Zoir Choriyev. Mardikorlar (1991)

O‘zbek xalqi tarixining eng qora sahifalaridan biri sanalgan, biroq uzoq yillar mobaynida ijtimoiy-siyosiy sabablarga ko‘ra o‘rganilmay kelingan mardikorlikka olish voqeasi haqida so‘z yuritildimi, bas, ushbu miskin qo‘shiq xotirangiz qatidan quyilib kelaveradi:

Poyezdingni jildirgan,
O‘txonasi bilan do‘ngalagi,
Dviniskaga ketishdi
Mard yigitlarning bir bo‘lagi.

Ko‘shiq yaqin moziyning alamangiz kulfatlari, dog‘uli zamonning zulmi tufayli yurti sabil bo‘lganlar to‘g‘risida so‘zlaydir. U haq va Adolat talab bo‘lib chiqqan ulusning achchiq a’molidan afg‘ondir. Ko‘ngli yarimta xalqimiz mazkur qo‘shiqni g‘amzada kunlarning xotiri sifatida dilda zo‘r alam va armon bilan kuylab kelgan. Va nola barobarida shu elning ertasi bo‘lmish bolalariga ham o‘rgatgan. Zero, barcha zamonlarda ham ajdodlarning foje qismatlaridan so‘ylaguvchi qo‘shiqlarni unutish gunoh kabi sanalgan. Nadomatlar bo‘lsinki, ma’naviy karaxtlik davrida xalqning achchiq qismatidan kuylaguvchi qo‘shiqlar o‘z-o‘zidan quvnoq laparlarga evruldi. Endi yuqorida aytganimiz, «Mardikorlar qo‘shig‘i» ham soxta nag‘ma bilan ijro etilaveradi. Bu ne ko‘rgilikki, har satridan iztirobning achchiq yoshlari tomib turgan qo‘shiqni soxtalashtirsalar. Bu ne ko‘rgilikki, ota-bobolarning ruhlarini chirqillatib qarsak ila muqom etsalar. Qo‘shig‘ini, qo‘shiqlarini unutgan yurtning qismati qanday kechadi?..

Shukrlarkim, do‘zaxiy unsurlar oshig‘i olchi jamiyatimizning xarobazorlariga esayotgan qayta qurish nasimlari fikratdagi mog‘orlarni bir qadar sidirganday. Karaxtlik butun vujudini tark etayotgan bugungi avlod xalq tarixidagi miskin va shodon qo‘shiqlaridan nechog‘lik uzilib qolganini anglab yetdi. Va anglash hamiyatida ma’naviyatida vujudga kelgan haromolud bo‘shliqni to‘ldirish uchun bugun el tarixi haqidagi har bir mujdani zo‘r hayajon ila o‘rganmoqqa tutindi. Bu o‘z navbatida har bir tarixchiga katta mas’uliyat yuklaydi. Kuyida to‘xtalmoqchi bo‘lgan mavzuyimiz 1916 yilgi mardikorlikka olish voqealari to‘g‘risida. Sizga ayon va noayon bo‘lgan tarix haqida. Taassufki, tariximiz sahifalaridagi ko‘pgina voqealar yaqin o‘tmishning buqalamun mafkurasining ta’siri oqibatida o‘z ravshanligidan ayrilgan. Lekin imkon qadar tarixiy haqiqatga shak keltirmay ijod qilganlar ham bor edi, albatta. Bularning bari davr va shaxslarning fojiasidir.

1916 yilgi Turkiston va Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan xalq qo‘zg‘oloni to‘g‘risida P. A. Kovalyov, H. T. Tursunov, M. G‘. Vahobov kabi tarixchilar yozishgan. Xalq qo‘zg‘olonining sabablari, xususiyati va harakatlantiruvchi kuchlari to‘g‘risida ma’lum bir to‘xtamga kelganlar. Biroq mazkur muarrixlarning asarlari o‘z davrining biryoqlama qarashlarini ifoda etadi. Ammo bu ularning xizmatlariga aslo soya solmasligi kerak. Ma’lumki, tarixiy voqealarni o‘rganishda hech kim oxirgi nuqtani qo‘ya olmaydi. Har bir avlod o‘z ajdodlarining kechmishidan o‘zicha xulosa chiqazishga, o‘ziga xos yondashishga haqli.

