovida mening sho‘rvam pishib qolsa bas! Mana, ularning falsafasi! Bu niyatning qanchalik xatarli ekanini ularning o‘zi biladimi?

Biladi! Bilib turib shunday qiladi. Masalan, Reygan — Chingizxon emas, Iskandar ham, Napoleon ham emas. Dunyoga o‘t ketsa, zum o‘tmay Kapitoliydagi shohona uyi ham kulga aylanishiga aqli yetadi. Ammo keksa tarix shuni ko‘p bor isbotlaganki, katta mamlakatning hokimi, har doim ham chin ma’noda katta Inson bo‘lavermasligi mumkin ekan. Yodingizda bo‘lsa, bir vaqtlar «Etti azamat» degan Amerika filmi chiqqan edi. O‘sha kinofilmda Amerika kovboylarining «bitmas-tuganmas» jasoratlari hikoya qilinadi. Yetti azamat yigit «adolat» uchun kurashib, doim g‘olib chiqishadi. Hozirgi prezident Reygan ana o‘shanga o‘xshash filmlarda rol o‘ynagan artist. To‘g‘ri, «Etti azamat»da adolatli kurash tasvirlangan. Lekin kovboylar aslida kim bo‘lgan o‘zi? Bular — o‘z tilimizda aytsak, borib turgan qaroqchilar edi. Kovboylarning bosh maqsadi — Amerika qit’asining haqiqiy egalari bo‘lmish hindularni qirishdan nariga o‘tmagan. Bundan yuz ellik yil avval ular oddiy o‘q-yoy bilan qurollangan hindularga qarshi zambaraklar bilan urush qilishgan. To‘g‘ri, o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida Jangari ot laqabli hindu yigiti turli qabilalarni birlashtirib, qilich bilan zambaraklar ustiga bostirib borgan. Kelgindi oq tanlilarning butun bir polkini zambarak-pambaragi bilan qirib tashlagan. Yalang‘och badaniga qizil mantodan bo‘lak hech nima kiymagan hindu lashkarboshisiga bironta o‘q ham tegmagan. Sharmandayu sharmisor bo‘lgan oq tanlilar Jangari otni chaqirib, sulh taklif qilishgan. «Mayli, xohlagan yeringizni qaytarib beramiz, do‘st bo‘laylik», deb yalinishgan. Ammo Amerikaning o‘sha paytidagi prezidenti ham nomardlik qilgan: sulh tuzishga kelgan lashkarboshini tutib olib, osib o‘ldirgan… Hozir Jangari ot g‘olibona jang qilgan joyda — Qo‘shma Shtatlar bilan Meksika chegarasidagi Qoratog‘ degan yerda Jangari otning mislsiz haykali qad ko‘tarib turibdi. Tog‘ qoyalariga o‘yib ishlangan otliq lashkarboshi haykalining balandligi — 160, uzunligi — 180 metr. Qizig‘i shundaki, bu obidani amerikalik oq tanli haykaltarosh Zulkovski tiklagan. Qashshoq turmush kechirayotgan hindularning to‘plagan puli yetmaganidan keyin, haykaltarosh g‘alati tadbir ishlatgan: haykal o‘n kilometr naridan ko‘rinib turadi. Tabiiyki, oq tanli boyvachchalar shunday buyuk san’at asarini tomosha qilgisi kelib qolgan. Zulkovski esa o‘n chaqirimdan beriga kirgan har bir oq tanlidan besh dollardan pul to‘lashni talab qilgan… O‘sha pullarga haykalni bitirgan…

Bular hammasi — tarixiy dalil. Ammo boshqa dadillar ham bor. Amerika kelgindilarining jangovar vakillari — kovboylar g‘alati maqollarni o‘ylab topishgan. «Eng yaxshi hindu — o‘lik hindu!» Shamol biz xohlagan tomonga esishi kerak, agar biz xohlagan tomonga esmasa, bu — noto‘g‘ri shamol…» Ehtimol kovboylar filmida rol o‘ynayverib o‘zi ham kovboy bo‘lib ketgan prezident haliyam «shamol men xohlagan tomonga esishi kerak», deb o‘ylar. Ammo dunyoda shunday adolat shamollari borki, hech kimga bo‘ysunmaydi. Qolaversa, hozir kovboylar zamoni emas. Jahon sahna emaski, unda bitta shaxs bosh rolni o‘ynab, xohlagan ishini qilsa! Insoniyat artist emaski, bosh aktyorning bir imosi bilan mahv bo‘lib qo‘ya qolsa!