Shu haqiqatni anglagan holda o‘lkamiz tarixining eng chigal, ziddiyatli va yorqin sahifalaridan biri bo‘lmish 1916 yilgi xalq qo‘zg‘oloni haqida fikr yuritish uchun o‘zimizda bir jur’at sezdik. Bundan qariyb yetmish besh yil muqaddam yurtdoshlarimiz zo‘rlab olib ketilgan bepoyon O‘risiyaning hududi bo‘ylab, ko‘ngilda zo‘r ilinj ila safarga chiqdik.

…Oqposhshoning Olmoniya bilan boshlagan urushi mamlakatda yetilib kelayotgan ziddiyatlarni yanada chuqurlashtirdi. Urush hammaning boshiga birdayin kulfat urug‘ini sochdi. Kundan-kun minglab odamlarni o‘z domiga torta boshladi. Chor qo‘shiniga peshma-pesh yangi kuchlar safarbar qilinaverdi. Imperiya tang ahvolga tusha boshlagach, Oqposhsho va uning ma’murlari 1915 yili Davlat Dumasida «begona xalq»larni ham harbiy xizmatga chaqirish kerak, degan masalani o‘rtaga qo‘ydi. Mustamlakachilik siyosatining hadini olgan chor hukumati bu borada Turkiston general-gubernatorligidan «begona aholi»ni harbiy xizmatga olish maqsadga muvofiqmi yoki yo‘qmi degan masalada fikrini so‘raydi. Chor imperiyasining ahvoli og‘irligiga qaramay, Turkiston muvaqqat general-gubernatori Martson 1915 yilning 20 avgustida Bosh Karorgohga yuborgan xatida «erli aholini harbiy xizmatga chaqirish mutlaqo mumkin emas», chunki bu tadbir amalga oshirilsa, xalq o‘rtasida g‘alayonlar bo‘lishi mumkin, deya ta’kidlaydi.

Chor mustamlakachilarining bunday xavfsirashi bejiz emas edi, chunki o‘lkadagi milliy zulm shu qadar kuchaygan ediki, alam-sitam jonidan o‘tgan mazlumlar istagan paytda ularga qarshi isyon ko‘tarishlari aniq bo‘lib qolgandi. Shu ishonchsizlik va xavfsirash natijasida chor hukumati Turkiston, Qozog‘iston va boshqa o‘lkalar yerli aholisini harbiyga safarbar etishdan voz kechishga majbur bo‘ldi. Biroq dog‘uli, ayyor hukumat vakillari shoshilinch yangi reja ishlab chiqdilar. Mazkur rejaga ko‘ra Turkiston, Qozoq o‘lkasi va boshqa shu singari milliy mustamlaka xalqlarini front ortidagi harbiy ishlarga olish mo‘ljallangan edi.

1916 yil 25 iyunda podsho Nikolay II ning «Imperiyadagi begona xalqlar erkak aholisini harakatdagi qo‘shin hududida harbiy inshootlar va shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur boshqa har qanday ishlarga jalb etish to‘g‘risida»gi farmoni oliysi e’lon qilindi. Farmonga muvofiq urush mobaynida «begona xalqlar» aholisining 19 dan 43 yoshgacha bo‘lgan barcha erkaklarini harbiy manfaat uchun turli ishlarga majburiy safarbar qilish buyurilgan edi. Podsho farmoniga binoan safarbarlik Astraxan, Sibir guberniyalarida, Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand, Oqmulla, Shamay, Yettisuv, Urol, To‘rg‘ay, Zakaspiy viloyatlari hamda Kavkaz ortining musulmonlar yashaydigan qismida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan.

Farmon nafaqat yerli aholi, balki chor ayonlari uchun ham kutilmagan ish bo‘ldi. Ammo ular tez orada o‘zlarini o‘nglab olib, safarbarlik ishlarini namunali o‘tkazishni Vatan va Podsho oldidagi burchlari deb bildilar. Turkiston o‘lkasining general-gubernatori A. N. Quropatkin mardikorlikka olishga o‘z munosabatini quyidagicha bayon etgandi: «Kirq-ellik yil mobaynida O‘risiya qaramog‘idagi sobiq O‘rta Osiyo xonliklaridagi yerliklar o‘ris nayzalari himoyasida tinch hayot kechirdilar, rivojlandilar va boyidilar. Vatan uchun og‘ir damlarda talab etilayotgan mardikorlar shubhasiz yetkazib beriladi».