Keling, yana ba’zi dalillarga murojaat etaylik. Shunday qilib, keyingi olti ming yil davomida o‘n to‘rt yarim ming urush bo‘ldi. Shu urushlarda to‘rt milliarddan ortiq odam qirildi. Lekin o‘sha urushlarda nari borsa qilichlaru palahmonlar ishlatilgan. Har urushda minglab, boringki, o‘n minglab odam halok bo‘lgan. So‘nggi uch-to‘rt asrda inson «zakovati» bilan miltiqlar, zambaraklar, tanklar, samolyotlar o‘ylab topildi. Qurbonlar soni o‘n hissa, yuz hissa oshib ketdi. Gap bunda ham emas. Bora-bora qurollar «odam tanlamaydigan» bo‘ldi.

Birinchi jahon urushida halok bo‘lgan har yuz kishidan saksontasi qo‘liga qurol ushlagan harbiylar, qolgan yigirma nafari «tinch aholi» — ya’ni keksalar, ayollar, bolalar edi. Ikkinchi jahon urushida bu raqam o‘zgardi. Qurbon bo‘lganlar orasida oltmish besh kishi harbiy bo‘lsa, o‘ttiz beshtasi «tinch aholi» edi. Amerika Koreyaga qarshi urush qilganida esa harbiylardan ko‘ra oddiy odamlar ko‘proq qirildi. O‘lganlarning har yuztasidan oltmishtasi bolalar, keksalar, onalar edi. Nihoyat, yana Amerika Vetnamga qarshi urush boshladi. Bu safar avvalgidan ham battar bo‘ldi. Bu urushda yostig‘i qurigan har yuz kishidan bor-yo‘g‘i o‘n yettitasi harbiylar, qolgan sakson uch kishi bolalar, ayollar, chol-kampirlar edi.

Biroq, eng dahshatlisi bu ham emas. 1945 yil 6 avgust tongotar chog‘ida Xirosima osmonida samolyot ko‘rindi. U kunchiqar tomondan uchib kelar edi. Odamlar vahimaga tushmadi. «Havo trevoga»si ham berilmadi. Negaki, odatda dushman samolyotlari havo hujumida to‘da-to‘da bo‘lib keladi. Shunday qilib, shahar ahli osmonda paydo bo‘lgan samolyotga unchalik e’tibor bermadi. Xuddi shu payt B—29 samolyotida uchib borayotgan AQShning qurollanish bo‘yicha mutaxassisi kapitan Parson bort daftariga xotirjamlik bilan yozib borar edi: «…1945 yil 6 avgust. Titian oroli vaqti bilan soat 2 dan 45 minut o‘tganda (Vashington vaqti bilan 5 avgust soat 11 dan 45 minut o‘tdi) osmonga ko‘tarildik… Soat 3.15. Qurilma taxt. Soat 6 dan 5 minut o‘tdi… Imperiya tomon yo‘l oldik… Soat 7 dan 41 minut o‘tdi. Kerakli balandlikka ko‘tarilyapmiz. Soat 8 dan 38 minut o‘tdi. 11 ming metr balandlikka chiqdik. Soat 8 dan 47 minut o‘tdi. Elektron portlagichlar tekshirildi. Soat 9 dan 4 minut o‘tdi. G‘arbga boryapmiz. Soat 9 dan 9 minut o‘tdi. Mo‘ljal — Xirosima ko‘rindi. Soat 9 dan 15,5 minut o‘tdi. Bomba tashlandi…»

Zum o‘tmay butun shahar vayronaga aylandi. O‘n bir chaqirim balanddan bomba tashlagan uchuvchi ham, Parson xam qiyomat qo‘pgan bu shahardagi odamlarning oh-faryodini eshitganlarida esdan og‘ib qolishlari tayin edi.

Prezident Trumen mamnuniyat bilan qo‘llarini ishqalab qo‘ydi. «Biz bu o‘yinda kattakon mablag‘ni «vabank» deb tashladigu, yutib chiqdik. Qirilib ketgan yuz mingning nari-berisidagi allaqanday «Djeplar» kim bo‘pti?» U o‘zining «insonparvarligi» bilan maqtanib ham qo‘ydi. «Aslida bombani Kiotoga tashlash kerak edi. Qurol parametrlari juda mos kelardi. Roppa-rosa million kishi qirilgan bo‘lardi… Kioto — yaponlarning qadimiy poytaxti. Chiroyli obidalar bor deyishadi. Mayli, shafqat qildim. To‘qqizinchi avgustda Nagasakiga bomba tashlansin!»

Shunday bo‘ldi. Nagasakida ham o‘n minglab odamlar qirilib ketdi. Bu — Trumenning quvonchi, Yer kurrasidagi odam zotining fojiasi edi…

Oltin beshigimiz — Yer qurrasidagi eng xatarli davr ana shu kundan boshlandi. Shu kuni odamzod ayanchli bir haqiqatni angladi. Endigi urush okop bilan bolalar bog‘chasini ajratmaydi. Endigi bomba uchun raketa poligoni bilan tug‘ruqxonaning farqi yo‘q!

Inson zakovati chegara bilmaydi. Gomerning «Iliada»sidan tortib hazrat Navoiyning dostonlarigacha, xalq ertaklaridan tortib, zamonaviy fantastik romanlargacha — xammasida aql bovar qilmas voqealar tasvirlanadi. Lekin inson tafakkuri orqali erishib bo‘lmaydigan narsani tasavvur qilolmaydi. Ertaklardagi uchar gilam zamonaviy tezuchar samolyotlar emasmi? Farhod seviklisi Shirinni ko‘rib qolgan «oynai jahon» televizor emasmi?

Keling, boshqa tarixiy kitoblarnn ham varaqlab ko‘raylik. Bundan o‘n besh ming yil ilgari bo‘lib o‘tgan g‘aroyib hodisalar tasvirlangan hind eposi «Maxabxarata»da shunday satrlar bor: «Shunday Rama yengilmas kuchga ega bo‘lgan o‘lim eltuvchi dahshatli qurolni ishga soldi… Hammayoq o‘t-olov ichida qolib ketdi, hatto kuli ham qolmadi…» Yana… «tangri Shiva Arjunani ogohlantirdi:

Bas, hech hachon hech bir odam bu qurol bilan
Urushmoqni hayoliga ola ko‘rmasin.
U beqaror hukmronning qo‘liga tushsa
Yo‘q etmog‘i mumkin butun jumla-jahonni…»

«Maxabxarata»da yana aytiladiki, «mabodo «osmon quroli» ishlatilsa, o‘sha mamlakatda 12 yil yomg‘ir yog‘maydi, hammayoq yakson bo‘ladi, ayollar homila ko‘rmaydi».

Shivaning quroli pashaputa ham shunaqa.
«Mana endi bu dahshatli qurol ishga tushganda
Daraxtlarni silkitib, qimirlab ketdi zamin.
To‘lqinlandi daryolar, hatto buyuk dengizlar,
Tog‘lar yorilib ketdi, shamollar uchdi hazin.
Bu qudratli qurolni ishga solma, Arjuna,
Maqsadsiz ishga solish mumkin emas hech qachon…
Basharti bu qurolni suiiste’mol qilsang
Yuz berishi muqarrar cheksiz og‘ir kulfatlar…»

Shunday qilib, «Maxabxarata»dagi she’riy satrlar bundan o‘n besh ming yil naridagi dahshatli voqealarni hikoya qiladi.

Boshqa misol:

«Otashe dar yeki az zarre nihon
Lojaram on zarra bigshoyad daxon.
Peshi on xurshed ki, jast az kamiya
Zarra-zarra gardad, axzoy zamin».

Mazmuni: zarralardan birida shunday otash yashirinib yotibdiki, u payti kelib, tilga kiradi. Berkinib yotgan joyidan otilib chiqqan bu quyosh yerni parcha-parcha qilib yuboradi.