220-buyruqqa ko‘ra chaqiriluvchilarning miqdori 200470 nafar kishi qilib belgilandi. Mardikorlikka safarbarlik ishlari 1916 yilning sentyabridan boshlab yuborildi.

Ikki tomonlama zulm iskanjasida qolgan oddiy xalq bu safarbarlikni zo‘r qayg‘u va nafrat bilan qarshiladi. Buning ustiga kulfat mavridsiz kelgandi. Dehqon yil bo‘yi yetishtirgan hosilini yig‘ishtirishi, qorong‘u qishga bola-chaqasining rizqini g‘amlashi zarur edi. Podshoning amru farmoni zamona g‘animlarini chetlab o‘tib, faqat kambag‘allarga kuch ko‘rsatdi. Ustiga-ustak mahalliy amaldorlar mardikorlar ro‘yxatini tuzishda turli adolatsizliklarga yo‘l qo‘ydilar. Xullas, avomning sabr kosasi qalqidi. Yillar mobaynida tortgan jabr-sitamlarning og‘rig‘i bir bo‘lib, xalqning dilidan isyon yanglig‘ otilib chiqdi.

Ko‘zg‘olon alangasi butun Turkistonni qamrab oldi. Jizzax, Samarqand, Andijon va Farg‘ona muzofotidagi aholi mavjud tartibga qarshi isyon tug‘ini baland ko‘tardi. O‘sha qo‘zg‘olonlar xususida H. Tursunov o‘z asarlarida keng to‘xtalgan. Turkistonliklarning bunday bosh ko‘tarishini kutmagan chor mustamlakachilari qo‘zg‘olonni ayovsiz bostira boshlaydilar. Shaharlarda jazo to‘da va bo‘linmalari och bo‘riday izg‘ir va yangi-yangi qurbonlar bilan o‘z nafsini qondirar edi. Ana shunday fojealardan eng dahshatlisi Jizzaxda bo‘lib o‘tadi. Mardikorlik olishga norozi bo‘lgan xalqning qo‘zg‘oloni shafqatsizlarcha bostiriladi. Harbiy qismlar eski Jizzaxga o‘t qo‘yib, yer bilan yakson qiladilar. Minglab jizzaxliklar yosh-qari demay kazak qilichlari chopqiniga uchraydi. Eski shahar nufuzi boshpanasiz qolib, qishloqma-qishloq sargardon bo‘ladi. Xarbiy qismlar o‘tgan qishloqlarda otib o‘ldirilgan murdalar va dorlarda shamday qotgan marhumlargina qolardi, xolos. Bu vahshiyliklar xalqning qalbini larzaga soladi. Unsizgina, lekin tishlarini qayrabqayrab mungli qo‘shiq to‘qiydilar.

Taxta ko‘prik bitdimi?
Nikolay podsho o‘tdimi?
Jizzax shahrin vayron qib,
Murodiga yetdimi?

Fojeaning ko‘lami nihoyatda beqiyos edi. Oqposhshoning avaxtalari mahkumlar bilan to‘lib ketdi. Dala sudlari qo‘li-qo‘liga tegmay isyonchi «tuzemets»larni turli jazolarga hukm qilardi. Xullas, bosh ko‘targan yigitlarning boshi kesilib, mushfiq onalarning ohi osmonga o‘rlab qolaverdi. Jami 79885 odam qirg‘inga uchragan edi.

Ming to‘qqiz yuz o‘n oltinchi yilning 16 sentyabrida Turkistondan O‘risiyaga qarab mardikorlar ortilgan birinchi temiryo‘l karvoni jo‘natildi. Yaqinda yuz bergan fojealardan karaxt bo‘lib qolgan yigitlarni poyezd shitob bilan noma’lumlik qa’riga olib ketayotgandi. G‘am-kulfatdan diydasi qotayozgan mardumi bechoralar o‘zlarini kutayotgan achchiq qismatdan bexabar edi. Poyezd shitob ila Turkiston zaminidan uzoqlasharkan, yuragining bir parchasi shu muqaddas xoku turobda qolayotgan mardikor yigitlar unga so‘nggi bor to‘yib-to‘yib qarab qolmoqda edi. Taqdir toshi uloqtirgan yigitlar 1916 yilning oktyabr oyi boshlarida O‘risiya imperiyasining g‘arbiy hududlariga yetib keldilar. Mardikorlar podsho farmoniga binoan Ukraina, Belorusiyaning G‘arbiy va G‘arbi-Janubiy viloyatlaridagi sanoat korxonalari, harbiy istehkom qurilishlarida, o‘rmonzorlarda ishlashga majbur edilar. Bundan tashqari mardikorlar O‘risiyaning sanoat markazlari bo‘lmish Moskov, Petrograd, Kiyev, Xarkov, Odessa, Kursk, Pskov, Qozon, Oryol, Ryazan, Nijniy Novgorod, Tula, Bryansk, Yekaterinburg, Orenburg, Yekaterinoslav, Zaporoje, Batumi, Tiflis kabi shaharlardagi mashinasozlik, parovozsozlik korxonalarida ham faoliyat ko‘rsata boshladilar. Belorussiya, Kuban, Bessarabiya o‘rmonlaridagi eng og‘ir yumushlar ularning gardaniga tushgan.

Sarg‘ayib ketgan hujjatlarda abgor bo‘lgan mardikorlarning qismati to‘la-to‘kis o‘z aksini topgan.

Chor ma’murlarining 390-sonli maxfiy barqiyasida qayd etilishicha, mardikorlarning chaqirig‘ini uyushtirish bemavrid va foydasiz bo‘lgan. Chunki turkistonliklar mazkur joylarga asosan kuzda olib kelingandi. Usti yupun mardikorlarning og‘ir kasalliklarga chalinib, o‘lat tarqalishi xavfi chor ma’murlari uchun ortiqcha tashvish tug‘dirar edi. Iqlim sharoitining keskin o‘zgarishi, og‘ir ish va hayot kechirishning mashaqqati turkistonlik yigitlarning sog‘lig‘iga ta’sir etdi.

Musofir mardikorlarning tarqatilishini kuzatadigan bo‘lsak, ular son va tarmoq jihatidan turlicha, umuman jo‘natilgan mardikorlar 500—1000 kishilik jamoa asosida joylashtirilishi lozim edi. Biroq pala-partishlik tufayli bunga e’tibor berilmagan. Masalan, Kursk guberniyasidagi Tetkin qand lavlagi korxonasida 100, Sum mashinasozlik korxonasida 80, Xarkov shahridagi Melgoze mashinasozlik korxonasida 118, Gelferix-Zade korxonasida 202, Xarkov parovozlik korxonasida esa 149, Sartan shahridagi ma’dan korxonasida 450 nafar mardikor ishchi mehnat qilgan.

Chor ma’murlarining xulosasiga ko‘ra, turkistonliklarning ish qobiliyati past bo‘lib, bir o‘ris ishchisi 3—4 mardikorning o‘rnini bosgan. Bepisandlik bilan aytilgan bu baho mardikorlarning chekkan zahmatlarini tan olmaslik edi. To‘g‘ri, ularning aksariyati malakatalab ishlarda ishlay olmasdi, lekin barcha og‘ir yumushlarni bajarish turkistonliklarning zimmasida bo‘lgan.

Ular aksariyat hollarda qora ishchi o‘rnida foydalanilgan. Musofirlarning ish va turmush sharoiti bilan hech kim qiziqmasdi. Ana shunday e’tiborsizlik va bepisandlik natijasida Xarkov shahridagi Gelferix-Zade korxonasida ishlaydigan mardikorlardan o‘n nafari qo‘l va oyoqlarini sovuqqa oldirib qo‘yadi. Yuqori mahkamalarga berilgan ko‘rsatmalarda qayd etilishicha, mazkur korxona ixtiyoridagi aksariyat musofir mardikorlar kamqonlik va yurak kasalliklari bilan og‘rigan. Bundan tashqari, yotoqxonalarda yalang oyoq yurish oqibatida barcha mardikorlar yo‘tal orttirib olishgan. Ayniqsa, sentyabr voqealaridan keyin korxona ishchi kuchiga ehtiyoj sezdi. Shu talab va ehtiyoj qondirish maqsadida, bu yerga 100 ga yaqin o‘zbek yuboriladi. Ularning ham 67 nafarida yurak xastaligi bor edi. Qorxona ma’muriyati o‘zbek ishchilariga vahshiyona munosabatda bo‘ldilar. Shu siyosat qurboni sifatida bechora mardikorlar bir kechayu kunduzda 16—18 soatlab og‘ir jismoniy mehnat qilganlar. Evaziga esa bir kunda atigi 75 tiyin haq olishardi. Issiq kiyimlar bilan ta’minlanmagan o‘zbek ishchilari 22—25 darajali qahratonda ochiq havoda ishlab, qo‘l-oyoqlarini sovuqqa oldirishgan. Mardikorlarning ommaviy shamollashi, a’zolarini sovuqqa oldirish oqibatlariga korxona ma’muriyatining e’tibori qaratilganda, ular bepisandgina qilib: «Ma’muriyat mardikorlarni kiyintirish majburiyatini o‘z zimmasiga olmagan», deb qo‘ya qolishgan.