Bu satrlarni sakkiz yuz yil avval mavlono Jaloliddin Rumiy yozgan. Nima bu, «bashoratmi?» Minglab yillik tarixga ega bo‘lgan «Maxabxarata»ni yaratganlar, yuzlab yil ilgari yashagan buyuk alloma Rumiy nima demoqchi? Odamlarni nimadan ogoh qilmoqchi?

Darvoqe, yana fakt: rus adibi V. Nikolskiyning 1927 yilda bosilib chiqqan «Ming yil o‘tib» degan kitobida g‘alati voqea tasvirlanadi. Atom kuchini sinab ko‘rayotgan kishilar tasodifan xatoga yo‘l qo‘yadilar. Birdan portlash ro‘y beradi-da, Yevropaning yarmisi kuyib, kulga aylanadi. Fantast adib bu voqea 1945 yil avgust oyida bo‘ladi, deb yozadi. Ajab, adib aytgan fojia chindan ham qirq beshinchi yil avgustida ro‘y berdi. Faqat Yevropa ustida emas, Yaponiya osmonida! Tasodifan emas, ataylab, qasddan! Ammo hind dostonida tasvirlangan, mavlono Rumiy ogohlantirgan, Nikolskiy yozgan o‘sha dahshatli qurol (bu kitoblarning hech birida; atom bombasi degan gap yo‘q edi, bunday iboraning o‘zi ham u paytlarda ishlatilmasdi, lekin mohiyati baribir eng qattol qurolga kelib taqalardi) Yevropa ustida portlaydimi, Osiyo yoki Amerikadami, baribir emasmi? Axir, insoniyat bitta beshikda unib-o‘sayotgan, bitta kemada suzib ketayotgan jonzot-ku! Nahotki, ming yillar ilgari ajdodlarimiz tushungan narsaga yigirmanchi asr odamlarining aqli yetmasa?

Er yuzida yomonlarga nisbatan yaxshilar hamisha ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun ham xuddi o‘sha qirq beshinchi yil yozida odamzod tarixidagi eng ashaddiy qurol yaratilgan mamlakatda — Amerika Qo‘shma Shtatlarida, sof vijdonli kishilar oyoqqa qalqdi. Chikago universitetida maxsus komissiya tuzilib, Nobel mukofotining laureati professor Frank boshchiligida o‘nlarcha olimlar prezidentga norozilik maktubi yuborishdi. Bu xatga yigirmanchi asrning eng ulug‘ olimi deb tan olingan Albert Eynshteyn ham imzo chekkan edi.

Petitsiyaning lo‘nda mazmuni bunday edi: «Agar Qo‘shma Shtatlar bu dahshatli qurolni ishlatsa, dunyo oldida umrbod malomatga qoladi. Qolaversa, boshqa mamlakatlar ham o‘zini himoya qilish uchun shunaqa qurolni ishlab chiqaradi. Bora-bora «zanjirli reaktsiya» paydo bo‘ladi. Aql bovar qilmas qirg‘in qurollari yaratilaveradi. Oxir-oqibat Yer yuzidagi hayot jahannam jari yoqasiga borib qoladi…»

O‘sha paytdagi Amerika prezidenti — ham jisman, ham siyosatda shapko‘r Trumen mana shu haqiqatni anglamadi. Uning niyati «o‘zi xohlagan» yo‘ldan emas, boshqa izdan — sotsialistik izdan borayotgan davlatlarni, birinchi galda bizning davlatni «qo‘rqitib» qo‘yish edi. Oqibat nima bo‘ldi?! Urushdan endigina chnqqan, yarim och holda yashab, kultepaga aylangan shaharlarni qaytadan tiklayotgan bizning Vatanimiz xuddi o‘shanaqa, ehtimol, undan kuchliroq qurolni yaratishga majbur bo‘ldi! Holbuki, davlatimizning birinchi rahbari, jahondagi yaxshi niyatli jamiki ellarning rahnamosi Lenin imzo chekkan eng birinchi hujjat Tinchlik Dekreti edi. Nachora, dushmanlarimiz bizni hech qachon tinch qo‘ymadi. Antanta xuruji, grajdanlar urushi, Ikkinchi jahon urushi, nihoyat atom dag‘dag‘asi… Tasavvur qiling: ashaddiy dushmaningiz uyingizni har tomondan o‘rab olsa-da, derazadan qurol o‘qtalib, «qani, chiq bu yoqqa» desa, qo‘lingizga siz ham qurol olasizmi-yo‘qmi?

Bizning yurtimiz o‘n karra, yuz karra, ming karra ta’kidladi: kelinglar, tinch-totuv yashaylik, urush bo‘lmasin! Biz atomni tinch maqsadda ishlatish uchun atom muzyorarlari qurdik, atom elektrostantsiyalari bunyod etdik. Yadro degan qotilni umuman yo‘qotaylik, deb qayta-qayta aytdik. Biroq muxoliflarimiz ko‘nmadi. Atomdan keyin vodorod bombasi, elektron bombasi, neytron bombasi, odamning tili kelishmaydigan yana allaqanday bombalar yaratildi. Urushqoq mutaxassislar, birinchi galda Amerika jangarilari aql bovar qilmas «g‘oya»larni o‘ylab topishdi. Laboratoriyalarda millionlab chivinlarga o‘lat kasalini yuqtirib osmondan sochib tashlash… Ko‘rshapalaklar qanotiga portlatgichlar bog‘lab shaharlar ustiga uchirish… Xullas, yomon niyatli kimsalar dastidan jonivorlar ham tinch qolmadi.

Yaqinda magbuotda tag‘in bir antiqa xabar chiqdi. Amerika «olimlari» o‘ta zaharli «ajabtovur» suyuqlik yaratibdi. Bu zaharning bir grammi yetmish kishini til torttirmay o‘ldirar ekan. Shunaqa zahardan 150 tonnasini taxt qilib qo‘yishgan emish. Endi hisoblab ko‘raylik. Bir gramm zahar yetmish kishini qirsa, bir kilosi 70 ming kishining yostig‘ini quritadimi? Bir tonnasi 70 million kishini qirib tashlaydimi? Bundan chiqdi jahondagi jamiki jonzotni qirg‘in qilish uchun o‘sha qattol zaharining 70 tonnasi yetib-ortadi! Qolgan yarmisini nima qilishmoqchi? Million yillardan keyin Yer kurrasida qaytadan hayot paydo bo‘lsa, o‘shalarga atab qo‘ymoqchimi? Bu qanday telbalik?

Chamasi, Amerikadagi, qolaversa ba’zi g‘arbiy davlatlardagi pul quturtirgan dovdirlar haliyam kovboylarnnng «shamol biz xohlagan tomonga esishi kerak» degan maqoliga amal qilishsa kerak. Masalan, neytron bombasini yaratgan Koen degan olim o‘z mahsulotining nihoyatda «toza» ishlashini aytib maqtangan edi. Neytron bombasi uy-joylarni, buyumlarni vayron qilmas ekan. Faqat tirik jonni — odamlarni, jonivorlarni, gullarni, daraxtlarni yo‘q qilarmish. «Gumanizm»ni qarang! O‘shanda Yevropa mamlakatlaridan birining muxbiri Koenga juda o‘rinli savol beradi. «Janob professor, mabodo shunaqa bomba o‘z uyingizning ustida portlasa-chi?!» Koen xotirjam qo‘l siltaydi: «Qiziqmisiz, Amerika ustida bomba portlashi mumkin emas!»

Ana sizga javob! To‘g‘ri, keyingi ikki asr davomida Amerika territoriyasida urush bo‘lmadi. Onalar o‘z bolasining osib o‘ldirilayotganini tomosha qilgani yo‘q. Bolalar o‘z otasining peshonasidan otib o‘ldirishayotganini ko‘rmadi. Amerika osmonida bittayam bomba portlamadi. Qo‘shma Shtatlar yer kurrasidagi istagan joyni «bizning hayotiy zarur yerimiz» deb atashga o‘rgandi. Sotsialistik mamlakatlarni hamma tomondan raketa poligonlari bilan o‘rab tashladi. Lekin zamonlar o‘zgardi. Bir vaqtlar Amerikani ikki tomondan ikki buyuk okean o‘rab turardi. Bexosdan yaqiniga borib bo‘lmasdi. Hozir shunday qurollar borki, qandaydir dajjol hujumga shay qurilmalar tugmachasini bossa, zum o‘tmay o‘zining boshiga ham jahannam olovi yopriladi. Hozirgi qurollar uchun ikki jahon bir qadam!