Xarkov parovozsozlik korxonasi tasarrufidagi mardikorlarning ahvoli bundan-da ayanchli bo‘lgan. O‘ris bo‘lmagan millatlarning bemorlari uchun korxona ma’muriyati alohida shart-sharoitsiz yotoqxona ajratib, ularni tibbiy yordamsiz qoldirgan. Bu hol hech kimni ajablantirmagan ham. O‘zbeklar, turkmanlar, qozoqlar va boshqa shunga o‘xshash o‘ris bo‘lmagan xalq vakillari batamom huquqdan mahrum edilar. Ularni turli korxona korchalonlari istagan paytda zo‘rlik bilan olib ketaverar edi. Masalan, Farg‘ona viloyatining O‘sh uyezdidan bergan Yusufjon Yunusov arznomasida ma’murlarning ana shunday beboshligidan aziyat chekkan mardikorlar haqida gap boradi. Unda aytilishicha, Harbiy Sanoat Ko‘mitasining Yog‘ochsozlik bo‘limi ixtiyoriga 220 nafar mardikor berilgan. Ular 3 noyabrda Olevsk kentiga jo‘nab ketadilar. Kentdan o‘rmongacha piyoda yo‘lga tushgan ishchilar manzilga yetib kelib, ajib manzarani ko‘radilar: ish joyida hatto biror boshpana ham yo‘q edi. Butun mardikorlar tizzasigacha suvga botib, botqoq ichida arosatda qolganlar. Kunning sovuqligi ularning jon-jonidan o‘tib ketgan. Shunga qaramasdan ma’murlar ulardan ishlashlarini talab qilganlar. Chor ma’muriyati mardikorlarga bo‘layotgan zulmni niqoblash niyatida ulardan foydalanish qoidalarini ishlab chiqqandi. Biroq insoniylik qiyofasini yo‘qotgan korxona xo‘jayinlari bunga qat’iy e’tiroz bildiradilar.

Mardikorlar qanchalar tazyiq bilan ishlatilmasin, tevarak-atrofda bo‘layotgan voqealardan chetda qolmaganlar. O‘ris ishchilari o‘rtasida norozilik chiqishlari, o‘z haqini talab qilishlar mardikorlarning ko‘zini ocha borgan. Garchi, chor hukumati turkistonliklar bilan birga ishlayotgan o‘ris ishchilariga imtiyozlar berib, ularni bir-biriga dushmanligini, g‘arazini kuchaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsa-da, bu shum niyat amalga oshmadi. Ish haqlari va yashash sharoiti nisbatan birmuncha yaxshi bo‘lgan o‘ris ishchilari xo‘rlangan musofir mardikorlarga o‘z hamdardliklarini bildirib turganlar, o‘z navbatida mardikor ishchilar ham hamma joyda zulmkorlarning «millati» bir ekaniga ishonch hosil qilganlar.