Mayli, Amerika-ku, boshi ustida bomba portlash dahshati nimaligini bilmas. Ammo ikkinchi jahon urushida millionlab judolikni ko‘rgan Angliya, Germaniya Federativ Respublikasi, Italiya singari mamlakatlarga o‘z yurtida Amerika raketalarini o‘rnatishga balo bormi? Atom bombasidan aziyat chekkan, o‘sha bomba ta’sirida qirq yildan keyin ham mayib-majruh bolalar tug‘ilayotgan Yaponiyaga Qo‘shma Shtatlarning korchalonlari bilan og‘iz-burun o‘pishishni kim qo‘yibdi? Nahot tarix sabog‘i shunchalik tez unutilsa!

Shuni o‘ylaganda xalqimizning qadimiy afsonasi yodimga tushadi. Bir odam tinchgina mehnat bilan tirikchiligini ko‘rib yurar, bola-chaqasini boqar ekan. To‘g‘riligi uchun el o‘rtasida obro‘si oshib ketibdi. O‘sha odamning o‘taketgan baxil qo‘shnisi bor ekan. U deb ko‘ribdi, bu deb ko‘ribdi, bo‘lmabdi. Oxiri xesh-aqrabolarini to‘plabdi-da, vasiyat qilibdi. «Shu kecha meni so‘yinglar-da, o‘ligimni qo‘shnimning hovlisiga obchiqib tashlanglar. Zora qo‘shnim sharmanda bo‘lsa!» Ba’zi davlatlarning boshliqlari qilayotgan «o‘yin» ham shunaqa bema’ni emasmikin?

Hali aytdik. Yer yuzida yomon niyatli kimsalardan ko‘ra sofdil odamlar hamisha ko‘p bo‘lgan. Aks holda inson bolasi shu darajaga yetmas edi. Yer kurrasi million yil ilgari qanaqa bo‘lsa, shu holda — yovvoyiligicha qolib ketar edi. Angliyadagi onalar AQSh raketalari joylashtiriladigan bazalarga borib isyon ko‘tarayotgani, Germaniyaning sofdil kishilari, Italiya mehnatkashlari, Yaponiya ishchilari junbishga kelgani bejiz emas.

O‘ylab ko‘raylik! Axir zaminimizda har yili millionlab bola ochlikdan o‘lyapti. Ishonasizmi, Yer yuzidagi aholining uchdan ikki qismi — uch milliardga yaqin odam yarim och yashaydi. Buning ustiga tabiiy ofatlar: qurg‘oqchilik, epidemiyalar, ishsizlik yuz minglab odamlarning yostig‘ini quritib turibdi. Holbuki, bundan o‘n-o‘n besh yil ilgari yaratilgan bitta harbiy samolyot puliga mingta bolani bir yil boqsa bo‘larkan. Bitta harbiy raketa puliga yuz mingta bolani bosh-oyoq kiyintirish mumkin. Uyog‘ini so‘rasangiz, hozir jahonda qurollanish uchun har minutda million dollar mablag‘ sarflanadi. Har minutda! Soatiga qancha bo‘ladi? Bir kunda, bir oyda, bir yilda-chi?! Axir biz — Yer degan jajjigina planetada istiqomat qilayotgan to‘rt yarim milliard jon hammamiz inson bolasimiz-ku!.. Hammamiz aka-ukamiz-ku! Shu mablag‘larni yaxshilik yo‘lida sarf qilsak yer yuzi guliston bo‘lib ketadi-ku! Yana bir dalil: Amerika Qo‘shma Shtatlari 1946 yildan 1980 yilgacha qurollanish uchun ikki trilliard dollar mablag‘ isrof qilibdi. O‘ylab ko‘ring, million emas, milliard emas, ikki trilliard dollar! Bu nima degan gap?!

Ulug‘ Lenindan boshlab, partiyamiz, davlatimizning jamiki rahbarlari jamiki e’tiborli davralarda bir gapni aytib kelishdi. Hozir ham aytishyapti: jahonda tinchlik bo‘lishi kerak! Eng so‘nggi dalillar: biz yadro qurolini yo‘q qilishni taklif etdik. Dushmanlarimiz g‘iq etmadi. Biz yadro qurolini birinchi bo‘lib ishlatmaslikni zimmamizga oldik. Dushmanlarimiz yana javob bermadi. Ustiga-ustak qirg‘in qurolini yer ostida, yer yuzida, suvda, havoda ishlatish yetmagandek endi kosmosga olib chiqishga qaror qilishdi.

Bu nima o‘zi? Kovboylarning «shamol biz xohlagan tomonga esishi kerak» degan ahmoqona maqoliga amal qilishmi, yoki Koenning «Amerika ustida bomba portlashi mumkin emas», deb kerilishini jiddiy xaqiqat deb o‘ylashmi? To‘g‘ri, biz hech qachon birovga birinchi bo‘lnb qo‘l ko‘targan emasmiz. Ammo o‘zganing do‘layib qo‘l ko‘tarishiga ham yo‘l qo‘ymaymiz. Eng dahshatlisi shundaki, hozirgi qurollar baravar ishga tushsa planetamizni bir emas, o‘ttiz marta parchalab tashlaydi. O‘ttiz marta! Xuddi «Maxabxarata»da aytilganidek, tog‘lar parchalanib, dengizlar toshadi, hazrat Rumiy yozganidek, yer zarra-zarra bo‘ladi. Bundan to‘qson yil ilgari ingliz yozuvchisi Robert Krom «Taqdir zarbasi» degan romanida tasvirlagandek faqat Yer kurrasi emas, butun boshli Quyosh sistemasi ham izidan chiqib ketadi. Nihoyat, asrimizning daho olimi Albert Eynshteyn bashorat qilganidek, basharti qachondir to‘rtinchi jahon urushi bo‘lsa, maymunsifat odamlar nayza bilan jang qiladi. (Mabodo Yer o‘z orbitasidan chiqib ketmasa!)

Sovet xalqi urush dahshati nimaligini yaxshi biladi. Ulug‘ Vatan urushida yurtimiz 20 million eng sara farzandlaridan ayrildi. Bu yil biz ulug‘ G‘alabaning 40 yilligini nishonladik. Qirq yil inson umri uchun yaxshigina muddat. Biroq, insoniyat umri uchun hech gap emas. Qolaversa, farzand dog‘i qirq yil uyoqda tursin, qirq ming yilda ham ketmaydi. Biz shuncha qurbonlar evaziga olamni fashizm asoratidan asrab qoldik. Lekin bu urush bizga juda qimmatga tushdi. Birov jufti halolidan, birov otasidan, birov akasidan, birov qaylig‘idan, birov bobosidan judo bo‘ldi. Qaysi xonadonga kirmang, devordagi sarg‘ayib ketgan suratni, kemtik patirni, «qoraxat»ni ko‘rasiz. Shuning uchun ham biz urushdan jirkanamiz. Shuning uchun ham yangi urushni niyat qilganlardan nafratlanamiz. Shuning uchun ham SSSR Konstitutsiyasida urushni targ‘ibot qiluvchilar jinoiy javobgarlikka tortiladi, deb yozib qo‘yilibdi.

Es-hushi joyida odam go‘dakligida o‘zi yotgan beshikni tepib sindirmaydi. Es-hushi joyida odam o‘zi unib-o‘sgan uyga o‘t qo‘ymaydi. Es-hushi joyida odam o‘z onasini bo‘g‘ib o‘ldirmaydi!

Bugungi kunning birinchi raqamli muammosi — tinchlik! Odamzodni urush balosidan saqlab qolish. Partiyamiz, davlatimiz, sovet xalqi, qolaversa, dunyodagi yetti yashardan yetmish yashargacha sofdil odamlar shu niyatda. Hushyor bo‘lmasak, bir to‘da telbalar hammamiz birgalikda suzib borayotgan jajji, nozik kemani g‘arq qilib yubormoqchi! Hushyor bo‘ling, odamlar! Tinchlik degan oddiy, tabiiy, nondek aziz ne’matini bizlar yomon niyatli odamlardan tilab olmaymiz. Buning uchun kurashmog‘imiz kerak. Hozirgi kunda har birimizning insoniy burchimiz — mana shu!