Chor ma’murlari mardikorlardagi bunday o‘zgarishga befarq qaramaganlar. O‘sha suronli yillar nafasini bugunga qadar olib kelgan hujjatlarda qayd etilishicha, ilg‘or o‘ris ishchilari o‘zbek mardikorlarining yotoqxonalariga kirib, ularni xo‘jayinlarga qarshi bosh ko‘tarishga undaganlar. Siyosiy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini olib borganlar. O‘zbek ishchilari orasidan ham siyosiy ongi tiniqlashib kelayotgan Mir Fayzimir Jaloyev va Abdul Qosim Shomaterianov kabi faollar yetishdi. Ilg‘or g‘oyalar va inqilobiy kayfiyat o‘zbek ishchilari o‘rtasida yoyilayotganidan tashvishlangan maxsus harbiy idora vakillari tezda chora ko‘rib, faol ishchilarni korxonadan chetlashtirdilar. (SGA USSR, F304, d 1648, l 149). Chor mustamlakachilar har bir mardikorning yerga qadalgan ko‘zlarida isyon uchqunlari yiltillayotganini sezib turardi. Ehtiyot yuzasidan front ortidagi hududlarda joylashgan mardikorlarni soqchi nazorati ostida ishlatish tartibi joriy qilindi. Hatto general-leytenant Korolkovning shaxsan o‘zi musofir ishchilar yashaydigan yotoqlarga umuman begona kishilarni doritmaslik to‘g‘risida buyruq berdi. Lekin shunday taqiq va ta’qiblarga qaramay, mardikorlar o‘rtasida targ‘ibot ishlari keng yo‘lga qo‘yilavergan. Masalan, 1917 yil 14 yanvarda Gelferix-Zade korxonasida ishlaydigan namanganlik ishchilar yotog‘iga ikki noma’lum shaxs kelib, o‘zlarini musulmon deb tanishtirganlar hamda ular bilan munosabatga kirishishga uringan. Ha, bu vaqtga kelib, butun mamlakatdagi kabi mardikorlar o‘rtasida ham bezovta inqilobiy ruh keza boshladi. 1917 yilning aprel oyidan boshlab turkistonliklar o‘z ish joylaridan qochaverdilar, ishdan bosh tortdilar. Bu harakatlar ularning adolatsiz chor mazlumlariga isyonidan bir alomat edi. Korxona nazoratchisiga yozilgan axborotda ana shunday bo‘ysunmas qochoqlarning nomlari birma-bir zikr etilgan. Tubandagilar mahkumlikdan ko‘ra ozodlikda jon berishni a’lo bilganlar: Akbarali Umarboyev, Muhitdin Mulla Abduqodir, Kalim Davlatov, Abdujalil Abdusattorov, Karachin Begaliyev, Aldongor Bolshakov. Kundan-kun mardikorlarning ma’muriyatga yozg‘irishi kuchaya bordi. Vaziyatni inobatga olib, chor amaldorlari 1916 yil 28 dekabrda ishga yaroqsiz bo‘lib qolgan, kasalmand mardikorlarni uylariga qaytarishga ruxsat berdilar. Ko‘l-oyog‘ini sovuq olgan, zotiljam va mayib-majruh mardikorlar o‘ligi shu yurtlarga qolib ketmaganiga ming shukronalar aytib yo‘lga otlandilar.

Ularni kuzatib qolayotgan do‘stlari, hamyurtlari Turkistonsiz, uning saxiy quyoshisiz yashash naqadar azob ekanini chin dildan his etib, armon ummoniga g‘arq bo‘lib qolaverdilar.

Ma’muriyat mardikorlardagi kayfiyatga qarab, ularning talablarini qisman inobatga ola boshladi. Masalan, ishchilarning haqqiga xiyonat qilgan yuzboshilar mavjudligi, agar ular yana shunday tovlamachilik qilsa, oddiy ishchi darajasiga tushirilishi yoxud qamoqqa olinishi haqidagi buyruq barcha mardikorlarga o‘qib eshittirildi. Musulmon ishchilarning diniy bayrami — mavludi nabiyni o‘tkazish uchun ularning ishdan ozod etilishi haqida ham buyruq beriladi. 1916 yil 23 dekabr kechqurun va 24 dekabr kun bo‘yi musulmonlar ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Afsuski, ular ibodatni ham yuqoridan berilgan ko‘rsatma asosida o‘tkazdilar. Marosimda «Imperator Xazrati oliylarining tinchligi va butun saltanatning g‘animlari tez orada kunpaya kun bo‘lishini tilab iltijolar» qilindi.

1917 yil Fevral inqilobigina musofir mardikorlarning sarson-sargardonlikda tentirashlariga chek qo‘ydi. 1917 yil may oyida Muvaqqat hukumatning buyrug‘iga muvofiq ularga Vataniga qaytishiga izn beriladi. Hayot ming kuylarga solgan mardikorlar Vatanga oshiqqan, O‘risiyada haqsizlik va adolatsizlikka qarshi qanday kurashish yo‘llarini anglab yetganlariga imonlari komil edi. Shu bois ham ular keyinchalik Turkistonda olib borilgan Milliy ozodlik kurashining oldingi saflarida bo‘lganlar.

“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 5-son